OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Qishdan qolgan qarg'alar (hikoya)

Nasibjon hovlisidan ancha berida mashinadan tushdi. Eshik oldida ikki «Jiguli» turibdi. Kimlar keldi ekan? Uni yo‘qlab keladigan yaqinlari yo‘q edi-ku. Tinchlikmi o‘zi? Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da, deya ostona hatladi. Xotini chorpoyada omonatgina o‘tirib, guruch tozalayapti.
Ayvonda dasturxonga tugilgan uch-to‘rt tog‘ora. Ulardan somsa, xasip, varaqi va allaqanday yoqimli hidlar keladi. Xotini oyoq sharpasidan bosh ko‘tardi.
— Tinchlikmi, nima gap o‘zi? — dedi Nasibjon hayron bo‘lib.
— Voy, urug‘laringiz kelishdi, — dedi quvonch bilan Anzirat. — Qulluq bo‘lsinga kelishipti. Xolangiz bilan ammangiz biram dilbar juvonlar ekan. Bir gapirib, o‘n kulishadi-ya, baraka topgurlar! Tog‘angizni aytmaysizmi, biram mehribon, biram dono...
Anziratning gapi og‘zida qoldi.
— Mening ham urug‘larim bor ekanmi! Dadam bilan ayam o‘lgandan keyin bularni qarg‘ish tegib qirilib ketgan deb yurgan edim...
— E-e, gapingiz qursin! Kiring, ichkariga kiring, anchadan beri kutib o‘tirishipti.
Ayvon peshida sovun qutisidek radiopriyomnikni qulog‘iga tutib, o‘n ikki yoshlardagi bir qiz o‘tirardi. Uning quloqlarida so‘lkavoydek tilla baldoq. Bo‘ynida shoda-shoda marvarid. Hamma barmoqlarida qo‘sha-qo‘sha tilla uzuk. U Nasibjonga qarab, tilla tishga to‘la og‘zini ochgancha radio eshitardi.
Nasibjon xotiniga, bu kim, degandek qaradi.
— Voy, tanimasangiz, tanib oling. Bu kelinimiz. Xolangizning qizlari, quda bo‘lamiz, deb atayin ko‘rsatgani olib keptilar.
— Obbo, bitta shu yetmay turgandi.
Nasibjon xotiniga yomon qarash qildi. Uning bu qarashida, ularni nega uyga kiritding, degan ma’no bor edi.
Nasibjon bilan Anziratning turmush qurganlariga o‘n to‘qqiz yil bo‘ldi. To‘ng‘ich o‘g‘illari institutga bordi. Nasibjon biron marta bo‘lsin, xotinini urug‘larinikiga olib bormagan. Ular ham jiyanimiz bor edi, deb aqalli bir marta qadam izi qilib kelishmagan. Oralaridan nima gap o‘tgan, bilmasdi. Eri shundoq-shundoq bo‘lgan, deb aytmagan. Anzirat o‘zicha, urug‘laridan uylanmagani uchun yuz ko‘rmas bo‘lib ketishgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi.
Nasibjon qarindoshlari yeb-ichib o‘tirgan uyga tomon yurarkan o‘zi ustidan chiqarilgan hukmni eshitish uchun sud zaliga kirayotgandek bir alpozda edi. U kirishi bilan katta xolasi sapchib turdi-yu uni bag‘riga bosdi.
— Voy, sen qanaqa mehrsiz bola chiqding! Axir men onaginangni singlisiman. Xolaginam o‘likmi, tirikmi deb biror marta xabar olmaysan! Sen o‘zi kimga tortganding?!
— Ha, bu shunaqa! — deya uni opasining bag‘ridan tortib oldi Robiya xolasi.
U qoshini bir-biriga ulab, enlik qilib o‘sma qo‘ygan semizgina, so‘lqillama juvon edi.
— Sen tug‘ilganda opaginam o‘g‘il ko‘rdim, deb qandoq suyungan edi! Seni yeru ko‘kka ishonmasdim. Ertayu kech opichlab yurardim. Shu yelkaginamda uxlab qolarding, shiringina bo‘lib.
Nasibjon shu mehribon Robiya xolasinikiga oxirgi marta borganida institutning ikkinchi kursida o‘qirdi. Tirikchiligi og‘ir bo‘lganidan durustroq o‘qiyolmay, stipendiyaga ilinmay qoldi. Kiyim-boshi to‘zigan, yeyish-ichishining ham mazasi yo‘q edi. Biron nima tamaddi qilib kelay deb shu xolasinikiga bordi. Xolasi osh damlab qo‘ygan ekan. Damlangan oshning hidi dimog‘iga urdi.
— Ha, yaxshi yuribsanmi? — dedi xolasi shu paytda nima qilarding kelib, degandek stolga to‘qillatib choynakni qo‘yarkan. — Aksiga olib, uyda non ham qolmapti. Jiyanlaring bir-biridan quloqsiz. Ertalabdan javrayman, magazindan non opkelib, keyin ishingizga ketinglar deb, qani quloq solsa! Shuncha bola o‘stirib, kunim qotgan nonga qolib o‘tiribman!
O‘g‘il-qizlar birin-ketin birovi o‘qishdan, birovi ishdan kelishdi. Tog‘ajon-tog‘ajon, deb uning bo‘yniga osilishdi. Onasi ularni birin-ketin imlab chaqirib, olib chiqib ketdi. Birozdan keyin ular lablari yog‘dan yiltirab kirishdi.
Xolasining qilmishidan Nasibjonning dili vayron bo‘ldi. Shu uyga ikkinchi qadam bosmaganim bo‘lsin, dediyu, chiqdi-ketdi.
— Hoy, shoshma, hozir ovqatga unnayman! Quruqdan-quruq ketma, — degancha qoldi xolasi.
Mana, yigirma uch yil bo‘pti uni ko‘rmaganiga. Bugun jiyanim katta lavozimga o‘tibdi, deb kelibdi.
— Xolaginang girgitton, gap mundoq. Kimsan, endi kattakon ministrsan! Yot begonalar yoningda yeb-ichib yurmasin. Bosh yorilsa bo‘rk ichida, degan gap bor. Jiyaningni yoningga ol. Pomoshnik qilib, ol. Nima qilasan begonalarga sir berib. Iloji bo‘lsa, jiyanlaringdan yana bittasini o‘zingga shopir qil. Xudo xohlasa, ikkovimiz quda bo‘lamiz. Kenja qizim oqi oq, qizili qizil bo‘lib turibdi. Eshigimdan sovchilarning oyog‘i uzilmay qoldi. Shu qizim o‘g‘lingga munosib. Otingni qamchila, bo‘lmasa quruq qolasan!
Gapirganda yasama tishi shiq-shiq qilib turadigan Nurmat tog‘asi salmoqlab gap boshladi.
— Xolang savodsiz bir narsa, ammo yurt ko‘rgan xotin. Yetti yil poezdlarda provodnik bo‘lib, bormagan shahri qolmagan. O‘zing bilasan provodnik og‘ir ish, bir kunda necha-necha odam bilan gaplashadi. Xolang o‘rislab so‘kkanida o‘rislar ham qulog‘ini bekitib qochib qolardi. Topmadi emas, topdi. Topganini bolalarini o‘qishga joylashga sarfladi. O‘zing yaxshi bilasan, hozirgi domlalarning nafsi hakkalak otib ketgan. Noinsoflar, peshona terini to‘kkandek, berganingni barmog‘iga tuflab sanab oladi. Xolang bechora bolalarining hammasini diplomli qildi. Uning gaplari qulog‘ingda tursin, pomoshnik masalasi — o‘ylab ko‘rsa arziydigan masala. Endi mening gapimni eshit. Yoshim o‘tib, kuch-quvvatdan qolyapman. Qariganda urug‘laringni qo‘msab qolarkansan. Ko‘rgim keladi. Endi qariganimda bir yaxshilik qilib ketay. Hali sen kelguningcha hovlingni aylanib chiqdim. Endi sen kimsan, ministrsan! Bunaqa uy, bunaqa hovli senga yarashmaydi. Oldingga o‘zingga o‘xshagan kazo-kazolar keladi. Ularni manavi choldevorga qanday olib kirasan?! Endi senga obro‘yingga yarasha uy kerak. O‘zimcha chamalab chiqdim. Ikki qavatli uy quramiz. O‘n ikki xona bo‘ladi. Zal uyga eng kamida oltmish kishi sig‘adi. Tagida biliyardxona, fin hammomi, sport zali bo‘ladi. Menga qara, g‘isht zavodlari ham senga qaraydi. Taxminan yetmishta g‘isht zavoding bor, deb eshitdim. Taxta iskalating ham yuzdan oshar emish. Har qaysisidan beshtadan taxta olganingda ham butun urug‘-aymog‘ingga yetadi. Direktorlaringga meni ko‘rsatib, shu odam mening vakilim, deb qo‘ysang, tamom, u yog‘ini o‘zim kelishtiraman...
Mehribon tog‘asi uni ikkinchi kursni tugatib, endi ta’tilga chiqaman, deb turganda qidirib borgandi. Kimsan, kattakon bazaning mudiri katta boshini kichik qilib kelibdi.
— Hoy, sen kimga o‘xshagan chiqding?! Urug‘imizda bunaqa odam bo‘lmagandi-ku?! Tog‘am bechora uchastka quryapti, qiynalib ketgandir deb o‘ylamadingmi? Sendan osh-non so‘rayotganim yo‘q. «Horma, bor bo‘l»ga ham yaramaysanmi? Ertaga kanikulga chiqasan. Umringni bekor o‘tkazma. Erta-indin qilichini ko‘tarib qish keladi, ishlab besh-to‘rt tangani belingga tugib qo‘ysang, teshib chiqmaydi. Mardikor bozoriga chiqib, bizni uyatga qo‘yma! Menikiga kel. Bitta student o‘rtog‘ingni yoningga olib, g‘isht quyasan. Har kuni ovqatingdan o‘zim xabar olib turaman. Uch oyda, o‘h-ho‘, qancha g‘isht quyish mumkin! Ertaga borib, mashinada olib kelaman. Ko‘rib olasan, keying o‘zing boraverasan.
Nasibjon qashqadaryolik hamkursi bilan tog‘asining uchastkasida uch oyda eh-he, qancha g‘isht quyib tashladi! Sakson mingdan oshgan chiqar... Tog‘a aytganini qilib, har kuni tushlikka ikkoviga to‘rttadan somsa olib kelib, quyilgan g‘ishtlarni ko‘zdan kechirardi. Va albatta, balli deb qo‘yardi. G‘irt piyozdan iborat somsa shunchalik Nasibjonning me’dasiga tegdiki, birov somsa desa, ko‘ngli ayniydigan bo‘lib qoldi.
Tog‘aning hisob-kitob qiladigan payti keldi. Negadir u shoshilmasdi. Nasibjon puldan gap ochgan edi, jerkib tashladi.
— Uyalmaysanmi, begona emasman-ku! Qochib ketayotganim yo‘q. Arzimagan shu xizmatingni minnat qilib, haq so‘ragani qandoq tiling bordi? Manavu bola, mayli, u begona. Uch-to‘rt so‘m bersam bo‘ladi. Ammo, sen o‘zimiznikisan, jiyan! Hasharga haq so‘rasa, ayb bo‘ladi. Unaqa past bo‘lma, jiyan. Shu gapni sen aytmading, men eshitmadim.
Uch oylik mehnati kuygan Nasibjon hamkurs o‘rtog‘i oldida yuzi qora bo‘ldi.
Nasibjon mehribon tog‘asini shundan keyin ko‘rmadi. Ko‘rgani toqati yo‘q edi. To‘g‘ri, bir marta ko‘rdi. O‘sha yili qish juda mijg‘ov bo‘lgandi. Qor yog‘adi, eriydi, yog‘adi, eriydi. Nasibjon brezent tuflida shilt-shilt ho‘l qor kechib, poyabzal do‘koniga bordi. Kecha olgan stipendiyasiga tufli olmoqchi bo‘ldi. Bir tuflini endi qo‘liga olgan edi, tanish ovoz eshitildi. Peshtaxta orqasida shu Nurmat tog‘asi turardi. Demak tog‘asi bazani silliqqina topshirib, shu do‘konga o‘tib olibdi-da.
— Stipendiya tegibdi-da, jiyan? Diding durust, yaxshi tufli tanlading.
Nasibjon pulini sanasa uch so‘m yetmayapti.
— Tog‘a, uch so‘m yetmayapti. Yetmaganini ertaga tashlab o‘taman.
— Unaqa emas-da, jiyan! Bu hukumatning moli. Reviziya bossa, shu uch so‘m uchun meni nima qiladi, bilasanmi? Qo‘y, menga jabr qilma. Pulingni butlab, keyin tuflini olib ket.
Nasibjon tog‘asiga «xayr» ham demadi, indamay chiqib ketdi. Mana, shundan beri «mehribon» tog‘asini endi ko‘rib turipti.
— Endi mundoq qilsak, — dedi tog‘asi yasama tishini shaqillatib. — Men ham qarib qoldim. Ketadigan vaqtim bo‘lib qoldi, shekilli. Bittagina o‘g‘limdan ko‘nglim notinch. Mendan keyin u nima bo‘ladi, bilmayman, Mana, baxtimizga sen ministr bo‘lding. Bu ham xudoning inoyati. Sulton suyagini xo‘rlamas, deb bekorga aytmaganlar. Shu bolani yoningga ol. Eski shahar bozorini olib ber. O‘zing bilasan, bozorda katta bo‘lgan bola, eplab ketadi. U yonida o‘tirgan shirakayf yigitni turtdi.
— Tur o‘rningdan, ministr tog‘angga qulluq qil! Bozor seniki bo‘ldi, nodon! Endi ko‘pam ichaverma! Bunaqa ichish rahbar odamga yarashmaydi!
Ko‘kragiga Brus Lining suvrati tushirilgan mayka kiygan, barzangi yigit o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib qulliq qildi. Uning og‘zi to‘la tilla tish, Bo‘yniga har biri konfet donasidek tilla tross osib olgan.
Nasibjon hayron. Bu tilla trossning bahosi biron ming dollar tursa kerak, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Urug‘larining hammasi tilla tishli, go‘yo topgan boyligini og‘ziga joylaganday. Ular bo‘lar-bo‘lmasga xandon otib qulishar, kulganlarida og‘zilarida chiroq yonib turgandek bo‘lardi. Xotinlarning bo‘yni, kulog‘i, bilagi, barmoqlari, «Archa bayrami»ni eslatardi. Bugun Nasibjonning uyiga urug‘lari emas, «Yuvilertorg»ning ko‘chma do‘koni kelgandek edi.
Nasibjonning tog‘asi bilan xolasi shunchalik ishonch bilan gapirdilarki, nimayiki so‘ragan bo‘lsalar og‘izlaridan chiqmay turib, vazir jiyanlari bajaradigandek edi. Ammo Nasibjon bu gaplarga na «ha dedi, na «yo‘q» dedi. Nimaiki eshitgan bo‘lsa, ichiga yutib o‘tiraverdi. Hukumat unga bu lavozimni faqat urug‘-aymoqlaringni ta’minla, deb bergandek edi.
Xolasi iymanib, qimtinib o‘tirgan singlisiga achitma gap qildi.
— Boshqa ko‘ylaging yo‘qmi?! Ministrning uyiga shu alpozda keldingmi?! Bu shtapel o‘lgurni Achavotning lo‘lilari ham kiymaydi-ku!
— Qandoq qilay, opa, bir etak bola. Erim rabochiygina odam bo‘lsa! Topganini bolalarning boshiga yetkazsam, egniga yetkazolmayman! — dedi Salima o‘ksib.
— Ering ham o‘zingga o‘xshagan xudo urgan qaysar! Provodnik vaqtimda ikki-uch marta, yur, olib ketay, dedim. Ering ko‘nmadi. Hamma tishingni tilladan qo‘ydirib berardim. Mana, yuribsan, itning keyingi oyog‘i bo‘lib!
Tog‘asining qudasi — qo‘ziqorindek pak-pakana, negadir bo‘yni yo‘q, boshi ikki yelkasi orasiga chaplab qo‘yilgandek, yoniga qarash uchun o‘rnidan turib buriladigan, ko‘sanamo bir odam gap boshladi:
— Hoy, insoflaring bormi?! Bola bechorani qo‘y so‘ygandek, nimta-nimta qilib bo‘lib oldilaring-ku! Menga nima qoldi? Nuqul shaqir-shuqur suyagi qoldi... Endi gap bundoq, «Sabis»dagilar nomardlik qilib nafaqaning eng pastini berdilar. Bergani nos pulimga ham yetmaydi. «Sabis» boshlig‘i bir gap aytdi, jon-jonimdan o‘tib ketdi. «Senga nafaqa uyoqda tursin, eski paytava ham xayf» dedi. «Hukumatga sariq chaqalik foydang tegmagan, faqat zararing tekkan!» deydi. Qandoq qilay, bo‘yim past, bo‘yim past, bo‘ynim yo‘q. Yonimga qarayman desam, o‘rnimdan turib burilishim kerak... Menga bittagina «Trudovoy» yozdirib ber! Nafaqamning bo‘yini ham jichcha cho‘zib qo‘y. Sen eshitganmisan-yo‘qmi, yaqinda meni mashina urib ketgan. Bo‘ynim o‘lgur burilmay qoldi-yu mashina shartta urdi-ketdi! Ikki oy kasalxonada yotdim. Hozir o‘sha urib ketgan shopirdan oyiga besh yuz so‘lkavoydan xonaki nafaqa olib turibman.
Hovlida nimadir taraqlab ketdi. Mast odamning so‘kingani eshitildi.
— Sharmandalarni nega uyga kiritding, kelin! Hayda ularni!
Xonadagilar pildir-pis bo‘lib qolishdi. Tog‘aning rangi quv o‘chdi. Robiya xolaning o‘sma tutashtirgan qoshlari ulangan joyidan uzilib ketgandek bo‘ldi.
— Oshga pashsha tushdi, aka! — dedi qo‘rqa-pisa... — «Devoriy gazeta» o‘lgur keldi.
«Devoriy gazeta» — bu Nasibjonning o‘rtancha tog‘asi Turg‘unboy. Uning shunaqa ichadigan odati bor edi. Haftada bir ichadi. Ichganda ham birvarakay ichadi. Kayf qilib, hamma aka-uka, amma-xolalarinikiga boradi. Navbati bilan bo‘ralab so‘kadi. Kayfi tarqalguncha, o‘zi charchaguncha so‘kadi. Mahalla uni haftada bir chiqadigan «Devoriy gazeta» deb atardi.
Turg‘unboy avvallari ichmasdi. Mo‘min-qobil, yuvoshgina odam edi. Qo‘li gul ganchkor usta edi. Shaharning muhtasham saroylari u chekkan ajib, chiroyli naqshlari bilan betakror mo‘‘jizaga o‘xshardi. Ro‘zg‘ori tinch shu odamning xonadoni birdan ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Bittagina o‘g‘illarini yalab-yulqab, shamolni ravo ko‘rmay, puf-puflab, unga oydin istiqbol tilab yashardilar. Er-xotin shu arzanda bolasini Afg‘on urushiga kuzatar ekan, bag‘irlaridan bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Tagi taxtli oilaning eshigini ochib, qiziga non sindirishgan edi. Kelinning sarpolari ham taxt edi. Ota-ona orzusi cheksiz edi. Olisda — Afg‘on zaminida portlayotgan bombalar ularning xonadonida ham portladi. Temir tobutida o‘g‘lining jasadi keldi.
Eshikdan soqchilar qurshovida tobutni olib kirishganda onasi faryod urib o‘zini tobutga otdi. U qayta o‘rnidan turmadi. Hovlida qiyomat qo‘pdi. O‘sha kuni eshikdan qo‘sh tobut chiqdi.
Kelin tushadigan yasatug‘li uy huvillab qoldi. Turg‘unboyning yorqin orzulari qora yerga ko‘mildi. To‘yga atab qazilgan o‘choqqa o‘t yoqilmay qoldi. Yigirma yetti yil «sen» demay, sizlab yashagan xotinidan, o‘n sakkiz yil bag‘riga, mehriga o‘rab o‘stirgan bolasidan tumanga qorishiq xotirlargina qoldi. U ichdi, ichaverdi. Yor-birodarlarining nasihatini olmadi. Tani boshqa — dard bilmas, o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman, dedi-yu ichaverdi.
Bugun dam olish kuni emas. Turg‘unboy odati bo‘yicha faqat dam olish kunlarigina ichardi, bugun u ichdi. Ichmasa bo‘lmasdi. O‘g‘liga unashtirilgan qizni kecha dang‘illama to‘y qilib, yor-yor aytib kuyovga chiqarishdi. Turg‘unboy kechasi bilan mijja qoqmay, tebranib-tebranib o‘tirdi. Sahar payti bir dunyo g‘am bilan, sudralgandek qabristonga bordi. Qo‘shmozor bo‘lib yotgan xotini bilan o‘g‘li poyiga tiz cho‘kkanicha ko‘z yoshlarini tiyolmay uzoq tilovot qildi.
Go‘rkov kelib qo‘ltig‘idan ko‘tarmaganda hali-beri o‘rnidan turmasdi.
— Bolam, o‘zingizni qo‘lga oling. Axir siz er kishisiz. Manavu yotgan yuzlab marhumlarning ham ota-onasi, farzandlari bor. Qandoq qilamiz, bu xudoning irodasi.
Turg‘unboy bir so‘z demay boshini ekkancha darvoza tomon ketdi.
Qaytishda u ichdi. To‘yib-to‘yib ichdi.
Uning dardini aytadigan odami yo‘q edi. Aka-ukalariga yorilmasdi. Umuman, ularni ko‘rishga toqati yo‘q. Qilayotgan ishlarini ko‘rib bir otadan, bir onadan tug‘ilganiga pushaymonlar yerdi.
Bir vaqtlar akasi Nurmat tog‘aning daranglagan paytlari bo‘lgan. Poyabzal bazasida mudir paytlarida aytgani aytgan, degani degan, besh ming, o‘n ming so‘m degan gaplar og‘zining yeli edi. Shaharda o‘nta «Pobeda» bo‘lsa, bittasi shuniki bo‘lgan.
Uzoq-yaqin yurtlardan keladigan mijozlar shundoq shahri azimdan uning uyini topishi juda oson edi. Xo‘roz tarnovli oq uy qaerda, desa bo‘ldi, yosh bola ham mana, deb ko‘rsatib berardi.
U qilgan to‘ylar hali-hali og‘izlarda doston. Uning to‘yiga bir marta kelgan hofiz qistir-qistirdan tushgan pulga bemalol o‘g‘il uylasa bo‘lardi. Otasiga, onasiga bag‘ishlab o‘tkazgan ma’rakalariga ham har ehtimolga qarshi ikki guruh hofiz aytib qo‘yardi. Ashula aytsa aytar, aytmasa osh yeb ketaveradi, derdi.
Uning orqasida qancha ipirisqilar ro‘zg‘or tebratishardi. Shaharning pastqam mahallalarida xufya «iskalatlari» bo‘lardi. Nurmat tog‘a bu joylarga biron marta bormagan. Bu ishlarni singlisi Robiya boshqarardi. Chex tuflilari u vaqtlarda otliqqa ham yo‘q, piyodalarga yo‘l bo‘lsin paytlar edi. Nurmat tog‘a bazaga kelgan bu xil tuflilarning hidini chiqazmay, o‘sha birovning nazari tushmaydigan hufya «iskalat»larga jo‘natar edi.
Nima bo‘ladiyu mahallaning «qitmirlari» hid olib, xufya ombor to‘g‘risida tegishli joyga xabar qiladilar. Kechasi melisa bosadi. Uyning egasi sakson yoshlarga borib, hilvirab qolgan kampirni so‘roq qiladilar.
Yer tagida ilon qimirlasa biladigan Robiya bo‘lgan voqeani o‘sha kechasiyoq eshitadi. Mahallaga bormay qo‘yadi. «Ombor»da ming juft tufli bor edi. Yaxshiyam uch kun oldin olti yuz juftini olib ketgani, bo‘lmasa salkam mingta tufliga kuyib qolardi.
Hovlining egasi Robiya qaerda turadi, asli oti nima, bilmasdi. Ijara pulini vaqtida to‘lab turganidan keyin surishtirib nima qilaman, deb o‘ylardi.
Robiya uning uyiga borganda qora xalat kiyar, oq doka ro‘mol o‘rab qari xotinlarga o‘xshab olardi. Kampirning nurdan qolayozgan ko‘zlari uning yuzlarini durustgina ko‘rmagan. Shu sabab hovli egasi bo‘lmish bechora kampir militsiya savollariga tayinli biron javob berolmadi.
Shundoq shahri azimda Robiyani qidirish oson gap emasdi. Uni izlash qora po‘stakdan burga qidirishdek gap edi. Hilvirab, omonat bo‘lib, ana ketaman, mana ketaman, deb turgan kampir uch kundan keyin jon taslim qildi. Sakson yil toat-ibodat qilgan: tong saharlarda xudodan imonimni salomat qil, deb iltijolar qilgan bir mushtipar kampir yuzi qaro bo‘lib Alloh dargohiga ko‘chdi. Militsiya tintuv paytida olgan tuflilarni egasiz mol sifatida davlat hisobiga o‘tkazdi.
O‘sha kezlari bayram arafasida militsionerlarga yangi yozlik forma berishga tayyorlanayotgan edilar. Faqat qora tufli topish muammo bo‘lib turgan edi. Shahar militsiyasining boshlig‘i yuqori idoraning ruxsati bilan pul o‘tkazib, tuflilarni o‘zlariga olib qoldi.
Bayram namoyishini tartibga solib turgan militsionerlarning oyog‘ida qora tufli ko‘rgan Robiya, «Qora tufli kiygan oyoqlaring sinsin», deb qarg‘ardi.
U bo‘ldi, bu bo‘ldi, aka-singil bir mo‘min-musulmon, mushtipar kampirning fojiaviy o‘limiga sabab bo‘ldi.
Bu sir sirligicha qoldi deb o‘ylashadi. Ammo Turg‘unboy bu gaplardan xabardor. Shuning uchun ham aka-singillarini ko‘rishga toqati yo‘q. Ko‘rdi, so‘kaveradi. Ayniqsa ichib olgandan keyin ularni charchaguncha, kayfi tarqaguncha so‘kardi. Uning bunaqa chidab bo‘lmas haqoratli so‘zlariga chidamay ilojlari yo‘q edi. Bu tentak piyonista ukamiz sirni ochib qo‘yishdan ham toymaydi, deb mum tishlab o‘tirishardi.
Avvallari oilasi jam, tinch paytlarda Turg‘unboy jiyani Nasibjondan xabar olib turardi. Dam olish kunlari o‘g‘lini yuborib uni oldirib kelardi. Ichiga issiq kirsin, deb o‘zi osh damlab yedirardi. Ketayotganida cho‘ntagiga zo‘rlab pul solib qo‘yardi.
Birgina Nasibjon xotini bilan borib uyini yig‘ishtirib, hovlisini supurib kelishardi. Uyda biron tansiqroq ovqat qilsalar nasiba olib borardilar. Turmushi tangroq Salima degan singlisi ham ko‘p kelardi. U serfarzand, qurilishda betonchi bo‘lib ishlaydigan erining topganini uchma-uch qilib ro‘zg‘or tebratadigan munglig‘gina bir xotin edi.
U tez-tez kelib, javrab-javrab uyini supurib-sidirib ketardi.
— Agar shunaqa ichaveradigan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying — kelmay qo‘yaman! — deb tahdid qilar, baribir akasi ichishni, Salima esa kelishni qo‘ymas edi.
Turg‘unboy bo‘lsa, ichib olib akasinikiga, opalarinikiga borib erinmay so‘kib kelishini qo‘ymasdi. Shu «vazifa»sini bajarib bo‘lib, Nasibjonnikiga gandiraklab kelardi-yu, chorpoyada oyog‘ini osiltirib uxlab qolardi. Nasibjon uni to‘shakka yotqizib qo‘yardi.
Ertalab uyg‘onib jiyanidan, kelinidan uyalganidanmi, ular turishguncha ketib qolardi.
Anzirat uning bu xil kelishlarini malol olmasdi. Faqat, «Attang, shunday odam» deb qo‘yardi.
Turg‘unboy urug‘lari o‘tirgan xonaga sherday o‘kirib kirdi.
— Nima qilib o‘tiribsanlar?! Bu bolaga yetti yot begona edilaring-ku! Amaldor bo‘lgandan keyin g‘imirlab qoldilaringmi? Qani, jo‘nalaring!
Aka-singillarning dami ichiga tushib ketdi. Suhbatning guli bo‘lib o‘tirgan Nurmat akasi tilini yutib yuborgandek jim edi. Har haftada uyiga kelib, aytadigan sassiq gaplari opasiga yod bo‘lib ketgan: «Chayqovchisan... Puldan boshqa darding yo‘q... Harom yemagan kuning uyqung kelmaydi... Sen odamxo‘rsan, aytaymi, qanaqa odamxo‘rligingni? Manavu sheriklaringga aytaymi? Qo‘rqasan-a!»
Turg‘unboy munkib-munkib choy xo‘pladi.
— Eshitdilaringmi, tish do‘xtirlarning omadi kepti.
— Nima balo bo‘pti?! — dedi tog‘asi, gap boshqa yoqqa burilganidan suyunib.
— Iya, hali xabarlaring yo‘qmi?! Shaharda yangi toifa yo‘lto‘sar-qaroqchilar paydo bo‘pti. Tramvaydami, avtobusdami, ko‘chadami — tilla tishli odamni ko‘rsa, og‘ziga ombir tiqib, tishini sug‘urib olyatkanmish. Ko‘chada, do‘xtirxonada lunjini bog‘lab olganlarning son-sanog‘i yo‘q!
— Gaping o‘lgur o‘zingdan ham sovuq!
Robiyaning gapi og‘zida qoldi.
— Itiga tilla tish qo‘ydirgan otarchi artist bor edi-ku, shu bechoraning boshiga qora kun tushib qopti. Itining kallasini kesib, olib ketishipti. Itning kallasini olgan qaroqchilar tilla tishli odamni tinch qo‘yarmidi!
— Hoy, yaramas, topib kelgan gaping shumi?
— Gapning kattasini hozir eshitasanlar. Ketasanlarmi-yo‘qmi?! — u atrofga alangladi. Tokchadagi dazmolni ko‘rib, chayqaldi, chayqala borib qo‘liga oldi. — Ketmasalaring, shu bilan urib dabdala qilaman.
Qo‘ziqoringa o‘xshagan mehmon birinchi bo‘lib o‘zini eshikka urdi. Katta xolasi Robiya dod, degancha yugurib hovliga chiqib ketdi. Birpasda uy bo‘shab qoldi. Qo‘lida dazmol bilan hovliga chiqqan Turg‘unboy: «O‘rtoqlar, bugun tozalik kuni, ya’ni «sanden», uy dizenfektsiya qilinadi!» dedi tantana bilan. — Gap shu — bu uyga ikkinchi qadam bosmaysanlar! Qoralaringni ko‘rmay! Sen qol, ketma! — dedi u Salimaga. — Sen bular toifasiga kirmaysan. Onam rahmatli o‘rdakning tuxumini bosgan ekanmi, bilmadim, ochib chiqqanlarining bittasiga ham suv yuqmaydi-ya!
— Onam rahmatliga til tekkizma, diydoring qursin!..
Opasi uni qarg‘ay-qarg‘ay, akasi so‘ka-so‘ka chiqib ketdi.
— Endi menam ketay, — dedi Salima. — Borib, bolalarga ovqat qilay.
— Nima qilasan ovqat qilib?! Mana, ko‘rayapsanmi, bir qozon palov damlog‘lik turibdi. Shundan bitta tog‘oraga bosib beramiz! Opalaringni haydaganimga xafa bo‘ldingmi? Qo‘y, xafa bo‘lma! Ular odammas. Achinma.
Turg‘unboy har galgidek javray-javray chorpoyada uxlab qoldi.
Nasibjon yigirma yildan ortiq yo‘q bo‘lib ketgan, och-yalang‘och qolganda holing ne, deb bir marta xabar olmagan, bir kosa oshini ravo ko‘rmagan, brezent tuflida qor kechib kelganda uch so‘m pulini ayagan, sakson ming g‘isht quydirib, haqqini bermagan, endi yurtga qo‘shilib, mehnati bilan el nazariga tushganda, hukumat iltifotiga erishganda, vazirlik lavozimiga loyiq topilganda, go‘sht isini sezgan aridek paydo bo‘lgan urug‘laridan nafratlanib ketdi.
Turg‘unboy tog‘asi mast bo‘lsa ham, rost aytdi.
— E-e, jiyan, bularning gapiga kirma! Ularni qishdan qolgan qarg‘alar deb, o‘z ishingni qilaver! Bilib qo‘y, saraton qancha qizisa, sovuq kunlarni sog‘ingan qarg‘alar shuncha qattiq qag‘illaydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.