OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Usta (hikoya)

Uni qishlog‘ida ismi bilan kam chaqirishadi. U o‘zidan tinchigan odam. Elga kam aralashadi. Umri bino bo‘lib, hali birov bilan yozilib gurung ham qilmagan. Davralarda yelkasini qisib, hech kim mendan gina qilmasin deganday birov uning hamiyatiga teksayam jim o‘tiraveradi. Ustaning fe’lini tushunganlar u bilan oshnochilikni allaqachonlar yig‘ishtirib qo‘yishgan.
Biladigan odamlarning aytishicha, ustaning avlodlari kabi ajdodlari ham mard bo‘lishmagan ekan. Odamlar bu urug‘ning vakillarini qoni buzuq, deb yaqinlariga yo‘latishmaydi. Ne qilsa-da bu avlodning simobday suyulishi, suvdan o‘tgunicha eshakni tog‘a deyishi, uncha-muncha odamning boshini silab, yelkasiga qoqib, tuzog‘iga ilintirish kabi o‘ziga xos odatlari bor.
Hozir bu urug‘ni eslaganda odamlarning ko‘z o‘ngida darhol usta gavdalanadi. U o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, kallasi katta odam. El-ulus ustani xudo urgan odam deyishadi. Yaratganga qo‘shilib, bandalari ham uni qarg‘aydi. 

* * *

Ko‘p olis zamonlar edi. Har tarafda parokandalik. Tahlikali bir holat hukmron va bundan hamma bezovta edi.
Savrning boshlari. Xuddi shu pallada qishloq chekkasidagi ustaxonaga kasbi chavondozu o‘roqchi borki, hammasi yumush bilan kelishadi. Bu yerda otlar taqalanadi. Ketmonu o‘roqlar tuzatiladi. Ro‘zg‘orga kerakli anjomlarni yasaydi. Hushi kelganda chanqovuz yasab, nelarnidir xayol surganicha uni chaladi.
Ana shunday kunlarning birida shomga yaqin ustaxonaga soqol-mo‘ylabi qop-qora, alpkelbat kishi boshchiligida oltita barzangi yigitlar kirib keldi. Usta bu paytda anjomlarini yig‘ishtirib, ketishga hozirlik ko‘rayotgan edi. Kutilmagan mehmonlarni ko‘rdi-yu, tili kalimaga kelmay, ortiga tislana boshladi.
-Qo‘rqma, usta, - deya alpkelbat bepisand so‘riga o‘tirarkan. – Biror yeguliging bo‘lsa opkel, o‘larday och qoldik.
Alpkelbat bu gaplarni aytar ekan, chalqancha yotib oldi-da, ustaga zimdan razm sola boshladi. Mezbon dasturxonni hozirlay-hozirlay ko‘z osti bilan mehmonlariga o‘g‘rincha qarar qo‘yardi. Oxiri yurak yutib, qo‘rqa-pisa so‘radi:
-Sizlarni tanimadim, kimlardan bo‘lasizlar?
-Sen bizlarni baribir tanimaysan, - deydi alpkelbat yana avvalgidek bepisandlik bilan. – Bu eldan bizni Abdishukur mergan biladi. U bilan ko‘p non-tuz totganmiz. Mergan bir Musallam degan arab xotinni opqochb keluvdi. Arab xotini haliyam yuribdimi?
-Ha, yuribdi, bola-chaqali bo‘p ketishgan.
-Aytmoqchi, sen bizdan kimligimizni so‘raganding chog‘i, meni Chinmirza chinoqman, – dedi alpkelbat kemtik qulog‘iga ishora qilib. – bular mening shotirlarim.
-Shogirdlarim deng, - deya yigitlardan biri gap qotadi.
-To‘g‘ri, ham shogird ham shotir bular. Uch kunlardan beri shu yaqin atroflardagi qishloqlarni talab yurgandik. Qo‘lga ilinadigan hech balo topolmadik.
Chinmirza chinoq sopol tovoqdagi ivitilgan nonlarni yutoqib yer ekan, hadik aralash mezbonga yuzlanib,
-Sen ham Oqboshni bilsang kerak-a? – deb so‘radi.
-Yo‘q, men Oqboshni tanimayman, - deya usta yolg‘onladi.
Mezbonning bu gapidan ularning jahli chiqdi. Shunday keyin chinoq ustani ayblay boshladi:
-Biz mardmiz, sen unday nayrang qilma, gapning dangali sen-ku sen, qishlog‘ingning beshikdagisidan tortib to eshikdagisigacha hammasi Oqboshni biladi! Nimaga yolg‘on gapirasan, rostini aytaver, biz seni yeb qo‘ymaymiz.
Davradagilar ustaga nafrat bilan qarab turishardi. U esa mehmonining dashnomlarini yerga qaraganicha jim eshitib turardi. Usta yolg‘on aytganiga pushaymon bo‘lsa-da, miq etmasdi. Alpkelbat chinoq ustaning turishishini ko‘rib badtar avj oldi:
-Oqboshni taniysan, lekin bizni ko‘rganingni unga aytmaysan. Agar aytsang biz seni tinch qo‘ymaymiz. Mana senga bir xalta tillo, bu bizdan senga hadya, - deya chinoq yotgan joyida xaltani ustaning ustiga irg‘itib yubordi.
Mezbon xurramligini kipriklari bilan qaytarib, xursandligi oshkor etmay sabr qilib o‘tirardi.
Shundan so‘ng u xaltasidan bir bo‘lak go‘shtni olib, taom tayyorlashga unnadi. Mehmonlar ham unga yollashdi. Taomni dasturxonga keltirib o‘tirishganida, chinoq ham ko‘zasidan sharob olib, kosalarga suzdi.
Avji ziyofat, endi gaplar qovushib, gurung qiziy boshlaganida ustaning yuragi hijil bo‘lib tashqariga chiqdi.
Bedapoyadagi chigirtkalarning chirillashi va hovuzdagi baqalarning vaqqillashi osuda oqshomning tinchini buzib turardi. Osmonda yulduzlar yaraqlab turardi. Oy yo‘q edi.
Shu mahalda hovuz tomondan kimningdir ovozi chiqqanday bo‘ldi. U sas eshitilgan tarafga qarab yurdi. Yo‘l-yo‘lakay uni kimdir chaqirayotganini ham eshitdi. Hovuzga yaqin kelganida bir sharpa unga ro‘baro‘ kela boshladi. Ular qo‘l berib so‘rashishdi. Usta uni tanidi. Otasi kabi qo‘yning ortidan tayoq sudrab yuradigan Abdusalom cho‘ponning o‘ziga o‘xshagan yolg‘iz o‘g‘li.
-Bemahalda nima qilib yuribsan, Voqif?
-Otamning oldiga – dashtga non-pon oborib, uyga qaytayotgan edim, oldingizda o‘tirganlarni ko‘rib, tinch ketgim kelmadi. Endi usta qo‘shotaringiz berib tursangiz, bu it emganlarni bir yoqlik qilsam, harna o‘zimizga tinchroq bo‘lardi, - dedi Voqif.
Usta biroz sukut saqladi-da, so‘ng boshini adl ko‘tarib: 
- Mayli, opkeb beraman, lekin o‘zingga ehtiyot bo‘lda, - deya iziga burilib qaytdi.
U mehmonlarining oldiga ketar ekan, Voqifdan qutilganiga shukr qilardi. Voqif esa bundan bexabar, ustaning miltiq opchiqishini kutib o‘tirardi.
Oradan bir muddat o‘tib, ustaxonadan qo‘shotarning o‘rniga qo‘shodam chiqib kelib, to‘g‘ri Voqif tomonga qarab yo‘l oldi. U bularni ko‘rib qochmoqchi ham bo‘ldi, lekin oriyati zo‘r kelib, ularning kelishini joyida turganicha kutaverdi.
Yuzma-yuz kelishganida ular gaplashishmadi hisobi, qo‘shodamlardan biri qo‘lidagi qo‘shotaridan to‘rtta o‘qni bexato uzib, niyatlariga yetishgach yana indamay izlariga burilib ketishdi.
Atrofda to‘polon boshlandi. Itlarning vovullashi olamni buzdi. Ustaxonada ham besaranjomlik, kim nima qilarini bilmay qoldi.
-Endi hammadan ham menga qiyin bo‘ladi, - dedi usta xasta ovoz bilan. – U bola otasining menga o‘xshagan yolg‘izi edi, agar bilishsa meni bu yerlarda tinch qo‘yishmaydi. Mening terimni tiriklayin shilishadi...
Usta, sen qo‘rqma, hozir ketishimizda otasini ham bir yoqlik qilib ketamiz, sen bizga uning yaylovini ko‘rsatsang bas, qolgani biz tan. O‘zimiz bilganday qilamiz, shunda sengayam bizgayam oson bo‘ladi, - dedi alpkelbat tagdorroq qilib.
Ustaning ko‘nglidagi gapi tiliga ko‘chdi, yalinib, bolaning otasi qo‘y boqadigan yaylovini aytib, uniyam rihlatga yuborishlarini so‘radi. Mehmonlar ustani yupatishdi.
Qorong‘u kechada ustani uyiga qo‘yib, o‘zlarining bad niyatlarini amalga oshirish payida yaylov tarafga yo‘l olishdi.
Peshinga yaqin usta o‘z uyi tomon kelayotgan bir otliqni ko‘rdi. Suvoriy “Abdusalom cho‘ponnikiga ta’ziyaga” deb aytib ketdi. U jarchidan bir narsalarni aniqlashtirish uchun so‘rashmoqchi bo‘ldi, lekin badanini titroq qoplab, gap aytarga tili aylanmay qoldi.
Ustaning boshi gangib azaxonaga kelganida Abdisalom cho‘pon bilan kampirini odamlar suyab, ko‘zyoshi qilib, ayuhannos solishayotgan edi. Bu yerda hech kim ustaga yomon qaramadi. U ham buva bandalikda, bandalik, deya yolg‘ondakam ko‘zyoshi qildi.
Voqifni dafn etib kelganlaridan so‘ng kimdir ustaning bilagidan tutib azaxonadan tashqariga olib chiqdi. Avval boshda usta qo‘rqdi, so‘ng o‘zini tutib oldi-da, baribir yana qo‘rquv aralash sherigining avzoyiga qaradi: muloyim. So‘ng uning yuziga salobat bilan tikildi-da, yana yerga qarab oldi.
-Usta chidaymizda endi, boshimizda bor ekan, katta-yu kichik deb turmasdan opketar ekan, - deya sherigi bosiqlik bilan gap boshladi. -Bechora otangizni kimdir dashtda, suruvining oldida o‘ldirib ketibdi, hozir xabar keldi, xudo rahmat qilsin, bechora yaxshi odam edi.
Usta uyiga qanday yetib kelganini tuzuk eslay olmaydi. Ko‘zi hech narsani ilg‘amay, uyiga otilib kirdi-da otasining jasadini qidira ketdi. Jasad esa alohida qurilgan, o‘n bir bolorli, yakka uyda ekan. U o‘zini murdaning ustiga tashladi-da, betini otasining oqarib ketgan yuziga bosganicha uzoq turdi.
Qattiq yig‘ladi. Ko‘zyoshlaridan otasining yuzlari ho‘l bo‘lib ketdi. Otasini quchib, ko‘targisi keldi. Lekin xeshlari uni tinchlantirishdi.
Otasining murdasiga uzoq vaqt suqlanib turib, usta seskanib ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, otasining jasadi, o‘sha alpkelbat chinoq in’om etgan, kecha o‘z qo‘llari bilan ko‘mgan bir xalta tilloning ustida yotar edi. 
Ustaning xayollari potrab ketdi. Bunga sabab esa o‘sha bir xalta tillo bo‘ldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.