OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. It (fantastik hikoya)

Bugun o‘rtog‘im Rustamning tug‘ilgan kuni ekan. U menga qo‘ng‘iroq qilib, kechki payt uyiga tashrif buyurishimni so‘radi. Birga nishonlaylik, dedi u. Keyingi kunlarda, yanvar oyi bo‘lishiga qaramay, havo ancha ilib, bahor shabadalari esa boshlagandi. Aksiga olib, peshindan so‘ng birdan sovuq tushdi va gupillab qor yog‘a boshladi. Kim Toshkent shahrini bilsa, ayozli kechada Yunusobod mavzeidan Huvaydo mahallasiga yetib kelish muammosini his qila oladi. Ayniqsa, cho‘ntagi qappaymagan, pullari sanog‘lik oddiy ilmiy xodim bo‘lib xizmat qiluvchi kishiga bu tuzzukkina muammo. Shuning uchun barvaqt qaytishni dilimga tugib, yo‘lga tushdim.
 Tug‘ilgan kun bayrami juda yaxshi va qiziqarli o‘tardi. Soat to‘qqizga yaqinlashganda o‘rnimdan turdim, lekin Rustam mening ketishimga rozi bo‘lmadi. «Bir yig‘ilishib qolibmiz, seni Hamiddula mashinasida Xadraga olib borib qo‘yadi», — dedi u.
 Hamidulla bizga tengdosh bo‘lsa-da, chet el elchixonalarida ishlab kelayotgan, diplomatiya sohasida javlon urayotgan yigit edi. U menga bosh silkidi. “O‘tiraver, Ozod! Anchadan beri uchrashmaganmiz. Bir miriqaylik! Yo‘ldan xavotir olma. Xadraga tashlab ketaman!”
 “U yog‘iga-chi? – o‘yladim men. – Taksiga pulim yo‘q-ku?!. Bor-yo‘q mablag‘imni sovg‘aga ishlatdim... Mayli, bir gap bo‘lar!” – xulosaga keldim men va yana suhbatga aralashib ketdim.
 O‘yin-kulgi, turli munozaralar bilan ovora bo‘lib soat millarining o‘n ikkidan xatlab o‘tganini sezmay qolibmiz. Tashqarida havo uncha sovuq emas, yog‘ayotgan qor hatto kishiga orom bag‘ishlar edi. Vazminlik bilan olg‘a intilayotgan mashina ichida, go‘yo ziyofatda ko‘p gapirib charchagandek, hech kim indamas, har kim o‘z xayoli bilan band edi. Men oyna orqali shahar ko‘chalarining oq libos kiygan jamolini tomosha qilib, Rustamning pochchasi — Sodiq aka haqida o‘ylardim. Inson o‘z umri davomida juda ko‘p kishilar bilan muloqotda bo‘ladi. Ayrimlar odam ongida qandaydir iliq xotira yoki biron-bir fikr qoldiradi. Mana, bugun Sodiq aka bilan tanishdik. U meni donoligi, so‘zomolligi bilan o‘ziga jalb etdi. Sodiq akaning yoshi qirqlardan oshgan, o‘zi qotmadan kelgan bo‘lib atrofdagilar bilan tez til topishib ketar ekan. U suhbatdoshini diqqat bilan eshitar, so‘ng o‘z fikrini bayoi qilardi. Ayniqsa, tabrik so‘zlariga katta e’tibor berardi.
 Hamidulla Rustamni yigirma olti yoshga to‘lishi munosabati bilan tabriklaganda do‘stlik haqida gapirdi. Uning fikricha uch xil do‘st bo‘lar ekan: ba’zilar pulingga, himmatingga qarab, boshqalar sendan qanday foyda chiqar-chiqmasligiga qarab, ayrimlar esa bundan mustasno ravishda, qalbingga qarab senga yaqin inson bo‘ladilar. «Biz ana shunday, qalban yaqin haqiqiy o‘rtoqlardanmiz», dedi u. Bu gapdan ta’sirlangan Sodiq aka o‘rnidan turib, uzoq so‘zladi. Yoshligida qadrdonlari ko‘p bo‘lganini, o‘shanda serdaromad joyda ishlaganini, hozirgi damga kelib esa, pullari kamaygach ikki-uchtagina og‘aynisi qolibdi. Ayniqsa, uning bir gapi esimda qoldi: “Sizga yaxshilik qilganga albatta yaxshilik qaytaring, agar unga kerak paytda yordam bermasangiz, bu – itlik qilishdir...”
 Hayolim buzildi. Xadraga yaqinlashib qolibmiz. Ularning yo‘li chapga, meniki esa to‘g‘riga. Shu yerda tushib, u yog‘iga piyoda ketishga qaror qildim. Sog‘liqqa foyda. Havo yoqimli. Gupillab qor yog‘ayapti. Ayni yayov yuradigan payt.
 Hamidulla bilan xayrlashib tushib qoldim. Va yo‘limga ravona bo‘ldim. Chorsudan o‘tganimdan keyin bozorga tushadigan yo‘l yoqasida bir daydi it ko‘rindi. U chopib keldi-da, oyoqlarimga suykalib, iskadi, so‘ng yonimda keta boshladi. Oddiy it. Uni haydadim. Sal nariga qochdi-da, oldinroqqa o‘tib, meni kutib turdi. Unga rahmim keldi: «Qadimdan itlar insonga hamroh, mayli yuraversin...»
 — Hey, it, — dedim tovushimni chiqarib. — Bari bir seni uyga kiritmayman. Biznikidagilar itlarni yoqtirishmaydi.
 It esa gapimga parvo qilmadi. U lo‘killagaicha ilgari ketar, yo‘l chetidagi nimalarnidir iskab ko‘rar va yana yo‘limga chiqib poylab turardi. Yaqinlashganimda yana chopib ketardi. Ko‘chada hech kim yo‘q. Mashinalar onda-sonda yonimdan g‘ir etib o‘tib ketishardi. Shu tariqa “G‘uncha” bekatiga ham yetib keldik. Biror zot ko‘rinmaydi. Hammayoq jimjit. To‘satdan, yonimdan bir «Jiguli» o‘tdi-da, nariroqqa borib to‘xtadi. It sergaklanib, oyoqlarimga yopishdi. Nega bunday qildi? To‘xtagan mashinaga yaqinlashdim. Kimdir uning kapotini ko‘tarib timirskilanardi. Balki yordam berish kerakdir. Oz bo‘lsa-da, tushunaman-ku.
 — Og‘ayni, nima mashinangiz buzilib qoldimi? Yordam kerakmasmi?
 Shunday dedim-u, qotib qoldim. Motor va boshqa qismlar turadigan joyda qandaydir men tushunmaydigan mikroapparatlar o‘rnatilgan ekan. Yosh fizik olim bo‘lsam ham, hayratga tushdim. Juda g‘alati qurilmalar...
 Meni ko‘rib, u kishining ko‘zlari olayib ketdi. Kutmagan bo‘lsa kerak. Mashinaning ichida yana bir kishi bor edi. Eshikni ochib, tashqariga chiqdi. U indamay menga qaradi va sovuqqina jilmaydi-da, gugurt qutichasidek narsani menga qaratdi. Chiq etgan tovush chiqdi. Biror narsa qilishga ulgurolmay qoldim. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, yerga quladim.
 Hushimga kelganimda miyam lo‘qillardi. O‘zim kresloda yotardim. Oyog‘im tagida it ham cho‘zilib qolgandi. Qaerdaman o‘zi? Atrofga alangladnm. Nahotki fazoviy kemadaman?! Ajabtovur illyuminator va undan ko‘rinib turgan koinot yulduzlari fikrimni tasdiqladi. Biroq kema mening tasavvurimdagidan keskin farq qilardi. Ko‘zimni ochganimni ko‘rib, haligi kishilardan biri qoshimga keldi. Qo‘lida chiroyli apparat — kichik radioga o‘xshaydi. U qandaydir g‘alati tilda nimalardir dedi. Apparatdan sof o‘zbek tilida tovush chiqdi. Demak, bu narsa translyator – tarjimon qurilma ekan.
 — Siz bizdan qo‘rqmang. Hozir hammasini tushuntirib beraman.
 — Kimsizlar? Meni qaerga olib ketayapsizlar? Men shu savollarni zo‘rg‘a gapira oldim. Translyator so‘zlarimni tarjima qildi. U holatimga bir qarab qo‘ydi-da, tushuntira boshladi:
 — Sizga to‘g‘risini aytaman. Shunda til topishishimiz osonroq bo‘ladi. Biz o‘zga sayyoradanmiz. Ikkalamiz sizlarning yashash dunyoingiz haqida ma’lumotlar yig‘ayapmiz. Bu ish to‘g‘risida odamlar xabardor bo‘lmasligi kerak edi. Afsuski, bu hodisa sodir bo‘ldi. Shuning uchun biz bilan ketishingiz lozim. O‘ylaymanki, tezda ko‘nikib ketasiz. Chunki, jismimiz, suratlarimiz bir xil. Mana, meni ko‘rib turibsiz. Men hech qanday niqobli jonzot yoki robot emasman. Sayyoramiz esa «Yam» deb ataladi. Bizdagi taraqqiyot sizlarnikidan birmuncha oldinda. Yer hayotini atroflicha o‘rganishimiz, faqat o‘zaro do‘stlik aloqalarini o‘rnatish uchunginadir. Demak, qo‘rqishga hech qanday asos yo‘q.
 U jim bo‘ldi. Bu orada it ham qimirlab, yotgan joyida g‘ingshiy boshladi. Men o‘zimga kelib, eshitgan so‘zlarimni mulohaza qila boshladim. Yamliklar meni ko‘p narsani bilib qoldi, deb o‘ylashibdi-da. Holbuki, ularning niyatini sezish u yoqda tursin, kim ekanliklari haqida biror tasavvurga ega emasdim. Har qanday tasodifning oldini olish kerak-da!.. Men o‘zga dunyoliklar bilan ochiq so‘zlashayotgan birinchi odamman. Meni olib ketish ularga qanchalik muhim bo‘lsa, menga ham Yerga qaytish shunchalik muhim. Shuning uchun ham suhbatni davom ettirdim:
– Siz qandan maqsadda do‘stlik aloqalari o‘rnatmoqchisiz?
 – Bu savolga javob berish uchun kasbingiz va bilim doirangizni aniqlash zarur. Astronomiyadan xabardormisiz?
 – Men fizikman. Demak, fazo qonunlari haqida uncha-muncha fikr yurita olaman.
 – Unday bo‘lsa eshiting. Sayyoramiz «Yam» yoritqichimiz Tessa atrofida aylanuvchi to‘rt sayyoraning biridir. Bu majmua sizlardan o‘n million yorug‘lik yili narida turadi. Lekin bizning kemalar giperfazoga o‘tish orqali har qandan joyga bir zumda yetib boradi. Yaqin atrofimizni o‘rganib, faqat sizning sayyorangizda hayot borligini aniqlaganimizga ancha bo‘ldi. Yer bizni bir tomondan juda qiziqtirib qo‘ygan. Nega deganda, ochig‘ini aytaman. Tessa so‘na boshlamoqda. O‘n ming yillardan keyin uning radiusi bir necha marta ortib, o‘zi qizil tusga kiradi. Bu holda «Yam»dagi harorat keskin oshib ketadi va unda yashash mumkin bo‘lmay qoldi. Yana ming yillardan so‘ng yoritqich atrofida sayyoraviy tumanlik hosil bo‘ladi. Shuning uchun, biz, vaqt borida, boshqa yashash joyi qidirayapmiz...
 Nihoyat, men ularning niyatini tushundim. Nima deyishim kerak? Bir o‘zim bunday masalalarni hal qila olarmidim? Baribir, har qanday holatda ham qaytish, faqat Yerga qaytish kerak! Buning uchun, eng avvalo raqibning zaif tomonini bilib olishim shart. Yamlik hozircha men bilan ochiqchasiga gaplashmoqda. Savollarimga to‘liq javob bermoqda. Shuning uchun, yana u yoki bu narsani so‘rash kerak. Inson ekansan, sharoit hech qachon sendan ustun bo‘lmasligi lozim.
– Hali mashinangizda juda ko‘p mikroapparatlarga ko‘zim tushdi. U qanday mashina o‘zi? Keyin meni bir quticha yordamida uxlatib qo‘ydingiz, — jilmayishga harakat qilib, so‘zimda davom etdim. — Bu kemaga qanday qilib kelib qoldim?
–Kemamiz Yer atrofida aylanib turadi. Uning shunday moslamalari borki, mavjudligini yerliklar sezishmaydi. Mashinamiznipg shaklini sizlarnikidan farq qilmaydigan qilib yasaganmiz. U yurish va uchish imkoniyatlariga ega. Sizni ana shunda kemaga olib chiqdik. Uxlatuvchi asbob ham murakkab emas. Uning yuqori qismidagi tutmachasini bossangiz, teshikdan maxsus uzunlikdagi elektromagnit to‘lqinlar chiqib, kishi miyasining uxlatuvchi markazlariga ta’sir ko‘rsatadi. Buning hech qanday xavfli joyi yo‘q.
 Men uning so‘zlarini tinglar ekanman, ancha rivojlangan texnikaga ega bo‘lgan kimsalar bilan muloqotda bo‘layotganimni his etdim. Shu payt to‘g‘ridagi eshik yon tomonga surildiyu, ikkinchi yamlik kirib keldi. U bizga bir oz razm solib turdi. Uning o‘ng qo‘lida o‘sha quticha bor edi. Sherigiga qarab, o‘z tilida nimalardir dedi. Translyator, o‘chirilmaganligi sababli, uning so‘zlarini darhol tarjima qildi: «Yana ozroq vaqt o‘tgach giperfazoga o‘tamiz. Yerlikni uxlatish lozim».
Mening ko‘zlarimga qon yugurdi. O‘zimni yo‘qotib qo‘yay dedim. Nima qilsam ekan? Unga tashlanib qutichani olib qo‘ysammikan? Kuchim yetarmikan?! Tavakkal!
 Men endi tashlanay deb turganimda, jim yotgan it birdan irilladi-da, yamlikka otildi. Itning instinkt va reflekslari o‘z ishini ko‘rsatgan edi. Quticha tap etib yerga tushdi. Yamlik itni o‘zidan ajratishga tutinganidan foydalanib, vaqtni qo‘ldan boy bermay, darhol qutichani qo‘limga oldim. Teshikchasini ularga qaratdim. Tugmachasiga barmog‘imni qo‘yib, baqirdim:
 — Joyingizdan jilmang! Bo‘lmasa uxlaysiz!
 Ular menga yaqin kelishga jazm qilisholmadi. It yonimga kelib oldi.
 – Nima istaysiz? — so‘radi birinchi yamlik.
 – Meni va itni qaerdan olgan bo‘lsangiz, o‘sha yerga olib borib qo‘yasiz. So‘ngra bilganingizni qiling!
 – Aks holda?
 – Aks holda nima bo‘lardi. Siz uxlaysiz. Buni cheksiz davom ettira olaman. Kemangiz giperfazoga kira olmaydi. U yorug‘lik tezligida uchgan taqdirda ham, Yamga qaytish sizga nasib qilmaydi. O‘n million yorug‘lik yili hazilakam masofa bo‘lmasa kerak?!
 Yamliklar bir-birlariga qarab olishdi.
 — Xo‘p, rozimiz.
 Qutichaning teshigini ikkinchi yamlikka qaratdim-da, tugmachani bosdim. Uning ko‘zlari yumilib, ohista yiqildi.
 – Nega bunday qildingiz? — so‘radi birinchi yamlik.
 – Kemani boshqarishni bir o‘zingiz uddalay olsangiz kerak? — dedim bamaylixotir. — Qani ketdik!
 O‘zimdagi bunday nogahoniy jur’at va xotirjamlikdan bir zum hayratga tushdim. Inson ba’zi holatlarda, ilgari o‘zi ham bilmagan xususiyatlarini namoyon etsa kerak. Hayot uchun kurash bizni nimalarga undamaydi.
 U qo‘shni xonaga o‘tdi. Ketidan men ham kirdim. Bu joyda kattagina boshqarish pulti o‘rnatilgan ekan. Yamlik ba’zi murvatlarni burab, qandaydir tugmachalarni bosdi. Ancha vaqt o‘tdi. U indamas edi. Men ham sukut saqlardim. It yamlikka yovqarash qilar, lekin unga yaqinlashmasdi.
 Yamlik eshikni ko‘rsatib, o‘z tilida nimalardir dedi. Translyatorni olib chiqish hech kimning esiga kelmabdi. Ammo men uning boshqa xonaga taklif qilayotganini angladim.
 U yerda o‘sha «Jiguli» turardi. Unga joylashdik. Qarshidan xuddi fotoapparatning zatvoriga o‘xshab katta tirqish ochildi. Mashina o‘qdek uchib ketdi. Ko‘p o‘tmay keng ko‘chadagi tanish bekatda hozir bo‘ldik. Men it bilan tushib qoldim. Uxlatuvchi qutichaii yamlikka sezdirmay o‘rindiqda qoldirdim. Endi unga hojat qolmagandi. «Jiguli» g‘uvullagan tovush chiqardi-da, bir zumda qanot chiqarmay ham uchib ketdi.
 Yengil tin oldim. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek edi. Qutildim-a! Manavi it bo‘lmasa nima qilardim?! Yaxshi ham u yonimda ekan!.. Unga katta rahmat!
 Qor hamon gupillab yog‘ardi. Ancha qalinlashibdi. Yo‘lda davom etdim. It mendan ortda qolmadi. Xuddi boylangandek ketimdan kela berdi.
 Nihoyat ko‘chamga yetib keldim. Uyimdagilar eshikni qulflashmagan ekan. Kech kelishimni aytgan edim. Eshik taqillatmay, hech kimni bezovta qilmay bemalol kiraversin, deb o‘ylashganda. Ortimga qaradim. It besh-olti qadam narida to‘xtab, menga qarab turardi.
 — Kechirasan, uyimdagilar itni yoqtirishmaydi, — dedim unga, — hali men seni ogohlantirganman!
 Hovliga qadam qo‘yib, eshikni yopdim. Shu payt hayolimda Sodiq akaning so‘zlari jarangladi: “Sizga yaxshilik qilganga albatta yaxshilik qaytaring, agar unga kerak paytda yordam bermasangiz, bu – itlik qilishdir...” Ko‘nglim buzilib, eshikni ochib ko‘chaga qaradim. It ketmagan, hali hamon o‘sha yerda menga jovdirab, umid bilan boqardi.
–Men g‘irromlik qilmayapman! Seni ogohlantirganman! – dedim unga va eshikni yopib qulfladim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.