OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. To‘n (hikoya)

Shaxmat - zo‘r o‘yin. Joy ham, mavsum ham, yosh ham tanlamaydi. Ayniqsa, ortiqcha xarajat talab qilmaydi. Ishqibozligu xafsala, topilsa - aroq, topilmasa pivo ham bo‘laveradi. Shavkat G‘iyosovich bilan Halim Salimovich bu o‘yinni shuning uchun yaxshi ko‘radi. Ikkalasini qariyb yigirma yildan beri inoq-ahil, qadrdon qilib yurgan ham shaxmat. Kun peshindan og‘di deguncha biri ikkinchisiga sekin sim qoqadi:

 - Shavkat G‘iyosovich, onangiz sizni faqat mehnat uchun tuqqanmilar, deyman? Yoshgina joningizni buncha qiynaysiz, axir?

 - To‘rtinchi sinfdan beri ahvolim – shu, og‘ajon, - deydi Shavkat G‘iyosovich yayrab. - Hujjatlarni tayyorlayman, tahrir qilaman, to‘g‘rilayman. Shunga ham qirq besh yildan oshibdi. Qirq besh yildan oshibdi-yu, rahmat, deydigan mard yo‘q. Mehnatning ham qadri bo‘lsin ekan.

 - Nega to‘rtinchi sinfdan beri? - deb yuzinchi, balki minginchi marta so‘raydi muvojiri. Chunki, biladiki, bu savolning javobi hamsuhbatiga katta zavq-shavq va huzur bag‘ishlaydi. Shavkat G‘iyosovich shu yo‘l bilan o‘zining g‘oyat zahmatkash, "mehnat uchun tug‘ilgan" odam ekanligini pisanda qilib o‘tishni juda xo‘sh ko‘radi.

 - To‘rtinchi sinfda o‘qiyotganimda tog‘am, rahmatli, sinf rahbarimiz bo‘lganlar, - deydi u. - Konspektlarini, jurnallarini, yana allaqanday daftarlarini qo‘limga berib, yaxshilab ko‘chirib qo‘y, Shavkat, derdilar-da, o‘zlari stadionga, to‘p tepgani chiqib ketardilar. Nima emish, husni xatim chiroyli emish. Shunga ham qirq besh yil bo‘libdi. Qirq besh yildan beri qog‘ozga ko‘milib o‘tiribman.

 Boshqa odamning bunday gaplardan ensasi qotishi tabiiy. Lekin Halim Salimovich parvo qilmaydi, bo‘lar-bo‘lmasga jig‘ibiyroni chiqadigan odati yo‘q. Negaki, hayot o‘zi shunaqa, hamma o‘zicha faqat o‘zim ishlayapman, faqat o‘zim qoyil qilyapman, osmonni faqat o‘zim suyab turibman, deb o‘ylaydi. Boshqalar, masalan, qo‘shni xona, boshqa bo‘lim yoki idoradagi xodimlar haqida gap ketganida: "Hech aqlim yetmaydi, shu odamlar kun bo‘yi xonasida nima ish qilib o‘tirar ekan-a?" deb ajablanadi. O‘sha qo‘shnilarining ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rsangiz esa zorlanishidan yoqa ushlaysiz: "Ishonmaysiz, lekin ishning ko‘pligidan boshimizni qashilashga qo‘limiz tegmaydi!"

 - Mayli, shukr qiling, - deb dalda bergan bo‘ladi Halim Salimovich. - Qog‘ozga ko‘milib, hech kimdan kam bo‘lgan joyingiz yo‘q. Kimsan, Shavkat G‘iyosovichsiz. Oyog‘ingiz uzangida - kattakon ilmiy tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosarisiz. O‘lmay-netmay pensiya yoshiga yetib olganingizning o‘zi katta baxt, aka. Ne-ne tengdoshlaringiz shunday kunlarga yetolmay o‘tib ketdi-ku.

 - Shukr, deyman, albatta!

 - Darvoqe, yana bir qo‘lgina ezib qo‘ysam, nima deysiz? - deb raqibining qitiq patiga tegadi Halim Salimovich, institut ilmiy kotibi.

 - Kuchingiz yetarmikin, og‘ajon? Kecha uch marta ezilganingiz kamlik qildimi?

 - Kecha shoshilibroq turgan edim. Buning ustiga, yubileyingiz oldidan kayfiyatingizni buzgim kelmadi. Darvoqe, yubileyga tayyorgarlik ishlari qalay bo‘lyapti?

 - Tayyorgarlik joyida. Kelgusi yakshanba kuni kechqurin Yuunsoboddagi "Bedana" restoraniga qadam ranjida qilaverasiz. Tag‘in o‘sha kunga boshqa birovdan zaklad olib qo‘ymang. Bilaman, sizning ham muridlaringiz ko‘p.

 - Ux-ux! Mana bu aroqdan bir qo‘lgina oling, mana bu jizdan yeng, mana bu tandir kabobdan gazak qiling, deb jonimizni rosa qiynar ekansiz-da, a!

 - Biz uchun bir marta qiynalsangiz nima bo‘pti, og‘ajon.

 - Bir marta qiynalishga-ku, rozimiz. Lekin, ertasi kuni "supra qoqdisi"ga ham kelmasanglar bo‘lmaydi, deb yana qiynoq-qistovga olasizmi, deb xavfsirab turibman-da.

 - Aslo, xavfsiramang, inim! Bunday xavf yo‘q. Bo‘lmaydi ham!

 - Xm-m. Nachora... Lekin bu gal quruq o‘ynamaymiz. Yutqizgan – pivo olib beradi. Ma’qulmi?

 Halim Salimovich rozi bo‘ldi:

 - Siz pivo bilan siylayman deysizu, biz bosh tortsak - gunoh. Keling.

 - Hozir. Nomerimni sizning telefoningizga ulab, sekin chiqib boraman.

 Ko‘p o‘tmay Shavkat G‘iyosovich qo‘shni qavatga - Halim Salimovichning torgina xonasiga jiddiy qiyofada kirib keladi. Bashang kiyingan – havo rang yozgi kostyum-shim, ko‘k ko‘ylak, ko‘k galstuk. Siyraklashib qolgan oq sochlari ortiga silliq taralgan. Qo‘lida - qalin papka.

 - Kotibamga xo‘jaliklardan xabar olgani ketyapman, dedim, - dedi u papkasini oynasi ko‘chgan shkaf taxmoniga tashlab, kostyumini stul suyanchig‘iga ilar ekan. - Havoning yonishini qarang. Yaxshiyam konditsioner bor.

 Mezbon eshikni ichkaridan qulflab, loklari ko‘chib ketgan sarg‘ish stolining tortmasidan avval kattakon shaxmat qo‘tisini, so‘ng ikkita oq piyola, yarim shisha aroq oladi. Shaxmat donalarini stol ustiga shaldiratib to‘kadi.

 - Baraka topgur, sekinroq!

 - Qo‘rqmang. Xo‘jayin majlisga ketdi. O‘zim ko‘rdim.

- Devorda sichqon bor, sichqonda...

 -...quloq. Hadiksiramasdan, qo‘rqmasdan yashashni qachon o‘rganasiz, Shavkat G‘iyosovich?

 - Endi bo‘lgan-turganim – shu. Bukrini nima to‘g‘rilashini bilasiz-ku.

 Donalar terilgach, bahs boshlanadi: kim oq donalarda o‘ynaydiyu, kim qorada? Halim Salimovich oftobda qoraygan, yug‘on qo‘llarini ortiga yashirib, gugurt donasini kattakon kaftlaridan biriga joylaydi.

 Shavkat G‘iyosovich o‘yinni boshlaydi.

 Piyodalar endi jiddiy bahsga kirishib, piyolalarga ikkinchi bor sharob quyilganida eshik qulfi shiqqilladi. Shaxmatchilar bir-biriga tikilib, jim bo‘lib qoldi. Eshik endi sekin taqilladi. Shavkat G‘iyosovich o‘g‘rilik ustida qo‘lga to‘shgandek, shaxmat taxtasi ustiga shkafda yotgan eski gazetani olib tashladi. Halim Salimovich, piyola bilan shishani g‘alladonga tiqar ekan, kuldi:

 - Buncha qaltiraysiz, aka?

 Eshik bu gal qattiqroq taqqilladi.

 - Direktorga o‘xshaydi! Ish rasvo! Birortasi sotgan ko‘rinadi!..

 - Kim?

 - Men "Sohibkor" firmasidanman. Halim aka bormilar? Chopon olib kelgandim.

 "Sohibkor" – institutga qarashli firma.

 - Hozir. - Halim Salimovich eshikni ochdi. Xonaga qiltiriqqina bir yigitcha kattakon yelim halta ko‘tarib kirdi.

 - Omonulla aka berib yubordilar, - dedi va ro‘parasidagi ikki odamga sinovchan qaradi. - Halim akaga.

 - Halim menman. Shkafga solib qo‘ying.

 - To‘xta! - dedi Shavkat G‘iyosovich. - Bu qanaqa chopon?

 - Ko‘k chopon, - dedi yigitcha.

 - Hamma narsaning ko‘ki yaxshi, - dedi Halim Salimovich tagdor qilib.

 Yigitcha sarg‘aygan tishlarini kafti bilan yashirib kuldi.

 - Sumkangni och-chi, -dedi Shavkat G‘iyosovich.

 Ochdi. Yaltiroq ko‘k matodan tikilgan qalin chopon chiqdi. Chorsu bozorida yuz mingga bunday chopondan o‘ntasini olish mumkin.

 - Bu kimga? - U Halim Salimovichga qaradi.

 - Kelgusi yakshanba kuni "Bedana" restoranida muborak yoshini nishonlaydigan qadrdonimizga!

 - O‘sha qadrdoningiz mabodo kartoshkafurush emasmi?

 Halim Salimovich pastki labini tishladi. Qizardi.

 - Uka, san borib, Omonullaga ayt, menga tezda telefon qilsin, - dedi angrayib turgan yigitga. - Tezda! Xo‘pmi?

- Xo‘p!

Eshik yopildi.

- Bunaqa emas-da, og‘ajon! - dedi Shavkat G‘iyosovich.- Axir restoranga quda-anda, aka-uka deganday, qancha qarindosh-urug‘im keladi. O‘shalarning oldida shu uvadani kiydirasizlarmi menga. Durustroq, zarbof to‘nga pullaring yetmagan bo‘lsa, aytinglar, o‘zim qo‘shay. Lekin, meni bunaqa sharmanda qilmanglar! Iltimo-os!..

Shavkat G‘iyosovich eshik tomon yurdi.

- Hammasi - Omonullaning ishi. Men u bolaga zar to‘n bo‘lsin, degandim. O‘zicha donalik qildi. Nima emish, xo‘jayin ellikka kirganlarida oddiy to‘n yopgan edik. O‘rinbosariga zarbopidan kiydirsak, qanday bo‘larkan, deydi... Qo‘ying, asabiylashmang. To‘g‘rilaymiz.

Shavkat G‘iyosovich ortiga burildi:

- To‘g‘rilaymiz?! Tasodifan ko‘rib qolmaganimda nima bo‘lardi? Shu uvadani restoranga sudrab borarmidinglar? Tavba! Men shu institutning tuprog‘ini necha yildan beri yalab yurganimni bilasizmi?

- Bilaman, aka, bilaman. O‘ttiz yildan beri.

- Ha-a, o‘ttiz yildan beri! Sizga aytdim-ku, mehnatning qadri yo‘q, deb.
 
Shavkat G‘iyosovich stul suyanchig‘idan kostyumini yulqib olib, shkafdagi papkasini qo‘ltig‘iga qistirdi-da, xonadan zarda bilan chiqib ketdi. Sherigi esa oxirigacha o‘ynalmay qolgan shaxmat donalariga ma’nosiz tikilib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.