OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Ko‘zlaringda o‘t bor edi (hikoya)

Zinapoyaning boshida oq xalatli ayol ko‘rinishi bilan Mutal shoshib o‘rnidan turadi. Undan biron gap chiqmagandan keyin bo‘shashib yana joyiga o‘tiradi. U shu taxlit uch soatdan beri o‘tiribdi. Shahar allaqachon uxlagan. Ammo bu yerda kirdi-chiqdi. Telefon dam o‘tmay jingillaydi. «Tez yordam» mashinasi tinimsiz kelib-ketib turadi. Rangi bo‘zargan, ko‘zlari besaranjom ayollarni nosilkalarda yuqoriga olib chiqib turishibdi. Kutib turganlarning ko‘zida tashvish bor. Ichkaridan ham quvontiradigan, ham hayajonga soladigan xabarlar chiqadi. Mutal ham o‘z baxtini o‘sha joydan kutib o‘tiribdi.
Zinada keksagina hamshira xotin ko‘rindi. Hamma baravar o‘rnidan turdi. U o‘tirganlar orasidan kimnidir qidirardi. Oxiri, ko‘zi Mutalga tushishi bilan yuzida bir chiroyli tabassum paydo bo‘ldi.
— Holva muborak bo‘lsin, inim. Xotining to‘tidek qiz tug‘di.
Mutalning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. U rost aytyaptimi? Axir Mutal qirq olti yillik umrining yigirma sakkiz yilini shunday qutlug‘ xabar eshitish orzusida kechirdi. Nihoyat, nihoyat niyatiga yetdi. Hamshira xotin aldamayotganmikin? Rostmikin? Tushimmi, o‘ngimmi? Yo‘g‘-e…
Mutal esankirab qolgan edi. Atrofida nimalar bo‘lyapti, kimlar bor, o‘zi qaerda o‘tiribdi, bilmasdi. O‘zidan-o‘zi dovdirab hovliga chiqib ketganini bilmay qoldi. U tug‘ruqxona darvozasiga yetganidagina, shunday yaxshi xabar olib chiqqan hamshiraga rahmat aytmagani, suyunchi bermaganini bilib qoldi. Shoshib orqasiga qaytdi. Hamshira yo‘q edi. Uning ismini bilmaganidan, hali ko‘p kelaman-ku, ko‘nglidan chiqarib yuboraman, deb o‘ziga taskin berib yo‘liga qaytdi.
Ko‘cha jimjit. Har zamon asfalt yo‘lni yoritib mashinalar o‘tib qoladi. Negadir ular Mutalning oldiga yetay deb qolganda signal berishadi. Ular xuddi uni tabriklayotganga o‘xshashadi. Sonsiz chiroqlar jimirlab ko‘zni qamashtiradi. Daraxt shoxlari shabadada silkinib, yerdagi soyalarini u yoqdan bu yoqqa otib o‘ynashadi. Havo toza, musaffo.
Tramvay-trolleybuslar yotgan. Uy hali uzoq. Mutal ko‘chaning qoq o‘rtasida borardi. Dunyoda hozir undan baxtli odam yo‘q. Ashula aytgisi, uchragan odamga shu topda qiz ko‘rganini birpasda tapirib tashlagisi keladi. Xuddi uning yonginasidan bir yuk mashinasi vag‘illab o‘tib ketdi. Nariroq borib shart to‘xtadi-yu, shofyor kabinadan bosh chiqarib, jahl bilan so‘kindi. Mutal unga parvo qilmadi. Ammo birdan hushyor tortib ketdi. Boyagi quvonchlari qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, bir zumda yuragini muz bosgandek sovub qoldi.
— Men ham odam bo‘ldimmi? Rostdan ham baxtlimanmi? Shumi baxt?
Bu fikr yashin tezligida kallasini parmalab kirib, mahkam o‘tirib oldi.
Endi Mutal behush qadam tashlardi. Boya yeldek uchib ketayotgan odam, endi shoshilmasdi. Qayoqqa shoshadi, yigirma besh yillik hamrohi, do‘sti, eng aziz kishisi bu xabarni eshitsa nima bo‘ladi? Bu xabar uni qon yig‘latmaydimi? Ilgarilari ham Mutal shu to‘g‘rida o‘ylaganida, yuragi orqaga tortib ketar, o‘yini oxiriga yetkazishdan qo‘rqardi. Bola ko‘rish orzusida yigirma besh yil orziqib yashagan bo‘lsa, bu yog‘idagi niyati ro‘yobga chiqayotgan uch yilida bu ezgu niyati ko‘pincha dahshatli o‘ylar bilan aralashib ketardi.
Mutalning hayotidagi bu kattakon voqea E’tiborxonning qulog‘iga yetmay qolmaydi. Undan keyin nima bo‘ladi? E’tiborxonning holi nima kechadi? Ana shunisi yomon! Uning qiynalganini ko‘rish, ko‘zida yosh, chehrasida g‘am ko‘rish Mutalni iztirobga soladi. U, yigirma besh yil E’tiborxonni avaylab keldi.
E’tiborxon Mutalning avvalgi xotini edi. Tug‘madi.
Mutalning nazarida dunyoda hech qanday er-xotin ulardek bir-birini sevolmasdi. Bu hurmat, bu muhabbat, bu mehr-oqibat...
Mutalning hali esida, ularning to‘yi ming to‘qqiz yuz o‘ttiz to‘rtinchi yilning avgustida bo‘lgan edi. To shu kungacha bir-birlarini sen deyishga tillari bormagan. Hamisha «siz»lab gapirishardi. Qo‘ni-qo‘shnilar ularning uyidan biron marta qattiq ovoz eshitishmagan. Uylari bo‘lsa, hamma vaqt yaraqlardi. Qelgan mehmonlar ularga havas qilib ketishardi-yu, uylariga yetmay, shu bechoralarga xudo bittagina farzand bermadi-da, deb qo‘yishardi.
Yillar o‘taverdi. Ular hamon bir-birlarining qosh-qovog‘iga qarab, kunlarni yillarga ulab yashayverishdi. Mutal qachondir bola ko‘rishiga ishonardi. Uning ishonchi E’tiborni qiynardi. Erining siqilayotganini bilib turardi. Ko‘chadan bola o‘tsa ko‘zi o‘ynashini, mehmonga borishsa bolalarning o‘yiniga qo‘shilib ketishini E’tibor sezmasmidi, sezardi. Xotinlar ziyrak bo‘lishadi, uydagi konfetlarni ko‘chadagi bolalarga tashib tamom qilishini bilmaydi, deysizmi? Bilardi.
Urush boshlandi. E’tibor to‘rt yil yo‘liga ko‘z tikib Mutalni kutdn. Keldi. Yana o‘sha jim, osuda hayot. Urushdan avval qanaqa yashashgan bo‘lsa, undan keyin ham o‘zgarishsiz bir xil umr boshlandi. Mutal bolasiz o‘tishga rozi edi-ku, ammo E’tiborsiz yashashga rozi bo‘lolmasdi. U E’tiborga shunchalar o‘rganib qolgan, o‘zini hatto E’tiborsiz tasavvur ham qilolmasdi. Ammo E’tibor erining qo‘lida bola ko‘rishni shunday orzu qilardiki, birgina bola uchun, Mutalning birgina quvonchi uchun jonini ham berishdan qaytmasdi. Qo‘lida bola ko‘rib o‘lsam, to‘yimiz bo‘lgan yillardagi Mutalning ko‘zlarida chaqnagan o‘tni yana bir ko‘rsam, bu dunyodan bearmon ketardim, deb o‘ylardi.
Kunlar, yillar o‘taverardi. Er-xotin hamon samimiy, hamon bir-biriga oqibatli. Bir burda non bir-birisiz tomog‘idan o‘tmaydi, uy hamon ozoda, saranjom, jimjit.
Shu xilda yigirma to‘rt yil umr o‘tib ketdi. Na bolasizlik, na odamlarning kishi bilmas ilmoqli ta’nalari ularning orasiga sovuqchilik sololmasdi.
Mutal tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda odatdagicha, undan bola-chaqalarning salomatligini so‘rashardi. Mutal dovdirab nima deyishini bilmay, tayinsizroq bir gap aytib qutulib ketmoqchi bo‘lardi-yu, ammo odatda shu gaplardan keyin keladigan: kattasi nechaga kirdi, degan so‘roqdan keyin, qiynalib-qiynalib javob berishga majbur bo‘lardi,
— Bolamiz yo‘q. Shundoq...
So‘ragan odamning xijolatligini aytmaysizmi.
Mutal tanishlar bilan to‘qnash kelishdan bezillab qolgandi.
Bu gaplarni E’tibor sezmasdi, deysizmi, sezardi. Sezardi-yu, ich-ichidan ezilib ketardi. Erining ko‘ziga qarolmay, xomush bo‘lib qolardi.
Yana bir yil o‘tdi. Mutal qariy boshladi. E’tiborning nazarida, ilgarigi chaqnab turgan ko‘zlaridagi o‘t yo‘qolayotganga, o‘zi sal narsaga charchab qolayotganga o‘xshayverdi. Bir kun Mutal ishdan kelib hovlida gulqaychi bilan olma shoxlarini butab yurganda, E’tibor ayvonda chuchvara tugib o‘tirgan edi. Birdan, bexosdan ko‘zi erining bo‘yniga tushib qoldi. Iyaklarining tagi g‘ijimlanib qolgandek ko‘rindi. O‘rnidan turib, bexos oldiga bordi. Faqat iyagida emas, ko‘z chetlarida, peshonasida ham ajin. Birdan E’tiborning yuragini vahm bosib ketdi. Qaribdi, qaribdi. Sochi ikki chakkasidan oqora boshlabdi, qaribdi, qaribdi...
Hali oftob o‘chmagan, gullar qiyg‘och ochilib turgan iyul kuni ularning yigirma besh yillik ahil umriga yakun yasadi.
E’tiborning niyati buzildi. Ketish kerak, shu qadrdon, dunyodagi yaxshi odamlarning eng yaxshisini tashlab ketish kerak. Qandoq qilib?
Mana shunisi qiyin edi. Shunday ketish kerakki, ko‘z yoshi to‘kilmasin. Kelgan yig‘ini kulgi bilan, xandon kulgi bilan yengish kerak.
E’tibor boshqa yo‘l topolmadi. Mutalni baxtli qilishning birdan-bir yo‘li shu edi. O‘sha kecha E’tibor mijja qoqmadi. Yana boshqa tadbirlar ham qidirib chiqdi. Eng so‘nggi tadbir, Mutalning ko‘nglini o‘zidan sovitish, bezor qilish bo‘ldi.
O‘shanda dam olish kuni edi. Kechgacha E’tibor bo‘lar-bo‘lmasga bahona topib, erini qiynayverdi. Qo‘pol gapirdi, jig‘iga tegdi, ko‘ngil qoldiradigan sovuq gaplardan ham toymadi. Mutal og‘irlik qilib uning ko‘nglini olishga urindi. E’tibor sovimadi. Axir, toqati toq bo‘lgan Mutal qizishmay, yotig‘i bilan so‘radi:
— Sizga nima bo‘ldi, E’tibor? Juda qiynavordingiz-ku?!
— Ketaman!
Mutal gangib qoldi. Nima qilishini bilmay, xotinining ko‘ziga qarab, angraygancha qoldi.
— Ketaman, yashamayman siz bilan.
E’tibor shu gapni aytdi-yu, titrab ketdi, ammo buni eriga sezdirmadi. Ich-ichidan toshib chiqqan xo‘rsinishni kuch bilan bosib qaytardi. Angrayib qolgan erining ko‘ziga qaramay, uyga kirib ketdi-da, birpasdan keyin chamadon, tuguncha ko‘tarib chiqdi.
— E’tibor, ketmang, meni tashlab ketmang, men nima qilaman...
Mutalning ko‘zlari xiralashib bir gandiraklab oldi. Darmonsizlanib ayvonning labiga o‘tirib qoldi.
E’tibor yugurib borib qo‘ltig‘idan ko‘targisi, peshonasidan, o‘sha sochi oqarib kelayotgan chakkalaridan silagisi, yuzini-yuziga ishqab ovutgisi keldi. Lekin, bunday qilmadi. O‘zini tutdi. Yuragi yig‘lardi-yu, chidardi. Bu — qahramonlik edi, katta qahramonlik edi. U o‘zini hamon dadil tutib, erining oldiga bordi:
— Bilasanmi,— bu erini birinchi marta senlashi edi,— senga xiyonat qildim. Buning uchun o‘zimni kechirolmayman. Sen ham kechirmaysan. Xiyonat qilgan xotin erining uyida turishga, u bilan birga yashashga haqsiz. Buning uchun, bilaman, meni kechirolmaysan.
E’tibor bu bahonani beixtiyor topdi. Bu — zo‘r bahona. Hech qanday er xiyonat qilgan xotinni kechirolmaydi. Butun umrini bolu pardek pokiza o‘tkazgan xotin, xiyonat u yoqda tursin, begona erkakni xayoliga keltirmagan xotin o‘zini-o‘zi eng pastkashlar qatoriga qo‘yib o‘tiribdi. Nima uchun? Kim uchun? Buni E’tiborning o‘zi bilardi.
E’tibor ostonaga yetib qoldi. O‘girildi:
— Meni kechirolmaysan, kechirolmaysan. Ko‘zingga qarab, shafqatingni kutib yashashga toqatim yo‘q. Kuniga ming martalab o‘zimni qarg‘ab yashashga toqatim yo‘q. Seni harom qilishga haqqim yo‘q. Ketay, ketay...
E’tiborning tovushi bo‘g‘ilib, gapirolmay qoldi shart burildi-yu, chiqdi-ketdi.
Mutal yolg‘iz qoldi. Bir kun kutdi, ikki kun, bir oy, bir yil kutdi, xotinidan darak bo‘lmadi,
Oradan bir yarim yil o‘tib, E’tibordan xat keldi. Xatda u endi sira qaytib kelmasligini, o‘sha yo‘ldan «urgan» kishi bilan qovushmoqchi ekanini aytibdi. Mutal yig‘ladi. Xo‘rligi kelib, o‘tkazgan yigirma besh yillik umriga achinib yig‘ladi. Mutal yolg‘izlikda so‘la boshladi. Ajinlari ko‘paydi, chakkasidagi oq tolalar manglayiga o‘rmalab qoldi. Kuyib-yonib ado bo‘lay dedi. Ko‘pchilik: uylan, yolg‘izlik yomon, deb nasihat qilishdi. Mutal yotib qolay dedi. Oxiri, do‘stlari kichkinagina to‘ycha qilib o‘zi bilan birga ishlaydigan bir qari qizga uylantirib qo‘yishdi. Hamon E’tibordan darak yo‘q. U bevafoning qaerdaligini hech kim bilmasdi.
Mutal tug‘ruqxonadan kelarkan, mana shularni esladi. Esladi-yu, siqilib ketdi.
— Uning bola ko‘rganini E’tibor eshitsa, nima qilarkin? O‘zini-o‘zi bir nima qilib qo‘ymasmikin? Yo sevinarmikin? Sevinmaydi, u xiyonatchi!
Uning ko‘ziga goh tug‘ruqxonada yotgan chaqalog‘i, goh uydan qahru g‘azab bilan chiqib ketayotgan E’tibor ko‘rinardi.
Oradan to‘rt kun o‘tdi. Mutalning xotini bilan qizi hali tug‘ruqxonada. O‘zi bo‘lsa, tinmay uy yig‘ishtiradi, keldi-ketdi uchun tayyorgarlik ko‘radi.
Birdan eshik taqillab qoldi. Pochtachi. Posilka olib kelibdi. Kimdan? Kimdanligi noma’lum. Mutal shoshilmay yashikni ochdi. Chaqaloqqa ko‘ylak, fartuk, qalpoqcha... Kimdan bu? Mutal yashikning u yoq-bu yog‘ini titkilay boshladi. Xat. Shoshib oldi, shoshib o‘qiy boshladi:
«Hurmatli Mutal aka! Meni kechiring. Eshitdim. Eshitib qay ahvolga tushganimni tushuntirib berolmayman. Mening bittagina niyatim — qo‘lingizda bola ko‘rish edi. Shu niyatimga yetdim. O‘tgan kuni ko‘chada sizni ko‘rib qoldim. Ko‘zlaringizda o‘t yonib turibdi. Bundan yigirma yil avval ko‘zlaringiz shunday edi. Ko‘rib, hayron bo‘ldim. Bilsam, ota bo‘libsiz. Bu qanday baxt, bu qanday baxt! Sevinchdan yuragim yorilay dedi. Yotib uxlolmadim. Tong otguncha ko‘rgan kunlarimizni eslab chiqdim. Qandoq totuv yashadik! Qandoq mehribon edik bir-birimizga! Sizni qanchalik yaxshi ko‘rardim! Qandoq ayardim, shamolni ham ravo ko‘rmasdim. Kechalari sizga baxt, salomatlik tilab chiqardim. Sizdek pok odamga munosib xotin bo‘lish uchun qo‘limdan nima kelsa, vijdonim nimani buyursa — hammasini qildim. Bilsangiz, uydan ketishim, o‘zimga-o‘zim tuhmat qilib, o‘zimni-o‘zim buzuq deb ataganim ham sizga baxt tilashim edi. Endi ochig‘ini aytay, umrimda xiyonat yo‘liga kirmaganman. Agar o‘zimni buzuq demaganimda, siz meni uydan har qandoq qilib ham chiqazmasdingiz. Ketdim, yaxshi bo‘ldi, siz baxt topdingiz, bolalik bo‘ldingiz. Niyatim ham shu edi.
Agar men ketmaganimda sizga bu baxt qayoqda edi? Endi ko‘nglim tinchidi. Niyatimga yetdim. Baxt muborak bo‘lsin!
Yangi kelin paytlarimda yaxshi niyat qilib, bola ko‘rsak kiydirarman deb ko‘ylakchalar, qalpoqchalar tikkan edim. Ezilasiz deb sizdan yashirib tikkan edim. Menga ona bo‘lish nasib bo‘lmadi. Iltimos, shularni chaqaloqqa kiydiring.
Shu paytgacha shaharda edim, Yaxshilik xabarini eshitib, tamoman xotirjam bo‘ldim. Ertaga butunlay ketaman. Kim biladi, qayta uchrasholamizmi, yo‘qmi?
Uydan chiqib ketayotganimda yetkazgan ozorlarim uchun Sizga hamisha ehtirom bilan: E’tibor otli xotin»
Xatga Mutalning ko‘z yoshlari to‘kildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.