OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherzod Komil Xalil. Oqqushlar (hikoya)

Buta shabbalari qoplagan o‘rmon ichkarisidagi ko‘l, aprel epkinida, chakalakzorning quyuq salobatiga monand sokingina jimirlardi. Hisor vodiysidagi bu gadoytopmas go‘shaga men, Ornitologiya institutida ilmiy ishimni tasdiqlatganimdan so‘ng, oqqushlar haqidagi tadqiqotimni davom ettirish maqsadida kelgandim. O‘rmon qorovuli Zohir chol avvaliga meni sovuq va tahdidona kutib olgan bo‘lsa-da, RO‘XBB* dan menga berilgan «Hisor o‘rmon xo‘jaligida qushlar haqida tadqiqot olib borishga ruxsat beriladi» degan tavsiyanomamga ko‘z yugurtirgach, ancha hovuridan tushdi. Hatto: – Istasang, menikida yashashing mumkin, – dedi.
 Bu taklif menga moydek yoqib tushdi. Ertasigayoq, Kitob shahar mehmonxonasidagi lash-lushlarimni olib, cholnikiga ko‘chib keldim. Cholni yaqindan bilganlar undan ko‘ra soqov afzal deyishardi. Haq gap ekan. Biz u bilan har kuni ertalab ryukzak va miltig‘imizni yelkaga osgancha, uydan o‘rmon aylangani chiqib, kechga yaqin horib-chorib qaytardik. Zohir chol bilan kun bo‘yi birga bo‘lsak-da, uning og‘zidan biror gap olish qiyin edi. U nuqul munshtugini tutatar, savollarimga uzuq-yuluq javob berar, o‘zi esa, uncha-munchaga biror gap so‘ramasdi. Men uning og‘ziga talqon solib olganini, cholning ko‘p yillardan buyon yolg‘iz yashayotganiga yo‘ygandim va nazarimda bu to‘g‘ri ham edi. Men oqqushlar haqida dala tadqiqotlari o‘tkazish uchun bu yerga kelganimni chol bilmasdi. Negaki, tuman o‘rmon xo‘jaligi ma’sul vakili meni bu yerga yetaklab kelarkan, oqqushlar to‘g‘risidagi tadqiqot o‘tkazishingizni qorovul cholga aytib yurmang, ozgina oqqushlar bilan bog‘liq patologiyasi bor degandi. Men avvaliga ma’sul vakilning so‘zlariga e’tibor bermagan bo‘lsamda, lekin nimagadir cholga dabdurustdan oqqushlar to‘g‘risida so‘z ochishga-da botinmadim. Shuning uchun u meni nuqul boshqa qushlar yashaydigan joylarga yetaklab borar, o‘rmon ichkarisida yashovchi quloqli ukkilarni, tumshug‘i bilan qarag‘ay novdasini cho‘qilayotgan qizilishtonlarni ko‘rsatar va men ularga deyarli qiziqish bildirmasdim. Oqsuvdaryoning sizava suvi kelib quyuluvchi ko‘lni va unda suzib yurgan oqqushlarni ko‘rganda biroq o‘zimni tutib turolmadim: – Men bu yerga aynan mana shu oqqushlar uchun kelgandim, - quvonchdan porlab cholga qaradim.
Uning esa, yuzidan azbaroyi zahar tomardi. U ichiga botiq ko‘zlari bilan, oqara boshlagan qalin qoshlari, xiyol qora tuklari bor soqoli va xuddi shunday sochlari orasidan menga shunday qahrli qarab turardiki, men kalovlanib, sal bo‘lmasa, o‘zimni yo‘qotib qo‘yayozdim.
– Nima, qishloqdagi anovi bekorchilar senga bu haqda aytib berdimi? – degancha To‘lqin chol men tomonga xezlanib kela boshladi.
– Nima haqida gapirayapsiz, o‘lay agar, tushunolmayapman, – dedim men, o‘zimni imkon qadar xotirjam tutishga urinib.
– Mening oqqushlar bilan bog‘liq kechmishimni aytib berishdimi?.. – uning ovozi yanada tahdidliroq tus olib, tuyqusdan mening giribonimdan oldi.
 Men hech narsadan xabarim yo‘qligini aytdim. U mening ko‘zlarimga bir pas tikilib turdi-da, haqiqatan ham hech vaqodan xabardor emasligimga ko‘zi yetgach, yoqamdan qo‘lini olib, nari ketdi. Men hech narsani tushunolmay hayron edim. Cholning baqiriqli ovozidan hatto ko‘ldagi oqqushlar ham cho‘chib uchib ketgandi. U munshtugini tutatgancha ko‘l bo‘yida borib o‘tirdi. Ryukzagi va miltig‘ini yerga qo‘ygancha, moxorka chekarkan, men bir pas unga qarab turdimda, cholni yonida asta cho‘kkaladim. U menga e’tibor ham qilmasdan ko‘lga nursiz bir alfozda boqarkan:
 – Meni kechir, – dedi. – Men, mazax qilayapsan deb o‘ylabman.
 – Nima bo‘lgan edi o‘zi? – dedim men. – Oqqushlar haqida gapirganimda bunchalar qizishib ketdingiz. Men rostdan hech narsani tushunmadim.
 To‘lqin chol menga siniq nigoh bilan qaradida:
 – Men bir ish qilib qo‘yganman, – dedi. U endi ancha xotirjam ko‘rinardi. Mening savolomuz tikilib turishim unga malol keldi shekilli, ko‘p kuttirmasdan asta-sekinlik bilan shoshilmay gapira boshladi:
 – Bu voqea yoshlik davrimda bo‘lgan. Biz, o‘rmon etagidagi qishloqda yashardik. Otam – o‘rmonchi, onam, men va singlim uning qaramog‘ida tinchgina umrguzaronlik qilib kelardik. Men ulg‘ayib yigitlar safiga kirib qolgandim. Qishloqning mana-man degan qizlari ko‘cha-ko‘yda menga olovli o‘g‘rincha nigoh tashlashlarini sezardim. Otam o‘rmonchi bo‘lgani bilan topish-tutishi yaxshi, har holda qishloqdagi to‘q oilalardan biri edik. Otam o‘rmonda qorovul va buning ustiga mohir ovchi bo‘lgani sabab, biznikiga tez-tez tuman kattalaridan tortib, qandaydir uzoq joylardan kelgan brakanerlar ham tashrif buyurib turardi. Negaki, otamning ruxsatisiz, o‘rmonga hech kim yo‘lolmasdi. O‘rmonda ov qilish uchun o‘sha brakanerlardan tortib, tuman kattalarigacha otamga xushomad qilishardi. Ba’zan otam ular bilan birga ovga borar, agar royish bildirsa, meni ham qo‘shib olardi. Doimo miltiq otib yurganim uchun, ulg‘aygunimga qadar, qishloqda ovchilik sohasida otamdan keyin ikkinchi kishi edim. Qishloq qizlari nazarimda menga shuning uchun ham havas bilan tikilishgan bo‘lsa kerak. Chunki qizlar hamma vaqt jasoratli erkaklarni yoqtirishadi. Lekin o‘sha qizlar ichida bittasi bor edi. Men unga ko‘nglimni yorganimda, u faqat bitta shart bilan rozi bo‘lishligini bildirgan. Ey-y, o‘ziyam ketivorgan sarvqomat qiz edi-da. Men unaqasini sira ham ko‘rmagandim. U Mutalboy degan maktab direktorining qizi edi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim direktorning shunday go‘zal qizi borligini sira ham ko‘rmagan ekanman. Men uni keyin, qiz universitetga o‘qishga kirib, yozgi ta’tilda qishloqqa qaytib kelganida tasodifan ko‘rib qoldim. U ikki dugonasi bilan Oqsuvdaryo bo‘yida sayr qilib yurgan ekan. Men yelkamga o‘n olti kalibrli miltig‘imni ilib olgancha, o‘rmondan – ovdan qaytib kelayotgandim. Qo‘limda bir necha otilgan yovvoyi o‘rdaklar bor edi. Qizlar meni ko‘rib angrayib qolishdi. Men ularga e’tibor bermasdan o‘tib ketayotgandim. Lekin shu payt kimdir:
 – Ovingizni tamosha qilsak bo‘ladimi aka, – deb qoldi. Bundoq qarasam, ko‘zlari qop-qora, sochlari taqimi yelkasiga tushadigan, qalamqosh qiz menga umidvor nigoh bilan boqib turardi. Ishonasanmi, yuragim birdan jiz etib ketdi. Boshqa qiz bo‘lsa, nima deyishni o‘zim bilardimu, lekin, bunday jozibasi o‘ziga tortadigan maftunkor qizga yo‘q deya olishga men hali juda yoshlik qilardim. Shuning uchun to‘xtab, qizlarga o‘rdaklarni ko‘rsatdim.
 – Qulfinisa, anovi o‘rdaklarni qara, patlari qanchalar chiroyli, tovlanishini aytmaysanmi, bechoragina, – dedi unga qizlardan biri.
– Esizgina, nar o‘rdak ekan, – dedi Qulfinisa. Men unga tikilib turardim. U mening ta’qib qiluvchi nigohlarimni ilg‘adi shekilli, meni chalg‘itish uchun:
– Siz yaxshi ovchi bo‘lsangiz kerak-a?.. – dedi. Men kamtarlikni yig‘ishtirib qo‘yib:
– Ha, men yaqin atrofdagi eng yaxshi ovchiman, – dedim.
 Qizlar menga g‘alati jilmayib qo‘yishdi. Qulfinisa bo‘lsa, qoshlarini chimirgancha menga qarab turarkan, tap tortmay:
– Rostdan ham yaxshi ovchimisiz?.. – deb so‘radi. Men:
– Albatta, – dedim. Qizlardan biri meni yonimni olib Qulfinisaga:
– Zohir aka, rostdan ham ajoyib ovchi, – dedi. Men unga minnatdorona nigoh bilan qarab qo‘ydim. Qulfinisa bo‘lsa mayinlik bilan:
– Siz, menga bir masalada yordam bera olasizmi? – dedi. Qiz meni tobora o‘ziga ohangrabodek tortib borardi. Shuning uchun men unga:
– Siz uchun hamma narsaga tayyorman, – deganimni bilmay qolibman. Mening bu shartakiligimdan Qulfinisaning dugonalaridan biri piq etib kuldi. Men o‘zimni bunchalik eshib yuborganimdan biroz xijolat tortdim. Qulfinisa ham buni sezdi shekilli, kulgan dugonasini biqiniga menga bildirmasdan asta turtib qo‘ydi. Lekin men buni ko‘rib turgandim. Vaziyatdan chiqib ketish maqsadida Qulfinisaga:
– Sizga qanday yordamim kerak?.. – dedim. Qulfinisa biroz xijolat chekib:
– Sizga keyin aytaman, – dedi. Qulfinisaning bu gapi mening yuragimga umid va taskin berardi. Men qizlar bilan xayrlashdim. O‘rdaklarimni ko‘tarib jo‘narkanman, ular meni ortimdan kulib qarab qolishdi. Men o‘sha kundan boshlab Qulfinisa haqida o‘ylab yurdim. Tanishlarimdan so‘rab-surishtirib, uni Mutalboy direktorning qizi ekanligini, qushlarni o‘rganadigan qandaydir ornitologiya sohasida, universitetda o‘qiyotganligini bilib oldim. Bir hafta davomida qizni ko‘rish ilinjida toqatsizlanib yurdim. Avgustning oxirlarida nihoyat men uni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. To‘g‘rirog‘i, u meni ko‘rgani singlimdan ayttirib yuboribdi. Biz Oqsuvdaryo bo‘yida uchrashadigan bo‘ldik. Men uning oldida viqorliroq ko‘rinish uchun, xuddi o‘rmonga ketayotgan ovchidek, miltig‘imni yelkamga osib olgan, peshonamga esa, sochimni ko‘tarib turishi uchun oq lenta tang‘ib olgandim. Qandaydir o‘zgacha ko‘rinishga harakat qilardim-da. Uni daryo bo‘yida kutib turganini ko‘rarkanman, yuragim duk-duk ura boshladi. U menga nimadir aytmoqchi ekanligini bilardim. Mening ham unga aytadigan gapim bor edi. Qulfinisaga yaqinlasharkanman, unga ko‘ngil izhor qilishimni dilimga tugib qo‘ydim. U ma’sum binafsha kabi ochilib ketgan, Oqsuvdaryo shamoli uning sochlarini o‘ynardi. Meni ko‘rishi bilanoq, yuzlari qizarib ketdi, lekin tezda o‘zini qo‘lga olib, menga shirin tabassum hadya qilarkan, men uni chindan ham qattiq sevib qolganligimni tushundim. Shuning uchun men u bilan so‘rasharkanman:
– Sizni kuttirib qo‘ymadimmi, – dedim, yuragim hapriqib. Qulfinisa:
– Yo‘q, Zohir aka, – dedi. – Qaytanga men sizni bezovta qilib qo‘ydim.
U so‘zlarkan, men uning nihoyatda o‘ziga tortadigan jozibasi oldida oyoq-qo‘llarimdan mador ketayotganligini his qilib turardim. To‘g‘risi men bunday ko‘yga uzoq bardosh berolmasdim. Bunga sabrim yetmasdi.
– Qulfinisa, – dedim men. – Menga qandaydir gapingiz borligini aytgandingiz. Men shuning uchun bu yerga keldim, qolaversa, mening ham sizga aytadigan ayrim gaplarim bor. Bilasizmi, nima desam ekan sizga...
U menga jim qarab turarkan, gaplarim chalishayotganidan dabdurustdan:
– Zohir aka, menga oqqush otib bering, – dedi. – Siz axir yaxshi ovchisiz-ku?.. Men bunday g‘alati istakdan hayron bo‘lsamda, Qulfinisaga:
– Xo‘p, – dedim. – Oqqush sizga nima uchun kerak?.. Men bunaqa qushlarni hech qachon otmaganman. Ammo siz aytgan ekansiz, ularni otishdan boshqa ilojim yo‘q.
Qiz mening bunday so‘zamolligimdan biroz xijolat bo‘lib:
– Men uni universitetga olib ketaman, – dedi. Men o‘qiydigan ornitologiya fakulteti muzeyida juda ham ko‘p qushlarning tulumi bor. Lekin oqqushlarniki yo‘q. Bizning o‘qituvchimiz muzeyda yo‘q qushlarni kimni yashaydigan joyida bo‘lsa, xoh tirik, xoh o‘lik holda keltiringlar deb aytgandi. Men Hisor o‘rmon xo‘jaligida oqqushlar borligini aytib, men keltirishim mumkin deb va’da berib qo‘ygandim. Dugonalarim sizni yaxshi ovchi deb maqtashgani uchun, siz menga yordam bera olasiz deb o‘yladim.
 – Oqqushlarni tulum qilishadimi?.. – dedim men, xavotir olib.
–Ha, – dedi u sekingina. – Menga yordam berasizmi?.. Men o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ldim. Qulfinisa, ertaga shaharga o‘qish uchun jo‘nab ketishini aytdi.
– Siz, qishlog‘imizga qachon qaytib kelasiz?.. – deb so‘radim.
– Qishda, kuzgi semeystr tugagandan so‘ng, – dedi u.
– Men qishgacha, oqqush tutib berishga va’da beraman, – dedim. – Mabodo uni tirik tutsam, siz kelguncha qafasga saqlayman. Aks holda, men oqqushlarni otishga majbur bo‘laman. Sizga baribir tulum kerak-ku?..
Qiz men bilan xayrlashmoqchi ekanligini bildirdi. Men hali unga gapimni aytmagandim.
 – Mayli, bo‘lmasa, Zohir aka, siz bilan kelishdik, – dedi u. Men:
– Xayr, – dedim. U men bilan xayrlashib, asta orqasiga yurib keta boshladi. Shamol uning badaniga yopishgan chit ko‘ylagi va sochlarini hilpiratardi. Shu payt mening yuragimdan nimadir chirt etib uzildi. Men zo‘r-ba’zur nafas olarkanman, hozir unga sevib qolganimni aytmasam o‘lib qolaman deb o‘yladim. Butun irodamni jamlab, ichki bir hayojon bilan:
– Qulfinisa, to‘xtang, – dedim. U yalt etib menga qaradi. Men sohil bo‘ylab u tomonga yurib bora boshladim. Qiz hayron bo‘lib to‘xtarkan:
– Zohir aka, nima gap?.. – dedi. Uning qoshlari chimrilgandi.
– Sizga aytadigan gapim bor edi, – dedim men ovozim biroz titrab. U ko‘zlarini pirpiratib, misli ohu kabi menga qarab turardi.
– Qulfinisa, sizni…– tilim kalovlanib qoldi meni. –Sizni yoqtiraman!
 U uyalib yerga qaradi. Bir pasga ikalamiz ham jim bo‘lib qoldik. Qulfinisani bilmadimu, mening vujudim sassiz titrardi. Men unga umidvor nigoh bilan qarab turardim. Nihoyat u menga:
– Xo‘p, Zohir aka, – dedi. – Men bu haqda o‘ylab sizga javobini aytaman. Ungacha siz menga oqqush tutib bering. Mayli, yaxshi qoling.
 U men bilan xayrlashib, tez-tez yurib ketdi. Uning ortidan qarab qolarkanman, men entikib-entikib nafas olardim. Shundan so‘ng, men uni qishgacha boshqa ko‘rmadim. Bu vaqt ichida nima qilib bo‘lsa ham tirik oqqush tutish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Bu judayam qiyin ish edi. Men avvaliga sohilga to‘r qo‘yib, oqqushlarga xo‘rak tashladim. Negaki, men Qulfinisaga tirik oqqush sovg‘a qilishni o‘ylardim. Go‘yoki, agar tirik oqqush sovg‘a qilsam, u mening dil izhorimni qabul etadigandek edi. Lekin oqqushlar ham anoyi emas ekan. Men qo‘ygan xo‘raklarga ular umuman e’tibor qilishmadi. Xo‘rakka nuqul yovvoyi o‘rdaklaru, botqoq sariq chumchuqlari va moshaklar ilinardi. Deyarli bir yarim oy davomida shu yo‘lda harakat qilgan bo‘lsamda, mening xo‘ragimga biror bir oqqush ilinmadi. Ular o‘z xo‘ragini asosan ko‘ldan izlashardi. Mening butunlay xafsalam pir bo‘ldi. Vaqt esa siqib kelardi. Nihoyat men tirik oqqush tutish uchun boshqacha yo‘l tutishim kerakligini angladim. Bu paytlar oktyabrning sovuqlari tushib qolgandi. Men ko‘l ichida yashirinib, oqqushlar kelib qo‘ngach, shart oyoqlaridan ushlab olish mumkin degan xayolga keldim. Albatta suv sovuq edi. Lekin nachora, jon kuydirmasang jonona qayda, deyishadi-ku?! Ko‘lda oqqushlar qo‘nadigan joylarni aniqlab olgach, o‘sha joydagi yalang‘och bo‘lib sho‘ng‘irdim-da, soatlab oqqushlar kelishini kutardim. Suv ostidan qamish naychasini tashqariga chiqarib nafas olardim. Suvga sho‘ng‘iyverib, ko‘l suvining sovuqligiga ham moslashib ketgandek edim. Men ko‘p urindim, lekin natija chiqara olmadim. Oqqushlar ham, boshqa qushlar ham juda sezgir ekan. Ular suv ostida xavf borligini oldindan payqashar, men sho‘ng‘igan joyda umuman yaqinlashishmas, ular tomon suv ostidan suza boshlaganimni sezishlari bilanoq, ko‘ldan uchib ketishardi. Men sovuqda suvga sho‘ng‘iyotganimni otamga ham, onamga ham, hatto sirdoshim bo‘lgan singlimga ham, hech kimga aytmagandim. Kasalni yashirsang, isitmasi baribir oshkor qilar ekan. Sovuq suvga ko‘p tushaverib, men shamollab qoldim. Bir kun ertalab uyqudan uyg‘onganimda qattiq isitmam borligini his qildim. Men o‘rnimdan turishga harakat qildim, lekin, bunday holatda suvga sho‘ng‘ish u yoqda tursin, o‘rmonga ham yurib bora olmasligimni tushunib yetdim. Xullas, men betob bo‘lib yotib qoldim. Ha, deganda tuzalavermadim, otam meni Kitob shahar kasalxonasiga olib borib yotqizdi. Vrach meni juda ham qattiq shamollaganimni aytdi. Men deyarli bir oylar chamasi shifoxonada davolandim. Shu vaqt davomida, Qulfinisa haqida, unga qanday qilib oqqush tutib berishim to‘g‘risida tinmay o‘yladim. Uning qishloqqa qaytib kelishiga oz muddat qolgandi. Kasalxonadan chiqishim bilanoq, ikki kun o‘tar-o‘tmas, onamni javrashlariga qaramay, miltig‘imni yelkamga osgancha, o‘rmonga, ko‘l bo‘yiga bordim. Axiyri, oqqushlarni tirik tutishga ko‘zim yetmasligiga aqlim yetgandi. Nihoyat, men bitta oqqushni otib olaman degan to‘xtamga keldim. Barglari to‘kilaverib so‘ppayib qolgan butalar orasidan yaxshi joy tanladim-da, ko‘lga kelib qo‘ngan oqqushlardan birini nishonga ola boshladim. Endi o‘q uzaman deb turganimda, yelkamga kimdir qo‘lini qo‘yganini sezdim. O‘girilib qarasam otam:
– Oqqushlarni ham otasanmi, yirtqich, -dedi u. – Senga shunday qilishni o‘rgatganmidim.
– Men, bilasizmi ota… – dedim, nima deyarimni bilmay.
– Ota dema meni, – u mendan biroz nari ketdi. Men otamni juda yaxshi ko‘rardim. Menga bunday qahrli muomila qilganlarini ilgari sira ko‘rmagandim. Uni xafa qilib qo‘yganimdan juda ta’sirlanib ketdim.
– Ota, meni kechiring, – dedim men. U menga bir muddat tikilib turdida:
– Ularni nega otmoqchi bo‘lding, – dedi. Men unga to‘g‘risini aytishga qaror qildim va boshimdan o‘tgan hamma voqeani unga aytib berdim. U jimgina tingladi-da:
– Nega ilgariroq menga aytmading, – dedi. – Seni kasal bo‘lishingdan onang ikalamiz, qanchalar siqilganimizni bilasanmi?.. Men:
– Kechiring, ota, sizni xafa qilmoqchi emasdim – dedim. Otam:
– Mutalboy direktorning qizini sevib qolgan bo‘lsang, yaxshiku-ya, lekin oqqushlarni otishing, bu juda ham yomon, – dedi.
– Men faqat bitta oqqush otaman. Tushunayapsizmi ota, otmasam bo‘lmaydi.
 Otam jim bo‘lib qoldi. Men uning nigohidan biroz qahr va norozilik alomatini payqadim. Uning ko‘zlarida o‘rmonga beruxsat ovga kelgan brakanerlarni qo‘lga tushirgan paytlaridagi nafrat aks etardi.
– Zohirjon, o‘g‘lim, oqqushlarni otish mumkin emasligini bilasanmi?..
– Agar bitta oqqushni otsang, uni juftini ham halok qilgan bo‘lasan. Aytishlaricha, oqqushlardek bir-biriga vafo qiladigan boshqa qushlar yo‘q ekan. Mabodo, ularning biriga biror kor-hol bo‘lsa, ikkinchisi, o‘ziga boshqa juft topmaydi. Juftsiz qolgan oqqush tez orada halok bo‘ladi, tushunyapsanmi?! Men:
– Ha, bu haqda eshitganman – dedim. Otam menga g‘alati qarab qo‘ydida:
– Uyga bor, – dedi. So‘ng, menga e’tibor ham qilmasdan o‘rmon yo‘lagi bo‘ylab keta boshladi. Men uning ortidan to u butalar orasida ko‘rinmay qolguncha qarab qoldim. Shundan so‘ng, negadir oqqushlarni otishga yuragim boshqa betlamadi. Bilmadim, otamning yuzidan o‘tolmadimmi, yo, oqqushlarga achindimmi, bir narsa deya olmayman. Qulfinisa, qishloqqa, yangi yilda qaytib kelgunga qadar, men har kuni o‘rmon aylangani kelar, birorta oqqushni otishga chog‘lanar, lekin har gal negadir fikrimdan qaytardim. Nima bo‘lsa, bo‘lar, bitta oqqushni otaman degan qarorga kelganimda, mening xayolimni bir o‘y cho‘lg‘ab oldi. Xo‘p, otdim ham deylik, Qulfinisa kelgunga qadar, o‘lik oqqushni qanday saqlayman. Men tulum tayyorlashni bilmasdim, biroq, qush o‘ligini bir haftadan so‘ng va undan keyin qanday bijg‘ishini tasavvur qilardim. Shuning uchun, yaxshisi Qulfinisa kelgandan keyin, uni o‘rmon ichidagi ko‘l bo‘yiga taklif qilaman-da, uning ko‘z o‘ngida tulum bo‘lishi kerak bo‘lgan oqqushga o‘q uzaman degan qarorga keldim. Bu xayol meni o‘ziga o‘ziga shunchalik rom qildiki, unga ko‘ra, Qulfinisa qishda qaytib kelsa, o‘rmon oppoq qorlarga belangan bo‘lishi-yu, biz u bilan qalin qorlar oralab, ko‘l bo‘yiga kelishimiz, men o‘n olti kalibrli miltig‘imdan oqqushga o‘q uzishim, so‘ng uni suvdan olib chiqishim va Qulfinisaning qo‘liga tutqizishim, uning shodlanishi, men esa, uning qo‘nglini so‘rashim, bundan, qizning yuzlari uyatdan lov-lov yonishini tasavvur qilardim. Keyin biz, o‘rmondan uyga qaytamiz, u meni paltomni egnidan ushlab oladi. Yo‘l-yo‘lakay, men uning ko‘ziga qarayman, u esa, uyalib yerga qaraydi. Ertasiga otam ularnikiga sovchilikka boradi, keyin yozda to‘yimiz bo‘ladi, biz baxtli yashaymiz va men uni har kuni oqqushlar yashaydigan ko‘l bo‘yiga olib kelaman. Oqqushlarni tulum qilishni nima keragi bor, muzeyshunoslaringga borib ayt, ularni shu yerda kelib ko‘rishsin deyman. Qulfinisa kelgunga qadar, mening xayollarim ana shunday edi. Nihoyat, men kutgan qish keldi. So‘ppayib qolgan o‘rmon, suvlari tortilgan daryo bo‘ylari va ko‘l atroflari oppoq qorlarga belandi. Yangi yildan bir kun oldin men Qulfinisaning kuzgi semeystrni tugatib qishloqqa kelganini eshitdim. Singlim, uni men bilan o‘rmondagi ko‘l bo‘yida uchrashmoqchi ekanligini aytdi. Otam:
– Mayli bor, – dedi.
 Hammasi o‘ylaganimdek ketayotgandi. Men ustimga Qulfinisa egnimdan tutadigan paltomni kiyib oldim. Yelkamga har doimgidek, miltig‘imni osib olgandim. Qishloqdan pastlikka qarab yurib borarkanman, avval Oqsuvdaryoning muzlagan qirg‘oqlarini, so‘ng daryo ustidagi sirpanchiq ko‘prikdan o‘tib, butazorlar boshlangan o‘rmonni, qorlar ichidan tikkiyib chiqib turgan sarg‘aygan qamish novdalarini ko‘rdim. Ko‘l tomonga qarab yurarkanman, o‘rmon qarag‘aylari ustidan qop-qora qarg‘alar odam sharpasini ilg‘ab ko‘kka uchib ketar, mening boshimga daraxtlar shoxidan shig‘alab qor tushardi. Men hali Qulfinisa kelmagan bo‘lsa kerak deb o‘yladim, hatto, o‘rmonning jimjit va vahimali bu joylariga u qanday kelarkan deb, undan xavotir ham olib qo‘ydim. Lekin ko‘p o‘tmay xavotirim o‘rinsiz ekanligini ko‘rdim. Men ko‘lga qarab ketadigan yo‘lakda odam izlari borligiga ko‘zim tushdi. Izlar qorda aniq-tiniq ko‘rinib turar, ajabo, ular bir kishiniki emas edi. Tez orada, bu yerdan mendan oldin ikki kishi o‘tganligiga shubham qolmadi. Har holda izlar shundan dalolat berardi. Men bu yerga Qulfinisa, kim bilandir kelgan, qiz bola bir o‘zi bu yerga qanday ham kelardi deb o‘yladim. Ishqilib, u Mutalboy direktor bilan kelmasin-da, unda mening shu paytgacha o‘ylab yurgan orzularim men aytgan taxlitda amalga oshmasdi. Agar biror bir dugonasi bilan kelgan bo‘lsa, boshqa gap, uni bu yerdan jo‘natib yuborishning biror yo‘lini qilaman. Shunday o‘y ichra ko‘lga yaqinlashib ham qolganimni bilmadim. Men ularni shundoq o‘ttiz-qirq metrlar naridan ko‘rdim. O, ko‘rgan ko‘zlarim, o‘shanda, oqib tushsa bo‘lmasmidi?! Qandaydir, mo‘ylovli yigit, uning yoshi mendan picha katta edi, mening Qulfinisamni og‘ushida quchoqlab, lablaridan o‘pardi. Ular shunchalik berilib ketishgan ediki, hatto, meni yaqinlashib qolganimni ham sezishmadi. Men turgan joyimda dag‘-dag‘ titrar, oyog‘imdan jonim chiqib ketayotgandek edi. Bir-birlarini yalab-yulqasharkan, nihoyat ular meni ko‘rishdi. Qulfinisa, yuzlari biroz qizarib, sharta, mo‘ylovli yigitni og‘ushidan yulqinib chiqdi-da, vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib:
– Zohir aka, keldingizmi?..
 Men o‘tkir ko‘zlarimni unga jim tikib turardim. Mo‘ylovli yigit ham, biroz xijolatomuz, ammo o‘ziga kiborona tus berib:
– Keling, ovchi yigit, – dedi. – Siz haqingizda, Qulfinisa aytgandi, bizga allaqachon oqqush tulumini olib qo‘ygan bo‘lsangiz kerak-a?..
– Jim bo‘l, pastkash! – dedim men. U dovdirab qoldi. Qulfinisa esa:
– Zohir aka, u mening kursdoshim, unga bunday gapirmang, u mehmon-ku? Bu yerga oqqushlar yashaydigan ko‘lni ko‘rgani kelgan, – dedi.
 Mening miyamda qon yugurdi. Ichimdan qandaydir xo‘rlikka o‘xshash, g‘azabshivanda tuyg‘u butun tanamni qoplab olgandek bo‘ldi. Qanday qilib yelkamdan miltiqni qo‘limga olganimni ham bilmayman. Faqat Qulfinisaning:
– Zohir aka, iltimos unday qilmang, unday qilmang, – deganlarini eslayman. Lekin men ko‘ru-kar bo‘lib qolgandim. Mening qo‘limdagi miltiqni ko‘rib, mo‘ylovli yigit bir pas esankirab turdida, so‘ng orqa-oldiga qaramay qocha boshladi. Shuning uchun men avval unga, so‘ng Qulfinisaga qarab o‘q bo‘shatdim. Ikalasi ham shilq etib yiqildi. Bu shunday tez ro‘y berdiki, men nima qilganimni ham bilmay qoldim.O‘q ovozidan ko‘ldagi qushlar parillab uchib ketdi. Men ular ichida qandaydir oqqushlar ham borligini arang ilg‘adim. Qorda qip-qizil qon oqardi. Men miltig‘imni uloqtirgancha, Qulfinisa yiqilgan joyga yugurdim. U qoniga bo‘yalib yotar, ko‘zlari yoshga to‘lgan, lekin gapira oladigan holatda emasdi. Men uning oldida cho‘kkalagancha, nozik qo‘llarini quchib o‘kirib yig‘lardim.
– Nega bunday qilding, Qulfinisa, nega bunday qilding?.. – derdim men. U menga nimadir demoqchi bo‘lar, lekin aytolmasdi. Ko‘p o‘tmay ko‘zlarini katta-katta ochgancha, qotib qoldi. Mening ko‘zlarimdan duv-duv oqayotgan yoshlar uning muzdek bo‘lib qolgan yuzlarini yuvardi. Uning tepasida yig‘lab qancha o‘tirganimni bilmayman. Ketar chog‘da uning ko‘zlarini yopib qo‘yganligimni eslayman. Oqqushlar hech qachon xiyonat qilmaydi degan tuyg‘u o‘tdi ko‘nglimdan. Mo‘ylovli yigitga esa, qaramadim ham, u o‘sha zahoti o‘lgan bo‘lsa kerak. Men to‘g‘ri uyga kelib, o‘rmonda odam o‘ldirganimni otamga aytdim. Uning ko‘zlaridan o‘t chaqnab ketdi. U nima qilayotganini ham bilmay, miltig‘imni qo‘limdan tortib olgancha, meni qulochkashlab ura ketdi. Onam va singlim dod solib yig‘lashar, mening esa hushim o‘sha pallada joyida emasdi. Bir emas, ikki odamni o‘ldirganim butun qishloqqa shov-shuv bo‘lib ketdi. Mutalboy direktor mening o‘lim jazosiga hukm qildirish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi. Menga esa, endi hech narsaning farqi yo‘q edi. Lekin sud menga nimagadir o‘lim jazosini bermadi. Otam o‘rmonga ov qilishga keladigan tuman kattalari bilan yaqin bo‘lganlari uchun nima qilib bo‘lsa ham, meni o‘lim jazosidan qutqazib qolgan bo‘lsa kerak. Sud meni uzoq, yigirma besh yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Qamoqda shuncha yil o‘tirib chiqdim, lekin u yerdan tirik chiqdim.
 Zohir chol siniq bir yo‘sinda menga qarab qo‘ydi. Men:
– Trubkani o‘sha yerdan orttirib kelgan ekansizda, – dedim unga. Chol turubkasiga ryukzagida olib qo‘ygan moxorkadan qaytadan solarkan, menga bilinar-bilinmas bosh irg‘ab qo‘ydi. So‘ng o‘rnidan qo‘zg‘alarkan:
– Yur, ketamiz, – dedi. – Mayli, oqqushlarni o‘rgangani kelgan bo‘lsang, shu yerga kelib o‘rganaverasan. Ana, ular yana ko‘lga uchib kelishdi.
Men oqqushlarga qarab qolarkanman, Zohir chol keta boshlaganini ko‘rdim. Uning ortidan ergasharkanman chodan so‘radim:
– Qamalib chiqqaningizdan so‘ng, sizni bu yerga yana qanday ishga olishdi?
 Chol menga beparvogina qarab qo‘ydi-da, munshtugini tutatgancha:
– O‘rmonga qorovullikka hozir kim ham kelardi, – dedi. Men hammasini tushungandek, uning ortidan asta ergashdim.

 Toshkent – Yakkasaroy. 2009

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.