OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo'chqor Norqobil. Osmon ostidagi sir (qissa)

Qishloq uzra xushxabar tarqaldi. Ahli qishloq hayratda qoldi. Kun chiqsa ham, oy chiqsa ham Xayrinisoning boshida porlaydigan bo‘ldi. Podayotoqning poyidagi ko‘rimsiz kulbada ulg‘aygan yetimchaning dong‘i-dovrug‘i yetti iqlimga ketib, nomi olamning og‘ziga tushishi hech kimning, hatto Ro‘zi bashoratchining ham xayoliga kelmagan edi. To‘g‘ri-da, tog‘ tagidagi do‘ppidaygina qishloqdan chiqqan qiz butun dunyoni o‘ziga qaratib tursa...
Aslida bu qishloqqa na televizorning, na radioning keragi bor. Har bir xonadonning o‘zi alohida televizor, bo‘lakcha radio – har bir uydan o‘ziga xos yangilik, xabar tarqaladi. Qishloqning bir burchidagi shivir shu lahzaning o‘zidayoq qanot bog‘laydi, qarabsizki, kiprik qoqib ulgurgancha hamma-hamma boxabar. Shunday bo‘lgach, televizor ta’kidlab, radio tasdiqlab turgan, aynan shu qishloqqa taalluqli Xayri bevaning farzandi bilan bog‘liq jahoniy xushxabar qishloq osmonida momoqaldiroqday gumburlamasligi mumkinmi?
Oyda-yilda bir ko‘rinib-ko‘rinmaydigan tog‘a bo‘lmish Nabi vallomat xotinining hay-haylashiga qaramay, o‘g‘lim harbiydan qaytsa so‘yaman deb boqayotgan qo‘chqorni yetaklab Xayrinisonikiga yo‘lga tushdi. El ko‘zi-da, el ko‘zi! Ayrim og‘zi bilan yuradiganlarning ichi kuysin. Tog‘aning qanday odamligini ko‘rib qo‘yishsin... Shu paytgacha tumshug‘i bulutga yetib turgan, dimog‘idan yog‘ dog‘ bo‘lguday hamsoya Habi do‘kondorning hovli hatlaganiga nima deysiz? Bolalariga bosh irg‘ab, imo qilgan edi, bir bidon yog‘, uch-to‘rt quti to‘la ichkilikni hamsoyanikiga o‘tkazib tashlashdi. Qarindoshning qo‘lini qayirma deb Hasan bo‘la tuguncha tutdi: “Kami-ko‘stingga ishlat. Men yoningdaman, Xayri...”.
Bola-baqraning baqir-chaqiri, xotin-xalajning vag‘ir-vug‘uri hukmron hovlida es-hushi bilan birga o‘zi ham uchib yurgan Xayriniso bir gapirib o‘n kular, qutlagani kelganlarga esi kirari-chiqari bo‘lib javob qaytarar, hovlining u boshidan bu boshiga zir-zir yugurar, nimalargadir unnamoqchi bo‘lar, lekin xayolini yig‘a olmay, supa chetiga cho‘k tushib, bir nuqtaga tikilgan ko‘yi ko‘z yoshi ham to‘kib olardi.
– Hoy, ovsin, berman keling! Bugun endi keldi-ketdi ko‘p bo‘ladi. Xotinlarni ichkari uyga olib, erkaklarga supaga, hamsoyaning hovlisiga joy tashlasak, nima deysiz? Qozon-tovoqni qizlarga qo‘yib bering.
Peshinga bormay hovli odamga to‘ldi. Mo‘min qishloqda shunaqa: to‘y-hasham, aza-ma’raka o‘rtada o‘tadi. Eshitgan-eshitmagan keladi. Odamlari har biri o‘zicha donishmand, mag‘rur bo‘lishiga qaramay, bir-biriga yelka tutadi, qayishadi, bir-birini ovoz qo‘yib tergamaydigan rusmi-tamoyil vojib.
Qo‘chqor yiqitildi. Qozon osildi. Qudrat pochtachi Sapi momoning samovarini olib kelib o‘t qaladi. Xushvaqt fermer eski, shaloqi chiqqan “Jiguli”sini gurillatib kelib, ayvonning naqd bo‘sag‘asida to‘xtatdi. O‘choq tomon qozon ko‘tarib borayotgan yosh-yalanglar bazo‘r o‘zlarini chetga olib qolishdi.
– Otang otib olganmi deyman, Sayfi? – g‘udrandi oyog‘i toyib, munkayib ketgach, istil sholvori qozon kuyaga belangan Azim po‘rim.
– Otam ichmaydi, og‘zingga qarab gapir, – o‘qraydi Sayfi.
– Ichmagani shumi? El-elomon yig‘ilgan ma’rakada orqasidan yov quvganday shaldiroq aravasini uchirib o‘tdi. Xayriyat, bostirmaga borib urilmadi. Yo‘qsa Xayri xolaga uyingdagi sigiringni olib kelib berarding.
– Sigir beradi-ya, enasi otasini charxpalak qilib uchirvoradi...
– Bas qilinglar. Qani, qozonni ko‘tardik.
Xushvaqt fermer ulovi yukxonasini ochib, qoplardan sabzi-piyoz, kartoshka-sholg‘omni ayvonga, dunyo g‘iybati bilan andarmon xotin-xalaj oldiga dursillatib tashladi.
– Hoy ukkag‘ardi ayollari! Jag‘laringga yem bermay ish bilan shug‘ullaninglar. Mana, manavilarni tozalanglar. Juma oshpazning jig‘iga tegmanglar. Masalliq vaqtida tayyor bo‘lmasa, jizg‘anagi chiqib jirillaydi.
– Fermer qaynimdan o‘zim aylanay, – dedi ayvonda bir to‘p ayol ichida savlatdor gum-gursday bo‘lib o‘tirgan Qurbonoy amma. – Akangizga ko‘p maqtayman, shu iningiz qoruvli chiqdi deb. Hadeb xurjinni egningizga ortib bozor qatnayvermay, Xushvaqt permerga bir bormisan deng, hamma narsani yest qiladi deyman. Qayoqda, akangiz xoda yutganday, tip-tikka! Ey, qo‘y, tinch o‘tir. Noqulay bo‘ladi, deydi. Nima noqulayligi bormi, permerjon?
– Hecham-da, amma. Noqulayligi yo‘q. Cholingizning o‘zi odamga el bo‘lmaydi. Oh, ko‘cha-ko‘yda yurishini ko‘rsang, ministr deysiz! Ministr-a...
– Xushvaqtjon, kuying mang. Chol-da, shu g‘oz yurishdan boshqa hech narsa qolmagan.
Xushvaqt fermerning ko‘ngli yumshadi. Taqdir hazilini qarang-ga, tog‘ni ursa talqon qiladigan Mamat polvon bugun ayoli oldida o‘sal. Zap polvon edi. Naryog‘i Tojikiston, buyog‘i Turkmanistondan kelgan kurashchilarning oyog‘ini osmondan qilardi. Yelkasi yer iskamadi. Davrada boshi xam bo‘lmadi. To‘yning eng katta toboqini Mamat polvon ko‘tarardi, sovrinning zo‘ri ham shuniki edi. Yo qudratingdan, shunday odamlar ham qarib-qartayar ekan-da. Lekin hozir ham qarashida qirg‘iyni qulatadigan o‘t bor-ov, shiddat-shijoati so‘lmagan xotini shunday odamni o‘sal qilayotganidan fermer xijolat tortdi, ichida nimadir zil ketganday bo‘ldi. Yuziga qizillik urdi.
– Amma, kechqurun uyingizga o‘taman, – dedi tiliga erk berib yuborganidan mulzam tortib.
Eldan aylanay, eldan qo‘ymasin, degani shu bo‘lsa kerak. Hovlida bip-binoyiday to‘y boshlanib ketdi. Turdiqul prokatning stol-stulini opkelishdi. Qari-qartangga supada joy qilindi. Mo‘min qishloqning katta-kichigi yig‘ilgan Xayri bevaning hovlisida karnay-surnay sadosi yangradi. Qishloq kichkina edi, yetti mahallasi bo‘lmasa ham to‘yning ovozasi yon-atrofdagi kichik-kichik yetti qishloqqa yetadigan bo‘ldi.
...Badabang, qarsa-qurs to‘y avj olib ketganidan ko‘ngli yorug‘ tortgan Amir oqsoqol qiyofasiga jiddiy tus berib, to‘g‘ri supaga qarab yo‘l oldi. Tuman markazidan qaytgan oqsoqolni supada o‘tirgan qariyalar andak qiziqish bilan qarshi olishdi, xo‘sh nima gap deganday unga zimdan ko‘z qirini tashlashdi. Davraga,sukut cho‘kdi.
– Gap bunday, kayvonilar, – deya so‘z boshladi oqsoqol tomoq qirib, – ertaga viloyatdan ham kattalar kelisharkan. Xayrini qutlasharkan. Katta rahbarning o‘zi ham ishtirok etadi. Tartib-intizomni saqlab turish kerak. Anovi zormandadan ehtiyot bo‘linglar. Ichadigan uyiga borib ichsin. Mehmonlar kep-ketsin, keyin nima qilishsa, qilishaversin, Mo‘minda to‘yning bir kun bo‘lganini kim ko‘ribdi..? Keyin nima nag‘masi bo‘lsa qilishaveradi.
– To‘g‘ri. Asad piyon bilan Ali kalga ehtiyot bo‘lsak kifoya. Uyingda o‘tira tur, yo‘qsam, otangning soqoliga o‘t qo‘yamiz, deb qo‘rqitamiz. – Qodir chol xi-xilab kuldi.
– Bova, hazilning o‘rni emas. Bu – siyosiy to‘y!
– Elning yig‘iniga siyosatni aralashtirmang, jiyan, – dedi Sharif bobo.
– To‘g‘ri, lekin o‘zlaringcha to‘yni boshlab yuboribsizlar. Markazdan kelishimni ham kutmabsizlar, – oqsoqol izzattalablik bilan yorildi.
– Eshonbovalardan ruxsat op keldik. Toblari yo‘q ekan. Yaxshisi u kishini ham bir yo‘qlab qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi. Harna mahalla oqsoqolisiz, Amirvoy...
Shu mahal shimi pochchasini tizzasigacha qayirib olgan bolakay supa yoniga chopib kelib shosha-pisha bidirlay ketdi:
– Sharif bova, qishloqqa jar solib chiqaylikmi?
– Eh-ha, haliyam shu yerdamisanlar, tirranchalar. He, otangni jiligiga...
– Olim akamning mototsikli endi soz bo‘ldi-da, bova. Nima, deb aytaylik, nima deb baqiraylik, deb so‘rayapti Olim akam? – dedi bola burnini tortib.
Supada qur tortgan chollar jim qolishdi. Hamma bir-biriga nazar soldi. Va nihoyat Sharif bobo:
– To‘lqin amakinikiga, To‘lqin tanknikiga to‘yga deb qichqiringlar, ovozlaring Vaxshivorga yetsin, – dedi xo‘rsinib siniq ohangda. – Ha, shunday denglar, bolalarim. Bugun To‘lqin tank tirilgan kun. To‘lqin tank ovozlaringni eshitadigan kun. Bugun To‘lqin tank hammalaringni ko‘rib, bilib yotibdi. – So‘ng o‘zicha: – Eh, xudoyim-a, taqdiri-amal degani shumikin? – deb qo‘shib qo‘ydi.
Olimboy eski “Ij” mototsiklining pedali bir tepib o‘t oldirdi-da, hayo-huy deb qishloqni qoq ikkiga bo‘lgan yagona ko‘chadan Obshir qishloqqa – yuqoriga qarab yo‘l soldi. Uning ortiga yopishib olgan bolakay chiyildoq, quloqni teshguday ovozda jar solardi.
– Hamma-a-a, To‘lqin tanknikiga to‘yga-aaa... To‘yga-a-a-a-a-yov. To‘lqin tanknikiga-a-a-a, to‘y-ga-a-a-a-a!!!
Hovlisi adog‘idagi ariq bo‘yida tahorat olayotgan Ro‘zi maxsumning ichida og‘riq turdi, yuragini nimadir chimillatib chaqqanday bo‘ldi. Tolning bilakday novdasiga orqasini berib o‘tirib oldi. Bolakayning chiyildoq ovozi maxsumning asabini qaqshatdi, chakka tomirlari lo‘qillab og‘ridi.
– Xursand kalning nevarasiga o‘xshaydi. Tagi pastning ovozi buncha sovuq bo‘lmasa, – g‘udrandi maxsum, so‘ng yuragini kuydirayotgan o‘tdan qutilish uchun shaldirab oqayotgan ariq suvidan beixtiyor hovuchlab-hovuchlab icha boshladi. Ovoz tobora yaqinlashib kelardi.
– Hammaaa-a-a To‘lqin tanknikigaa-a. To‘ygaaaa-a-yov!
– Og‘zingga o‘q tekkur. To‘lqin tank tirilib kelganday vahima qiladi-ya...
Maxsumni uyatmi, hasadmi, nimadir iskanjaga olarkan, boshini tizzalariga qo‘yib, ming azob ichida quloqlarini bekitib oldi. Biroq xotira lavhidan o‘kinch va alam yoshlariga belangan Xayrinisoning qarg‘ishga qo‘l ochib uvvos tortgan holatini hayday olmadi. O‘tirgan joyida ixrab yubordi va o‘ziga o‘zi pichirladi: “U zamon o‘ldirgan bo‘lsa, bu zamon enag‘ar To‘lqin tankni tiriltirdi...”

* * *

To‘lqin tank u yoqda, daryo ortida xizmatni o‘tab qaytgandan so‘ng bir zamon hardamxayol bo‘lib yurdi. Elga esh, qariga yosh bo‘lolmadi. Odamovilikni orttirib keldi. O‘ziyam tamakini ketma-ket, oradan shamol o‘tkazmay parovozday tutatardi. Bir nuqtaga termulib turaverardi. El-eldosh, qavm-qarindoshdan begonasirab, xayolparast bo‘lib qolgan yigitni otasi Rahim polvon ko‘p joylarga olib borib davolatdi. Enasi Maryam momo eskichilik dedi, suv dedi, o‘t dedi, chilton dedi, jin dedi, olib borib o‘qitmagan mullasi, silatmagan kinnachisi qolmadi. Do‘xtirdan bo‘ldimi, tabibdan bo‘ldimi, To‘lqin tank elga qo‘shildi, rang-ro‘yi o‘zgarib, odam siyog‘iga qaytdi, to‘y-tomoshalarga chiqadigan bo‘ldi, qoni tortib yana to‘ylarda kurash tusha boshladi, ot izini toy bosdi – Rahim polvon to‘y-ma’rakada xotirjam oyoq uzatib o‘tiradigan bo‘ldi. Izida izdoshi bor. To‘lqin polvon bor. Biroq, To‘lqinboyning to‘yini ko‘rolmadi. O‘g‘li afg‘onda bo‘lgan kezlar Rahim polvon yurak o‘ynog‘ini orttirgandi. Qo‘rquv, vahima polvonning ichini to‘kib, hadigu xavotir asorati sog‘lig‘iga chang solib bo‘lgandi. Boyaqish o‘ldi-ketdi. Lekin bamaylixotir oyoq uzatib ketdi. O‘g‘lining elga qo‘shilganini ko‘rib ketdi.
O‘limidan ikki kun avval yerni yostiq, osmonni ko‘rpa qilib yopib olgan Rahim polvon do‘sti-davradoshi To‘ychi polvonni chaqirtirdi. To‘ychi polvonning bir burdagina bo‘lib qolgan bo‘yinsasiga boqib, ko‘ngli cho‘kdi, yuragi ezildi. Bemor bilan qo‘l berishib ko‘risharkan, kaftiga tekkan muzday shilimshiq narsadan seskanib ketdi, o‘lim nafasini tuyib, peshonasini sovuq ter qopladi.
– Oshna, seni bekorga chaqirmadim. Ko‘rib turibsan, yelkam yerga malol kelayapti. Bu dunyodan nasibam uzilganga o‘xshaydi, – Rahim polvonning tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Ovozi qaltirab chiqdi.
– Qo‘y bu gaplarni. Burga tepganga o‘xshaydi seni. Shunga shuncha vahima qilasanmi, seni qara-ya, – To‘ychi polvon bemorning ko‘ngli uchun hech narsani sezmaganga olib beparvo so‘zlashga urindi.
– Meni ovutma, To‘ychi. Ellik yildan beri yengu-elkadosh do‘stmiz. Davramiz bir bo‘ldi. Quru to‘rimiz bir bo‘ldi. Hamisha bir-birimizning orimizni olib kurashdik. Bu atrofda senday orkash polvon yo‘q hisob. Hamisha senga tan berib keldim. Buni bugun tilimga chiqarayapman, oshna. Gapning bo‘lari,  To‘lqinboyimning to‘yini ko‘rolmasligim aniqqa o‘xshaydi. Sezmay qoldim, dard birdan yiqitdi. Shu bolam afg‘on urushiga ketganini eshitgan kunimda ko‘kragimda bir narsa paydo bo‘lgandi. Bolam o‘sha yoqdan kelgunigacha necha bor o‘lib tirildim. Ko‘ksimdagi og‘ir tosh kattarib, ich-etimni ezib yuborgan, bilsang oshna. Ha mayli, diydiyoning nafi yo‘q...
To‘ychi polvon do‘stining behudaga o‘z dardini dasturxon qilish uchun chaqirtirmaganini bilib, his qilib turardi. To‘g‘rida, Rahim polvonni endi ko‘rib turgani yo‘q.
– Xullas, oshna, shu qizing Xayrinisoni To‘lqinimga kelin qilsak. Endi bu yog‘i ikkoviga ham o‘zing otalik qilsang. Uzangi yo‘ldosh oshnachiligimiz hurmati, iltimos qilaman, so‘zimni yerda qoldirma, To‘ychi oshna!
To‘ychi polvon biroz kalovlanib turdi-da, xo‘p ma’nosida bosh irg‘ab, rizolik bildirdi.
Rahim polvonning yili o‘tgach, ahdu qaror – er yigit lafzi, deganlariday To‘ychi polvon dang‘illama to‘y qilib, qizi Xayrinisoni To‘lqinga uzatdi. Biroq Rahim polvon qizini erga berdi desa, birov polvon o‘g‘lini uylantirdi, To‘lqinjon otasi bilan oshna bo‘lgach, ota o‘rnida otalik qildi, deyishdi. Nima bo‘lganda ham elning ko‘nglidagi ish bo‘ldi.
Olaxurjun yelkasiga tushgan kuyov xo‘jalik texnika omboridagi “Oltoy” zanjirli traktorni injenerdan qabul qilib oldi. Bir oy qoramoyga belanib ta’mirladi. “Oltoy” gurillab o‘t olganda, To‘lqin qalpog‘ini tepaga otib, bor ovozda qichqirdi:
– Urrra-a-a! Tank soz bo‘ldi. Tankni tuzatdim. Xaloyiq, tankmisan tank tayyor bo‘ldi.
Garajdagilarning kulaverib ichagi uzildi. Hamkasblarga xudo berdi:
– Tankingning pushkasi yo‘q-ku... Yoki bu urg‘ochi tankmikin?... – dedi Haydar traktorchi hammaga eshittirib do‘rillagan ovozda.
– Ey, To‘lqinboy, afg‘ondayam tank haydagansiz-a?, – o‘smoqchiladi Rajab qorovul nimagadir shama qilib.
– Ha, haydaganman. Yetti yuz o‘n oltinchi tankni haydaganman. Butun Afg‘onistonni kezib chiqqanman, – To‘lqin kosa tagidagi nimkosani payqamadi.
– Xo‘sh, endi manavi urg‘ochi tankning ketiga pulug bog‘lamasdan, bir o‘sha yoqqa – Afg‘onga olib borib kelmasangiz bo‘lmaydi. Yo‘qsam, uvoliga qolasiz.
Qorovulning pichingi To‘lqinning ensasini qotirdi:
– Nega unday deysiz?
– Axir u yoqdagi tankdan qochirib, nasl olmaysizmi. Bir umr bepusht bo‘lib yuraveradimi?
Bo‘ldi kulgi. Bo‘ldi qahqaha. To‘lqinning hamqishloqlarining beg‘araz hazilidan ko‘ngli yayradi. Bugun kayfiyati chog‘ edi, “tank” tuzaldi, endi dalaga chiqib ishlaydi.
– To‘lqinboy, agar afg‘onga yana qaytib borishdan cho‘chiyotgan bo‘lsangiz boshqa yo‘li ham bor, – dedi Haydar traktorchi.
– Xo‘sh, qanaqa yo‘li bor? O‘sha yoqqa borishga yuragim dosh bermay, ochig‘i qo‘rqib turgandim.
– Hozir “tank”ingizga pulug tirkab to‘g‘ri Ro‘zi maxsumnikiga borasiz. Kamida yigirma sotix yeri haydovsiz yotibdi. So‘rab-netib o‘tirmay, yerini haydayverasiz. Ishni tugatgach, maxsum haqqingizga duo qilib, “Oltoy”ga dam solib qo‘yadi. Keyin ko‘rasiz, “tank”ingizning bo‘yida bo‘ladi.
Texnika omboridagi hangoma shu kuniyoq qishloqqa yoyildi. To‘lqin o‘ziga tank degan laqab orttirib oldi. Odamlar To‘lqin tank deydigan bo‘ldi. Borib-borib qishloqdoshlarining shunday chaqirishlariga o‘zi ham ko‘nikib ketdi. Odamlar To‘lqindan minnatdor edi, qishloq ahli To‘lqinni yaxshi ko‘rishdi: “To‘lqin tank baraka topsin, yerimizni haydab berdi...”, “Ana, To‘lqin tankka ayt, yeringni tekislab beradi...”, “To‘lqin tank adirlikdan yer ochishimizga yordamlashdi...”, “To‘lqin tank tog‘dan o‘tin sudrab olib kelib berdi”. Xullas, To‘lqin tank allada aziz, to‘rvada mayiz bo‘ldi-qoldi. Ro‘zg‘origa ham baraka indi. Qo‘ling quruq bo‘lmasin deb qishloqdoshlar xizmati evaziga choy-chaqa berib turdi. Mol-hol qildi, qo‘rasiga qo‘y, katagiga tovuq kirdi. Faqat hovlisida pildirab, yugurgilab tovug‘iga tosh otadigan bolasi yo‘q edi. To‘lqin tankning ichi ezilib borardi. Ichi kuyib-kul bo‘lib borardi. Yillar o‘taverdi. To‘lqin tank yaxshi niyat bilan Denov bozoridan olib kelgan beshik hamon uy burchida osilib turardi. O‘rgimchak to‘r tashladi beshikka. Xotini Xayrinisoning tuman markaziga do‘xtirga qatnayverib sillasi quridi. Oxiri qo‘l siltadi. “Peshanamdan ko‘rdim. Xudoning aytgan yaxshi kuni ham bordir”, deb o‘yladi.
To‘lqin tank odamlardan yana o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi. Go‘yoki hamma unga qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatayotganday tuyulardi. Oldingi odamoviligiga qaytdi. Yana qora o‘y-xayollar g‘ujg‘on o‘ynab, boshida og‘riq qo‘zg‘ala boshladi. Kechalari alahsib uxlay olmadi. Ko‘zi ilindi deguncha son-sanoqsiz tanklar bosib kelaverar, qiyomat-qoyim jang maydonida qolib ketardi, gohida go‘dagini bag‘riga bosib yugurayotgan Xayrinisoni soch-soqoli o‘siq, sallali, qurol tutgan kishilar quvib borishar, ushlab o‘rtaga olishar, shafqatsizlarcha otib tashlashar edi. Ba’zida allaqaerlardan paydo bo‘lgan bolakay To‘lqin tankka qarab chinqirib yugurar, navqiron paytida o‘zi jang qilgan Chorikor changalzorlari, Pogman va Gardez tog‘lari, Kandahor cho‘llaridami, qaerdadir o‘sha yugirib yurgan bolani himoya qilish uchun ko‘ksini o‘qqa tutar, yuguray desa zil-zambil oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmas edi. Bunday paytlarda baqirib uyg‘onib ketardi. Urushning xotira og‘rig‘ini inson tafakkuridan hech bir kuch sug‘urib olib tashlay olmas ekan. Urush odamzotni baribir mag‘lub etib, uni o‘z komiga tortib olarkan, inson urush xotirasi komida yasharkan.
Og‘ziga kuchi yetmaganlar g‘iybat qildi, bu dunyoda g‘animi yo‘q odamning o‘zi yo‘q ekan. To‘lqin tankning afg‘on urushida nafaqat kallasi ketgan, pushti ham kuyib kul bo‘lgan, deguvchilar ham topildi. Teshik quloq eshitadi-da, bunday paytlar To‘lqin tankka yeru osmon qorishib ketganday, yelkasini bir og‘ir yuk bosib yer qa’riga kirgizib yuborayotganday tuyulardi. Qishloq yuqorisidagi oqtepa poyida ko‘ksini zax yerga berib, yuztuban yotardi. Kuyib yongan bag‘rini yerga bosib sovutardi, hovuridan tushardi. Shunday kezlari o‘tmishning tumanli manzaralari xayolini qoplar, zil-zambil boshida og‘riq turardi.

*  *  *

...Dastlab qarsillagan, so‘ng lahzada borliqni larzaga solib gumbirlagan portlash eshitildi. Qo‘rg‘on tomon g‘izillab borayotgan tank lopillab havoga ko‘tarilib, oniy holatda muallaq turganday bo‘ldi-da, gursillab yerga quladi. To‘lqinning quloq-chakkasi shang‘illab, boshi kuzatuv oynasiga urildi. Hush-behush holatda tank portladi, degan o‘y xayolini chaqinday tilib o‘tdi. Keyin eshik qopqog‘ini qanday ochib qay holatda tank ichidan tashqariga otilib chiqqanini eslay olmadi. Yonidan ko‘kish tutun ko‘tarilib, chang-to‘zon o‘rlab, portlash ro‘y berdi. Zarb bilan urilgan issiq havo to‘lqini to‘rt-besh qadam nariga, xaroba kulba devori yoniga uchirib yubordi. Qovug‘ida jizillagan og‘riqni his etib hushidan ketdi.
Qobuldagi markaziy gospitalda to‘rt oy davolandi. Yelkasidagi, so‘l kuragining pastidagi jarohat yengil edi, tez bitdi. Biroq qovug‘ini yorib kirgan snaryad parchasini olib tashlash o‘lim bilan barobar bo‘ldi. It azobini tortib qiynaldi. Yara zahmi umurtqagacha yetdi. Dard ham, davo ham taqdirning yozig‘i. Kuni bor ekan, hayotga qaytdi. Gospitaldan chiqadigan kuni palataga davolovchi vrach polkovnik Stonogin kirib keldi. Karavotga yotqizib, obdon ko‘rikdan o‘tkazdi. Kindigi pastiga, qovug‘iga o‘rtancha barmog‘i bilan urib ko‘rdi, tumba ustidagi kasallik varaqasini olib sinchiklab ko‘zdan kechirdi. To‘lqinga “bo‘ldi, o‘tiraver” ishorasini qilib, o‘zi ham uning yoniga cho‘kdi. Yigitning yelkasiga qo‘l tashlab, nigohiga termulib turdi, so‘ng muhim gapni aytmoqqa shaylanib, lablari pirpiradi... Kuyib-pishib nimalarnidir gapirayotgan polkovnikning so‘zlarini o‘rischaga shashti past To‘lqin unchalik anglab yetmay, bosh irg‘ab qo‘yardi. Yigitning bunchalar bamaylixotir bosh silkitishi polkovnikning ensasini qotirdi, shu bilan birga rahmini keltirdi. Karavot yonida serrayib turgan hamshira yuzini burdi, yelkalari silkinib, piqillab yig‘lab yubordi. Polkovnik jarangdor ovozda: “Nu ladno, sam?y glavn?y t? jivoy!” – dedi.
To‘lqin bu gapning tagidagi mazmun-mohiyatni anchagacha anglay olmay yurdi. So‘ng tirikligingga shukur qil, tiriklik hamma narsadan afzaldir, degan ma’noga yo‘ydi.

*  *  *

Oqtepa poyidagi zax yerga bag‘rini bosib yotgan, dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘ringan kezlarda polkovnikning o‘ktam ovozi quloqlari tagida jaranglardi. Butun a’zoyi badani titroqqa tushardi, uyatdan yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsa... “Enag‘ar bilgan ekan-da... Shuning uchun menga g‘alati qarash qilib gapirgan... Pushtim kuyganini sezgan ekan, men ovsar uning kuyib-pishgani sababini tushunmabman. Hamshiraning yig‘lagani-chi?.. Bu kuningdan o‘lganing yaxshi... deganimidi bu. Uf...f, odam tirik turib ham o‘lar ekan-da, polkovnik? Men tirik bo‘la turib o‘lgan odamman, polkovnik!..”
To‘ydan oldin taomili taqdir deb uyalib-netib, ko‘ziga ko‘rinmay yurgan To‘lqinga To‘ychi polvon odam yubordi. Huzuriga chorladi. To‘lqin uyaldi. Betini bez qilib bo‘lg‘usi qaynota huzurida xo‘rozday bo‘p tursa epdan bo‘lmas. El-ulus bor. Elagining epaqasi ketgan olomonning og‘ziga ermak bo‘lsinmi...
To‘lqinning istiholasi polvonga xush keldi. Ori but ekan, tomiri toza-da, tarbiyaning tagi zil ketmabdi, deb ko‘ngli xotirjam tortdi: “Unday bo‘lsa, o‘zim borganim bo‘lsin!”.
To‘ychi polvon To‘lqinni ko‘chada tutdi. Polvonni ko‘rib Xursan kalning darvozasiga o‘zini uraman deb taysallagan edi, ulgurolmadi, polvonning gurillagan ovozidan joyida toshday qotdi:
– Hov bola, beri ke! Qochma, o‘g‘lim!
Polvonning qarshisida turish qiyin bo‘ldi, uning o‘siq qoshlari orasida yaltillab turgan o‘tkir nigohlariga dosh berolmadi. Iyagi o‘mganida. Polvon durillab gapirdi, nazarida butun qishloq eshitib turganday To‘lqin o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi:
– Otangning vasiyati vojib bo‘ldi, seni kuyov qildim. Bu deganim o‘g‘lim yo‘q edi, o‘g‘lim bo‘lding deganim. Xayriniso – yakka-yolg‘izim. Xotinim bundan oldin to‘rt o‘g‘il tug‘di, to‘rtoviyam turmadi, yerni semirtirdi, yo‘g‘asam to‘rtovi to‘rt tomonimda tik ustun bo‘lib boshimdagi osmonni suyamasmidi? Bu dunyoda topganim – o‘g‘lim ham shu, qizim ham shu. Bolam, nasihat-niyatim – bolamga qo‘l ko‘tarmaysan, tomiring toza suvga tekkan – Polvon naslidansan, chin erkak ayolga qo‘l ko‘tarmaydi, bolam. Ojizaga qo‘l ko‘targan erkakning erkakligi qolmaydi, ro‘zg‘orining ham barakasi uchadi. Uqdingmi, bolam? – polvonning ovozi qaltirab chiqdi.
– Tushundim, Polvon ota! Tushundim. Ayolimga ko‘tarilgan qo‘lim sinsin, qo‘lim uzilib tushsin, – dedi  To‘lqin ham.
– Bilaman, bolam, bilaman. Otangning bolasisan! Ojizning ohidan qo‘rqadiganlar xilidansan. Tomiring tezak quyqali ko‘lmakdan suv ichganda og‘zimning yelini shamolga bermasdim, bolam.
Polvon ketdi. To‘lqin yo‘lning qoq o‘rtasida o‘ziga kelib-kelmay so‘rrayib turib qoldi.
To‘lqin Xayrinisoga sira qo‘l ko‘tarmadi. Uch yil o‘tdi, besh yil o‘tdi – zor-zardobni ichiga yutdi. Nima desin? Nima qilsin? Ohini kimga aytsin. Eshitgan quloqqa yomon. O‘l-a, bu kuningdan deyishmaydimi, bu kuningdan o‘lganing avlo demaydilarmi? Yo‘q, To‘lqin tank ayolini urmadi, o‘zini urdi, urgandayam yerga, qattiq, tosh-metin yerga ko‘tarib-ko‘tarib urdi. Polvonning bolasi edi To‘lqin tank. Uni hali hech kim bunday alfozda, o‘zichalik yerga urmagan edi, o‘zini o‘zi yerga urdi, yolg‘iz qolgan pallalarda paxtazor o‘rtasidagi laylak tut tagiga borib o‘zini o‘zi yerga urib-urib yig‘ladi, ichi ezilib yig‘ladi. Ichi to‘kilib yig‘ladi, xilvatda halovat bilmadi – uy ichini qulflab, ikki dunyosi zimiston bo‘lib, o‘zini yerga otdi, tutqanoqi tutib, quyonchig‘i qo‘zib, o‘zini yerga urdi.
To‘rt tomirini tuproq chiritgan, to‘rt muchasida to‘rt o‘limning armoni qotgan To‘ychi polvon ham bu dunyoning nomardligiga tan berdi, hayo-huyt, deb etak silkib, bu dunyoni tark etdi. Armoni To‘lqin o‘g‘li, Xayriniso qizining beshigida buvak yig‘lamadi. Cholining imi-jimida o‘z ishini bitirib, charxi chig‘irni o‘ziga omonatga qoldirib ketganidan ko‘ngliga qil sig‘may qolgan Muztar kampir, qizi Xayriniso chehrasidagi siniqliknimi, so‘niqliknimi ahyon-ahyonda payqab, jazavasi tutib qolardi. Kampirning tishsiz og‘zidan shu darajada haqorat toshlari yog‘ilardiki, bu toshu dashnomlar o‘qi kimga qaratilganini Xayriniso his qilib turar, ich-ichidan ezilib kichrayib, shu mushtdekkina kampir oldida o‘zini ojizu notavon sezardi.
– Qilobdan ketgurning gerrayishiga o‘lasanmi? Seni buytib xoda yutib yurishingga birovning oq buti qora kuyarmidi. Qiliqsizniki qirq qarich deb shuni aytsalar kerakda, temir-tersak ichida moyga botib, shuvillatib shuvillak chalgandan ko‘ra o‘zingni qaratsang o‘lasanmi, bo‘yning uzilgur! O‘zingdiyam, boshqalariyam ovorai jahon etib nima qilasan, ko‘kayimni quritib, ko‘ktomirimni chiritdi-ya, bu go‘rso‘xta.
Xayriniso “go‘rso‘xta” kimligini biladi. Eri. Erini qarg‘ayapti enasi. U sho‘rlikka ham oson deysizmi? O‘z dardi o‘zi bilan. Xayriniso erini yaxshi ko‘radi. Gohida balki “ayb” o‘zimdadir, shunday erkakni ovvorayu jahon qilayotgandirman...” degan o‘yga boradi. Qo‘rquvdan seskanib ketadi. Erini o‘zidan ayri tasavvur qilolmaydi. Ming bir tahlika o‘ti ichida xayoliga kelgan mash’um o‘ydan to‘lg‘onib, chiday olmaydi. O‘zini qo‘yarga joy topolmay tipirchilab qoladi. “Unday emas. Ayb mendamas. Termizga tekshiruvga borganimda do‘xtir opa ichingiz to‘la bola deb edi...” – degan o‘y bilan o‘zini yupatadi, yongan ko‘ksiga suv sepadi. Biroq, bu taskin ham uzoqqa cho‘zilmaydi. “Ayb” erida ekan, mabodo eri tuzalmasa-chi! Bunday kezda ham Xayriniso vahima girdobiga kirib qolardi. Na unisiga chidaydi, na bunisiga. Xullas, yostig‘ini eridan boshqa birovga yumalatishni istamas, bunday bo‘lishini tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi. Erining do‘q-po‘pisasidan cho‘chib mum tishlab to‘yga rizolik bergan Muztar kampir hol so‘rab kelgan qiziga hovlini boshiga ko‘tarib arzi-dod aylardi:
– Hoy, menga qara, bolam. Anavi qirchiningdan qiyilguringga ayt, traktori bilan qo‘shmazor bo‘lavermay o‘zini uyoq-bu yoqqa ko‘rsatsin! Qartayib ko‘ksingda suting qotgach, supraqoqdiga zor bo‘lib umring o‘tadi.
To‘ychi polvon yo‘q-da, To‘ychi polvon yo‘q. Ovozini osmonga qo‘yib, hovlini boshiga ko‘taradigan bo‘ldi kampirsho. Xayriniso enasining uyidan ko‘ngli cho‘kib, qaddi bukilib qaytadi. Qir etagidagi o‘z uyiga kelguncha boshida turfa xayollar aylanadi. Enasi aytgani kabi chindanam ko‘kragim qurib qoldimikan, deb ko‘ksiga qo‘l yuborib ko‘radi, eti uvishib, qo‘l tekkan yumshoq joyiga titroq kiradi, qayoqda, hali qarimagan, quruq o‘tinga aylanmagan. Bu qilig‘idan yuziga qizillik urib, uyalib ketadi, chor tevarakka alanglab qarab qo‘yadi. Xayriyat hech kim ko‘rmadi.
Ko‘rasi atrofida kuymanglab, go‘ng uyumini tomorqaga sochayotgan Ro‘zi maxsum qo‘porilib tushgan paxsa devor osha adirga tutash yo‘l adog‘iga qaraydi. Qip-qizil ko‘ylagi shamolda oldga hilpirab, kelishgan beli-bastini ko‘z-ko‘zlab ketayotgan Xayriniso Ro‘zi maxsumning ko‘ziga lovullagan olov bo‘lib ko‘rinadi. Maxsum entikib tikiladi. Kaftini peshonasiga soyabon qilib qaraydi. Ichida nimadir qo‘zg‘alib, bo‘g‘ziga tiqilib qolganday bo‘ladi. Qoni ko‘pirib-toshadi. Og‘ir-og‘ir nafas oladi, entikib, xo‘rsinib qo‘yadi:
– Enag‘ar, To‘lqin tank, shunday juvonni xor qildi, – deydi o‘ziga-o‘zi yutinib. So‘ng adir adog‘idagi gurillab yonayotgan qip-qizil olov ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunga qadar tikilib turadi-da, huvillagan hovlida bir o‘zi so‘ppayib qolgani, xotinini Ruqiyaning besh yashar qizini yetaklab onasinikiga, qo‘shni qishloq – Obshirga qaytmas bo‘lib ketgani alam qiladi, yolg‘izlik jon-jonidan o‘tib, suyak-suyagini qaqshatib og‘ritayotganini his qiladi, behol paxsa devorga suyanib o‘tirib qoladi. Ukkag‘ardi qizi Ruqiya mard ekan. Og‘ziniyam ochmadi. Tishiniyam yormadi. Elga ovoza qilmadi, lozimini boshiga ilib ayyuhannos solib, qishloqni boshiga ko‘tarib shallaqilik qilmadi. Qizining qo‘lidan ushlab yetakladi, ketdi! “Uyingga o‘t tushsin. U dunyoi bu dunyo xoru zor bo‘lib o‘lasan. Manavi norasidaning uvoli tutadi... “Xudoga soldim. Ikki ko‘zing ko‘r bo‘lmasa, rozimasman” dedi qizining qo‘lidan tortqilab. Oxirgi gapni aytganda Ruqiyaning ko‘ziga yosh keldi. Ro‘zi maxsum tok urganday seskanib ketdi, oyoq-qo‘li bo‘shashib, eti uvishdi. Nazarida, xotini o‘zi bilan yurak-bag‘rini ham sug‘urib olib ketayotganday edi. Dahlizda qunish tekkan tovuqday qaltirab turgan Tamara malla o‘z ona tiliga o‘zbekchani urishtirib, poyma-poy so‘zlab o‘zini oqlamoqqa urinardi:
– Hoy, t? sovsem dura, men yaxshilikka keluvdim, eringga uqutuvga, dam soldiruvga keluvdim. Nega tak shovqin-suron solasin... Ibey, sosedlar eshitsalar ne deydi. Kim aytadi seni mullaning xotini deb.
Ruqiya eshik kesakisiga suyanib, ilkis qaradi. Nigohida qahr uchqunlari sachraganday bo‘ldi:
– Ovozingni o‘chir, megajin. Boltalab tashlamaganimga shukr qil, qari kampir...  O‘zingni o‘qitgani kelgan bo‘lsang, bu isqirtning qo‘ynida yotib o‘qittirasanmi?..
Tamaraning uni o‘chib, nafasi ichida qoldi.
Ro‘zi maxsum muztar bo‘ldi, tili kalimaga kelmadi.
Shunday qilib xotini ketdi, lekin ketganda ham qishloqqa gap oralatmay ketdi, dimi-dirs bo‘lib ketdi. Tamara bilan ikkovining orasida bo‘lib o‘tgan gap faqat uchchoviga va birgina Xudoga ayonligicha qoldi.
Mana shundan beri Ro‘zi maxsum so‘qqabosh. Besh yil bo‘ldi, hovlidagi dorda ayolning kiyimi ilinmadi. Tamara ham qishloqni tark etdi. Aytishlaricha Ufaga, opasinikiga ketganmish.
Qishloq ahli negadir Ro‘zi maxsumdan cho‘chirdi.
Uning uyi ham qishloqning chetida edi. Bir o‘zi yakka-moxov bo‘lib yashardi. El orasida maxsumning qori bobosi jodugar o‘tgan, ko‘zga issiq qiz-juvonlarni duoiband qilib, ortidan, ergashtirib ketavergan, degan gap-so‘zlar yurardi. Ro‘zi maxsum elning to‘y-ma’rakasida o‘zini ko‘rsatarvermas, unga to‘y yoki ma’raka sohibining ham ko‘zi uchib o‘tirmas edi.
... Mana, haftadirki Ro‘zi maxsumning xalovati yo‘q. Shuncha yildan beri bilinmagan yolg‘izlik endi bilinganday. Uyqusi qochdi. Ko‘zini yumdi deguncha, ufq yo‘lida qip-qizil ko‘ylagini shamolda hilpiratib, simi-simbatini ko‘z-ko‘z qilib ketayotgan Xayrinisoni ko‘radi. Harom tomirida jodugar bobosining qoni qaynab, ko‘knori boshi qizib, ko‘zi qizaradi. Nafsi-nahs oralig‘ida turli rejalar tuzdi. Oxiri, katta bir semiz qo‘chqorni Xumor momoning nevarasiga yetaklatib, to‘g‘ri kampirning hovlisiga kirib bordi. Qishloqda g‘iybatu-g‘urbatning boshida turadigan Xumor kampir bunday mulozamatdan gangib qoldi. “Momo, savob uchun, o‘g‘lingiz Haydarqul armiyadan kelsa oyog‘ining tagiga dumalatasiz. To‘xtasin bobom xeshimiz edi, Xudo rahmatli cholingizning ham ruhi shod bo‘ladi, niyat qilganman, momo.” Ro‘zi maxsumning gapi kampirni sariyog‘day eritdi, ko‘nglini sel-selob qildi, rahmatli cholining tirigida to‘qimga almashtirmaydigan Ro‘zi maxsum bugun cholning hurmatini joyiga qo‘yib, qo‘raga sig‘maydigan qo‘chqor tortiq qilgani momoning hushini uchirib, dili-dimog‘ini choq qilgan edi.
– Ha, endi, momo, o‘tadigan besh kunlikda bir-birimizga mehr-oqibat ko‘rsatsak, nimasi yomon. Ayniqsa, qishloqdagi sizday, dugonangiz Muztar momoday kayvoni kampirlarning duosini olishning o‘zi ham savob-ku. Hazrat Navoiy ham insonning ko‘ngli Ka’badan aziz, deb bejiz aytmaganlar, momo. Ha, aytmoqchi, dugonangiz Muztar kampirning sog‘ligi yaxshimi, rahmatli polvon bobo ketib kampir ham so‘ppayib qoldi. Bu dunyo-dun shu ekan-da, momo...
– Nimasini aytasiz, inim. Kecha ko‘rganing bugun yo‘q, deb shuni aytadilar. Muztar ham izimizdan chirog‘imizni yoqadiganning tomiriga bolta tegdi deb kuyunadi. Shugina, yolg‘iz qiziyam tirnoqqa zor o‘tayapti. Kampirning dardi shunda. O‘lib o‘lolmaydi, sho‘rlik. Tinchi-halovatiga o‘t ketgan, dardi bir o‘zi-yu, yakka Ollohimga ayon...
– Momo, suqsurday qizining umri zavol topayapti. Bilasiz, bu qishloq, bir-biriga chatishib ketgan. Barimizning tomirimiz bir. Qarindosh-urug‘miz. Begona yo‘q. Meniyam momomga rahmim keladi. Samarqanddagi nafasi toshni yorib, suvni teskari oqizadigan mulla oshnam dam solingan duoli dorilardan beruvdi. O‘zim aytsam noqulay, momo, siz Muztar momomga ayting, qizi Xayrinisoni biznikiga olib kelsin. Noumid shayton deydilar... Illo, duoyi darmonimiz mustajob bo‘lsa... Muztar momoga jonim achiganidan aytayapman buni.
Mulla ro‘zi shu tobning o‘zida mo‘‘jiza ko‘rsatib, Xayrinisoning bo‘yida gumona paydo qilgani kabi Xumor kampir bir qalqib ketdi, beixtiyor ko‘ziga yosh keldi, qo‘llarini duoga ochib maxsumning sha’niga bisotidagi jami yaxshi gaplarni aytdi, so‘ng quruqshagan barmoqlarini namli yuziga tortib maxsumga tikildi:
– Boradi, Maxsumjon, boradi. Zora bir bechoraning mushkuli oson bo‘lsa...
...Xayriniso ostonadan ko‘chaga hatlashi hamono qalqib ketdi, enasi Muztar momoga suyanib, o‘zini tutib qoldi. Azoyi badani kuyib, ichida titroq turgan juvonning yurak urishi tezlashib, boshiga lo‘qillab og‘riq kirdi.
– Ena g‘alati bo‘b ketayapman, oyoq-qo‘lim qaltirayapti. Darmonim yo‘q, ena, – dedi bazo‘r.
– Maxsumning dami o‘tkir, bolam, bu duoning kuchi, – dedi kampir ham o‘zida allanechuk titroq sezib, – Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Kecha yaxshi tushlar ko‘rdim. Rahmatli otang bog‘imizda olma terib yuribdi. Yuzi oyday tiniq, kulib-charaqlab turibdi. Bu yaxshilikka, xudo xohlasa, etaging to‘la bola sening. Maxsum ham aytdi-ku, qizingizning yo‘lida band solingan deb. Maxsum shu bandni oladi. Iloyo, umridan baraka topsin...
Xotini to‘rt kundirki mayizmi, qand-qursmi tuguncha qilib ertalabdan onasinikiga otlanadi. To‘l-qin tank Xayrinisoning keyingi paytlar hardam xayolroq bo‘lib qolganini sezib yuribdi. Avvaldan jini suymaydigan qaynonasi yana “propaganda”ni boshlagan ko‘rinadi. Mijg‘ovsirab qizini tergagani-tergagan. Bularning oilasiga burun suqishni sira kanda qilmaydi. Doimo bir baloni boshlab yuradi shum kampir. To‘lqin tank qaynonasini ichida bo‘ralab so‘kib, ko‘ngli taskin topdi-da, xotinidan bugun yana qayoqqa otlanib qolganini so‘radi.
– Enamni ko‘rib kelaman, tobi yo‘q, – dedi.
Xayriniso shunday dedi-yu, yolg‘on so‘zlaganidan duv qizarib ketdi, nazarida, eriga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatlar qilayotganday, eridan sir tutgan narsasi erining izzat-nafsini toptayotganday, shu bilan erini haqoratlayotganday tuyuldi. Bor gapni eriga shartta aytmoqqa chog‘langan edi, To‘lqin tank bilganingni qil, degan kabi qo‘l siltab, buldozer zanjiriga oyoq qo‘yib kabinaga kirdi-da, uni o‘t oldirdi. Buldozer gurillab, Obshir adir tomon yo‘l soldi.
Muztar kampir oyog‘im og‘riyapti, deb oh-voh qildi. Qirilib ketgur jin ko‘chadan adirlik bo‘ylab maxsumning uyiga qatnashverishga holim yo‘q bolam, deb zorlandi. O‘zing bor, ixlosni kanda qilma deb qiziga yalinib-yolvordi. Maxsumning dami o‘tkirligini yana bir bor qiziga pisanda qildi.
Qishloqdan ayrilib qolgan, nishoblik orqali tor so‘qmoq olib boradigan maxsumning kulbasi hayot ummonidan uloqtirib tashlangan kemaday fayzsiz va ko‘rimsiz edi. Xayriniso paxsa devorga omonat tirkalgan eshikni taqillatib ochib, ichkariga hatlashi hamono botinida vahima qo‘zg‘aldi, bir o‘yi ortimga burilib qaytib ketaman, deb taraddudlanib turgan edi hamki, ro‘paradagi pastqam uy eshigi ochilib, dahlizda Ro‘zi maxsum paydo bo‘ldi:
– Kelsinlar, bibi, kelsinlar, – dedi tomoq qirib chiyillagan ovozda, egnidagi jelak yoqasidan ikki qo‘li bilan ushlab, kurashga shay polvonday qaddini g‘oz tutish qildi.
Xayriniso noiloj eshik yonida turib qoldi. Maxsum yana bir bor tomoq qirgan edi, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay, beixtiyor dahliz tomon yurdi. Dimiqqan, nim qorong‘i xona ichi fonusning xira yog‘dusida yutib yuboraman deganday vahimali ko‘rinadi. Maxsum burchakdagi isqoti po‘stak ustiga borib o‘tirdi. Juvonga beri kel, ishorasini qilib, qo‘li bilan yoniga chorladi. Xayriniso sehrlanganday maxsumning yonginasiga borib o‘tirdi, nosning badbo‘y hidi dimog‘iga urilganday bo‘ldi. Maxsum tomoq qirib qo‘lini duoga ochdi. Xayrinisoning ko‘z oldi xiralashdi. Maxsum uzundan-uzun nimarsalarni ovoz chiqarib o‘qiy boshladi. Xayrinisoning azoyi badani terlab, titroqqa tushdi. Birpasda maxsumning qiyofasi o‘zgarib, mutloq boshqa tusga kira boshladi. Maxsumning ko‘kragidan yuqorisi, bosh qismi tuyqus bo‘ri ko‘rinishini oldi, so‘ng tanasida tulporning boshi paydo bo‘ldi, xullas maxsumning qiyofasi damba-dam tushunarsiz bir hayvonning qiyofasiga kiraverdi. O‘takasi yorilgan Xayriniso qo‘rquv azobida shilq etib maxsumning tizzasiga yiqildi, hushidan ketdi...
Xayriniso zil-zambil boshini bazo‘r ko‘tardi. Boshi lo‘qillab og‘rirdi. Nima voqea ro‘y berganini anglay olmay, bir oz karaxt ahvolga tushib qoldi. Tanasi piypalanganini, gulli chit ko‘ylagi bari ko‘kragiga surilib, badani yarim ochiq holda yotganini his etdi. Tok urganday seskanib, ovi tizzasiga tushib qolgan lozimini to‘g‘rilab kiydi. Nima bo‘lganini anglab, telbanamo kulib qo‘ydi. Xayoli o‘zida emasdi, go‘yo ichiga bir narsa kirib olib, uni sarxush etardi. So‘ng xona burchidagi tunuka pech yoniga qo‘yilgan bir chelak suv va zanglagan tog‘oraga ko‘zi tushdi. Botinidan kelayotgan buyruqqa itoat etib, chelakdagi iliq suvga cho‘mich soldi – yuvindi. Go‘yoki, hech narsa ro‘y bermaganday ohista kiyinib hovliga chiqdi. Nazarida u bu hovlida uzoq-uzoq yillardan beri yashab kelayotganday edi. Ayni tobda uning o‘ylashiga, fikrlashiga nimadir monelik qilardi, u sehrlangan ko‘yi ko‘chaga chiqib Obshir adir tomon – o‘z uyiga yo‘l oldi. Borliq shafaq og‘ushiga cho‘mgan namozshomda tog‘ tomonda bir parcha olov ko‘zga tashlanardi. Muddaosiga yetgan maxsum mamnun holda unga termulib turardi.
Xayriniso xuddi sehrlangan kabi inon-ixtiyorini Ro‘zi maxsumga topshirib qo‘ydi. U har kuni ertalab, “Enamni ko‘rgani boraman”, deb yo‘lga chiqardi. To‘lqin tank xotinining o‘zidan uzoqlashib, orada sovuqchilik tushayotgani, Xayrinisoning betgachopar bo‘lib borayotganini qaynonasining qilmishi deb tushundi: “Jodugar kampir qizini har kuni menga qarshi qayrayapti, urg‘ochi shayton yerga kirmaguncha menga tinchlik bermaydi, meni buncha yomon ko‘rmasa...”, degan o‘y ko‘ngliga og‘riq soldi.
Xayriniso bu oqshom ham erini xushlamay qarshi oldi.
Traktorning tar-turi o‘chib, eri gursillagan qadam bilan supa yoniga yaqinlashganda Xayriniso sapchib o‘rnidan turib, ovqat isitish bahonasida o‘choq boshiga yugurgilab ketdi. Gilosga qizillik, dovuchchaga xol urib, pishiqchilik og‘zida turgan yozning ilk oqshomida Toshqul do‘kondorning bir shisha vinosini tik turib urgan To‘lqin o‘zicha qadim bir kuyni xirgoyi qilib keldi-da, supa qirg‘og‘iga cho‘kkalagan bo‘ldi. So‘ng o‘zini ko‘rpacha ustiga tashlab, sarxush holda xotinini yoniga chaqirdi.
– Xayri-i-i, ho, Xay-ri-ii. Ke buyoqqa, ovqat-povqating kerakm-a-as.. Yonimga ke.
Xayrinisoning ko‘ngli aynidi. O‘xchidi, zardoliga suyangan ko‘yi allanechuk ahvolda, holsizlanib o‘tirib qoldi. Bu hol ikkinchi bor takrorlanayotgani, botinida saqlagan sir, qo‘rquv, o‘lim yanglig‘ bir fojia yuzaga qalqib chiqayotganini anglab, eriga mung‘ayib qaradi. Oftobada yuz-qo‘lini yuvib, o‘zini dadil tutishga chog‘landi. O‘rnidan turgan edi, boshi chirillab aylandi, lahzada ko‘z oldi qorong‘ulashib zardoli tanasiga suyanib qoldi. Chalqayramon bo‘lib suzik ko‘zini ko‘kka tikib, haligi zormanda ta’sirida sarxush yotgan To‘lqin tank endi o‘dag‘aylay boshladi:
– Xayrii, ho, Xay-ri-i-i... Enangdi seni... Xayriii... Ke buyoqqa!!!
Xotini daraxtga suyanib joyida tosh qotib turaverdi. Ayni shu alfozda nafaqat eri, balki butun erkak zotini ko‘rarga ko‘zi, otarga o‘qi yo‘q, boshqorong‘u Xayriniso eriga nafrat bilan qaradi: “Qirilib ado bo‘lgur noshud er, meni itning oldiga tashlab, chalqayromon yotib karillashingga o‘layinmi..?”.
Sabri chidamagan To‘lqin tank o‘rnidan qo‘zg‘alib ayiq yurish qilib xotini tomon yo‘l soldi. Borib xotinining belidan quchdi. To‘lqin tank xotinining keng-mo‘l chit ko‘ylagi ichidagi qorni voyishdagi kadiday do‘ppayib turganini payqadi. A’zoyi-badani bo‘shashib ketdi. Boshida chaqin chaqqanday bo‘ldi, xotinini quchog‘idan bo‘shatib turgan joyida qo‘llarini osmonga cho‘zib yig‘lab yubordi-da, telbalarga xos qiyofada o‘choqni aylanib yugura boshladi, so‘ng tosh qotib turgan xotinining yoniga kelib, uni yana quchmoqchi, suyib-erkalamoqchi bo‘ldi. Xotini jon uhmida uning qo‘lini siltab tashladi, g‘ayri-shuuriy tarzda erining ko‘ksidan itardi. G‘azab va nafrat olovi vajohatli tus olgan ko‘zlarini eriga tik qadadi. Bu o‘tkir, qo‘rqinchli nigohlarga erkak dosh berolmadi, uning ichidan nimadir uzilib ketganday bo‘ldi.
Xayriniso xuddi aqldan ozgan kabi boshini chayqab, erining yoqasiga chang soldi:
– Meni o‘ldir! Meni o‘ldiraqol! Menga it tegib bo‘ldi. Men xor bo‘ldim. Nega baqrayib turibsan. Gumonam sendan emas... Sen noshudsan!
Ayol uvvos tortib yig‘ladi-da, o‘zini erining oyog‘i ostiga tashladi. Ikki dunyosi qorong‘u tortgan To‘lqin tank karaxt ahvolda, boyagi xushhollikdan asar ham qolmay ichgan vinosi burnidan buloq bo‘lib garangsirab turardi. Kayfi tarqab, hushi uchgan To‘lqin tank boshiga kirgan og‘riqdan ihrab yubordi. Ayolning xiyonat qilganini anglab, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Yarador arslonday o‘kirdi. Yerda g‘ujanak bo‘lib yotgan xotinini yuzi aralash tepib yubordi-da, hovli eshigidan ko‘chaga otilib chiqdi. Boshi oqqan tomonga yo‘l oldi. U ko‘z yoshlarini tutib turolmas, bo‘g‘zida qon-zardob oqib ixrar, bu dunyoda nimalar bo‘layotganini anglab-anglamay tepalik tomon yugurgilab borardi. Halloslab, harsillab borarkan nimalardir deb g‘uldirar, so‘kinardi.

*  *  *

...Saharmardonda tepalik adog‘idagi daladan o‘t o‘rgani chiqqan Bolta muallim Ro‘zi maxsumning eshigi yonidagi qari tut shoxida osilib turgan qora narsaga ko‘zi tushdi. Maxsum otining egar-jabdug‘ini ilib qo‘yibdi, degan xayolga bordi-da o‘z ishiga andarmon bo‘laverdi. Muallim g‘umay va shamak aralash ajriq g‘aramini arqon bilan bog‘lab yelkasiga olayotib, yana tut tomonga ko‘zi tushdi-yu, qalqib ketdi, oyoq-qo‘li bo‘shashib, joyida o‘tirib qoldi. G‘ira-shiralik chekinib, tong yorishgani bois qari tut shoxida arqonga osilib turgan odam gavdasini ko‘rdi. Tut yonida arqoni yechilgan sigir bu dunyoning dahshatiga molfahmlik bilan qarab kavsh qaytarardi.
Muallim To‘lqin tankning tanasini arqondan xolos etayotib, uning oyoq-qo‘li allaqachon sovib bo‘lganini payqadi. Tahorat olgani chiqqan Ro‘zi maxsum hovlisi adog‘ida To‘lqin tankni yelkalab turgan muallimni ko‘rib hushi uchdi. Beixtiyor qo‘lida oftoba tutib, tut tomon yugurdi. To‘lqin tankning bo‘ynidagi arqon, tarashaday qotib, dokaday oqarib ketgan yuzi, xiyla ochiq og‘zi, labi burchida sizib turgan qon yuqini ko‘rib o‘takasi yorildi. Qo‘lidan oftobasi tushib ketdi.
– Nega bunday qildiykin? O‘zini osib qo‘yibdi, bechora, – dedi Bolta muallim murdani yerga yotqizib, so‘ng qaltiroq qo‘llari bilan yuziga fotiha tortdi.
To‘lqin tankni so‘nggi manzilga qo‘yib kelishgach, qishloq ahli orasida turli gaplar tarqaldi. Kimning og‘ziga elak bilan urasiz; el bo‘lgandan keyin gapiradi-da, shamolni to‘xtatib bo‘lmaydi-ku axir. Qishloqchilik To‘lqin tankni urush boshiga yetdi, afg‘on urushi o‘ldirdi, sho‘rlikning xayoli joyidamas edi, boshi zaharlangan, urushdan sog‘ qaytmagan ekan, vos-vos bo‘lib qolgandi, deyishdi. Odamlar urushni qarg‘adi, navqiron o‘g‘lonning ikki dunyosiga o‘t qo‘ygan, o‘n sakkiz-yigirma yoshida musibat oloviga tashlagan shum taqdirdan koyinishdi. Urushda bo‘laricha bo‘lib kelgan, neki illati bo‘lsa o‘sha afg‘on urushida topgan deyishdi, chollar. Xotinlar labini qimtib gapirdi: Sho‘rlik Xayriniso, shuncha yil o‘tib endi bo‘yida bo‘lgan ekan, bu ko‘rgilikni ko‘ring, endi ro‘zg‘origa fayz kiradi, deganda sho‘r peshonaning eri o‘zini osib qo‘yganini aytmaysizmi?” Xullas, To‘lqin tankning o‘limi bir oz vaqt elga ermak bo‘ldi.
Vaqt o‘tib, bu diydiyolar ham tindi. Go‘yoki To‘lqin tankning shunday qismatga mahkum bo‘lganini odamlar oldindan bilgani kabi bu holatga unchalik taajjublanarli hol deb qaralmadi. Birgina Xayrinisoga qiyin edi. U o‘z yog‘iga o‘zi qovrilar, kun o‘tib qorni kattarib, norasida o‘zini sezdirgani sayin ko‘z oldi qorong‘ulashar, azoyi-badanini qo‘rquv cho‘lg‘ardi. U tunlari o‘z taqdirini qarg‘ab yig‘lar, kechalari telbalangan kuyi kaftini duoga ochib, lablari pichirlab Ro‘zi maxsumga o‘lim tilardi. Nazarida Ro‘zi maxsum uni ertangi umididan, baxtidan, yaxshi kunidan, tug‘ilajak farzandidan judo qiladiganday edi. Ro‘zi maxsumni eslashi hamono yuragini vahm bosib, ichida qaltiroq tutardi.
Kuz oyoq uzatib, qish ostona hatladi. Xayrinisoning ko‘zi yoridi. Qiz tug‘di. Ikki oydan beri hovli-joyini tashlab qizinikiga kelib olib boshida parvona bo‘lgan Muztar kampir qizini o‘z uyiga ko‘chirib ketdi. “Bu jinxonada go‘dakni ajina chalib ketadi... Uyini ham go‘r yutsin...”, – deb marhum To‘lqin tankning ortidan yana bir bor g‘azabini sochib, achchiq-bichiq gap aytib, ko‘ngli taskin topganday bo‘ldi.

*  *  *

Oradan yillar o‘tdi. Xayrinisoning suyanchi ham, ovunchi ham qizi Yodgoroy bo‘ldi. Bo‘yi cho‘zilib maktabga qatnay boshladi. O‘tgan azobli kunlar, olis va zimiston xotiralar ichra Yodgoroy oyday porlab, quyoshday balqib Xayriniso hayotini tiniq va yorug‘ bir olamga olib chiqdi. Xayriniso yakka-yolg‘iz farzand bo‘la turib onasi Muztar kampir qazo qilganida ham o‘zini tamoman yo‘qotib qo‘ymadi, to‘g‘ri, yuragidan nimadir uzilganday bo‘ldi, biroq yonida taqdirining quyoshi bo‘lib porlagan Yodgoroy bor edi. Ochig‘i, Muztar kampirning vafotidan so‘ng, Xayrinisoning ko‘ngli bir oz taskin va xotirjam bo‘lganday bo‘ldi. Ro‘zi maxsum bilan bog‘liq voqealar xususida hatto o‘z onasi bilan ham sirdosh bo‘lishni sira-sira istamasdi. Onasi to‘shakka mixlanib, jon taslim qilgunga qadar bir jiddiy g‘amgin nigoh uni ta’qib etar, azoblab kelardi. Nazarida onasi kutilmaganda Ro‘zi maxsumning ismini aytib ko‘z nuri, umri mazmunidan judo qiladiganday edi. Onasining vafotidan so‘ng yuragidagi qo‘rquv va xavotir tutuni yoyilganday bo‘ldi. Bu yorug‘ dunyoda endi unga birgina Ro‘zi maxsum xalal berardi. Nazarida Vaxshivor tog‘larining allaqaysi g‘orlarida dahshatli bir shamol, maxsum timsolidagi bo‘ron bekinib yotibdi. Bir kun u qo‘zg‘olib Xayrinisoning hayotini ostin-ustun qilib, o‘zini esa taqdirning qorong‘u va zax puchmoqlariga chirpirak qilib uchiradi. Birgina o‘ziga, maxsumga hamda Yaratganga ayon sir Xayrinisoga tinchlik bermasdi, Ro‘zi maxsum tirik ekan, Xayriniso xavotirdan xoli yashay olmasdi. Shu bois qizi Yodgoroyni olib qishloqdan uzoq-uzoqlarga Ro‘zi maxsumlar yashamaydigan joyga ketishni istardi. Biroq qayga borsin? Beva boshi bilan qaerga sig‘indi bo‘lsin? Yetim norasidasi bilan kimning ko‘nglidan joy topsin. O‘z uyi, o‘lan-to‘shagini tashlab qaerlardan boshpana axtarsin? Tubsiz jarlik yanglig‘ o‘y-xayollar domida qolgan ayol yakka-yu-yagona suyangan Yodgoroyining beg‘ubor nigohida porlagan nurdan umid chirog‘iga cho‘g‘ olar, qizining nigohlarida yalt etgan shu’la uning besaranjom dunyosini yoritar, shu yorug‘lik uning hayotiga fayz baxshida etardi.
Xayriniso o‘zini o‘tga urdi, cho‘qqa urdi – qizini o‘zgalarning farzandidan kam qilmadi, topganini qo‘shqo‘llab bolasiga tutdi. Qishloq maktabiga farrosh bo‘lib ishga kirdi. Tunlari qiz uzatadigan yoki kelin tushiradigan xonadonlarning kashtasini tikdi, ko‘rpa-yostig‘ini qavidi, qo‘ni-qo‘shnilarning tomorqasini o‘tab, kirini yuvishdan ham or qilmadi. Eshigini taqillatib ko‘nglini so‘rab kelgan sovchilar ko‘p bo‘ldi, boshi ochiq ayolning boshiga osmon qulaydi, deguvchilar ko‘p bo‘ldi, ularga qarata Xayrinisoning javobi bitta bo‘ldi: “Bolamni o‘gay ota qo‘liga qaratmayman...”
Xayriniso Yodgoroy ikkinchi sinfga ko‘chganda uni tuman markazidagi internatga berdi. Bir hisobda yaxshi bo‘ldi, issiq-sovug‘i internatning bo‘ynida. Yotog‘i bor. Eng muhimi Ro‘zi maxsumning ko‘zidan panada. Xayriniso qizini ko‘rgani haftada bir borsa boradi, bormasa yo‘q.. Oldingi borganida muallimlari maqtagandi, boshi ko‘kka yetib, bir hafta qushday uchib yurib, ko‘ngli chog‘ bo‘ldi. Qizining badiiy gimnastika to‘garagida mashqlarni yaxshi bajarayotgani, sportga uquvi balandligini eshitib rosa quvondi. O‘ris muallimaning uzundan-uzun gapidan tushungani shu edi – xudo xohlasa, Yodgoroy zo‘r gimnastikachi bo‘ladi.

*  *  *

Qahratonning ayozli shomi. Sovuq. Havoga bolta otsang, muzlab qoladi. Egniga guppi chopon ilib, yuz-ko‘zini jun ro‘mol bilan tang‘ib olgan Xayriniso qiya ochiq yog‘och darvoza oldidagi aravadan ko‘mir tushirayapti. Azbaroyi sovuqning zo‘ridan jun ro‘moli berkitgan yuziga ayozning ignalari sanchiladi. Oyog‘idagi kirza etikning og‘ir va beso‘naqayligi bois zo‘rg‘a qadam tashlaydi, muz qotgan yerdan takillagan ovoz chiqadi. Xayriniso ko‘mir to‘la zil-zambil chelaklarni ko‘tarib hovli o‘rtasiga kelgan edi hamki, yog‘och eshikning g‘iyqillagan tovushi eshitildi. Nomozshomda kim keldiykin, degan o‘y bilan chelaklarni yerga qo‘yib, ortiga o‘girildi. Turgan joyida tosh qotdi, azoyi badanida qaltiroq turib, bo‘g‘inlari bo‘shashib ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Ro‘zi maxsum darvozaga suyanib turibdi. Egniga qalin paxtalik kiyib, quloqchini quloqlarini tushirib olgan maxsum ayni damda Xayrinisoning ko‘ziga balo-qazo timsoli bo‘lib ko‘rindi. Ayol o‘zida jur’at topib, darvoza tomon yurdi. Maxsum taraddudlandi. Xayriniso yerga engashib do‘ppayib turgan toshga yopishdi. Tosh joyidan ko‘chmadi – muzlab, yerga qapishib qolgandi. Ayolning bu qilig‘i maxsumni sergaklantirdi. Yerdan qaddini rostlagan Xayrinisoga maxsum xezlanib qaradi:
– Nega kelding? – dedi ayol lablari qaltirab.
– O‘zim... Holingdan xabar olay dedim.
– Yo‘qoooll! – Xayriniso qo‘lga tushguday biror narsa qidirib timirskilana boshladi.
– Qizingni gimnastikachilikka beribsan deb eshitdim. – Maxsumning ham ovozi qaltirab chiqdi.
– Sening nima ishing bor? – Ayol darvoza tomon yaqinlasha boshladi.
– Xar holda...
– Gapirma, iblis. Yo‘qol bu yerdan!
– Qo‘rqma, ketaman. Siringni olamga yoysam, nima qilasan?!
– Seni o‘ldiraman, ablah. – Ayol turgan joyida gir aylanib, maxsumga hamla qilish payida u-bu narsa izlay boshladi.
– Yegani noni yo‘g‘u, itining otini marjon qo‘yibdi, degan maqolni eshitganmisan. Ana shu maqol sen haqingda. Gimnastikada nima bor, qisib o‘tirmaysanmi, ko‘rpangga qarab oyoq uzatmaysanmi?
Maxsumning masxaromuz gapi jon-jonidan o‘tib ketgan ayol o‘zini tutib turolmadi. Jon holatda yugurib kelib maxsumning ko‘kragidan itardi. Maxsum gandiraklab ketdi:
– Yo‘qol, iflos! Ikki ko‘zing ko‘r bo‘ladi sen iflosning! Ket bu yerdan.
Xayriniso aravadagi ko‘mirning qirrador bir bo‘lagini olib jon holatda maxsumning yuziga tushirdi. Maxsum qalqib ketdi, so‘ng lahzada gursillab quladi. Ihrab yubordi, o‘takasi yorilib emaklay boshladi, bir amallab o‘rnidan turdi-da, juftakni rostlab qoldi. Xayriniso eshik kesakisiga suyangan ko‘yi uvvos tortib yig‘lab yubordi. So‘ng yuzini kunbotarga, qiblaga burib ikki qo‘lini duoga ochdi:
– Iloyo, ikki ko‘zing ko‘r bo‘lsin! Ko‘zing oqib tushmasa, rozimasman!
Ayol titroq kaftlari bilan yuziga fotiha tortdi.
Maxsumning ikkinchi ayoldan shu taxlitda qarg‘ish eshitishi edi.

*  *  *

...Mototsiklning gurillashi tinib, bolaning chinqiroq ovozi o‘chgunga qadar Ro‘zi maxsum ko‘zlarini qisib, tol novdasiga orqa berib o‘tirdi. Oqib o‘tayotgan soy suvining shaldirashi ham ko‘ngliga sokinlik baxsh etolmadi. O‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqealar xotira azobiga aylanib ko‘ksining bir burchida qotib qolgan armon dardi yuragini battar siqa boshladi, qovog‘i og‘irlashib, ko‘z oldi qorong‘ulashdi.
– Hamma To‘lqin tanknikiga to‘yga a-a, to‘ygaa-a-a. To‘yga-a-aa-ayov!!
Bolaning olislardan eshitilayotgan chiyildoq ovozi yuragini tilka-pora qila boshladi. Maxsum tol tanasiga suyanib o‘rnidan turmoqchi, yumuq ko‘zlarini ochmoqchi bo‘ldi, zil-zambil kipriklar og‘irlik qildi, maxsum ko‘zlarini ochdi, lekin borliq zimiston edi, u hech narsani ko‘rmasdi. U yo‘lak bo‘ylab urina-surina dahlizgacha keldi. Nazarida tush ko‘rayotganday, bir ozdan so‘ng uyg‘onib, yorug‘ olamni ko‘radiganday edi. Ayvon derazasidagi radio hamyurtimiz Yodgoroy To‘lqin qizining badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempioni bo‘lganligi haqidagi xushxabarni, ayni damda Toshkent aeroportida jahon chempionini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tayotgani, ertaga sportimiz malikasi o‘z ota yurtiga yo‘l olishi haqidagi xabarni tarqatdi. Maxsumning badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Bir siltanib zimistonlik chohiga, dahliz yoniga gupillab yiqildi. Uning xira–nursiz ko‘zlarida alam va qo‘rquv qotib qolgandi. Iztirob ko‘lankasi iz tashlagan jonsiz va qonsiz yuziga ochilib qolgan jag‘i ayanchli tus berardi. Adirlik tarafdan to‘yga chorlovchi bolaning ovozi elas-elas eshitilar, Vaxshivor tog‘lari tomondan esgan epkinlar uning ovozini olis-olislarga olib ketardi.
...To‘yxonada o‘yin-kulgi avjiga chiqqan pallada maxsumning qo‘shnisi Norboy qizil sovuq xabar olib keldi:
– Maxsum omonatini topshiribdi, birodarlar! Hovlisida yiqilib jon beribdi.
To‘yxonani g‘am ko‘lankasi kezib o‘tganday bo‘ldi.
– To‘y bilan aza yonma-yon deb shuni aytadilar-da. – Amir oqsoqol yuziga fotiha tortdi.
Maxsumning ukasi Soyibqul ovozini baralla qo‘yib og‘amlab yig‘lab, to‘yxonadan chiqib Ro‘zi maxsumning uyiga qarab yugurgilab ketdi. Qishloq odamlari bir-biriga xesh-aqroba, qavmi qarindosh, chatishib ketgan. Bunday paytda marhumning izzati haqqi o‘yin-kulgi elga uncha xush kelmaydi. Odamlar to‘g‘ri maxsumnikiga yo‘l olishdi. To‘yxonadan chiqishgach, Amir oqsoqol qishloq ahliga amr etdi:
– Xaloyiq, Yodgoroy qizimizni shu xonadonning yaqinlari, qavmi qarindoshlari ertaga ertalab kutib olishadi. Asosiy to‘yni maxsumning yettisini o‘tkazib qilamiz. To‘yga azani aralashtirmaganimiz ma’qul. Nima deysizlar?
– To‘g‘ri, oqsoqol! Gapingiz to‘g‘ri! – ma’qullashdi hamqishloqlar. Odamlarning yuzida achinish, o‘lim ko‘pchilikni birlashtirgan paytda paydo bo‘ladigan tundlik zohir edi. Bu dunyodan yolg‘izlik yukidan qaddi dol bo‘lib ketgan so‘qqabosh maxsumning kemtik taqdiri har kimning xayolida o‘ziga xos tarzda talqin etilayotgan bo‘lsa ne ajab? Lekin unda achinish hissi bor edi, desak to‘g‘ri bo‘lar. Xullas, maxsumga, marhumga hamma achinayotgan edi. Bu xabarni eshitishi hamono birgina Xayrinisoning shodligi ichiga sig‘madi, ko‘ngli ravshan tortib, yelkasidagi zil-zambil tosh gumburlab qulaganday bo‘ldi. Xonadonida to‘yga tayyorgarlik ko‘rilayotgan mahalda oyoq ostidan lop etib azaning chiqib qolishi Xayriniso uchun to‘y ustiga to‘y bo‘ldi. Chunki ayol taqdirini chilparchin qilib tashlashi mumkin bo‘lgan kulfat shamolining yo‘li to‘silgan edi. U hayotida ilk bor qazoi barhaqdan mamnun bo‘ldi.
Maxsumning jasadini namozgardan oldin tuproqqa qo‘ydilar.
Ertasiga Mo‘min qishloqda to‘y bo‘lmasa ham tantana davom etdi. Peshin payti yap-yangi, qop-qora mahobatli mashinalar qatori Xayrinisoning ko‘rimsiz kulbasi yonida to‘xtadi. Ahli Mo‘min bu dovu-doskaga esankirab peshvoz chiqdi. Viloyatning ulkan rahbarlari kuzatuvida kelgan Yodgoroy oldingi mashinaning orqa eshigidan tushdi-da, shashqator ko‘z yoshlari yuzini yuvib, es-hushi kirdi-chiqdi bo‘lib turgan Xayrinisoning quchog‘iga otildi. Jikkakkina, navnihol, ozg‘in, qorachadan kelgan kulcha yuz, istarasi issiq qizning dovrug‘i dunyoga doston bo‘lganiga ishonib-ishonmay qarab turgan hamqishloqlarning ham ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. Kattalar oldida parvona bo‘lib qo‘l qovushtirib turgan tuman gazetasining uchar muxbiri To‘ra Qora yon cho‘ntagidan daftarcha olib nimalarnidir yoza boshladi:
– Rahmatli To‘lqin tankning quyoshi endi porladi. Afsus bu quyoshni u ko‘rolmay ketdi, – dedi muxbir boshini sarak-sarak qilib chiyilloq ohangda. Tuman hokimining o‘rinbosari Sa’dullo Chorievich muxbirga yeb qo‘yguday bo‘lib qaradi, so‘ng ijirg‘anib nimadir deb g‘udranib qo‘ydi.
Qishloq qishloq bo‘lgandan beri bunaqa tantanani ko‘rmagan edi. Xayrinisoning hovlisida miting bo‘ldi. Viloyatdan kelgan kattalardan tortib qishloq oqsoqoligacha Yodgoroyning sha’niga yaxshi-yorug‘ gaplar aytdi. Xayriniso ham quruq qolmadi. Matonat deyishdi, ona deyishdi, jasorat deyishdi, lekin nima desalar-da Xayrinisoga nisbatan chin, haq gaplarni aytishdi. Viloyat markazidan kelgan rahbar gapirayotganda tuman hokimi o‘rinbosari o‘rta qatordagi mashina salonidan ikkita oppoq guldasta olib keldi. Rahbar so‘zini tugatib guldastaning birini Yodgoroyga, birini Xayrinisoga tutdi. Xayrinisoning ko‘zi tinib ketdi, guldastaning muattar hididan ko‘ngli sarxush bo‘ldi.
Rasmiy tadbir yarim soatlar chamasi davom etdi. So‘ng salobatli mashinalar qatori qishloqqa qay tarzda vahima solib kirib kelgan bo‘lsa, yana o‘sha alfozda qaytib ketdi. Odamlarning bilgani shu bo‘ldi! Yodgoroy dunyoda yagona. U mamlakatning faxri! Xayriniso bevaning qizi, rahmatli To‘lqin tankdan qolgan Yodgoroy bugun dunyoga dovrug‘ solib turibdi.
Oqshomga borib keldi-ketdi kamaydi. Hovlida qo‘ni-qo‘shni, uzoq-yaqin qarindoshlar qoldi. Supada Xayrinisoning ko‘ksiga bosh qo‘ygan ko‘yi xuddi bolaligidagi kabi erkalanib o‘tirgan Yodgoroy o‘yga cho‘mgan alfozda so‘z qotdi:
– Ena, charchamadingizmi?
– Bu nima deganing, bolam. Men endi charchamayman, men endi yashayman, bolam, – Xayriniso ko‘z yoshlarini tiyolmadi.
– Bo‘ldi qil-ey, Xayri. Ko‘zingning sho‘rvasi ham hamisha tayyor turarkan-da-a? – qo‘shni Shodmon xola shaddodlik bilan Xayrinisoning sonidan chimchilab o‘yib oldi. Xola yana chimchilaymi deb qo‘l cho‘zgan edi, Xayriniso orqaga surilib o‘zini olib qochdi. Supada bir qur xotin-xalajning kulgusi yangradi. Yodgoroy peshayvon yoniga borib, onasini imlab chaqirgan bo‘ldi.
– Enajon, xo‘p desangiz otajonimdan xabar olib kelsam. Niyat qilgan edim, ena. Otajonimning qabriga gul qo‘yib kelaman, ena.
Yodgoroyning ovozi qaltirab chiqdi.
Quyosh ufqqa oqqan. Ko‘kdagi parcha bulutlar qirmiz tusda. Falakdan qizg‘ish nurlar to‘kilayotganday. Ko‘kdagi bulutlar parcha-parcha bo‘lib olovga aylanib shovullab oqayotgan daryoga qulab tushganga o‘xshaydi, daryo tubida ham olov oqmoqda. Bir burchiga tog‘ cho‘qqisi sanchilib, osmon qontalash bo‘lgan ana shunday sehrli pallada Yodgoroy onasi ortidan ergashib, osma ko‘prikdan o‘tib, qabriston ostonasini xatladi. Olam olovtus sukunatga cho‘mgan. Xayriniso mozorot ichidan o‘tgan so‘qmoq bo‘ylab erining qabri tomon yo‘l oldi. Ona-bola qabriston ichkarisiga kirishgach, ro‘parada tuprog‘i hali sovub ulgurmagan qabr sahnini loysuvoq qilayotgan Soyibqulga ro‘baro‘ kelishdi. Xayriniso titrab ketdi, ortga tislandi.
– Ena, sizga nima bo‘ldi, yurmaysizmi? – dedi Yodgoroy onasining ortidan turtkilagan bo‘lib.
Soyibqul qabr oldida aftodahol qiyofada garangsib turgan Xayriniso hamda uning ortida bir quchoq oq gul ko‘tarib turgan ozg‘in, qoramag‘iz Yodgoroyga hayratlanib qaradi. “To‘lqin tankning qabrini izlashayapti, topisholmayapti shekilli”, degan o‘yga bordi.
– Ena, bu kimning qabri? Nega to‘xtab qoldingiz?
Xayriniso jim... Xayriniso qabr ichidan dahshatli ovozni eshitganday bir sapchib tushdi.
– Bu maxsum bobongning, Ro‘zi maxsumning qabri ena qizim. Ro‘zi maxsumni tanirmiding, qizim? – Hech narsadan bexabar Soyibqul Xayrinisoni dahshatga solgan, yuragiga sanchilgan savollardan xolos etdi. Ayol o‘zini biroz yengil his qildi.
Yodgoroy quchog‘ini to‘ldirib turgan oq gullarning bir qismini Ro‘zi maxsumning sovimagan qabriga qo‘ydi. Xayrinisoning yuragi uvushib ketdi. Uchovlon qabr yoniga cho‘k tushishdi. Soyibqul tilovat qildi. Fotihaga qo‘l ochishdi. Xayrinisoning qo‘llari zil-zambil edi. Xayriniso qo‘llarini ko‘ta-rolmas, qo‘llari bilan yuziga fotiha tortishga majoli yetmas edi. Nigohini yumib tilovat qilgan Soyibqul buni sezmadi. Bir nuqtaga tikilib turgan Yodgoroy bu holni payqamadi.
– Qizim, otangning qabri anavi jiyda o‘sgan joyda. Ana, panjara bilan o‘ralgan qabr yonida... O‘ng tomondan aylanib o‘tganlaring ma’qul.
Ona-bola o‘t-o‘lan qoplagan qabr yonida cho‘kdilar. Qiz qo‘lidagi oppoq gullarni qabr ustiga yoyib chiqdi. Yelkalari titrab piqillab yig‘lay boshladi. Yodgoroy o‘zicha nimalardir deb pichirlardi, nimalardir deb ko‘nglini bo‘shatardi. So‘ng ozg‘in qo‘llarini yoyib, qabrni quchoqlab, uvvos solib yig‘lab yubordi. Xayriniso qizining yuziga tik qarashga botinmasdi, nazarida lovullab yonayotgan qirmizi shafaqning harorati siymosini jazillatib kuydirayotganday edi. U olov tafti urgan yuzlarini Vaxshivor tog‘lari tomonga burdi. Tog‘ daralarida qudratli, dahshatli shamol berkinib, payt poylab yotganga o‘xshardi.

«Yoshlik» jurnali, 2010 yil, 7-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.