OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherzod Komil Xalil. Talvasa (hikoya)

O‘sha yilgi bahor nihoyatda seryog‘in va sertashvish kelgandiki, buni biz keyinchalik ham ko‘p yillar davomida eslab yurdik. Onda-sonda quyoshli kunlarni aytmasa, ertayu kech mayda shivat yog‘ar, osmon va yerni allaqanday quyuq rutubat qoplar, ba’zida esa to‘satdan yomg‘ir shunaqangi sharros quyardiki, qochib yashirinishga joy topolmasdi, kishi. O‘rmon etagidagi qishlog‘imiz ustidan biz ba’zan yirik-yirik do‘l sevalab o‘tayotganligini, tomlarning takillashi guyo birov nog‘ora chalayotgandek taassurot qoldirib, ko‘cha-ko‘ydagi ariq va ko‘lmakchalarning ichi xuddi qor yoqqandek oppoq jala qumaloqlari bilan to‘lib-toshganligini, chorcho‘p derazalarning surunkali yomg‘irdan mog‘or bosib ketgan uniqqan romlari ichidan jimgina kuzatib o‘tirardik. Kulrang sur bulutlar ortidan gohida quyosh mo‘ralab qolganda biz iskanalik bo‘z yigitlar endilikda botqoqqa aylana boshlagan loyshang ko‘chalardan kirza etiklarda kechib o‘tib, qishloq choyxonasiga yig‘ilardikda, hammamizning umrimiz o‘zanlariga balo-qazodek bostirib kelayotgan allanechuk noma’lum va g‘ayritabiiy ofat xususida soatlab muhokama yuritardik. Yo‘q, gap faqat to‘xtovsiz yog‘ayotgan yomg‘irda emasdi, yon-atrofi baland tog‘lar bilan o‘ralgan bu o‘lkalarda ko‘klamning goho shunday kelishi, qadimgi sinoptiklarning bizning davrimizgacha yetib kelgan memuarlarida bot-bot takrorlangan, biz bunga deyarli ko‘nikib ham ketgan edik. Hamma gap o‘rmon sharqidagi yalanglikda joylashgan qishloq qabristonidan yangi ko‘milgan mayitlarning yo‘qolayotganligida edi. Biz buni qishloqdagi qari tegirmonchining vafotidan keyinoq bilib qolgan bo‘lsak-da, rahmatli tegirmonchidan keyin ham vafot etganlarning taqdiri shunday intiho topgaligini ilg‘ab tursakda, jabrdiyda va mushfiqa qariyalarning yuvib-taralgan kafandiyda mayyitlari qabriston tuprog‘idan yer yutgandek g‘oyib bo‘layotganligi sirini hali-hanuz tagiga yetib ulgurmagan edik. Ilgarilari biz choyxonalarda yig‘ilganimizda narda o‘yinlaridan qo‘llarimiz bo‘shamasdi, samovardan chiqqan otalarimiz uzzukun qarta tashlashdan nariga o‘tmasdi, qishlog‘imizning g‘iybatchi xotinlarini tillari g‘iybadan charchamasdi, endi esa, hamma-hammamiz, xuddi avvaldan gipnos qilingandek, qabristondan mayyitlar yo‘qolishi mavzusi tevaragida fikr yuritardik, umr g‘aladonimizning qum soatlari shu vahima charxpalagida aylanardi bundan bu yog‘iga hayotimiz qanday kechishi haqida o‘ylarkanmiz, bamisoli arvoh ta’qib qilayotgandek, biz hatto oqshomlari bu to‘g‘risida gapirishga ham cho‘chirdik. Bu qo‘rquv va vahima suroni, bizning qalbimiz va mintalitetimizga shunchalik kirib borgan ediki, bu hol, qachonlardir kolxoz davridan qolib ketgan eski shiyponda, katak kamzul kiygan poytaxtlik kishilar olib kelib ko‘rsatadigan vampirlar haqidagi kinolardan ham ko‘ra, bizning ongimiz va o‘zligimizga battaroq ta’sir ko‘rsatib, yuragimizga vahima va g‘ulu solardi.
Qabristondan mayyitlarning yo‘qolishi siri xususida uzoq mulohazalar yuritaverganimizdan, aniq mantiqiy mulohaza layoqatiga asoslangan fikr va taxminlar shunchalik ko‘payib ketdiki, biz ularning qaysi birlariga ishonishni ham bilolmay hayron edik. Bu bamisoli qadimgi yunon faylasuflari davrida yuzaga kelgan plyuralizm va ko‘p fikrlikning o‘zginasi edi-ki, ularga ko‘ra, hamma gap yilning siryog‘in kelishi tufayli, mayyitlar tanasi yomg‘irda ivib, uch unsur – olov, suv va havoning ta’sirida to‘rtinchi unsur bo‘lgan tuproqqa ilgarilarga qaraganda tezroq qo‘shilib ketayotganligida emish; sog‘lom fikrli yana boshqalarning aytishlaricha, bu yumronqoziqlar va dala kalamushlarining surunkali yomg‘ir tufayli yer ostidagi ozuqalari tamom bo‘lganidan va yer ustiga chiqib ozuqa g‘amlashning imkoni yo‘qligidan, chor-nochor, qurt-qumursqalarning doimiy ozuqasi bo‘lmish mayyitlar tanasini iste’mol qilishga majbur bo‘layoganligida emish; ba’zi qariyalarning eskilik sarqitlariga yo‘g‘rilgan dudmal mulohazalariga qaraganda, qishloq Xudoning qahriga uchragan emish; ular yana komil ishonch bilan ta’kidlardilar-ki, agar buning sabablari aniqlanib, shoshilinch choralar ko‘rilmasa, hali bu kunlarimiz ham holva bo‘lib qolarmish… Lekin tez orada biz aslida nima bo‘layotganligini miridan sirigacha bilib oldik. Bu haqiqatdan ham azaldan qishloq qariyalari ishonib keladigan qora jinlar to‘dasi ekan. Ana shu kezlarda qishloqdan chiqib qolgan folbin xotin, ko‘lmak va loyshanggarchilikning sirg‘anchiq go‘shalari itbaliqlar va chuvalchanglar bilan to‘lib toshgan chorshanba kunlarning birida, bu haqiqatni hammaga baralla oshkor qildi:
– Quyosh girdini zulmat qopladi, o‘rmon va qabristonda qora jinlar izg‘ib yuribdi, – dedi u paxmaygan sochlari orasidan mahzub ko‘zlarini xaloyiqqa tikarkan.
Shundan so‘ng uning o‘zi birinchilardan bo‘lib tashabbus ko‘rsatib , qishloqni gir aylangancha shamchiroqlar yoqish bilan birgalikda, qo‘liga oq va qora kaltak tutgancha jinlarni haydash amaliyotini bajardi. Biz bu mash’um haqiqatni anglab yetganimizdan so‘ng qishloqda g‘alati hodisalar sodir bo‘la boshladi. Ana o‘shanda eski hikmat sirini biladiganlar ko‘payib ketdi, ana o‘shanda, qizil xo‘rozlar va qora qo‘chqorlar haqidagi gaplar chiqdi. Folbin xotin suvaraklar izg‘ib yuradigan va o‘rgimchaklar uya qurib olgan go‘shanishin uyida sopol kosadagi azal suviga qarab fol ocharkan, undan najot so‘rab kelayotgan xotinlarga yaqin o‘rtada qora jinlar yetkazishi kutilayotgan olamshumul zarardan asrashi uchun qalampirmunchoqlar va sumbil hidi kelib turadigan tumorlarga duo o‘qib berardi. Biz ezgin yomg‘irdan shalabbosi chiqqan folbin xotinning ko‘chasidan o‘tib ketayotganimizda qizil xo‘rozlar quchoqlab va qora qo‘chqorlar yetaklab olgan odamlarning uzun qatorlarini ko‘rardik, folbin xotin esa o‘zining muroqabaga berilgan o‘yida, jinlar tajovuzidan asrovchi qora qo‘chqorlar va qizil xo‘rozlarning son-sanoqsiz adadlari xususida g‘aroyib follar ochardi.
O‘sha kezlarda odamlar shunchalik vahimaga berilgan ediki, cho‘qqisoqol qishloq imomi juma namozidan keyin xalqqa murojat qilmaguncha, biz bu vahima talvasasining qanday qilib oldini olish mumkinligi xususida deyarli boshimiz qotib qolgan edi. Imomning komil ishonch va notiqlik ruhi ufurib turgan ma’ruzasidan tushinganimiz shu bo‘ldiki, muqaddas kitoblarda garchi jinlar borligi e’tirof etilgan bo‘lsada, folbinlarga ishonish qat’iyan man etilgan ekan. Shuning uchun jinlar haqidagi asosiy gaplarga u qadar ishonmasligimiz zarur emish. Lekin ishonmay bo‘larkanmi?! Qishloqda hech bir zamonda bo‘lmagan g‘alati voqealar ro‘y berayotgandi. Kaltakesaklar xurmo daraxtlarining tanasiga yopishib olgan o‘sha yomg‘irli kunlarda qishloqda navbatdagi tahlikali xabar yangradiki, biz folbin xotinning so‘zlari haqiqatdan yiroq emasligiga batamom amin bo‘ldik. Oqsuvdaryo bo‘yiga kechga yaqin suv olib kelishga tushgan yoshgina kelinchak to‘satdan yo‘qolib qoldi. Shundan keyin uni qishloqning tizza bo‘yi keladigan loyshang ko‘chalaridan ham, ufqqa tasmadek tutashib ketgan Oqsuvdaryoning sohillaridan ham, moychechaklar o‘sib yotgan o‘rmondan ham – hech qaerdan topa olmadik. Folbin xotin chorshanba kunlari e’lon qiladigan follarida uni qora jinlar olib ketganligini yana bir karra tasdiqlagach, biz qora jinlarning qabristondagi bazmi jamshidlari endi qishloqqa ko‘chib o‘tishi mumkinligini anglab yetdek. Ana shundan keyin qishloqdagi odamlar bitta-bitta bildirmasdan ko‘chib keta boshladi. Qishloq qariyalari esa ommaviy ravishda, yalanglikdagi qabristonda o‘z hoklarini qo‘yilishiga qarshi chiqa boshladilar. O‘shanda endi vafot etish arafasida turganlar o‘z vasiyatnomalarida o‘lgandan keyin patmurda mayyitlarini qishloq qabristoniga qo‘ymaslikni vasiyat qilishar, hatto bundan ko‘ngillari to‘q bo‘lishlari uchun shahar notariuslarida qonunan tasdiqlatib kelishni odat tusiga kiritishdi. O‘sha paytlarda shunaqangi vahimali gaplar tarqagandiki, biz, sog‘om fikrli insonlar, maydalab yog‘ayotgan yomg‘irdan qochib, choyxona ayvonida to‘planib olgan kuni, kelajak to‘g‘risida hal qiluvchi qaror qabul qilish uchun uzundan-uzoq muhokamalar yuritardik. Albatta hamma gaplarga ham ishonib bo‘lmasdi. Garchi qishloqdagi ko‘pchilik oilalar bu ommaviy vahimaning talvasaga soluvchi qudratidan esankirab, allaqachon bo‘ yerlardan ko‘chib ketish taraddudini ko‘rayotgan bo‘lsada va allaqachon hammaning ko‘zini shamg‘alat qilib imi-jimida ko‘chib ketganlar ham uchrayotgan esa-da, biz bu – Xudo qarg‘agan go‘shada oxirgacha qolishga qaror qilgandik.
Qishloqdan shuncha kishilar ko‘chib ketayotganligi yetmagandek, biz iyunning boshlarida qishloq oqsoqolining ham hech kimga bildirmay, bizni taqdiri ilohiyning adadsiz yozug‘iga tashlagancha, yarim tunda butun lash-lushlarini olib ko‘chib ketganligini sezib qoldik. Ana o‘shanda biz qishloqdagi tartibni o‘z zimamizga olishga, ming yillardan buyon yashab kelayogan qavmlarimizni ommaviy migratsiyadan saqlab qolish uchun amaliy choralar ko‘rishga majburiyat sezdik. Eng dastlabki qilgan ishimiz qishloqda tartibni saqlash uchun favqulodda holat e’lon qilib, maxsus komissiya tuzib, mauzerlar bilan qurollangan guruh jo‘natishini so‘rab, hukumatga xat bilan murojaat qildik, ungacha ov qurollari bilan qurollangan qishloq mudofaa armiyasini tuzishga qaror qildik. Bu chora-tadbirlarimiz bizga ish bermasdan qolmadi. Avvalo biz zo‘rlik ishlatib bo‘lsa-da, qishloqdan ko‘chib ketishni ta’qiqlab qo‘ydik. Bu ishimiz uchun bizning talabimizga ko‘ra, tuman markazidan kelgan maxsus ekspertlar guruhi bizga yana bir bor chuqur tashakkur bildirib, Ommaviy gallyutsinatsiyaga berilmaganimiz uchun har birimizning nomimizga rahmatnomalar e’lon qilishdi. Ekspertlar – ikkita harbiy kishi, bir detiktiv, bir psixalog, ijtimoiy antropologiya mutaxasisi hamda «Kitob tongi» gazetasi muhbiri va fotografidan iborat ediki, biz ularning mauzerlar bilan qurollanmasdan kelganligiga hayratu nadomat bilan boqib, garchi ulardan biron ish chiqishiga ko‘zimiz yetmasa-da, noiloj ularni hafta mobaynida kuzatib yurishga majbur bo‘ldik. Ular qabristondagi yo‘laklarni tekshirishar, jinlar ochib tashlagan mozorlarni so‘ratga olishar, qishloq ahlini qandaydir almisoqdan qolgan anketalarni to‘ldirishga majbur qilishar, asr namozlarida imomdan so‘ng nutq so‘zlab, kundalik axborotlarni biz bilan bo‘lishishar, xullas jinlarni inkor etishga urinishib, bizning ensamizni qotirishardi. Haftaning oxirlarida o‘z ishlarini yakunlagan ekspertlarning alal-oqibat xulosasi shu bo‘ldi-ki, buni eshitib ko‘pchilik hayratdan yoqa ushladi. Ekspertlarning aniqlashicha, qabristondagi holat, qishloqning daydi itlarining ishi bo‘lib chiqdi. Ekspertlar ochilgan qabrlar atrofidan bir necha sayoq itlarning izlarini topishib, ularni video va fotokadrlarda muhrlashdi. Ayrim itboqarlar bu o‘rmon bo‘rilarining ishi deb chuvvos solishgan edi, ekspertlar izlarni qayta o‘rganishib, bu hatto qishloqdagi qaysi itning ishi ekanligigacha aniqlashdi. Shundan so‘ng itboqarlarning holiga maymunlar yig‘ladi. Ertasigayoq tuman markazidan kelgan qurollangan guruh uyma-uy yurib, itlarni otishdi. Zotdor itlarni yashirishga uringan ayrim itboqarlarga eng kam ish haqi barobarida jarima ham solindi. O‘sha kunlari biz ko‘cha-ko‘yda itlari o‘ligini ko‘mishga olib ketayogan jabrdiyda it egalarining mahzun qiyofalarini tomosha qilib yurdik. O‘shanda o‘rmonning shimoliy-sharqiy tomonida itlar qabristoni ochilganini eshitdik. Ba’zi it ishqibozlari o‘zlarining itlari sharafiga qabr toshlariham yozdirib kelishgandi. O‘sha qabr toshlarida, “bu yerda janob Tuzik yotibdi”, yoyinki, “janob Sharikning mangu oromgohi” kabi ohangtamali so‘zlar bitilgandi-ki, beixtiyor it egasining holiga qarab, ko‘zingizga yosh qalqirdi. Haqiqatan ham iyunning uchinchi chorshanbasiga qadar qishloqda bironta ham it qolmadi. O‘sha it qirg‘inidan keyin biz kechalari qishloqda bironta ham it hurishini eshitmadik. Qorong‘u yulduzli osmon ostida, uzoq-uzoqlardan shamol daraxtlar shoxini siypalar, qarag‘ay novdalari g‘iychillab ovoz chiqarardi. Ilgari itlarning hurishiga o‘rganib qolgan qishloq endi tunlari Oqsuvdaryoning shovillashi-yu, hali-hamon yog‘ayotgan yomg‘irdan mog‘or bosib ketgan o‘rmon daraxtlarining shamolda g‘iyshillashini aytmaganda, deyarli shovqinlardan xalos bo‘lgandi. Darvoqe, endi biz kechalari allaqaerdagi devor kovaklariga berkinib olgan qora chigirtkalarning chirillashi-yu, qishloq atrofidagi ko‘lmaklarda tanda qo‘yib olgan qurbaqalarning qurillashinigina eshitardik. Itlarning ovozi butunlay o‘chgandan so‘ng, biz hammamiz endi erkin nafas olib, ekspertlarning xulosasiga deyarli ishongan ham edik-ki, to‘satdan ishonchlarimizga yana putur yetdi. Hisor o‘rmon xo‘jaligining tog‘ bilan tutashib ketgan chekka hududlariga bundan bir oy muqaddam ovga jo‘nab ketgan Qurbon ovchi qaytishda itlar qabristonining ochib tashlanganligiga guvoh bo‘libdi. Shundan so‘ng biz ekspertlarning xulosasi ko‘p ham to‘g‘ri bo‘lmaganligi haqida muhokama yurita boshladik. Folbin xotin oxirgi ko‘rgan follarining birida qora jinlarning itlar qabristoniga ko‘chib o‘tganligini bashorat qildi. Allaqachon yoz kirib kelayoganiga qaramay, yomg‘ir hamon tez-tez yog‘ar, dafn marosimlarida go‘rkovlar qabr qazishga qiynalishayotganligidan shikoyat qilardi. O‘sha kunlari taqdiri ilohiyning yozug‘iga binoan qishloqda bir ayol kishining ta’ziyasini o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, bu ayol mening bo‘lajak umr yo‘ldoshimning onasi edi. Go‘rkovlarga qabr qazishga yordam bergani borganimizda biz o‘rmon etagidagi itlar qabristoni haqiqatan ochib tashlanganligini, hatto yangi ochilgan yalpi uy hayvonlari qabristonidagi yakkayu yagona eshak mayyitining ham yo‘qolganligini ko‘rdik. Biz yana, mog‘or bosgan o‘rmon daraxtlari ostida o‘sib yotgan moychechaklarning payxon qilib tashlanganligini qandaydir jinlarning izlari to‘g‘ri Oqsuvdaryoga tutashib, izsiz yo‘qolganligini ko‘rdik. O‘rmon janubidagi yalanglikda yetib borarkanmiz, qishloq qabristonining ufunat hukm surgan huvillab yotgan manzaralarini, qatorasiga ochilib yotgan qorong‘i go‘rlarning og‘zini ko‘rdik. Ana shunda biz o‘zimizni faqatgina o‘zimiz himoya qilishimiz zarurligini tushinib yetdik. Qurbon ovchining chaqirig‘iga binoan qishloq choyxonasida Iskanadagi manaman degan barcha erkaklar, xotin-xalajlar, cholu-kapmirlaru mishqi bolalargacha – barcha-barchasi yig‘ilishdi. Ancha zamonlardan buyon, to‘g‘rirog‘i, bir paytlar xotini tashlab ketgandan beri odamovi bo‘lib qolgan Qurbon ovchining daf’atan bunday faollashib qolishi hammamizni hayratga soldi. U ilgaritdan uzoq-uzoq hududlarga oylab ovga chiqib ketar, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yga qo‘shilmas, biroz jizzaki va aytgani aytgan odam edi. Uning aynan shunday fe’li uchun ham xotini bitta bolasi bilan ketib qolgan, Qurbon ovchi esa, o‘shandan buyon boshqa uylanmagan, odamlardan butunlayga uzilib ovda yurgani yurgan edi. Shuning uchun ham biz uning to‘satdan hammamizni choyxonada chorlab chaqirganini eshitib, bu yerga to‘plandik. Choyxona maydonida yelkasiga uzun ov miltig‘ini qo‘ndirgan, qora yaktak kiygan shopmo‘ylov Qurbon ovchi qavmlarimizga xudi masjid imomi kabi nutq irod qilardi:
– Biz hammamiz bir joy kishilarimiz, tirigimiz va o‘ligimiz bir zamin ustida hamda bir zamin ostida bo‘lajak! Men har doim o‘zimizni faqat o‘zimiz himoya qilishimiz kerak deb hisoblayman. Hech qachon tashqaridan madad kutishimiz kerak emas. Qanday kuch bo‘lsa, faqat o‘z ichimizdan olishimiz zarur. Men o‘ylaymanki, Iskanada hali mard yigitlar ko‘plab topiladi. Men yana shunga ishonamanki, qabristondagi mayyitlarning yo‘qolishi folbin xotin aytganidek, qandaydir jinlarning ishi emas. Buning ruhiy narsa emasligiga mening ishonchim komil. Qadrli iskanaliklar, bugun qishlog‘imizda bir mushfiqa ayol vafot etdi. Uning hokini tunlari qabristonga borib navbatma-navbat borib qo‘riqlaylik. Toki mayyitlar nima uchun g‘oyib bo‘layotganligini tagiga yetaylik, bolalarimiz oqshomlari tinch uxlasin! Birinchi navbatchilikka men bilan kimlar borsa, marhamat oldinga chiqsin…
Qurbon ovchi shunday deya gird-atrofini o‘rab olgan olomonga qaradi. Odamlar orasida “qiy-chuv” boshlandi. Qariyalar yuragida o‘ti bo‘lgan yosh yigitlar chiqsin o‘rtaga, deb chuvvos solishardi:
– Biz sizlarday paytimizda o‘limga ham tikka ketaverardik. Sizlarni qaranglaru, – dedi ular. Bir barzangi erkak:
– Men hoziroq Qurbon ovchiga qo‘shilib ketardimu, kechqurun “gorchishnik” olayapman-da, ozroq shamollab qolibman, – dedi.
Yana bir domongir erkak aytdiki, uning ko‘zlari kechqurun yaxshi o‘tmas ekan, yo‘qsa, birinchilikdan bo‘lib o‘zi yo‘l boshlab borar ekan. Yana kimningdir oyog‘i simillab og‘rirkan, hoziroq uyga qaytib, vazelin surtmasa, yurolmay qolishi mumkin emish. Yana bir kishi endi boraman, deb turganida, ko‘ngli aynib, bir chekkaga o‘tib qayt qila boshladi. Tushlikda eskirgan ovqat yeb qo‘yganini, xotini tezda uyga olib ketmasa, bo‘lmasligini aytdi. Ana shunday talato‘plar ichida bugun onasi vafot etgan bo‘lajak rafiqamning menga umidvor nigoxlar bilan qarab turganligiga ko‘zim tushib qoldi. Yo‘qsa men ham to‘satdan nafasi qisib qolgan qo‘shnimizga yordam ko‘rsatish bahonasida bu yerdan tezroq ketishni ko‘zlab turgandim. Lekin u menga nigoron qarab turardi. Shunda men qanday qilib Qurbon ovchining oldiga chiqib borganimni bilmay qoldim. Ovchining parrixta ko‘zlari yashnab ketdi. Baquvvat kaftlari bilan mening yelkamga shapatilab urib qo‘yarkan, atrofdagilar shov-shuvni tugatishib, meni olqishlab qarsak chalishardi. Davrada paydo bo‘lganligimni ko‘rgan hammaslak og‘aynilarim birin-ketin davraga chiqib kelishdilar-ki, birpasga bugun qabristonda navbatchilikka boradigan yetti kishilik guruh yig‘ildik. Tez orada bu guruhga Qurbon ovchining o‘zi boshchilik qilishi oydinlashib qoldi. Hammamizning yelkalarimizda o‘n olti kalibrli ov miltiqlarimiz bor edi. Biz jo‘nab ketarkanmiz, butun qishloq ortimizdan kuzatib qoldi. Odamlar suronidan uzoqlashib muyulishga qadar yetib borarkanmiz, men ortimdan bo‘lajak rafiqamning ham kuzatib turganligini his qilardim. Men yana shuni his qilardim-ki, biz hammamiz Qurbon ovchi boshchiligida buyuk qahramon bo‘lib qaytamiz, qishloq ahli bizni ustimizga moychechaklar sochib qarshi oladi. Shunday hayollar og‘ushida yurib borarkanman, atrofga tun quyulib kelayotganligiyu, masjid imomining xufton namozida bizniham duo qilayoganligini xotirdan o‘tkazardim. Qurbon ovchi imillamasdan tezroq yurishimiz kerakligin aytdi. Zero qorong‘ulik tobora quyulib kelardi. Iskanadan chiqib Oqsuvdaryo yoqalab o‘rmon yo‘lagiga chiqish uchun oldinma-ketin qadam tashlab borarkanmiz. Qurbon ovchidan tashqari, hammamizning yuragimiz tez-tez urar, qo‘rquv va vahima talvasasida otishga tayyorlab qo‘yilgan miltiqlarimizni mahkam siqib ushlab olgandik. Qurbon ovchi oldinda yo‘l boshlab borar, yo‘lakdagi o‘rmon butalari yuzlarimizni tilib o‘tar, bir-birimizdan ortda qolmaslik uchun ovchining ortidan shoshilinch yurib borardik. Itlar qabristoniga yetganimizda, Qurbon ovchi fonarlarni yoqishga ruxsat berdi, shundagina ko‘nglimiz sal joyiga tushdi. Uning o‘zi esa itlar yotgan qabrlarni birma-bir tekshirib chiqarkan, nihoyat, oldimizga qaytib kelib, og‘zi ochilmagan bironta ham itning qolmaganligini aytdi.
– Tezroq yalanglikdagi qabristonga yetib borishimiz kerak, – dedi u.
Biz esa uning oldida qo‘rquvdan dag‘illab turarkanmiz, hammamiz ich-ichimizdan bu yerga kelganimizdan afsus-nadomatlar qilardik. Yarim soatlar o‘tar-o‘tmas, o‘rmon sharqidagi yalanglikka chiqib, janubga qarab yura boshladik. Bu yer o‘rmon zimistonidan ham ko‘ra qo‘rquv va vahimaga to‘la edi, zero, biz qabristonga kirib borardek. Oy, bulutlar orasida gumdon bo‘lgan, doimgidek mayda shivat sevalardi. Qurbon ovchi o‘zining qaysar odatiga ko‘ra:
– Hech kim fonar yoqmasin, o‘ljamizni e’tiborini tortmaylik ! – dedi.
Biz garchi, do‘ppaygan mozorlarga to‘qishib, surinib. Qurbon ovchining ortidan asta-sekinlik bilan yurib borayotgan bo‘lsak-da, hali zamon yuragimiz yorilib, o‘lib qolsak kerak, deb o‘ylardik. Nazarimizda Qurbon ovchiga hammasi baribirdek edi. U ufunat hukm surgan mozorlar oralab, o‘ziga qulay joy qidirarkan, biz uning ortidan kelayapmizmi-yo‘qmi, ishi ham yo‘qdek edi. Nihoyat, u bir joyda to‘xtab miltig‘ini yerga qo‘ydi-da, o‘zi ham emaklagandek yerga cho‘kkalab oldi. Biz ham unga taqlid o‘laroq, uning yon atrofida cho‘kka tushdik. Lekin biz nimaga bunday qilayotganligimizning mohiyatiga hali-hanuz tushunib yetmagan edik. Biz hozir jinlar keladi-yu, Qurbon ovchini ham, unga ishonganimiz uchun bizning ham jonimizni oladi-yu, shu bilan biz ertangi kunlarni ko‘rmasdan bevaqt hayotdan o‘tib ketamiz, deb o‘ylardik. Hammamiz shunchalik titrardik-ki, yonimizdagi Qurbon ovchining parvo ham qilmasdan shivat yog‘ayotgan maysalar uzra pusib o‘tirishini ko‘rarkanmiz, etlarimiz muzlab, taqdiri ilohiyning peshonamizga yozgan yozug‘ini kutib o‘tirardik. Yomg‘ir erinmay maydalar, kiyimlarimizga nam siza boshlagandi. Lekin biz o‘rnimizdan turishga qo‘rqardik, zero bunday qilishimiz hamonoq, bizga jinlar ko‘kdan uchib kelib, ko‘tarib ketishi mumkindek, yuragimizni talvasa bosardi. Nihoyat qabriston tomonga qandaydir vahimali shovur kela boshladi.
– U kelayapti, – dedi Qurbon ovchi miltig‘ini otishga tayyorlarkan.
Qurbon ovchidan bo‘lak, biz hammamiz o‘rnimizdan qanday qilib turib ketganimizni bilmay qoldik. Bir soniya ichida hammamizning vujudimizni quyuq ter bosdi. Qandaydir uzun qora narsa vashshillagan ko‘yi, yangi ko‘milgan qabr tepasiga ulkan bir shasht bilan bostirib, yopirilib kela boshladi. Shunda ichimizdan kimdir o‘sha tomonga fonar yoqdi.
– Fonarni o‘chir, – dedi Qurbon ovchi unga. Fonar yonib – o‘chgan hamonoq, biz uni folbin xotin aytganidek, hech qanday jinlar to‘dasi emas, balki, bahaybat ilon ekanligini ko‘rdik. Ulkan ilon fonarni yoqib-o‘chirganimizni sezgan hamonoq, biz tarafga burildi. Shunda Qurbon ovchi unga qarata birinchi o‘qni bo‘shatdi . O‘q varanglab, iloning naq ko‘ksiga tegdi shekilli, u g‘alati va g‘ayritabiiy ovozda shunday chinqirdi-ki, uning ovozidan o‘takamiz yorilib, orqaga – kelgan yo‘limizga qarab qocha boshladik. Shunday chopib borardik-ki, ortimizdan Qurbon ovchining ulkan ilonga qarata o‘q uzayotganligini, pitonning yuraklarimizni sug‘urib olayotgandek o‘tkir chinqirig‘ini eshitardik. Avval yalanglikda, so‘ng o‘rmon yo‘laklaridagi itlar qabristoni aro, undan keyin esa, Oqsuvdaryo va qishloq oralab yugurib borarkanmiz, biz adoi tamom bo‘lgandek. O‘qlangan o‘n olti kalibrli miltiqlarimiz ham allaqaysi go‘rga tushib qolgan, yarim oqshomgi shivat ostida uylarimizga halloslab-halloslab kirib kelarkanmiz, ota-onalarimiz bizga uchoq qozonlarning qora kuyasini ichirardi. Zero, dunyo-dunyo bo‘lgandan beri, biz ham bunday katta va ulkan ilonni ko‘rmagan edik. Hamma vahima va qo‘rquvlarimizning sababchisi, o‘liklarimizni xo‘rlayotgan manxus maxluqning sovuq aft-angorini bir bor ko‘rdig-u, uning ayanchli chinqirishini yuragimiz qatlaridan o‘tgazdig-u, bu hol, uzoq yillar bizning xotiramizda muhrlanib qoldi…Ertasi kuni biz, qishloq ahliga ulkan piton haqidagi gaplarni aytib berdik. Shunda bizning oramizda faqat Qurbon ovchinig yo‘qligi e’tiborimizni tortdi. Tushga yaqin tuman markazidan o‘sha, itlarni otish kunlari kelgan qurollangan guruh yetib keldi. Ana o‘shanda biz, garchi uch-to‘rttamiz allaqachon ortiqcha vahimadan jonlantirish bo‘limlarida qattiq nazorat ostida davolanayotgan bo‘lsa-da, o‘zimizni bosib olib, qurollangan guruhga ergashgancha, olomon orasida kechagi ko‘rsatgan jasoratlarimizni asta-sekinlik bilan hikoya qilib borardik. Unga ko‘ra, ulkan ilon bizga qanday tashlangani, miltiqlarimizni yutib yuborgani, o‘zimiz uning changalidan qanday chiqib ketganimiz, uni yaralaganimiz va boshqa jasoratlarimizni birimiz qo‘yib, birimiz aytib berardik. Ammo o‘rmon sharqidagi yalanglikka chiqqanimizda, hammamizning qochayotganimizda tushib qolgan miltiqlarimizni topib olganimizda, bu haqda bizga savol nigoh bilan boqqan kishilarga lom-mim demay, gapni chalg‘itishga urindik. Qabriston hovlisiga kirib borayotganimizda, o‘rmon qarg‘alarining bir galasi duv etib osmonga kutarilganligi e’tiborimizni jalb qildi. Qarg‘alar ko‘tarilgan yerda bahaybat piton va uning buralgan dumlari orasida Qurbon ovchi o‘lib yotardi…

Toshkent –Yakkasaroy. 2009 – yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.