OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Qurt (hikoya)

Hoshim Nasimov bedanaga o‘xshaydi – kutilmagan joyda oyoqning ostidan chiqadi. «Assalomu alaykum, mavlono!» - degan masxaraomuz ovozni eshitib, ishtaha bilan tanovul qilayotgan taomingizga pashsha tushgandek qutingiz uchadi. Yon-veringizga qaraysiz. Lekin ovoz egasini topolmaysiz. Negaki, u yo ortingizda, yo tepangizda – biror ko‘pqavatli imoratning derazasi yoki baland zinapoyasida - viqor bilan pastga qarab turgan bo‘ladi:
 «Assalomu alaykum, mavlono!»
 Ikkinchi marta bu so‘zlar bir chaqirim naridan ham baralla eshitiladigan darajada, tantanovor yangraydi. Go‘yo ovoz egasi ming yillik qadrdonini kutilmaganda uchratib qolganu boshi osmonga yetgan. Aslida maqsad ham shu – hamma ko‘rsin, eshitsin, havas qilsin.
 Bu gal ham shunday bo‘ldi. Uning ovozini eshitib, yon-verimga alangladim. Yo‘q. Qarasam, bekatdagi tovuq katagidek pastqamgina do‘kondan tirjayganicha chiqib kelayotir. O‘n yil burun uni tahririyat eshigi oldida qanday holda ko‘rgan bo‘lsam, hozir ham shunday: boshida soyaboni qiyshayibroq qolgan qora movut shlyapa, egnida etagining tagidan kulrang astari osilib turgan keng sarg‘ish yomg‘irpo‘sh, bo‘ynida ingichka qizil galstuk, oyog‘ida poshnasi qalin botinka, qo‘lida dastagiga ko‘k izolenta o‘ralgan portifel.
 Men kabi avtobus kutayotganlar - o‘n chog‘li erkagu ayol, yoshu qari – hamma yalt etib biz tomonga qaradi. Salom egasi bu e’tiborni ko‘rib, sahnada olqish olayotgan xonandadek yayrab ketdi. Bunday sarxush pallalarning lazzatiga ne yetsin! Doim e’tiborda bo‘lish, odamlarning havasini qo‘zg‘ash zavqi naqadar totli!
 -Valaykum assalom! - dedim sekingina g‘ijinim kelganini sezdirmaslikka harakat qilib. - Durustmisiz, domla?
 -Yaxshi.
 Bilaman, «domla» deganim unga yoqmaydi. Qanday yoqsin: u meni ko‘klarga ko‘tarib, «mavlono» - olim, alloma, zoti oliylari deb tursayu, men, «universitetni chala-chulpa bitirgan bir jipiriq», professor odamni oddiy maktab muallimi yoki masjit imomiga tenglashtirib, «domla» deb o‘tirsam. Biroq Hoshim Nasimov ham ensasi qotganini sezdirmaydi:
 - Qani, mavlono, ishdan qaytayapsizmi?
 U «mavlono»ni yana bir bor, endi alohida urg‘u berib takrorlaydi. Shuni bilan go‘yo o‘zining ilm ahliga mansubligini pisanda qiladi: qarang, ko‘ring, g‘oyat issiq kelgan bahorning jaziramali kunlarida qo‘limdagi portifelni bekorga kuyib-pishib ko‘tarib yurganim yo‘q, sochlarim bekorga to‘kilib, peshonam bejiz yaltirab qolmagan, qansharimdagi gardishi qalin ko‘zoynak ham osmondan tushmagan. Ilm yo‘lida chekkan zaxmatlarim, uyqusiz tunlarim, shogirdlar tarbiyalash evaziga orttirganman bularni. Qarshingizda turgan odam, ya’ni Hoshim Nasimovning kiyinishi darveshona (darveshlikning o‘zi ulug‘lik emasmi!) bo‘lsa-da, «oddiy domla» emas, professor, olimi zamon, alloma! Mavlono!
 -Ilmiy jurnal tahririyatida ishlar qalay, mavlono?
 Savolga qaramaysizmi! «Ilmiy jurnal tahririyatida ishlar qalay?» El qatori «ishlaringiz yaxshimi?” yoki “tuzukmisiz?” desang, telingga chechak chiqadimi deydigan mard yo‘q. Illo, bu rasmiyatchilik ham iddaodan holi emas - mening chakana odam emasligimga ishora. «Bu xushsurat yigit, yoshgina bo‘lishiga qaramay, falon ilmiy jurnalda mas’ul lavozimda ishlaydi. O‘zimizning ukamiz. Ishga o‘zimiz joylab qo‘yganmiz».
 Biror nufuzliroq, ko‘zga ko‘ringanroq, ayniqsa, mansabi balandroq odam haqiqda gap ochilsa, albatta Hoshim Nasimovning tanishi, albatta uni Hoshim Nasimov ishga joylagan bo‘lib chiqadi:
 «Falonchimi? E, o‘zimizning ukamiz-ku. Kecha oqshom uyimizga yana «bir vagon» sovg‘a-salom ko‘tarib kep qoldi, deng. Juda-juda noqulay holga tushdim. Mu’tabar joyda ishlasa. Mana men degan odamlar bir martagina salom-alik qilishni umri bo‘yi orzu qilsayu, u kishi shaxsan o‘zlari bizni uyimizga dam-badam yo‘qlab kelsa. «Bu nimasi?» dedim. Har gal shunday oshib-toshib kelaversangiz, ko‘rganlar nima deydi? Aka-ukaligimiz, ustoz-shogirdligimiz qaerda qoladi?» Koshki, ta’nayu dashnomlarim kor qilsa. Kuladi. Lekin aslo bilganidan qolmaydi».
 Suhbat-tomoshaning bekatdagi avomga atalgan sahnasi tugab, bosh muharririmiz Vahob akaga bag‘ishlangan asosiy qismi boshlanadi.
 -Ilmiy jurnal tahririyatida ishlar yaxshi, - dedim men hushlamaygina va bilagimdagi soatimga ko‘z qirimni tashlab qo‘ydim. Yetti bo‘lay, deb qolgan edi. “Ustozi kalon”dan qutilib, imillagan avtobusda uyga yetgunimcha yarim tun bo‘ladi.
 -Vahobjon qalay, mavlono?
 -Yaxshi.
 Javobimga Hoshim Nasimov parvo qilmadi. Bu ko‘chat haqidagi siyqa, lekin Hoshim Nasimov uchun g‘oyat totli afsonaning shunchaki debochasi ekanligini yaxshi bilaman. Uning jag‘i ochiladi. Endi yopilishi qiyin:
 -Vahobjon - o‘zimizning ukamiz, - dedi u. - Jurnalning bosh muharrirligiga ham shogirlarimga aytib, o‘zim qo‘ydirgan edim. Bilasiz-ku, obro‘yi baland ukalarim, shogirdlarim ko‘p. Birortasiyam gapimni ikki qilmaydi. Dam olish kunlari hovlimiz bozor bo‘p ketadi, deng. Hammasi ketma-ket yo‘qlab kelaveradi. «Ovora bo‘lmanglar!» desam, qo‘l siltashadi: «Ovorasi bormi, ustoz. Undan ko‘ra, falon masalada maslahat bering!» Vahob akangiz ham bir kuni maslahat so‘rab kep qoldi. Yangi qurgan hovlisiga daraxt ekmoqchi ekan. «Mana, oling, ukam», dedim-da, yigirmata ko‘chat berib yubordim. Orasida sakuradan nastaringacha, magnoliyadan marvaridgulgacha bor. «Hovlim botanika bog‘i bo‘lib ketdi, ustoz”, deydi shundan beri har ko‘rganida. Qazdorman! Mevasiga nevaralaringizning tishi tegib qoldi».
 Hoshim Nasimov bosh muharririmizga bergan ko‘chatlar bankka qo‘yilgan omonatday yildan yilga ko‘payib boraveradi. Besh yil avval «Vahob akangizga beshta ko‘chat berganman», deb maqtanardi. So‘ng ularning soni o‘ntaga yetdi. Endi ayon bo‘liki, yigirmata ekan. Buning ustiga meva ham bera boshlabdi.
 Hoshim Nasimov bu gaplarni faqat menga emas, Vahob akani taniydigan inson borki hammasiga har ko‘rganida aytadi.
 Bir kuni bosh muharririmizga nolindim:
 «Ko‘chat olaman desangiz boshqa odam qurib ketganmidi, aka? Kelib-kelib shu odamdan so‘raysizmi? Bozorda ming xili tiqilib yotibdi-ku!..»
 «Ko‘chatlariga balo dorisin, shu kalning! - dedi Vahob aka. - Undan ko‘chat-po‘chat so‘raganim yo‘g‘-a! Hovli qurayotganimni eshitib, o‘zi olib borgan ekan. Bir qo‘li bilan chumoli bosgan uchta shaftoli ko‘chatini berib, ikkinchisi bilan jurnalda chiqarish uchun xashaki maqolasini uzatgan. O‘lay agar, birortasini ekkan bo‘lsam. Ko‘chat olmay men o‘lay, maqtanmay Hoshim kal o‘lsin! Bo‘ldi, jonimga tegdi! Endi ko‘rsam, o‘sha xumday kallasini uzaman, enag‘arning! O‘n yildan beri ko‘chada birovga salom bersam, «Hoshim domla sizga bir moshin ko‘chat bergan ekan. Hosilga kirib qoldimi?» deb so‘raydi. Bermay o‘lsin!..»
 -Vahob akamiz ham juda qiziq, parvoyi palak odam-da, domla,- dedim go‘yo kuyinganday. - Hovlisidagi daraxtlarning hammasini kesib tashlabdi.
 -Ib-e! Nega? - Hoshim Nasimovning ko‘zoynagi botayotgan qo‘yosh nurlarida yaltirab ketdi.- Nima bo‘pti, mavlono?
 -Hammasiga qurt tushib ketgan ekan.- Bichib-to‘qishni davom ettirdim. -Qaramagan-da!
 -Ob-bo! - U pastki labini tishlab, afsus bilan boshini chayqadi. -Akangiz hozir Toshkentdami, ishqilib?
 -Yo‘q, - dedim yana qarshimdagi «bog‘bon»ning tahririyatga yo bosh muharririmizning uyiga borib qolishidan cho‘chib. -Kecha Yaponiyaga, xalqaro simpoziumga ketdi, chog‘i.
 Hoshim Nasimov nimagadir quvonib ketdi:
 -Mayli, qo‘yavering, mavlono,- dedi u.- Ertaga Vahob akangizning uyiga o‘zim yana yigirmata ko‘chat jo‘natib yuboraman. Eng zo‘rlaridan! Daraxtlarga sepadigan dorisi bilan birga. Shunda hovlisiyu bog‘iga umuman qurt dorimaydi!..

 “Oila davrasida” gazetasi, 2014 yil 22 may.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.