OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Qishdagi lola (hikoya)

Derazaning bir qanotini ochib, to‘rtinchi qavatdan tashqariga qaradim. Uh, sovuq. Qahratonning qahri yumshamagan. Kechasi qatronday qotgan yo‘lak va keng ko‘cha, dov-daraxtlar — butun borliq ayozga taslim bo‘lgan. Qor desam qorga o‘xshamaydi, nimadir chirsillab yog‘yapti. Deraza oynalariga chirsillab urilyapti. Toshyomg‘ir sim-simlab, shig‘alab, yoqimli yog‘yapti. Ha, bu — toshyomg‘ir. Qor va yomg‘ir orasidagi qahru azob bu.
Shamsiya tutmaganimni hisobga olmaganda, risoladagidek ko‘chaga chiqdim. Yomgirli kunlar shamsiya ko‘tarib yurmayman, negadir yuragim siqiladi, havo yetishmaydimi-ey, atrofim zimiston tortaveradimi-ey, ishqilib, mening shu paytgacha yog‘ingarchilikda shamsiyadan panoh topib yurganimni birov ko‘rmagan. Hatto uyimiz yonidagi bozorchada salat sotayotgan koreys xotin ham shunday namgarchilikda shamsiyasiz chiqqanim uchun boshimdagi kimmatbaho tovlanma telpagimga achinib qarab qo‘ydi. Egnimdagi qalin, charm pidjakdan esa yomg‘ir tugul, boshqa narsa yog‘sa ham sezilmas edi.
Ishga bugun ham kech bordim.
— Qaerlarda yuribsiz? Doim kechikasiz-a? — kotibaning odatiy savoli shu bo‘ldi.
— Tinchlikmi? Kallai saharlab kimga kerak bo‘ldim? Katta so‘rayaptimi, yo?
— Kanaqasiga kallai sahar bo‘lsin? Soat o‘ndan oshdi. Katta emas, sizni bir o‘ris ayol pastda kutib turibdi. Sho‘rlik bir soatdan beri telefon qiladi. Yuring, ichki telefonni oling. Nega qarab turibsiz?
Picha taraddudlanib qoldim. Kotibaning qat’iyatli iddaosi ta’sirida qabulxonaga yugurdim.
— Eshitaman, — dedim odatiy ohangda.
— Allo, bu senmisan, Tolik — dedi ayol lo‘nda qilib.
— Ha, menman... Siz o‘zingiz kimsiz? — taajjublandim.
— Menman. Pastga tush. Tusha olasanmi? 
Ayolning sensirashi, o‘ziga yaqin olishi ensamni qotirdi. Shu bilan birga ovozidagi sokinlik, allanechuk titroq ko‘nglimda oniy lahzada iliqlik uyg‘otdi.
— Kechirasiz, men Sizni... 
Gapim og‘zimda qoldi:
— Xudoyim-ey, men Moskvadan keldim... Mana, nihoyat, seni topdim. Irinaman!
Ayol go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Esankiradim. Moskvada mening Irina degan tanishim yo‘q edi. O’ylab qarasam, umuman, hech kimim yo‘q ekan Moskvada. Qarshimda kotiba ma’noli jilmayib turibdi. Hardamxayol bo‘lib pastga tushdim. Foye xiyla sovuk edi. Egnimga pidjagamni ilish ham yodimdan ko‘tarilibdi. Tanish-bilish hamkasblar bilan yo‘l-yo‘lakay so‘rashib, oynavand eshik tomon yurdim. Mirshab ro‘parasidagi ayolga ko‘zim tushdi. Egnidagi mo‘ynayoqali paltosining bari yerga tegay-tegay deb turibdi. Boshiga qimmatbaho oq sur telpak kiyib, bo‘yniga yashil sharf tashlab olgan. Mirshab ayolga allanimalar deb, men tomonga qo‘l cho‘zib, imladi. Lahzada baland bo‘yli ayolning o‘ziga yarashiqli ust-boshi, qaddi-bastini nazardan o‘tkazdim. U menga ilkis qaradi. Ko‘nglimda g‘ashlik aralash qiziqish uyg‘ondi. Oynavand eshikka yaqinlashdim. U menga kimnidir eslatardi.
Ko‘zlari katta-katta. Tim qora. Yoniq. Porlab turibdi. Chehrasi tip-tiniq. Qora, qalin qoshlari yoyday egilgan. Qirraburni yuziga mos, qalin lablariga xiyol tabassum ingan. Oq sur telpagi ostidan chiqib turgan bir tutam sochi silliq manglayini to‘sgan, shundan bo‘lsa kerak, ko‘zlari yanada charaqlab boqayotganga o‘xshaydi. Chehrasiga nurli tabassum yoyilgan bu ayolni kavkazliklarning go‘zal vakilasiga o‘xshatish mumkin edi. Ayolga mahliyo bo‘lib qarab turaverdim. Sukutni uning hayajonli ovozi buzdi:
— Salom, meni tanidingmi?
U o‘zini nechog‘lik quvnoq tugashga urinmasin, yuzidagi ifoda kisqa soniyada o‘zgarib, lablari pirpirab uchganini his etdim. Yonib turgan qora ko‘zlaridagi sir-asror meni o‘z komiga tortib ketayotgandi. Soxta tabassum bilan o‘zimni beparvoroq tutishga urinib, yelka uchirdim. Bosh silkib, «yo‘q tanimadim» ishorasini qildim.
— Ana shunaqa!.. Men esa seni unutmadim. — Ayol o‘ta vazmin, ozgina gina-kudurat ohangida so‘z qotdi. Ammo, yuzidagi tabassum so‘lish olgani yo‘q. - Ha, mayli, eslab ko‘r... 1987 yil. Yoz. Fayzobod. Irina Mixaylovna. Endi yodingga tushgandir?.. 
Miyamga chaqmoq urganday bo‘ldi. Chayqalib ketdim. Ichimda nimadir uzildi, go‘yo. Beixtiyor ihrab yubordim. Tizzalarim qaltirab, madorsizlandim. Qarshimdagi suluv xilqat, o‘sha — bundan o‘n olti yil avvalgi Irina Mixaylovna ekanligini hanuz tasavvurimga sig‘dirolmay gangib turardim. Tuyqus, oniy bir kudrat ko‘magida tasavvurimda o‘n olti yil avvalgi Irina gavdalandi. Ha, bu o‘sha. Tim qora ko‘zlarida sehrli bir ma’no. Chehrasining charog‘onligi, o‘arashlari, kulgilari o‘sha-o‘sha. Biroz to‘lishibdi, chiroyi yanada ochilibdi. Ko‘rinishi anchagina salobatli. Ustidagi qimmatbaho kiyim-boshlar yanada jozibali ko‘rsatib turibdi.
O’zimni yo‘qotib qo‘yayozdim. Qo‘llarini mahkam siqib, yuzimga yaqin olib keldim. Atrofdagilar, yon-verimdagilarni ham unutib qo‘ydim... Dag‘-dag‘ titragan ko‘yi dedim:
— Qanday topding? Bu senmi axir?.. Oh, xudoyimi-ey! Hozir, Irina... Hozir... Shoshma, o‘ylab olay... Ha-ya, sen! Shu yerda turatur. Men kiyinib tushaman... Kir, ichkariga kir, ana, burchakdagi o‘rindiqqa o‘tir. Men hozir... Yarim daqiqada qaytaman.
Esim kirdi-chiqdi bo‘lib, liftni ham kutmay, zina uzra yuqoriga yugurdim. Shosha-pisha pidjagimni kiyib, seyfdaga bor pulimni cho‘ntagimga urdim. Yo‘lakka chiqishim bilan kotibaga yo‘liqdim:
— Kim so‘rasa ham ayting, men yo‘qman... Bugun men yo‘qman...
— Tuu-shuun-aarli! — dedi kotiba kinoya aralash.
Men unga e’tibor bermay, oyog‘imni ko‘limga olib foyega qarab chopdim. Nazarimda, u ketib qoladiganday, umuman, bu anglashilmovchilik, u meni izlab kelmaganday edi, go‘yo. Yo‘q, ana u meni kutib turibdi.
— Ketdik, Irina. Tashqariga chiqamiz, — qo‘lidan tutib tashqariga boshladim. Yuragim dukillab urar, haligacha o‘zimni qo‘lga ola bilmagan edim. Yomg‘ir qorga aylangan. Sovuqning zahri bir oz pasaygan. Biroq, shamol aralash urayotgan qor ko‘z ochirmasdi.
Ishxona ro‘parasidaga katta yo‘lda taksi to‘xtatdim. Biz orqa o‘rindiqqa o‘tirdik. Shofyorga «Qayoqqa bo‘lsa ham haydang. Shu yerdan tezroq ketaylik!...» dedim. U angrayib qaradi-da mashinani yurgizdi.
— Xo‘sh, xo‘sh. Eng yaxshi restoranga haydang.
Shahardagi eng nufuzli restoranlarning biri... Zalda deyarli hech kim yo‘q. Xilvatroq bo‘lsin deya burchakdan joy tanladim. Shohona zal shiftining bor-bo‘yiga ko‘zgu tirkalgan. Unga osilgan aylanma billur qandillardan taralgan yog‘dular, stol-stullarda taxlangan kumush likopchalar, qoshiq-sanchqi, pichoqlarga tegib sarg‘imtir, oqish tusda jilolanadi. Devorlariga qoplangan qimmatbaho ko‘kimtir matoh, yumshok, charm kreslolar, italyancha stol-stullar, stollar ustiga terilgan sof, billur qadahlar restoranning bir qadar zamonaviy va o‘ziga xosligini bildiradi. Tabiiyki, kishining kayfiyatiga ham viqor va shukuh, ajib ko‘tarinkilik baxshida etadi.
Qo‘llarim qaltirayapti. Qorday oppoq shoyi va silliq yaltiroq mato tortilgan stolning bir chetini cherta boshladim. Irina samimiygina, ko‘zi chaqnab-charaqlab kulimsiraydi, xolos. Telpagi, sharfi, sarg‘ish charm paltosini yechganidan so‘ng yanayam go‘zal bo‘lib ketdi. Tim qora sochlari egnida lovullab turibdi. Bo‘ynidagi tilla marjon, yashil koftasining ikki ko‘ksida o‘rnatilgan qip-kizil atirgullarning qoq o‘rtasi, gulkosasiga joylashtirilgan yam-yashil yoqutko‘zlar qandillarning o‘tkir nurida yaraklab nur sochadi. Irinaning qarshisida o‘zimni kichrayib borayotganday sezaman. Yonimizga kelib qaqqayib turgan navniholgina qiz, restoran xizmatchisi menga savolomuz qarab turibdi. Stol chetidagi qora hoshiyali jildni ochib taomlar turiga ko‘z tashladim-da, so‘ngra taomnomani Irinaga uzatdim.
Dasturxonga bir zumda fayz kirdi, taomlar, ichkiliklar tortildi. Qadahlarga to‘latib quydim. Sog‘lik-omonlik tilagi bajo aylangach, bir ko‘tarishda to‘lib-toshib turgan «Toshkent» arog‘ini sipqordim. Irina lab tekkizib, vinoni bir ho‘pladi. Boshim qiziganday bo‘ldi, biroq hanuz o‘zimga kelolmay turardim, hayajon harorati biroz pasayganday edi. Taomlar gazakbop, o‘tkir, ishtahani ochadi. Ikkinchi qadahni to‘latib, Irinadan «baxtli tasodif» sharafiga ko‘tarishimizni iltimos qidtsim. Uning chiroyi yanayam ochilib ketdi. Yuragimdagi vahimaga o‘xshash tugunlar yechila boshladi. Ko‘zlariga tik qarab turaverdim. Jur’atim oshganday bo‘ldi.
— Shunday qilib yozuvchiman, de, — u samimiyat bilan so‘radi.
— Ha, shu... Boshqa narsa qo‘ldan kelmaydi, — tilimga kelgani shu bo‘ldi. U kulib yubordi.
— Yaxshi odam bo‘lishingni, aniqrog‘i, yaxshi bola ekanligingni o‘shandayoq sezganman. Ha-ya, sen mendan uch yosh kichkinasan-a?...
— To‘g‘risi, g‘alati bo‘lib ketayapman. Irina, meni qanday qilib topding?
— Nimaydi? Moskvada yashayotgan ayol qanday qilib, kutilmaganda bu yerda paydo bo‘lib qoldi demoqchimisan?
— Ha, balkim. Ey yo‘q, nima desam ekan, — kalovlandim.
— Menda adresing bor. Unib-o‘sgan joyingga qo‘ng‘iroq qildim. Toshkentda deyishdi. Nima, Moskvadan qo‘ng‘iroq qilish qiyin ekanmi?
— Sen yashash joyimni... Haligi. Ey to‘xta, uf. Nima desam ekan?
— Topdim. Ha, shunday. Buni keyin bilib olasan. Men senga uchramay, topmasdan qiynalib yashashga qurbim yetmasligani sezdim. Tushunyapsanmi? Men hech qachon taqdirning oldida, sening oldingda, o‘z vijdonim oldida qarzdor bo‘lib yashashga dosh berolmas ekanman.
— Bu nima deganing, axir?
— Keyin bilib olasan... Ol, ye... Ovqating sovib qoldi, janob yozuvchi, - u kuldi-da, qo‘lidagi yarimlangan qadahni havolatdi. Men «nima bo‘lsa bo‘ldi», deganday qilib o‘z qadahimni yana liq to‘ldirgancha, dast ko‘tarib ichib yubordim. Chunki ayni holatda o‘zimni tush va hush oraligida qolganday sezayotgandim.
— Mayli, sen aytganday bo‘la qolsin... Lekin, Toshkentga qachon kelding?
— Kecha. Mehmonxonaga joylashdim. Sening ishxonangga yaqin ekan. «Interkontinental». Yaxshi joy. Endi, sen o‘zing haqingda gapir. Menga shunisi qiziq. Sen o‘zing, hayoting, yashash tarzing to‘g‘risida so‘zlasang-chi... Xudoga shukr, sog‘-omon ekansan. Ko‘z tegmasin. Ancha kuch-quvvatga to‘libsan, ochig‘i, unchalik ham o‘zgarmagansan. Yaxshi-ya, bari bir hayot, yashash yaxshi-ya? Darvoqe, oilang, farzandlaring bordir?
— Bor... Irina. Bor. To‘xta. Sen, nima desam ekan, o‘zing qanday yashayapsan? Moskvada nima ish qilyapsan?
— Asosan savdo. Erim Frantsiya bilan hamkorlikda tuzilgan qo‘shma korxonaning bosh direktori. O’zimning firmam bor. Yevropa davlatlari bilan savdo-sotiq qilaman. Hozircha ishlar chakkimas. Ikki nafar farzandim bor. Ochig‘i, sen bilan bir yildan buyon uchrashmoqchi bo‘lgandim. Ish. Ish... Fursat topolmadim. Oxiri ko‘zimni chirt yumib, Toshkentga uchdim. Vaqti soati kelgan ekan, mana qarshingda turibman. To‘g‘ri, qo‘ng‘iroq qilsam ham bo‘lardi. Biroq, o‘zim kelishim kerak edi. Ha, shunday...
Ichimlik menga ta’sir qila boshlagandi. Men uning qo‘llarini ushladim. Nigohiga termulib, yosh qalqiganini payqadim. Ichimda bir og‘riq ko‘tarildi. O’pkam to‘lib, dimog‘im achishdi. Ko‘zlarimdan yosh sizdi. Yoniga o‘tib, sochlarini siladim. Yuzini o‘zimga qaratdim. U oppoq uzun-uzun barmoqlari bilan yuzimni siypalay boshladi. Es-hushimni yo‘qotib qo‘ydim. Biz haroratli ehtiros izmiga o‘zimizni topshirdik. Taqdirning marhamati bilan olis yillardan so‘ng yuz bergan uchrashuvda ana shunday hodisa ro‘y berishi tabiiy edi, albatta.
Ko‘z odtsimni tuman qopladi. U mening bo‘ynimdan, quloqlarimdan qattiq chimchiladi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi... Joyingga o‘tir... iltimos... Qo‘y. O’zingni qo‘lga ol. Eh, sen mening... o‘tmishimning yorqin va mungli xotirasisan — u birdan kulgiga oldi. — Ha, darvoqe, yozuvchilar shunaqa gapirishadi-ya?
Men o‘z o‘rnimdan joy oldim. Irinaning yuzlarida horg‘inlikmi, o‘ychanlik ifodasimi qalkib turardi. U nigohini bir nuqtaga tikdi. Jimjit. Og‘ir ux tortdi. Yelkasidan nafas oldi.
Bilmadim, tilimga shu so‘z qayoqdanam keldi:
— Baxtlimisan? — deb yubordim.
U bosh silkidi. To‘zg‘igan sochlarini tekislab tirsagini stolga qo‘ydi-da, ko‘li bilan peshonasini ushladi. Yum-yum yig‘layapti.
— Yo‘q, — dedi yana bosh chayqab, — yo‘q... Umuman olganda, kim bilsin, hayotni ko‘rib turishing, tiriklikning o‘zi bir baxtdir, shundaymasmi? To‘qlik, farovonlik, boylik, yaxshi yashash baxt bo‘lsa, agar shunday deb tushunilsa, men baxtliman. Lekin, insonni doimo azoblab turguvchi boshqa narsalar ham ko‘p hayotda. Kimdir kambagal, bazo‘r kunini ko‘radi. Lekin, qalbi xotirjam. Xotira og‘rig‘i yo‘q unda. U nazarimda, mendan ko‘ra baxtliroqdir. U esa o‘z o‘yicha meni qayg‘u-hasrati yo‘q, baxtiyor ayol deb o‘ylaydi.
— Chiroylisan. Sen judayam go‘zalsan, — dedim gapni boshqa yoqqa burib. U yana jilmaydi.
— Hmm. Shunday de. Yo‘q, sening kayfing oshmagan. Ataylab chalg‘itayapsan. Mayli, diydiyoni to‘xtatamiz. Qo‘y shuni, yaxshi gaplardan suhbatlashaylik. So‘ra, yana qanday savoling bor?
Men bu uchrashuv bundan keyin qanday davom etishini tasavvurimga ham sigdirolmayotgandim. Xo‘p, kechgacha birga o‘tirishimiz mumkin. Keyin-chi? Umuman, yuragimda og‘riqli tuyg‘ularni alanga oldirgan, hayotimning og‘ir, qayg‘uli chog‘larida men bilan birga, yo‘ldosh bo‘lgan ayolga, taqdirim yo‘lida uchragan eng qadrdon insonga ayni dam nima deyishimni bilmasdim. Ba’zida nimadir demoqchi bo‘lasanu, suhbatdoshing, ayniqsa, u ko‘nglingga yaqin bo‘lsa, hech narsa deyolmaysan, u esa nima demoqchi ekanligingni bir qarashdayoq bilib oladi. Ortiqcha gap-so‘zlarga hojat qolmaydi. Irina ikkimizning oramizda ham bo‘lak gaplarga o‘rin qolmagandi. Biz, dunyoning ikki burchagida yashayotgan ikki xotirdosh, oradan o‘n olti yil o‘tib yana topishgan edik. Indamasdan, shunday — bir-birimizga qarab ham so‘zsiz suhbatlashishimiz mumkin edi.
Irina jimlikni buzdi:
— Tohir, nimadir degin... Mayli ichaylik, hech bo‘lmasa, qadah so‘zi ayt...
— Kel, hayot uchun ichaylik. Tiriklik uchun ichaylik.
— Men uchun-chi?
— Sen uchun. Sening go‘zalliging uchun, Irina!
— Sen uchun ham. Mana, kara men ham ichayapman, Tohir.
— Oh, ana, o‘zbekcha musiqa yangradi... Senga yoqmayaptimi? Bemalol, hech narsani o‘ylama... Bugun senga butun Toshkentni tomosha qildiraman.
U yayrab kuldi. Chehrasi yashnab ketdi.
— Shoshma. Men senga bir gap aytaman...
— Ayt.
— Soating necha bo‘ldi?
— Birga yaqinlashdi.
— O, demak... Meni mehmonxonagacha kuzatib qo‘y. Ikkida erim, Volodya ko‘ng‘iroq qiladi. U Toshkentga ataylab, seni izlab kelganimni biladi. Hammasidan xabardor. Sen bilan uchrashishimni unga aytganman.
Men nima deyishimni bilmay qoldim. Irinaning jiddiy tus olgan chehrasida samimiyat balqib turibdi.
— Nega endi soat ikkigacha?
— Mana, sen bilan yuz ko‘rishdik. Suhbatlashdik... Yo sen bundan xafamisan?
— Yo‘q. Axir, sen, bemalol o‘tirolmayapsan...
— Vaqt sen bilan menga bo‘ysunmaydi... Nima qilay, ish. Ishbilarmon ayolman, aytishadi-ku, «yangi rus»larning ishbilarmon vakilasi, — u endi ataylab chehrasiga jiddiy tus berib, qovog‘ini uyganday bo‘ldi. Keyin yana uh tortib, ovozi yumshadi. — Ha, mayli. Men senga bir gap aytaymi?
— Ayt, aytaver.
— Ishxonangda mening yonimga kelayotganingda yurishingga e’tibor berdim. Keyin, zinadan yugurib chiqayotganingni ko‘rib juda quvonib ketdim. Ishonasanmi, sen qaytib tushguningcha yig‘lab ham oldim.
— Shuyam sening esingdami? — dedim. Tomog‘imga nimadir tiqildi.
— Eh. Sen bilmaysan. Balki, ishonmassan. O’sha joyni eslasam, eng avvalo yodimga sen tushasan. Afsuski, eslamaslikning iloji yo‘q.
Yana uf tortdi. Qo‘llarimni siqib, ko‘zlarimga tik qaradi. Qarog‘laridan yosh dumaladi, g‘alati bo‘lib ketdim. Shu topda Irinaning o‘y-xayolida qotgan la’nati o‘tmishni sug‘urib tashlagim kelar, lekin buning hech iloji yo‘q edi. Men o‘rnimdan turib, uning yoniga o‘tdim. Qo‘lini yana kaftim orasiga olib, manglayidan o‘pdim. Yuragim ming azobda qovrilayotgandi. Yalindim.
— Qo‘y, Irina. Hozir mavridi emas. Qo‘y, shuni eslama, umuman eslama, qara, axir sen chiroylisan, boshqa narsadan gapir, Irina. Voh, Xudoyim-ey, la’nat bo‘lsin bunday hayotga. Kel, axir sen mening mehmonimsan, olisdan kelding. Yig‘lama, yig‘lamagin.
Irina mungli qiyofada qotib turdi-da, tirsagimdan ko‘tardi. O’rnimdan turdim. Tik turib boshini quchdim. Irina qo‘li bilan so‘l oyog‘imni ushlab, shimim pochasini ko‘tara boshladi.
— Tohir, xo‘p desang oyog‘innai ko‘rsam. Tizzangning pasti, so‘l oyog‘ing edi-a?
— Ha, so‘l oyog‘im...
— Mana.. oh bechoraginam. Mana... chandiq, chuqurcha bo‘lib qolibdi-da? Qo‘lim bilan ushlab ham sezayapman, ancha jabr ko‘rgansan... Hozir og‘rimaydimi?
— Yo‘q. Sovuqda oz-moz bilinadi.
— Unday bo‘lsa, nega shimning ichidan qalin ishton kiymading...
— Xo‘p, kiyaman. O’ylama. Yaxshi bo‘ladi. Ha, sen o‘zing nima bilan savdo-sotiq qilishingni aytmading-ku, — men uni chalg‘itmoqchi bo‘ldim.
Irina qat’iyatli bir holatda aytmoqqa urindi, lekin eplay olmadi.
— Buni senga mutlaqo qizig‘i yo‘q-ku! To‘g‘rimi? Ha, mayli Moskvadagi asosiy supermarketlarning deyarli barchasi, qarshingda turgan aqlsiz ayolniki. Shu aqlsiz ayolning eri Vladimir Pavlovich Semyonov esa poytaxtning mashhur sanoatchilaridan. Yana nima deyin?
— Yaxshi. Mana bilib oldim.
— Azbaroyi shunchaki so‘rading. Qani endi, muhtaram yoqimtoy mezbon, meni mehmonxonaga kuzatasanmi?
Tashqari oppoq. Qor maydalab yog‘ar, yer sathidagi qorlarni shamol to‘zg‘itib o‘ynardi.
— Rossiyaning sovug‘iga o‘xshayaptimi? — dedim zinapoyadan Irinani yetaklab tushayotib, — ko‘z ochirmayapti-ku!
— Yo‘q, unchalikmas. Rossiyaning kishi bilan hazillasha ko‘rma, — dedi Irina kulgiga olib.
Taksi ushlab, mehmonxonaga yo‘l oldik. Irina orqa oynaga bosh tirab tashqarini kuzatib borayapti. Shamol daraxtlarning yalang‘och novdalariga o‘rnashib, muzlay boshlagan qorni ming bora silkisin, bari bir uchirib, to‘zg‘itolmaydi. Mashina derazalariga izillab izg‘irin uriladi. Qor quyun bo‘lib yog‘ayapti. Qahraton hamlasida o‘z hayotini davom etkazayotgan shaharning qoq markazi «Amir Temur» xiyobonidagi kurant soat mili o‘n besh minut kam ikkini ko‘rsatardi. Irina restorandan chiqqanimizdan beri ko‘zini tashqaridan olgani yo‘q, miq etmaydi, boshini oynaga tirab olgan, qayrilib ham qaramaydi. Men yelkasidan qo‘limni o‘tkazib, uni o‘zimga tortdim. U keskin burilib, menga tikildi. Ko‘zlaridan yosh shashqator oqayapti. Yuzi jiqqa xo‘l. Yutinadi, qaltiraydi. U o‘zini bag‘rimga tashlab o‘kirib yig‘lab yubordi. Haydovchi alanglab bizga qarab, shartta tormoz berdi. Haydovchi rus edi.
— Nima bo‘ldi? O’zini yomon his etayaptimi?
— Yuring, ana yetib keldik.. Hammasi, yaxshi, — dedim.
— Ha, men o‘zimni hamisha yomon his etganman, hamisha shunday bo‘lgan, — dedi Irina hiqillab, yelkalari silkinib.
Mashina mehmonxona to‘g‘risida to‘xtadi. Irina biroz o‘ziga kelishi uchun shofyordan ozgina to‘xtab turishni iltimos qildi. Tilla tasmali charm sumkasidan labbo‘yoq va allaqanday krem-upalar olib o‘ziga oro berdi. So‘ng yuziga jilmayish berib qo‘limni qisdi...
— Ana endi tushsak bo‘ladi. Qani, yur.
Mahobatli mehmonxona eshigidan hatlashimiz bilan, eshikbon Irinaga tavoze-yu ta’zim bajo aylab, jilmaydi. Foyeda charm divanda o‘tirgan ikkita barzangi yigit o‘rnidan sapchib turishdi. Ikkovi ham bir xil kiyingan. Uzun va yoqador charm pidjak, boshida charm kepka, bo‘ynida oq sharf. Oq-sariqdan kelgan, bir-biriga ikki tomchi suvday o‘xshash bu ikki qoruvli yigitni Irina bilan birga kelishganini payqadim. Yigitlar biz tomonga ikki-uch qadam tashlashdi-da, Irina ohista burilib yovqarash qilgach, joyida taqqa to‘xtashdi. Biri qo‘l soatiga qaradi. Ularning yuz ifodasidan hech bir ma’no uqmasam-da, ko‘nglimda g‘ashlik uyg‘ondi.
Irina biqinimdan turtib, erkalagan ko‘yi mayin ohangda so‘z qotdi:
— Heeyy, bolakay!.. Sen ularga e’tibor berma. Seni mast deb o‘ylashdi, chog‘i. Qani, qo‘lingni uzat, xayrlashamiz.
— Sen qachon ketasan?
— Ertaga, — uning ovozi qaltiradi. Qo‘llari ham titrayapti.
— Hozir nima qilasan?
— Aytdim-ku, Moskvadan telefon bo‘ladi...
— Keyin-chi?
— Tohir, kechqurungacha endi mening vaqtim yo‘q.
Irina o‘kinch bilan ayni lahzada yalingan ko‘yi so‘zlayotganini payqashim qiyin emasdi.
— Ayt, men qachon kelay?.. Qaysi xonadasan?
— Kechqurun... Soat oltida. Eshikbonga uchrash. Nima qilishing lozimligini aytadi.
Irina eshikbon tomonga bosh irg‘ab qo‘ydi. So‘ng shart burilib haligi barzangi yigitlar tomon yurdi, ularning qurshovida liftga kirdi. Men uning ortidan muztar bo‘lib qarab qoldim. Eshikka yaqinlashib, eshikbondan so‘radim.
— Anovilar kim?
— Xonimning yonidagilarmi?
— Ha, o‘shalar.
— Iy-e, Siz bilan birga kelishdi-ku... Siz va xonimdan ikki daqiqa avval kirib kelishdi. Ertalab xonim bilan birga chiqib ketishgandi.
— Tushunmadim?..
— Ular xonimning qo‘riqchilari-ku...
— Shunday deng...
Eshikbon «Shunchalar go‘lmisan», — deganday tikildi. Men nimalar bo‘layotganini anglab-anglamay, tashqariga chiqdim. Demak, Irina ishxonaga ham qo‘riqchilari bilan kelgan. Restoranda men bilan ovqatlanayotganda ham qo‘riqchilar kuzatuvida bo‘lgan. Men ularni nega ko‘rmadim? Zalda bizdan boshqa hech kim yo‘q edi-ku... Tushunarli, ular restoran eshigi yonida, tashqarida kuzatishgan. Tashqarida turishgan. Endi kechqurungacha nima qilaman? Soat ikki bo‘ldi. U Moskva bilan gaplashayapti. Har bir qadami nazoratda ekan...
Darvoqe, hikoyamni birpas to‘xtatsam: muhtaram o‘quvchimizning bu sohibjamol Irina deganlari bilan yozuvchimiz orasidagi iliq munosabatlarning sababi ne ekan, deb ichi qizib turganini sezayapman. Mayli, ozgina ortga chekinib, «o‘tmish»dan bir shingil so‘zlayin. Bir boshidan gapirsam, bemalol bir kitob bo‘ladi, bunga sabr qayda. Xullas, Irina xonim bilan biz armiyada, ha, taqdir taqozosi bilan afg‘on urushida birga bo‘lganmiz. U qism tibbiyot bo‘limida shifokor edi. Kamina komandirlik qilayotgan bo‘lim bilan doimo Irina ham birga jangga chiqar edi. Ehhe, boshdan kechirgan azob-uqubatlarimizning cheki chegarasi yo‘q. Har qadamda o‘lim, har kadamda yaradorlar oh-vohi... Irina biz uchun najot elchisi, hayot farishtasi edi.
Harbiy xizmatim davomida, so‘nggi jangda ham Irina yonimda edi. Vzvodga qirg‘in solgan sallalilardan birining ortidan siquvga oldik. U qochib, bir kulbaga o‘zini urdi. Ko‘zimga qon to‘lib, kulba eshigini tepib kirdim... Tor va nim qorong‘u xonada haligi qochqin hansirab to‘lg‘anayapti. Yaralangan, xona burchagida esa tosh qotgan ko‘yi yosh juvon go‘dagini ko‘ksiga bosib tik turibdi. U nimalardir deb qichqira boshladi.
So‘ng ko‘k ko‘ylakli yosh juvon jimib qoldi. Menga qahrli nigohini tikdi. Bir menga, bir yerdagi yaradorga qarab, go‘dagi ogziga so‘l ko‘ksini tutdi. Keyin shosha-pisha chaqaloqqa bu ko‘kragini berdi. Men garangsiradim, esim kirdi-chiqdi edi... Ayol bolasini yerga qo‘ydi-da, yaradorning yoniga cho‘kdi. Qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, nimadir deb pichirlay boshladi. So‘ng uning qonli yuzlarini silab, bag‘riga bosdi. Shunda bildim — yarador juvonning eri edi. Eshik qarsillab ochildi. Ikki razvedkachi va Irina kirib keldi. Men sapchib turib razvedkachilarga otmanglar, deb baqirdim. Haligi yaradorni tanam bilan to‘sib oldim. Irina hamda razvedkachilar qurollarini pastga tushirishdi. Irina meni o‘rnimdan turg‘izmoqchi bo‘ldi. So‘l oyog‘imni bosib, chap yonimga gupillab yiqildim. Og‘riqning zo‘ridan ingrab yubordim. Chap tizzamning pastidan qon oqar, botinkam ichi ham bilch-bilch qon edi. Og‘riqni shu mahalgacha sezmagandim. Razvedkachilarning biri meni ko‘tarib chiqdi. Irina yo‘l-yo‘lakay tizzamga ikkita og‘riqni qoldiradigan ampula urdi... Og‘riq susaya boshladi, ko‘zim tinib borardi.
Qishloqdan chiqqandan keyin ko‘zimni ochibman. Yalanglik... Zambildaman. Boshimda Irina turibdi. Nimadir deydi. Yig‘laydi, jilmayadi... qo‘lim bilan suv ber deb, ishora qildim. U suv keltirdi. Muzday suv... Ichim yonayotgan edi. Yutoqib ichdim.
Ikki yildirki, og‘ir janglarda yonimda bo‘lgan Irina bilan bu mening so‘nggi bor jangga chiqishim edi. Meni gospitalga olib ketishdi. Irinaning xizmat muddati tugab, Moskvaga qaytgan ekan... Ana shunaqa gaplar...
...Qishning kuni qisqa bo‘ladi. Qor to‘xtagan. Kechki ayoz boshlangan. Muzlagan quruq qor oyoq ostida g‘ijirlaydi. Men hashamatli mehmonxonaga kirib kelganimda, qorong‘i tushib qolgan edi. Qop-qora oynali eshikni ochib ichkariladim. Keng va yorug‘ zal shiftiga osilgan ulkan qandillar nurida yog‘dulanar, zalning marmar sathi jimirlab tovlanardi. Ichkaridan yoqimli, dilni sarxush qiladigan bo‘y taraladi.
Meni ko‘rib eshikbon o‘rnidan turdi. Ta’zim kilib, salom berdi. Yuzida muloyimlik, bazo‘r bo‘lsa-da, iljayib turibdi.
— Keldingizmi, oka?
— Ha, Irina Mixaylovnaga uchrashmoqchi edim.
— Xonim ketdilar, oka...
— Nima-a-a? Nima deyapsiz, o‘zi? — chinkirib yubordim.
Ustimdan birov sovuq suv quyib yuborganday bo‘ldi. Turgan joyimda tipirchilay boshladim.
— Menga qarang, nega ketadi, adashyapsiz chog‘i? Axir hozir uchrashishimiz kerak edi-ku... Haligi ayolni aytayapman. Esingizdami, men kelgandim-ku, birga! Irina Mixaylovna!
Gapim og‘zimda qoldi:
— Xonim bugun soat uchda uchib ketdi. Sizning kelishingizni aytuvdi. Mana, Sizga qoldirib ketdi.
Eshikbon tortmadan konvert olib uzatdi. Ko‘z oldim xiralashdi. Dag‘-dag‘ titrayman. Vujudimdan sovuq ter oqdi.
— Tushunmadim... Tushunmadim.., — derdim aqlu hushim uchib... Zal chetidagi charm divan sari yurdim. Nazarimda, oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmayotganday edi. O’zimni divanga tashladim. Qo‘llarim qaltirab, konvertni ochdim. Konvert ichidan surat chiqdi. Kirq yoshlar chamasidagi istarasi issiq juvon bilan o‘g‘li bo‘lsa kerak, ayolga juda o‘xshash o‘spirinning birga tushgan surati. Ikkovi ham kulib turishibdi. Surat ortida arabiy imloda nimalardir deb yozilgan edi. Konvertda juda chiroyli dastxat bilan Irina yozib qoldirgan maktub ham bor edi.
«Salom Tohir, azizim! Bugungi kun — hayotimning eng go‘zal kuni bo‘lib qoladi. Oradan shuncha yillar o‘tib sen bilan birga bo‘ldim. Seni ko‘rdim. Juda xursandman. Sog‘-salomat ekansan. Yuragingni, o‘sha ajoyib, insoniy tuyg‘ularingni asrab qolibsan. Bilasanmi, sen juda yaxshi odamsan. Bugun mening tug‘ilgan kunim. Tug‘ilgan kunimni esa sen bilan birga o‘tkazdim, nihoyat. Keyingi yillar faqat shu uchrashuvni kutib yashadim. Erimga yolvordim — men uchun eng yaxshi sovg‘a, bugun Toshkentga borib seni ko‘rib kelishimga izn berishini so‘radim. Ruxsat berdi. U yaxshi odam. Meni tushunadi. Sen haqingda gapirib berganman.
Tohir, o‘zingni ehtiyot qil! Men yarim soatdan keyin uchib ketaman. Shunday bo‘lgani yaxshi.
Tohir, qo‘lingdagi— suratga yaxshilab razm sol. Tanimading, to‘g‘ri. Bu ayolning ismi — Shafiqa. Yonidagi o‘g‘li — Ahmad. Ular Londonda yashashadi. Xuddi men singari ularning hayotida ham sen — yaxshi odam (ha, boshqacha ibora topolmadim) bo‘lib qolgansan. Bu to‘g‘ri — shunday bo‘lishi kerak. Ular seni bir umr unutishmaydi. Unutishi ham mumkin emas.
Shafiqa o‘sha, kulbada sen otib tashlamagan afg‘on ayoli, (uning yarador erini ham otmagan eding) uning ko‘kragidagi go‘dak esa sen suratda ko‘rib turganing yigit — Ahmad! Ular meni topishdi. Esingdami, chodirga snaryad tushib (ey, xudoyim-ey, eslasam titroq bosadi), chodir portlab ketgan edi. O’shanda hamma narsa chodirda qolgan edi. Shafiqa biz chiqib ketgach, o‘sha joydan mening yarmi yonib yotgan daftarcham, shunga o‘xshash narsalarni topib oladi. Uning aytishicha, u bizni bari bir topmoqni niyat qilgan.
O’tgan yili menga maktub yozdi. Ishonasanmi, aqldan ozay dedim. Manavi suratni esa senga berib qo‘yishimni iltimos qilgandi. Uning ortida «Hayotimizning eng og‘ir lahzalarida bizga shafqat qilgan mard va mehribon insonga ulkan minnatdorchilik va qarzdorlik bilan tashakkur aytamiz...» — deb yozilgan.
Tohir, Shafiqaga qo‘ng‘iroq qil. Mana, telefon raqami (.....).
Biz seni erim bilan istagan paytingda Moskvada kutamiz...
Meni kechir, hozir menga naqadar og‘irligini o‘zimdan boshqa hech kim bilmaydi. Shu bilan birga seni ko‘rib yelkamni bosib turgan tog‘day og‘ir yukdan xalos bo‘ldim.
Tohir, sen yaxshi odamsan, yaxshi yozuvchi bo‘lasan. Esingdami, va’da berganding...
Mening fikrimcha, dunyoning qaysi chekkasida yashashlaridan qat’iy nazar odamlar urushsiz, tinch-totuv kun kechirishlari kerak. Urush insonning bir-biriga yovuz va shafqatsiz qilib qo‘yadi. O’ylab qarasam, odamlar bir-biriga mehribon bo‘lsalar, bir-birini otmasalar... bu hayotda inson bo‘lib yashay biladilar...
Uzr... Sen mendan ranjima... Seni Moskvada kutamiz... Omon bo‘l! Irina. 16.02.03 y».

Ko‘cha sovuq edi. Yo‘l chetida tizilgan simyog‘ochlar shahar ko‘chasini charog‘on etgan. Chiroqlar nurida qor uchqunlari sirli jimirlaydi. Men qorli yo‘lakda karaxt holda ketib borardim. Qayoqqa borayotganimni o‘zim ham bilmasdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.