Men, goho-goho, ayniqsa kechki payt, ishdan qaytganimdan so‘ng, kiyimlarimni almashtirgach, uyim yaqinidagi salqin xiyobonga chiqib, yam-yashil daraxtlarga tikilib, tinim bilmas qushlarning chug‘urini eshitishni yaxshi ko‘raman. Bugun ham xuddi shunday qildim. U yerdagi bo‘sh o‘rindiqlarning biriga borib cho‘kdim. Bir oz o‘tib, yonimga bir kishi kelib o‘tirdi. Salom berdi. Alik oldim. U menga sinchiklab boqdi-da, so‘z qotdi.
– Kechirasiz, men kimgadir dilimni ochgim kelayapti. Sizga gapirsam, indamay eshita olasizmi?
Kulgim qistadi, lekin o‘zimni bosdim. Balki bu odamga ruhiy yordam kerakdir. U yuragini ba’zi bir g‘amlardan bo‘shatmoqchidir. Eshitsam, eshitaqolay. Baribir, bu xiyobonda eski tanishlarim yo‘q, gaplashadigan.
– Mayli, – javob berdim. – Qulog‘im sizda!
Uning ko‘zlari chaqnadi va o‘z monologini boshladi.
– “Siz android nima, aniqrog‘i kim ekanini bilasizmi? Ishonaman, bilasiz. Lekin, iltimos, faqat eng zamonaviy qo‘l telefonlarining elektron aql qismi deb o‘ylamang. Tasavvuringizni yuqoriroqqa ko‘taring. Iloji bo‘lsa, inson darajasiga. Chunki, siz uni har kuni ko‘rasiz va uni oddiy odam sifatida qabul qilasiz. Ko‘pchilik umuman android hakida eshitmagan. Istasangiz, ular haqidagi bor haqiqatni aytib beraman. Lekin bir shartim bor! Bu gaplarning hammasi o‘rtamizda qolsin. Hech kimga churq etmang! Kelishdikmi? Bo‘pti, eshiting.
Android — odamsifat aqlli robot. Mutaxassis bo‘lmagan kimsa uning tashqi qiyofasidan, yurish-turishidan, gap-so‘zlaridan “homo sapiens”dan, ya’ni ongli insondan farq qila olmaydi. Biroq biron-bir yeridan terisini ko‘chirib vujudiga nazar tashlasangiz, yurak, mushak, tomir, jigar yoki miyani emas, balki turli simlar, mitti sxemalar, chiplar, mexanizmlar va murvatlarni ko‘rasiz. U juda aqlli, yuksak ong egasidir. Hasharotni eslatuvchi sanoat robotlari bu android oldida bir hujayrali jonivorga monand, men sizga aytsam.
Androidning onglilik ko‘lami va darajasi ularning qaysi toifadan chiqqaniga, ya’ni markasiga bog‘liq. Birok, hech bir android o‘z mexanizmlarini anavi o‘rgimchak robotlar singari duch kelgan suyuqlik bilan moylamaydi. U hamisha toza, sof maxsus moylarni, ta’bir joiz bo‘lsa, tanavvul qiladi. Ana shunday!
Siz, o‘z navbatida, men bilan tanishing. Men, o‘sha androidlarni loyihalovchi va ishlab chiqaruvchi birlashmada xizmat qilaman. Ammo, aytib qo‘yay, kamina oddiy, doimo puli yo‘q, kamsuqum muhandis yoki ko‘zoynak taqvolib, mukka tushib, ertadan kechgacha tajribalar o‘tkazuvchi, o‘z fanidan boshqa hech narsa bilan qiziqmaydigan ilmiy xodim emasman.
Men o‘zimni VIP, ya’ni o‘ta muhim shaxs deb hisoblayman, chunki ishlab chiqarilayotgan har bir androidnining sifati va iste’dodi qanday namoyonlashganiga qarab ma’lum muassasa yoki korxonalarga yo‘llovchi idora rahbariman.
Idoramizning vazifasiga aslo taajjublanmang. Har bir ota-onadan turlicha fel-atvor va iste’dodga ega bo‘lgan farzandlar tug‘iladi, buni bilasiz. Androidlar ham xuddi shunday. Ular bir xil loyiha va programma asosida tayyorlanishsa ham, juda turli-tuman fe’l-atvorga va iste’dodga egalar. Menga ishonavering. Bu sohadagi tajribam juda katta.
Endi, xizmatimning qanday kechishi haqida ikki og‘iz so‘z aytay. Biz ertadan kechgacha hali moyi artilmagan androidlarni imtihon qilamiz. Bu ishni qo‘l ostimdagi mutassadi xodimlarim amalga oshirishadi.
Jamoam a’zolari ham juda turlichalar, lekin o‘z vazifalariga sidqidil yondoshishadi. Faqat bittasidan tashqari. U qing‘ir va qo‘pol. Uni allaqachon dumini tugardim-ku, biroq o‘zimga zarar yetishini xohlamayman. Chunki uni «yuqori”dagilarning ko‘rsatmasi bilan xizmatga olganman. Vijdonimga quloq solsam, o‘zim ishdan ketib qolishim va och qolishim mumkin, to‘g‘rimi?..
Ha, aytganday, kelishgan edik-a, bu gaplar tashqariga chiqmasin.
Keyingi paytlarda, qing‘ir xodimimning imtihonidan o‘tgan androidlarning ba’zilari menga kelib shikoyat kiladigan bo‘lib qolishdi. Ularning aytishicha, o‘sha nusxa androidlarga ish joyiga yetib olguncha beriluvchi sifatli robot moyining bir qismini talab qilayotganmish. Agar, unga ro‘baro‘ kelgan android robot moyidan cho‘zmasa, sho‘ring qurg‘urni, iste’dodi va imkoniyati qandayligidan qat’iy nazar, ko‘p aql talab qilinmaydigan xizmat joyiga yo‘llayotganmish.
U yerlarda esa, androidlarga quyib turiladigan moyning sifati past. Shunday joylarga tushib qolgan androidlar ming murakkab tuzilishli va “O‘DA”, ya’ni “O‘ta Dono Android” markasida ishlab chiqarilgan bo‘lsalar-da, arzonroq robot moyi bilan yashab, o‘z imkoniyatlarining milliondan bir ulushini ham ishlatolmay yuraveradilar.
Qiziq bir holat: androidlarning ham odamlarga o‘xshab ziqnalari va qo‘li ochiqlari bor. Ming murakkab tuzilgan, lekin xasislik qiluvchi androidlar ko‘rguliklarini ko‘rib, iflos moylarni ichib yuraveradilar. Natijada, tez buzilib, transformatsiyaga jo‘natiladilar. Ancha oddiy, imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa-da, qo‘li ochiq androidlar esa kerakli shaxslar diliga yo‘l topib, topshiriq beruvchi, javobgar shaxslar sifatida ish yuritmoqdalar. Ichgan moylari oldilarida, ichmaganlari orqalarida. Tushundingizmi? Biron kimsa ularning mushugini pisht deb ko‘rsin-chi?! Oldindan programmalashtirilgan alohida so‘zlarni qalashtirib, pisht deyuvchilarning o‘zini gunohkor qilib qo‘yadilar.
Sizga bir yozilib, ko‘ngilni ochayotganim bois, birato‘la barcha sirlarni ocha qolay. Xodimlarim orasida, o‘sha qing‘ir-erkatoydan tashqari, o‘zimning ham ishonchli kishilarim ham bor. Men, ularga qaysi androidni qaerga yo‘llashni oldindan aytib qo‘yaman. Ular esa ko‘rsatmalarim asosida imtihon olishadi. Masalan, «KFA» markali androidning muallifi Falonchi Pistonchiev mening yaqin oshnam. U menga ajoyib robot moylarini yetkazib turadi. Mana, qo‘limdagi chiroyli shishani ko‘ryapsizmi? Buning ichida eng sifatli, eng xushbo‘y robot moyi bor.
Xullas, men doimo «KFA»larni sifatli moy beriladigan korxonalarga yuborishga harakat qilaman. Shunday joylar borki, u yerlarda o‘zga robot va androidlar kiritilmaydigan alohida moyxonalar mavjud. Mazaning mazasi o‘shanaqa joyga kirib olishda. U yerda «KFA» toifasidan ekanliging ham fazilatga aylanadi. Ish ham qiyin emas. Boshliqlar yot desa yotish, tur desa turish kerak. Hattoki, beling bukilmaydigan bo‘lsa ham... «KFA»larga esa sifatli moylar yetkazib turilsa, shuning o‘zi katta baxt. Ular bajarayotgan ishlarining oqibatini o‘ylab ham o‘tirmaydilar. «KFA» nimani anglatadi, deyapsizmi? Bu harflar “Kalta Fahmli Android” ma’nosini bildiradi. Lekin, «KFA» lar juda oqibatlilar. Ular, o‘z ijodkorlari bo‘lgan Falonchi Pistonchievga vaqti-vaqti bilan albatta yuqori sifatli robot moylari yuborib turishni kanda qilishmaydi. U kishi ham o‘z navbatida menga ham ulush berishni unutmaydilar. Men ham, o‘z navbatida, ishonchli xodimlarimni ta’minlayman. Voqealar shu tariqa aylanma tarzda izchil davom etaveradi.
Endi, yaqinda ro‘y bergan bir voqeani bayon qilay: anavi qing‘ir xodim ehtiyotsizlik qilib, o‘zining kimligini bildirib qo‘yibdi. Juda g‘azabim qaynadi. Bilasizmi, u odam emas, android ekan! U tep-tekis joyda gurs etib yiqilibdi-yu boshi yorilibdi. Atrofga mitti sxemalar, simli g‘altaklar, tana a’zolarining bo‘laklari sochilibdi. U kaltafahmlik qilib, me’yorini bilmay, eng yuqori sifatli moydan rosa to‘yib ichibdi. Natijada, koordinatsiyasi buzilib, o‘zini boshqara olmay qolibdi. Rahbarlar bilan maslahatlashib, uni tuzatdirdim va boshqa idoraga jo‘natib yubordim. Aslida, transformatsiya qildirishim kerak edi. Transformatsiya nimaligini bilasizmi? Bu robotlar uchun narigi dunyo degani. U qism-qismlarga ajratib tashlanadi. Qismlardan esa boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin yoki tashlab yuboriladi.
Gapiraverib charchadim. Ruxsat bering, ozroq tomoqni ho‘llab olay.”
Suhbatdoshim shishani burama qopqog‘ini ochib, og‘zini tomog‘iga yo‘naltirdi-da, qult-qult-qult qilib robot moyidan to‘yib ichib oldi.
– “A, ana... Kayf, maza!..Endi, yana gapimni davom ettirsam bo‘ladi. Xullas, menga qarang, nega sizga butun sir-asrorimni oshkor qilyapman? Yoki, mana bu, Falonchi Pistonchievning bergan moyi o‘tkirlik qilib qoldimikan, a? O‘ylagandim-a, g‘oyat yuqori sifatli ekan deb. Miyamni aynitib, gap mexanizmlarimni yurgizib yuboribdi... Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi... Sizga yana bir sirni ochaman: bilib qo‘ying, kamina ham – androidman!.. Bu haqda hech kimga churq etmang! Biz kelishganmiz.
Men sizga aytsam, atrofingizda qancha android mavjudligini tasavvur qila olmaysiz! Ular haqiqiy odamlarning ichiga shunchalik aralashib ketishganki, ko‘rinishlaridan umuman farqlab bo‘lmaydi! E’tiboringiz uchun, Falonchi Pistonchiev ham androiddirlar, shuningdek, xodimlarimning aksariyati ham android. Atrofga nigoh tashlang, ko‘zingiz albatta androidga tushadi! Lekin, siz uni inson deb tasavvur etasiz. Ana shunaqa...
Siz meni hurmat qilasizmi? Unday bo‘lsa, mana bu robot moyidan bir qultum iching. Juda zo‘ri!.. Maza qilasiz!.. Nima? Siz odammisiz? Aldamang, nazarimda, atrofimda inson zoti yo‘qdek...”
Shu payt nimadir qirs etdi-da, gapiruvchining ovozi o‘chdi. Atrofga mayda purjinalar, murvatlar, sim bo‘laklari sochildi. Androidning og‘zi, deyarli baqirayozganidanmi yoki o‘ta sof robot moyi uning ba’zi qismlarini haddan tashqari tez aylantirib yuborganidanmi, yirtilib ketgandi.
“Bu kimsa odam bo‘lganda “Tez tibbiy yordam” mashinasini chaqirardim, – hayol qildim men. – “Tez texnik yordam”ning esa foydasi yo‘q. Uni qayta yig‘ishdan ko‘ra, transformatsiyaga jo‘natgan durust. O‘zidan ko‘rsin. Men tezroq bu yerdan keta qolay. Tag‘in, aybdor qilib yurishmasin!”
O‘rnimdan turdim-da, uning qo‘lidan tushib ketgan idishchani olib cho‘ntagimga soldim. Niyatim, uni bir tanavvul qilib ko‘rish edi – juda maqtadi. Va to‘g‘ri uyimga ravona bo‘ldim.
Bunday qilishimga yana bir sabab bor edi. Texnik shifokorning ko‘rsatmasiga binoan, xuddi paytda, uyquga ketishdan roppa-rosa bir soat ilgari, sof robot moyidan ikki choy qoshiq ichib olishim zarur edi. O‘zimniki turatursin. Mana bundan bir yutib ko‘ray-chi. Lekin, anavi cho‘zilib yotgan pandavaqidek qultillatib ichishim shart emas. Me’yorni bilish lozim. Ikki choy qoshiq yetadi. Men ham android bo‘lsam-da, sal boshqacharoqman, haddini bilmaslik bir kunmas bir kun halokatga olib borishini yaxshi tushunaman.
01.10.2014. Toshkent.