OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Kertilgan (hikoya)

-Bu joy bo‘shmi?
 Tanish ovozni eshitib, Mavlon seskanib ketdi, irg‘ib turib, to‘g‘ri kelgan tomonga qarab qochmoqchi bo‘ldi, lekin turolmadi. Yonida xotini o‘tirgan edi. U ilkis yoniga burildi va tepasida turgan ayolning tomog‘i ostida osilib turgan bir juft yo‘g‘on tomirga ko‘zi tushdi. Ohori ketgan tor jinsi shim, jinsi kurtka kiygan ixchamgina bu ayolning ovozini u yuz yildan keyin eshitsa ham tanirdi: tumov tekkandek xirillabroq gapiradi. Shu xirillashida go‘yo nozu g‘amza bordek. Yoqimli. Nafis lablarining, qo‘y ko‘zlarining atrofida doim istehzoli jilmayish zohir: shunaqa deng?
 Mavlon xotiniga qaradi. Xotini yelkasini uchirdi:
 -Bo‘sh, - dedi xafsalasizgina.
 -O‘tirsam bo‘ladimi?
 Xotini: “Siz nima deysiz?” degandek endi eriga qaradi.
 Mavlon tepasida turgan “mehmon”ga sezdirmay yug‘on qoshlarini chimirdi: “Boshqa joy qurib ketganmi?..”
 -Mayli, - dedi xotini hushlamaygina elektr poezdining deyarli bo‘m-bo‘sh vagoniga iddao bilan ko‘z yugurtirar ekan, - boshqa joy topolmagan bo‘lsangiz, o‘tiring.
 Tik turgan ayol o‘zini tushunmaganga oldi va o‘rindiqning deraza tarafiga kattakon qora sumkasini qo‘yib, o‘zi Mavlonning ro‘parasiga cho‘kdi.
 -Yomg‘irning savalashini qarang, - dedi o‘ziga-o‘zi gapirgandek. – Endi paxta nima bo‘ladi? Hali dalalarda hosil serob, deyishadi.
 Endi er-xotin eshitmaganga oldi. Po‘lat izlarga urilayotgan poezd g‘ildiraklarining taraqa-turiqi tobora tezlasha boshladi.
 Vagon og‘asi kelib, chiptalarni tekshirishga kirishdi.
 -Siz meni tanimadingiz-a? – dedi ayol bir pasdan keyin. Mavlon jilmaymoqchi bo‘ldi, lekin harakati beo‘xshov chiqqanini sezdi. Nigohini olib qochib, yelkasini uchirdi.
 -Nuriyaman.
 Ayol ro‘parasida tolmovsirab o‘tirgan erkakka ro‘y-rost va istehzo bilan tikildi. Erkakning yumaloq yuzi, go‘shtdor jag‘lari, yo‘g‘on bo‘yni hammom mo‘rchasidan chiqqandek qizarib ketgan edi.
 -Siz meni kimgadir o‘xshatdingiz, chog‘i? – dedi Mavlon va chap ko‘zini qisib, xotini tomon imo qildi. Nuriyaning ko‘zlariga iltijo bilan tikildi: sharmanda qilmang, iltimos!
 Ayolning keksalik nuqsi urib qolgan yuzi toza-ozoda, mayda ajinlarni hisobga olmaganda, silliq. Qoshlari terilgan. Erkakchasiga kalta kuzalgan va siyraksiy boshlagan sochlari och qirmizi rangga bo‘yalganiga ancha bo‘lgan chamasi chakkalarida oq soch tolalari ko‘zga tashlanadi. Yug‘on tomirlari bo‘rtib turgan qo‘lida, qulog‘ida, bo‘ynida taqinchoq ko‘rinmaydi. Qalin tirnoqlari qaychi bilan notekis olingan. Qo‘l uchida kun ko‘rishi ko‘rinib turibdi. Qancha pensiya olarkan, deb o‘yladi erkak. Bu past bo‘yli, ixchamgina ayolni u bir paytlar uyda bo‘yniga qo‘g‘irchoqdek osib, ko‘tarib yurar edi. Ko‘tarib yurishlari, suyuib-erkalashlari juvonga juda-juda yoqar edi.
 Nuriya og‘ir xo‘rsindi:
 -Siz Javlon Jo‘raevmisiz?
 “Hayriyat-ey!” Erkak yengil tortdi:
 -Yo‘q, men - Mavlonman, Mavlon To‘raevman.
 - Javlonga juda o‘xshab ketar ekansiz, - Nuriyaning ko‘zlari endi teshib yuborgudek tikilib turardi. – Mabodo, qarindosh emasmisizlar? Javlon ham hozir taxminan sizning yoshingizda – ellikdan oshgan bo‘lsa kerak!..
 -Yo‘-o‘q, - dedi erkak cho‘zib va tomog‘iga nimadir tiqilganini sezdi. Yutinar ekan, so‘lagiga chayqalib, o‘xchib yuborishiga sal qoldi. Sovuqda qotgandek dag‘-dag‘ titrayotganini yonida pishillab o‘tirgan xotiniga sezdirib qo‘yishi hech gap emasdi.
 “Tanidi, enag‘ar! – dedi ichida. – Yuz foiz tanidi!..”
 - Buni qarang, kecha bejiz tushimga kirmagan ekan-da! Bo‘yi baland - bir metru to‘qson yetti santimetr, yelkalari shkafdan ham keng, palvon yigit edi!.. Qashqadaryoga borganida to‘ylarda kurash tushib, sovrinlar olib kelardi.
 Nuriyaning ko‘zlari quvonchdan porlab ketganini ko‘rgan xotin eriga sirli qarash qildi: “O‘sha yigit bu kampirning yuragidan rosa urgan ekan-da, a!”
 - Tug‘ilgan kunimda menga mana bu medalonni sovg‘a qilgan edi! - Nuriya bo‘yniga osilgan yurak shaklidagi medalonni ochdi. Bir qopqog‘ida shol ro‘mol o‘ragan kampirning rasmi – Nuriyaning onasi, ikkinchi tomonida yelkasiga tushgan sochlari quyuq, ko‘zlari katta-katta, yigirma yoshlardagi yigitning – Mavlonning sarg‘aygan surati. Biror hujjatdan ko‘chirib olingan bo‘lsa kerak, suratning chetida dumaloq muhr izi qolgan. – Sizga juda o‘xshaydi!..
 Mavlon chap oyog‘ini xotiniga sezdirmay Nuriyaning oyog‘iga olib bordi-da, qizil tuflisiga sekin turtdi. U javob qaytardi - Mavlonning boldiriga zarda bilan qattiqroq turtdi.
 -Qani? - Mavlonning xotini bo‘ynini cho‘zib rasmlarni tomosha qilgan bo‘ldi. Hayriyat tanimadi.
 -Javlon Jo‘raev bilan bir paytlar qurilishda birga ishlaganmiz, - dedi medalonni yopar ekan Nuriya xuddi sudda guvohlik berayotgandek rasmiy ohangda. - U betonchi, men g‘isht teruvchi edim.
 “Topti, topdi, enag‘ar!-dedi Mavlon ichi yorishib. – To‘qimachilik kombinatida birga ishlaganmizni, men yuk tushiruvchi, o‘zi to‘quvchi bo‘lganini yashirdi. Xolasining Shofayizdagi hovlisida ikki yil birga yashaganmizni aytsa, xotinimning oldida qanday odam bo‘lardim!..”
 -Javlon uch yil urinib, universitetga kirolmagandan keyin armiyaga ketgan edi, - dedi Nuriya. –Siz qaysi universitetni tugatgansiz, Mavlon aka?
 -Qarshi pedinstitutini. Mehnat ta’limi bo‘yicha.
 Mavlon Toshkentda yurgan kezlari Nuriyaning uyida mazaxo‘rak bo‘lib qolgan edi. Joy tekin, ovqat tekin, xizmatkor tekin, maishat – xotin tekin. “Uv, bola, ayol zotiga ishonch yo‘q, buning ustiga sendan yetti yosh katta bo‘lsa, sengacha ham necha erkakni ko‘rgan bu beva, bo‘yningga osilib olsa, o‘lasan”, derdi tanishlari. “Osilib ololmaydi,- derdi Mavlon, - armiyaga qochaman-ketaman. Ikki yilda kim bor, kim yo‘q. Izlab borolmaydi, topolmaydi. Topgunicha biror qizga uylanib olaman”.
 Mavlon harbiy xizmatga qochib ketmadi. Xayr-xo‘shni, Nuriyaning hurmat-izzatini joyiga qo‘yib ketdi, oxirgi tunni juvon bilan birga o‘tkazdi. Nuriya dardi bedavo - saraton changalida o‘lim bilan olishib yotgan onasidan xabar olish uchun ertalab G‘azalkentga ketdi. Ketar chog‘i vagon oldida Mavlonning ko‘kragiga bosh qo‘yib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi: “Endi sizsiz qanday yashayman, Mavlon aka?..”
 U Mavlonni “aka” deyishni yoqtirar edi. “Sizni aka desam maylimi?- degan edi Mavlon yotoqxonadan uning uyiga ko‘chib o‘tgan birinchi tunda. - O‘zimning akam! Akajonim! Pahlavonim!..”
 “Men ertaga kechqurin yo‘lga chiqaman, - dedi Mavlon. - Uyning kalitini o‘sha joyga, ostonadagi musulmon g‘ishtning tagiga qo‘yib ketaman”...
 Mavlon shu topda xotinini Nuriya bilan solishtirdi: ayoli Nuriyadan o‘n yosh kichik, lekin yigirma yosh kattaga o‘xshaydi – semiz, besunaqay, hunuk, befahm. Raisning qizi emish! Nuriyaning ko‘zlaridan o‘ttiz yil burungi o‘t, otash, ishva o‘chmagan. O‘ziga yarashgan mayin sochlari erkakchasi kalta kuzalgan. Dirkillagan oppoq siynalari o‘rtasidagi moshdek qora xoli hali ham bormikan?..
 Bir zumda qorong‘i tushdi. Vagonda yongan chiroqlar shu’lasi ko‘zlarni qamashtirib yubordi.
 Nuriya nimadir esiga tushganday yonidagi qizil sumkasidan oq gardishli ko‘zoynagini chiqarib, qanshariga qo‘ndirdi va Mavlonning xotiniga ajablangnicha tikilib qoldi.
 -Uzugingiz buncha chiroyli ekan, - dedi. – Bir ko‘rsam bo‘ladimi? Ilgari mening ham shunaqa uzugim bo‘lardi. Buvimdan meros...
 Xotin eriga qaradi. Mavlon ijirg‘anib bosh irg‘adi: “Sen, molga taqinchoq taqma demaganmidim?!..”
 Erkak tim ko‘k kostyumining cho‘ntagidan g‘ijimlanib ketgan dastro‘molini chiqarib, yuzini artdi. Shu asnoda ikki ko‘ragi orasidan oqqan ter yelkasidan beligacha beayov qichitib ketdi. U yelkasini o‘rindiqning suyanchig‘iga ishqaladi, lekin foydasi bo‘lmadi, lok urilgan taxta juda silliq edi.
 Nuriya uzukni olib, so‘fi barmog‘iga taqdi va Mavlonga o‘girildi:
 -Haynohoy siz sovg‘a qilgan bo‘lsangiz kerak?
 Erkak bilinar-bilinmas bosh irg‘adi va pastki labini tishladi.
 -Qarang, kertilgan ekan!
 Uzukning feruza ko‘ziga tutashgan ikki yaproqdan biri “kertilgan” – tariqdaygina kemtigi bor edi. “Yaproqqa qurt tushgan ekan-da?” degan edi Mavlon uni birinchi bor Nuriyaning qo‘lida ko‘rganida. “Yo‘q, bu - belgisi. Zargar buvimga aytgan ekanki, endi mingta uzukning ichidan ham tanib olasiz. Kertilgan joyidan ozgina olib, sinib tushgan ko‘zini yaxshilab kavsharlab qo‘ydim”.
 -Ilgari nomdor zargarlar o‘zi yasagan buyumga muhrini bosgan, - dedi Nuriya qo‘lini endi ro‘parasida anqayib o‘tirgan ayolning ko‘kragiga uzatar ekan. – Ishonchim komilki, tilla zanjiringiz ham asl mol. Unga osilgan taqa ham kertilgan. To‘g‘rimi, Mavlon aka?
 Mavlon g‘udrandi:
 -Ha-a, endi...
 -Aytmadimmi? – Nuriya yelkasini o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi. – Taqa ham ikki tomonidan kertilgan ekan!.. Balli!..
 Mavlonning xotini eriga xavotirlanib qaradi va nimadir deb shivirladi.
 -Ana, vagonning oxirida, - dedi eri. – Bemalol borib kelaver. Yo birga boraymi?
-Yo‘g‘-ey, o‘zim...
 -Xo‘-o‘sh, ishlar qalay, Mavlon aka? – dedi Nuriya Mavlonning xotini uzoqlashgach. – Butunlay kamnamo bo‘lib ketdingizmi?
Mavlon yana ko‘zlarini olib qochdi va beo‘xshov kuldi:
 -Ha endi, tuproqdan tashqarida yuribmiz-da!
-Bu tomonlarga qanday shamollar uchirdi?
-Xotinimni “Chorvoq” sanatoriysiga olib ketyapman. Salqin tushdi deguncha eski kasali qo‘ziydi. – U kafti bilan og‘zini yopib kuldi. – Sistit - qovug‘i qattiq yallig‘langan. Tez-tez siyadigan bo‘p qolgan.
 Nuriya qoshlarini uchirib tushirdi. U nimadir demoqqa shaylanayotgani sezilib turardi.
 -O‘zingiz-chi? G‘azalkentga ketyapsizmi? – so‘radi Mavlon.
 -Ha, - dedi parishonlik bilan Nuriya va Mavlonning xotini ketgan tomonga bir qarab oldi. – Pensiyaga chiqqanimdan beri otamnikida yashayman... Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi?
 Mavlon bosh irg‘adi.
 - O‘sha kuni “Vesna” magnitofoni bilan qutichadagi pulni ham siz olganmidingiz?
 Mavlon oq oralay boshlagan sochlari savatday do‘ppisi ostidan tikrayib chiqib turgan boshini egdi.
 Nuriya gapirolmay qoldi.
 -Unda... unda, Mishani nega qamashdi? – dedi nihoyat ovozi titrab.
 -Qaysi Mishani?
 -Qo‘shnimiz-chi?
 -Bilma-adim...
 -Esingizdami, chirog‘imiz o‘chib qolsa, tuzatib beradigan elektrik qo‘shnimiz bo‘lardi-ku, Muhammad. Orriqqina, rangpargina... Do‘diqlanib gapirardi...
 Mavlonning quloqlari chippa bitib qolgandek bo‘ldi.
 -Men juda yaxshi eslayman, - dedi Nuriya. - Militsionerlar Mishaning qo‘lini bog‘lab olib kelishganida, u uyning eshigini qanday buzganini, qaerdan nimani olganini birma-bir ko‘rsatib bergan edi. Hamma yoq loy, kirza etik izi edi... Lekin kalit musulmon g‘ishtning tagida turgan ekan...
 “Kirza etik emas, botinka! – degan o‘y yarq etib o‘tdi Mavlonning xayolidan.- Bo‘zsuvga otib yuborgan edim...”
 -Misha uzuk bilan tilla zanjirni, magnitofonni qaysi bozorda qanchaga sotganigacha aytgan edi, - dedi Nuriya. - Yetti yil berishgandi...
 -Qancha?
 -Yetti yil?
 -Ho-ozir... hozir qaerda o‘sha Misha - Muhammad? – dedi Mavlon nimadandir hadiksiraganday va tili og‘ziga sig‘may, quriqshab qolganini sezdi.
 -Bir yildan keyin, sakson oltinchi yili o‘ldi deb eshitdik. Boyaqish, qamoqda o‘zini osib qo‘ygan ekan...
 Mavlon xotinidan xavotir olgan bo‘lib, o‘rnidan turdi va hojatxona tomon yurdi. Qaytib kelganida Nuriyaning o‘rni bo‘m-bo‘sh, ayol borar manzilidan ancha berida, Chirchiqda tushib qolgan edi.
 
“Hurriyat” gazetasi, 2015 yil 28 yanvar

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.