Uning maktabidan kayfiyati ko‘tarilib keldi. Dimog‘i chog‘. Kim qancha onalarning orasida qizining nomini tutib maqtashlaridan huzur qilib o‘tirdi.
“Dilrabo yaxshi qiz. Hamma darslardan o‘zlashtirishi tuzuk.Talantini yanada rivojlantirish kerak. She’r yozadi. Bunday iste’dodlarni asrab-avaylash zarur.”
Sinf rahbarining bu gaplari qulog‘idan ketmasdi.Sanam qizidan faxrlandi. Lekin qiziga bu haqda hech narsa demadi. Demasa-da, Dilraboning hamma gapdan xabari bor edi. U ham sir boy bermasdan indamay yuraverardi. Onasi unga dalda berdi:
-Balli qizim,ko‘p yasha. Otang bechoraning ham ruhlari shod bo‘ladi. Hali katta bo‘lsang, bu kunlarni ko‘rmagandek bo‘lib ketamiz. Mana amakilaring, tog‘alaring bor, yordam berishadi. Faqatgina sen o‘qigin, odamni sharmanda qilmagin...
Dilrabo onasining gaplaridan ta’sirlandi. Aytganidek o‘qidi. Jo‘shib she’rlar yozdi. Yozgan she’rlarini maktabning katta-kichik anjumanlarida o‘qib berardi. Qo‘shiq aytardi. Raqsga tushardi. Xullas, bu qiz og‘izga tushdi.
Kimdir havas qilsa, yana kimdir unga hasad bilan qarar edi. Maktabni ham bitirdi.
Amakisi uni azim shaharga opkeldi. Kelishidan maqsad shuki, Dilrabo o‘qishga kirishi kerak. Ular bahaybat binolar orasida joylashgan bir dargohga kelib, tegishli hujjatlarni topshirishdi. Bo‘lajak imtihonga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Tunu kun o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Bor-yo‘g‘i uchta fandan imtihon bo‘ldi. Qiz bir amallab o‘tdi. Ayniqsa, so‘nggi imtihonda jamalak taqilgan sochlarini silkillatib aytgan she’riga domla mahliyo bo‘ldi.
Hamma javobni eshitadigan kuni kelib, bahaybat binolar orasidagi dargoh foyesiga ilingan imtihon natijalarini ko‘rishdi. Birov xursand ediki, sevinchi ichiga sig‘masdi. Yana birovi esa xafa, dunyo ko‘ziga qorong‘u, g‘amgin.
Har ikki toifa ham o‘zini qo‘yarga joy topa olmasdi.
Dilrabo ham talabalar safida ekan. Amakisi bilan u xursand bo‘lib, dekanatga kelishdi. So‘ng u yerdan umumyotoqxonaga qarab yo‘l oldi.
U yerda o‘rta yashar bir ayol bilan uchrashdi. Amakisi Dilraboning yolg‘iz qiz ekanligini, otasi olamdan o‘tganligi-yu, qishloqda onasi bilan ukasi borligini aytdi.
-Yaxshiroq qizlar bilan hamxona bo‘lsa, opa, - dedi amakisi. – Keyin o‘zingiz ham ko‘z-quloq bo‘lib tursangiz. Hali onasi ham keladi. Tanishib olasizlar. Qarindoshday bo‘lib ketamiz.
-Xavotir olmang, uka, - dedi yotoqxona mudiri. – Bu yerda yomon odamlar yo‘q. Hammasi yaxshi.
Binoga kirib-chiqish qat’iy nazorat qilinadi. Begonalar qo‘yilmaydi. Ayniqsa, mana bunday qorako‘z qizlar haqida yanayam qayg‘uramiz. Harholda, musofir yurt. Biron kori-hol ro‘y bermasin deymiz. Hozir bu qizimizni ham joylashtiramiz.
-Ha, opa, sizga rahmat. Ko‘pning g‘amini yerkansiz. Tushunadigan inson ekansiz. Hali biz tomonlarga ham borasiz. Mehmon qilamiz. Yaxshiligingizni unutmaymiz, - dedi amakisi.
-Ey, uka bu yaxshilik emas, mening vazifam shu. Burchim bu, ukajon, - dedi mudira.
-Mana Nafisa, Shoira degan buxorolik qizlarning oldida joy bor ekan. Ana shu yerda tura qolsin. Yaxshi, sarishtagina, odobli qizlar.
-Mayli, siz nima desangiz shu, - dedi amakisi. – Ikkinchi qavatda turishadi. Mana bir kalit. Hozir men borib joylashtirib kelay. Keyin siz ham bir tanishib ketasiz. Hozir shu yerda o‘tira turing. Qani, turing qizim. Ketdik, sizga xonangizni ko‘rsatib kelay-chi.
Ular birin-ketin bo‘lib tepaga chiqib ketishdi. Mudira qo‘lidagi yuklarni chekkaga qo‘ydi-da, qo‘lidagi kalit bilan xonani ochdi.
-Qani, marhamat, kiring qizim, - dedi u. – Mana shu xona sizniki bo‘ldi. Hali o‘qish boshlanishidan oldinroq opalaringiz ham kelishadi. Ortiqcha narsalaringizni shu yerga qo‘yib keting. Siz shu o‘tiring. Endi men bu yerga amakingizni ham jo‘nataman. Bir ko‘rsinlar-chi?
Shunday dedi-yu, mudira xonadan chiqib ketdi. Birozdan so‘ng amakisi keldi. Xonaning u yoq-bu yog‘iga qaragan bo‘ldi. Ma’qul topdi. Biroz o‘tirib ikkalasi ham pastga tushdi. Mudiraning oldida odam gavjum edi. Bir amallab xayrlashdi.
Dilrabo begona shaharda, begona odamlarning davrasida qoldi. Unga hamma narsalar g‘alati va ajabtovur tuyulardi. Odamlar ham xuddi shunday – g‘aroyib bo‘lib tuyular edi. Go‘yoki vaqt ham tez o‘tayotgandek edi.
Nasihatlarga amal qilib o‘qidi. Tinmay kitob yodladi. Nazariyalarni va boshqa turli xil dalilu sanalarni, voqea, joylarni yod oldi. A’lochi edi.
O‘z ishida ham, jamoat ishlarida ham shaxsiy namuna ko‘rsatib yurardi. Unga turli xil maqtovlar aytildi. Sovg‘alar berilardi.
Katta-kichik anjumanlarda unga so‘z beriladigan bo‘ldi. U ham minbardan turib davraning mavqeiga qarab so‘zlardi. Hamda so‘ngi so‘z o‘rnida bir she’r aytardiki, majlis ahli o‘rnidan turib qarsak chalardi. Uni olqishlardi. Dilrabo davralarning hadisi ola boshlayotgandi.
U ilm dargohida so‘ngi kurslarda o‘qib yurgan kezlari edi. Bir kuni fakultet yoshkamollarining rahbari uni huzuriga chorladi.
-Dilrabo singlim, - deya gap boshladi yoshkamol rahbar. – Mana bu kishining ismi – Toshqin Tashakur bo‘ladi. “Yosh kamol “ gazetasidan -suratkash. Rahbariyat topshirig‘iga binoan siz haqingizda material qilishi kerak ekan. She’rlaringiz bilan rasmingiz bersangiz.
-Yo‘q, rasm shart emas, - dedi Toshqin Tashakkur. – O‘zim gaplashib, so‘ng mavzuga mos qilib rasmga olamiz.
-Balki shart emasdir. Mendan boshqalar ham bor-ku! – deydi Dilrabo.
-Aslo, mumkin emas, - dedi Toshqin Tashakkur hayajonlanib. – Sizday talantli, yuksak didli, otashqalb, o‘tnafas qahramonlarni elu yurtga tanitish bizdek zahmatkashlarning zimmasida ekanligini unutmang, singlim.
-Ha, to‘g‘ri aytasiz, aka, - deya jo‘r bo‘ladi yoshkamol rahbar. – Sizning qilayotgan ishingizni ko‘pchilik sezmaydi.
Dilraboning she’rlaridan besh-oltitasi saralab olindi. So‘ng o‘zini ham qo‘lida atirgul ushlagan alfozda, majnuntol tagida o‘ychan holda turli xil ko‘rinishlarda suratga olishdi. Tez orada “Yosh kamol” gazetasida “Ko‘nglim ardog‘i” degan turkum she’rlari va rasmi yonida esa qisqagina tarjimai holi bosilib chiqdi. Uning izzati ortdi. Dilrabo odamgarchilik yuzasidan Toshqin Tashakkurga rahmat aytdi.
Toshqin Tashakkur Dilraboning she’rlari va rasmini boshqa gazeta-yu jurnallarda ham nashr ettirdi. Oralarida do‘stlik rishtalari paydo bo‘ldi. Biri aka, biri singil bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham Dilrabo suratkashdan mamnun edi. U omadidan sarxush edi.
Amakisi va onasiga ham Toshqin Tashakkurni tanishtirdi. Ikkalasi ham suratkash ijodkorning duoi jonini qilib maqtashdi.
Endi u yosh shoira sifatida Toshqin Tashakkur bilan bog‘cha, maktab va bundayroq bilim yurtlarida she’rxonlik kechalari o‘tkazib yurardi. Kecha ishtirokchilariga Dilrabor she’rlaridan o‘qib berar, savollariga javob aytardi. Oxirida bir guruh bo‘lib, o‘rtada Dilrabo esdalik uchun suratga ham tushishardi. Keyin hammasi bir olam taassurot bilan uy-uylariga ketishardi. Kunlar shu zaylda o‘tayotgan edi.
Onasi sovchilarga rozilik berdi. Harna, ko‘z o‘ngida katta bo‘ldi. Buning ustiga begona ham emas. Opasining o‘g‘li. O‘qigan. Arxitektor. Non ushatib, belgili qilib ketishdi. Bo‘lajak kelin ham, kuyov ham bir-birini yaxshi taniydi. Yoshligidan birga katta bo‘lishgan.
Xabarni eshitgan Dilrabo o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoldi. Kuyov o‘zini, ijodini, san’atini, she’riyatini tushunmaydi, deya kuyindi. Onasidan xafa bo‘ldi. O‘zi ko‘zlagan manzilgan anovi kuyov bilan borishni istamayotgandi. Ta’til berishdi. Yozgi ta’til. Xuddi mana shu damda katta to‘ylari bo‘ldi. Dilraboning diydiyolariga quloq ham solishmadi. Ota-bobolarimizdan qolgan udum shu. Qiz bola palahmon toshi. Tushgan joyida qimir etmasdan tek turish kerak. Hech qachon ona ham bolasiga yomonlikni ravo ko‘radimi?
Mana shunday tahdidu tasalli bilan uni ovutishdi. Asqar ham qora qozonini alohida qilib oldi. Ertalab ishga boradi, kechga uyga keladi. Dilrabo uni kuzatib qo‘yadi, kutib oladi. Ovqatini pishirib, ustini yuvadi. Durustgina yangi oila qurildi.
Dilrabo o‘qishga jo‘nadi. Dugonalarini to‘yga aytolmaganidan uzr so‘radi. Odatdagidek, o‘qishga qatnab, she’r yozib yurgan kunlarining birida suratkash muxbir Toshqin Tashakkurga duch keldi.
-Sizga ish topdim, singlim, - dedi u shoshib. – Yarim stavka. Yarim kun o‘qib, undan keyin ishlaysiz. Harna, uydagilarga yordam, keyin ijod ahlining suhbatidan bahramand bo‘lasiz. Ko‘nglingizdagidek ish. Direktori bilan shaxsan gaplashganman. Bu yog‘ini so‘rasangiz u kishi ham sizni bilarkan. Anchadan beri kutib o‘tiribdi.
-Men-ku mayli deyman, lekin uydagilar nima derkin, - deya tusmolladi Dilrabo. – Ular rozi bo‘larmikan?
-E, shuni ham o‘ylab o‘tirasizmi. Ko‘p odam u yerga ishga kirsam qaniydi, deb orzu qiladi. Siz noz qilyapsiz. Amakingiz bilan onangizga o‘zim tushuntirib qo‘yaman, - dedi yolg‘ondakam do‘q qilib Toshqin Tashakkur. – Ular har kuni ovozingizni eshitib o‘tiradi, singlim. Karnay sizning she’rlaringiz bilan shirin bo‘ladi. Qolganiga biz qarzdormiz.
-Toshqin aka, men shu yozda turmushga chiqdim. Erim qishloqda quruvchi bo‘lib ishlaydi. Bir og‘iz undan ruxsat so‘rashim zarur, - dedi qiz iymanib.
-Bundan ham xavotir olmang. Quruvchi kuyov bolani ham shu yerdan biror ish topib joylashtiramiz. Og‘aynilarimiz bor, Xudoga shukr.
Ertasiga ular direktorning qabuliga kelishdi. Tumonot odam, hamma direktorni tabriklashga oshiqqan. Toshqin Tashakkur so‘rab bilsaki, direktor ishxonasi hisobidan haj safariga borib kelibdi. Odamlar arib, qabulxona holi bo‘lgach, Toshqin Tashakkur sekingina eshikni ochib:
-Mumkinmi, taqsir, - dedi.
-Keling uka, keling, - dedi ichkaridan ovoz eshitildi. – So‘rab o‘tirasizmi?
Ikkalasi xonanining o‘rtasida quchoqlashishdi. Dilrabo ham xonaga kirdi. Mehmon – hoji – direktor janoblarining o‘zi to‘rdagi kursiga yastanib yotdi-da, ularga joy ko‘rsatdi.
-Ziyoratlar qabul bo‘lsin, Anor aka, - dedi Toshqin Tashakkur. – Ancha ochilibsiz.
-Rahmat uka, - dedi direktor. – Havosi issiq ekan. Ancha azob yedim.
-Anor aka, bir gurungda yosh, iste’dodli, yerga ursa osmonga osmonga sapchiydigan yosh kadrlar kerak deb edingiz, - dedi Toshqin Tashakkur. – Shunga muvofiq mana Dilrabo Sodiq degan shoira singlimizni...
-Ha, tushundim, - dedi – hoji – direktor. – Esimda, qizimizni yaxshi bilaman, matbuotda she’rlarini o‘qiganman. Bo‘pti, arizasini yozsin, ishga olamiz.
Rasmiy jarayonlar hammasi tugadi. Kechki nonushtani Toshqin Tashakkur uyushtirdi. Dasturxon atrofida Anor bilan Dilrabo nimalarnidir gaplashib o‘tirgan chog‘i Toshqin ularni suratga olib qo‘ydi. Bu tarix uchun, hali sizdek buyuklar bizga ko‘p kerak bo‘ladi, dedi u. Hoji – direktor bir-ikki qadah ichganidan so‘ng yangi xodimasiga nasihat qila boshladi:
-Mana men bu dargohda qirq yildan ortiq ishladim. To direktor bo‘lgunimcha ko‘p joylarni ko‘rdim. Janrlarni puxta o‘rganish kerak. Intizom birinchi navbatda bo‘lishi kerak. So‘ng atrofdagi hamkasblarga xushmuomila bo‘lish, ish qurollarini toza va doimo ishga shay ahvolda tutish zarur...
Ayol – olamning gultoji. Hammamiz uni asrashimiz kerak. Kimki zaifalarni hurmat qilmas ekan, uning bu hayotda yashashga haqqi yo‘q. Bizga ustozlarimiz shuni o‘rgatishgan.
Siz esa singlim, ijodni gullatavering. Umidimiz sizdek yosh talantlardan. Hali siz erishadigan muvaffaqiyat va yutuqlar hech kimning tushiga ham kirmagan. Sizdek yosh iste’dodlar bilan birga ishlayotganimdan, hamnafas ekanligimdan o‘zimni baxtiyor sezaman.
Rahmat, sizga o‘rtoq Toshqin Tashakkur. Siz meni yana bir olijanob va dilbar inson bilan tanishtirdingiz. Bizlar endi bir umrlik do‘stmiz...
Hoji – direktor davrada yayrab o‘tirdi. U Toshqin bilan yana anchagina shishalarni bo‘shatishdi. Orada Dilrabo she’rlarini aytib turdi.
Ular allamahalgacha o‘tirishdi. Dilraboning qistovi bilan direktor va suratkash muxbir bir amallab o‘rnidan turishdi. Direktorning mashinasida birinchi bo‘lib Dilraboni umumyotoqxonaga kuzatishdi. So‘ng suratkashni, keyin esa direktorni uyiga eltdi.
Ertasi kunning o‘zidayoq radiostantsiyadan Dilrabo she’rlarini o‘qib chiqdi. Hamma uni qutladi. Hattoki, direktor uni yoniga chorlab maqtadi. Va aytdiki, qizim endi turli xil mavzularda she’r yozing. Ayniqsa, tanqidni kuchaytiring. Bu narsa hozirgi kunda bizga judayam zarur.
Direktor bir kuni hammani yig‘ib tanqid qildi:
-Hamma ishlamay qo‘ygan. Kim nima qilganini darrov unut bo‘ladi. Bo‘lim mudirlari xodimlarining nima ish bilan shug‘ullanayotganini bilmaydi. Efirga har narsa berilyapti. Mujrim Obid bilan Xo‘ja Ahror Valining g‘azallari beriladi. Lekin Po‘lat Mo‘minning g‘azali berilmaydi. Negaki, tanish-bilishchilik, mahalliychilik. O‘ljas Sulaymon bilan Yo‘ldosh Sulaymonning dostonlari har doim ketadi. Biroq fondimizda saqlanayotgan Navoiy, Bobur, Ogahiyning dostonlari berilmaydi.
Qanchalab ijodkorlarning o‘lik yoki tirik ekanligini hech kim bilmaydi. Ko‘zlaringni ochinglar. Mana yaqinda Muxtor degan muxbirimiz bir xo‘jalikda uch yuzta texnik borligini yozibdi. Sharbat deydi, tezakdan bo‘lgan sharbat qanaqa bo‘lardi. Odamning ishtahasi bo‘g‘iladi. Ishimizni qaytadan ko‘rib chiqishimiz kerak...
Dilrabo shu taxlit bu dargohda to‘rt yil ishladi. Erini ham qishloqdan opkeldi. Toshqin Tashakkur direktor – Anorga aytib, uni quruvchilik brigadasiga prorab qilib ishga joylashtirdi.
Anor yosh ijodkorlarga g‘amxo‘rlik qilib, Dilraboga shahar chetidagi hovlisini berdi. Anor yosh shoiraning oilaviy sharoitini o‘ylab, mansablarini ham sekin-sekin ko‘tardi. Qavatiga oldi. Shoira ham unga suyandi. Orada samimiy do‘stlik paydo bo‘ldi. Undan so‘ng uzunquloq gaplar ham yuzaga kelib, kuyov bola – Asqar shoira xotinini ikki qizi bilan tashlab ketdi. Keyinroq esa Anorni ham xotini uydan quvib yubordi. Radiostantsiyada katta to‘polon bo‘ldi. Anorni xotini yer bilan bitta qilib so‘kdi:
-O‘ling, odam bo‘lmasdan. Qizingiz tengilar bilan ham donlashasizmi? Sadqai hoji degan nom keting-e. O‘sha satang she’rchi, manjalaqini topsam butini yirtib tashlayman. Yana unga boshpana berganingizga o‘laymi? Hozir uni o‘sha joydan ham chiqarib yuboraman. Mening, akalarimning, otamning xizmatlari hali sizni ko‘r qiladi. Bu kuningizdan o‘lganingiz yaxshi edi.
Anorning xotini diydiyo qildi. Ishxonani boshiga ko‘tardi. Hamma tomoshabin bo‘lib turdi. Toshqin Tashakkur Dilraboni uning ko‘zidan yashirdi. Hatto, Anorning hovlisidan ham narsalarini olib, yaqin o‘rtog‘ining dalahovlisiga eltdi.
Anor ko‘chada qoldi. Avvalgi davra, maishat ortda qoldi. Ko‘chada o‘tayotganida tanishlar ham yuzini ters burib ketadi. Dilrabo ham Anor ham o‘sha dargohdan ketishdi. Anor nafaqaga chiqdi. Unga alam qilardi. Birov qayoqqa boryapsan, nima qilyapsan ham deb so‘ramadi. Qirq yildan ziyod shu yerda ishlaganini hech kim eslamadi. Bolalari ham e’tibor bermadi. Onasi-ku umuman ko‘rishni istamasdi.
Shuncha yiqqan obro‘-e’tibor qayoqda qoldi?
Hojilik martabasi-chi?
Erishgan muvaffaqiyatlarichi?
Yashab o‘tilgan umr-chi?
Hamma qilgan toat – ibodatlari bir pul bo‘ldi. Yosh ijodkorlarga g‘amxo‘rlik qilish unga arzonga tushmadi. O‘ylay-o‘ylay kundan kunga qorayib boraverdi. Oxiri yiqildi. Bemorxonaga eltishdi. Yurak xuruji. Tana dam olish kerak, deyishdi. Organizm nihoyatda charchagan ekan.
Yana palatasiga Toshqin Tashakkur kirib keldi. Yaxshi-yaxshi gaplardan aytib Anorning ko‘nglini ko‘tardi:
- Haqiqat baribir qaror topadi. G‘alamislar hali jazosini olib, qonga belanadi.
Anorning xotin va bolalari uni ko‘rgali ham kelishmadi. Odam yuborsa ham baribir foydasi bo‘lmadi.
Anorga shifoxonadan javob berishdi. Boradigan joyi noma’lum. Sekingina “Yosh kamol” gazetasiga kelib, pastdan Toshqin Tashakkurni chorladi. Ikkalasi oddiy oshxonada o‘tirib, tamaddi qilishdi. Anor yig‘ladi. Dardini aytdi. Suratkash muxbir birdaniga chorasini topdi. Ishxonasi bilan xayrlashdi-da, Anorni mashinasiga o‘tirgizib, yo‘lga tushdi.
Yo‘l-yo‘lakay ob-havo, narxu navodan gaplashib ketishdi. Mashina kattakon darvoza oldida to‘xtadi. Ichkaridan Dilrabo chiqdi. Uyga taklif qildi. Dasturxon yozildi. Ovqat yeyilib, choy ichildi. Xullas, bir talay gap-so‘z, taxminu tusmollardan so‘ng Anor shu yerda qoldi...
Dilrabo she’rlarini yozib, yaqin maktabda dars berardi.
Anor esa hovlidagi molu qo‘ylarga, tomorqaga qarab yurardi...