OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Savob (esse)

Bekatda to‘xtagan avtobusdan bir odam tushdi. Kitob shahar bozori tomon oqib kelayotgan olomon orasida bir zum to‘xtab, yon-veriga razm solgach, qarshisidagi kamko‘rimgina bino – bank tomon yurdi.

Unga hech kim e’tibor bermadi. Sirasini aytganda, uning diqqatni o‘ziga tortadigan siyog‘i ham yo‘q edi. Mabodo biror o‘tkinchi razm solib qarasa, uni uzoq qishloqdan tomoshaga kelgan cho‘pon, nari borsa, turmush tashvishlari bilan yurgan qishloq muallimi bo‘lsa kerak, deb o‘ylashi mumkin edi. Qarshisidagi odamning, garchi u ziyolinamo kiyinishga uringan bo‘lsa-da, tashqi ko‘rinishi buni aytib turardi. Sochi taqir qirilgan, boshiga do‘ppi, havo dim bo‘lishiga qaramay odmi, qalin qora kostyumining ichidan suv rang ko‘ylak kiyib, bo‘yniga allaqachon urfdan qolib ketgan yo‘g‘on galstuk taqib olgan. Qo‘lida sun’iy charmdan tikilgan arzon sumka. Xiyla bo‘rtib chiqqan yanoqlari, oftobda qoraygan yuzini ko‘rib, kuzatuvchining ishonchi yanada ortadi: kengashmi yoki qandaydir majlismi bahonasida shaharga tushgan «mehnat ilg‘orlari»dan. Qappayib turgan sumkasini esa shahar magazinlarida necha yillardan beri sotilmay yotgan arzon buyumlar bilan to‘ldirgan – bola-chaqaga sovg‘a...

Ammo kuzatuvchi har qancha sinchkov bo‘lmasin, bunday xayollarga borsa, qattiq yanglishgan bo‘lardi. Bank sari yo‘l olgan kishi ko‘rinishidan uzoq qishloqdan kelayottan odmi odamga o‘xshasa-da, aslida Toshkent dorilfununining tajribali tarixchi olimi edi. U faqat O‘zbekistonda emas, balki Osiyo mintaqasidagi yirik xorijiy mamlakatlarda uzoq yillar ishlab, ko‘zi pishgan jahongashta, besh-olti kalomda bemalol tillasha oladigan tilmoch. Buning ustiga, kuzatuvchimiz shu tobda uning qo‘lidagi o‘sha arzon sumkani ochib ko‘rsa edi!..

U bankka kirdi. Qalin oyna ortida zerikib o‘tirgan xodimalar sergaklandilar.

– Opajon, – dedi kelguvchi ulardan biriga, – picha pul topshirmoqchi edim.

– Kancha? – dedi xodima hafsalasizgina.

– Yigirma ming.

– Qancha?

– Yigirma ming.

– Hozir hammasi yoningizdami?

– Yonimda, – u sumkasiga ishora qildi.

– Kamomadingiz bormidi? – dedi ayol unga zarur qog‘ozlarni uzatarkan.

– Shunday desak ham bo‘laveradi.

«Kamomadchi» pullarni peshtaxta ustiga qo‘ydi. Hujjatlarni to‘ldirib, imzo chekdi. Ayol avval pulni sanadi, so‘ng hujjatlarni yana bir bor sinchiklab o‘qib chiqdi:

– «Maktab qurilishi uchun», deb yozibsizmi?

– Ha.

– Buncha pulni qaerdan oldingiz... topdingiz?

Bu savolni keyinchalik u turli idoralarda, turli odamlardan yuz martalab, ming martalab eshitadi. Ammo har safar bir xil javob qaytaraveradi:

– Ishlab topdim.

Ayol yoyilib kuldi.

– Vot, chudak! – dedi mijozining gapiga ishonqiramay. – O‘n besh yildan beri bankda ishlayman. Bunaqasini birinchi ko‘rishim.

Kitob tumanidagi O‘rtachil qishlog‘ida maktab qurdirish niyatida davlat bankiga shaxsiy jamg‘armasidan yigirma ming so‘m to‘lab chiqqan Muxtor Shopsanovning biroz yayov yurgisi, xayollar surgisi keldi.

«Pul uzog‘i bilan erta-indin xo‘jalik hisobiga borib tushadi, – deb o‘yladi u. – Xo‘jalik rahbarlari shoshib qolishadi: «Domla savob ish boshlagan ekanlar, biz tezroq oxiriga yetkazaylik!» deyishadi. Va’da berishgan axir. Qarabsizki, kelgusi yil sentyabrida bolalar o‘qishni yangi maktabda boshlashadi. Eh-he!..»

U shu tobda ekkan niholi tezroq bo‘y cho‘zib, hosilga kirishini ko‘rishga oshiqayotgan bog‘bonga o‘xshardi. Ammo borliqni kech kuz o‘z tasarrufiga olganligini, hosilpishar kunlargacha ancha sinov damlari – qahraton qish, sertashvish bahor va jazirama saraton borligini his qilmasdi.

Muxtor Shopsanov haqida matbuotda ko‘p yozishdi. Yana yozishadi. Mening maqsadim odamlarga Shopsanovning ezgu ishini yana bir bor eslatish yoki uni madh etish emas.

Ezgulik qanday tug‘iladi? Nega birov umrini minglab, millionlab pulni o‘g‘irlashga, Shopsanovga o‘xshatganlar esa hayotini ezgu ishlarga sarflab o‘tkazadi? Kimdir nima qilib bo‘lsa-da, boylik orttiraman deb, orttirgach, xalqning ko‘zidan yashiraman, deb ovora bo‘ladi, qamoqxonalarga tushadi-yu, boshqa birov esa Shopsanovdek, topganini eli bilan baham ko‘rishga shoshiladi? Boz ustiga, bu yo‘lda iztiroblar chekadi?

Meni qo‘lga qalam olishga ana shu savollar undadi! Zamondoshimiz Muxtor Shopsanovning hayoti bu urinishga bir ibratli misol bo‘ldi, xolos.

Toshkentga qaytgan Shopsanov haftalarni kutish bilan o‘tkazdi. O‘rtachildan qarindosh-urug‘lari, tanish-bilishlari mehmonga kelib ketishdi. Ammo u ilhaq kutgan mujda kelmadi. Avval oy, so‘ng Shopsanovning sabri qaridi. «Kel, – dedi o‘zicha, – o‘zim borib xabar olay-chi».

Mana, qishlog‘i. O‘n to‘rt yoshli o‘spirinligida ko‘zida yosh, qo‘li musht bo‘lib chiqib ketgan qishlog‘i. Huv, Hisor tog‘laridan qarasangiz, qishloqqa ham o‘xshamaydi. Go‘yo kimdir cho‘qqidan turib pastga guvaladan yasalgan o‘yinchoq uychalarni sochib yuborgan. Hovlilar, uylar, qo‘ralar o‘ru qirga betartib sochilib ketgan.

Muxtor Shopsanov hozirda dorilfunun olimi, o‘shanda «o‘n to‘rt yoshli mishiqi», har gal bu go‘shaga qadam qo‘yganida, quloqlari ostida bir shang‘i ovoz eshitilgandek bo‘ladi:

– Hu-uv Muxtorcha! O‘libgina ketasan sen bola. Samarqandda enang kutib o‘tirgani yo‘q seni. O‘lsang murdangga ega chiqmay qoladi... U-uv!..

Ikki yoshida otasidan yetim qolib, suyagidan avval qo‘lining eti qotgan bola Samarqand safarini orzu ham qilolmasdi. Nainki u, to‘qroq, qarovchisidan ajralmagan oilalarning farzandlari uchun ham bu chiqib bo‘lmas cho‘qqi edi. U o‘sha kunlardagi baxtsiz, bugungi nuqtai nazardan qaralsa, saodatli tasodif tufayli bu mashaqqatli yo‘lga kirmoqqa majbur bo‘ldi.

Yetimning maslahatchisi ko‘p bo‘ladi, deydilar. Bir qarindoshi uning «boshini siladi» – mollarini boqtirdi. Kuni kecha tugagan urushda odamlar bor-budidan to yor-birodarlarigacha ayrilgan bo‘lsa, qarindosh qishloqqa rahbar bo‘lib qolib, hamma narsasini, hatto xotinlarini ham ko‘paytirib olgan edi.

Bir kuni yosh cho‘pon kitob o‘qib o‘tirib, yaylovda o‘tlab yurgan qo‘ylarni unutdi. Qarasa, jonivorlar bedazorga kirib ko‘k maysadan to‘yib olibdi. Qorinlari tarvaqaylab ketgan – o‘lar holda. Jahl otiga mingan qarindosh uni avval qo‘li bilan, so‘ng so‘zi bilan urdi. Qo‘li bilan urgan joyining og‘rig‘i bosildi – unutdi. Lekin so‘zini unutolmadi – tuzalmas yara bo‘lib qoldi.

– Kitob o‘qib, olim bo‘lganing bormi, go‘rso‘xta! – dedi qarindosh. – Yetti pushting savodsiz cho‘pon bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, senam nari borsang, cho‘pon bo‘lasan-da!..

Qarindoshning gaplaridan bolaning yuraklari avval olov bo‘lib yondi, so‘ng bu alanga sovuq toshga aylanib, ko‘zlaridan yosh bo‘lib to‘kildi.

«O‘lmasam, oldingdan salom berib o‘taman, – dedi. Tilida emas, dilida. – O‘lmasam bo‘ldi, qolgan hammasiga chidayman!»

U qaysar edi. Bu odatini bir umr tashlay olmadi. Qaysarligining, cho‘rtkesaru shartakiligining dastidan keyinchalik boshiga yana qanchadan-qancha balolar orttirdi. Lekin bugun o‘ylab qaralsa, xuddi shu odatlari uchun u yurtga Muxtor Shopsanov bo‘lib tanildi.

Qishloqdagi yakkayu yagona qayrag‘och soyasi bolalarning yig‘in joyi edi. Ta’na-dashnomlardan «to‘yingan». Muxtor o‘sha yoqqa yurdi. Oshiq o‘ynab o‘tirgan jo‘ralariga uchradi.

– O‘qishga ketyapman, – dedi.

Ular kechagina qo‘shni qishloqdagi internat-maktabning yettinchi sinfini tugatishgan, endi nima qilarini bilmay, boshi qotib yurgandi. Muxtorning shahdi bolalarni hayratga soldi. O‘rtachildan hali hech kim uzoq shaharlarga bormagan. Borsada, o‘qimagan. Taqchillik har qadamda o‘zini sezdirib, kunlari arang o‘tib turgan bolalar uchun buni o‘ylashning o‘zi aql bovar qilmaydigan ishdek tuyulardi.

Yetti o‘smirning ikkitasigina Muxtorning yoniga qo‘shildi. Ertasi kuni ular yo‘lovchi mashinaga o‘tirib, Samarqand sari yuz tutdilar. Ortidan onasi jo‘jabirdek farzandlari bilan ham quvonib, ham kuyinib qoldi. Akasi yagona boyligi – boshidagi rangi o‘chib ketgan qalpog‘ini ukasiga berdi. Oiladagi sakkiz jonni yedirish-kiyintirish azobi yolg‘iz o‘ziga qolayotgandi. U xo‘rligi kelib, gapirolmadi.

Mana endi o‘sha qiziqqon, shiddatkor, qaysar o‘spirin, bugun sochlariga qirov qo‘ngan Muxtor Shopsanov, ona qishlog‘iga masrur xayollar bilan kelmoqda edi. U shu tobda o‘zini yana kamsitish, haqorat va masxaralash kutayotganligini, endi aqlini tanib, yurar yo‘lini bilganidan so‘ng ham o‘sha o‘spirinligidagi kabi idorama-idora necha yillar sarg‘ayib, hatto alamdan ko‘z yoshlar to‘kib, adolat izlab yurajakligini bilmasdi.

«Qaydasan, Samarqand?» deb yo‘lga tushgan uch sayyohning birortasi ham qaysi o‘quv yurtiga hujjat topshiradi, necha yil o‘qiydi - bilmasdi.

Shofyor uch jahongashtadan tezroq qutilish niyatida rulni pedtexnikum tomonga burdi. Muxtorni imtihonsiz qabul qilishdi – maktabni imtiyozli shahodatnoma bilan tugatgan edi. 1953 yilning 1 sentyabrida bilsaki, u texnikumning jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini tayyorlovchi bo‘limiga qabul qilinibdi.

(Yaqinda Muxtor Shopsanovning uyiga borib, uni qiziq mashg‘ulot ustida uchratdim. Qo‘liga qalin qora qo‘lqop kiyib olgan Shopsanov jiqqa terga botgancha... boks tushardi. Ayvoni peshtoqiga osilgan qumli qopni ayovsiz «savalardi». “Pedtexnikumda qolgan odat», – dedi u chayir qo‘llarini menga salomlashish uchun uzatarkan.)

Unga yotoqxonadan joy berib, talabalik nafaqasi belgilashdi. Ammo tez orada to‘rvasidagi onasi tugib bergan talqoni, cho‘ntagidagi chaqalari tugadi. Yegani noni, kiygani durustroq kiyimi, maslahat bergani yaqin kishisi bo‘lmagan yetimcha endi o‘qishdan ham ko‘ra och qolmaslik g‘amini yeyishga majbur bo‘ldi. Biror ish (qorovullik, farroshlik, bog‘bonlik) topish ilinjida, o‘zini turli ko‘chalarga urib ko‘rdi. Jikkakkina, «qulog‘idan kun ko‘rinib turgan» bolaga, hammollikni ham ep ko‘rishmadi. Shunday ayanchli kunlarning birida uni «ko‘cha bolalari» yo‘ldan urdilar. Uzoq qishloqdan shaharga o‘qish niyatida kelgan o‘spirin ularga qo‘shilib bozor kezishni odat qildi.

Bugun dorilfunun dotsenti, to‘rt farzandning otasi Muxtor Shopsanov boshidan o‘tgan o‘sha «qora kunlar»ni eslagisi kelmaydi. Bu tabiiy. Hammamiz ham shirin xotiralar bilan yashaymiz. Ammo o‘tgan nobop kunlarni umr daftaridan o‘chirib bo‘larmidi. Inson o‘z yutuqlaridan ko‘ra, xatolaridan ko‘proq saboq olib yashaydi.

Maktab bahonasida Muxtor Shopsanov haqida yozmoqqa kirishgan ekanmiz, uning boshidan o‘tgan o‘sha eslash noqulay bo‘lgan kunlarni ham unutmasligimiz kerak. Negaki, inson fe’l-atvorining shakllanishida ana shunday kechmishlarning hissasi-da kattadir. Qolaversa, bizga uning maktab qurilishi uchun bergan falon ming so‘midan ko‘ra, jamiyatimizda firibgarlik, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik kabi illatlar ayni avjiga chiqqan bir paytda, ezgu ishga qo‘l urgani muhimroq. Chunki inson hech qachon bir kunda o‘g‘ri yoxud ezgu niyatli bo‘lib qolmaydi. Inson tabiatida ularning har ikknsi uchun zamin bor. Bu zaminda ulardan qay biri ertaroq va tezroq tomir otadi – muhitga, tarbiyaga bog‘liq.

Muxtor Shopsanovning bozordagi «faoliyati» boshlanishga ulgurmay tugadi. Navbatdagi cho‘ntakka qo‘l yuborganida, kimdir bilagidan mahkam tutdi. Ushlagan - boshiga shlyapa qo‘ndirgai, qora galstuk taqqan, salobatli kishi ekan. Bola butun kuchini yig‘ib silkindi – qochmoqchi bo‘ldi. Ammo ta’qibchining panjalari orasidan nozik bilagini sug‘urib ololmadi. U o‘ziga ketma-ket shapaloq, musht, tepki tushishini kutdi. Odatda, o‘g‘ri qo‘lga tushsa, shunday bo‘lardi. Ushlagan kishi: «Kissavurni ur!» deb hayqirsa, bas, alamzada olomon so‘rab-surishtirib o‘tirmaydi, urkaltak-surkaltak bilan tutqunni mayib qilib tashlashi qadim shaharning ko‘hna bozori uchun tabiiy hol. Kamdan-kam hollardagina ishga militsiya aralashadi – ulgurmaydi.

Muxtor sog‘-omon qutilishdan umidini uzdi. U endi kaltak yeyishga ham rozi – faqat militsiyaga tushmasam bo‘ldi, degan ilinj bilan qaltirab turardi. Militsiya aralashsa, texnikumdan haydashadi, qamashadi – hammasidan mosuvo bo‘ladi. Olomon o‘rtasida qolsa, ko‘kargan, shishgan, singan joyini bir amallab tuzatib olishi mumkin.

Ammo bilagidan tutgan kishi, u kutgandek, hayqirib boshiga odam yig‘madi. So‘kinmadi. O‘smirning murg‘ak taniga paydar-pay musht tushirishga ham shoshilmadi. Qadrdon jiyanini uchratib qolgan tog‘adek, unga ham achinish, ham mehribonlik bilan tikilib turaverdi.

 – Ha, uka? Bu yerlarda nima qilib yuribsan? – dedi.

Bu so‘rov ohangida po‘pisadan ham ko‘ra, hayrat, hazil va mehr ko‘p edi. O‘smir qo‘rqqanidan emas, ana shu mehribon muomaladan to‘lqinlanib ketdi–yig‘lab yubordi.

«Tog‘a» uni chetga boshladi. Muxtor o‘zicha, men tanimaydigan qarindoshimiz bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Ammo bu taxmini ham xato ekan.

Bozor darvozasi oldidagi daraxt yonida to‘xtadilar. «Tog‘a» uning bilagini bo‘shatib, yoniga o‘tqazdi. Batafsil so‘rab-surishtirishga tushdi.

– Shaharlikka o‘xshamaysan. Qaerdan kelding? Kimning bolasisan? Muxtor hammasini bir boshdan gapirib berdi. Hamsuhbati yana uning bilagidan tutdi.

– Men seni bir uyga olib boraman. Hammasi bo‘ladi – ovqat ham, kiyim ham, yotishga joy ham, xohlasang – ish ham. Faqat bir shartim bor – bu «kasbing»ni tashlaysan.

Muxtor rozi bo‘ldi. O‘sha kuni u o‘zi cho‘ntagini «kesmoqchi» bo‘lgan kishi – Orif Ikromov boshlab borgan xonadonga ko‘chib o‘tdi. Texnikumni tugatgunicha bu ahil, mehribon tojik oilasi boshlig‘i – O.Ikromovning qadrdon do‘sti Rafiq Oripov unga otasidek bo‘lib qoldi.

Insonni yomon yo‘ldan shafqatsizlik, jazo emas, mehr-oqibat, ishonch qutqaradi. Muxtor Shopsanov Samarqand bozorida mehr-oqibatli, oqil inson - Orif Ikromovning emas, johil bir odamning qo‘liga tushganida, balki qolgan umri qiroatxonalarda emas, qamoqxonalarda o‘tgan, hayotining gullagan kezlari ezgu ishlardan ko‘ra, o‘g‘riliklarga sarflangan bo‘lardi. Xuddi shu inson uni, tinib-tinchimagan, yerga ursang, osmonga sapchiydigan o‘spirinni, yana va yana o‘qishga undadi. Dorilfununni tugatgach, ilmiy ish bilan shug‘ullanishiga sababchi bo‘ldi.

Bugun Muxtor aka nimagaki erishgan bo‘lsa, o‘sha baxtli tasodifni, adabiyotshunos olim Orif Ikromovni sababchi deb biladi. Uning nomini otasidek e’zozlab tilga oladi...

Shopsanovni jonajon qishlog‘ida shubha bilan qarshiladilar:

– Nima bo‘ldi, domla, birdaniga buncha pulning bahridan kechibsiz?

 To‘g‘ri yozganlaridek, ezgu maqsad yo‘lida besh so‘m in’om etsang, rahmat aytishadi. Yuz so‘m bersang, faxriy yorliqqa munosib ko‘rishadi. Hadya ming so‘mdan oshsa, shubhalana boshlaydilar: «Sizga nima bo‘ldi?» Bu aqldan ozdingizmi degani.

Shubhalanishlar keyinchalik boshqa idora va tashkilotlarda ham bot-bot takrorlandi. Lekin hech kimning amaliy yordamdan gap ochgisi kelmasdi.

– Yigirma ming kam-da, domla, – deyishdi oxiri kolxoz rahbarlari. –

Maktab loyihasi-yu sarhisobini tayyorlashga ketib qoladi uning yarmi...

Muxtor Shopsanov yana yigirma mingning «bahridan kechdi».

 Haftalar, oylar, yil o‘tdi. O‘rtachildan «qurilish boshlandi, tezda yetib keling», degan mujda kelmadi. Puldan ham, qurilishdan ham darak yo‘q edi...

Yana Kitobga jo‘nadi. Shopsanovni akasi xafa kutib oldi.

– Kolxoz rahbarlari ustingdan kulib yurishibdi. «Pul topib aql topmagan ahmoq ekan, ukangiz», deb yuzimga aytishdi. Hamma seni aqldan ozganga chiqarib qo‘ygan.

Shopsanov idoraga bordi. Hurmatini joyiga qo‘yib kutib oldilar.

– Oldingizda juda xijolatdamiz, – deyishdi. – Bu yil maktab qurilishini planga kiritolmay qoldik. Kelgusi yili albatta...

Yana ikki yil o‘tdi. Va’dalar suvga tashlangan toshdek, izsiz yo‘qolaverdi.

Shopsanov shubhalana boshladi. Pulini so‘rab-surishtirishga kirishdi va... Toshkent shahar prokuraturasining nazariga tushdi – tergovchilar uning uyiga tanda qo‘ydilar. Ketma-ket taftishlar, so‘roqlar boshlandi: «Buncha pulni qaerdan olgansiz? Yana qancha mablag‘ingiz bor?..»

Militsiyaning “hushyor xodimlari” minglarni, millionlarni imi-jimida qo‘shib yozayotganlarni, o‘g‘irlayotganlarni, pora olayotganlarni emas, topganini xalqi bilan baham ko‘rmoqchi bo‘lgan insonni taftish qilardilar. Shopsanov keyingi gal kolxozga borganida, unga ana shunday ochiq savdodan gap ochdilar. Odatda o‘g‘ri, qirq ming so‘mni o‘marib ketsa, hech qachon oldingga kelib: «Pulingni men olgandim, bilganingni qil!» demaydi. Muxtor Shopsanovga esa kolxoz rahbarlari ochig‘ini aytishdi.

– Pulingizga paxta sotib oldik, kolxoz planni to‘ldirolmay qolgandi...

 U davlat bankiga o‘z qo‘li bilan sanab topshirgan pulidan ham mahrum bo‘ldi. Xo‘jalik planlarini ortig‘i bilan bajarsa-da, nafaqat Shopsanovdan, davlatdan ham bo‘g‘zigacha qarzga botgan – hamyonida sariq chaqasi yo‘q edi.

Bunday munosabatlardan so‘ng siz nima qilardingiz, bilmadim, Muxtor Shopsanov qattiq dardga chalindi. Chunki jamiyatimizning o‘zi xasta edi. Ezgu ishga yo‘l yo‘q yurtda jamiyat sog‘lom rivojlanarmidi!

U jumhuriyatning eng yuqori idorasiga murojaat etishga majbur bo‘ldi. Nachora, odat shunaqa – er-xotin ajralishmoqchi bo‘lsa ham, sudga emas, «yuqori»ga qarab yuguradi... Markazko‘m sarkotibi uni huzuriga chaqirtirdi. Suhbatlashdi va Qashqadaryoga qarab ko‘rsatma yo‘lladi: «Tezda!..»

Ishlar yurishib ketgandek bo‘ldi. Munosabatlar o‘zgardi. Ilgari unga aqlida qusuri bor odamga qaragandek muomala qilgan odamlar serharakat bo‘lib qoldilar. «Yo‘qolgan» pul topilib, egasining qo‘liga tutqazildi. Bu orada xo‘jalik rahbarlari ko‘zbo‘yamachiliklari uchun hibsga olindi.

Ezgu niyat bilan savob ishga qo‘l urgan insonning ra’yi qaytdi. Axir u o‘z pullariga ba’zilardek kamyob mashinani navbatsiz sotib olish uchun kimgadir pora bermagan, «serdaromadroq» lavozimni egallash rejasini tuzmagan edi. Shaharning qoq markazidan sanoqli kishilargagina nasib etadigan g‘ishtli uylardan kvartira olishni ham o‘ylamagan edi. Pullarini tilla buyumlarga almashtirib, yaxshi-yomon kunlarimda asqotib qolar, deb, yerga ko‘mib qo‘yishni-da niyat qilmagan edi. Harakat qilsam, bu pullarim evaziga fan doktori, professor bo‘lib olaman, degan xayollarga bormagan edi!..

Ishonchim komilki, Shopsanov o‘z manfaati yo‘lida shunday niyatlar qilganida, ularga osongina erishar, ayrimlarning ko‘ziga yomon ko‘rinib yurmasdi. Ortiqcha aziyat chekib, xastaliklarga chalinmasdi. Aksincha, «o‘z davrining odamlaridek» oshig‘i olcha bo‘lib yashayverardi.

Ammo moziyshunos Shopsanov, o‘n to‘rt yoshida beg‘ubor orzular bilan qishlog‘idan etak qoqib chiqib ketgan Muxtor Shopsanov, bunday qilmadi.

U notabiiy, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydigan yo‘lni tanladi – o‘z pulini o‘zgalar manfaati yo‘lida sarflamoqchi bo‘ldi. Ammo jamiyatdagi mavjud aqidalar buni tan olmadi. Fuqarolar saxovatli bo‘lmog‘i uchun jamiyat ham saxovatpesha bo‘lishi kerak. Shopsanovning noqonuniy emas, ezgu orzulari hayotimizda paydo bo‘lgan metin devorlarga urilib, chilparchin bo‘ldi. Uning ezgu ishini amalda qo‘llab-quvvatlovchi topilmadi. Keyinchalik jarqo‘rg‘onlik bir muallim unga alam bilan shunday deb yozgan edi: «Halol ishlab topgan pulingizni noo‘rin sarflagansiz, Muxtor aka. Sizni vaqtida qo‘llab-quvvatlamagan, ezilib-qiynalib yurganingizda tomoshabin bo‘lib turgan odamlarning bolalari uchun maktab qurishingiz shartmidi?! Bundan ko‘ra, o‘sha pullaringizni bolalar uyigami, Hindiston yoki Afg‘onistondagi och-yalang‘ochlargami yuborsangiz, yaxshi bo‘lardi!..» Shunday qilib, Shopsanov ming azobda qaytarib olgan pullarini endi ro‘zg‘orining kam-ko‘stini tuzatishga (etishmovchilik qaysi oilada yo‘q deysiz) sarflayversa, hech kim, xech qachon undan bu ishi uchun o‘pkalay olmasdi. Lekin tinib-tinchimagan Shopsanov ozgina imkoniyatdan foydalanmoqchi bo‘ldi va pullarini tag‘in ...bankka olib borib topshirdi.

Ovoragarchiliklar qaytadan boshlandi. Kecha uni yolg‘on-yashiq gaplar bilan aldagan rahbarlarning ko‘pchiligi lavozimlaridan olingan bo‘lsalar-da, idoralardagi eskicha ish uslubi, eskicha munosabatlar saqlanib qolgan edi. Qog‘oz bilan tinchgina ish bitirib o‘rgangan kursisevar rahbarga oldidan kapalak uchib o‘tsa yoqmaydi. Ostonada Muxtor Shopsanovday kuydi-pishdi odam paydo bo‘lsa-ku, tag‘in ham. Vaj-korson o‘zgardi: «Maktab loyihasi yo‘q. Ketadigan sarf-xarajat aniq hisob-kitob qilinmagan. Binokorlik materiallarini qaerdan olamiz?..»

– Tushunmaysiz-da, akajon, tushunmaysiz, – deyishardi unga, – qo‘l-oyoqlarimiz qanchadan-qancha yo‘riqnoma-yu ko‘rsatmalar bilan bog‘lab tashlanganini!..

 Shopsanov ikkinchi marta xor-zor bo‘lib yurishidan natija chiqmasligini angladi va yana markazni, shaxsan «birinchi»ni bezovta qilishga majbur bo‘ldi. Qashqadaryo sari uchgan ko‘rsatma bu gal tag‘in-da keskinroq, talabchanroq ohangda jarangladi: «Qachongacha sudraysizlar? Tezroq!..»

Bu gap rahbarlarga tok urgandek ta’sir qildi. Barcha ko‘rsatmayu instruktsiyalarni unutgandek bo‘ldilar. Qariyb, o‘n yildan buyon sudrab kelingan muammo – loyiha, hisob-kitob bir kechada (ha, bir kechada!) tayyor bo‘ldi. Binokorlar ertasi kuni ishga kirishdilar. Qurilish materiallari ham topila qoldi.

Ishlar yurishib ketdi. Maktab go‘yo tuman miqyosidagi qurilish ob’ektiga aylandi. Lekin unga har qancha e’tibor bermasinlar, tezkorligi jihatidan tumanda sal ilgari ishga tushirilgan boshqa bir «muhim» ob’ektga yetolmasdi. Shopsanov maktab qurilishini planga kiritolmay, idorama-idora sarg‘ayib yurganida ishga tushgandi o‘sha «ob’ekt».

Ob’ekt kitobdan chiqqan bir rahbarning nomi bilan bog‘liq edi. Yaqin qarindoshi «yolg‘onchi dunyo»ni tashlab ketganida, rahbarning oyog‘i hali uzangida, nafasidan o‘t chaqnab turgan kezlar edi. Shuning uchun butun Qashqadaryo viloyati oyoqqa turdi. Yurtning turli burchaklaridan hamdardlik bildiruvchilar oqib kela boshladi. Kitob shahrining ko‘chalari rango-rang avtomobillarga torlik qilib qoldi. Ana shunday hayajonli damlarda ma’lum bo‘ldiki, marhumning so‘nggi makoni – qabristonga boradigan yo‘l ko‘pchilik qishloqlarimizdagi kabi xarob. Tuman rahbarlari uyqudan voz kechdilar: «Butun kuch – yo‘l qurilishiga!» degan chaqiriq yangradi. Umrida shag‘al ko‘rmagan yo‘llar asfaltlandi, bu qulaylik uchun qanchadan-qancha odamlar marhumdan minnatdor bo‘ldilar.

Ammo bu muammo hal bo‘lmay turib, yangisi chiqdi: yo‘l Dam kanali ustidan o‘tadi - ko‘prik esa yo‘q.

Quruvchilar shomdan tonggacha tinim bilmay ishladilar. Ko‘prik ham bir kechada yoki qarorlarda yozilganidek, «muddatidan oldin foydalanishga topshirildi”.

Motam marosimida va keyinchalik har xil gaplar bo‘ldi. Lekin tuman rahbarlari ham, boshqalar ham Shopsanov o‘n yil mobaynida eshitaverib sochlari oqargan savollarni bermadilar: «Yo‘l va ko‘prik qurilishi qachon planga kiritilgan edi? Loyihasi qachon tayyor bo‘lganu mablag‘ini kim bergan? Qurilish materiallari qaerdan olingan?..»

Nega?

Chunki jamiyatimizda ezgu ishdan ko‘ra, egri ish tez bitadigan, ko‘proq obro‘ olib keladigan bo‘lib qolgan edi. Erk va adolat o‘rniga mustabidlik hukmronlik qilgan yurtda yana nima bo‘lsin.

Nihoyat, maktab ishga tushdi. Unga Indira Gandi nomini berdilar. Avvaliga bu ezgu ishdan xabar topgan muxbirlar, so‘ng turli xat-xabarlar, posilkalar, mehmonlar butun O‘rtachilga oqib kela boshladi. Ilgari nomini ko‘pchilik kitobliklar ham bilmaydigan bu qishloq shu bahonada uzoq-uzoq sarhadlarda tilga tushdi. Hatto shaharlik o‘quvchilar uchrashishni orzu qiladigan mashhur fazogir maktabni ko‘rgani keldi. Uning bog‘iga yaxshi niyat bilan nihol o‘tqazdi. O‘quvchilar bilan suhbat qurdi. «Orangizdan fazo ilmining ustalari chiqsin!» – deb yorug‘ tilak ham bildirdi. Bundan nafaqat bolalar, ularning ustozlari, ota-onalari ham hayajonga tushdilar. Toshkentlik haykaltarosh Indira Gandi byustini yasab, maktabga sovg‘a qildi. Ilg‘or talabalar guruhi o‘zining yozgi ta’tilini maktabga ustaxona qurib berishga bag‘ishladi. Toshkent dorilfununi olimlari bir talay kitob-daftar, asbob-uskunalar yubordilar. Tallin, Sevastopol, Odessa, Astraxan, Farg‘ona, Andijon va yana ko‘plab boshqa shaharlarda yashovchi bolalar, ularning ota-onalari, hatto pensionerlargacha yangi maktabga o‘zlaricha yordam bermoqqa shoshildilar.

Kechagina Shopsanovdan bezor bo‘lib yurgan rahbarlarning ham yuzlariga quvonch yugurdi. Minbarlardan nutq irod etganlarida, yuqoriga hisobot tayyorlaganlarida maktab haqida alohida to‘xtalib o‘tishga o‘zlarida moyillik seza boshladilar.

Hammasidan ham o‘rtachillik bolalar quvondilar. Ular bir necha chaqirim yo‘l yurib, qishning qorli-qirovli kunlarida qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnash tashvishidan qutildilar.

Ezgu ish ezgu tuyg‘ular, orzular uyg‘otadi.

Keling, endi asosiy savolga javob izlaylik: Muxtor Shopsanovga nima zarur kelgandiki, og‘rimagan boshiga shuncha g‘avg‘oni sotib olsa? Albatta, o‘zi boshlayajak ish g‘avg‘oga aylanib ketishini bilmagan edi. Uylagan ediki, kolxozning iqtisodiy ahvoli nochor, qo‘limdan kelgancha yordam bersam, qolgani o‘z-o‘zidan yurishib ketadi, qo‘shni ovullarga ovorai sarson qatnab yurgan bolalar bahonada maktabli bo‘lib qoladi. Axir uning o‘zi bolaligida xuddi shunday tashvishlarni boshidan kechirgan. Sovuqlarda, qorlarda, yomg‘irlarda qolgan.

Bu dard Vatanidan uzoqda, ona tuprog‘ini sog‘inib yurgan kezlarida, ayniqsa, ko‘ksiga ko‘p bor tashvish solgan edi. Notanish o‘lkalarda musofirchilikda yurganingda yurtingdagi yantoq ham ko‘zingga gul bo‘lib ko‘rinadi. Elingda unchalik e’tibor bermagan hamqishlog‘ingni u yoqlarda jigaringdek sog‘inasan. Vatandoshlaringning hayotini, yashash tarzini, taqdirini o‘zing muvaqqat yashab turgan mamlakat fuqarolariniki bilan solishtirasan. Ana shu solishtirish asnosida shuuringda yangi, nurli rejalar tug‘iladi.

Vatandan ayriliqda qilingan mas’uliyatli mehnatning o‘ziga yarasha rag‘bati bo‘lishi tabiiy. Shopsanov safardan ozmi-ko‘pmi mablag‘ bilan qaytdi. Ana shu mablag‘ining bir qismini savob ishlarga sarflamoqchi bo‘ldi.

Lekin shuning o‘zigina uni savob ishga qo‘l urishga undadi, desak noto‘g‘ri bo‘lardi. Chunki xorijda ishlab kelganlarning hammasi ham saxovatli bo‘lib qolmaydi. Yoki yurtidan chiqmasdan-da tumanlab mol-dunyo yig‘ib, ilonday asrab yotgan millatdoshlarimiz yo‘qmikan...

Ezgu ish boylikdan emas, ezgu orzulardan tug‘iladi. Ezgu niyatli kishilar esa shu ruhda tarbiyalanadilar.

Shopsanov o‘z otasini eslay olmaydi. Undan na biror surat, na bir esdalik qolgan. Qolgani hamqishloq qariyalar gurunglarida eslaydigan, Muxtor aka faxrlanib tinglaydigan hikoya.

Hikoyaki, qishloqning ko‘hna qabristoni yaylovga qo‘shilib, oyog‘osti bo‘lib ketish xavfi tug‘ilganida, Shopsan bobo o‘g‘li Muhammadiga bosh bo‘lib, uni paxsa bilan o‘rab chiqqani haqida. Bu savob ishni deb bir kun, bir hafta emas, oylab mehnat qilgan.

«Shunday, – deyishadi qariyalar, – Shopsan bobo elining duosini olgan. Bolalari ham otasidan kam bo‘lmadi».

Muxtor Shopsanov ana shunday hikoyalarni tinglab ulg‘aygan edi. Ota olamdan o‘tdi, lekin uning ibratli ishlari farzandlariga bir umr tarbiyachi bo‘lib qoldi.

Irsiyat qonuniga ko‘ra, ayrim xastaliklar avloddan avlodga o‘tadi. Fazilatlar ham. Savob ishlarga rag‘bat, ezgulik xalqimizning qonida bor. Muxtor Shopsanovga ham bu fazilatlar avlodlaridan o‘tgan bo‘lsa, ne ajab!.. Olimlarning e’tirof etishlaricha, qatag‘on va undan keyingi karaxtlik davrlari odamlarning nafaqat xulq-atvoriga, hayot tarziga, hatto irsiyatiga ham o‘zining fojiaviy ta’sirini o‘tkazgan. Shakllangan yoki shakllanayotgan avlodlarda loqaydlik, xudbinlik, jur’atsizlik alomatlari ko‘proq ko‘zga tashlana boshlagan. Shopsanovning otasi savob ishga qo‘l urganida, o‘g‘lidek idoralar eshigida sarg‘ayib, xastaliklarga chalinib yurmagan edi. Muxtor akaning ezgulik yo‘lida chekkan bu iztiroblarini ko‘rgan farzandlari, kelgusida otasi yurgan yo‘ldan yurarmikanlar? Biz irsiyat qonunini buzib qo‘ymadikmikin?..

Muxtor akani Toshkentning Janubiy vokzalida uchratib qoldim. Ko‘rinishi bundan o‘n bir yil burun qanday bo‘lsa, hozir ham shunday, deyarli o‘zgarmagan. Boshida do‘ppi, sochi taqir olingan, bo‘ynida galstuk. Ovozi biroz o‘ktamlashgan.

– Maktab bog‘idagi shaftolilar meva tugdi, – dedi u bolalarcha quvonib.

Aytishicha, hovlisida o‘zi boqib semirtirgan to‘rt qo‘yni sotib, puliga ikkita tokarlik dastgohi olgan. Ularni «maktabi»ning ustaxonasiga o‘rnatish uchun ketyapti.

U bilan suhbatlashib turarkanman, turmush o‘rtog‘i To‘xtaxon opaning hazil aralash aytgan gaplari xayolimdan o‘tdi:

– Akangizning dardi bedavo: topganini «maktabi»ga tashiydilar: hali noyob daraxt ko‘chati, hali qovun-tarvuz urug‘ini olib borib beradilar...

Opamiz yana bir gapni aytmadilar – men aytay: Muxtor aka bu ishlarning hammasini To‘xtaxon opa bilan bamaslahat qiladi.

Muxtor Shopsanovning «xastaligi» – yaxshi dard. Qani endi hammamiz shunday «xastalik» bilan og‘risak. Shunda jamiyatimizning, Vatanimizning, xalqimizning dardlari kamaygai bo‘lardi. Lekin buning uchun hamma Shopsanovday falon ming so‘m sarflab, maktab qurishi shart emas. Bunday ezgu niyatli kishilarni vaqtida qo‘llab-quvvatlash, hech bo‘lmaganda, ularga xalaqit bermaslikning o‘zi ham savob.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1989 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.