OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Arosat (hikoya)

Ustoz Abdulla Qodiriy o‘zining to‘ng‘ich romoni bo‘lmish «O’tkan kunlar»ni «Modomiki, biz yangi davrga qadam ko‘ygan ekanmiz...» degan serandisha so‘zlar bilan boshlagan edilar. Aslida, ulug‘ bobomiz o‘shanda faqat bitta o‘zining ko‘lidan keladigan buyuk ishga qo‘l urgan edilar va zimmasidagi tarixiy vazifani sidqidildan ado etganlar. Vaholanki, u kishiga hech kim «O’tkan kunlar»ni yozib bergaysiz, taqsir, deb buyurtma bermagan edi. Zero, haqiqiy yozuvchi mudom vijdoni buyurgan ishni bajaradi, ijtimoiy «zakaz»ni esa...
O’zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaev o‘z vijdoniga, O’zi ato etgan iste’dodiga sodiq qolgan kamyob yozuvchilarimizdan hisoblanadi. U kishining yangi hikoyasi ham daf’atan «yangi davr buyurtmasi» bo‘yicha yozilgandek tuyulishi mumkin. Lekin «Arosat» sinchiklab mutolaa qilinsa, yozuvchi INSONNI TUShUNIShga harakat ktslayotganini va biz o‘quvchilarni ham INSONNI TUShUNIShga chorlayotganini anglash unchalik mushkul bo‘lmaydi. Darhaqiqat, «insonni tushunish kerak», deb ta’lim bergan edi Ernest Xeminguey. Nazarimizda, yozuvchining birlamchi vazifasi — insonni tushunishdir. Insonni tushunmagan yozuvchi (asar qahramoni emas!) oxir-oqibat Arosatda qoladi.
(«Vatan» gazetasi sharhi)


* * *

Zokir O’rin choyxonada o‘tirgan edi, oyoqlarini so‘ridan osiltirib, chalishtirib, uning qarshisidagi so‘ridan joy olgan ermaktalab nashavand, farrosh va sartaroshga Eson do‘xtir gap berardi, tik turgancha hovliqib:
— Sizlar ham yuribsizlar-da, jo‘ralar, dunyodan bexabar... Xo‘jamyor axir Maskovdagi xayriya pondlaridayam ishlab, ishbilarmon bo‘lib keldi. Bu orada u ikki marta, yo‘g‘-e, uch marta Turkiyada bo‘ldi! Bir marta Amriqoda!.. Biznes ishkolaniyam bitirgan u! Nima deyapsizlar... Yo‘g‘asam, mana — milyoner bo‘lar edi!..
— Hov feldsher, qaysi Xo‘jamyorni aytayapsan? — deb tuyqusdan so‘rab qoldi Zokir O’rin.
— Domla, siz ham g‘aplatda qolgan ekansiz-ku! — deb etsiz basharasini kuydirgan kalladay tirjaytirdi Eson. — Axir, o‘zingizning o‘quvchingiz-chi? Madiyor dallolning o‘g‘li! Surrayib yurardi-ku otasining izidan?.. Menimcha, bir-ikki yil sinpidayam qolgan edi.
— E, shunday demaysanmi, — deya jez tishlarini ko‘rsatib iljaydi domla va xursandligi shunchaki, torgina ko‘kragi qabarib ketdi. — Ha, uni o‘zimiz o‘qitganmiz. Sinfida qolganiyam rost. — Keyin o‘ylanib, yelkasini qisdi. — Yaxshi, unda tijoratga qobiliyat bor ekan. Biz o‘shanda tijorat ahlini o‘g‘ri-kazzob deb yomonlar edik.
— Endi o‘zingizga keldingiz, domlajon, — deb bu kishiga gap uqtirmoqqa boshladi do‘xtir. — Holbuki, o‘sha vaqtlardayam «O’tgan kunlar»dagi Otabekni «milliy qahramonimiz», deb maqtar edingizlar.
— Rost, rost, — tan oldi Zokir O’rin jiddiy tortib. So‘ng yana qalbaki tishlarini ko‘rsatib: — Lekin savdogarchiligiga o‘tmas edik-da... — dedi.
Eson do‘xtir muallimni mot qilib bo‘lganday tantanavor kulib yubordi. Unga qo‘shilib domlaning o‘ziyam siyrak sochli xumdek boshini irg‘ab kularkan, boshqalar ham zo‘r askiya eshitganday xaxolay boshladi.
Keyin domla xayolchanlik bilan choynak yoniga besh so‘m tashlab oyog‘ini yerga qo‘ydi. Kichkina qorinchasidan pastga siljigan qayishini tirsaklari bilan qisib — ko‘tarib olib, so‘ri qoshiga kiygiziqlik sarg‘ish shlyapasini boshiga qo‘ndirdi. So‘ng jamoaga ziyolicha ta’zim qilib:
— Xush qolinglar. Rahmat, Esonboy, sizgayam, — deb burilib, xiyobonga chiqdi.
Ana shunda uning kallasiga bir xayol keldi: «Qara-ya, o‘sha bola odam bo‘pti. Milyoner tijoratchi bo‘pti. Qandaydir korxona ochib, elgayam nafi tegayotganmish. Shunday kunlarda...».
Domla Zokir O’rin maktabda darslarini o‘tib bo‘lib uyiga ketayotganda, azbaroyi chanqaganidan choyxonaga kirgan edi. Binobarin, endi uyiga borishi kerak. Biroq... hozir nechuk choyni ichib tugatmasdan o‘rnidan turgani-yu, xiyobonda to‘xtagani sababini noxos anglab qoldi.
— Hov Esonboy, bu Xo‘jamyorning korxonasi... ish-joyi qaerda? — deb so‘radi ortiga qayrilib.
— Toza hayotdan ortda qop ketgan ekansiz-da, taqsir, — deb yana tantana qildi feldsher. — Axir maktabingizdan tubanda eski qurtxona bo‘lardi-ku, Kalinin kolxozining sobiq idorasida. Hovuziyam bor...
Domla eslab:
— Bo‘ldi. Rahmat, — dedi.
— O’shaqqa borasizmi? — so‘rab qoldi Eson do‘xtir.
— Borish kerak, — javob berdi muallim sobitlik bilan. — Bizning o‘quvchimiz shunday kishi bo‘pti-yu, biz bir og‘iz tabriklamasak, uyat bo‘ladi.
— He, otangizga rahmat! — dedi do‘xtir. — Undaylar ko‘paysin deb duo qiling. Endi zamon ularniki...
Zokir O’rin davraga tag‘in yengil ta’zim qilib va kichkina, ixcham gavdasiga yarashmayroq turadigan salmoqli yurish bilan choyxona oldidan o‘tdi.
Domla toliqqan edi. Ammo bu yangilik zavqidan va Xo‘jamyorni ko‘rish, ko‘rishish va himmatli ishlariga baror tilash onlarining jozibasidan charchog‘ini ham unutib, maktab qoshidan o‘tib ketdi.
U Xo‘jamyorning bolalik qiyofasini ham, paxta terim mahallarida takasaltang yurishlari-yu, «kachegar bo‘laman» deb o‘choq boshida qolishlarini ham hisob formulalari kabi eslab borar, shu asno uning oqibat tijoratchi bo‘lishida zamin izlar, chunki shu zaminni sharhlab uni shod etishni ham o‘ylardi. Biroq harchand bosh qotirmasin, otasi dallolligidan o‘zga sabab topa olmadi. Domla uchun tag‘in achinarlisi shu ediki, Xo‘jamyor naq hisobdan ham o‘rtacha o‘qir edi: ha, biron masala yoki misolni sharillatib, yechib tashlaganini eslolmaydi.
«Lekin qobiliyat keyin ham yuzaga chiqishi mumkin, — deb o‘zicha to‘ng‘illadi Zokir O’rin nihoyat. — Buyam talantday gap...».
Domla ro‘molchasi bilan manglayini artib jilarkan, yo‘l bo‘yidagi vodoprovod dastagini bosib chelagini suvga to‘ldirayotgan kelinchakni ko‘rdi va undan manzilni surishtirmoqchi ekanini fahmladi-yu, yetib kelganini bildi.
O’ng qo‘ldagi yap-yangi temir darvozaning bir tabaqasi ochiq, u yerdan tomlar uzra yuksalgan balx tutining egik shoxlari ko‘zga tashlanib turardi: ha, bu tut ham domlaga tanish. Bolaligida... hu yiroq zamonlarda uning kichkinaligini pesh qilib, daraxtning uchki novdalarini kesish uchun chiqarishar edi, Zokirboy odobli bola bo‘lganidan barg kesish bahona tutga qorin to‘ydirib tushishni ham o‘ylamasdi.
«Bu yil kesishmaptimi?.. E, pilla terib bo‘lindi-yu, «kesishmapti» emish...»
Domla shu o‘ydan keyin Eson do‘xtir aytganidek — chindan ham «hayotdan ortda qolgani», aniqrog‘i, mamlakatdagi tashqi siyosatu hayotdagi tovlanishlardan to‘ygani uchunmi — turmushning boshqa yo‘riqlariga xiyla loqayd bo‘lib qolganini tan olgani holda, darvozadan kirdi.
Katta chorkunj hovuzni ko‘rishi lozimmidi — asfalt yotqizilgan yo‘lkada turgan ko‘k «Volga» bilan kumushrang xorijiy moshinaga ko‘zi tushib, hayron bo‘ldi. Keyin keng yo‘lkaning so‘lga burilgani va qari tutning egik shoxlarini ko‘rib, mamnun tortdi: tut... o‘zini kutib olayotganday tuyuldi.
Shu hisning quvvatida — bu yerda bemalol yurishga haqqi bor kabi moshinalar yonidan bemalol o‘tdi-yu, bahaybat daraxtning tagida stol atrofida o‘tirishgan uch-to‘rtta kishiga ro‘para bo‘ldi. Ulardan bitgasi tanish edi: yaqindagi do‘kon qorovuli.
— Assalom alaykum! — dedi domla qo‘ng‘irokdek ovozda.
Tanimol o‘rnidan sapchib turib, mehmonga peshvoz chiqdi.
— Valekum assalom. Keling, Zokir O’rinovich!
Domla salmoqli yurishda borib, u bilan ko‘rishdi.
— Him, rahmat... Xo‘sh, o‘zingiz qalaysiz? — deb so‘radi xuddi shu qorovulning ahvolini bilgani kelgandek.
— Shu Xo‘jamyor akaning apcharkasi bo‘lib yurippiz, domlajon, — deb javob berdi u iljayib. — Ha, xush ko‘rdik... Xo‘jayin kerakmi?
Domla tek qoldi.
— Kerag-u... — dedi domla. — Lekin nega «xo‘jayin» deysiz? Nega Xo‘jamyor sizga «aka» bo‘lar ekan?.. Shoshmang-da! Tag‘in «afcharkasi bo‘lib yuribman» emish... Bu nimasi?
— Endi... — «Apcharka» qiynalib-qipsinib, lo‘msa yuzini siniq iljayish qoplagan holda, xo‘rsinib yubordi. — Boriyam shu-da, domlajon.
Zokir O’rinning astoydil jahli chiqib:
— Ajabo, men bilmay yurgan ekanman. Qoching yo‘ldan, — dedi. — Hov, Xo‘jamboy Madiyorov!
Tutning orqasida — tomiga yaltiroq tunuka qoplangan binoning o‘ng tarafidagi gulzorga ochilgan derazalarining biridan Xo‘jamyor... ha, o‘sha ot yuzli yigitchaning yirik nusxasi qarab turgan ekan.
— Marhamat, domla. Biz shu yerdamiz... Abdiboy, eshikni ko‘rsating! — dedi.
Zokir O’rin Abdining ishora-iltifotini qo‘l harakati bilan keskin rad etib, eshikka yo‘naldi. Peshtoqdagi yozuvga boqmay, ammo ho‘l to‘shanchaga poshnasi allaqachon qiyshayib ketgan tuflisini artib, chog‘roq xonaga kirdi. Ro‘parada yaltiroq stol ortida o‘tirgan xushbichim qiz o‘rnidan turar-turmas, so‘l yondagi o‘ymakor eshik ochilib, jigarrang tufli, malla kastyum kiygan novcha yigit chetga tortildi.
— Kiravering.
Domla ostonaga qoqinib, cho‘g‘dek gilamga oyoq bosdi va bo‘sag‘adanmi, gilamdanmi uzr so‘ragan kabi g‘o‘ng‘illab, Xo‘jamyorga talpindi.
Xo‘jamyor uni bag‘riga olib va kiftiga asta-asta qoqib:
— Domlam-e, Zokir O’rinovich-e, bormisiz-e, — der ekan, domla Zokir O’rinning ko‘zlari g‘ilq yoshga to‘ldi: dami qaytib, yiroq zamonlar bilangina emas, o‘zining yoshligi bilan ham uchrashgandek piqilladi va tabiiy, u kishi ham qo‘lini tepaga uzatib, shogirdining yelkasini silar edi.
Nihoyat, Xo‘jamyor domlani bo‘shatib, yon yoqda saf tortgan o‘rindiqlarga ishora qildi.
— O’tiring, domla. — Uzi esa uzun stolning boshida o‘qida aylanguvchi, suyanchig‘i baland — taxtsimon kursiga borib o‘tirdi. Va selektr tugmasini bosdi. — Asal, choy, — dedi. Keyin likopchadek hovuchini ochdi. — Potiha qilib qo‘yamiz-da, domla? Harholda musulmonmiz, buning ustiga, din modaga kirdi.
Zokir O’rin ko‘zlarini artgan ro‘molchasini shosha-pisha cho‘ntagiga solarkan:
— Ha, albatta... Lekin din hech vaqt modadan chiqmagan, — deya qo‘llarini fotihaga ko‘tardi.
— Omin. — Xo‘jamyor jilmayib yuziga fotiha tortgach, stol chetidagi xorijiy sigaretdan birini chiqardi. — Haliyam munozaraga o‘chsiz-a, domla?
— Gap munozarada emas, — deya Zokir O’rin ham kissasidan «Astra»sini oldi. — Din hamma vaqt odamlarning qalbida bo‘lgan, Xo‘jamboy. Lekin bechoralar tazyiq ostida...
Xo‘jamyor xorij sigaret qutisini domlaning oldiga surib yubordi.
— Mundan cheking.
— Men shunga o‘rganganman... Qur’oni karimda ham aytilar ekanki, e’tiqod zohiran va botinan bo‘lishi mumkin... — Zokir O’rin sigaretni o‘zi chaqqan gugurt o‘tida tutatib, «munozaraga» kirisharkan, Xo‘jamyor uning so‘zini yana bo‘ldi:
— Ha, dinni dinchilarga qo‘yaylik, domla... O’zingizdan so‘rasak? Uy ichlari, kayfiyatingiz qalay? Jiyanlar... Jiyanlar ko‘payib qolishgandir?
Zokir O’rinning ko‘zlari birdan quvnab:
— Juda! — dedi va kuldi. — Qilgan ishimiz shu bo‘ldiki, o‘zbek xalqining ko‘payishiga hissa qo‘shdik, xolos. Boshqa — na ilmga, na amalga deganday... qiziqishlar so‘nib ketdi. Biroq bola tarbiyalash ham oson ish emas... — Boshini ko‘tarib, tag‘in sun’iy tishlarini ko‘rsatib jilmaydi. — Mana, o‘zlaringiz ham o‘zimizning maktabdan chiqqansizlar. Bevosita tarbiya berolmagan bo‘lsak ham, bilvosita ta’sirimiz o‘tgan bo‘lishi mumkin. Shundayki, men sizning, Xo‘jamboy, bunday zamonaviy biznes boshliqlaridan biri bo‘lib kelishingizni o‘ylamagan bo‘lsam ham, buni ko‘rib, ham eshitiboq g‘oyat xursand bo‘ldim. — So‘ng o‘ylanib, izoh berdi: — Kechirasiz meni, g‘aflat bosib deng, vaqtliroq kelmadim qutlagani...
Xo‘jamyor sigaret kulini billur kuldonga qoqib, endi kuldonni domlaga surib qo‘ydi.
— Parvo qilmang, domla... — So‘ng yana selektr tugmasini bosib. — Asal? — dedi. Va u yokdan darhol javob qaytdi: «Labbay, Xo‘jaka!» — Sen anavilarga ayt, bizga naturalniy teri kerak, xo‘pmi? Qancha bo‘lsayam olamiz aytilgan narxda. Uni Turkiya chegarasiga oborish ham bizning bo‘ynimizda... Ular bilan ortiqcha savdolashib o‘tirishga vaqtim yo‘q... Aziz mehmonim bor!
Zokir O’rin bu gaplarni eshitayotgan esa-da, ma’nosini uqishga harakat qilmay turardi. «Aziz mehmonim...» so‘zini eshitgach, ma’no anglash qobiliyati ishlab ketgandek chehrasi yana ham yorishib:
— Rahmat, — deb qo‘ydi.
— Shunaqa... ish, ish, ish, — dedi Xo‘jamyor va xo‘rsinib nafas oldi. Keyin: — Xo‘sh, domla... — deya Zokir O’ringa tikilib qaradi-da, miyig‘ida iljaydi. — Sal qartayibsizmi deyman?
Zokir O’rin sergak tortib:
— Ha, shu endi, eskilar aytganidek, olma bilan o‘rik bo‘larmidik, Xo‘jamboy, — dedi.
Xo‘jamyor bemalol hiringlab:
— Rost aytasiz, — dedi. — Mana, biz ham... Sochlarni qarang. Ha, lekin, domla, dunyoni ko‘rish kerak ekan. — Shiftlarga qaradi. — Turkiya, Olmoniya, Amriqo... Bularni ko‘rmasdan yashashni men endi tasavvur qilolmayman. — So‘ngra domlaga hasrat qilgandek dedi: — Bu mamlakatlarning har biridayam o‘zbeklar bor ekan, qarang-a!
— Albatta, bor, — dedi Zokir O’rin jiddiy bosh irg‘ab. — Hatto, Avstraliyada ham bor emish...
— Lekin hammasi tijorat bilan shug‘ullanarkan, — go‘yo domlaning gapini davom ettirdi Xo‘jamyor. — Yashashlarini ko‘rsangiz! Shunday ofislari borki!.. Masalan, Istanbulda shunday bir markazga kirib qoldim, boyoqishlar biram xursand bo‘lib deng, «Byuriniz», deb turishipti. Darrov kofe... — U o‘z so‘zini bo‘lib, boz selektrni bosdi. — Asal, choy nima bo‘ldi? — «Tok kelmay qoldi» degan javob qaytdi uskunadan. — Ana shu-da ahvolimiz, — go‘yo so‘zlariga yakun yasadi Xo‘jamyor. — Biz shu qadar orqada qolib ketganmizki, domla... — U boshini og‘ir chayqadi. Keyin bu holni, o‘ylayverib boshog‘riqqa yo‘liqqandek chakkalarini qisdi.
— Ha, rost. Na chora, biz uchun ibrat — boshqalar edi... — deb hamsuhbatining fikrini ma’qulladi Zokir O’rin. — Dunyodan uzilib vokuumda yashaganmiz-da.
— Oh-oh, ot-tangizga rahmat! — dedi Xo‘jamyor. — Vakumda yashagan ekanmiz, vakumda... — So‘ng elan-qaran o‘rnidan turdi va sigaretni avaylab tutgancha stolni yonlab kelarkan, domla kuldonni unga surib qo‘ydi-yu, u sigaretni idishga bosganicha Zokir O’ringa qiyalab tikildi. — Ahvol qalay, domla?
— Ahvol yaxshi, — dedi domla. Keyin siniq jilmaydi. — El qatori. Elga kelgan to‘y-da, bu kunlar ham...
— Himm, sizlarning maoshlaring ko‘payib qoldi-ya? — Xo‘jamyor burilib, joyiga qaytdi.
— Ancha! — darhol javob qaytardi Zokir O’rin va boz jilmaydi. — To‘g‘ri, pulning qadri tushib ketayotgan paytda bu unchalik bilinmaydi. Ammo yashasa bo‘ladi... Chidaymiz-da, Xo‘jamboy! Chidash kerak. — So‘ngra ilhomi tosha boshladi. — Mustaqil bo‘lishni shuncha yil kutdik. Uni deb kuyib-kul bo‘lib o‘tdi ulug‘larimiz, allomalarimiz...
Xo‘jamyor tag‘in domlaning so‘zini bo‘ldi:
— Menga bir gapingiz nash’a qilib ketdi, rostini aytsam. Xo‘sh, «yashasa bo‘ladi» deganingiz. — So‘ng derazaga ma’noli termilib qoldi. — Yashasa bo‘ladi... — Shu tobda undan teran ma’noli, hayotiy mulohazalarga to‘la hikmatlarni kutish mumkindek edi. U esa: — Umuman, aytganda, shunday, rost, — deb joyiga o‘tirdi. — Demak, hali ahvol yomonmas ekan.
— Yomonmas, — dedi Zokir O’rin. — Biroq, Xo‘jamboy uka, kimga qanday? Gap mana shunda... Mamlakatimiz ahvolini tushunib, boriga qanoat qilib yashayotganlar ham bor. Tushunishni istamay, kechagi kunni qo‘msayotganlar ham bor. Ammo ularniyam tushunish mumkin: har kimning ham yaxshi yashagisi keladi.
— Uh, ana bu — dono gap! — deb yubordi Xo‘jamyor. — Har kim ham yaxshi yashashni istaydi! Xo‘sh, biz singari biznesmenlarning vazifamiz esa xuddi mana shu ahvolni baholi qudrat yengillatish... Fikrimni tushuntiroldimmi, domla?
— Juda! — dedi Zokir O’rin hayajonlanib. — Lekin rahmat siz... sizlarga! Ana, choyxonadan keldim hozir. O’sha yerdayam sizlarni... E, rahmat-e! Keling, qo‘lingizni bitta qisib qo‘yay, iltimos. Yurakdan!
— He, domlaginam-e.
Xo‘jamyor qo‘lini qistirib, joyiga ketgach, domla battar ta’sirlanib, bosh egib qoldi-yu, ko‘zi soatiga tushib, birdan hushyor tortib ketdi.
—  Demak, him, gapimning xulosasi shulki, — dedi,— seni... ko‘rib, ko‘p xursand bo‘ldim, Xo‘jamboy. Yo‘lda... yo‘lakay huv o‘quvchilik davrlaring esimga tushib ketdi: ajib bir davrlar ekan! — deya birdan xitob qildi. — Paxta terimida yosh bolalar azob chekardi, bu hol ularni ekspluatatsiya qilish bilan teng edi, deb qancha va’zxonlik qilmaylik, o‘sha davrlar — bizning kechagi kunimiz, yaqin tariximiz, yoshligimiz bo‘lib qoladi. — So‘ng uh tortib yubordi. — Bolalik bizga hamma vaqt ajib, jozibali tuyuladi... Ana shuning uchun aytamanki, kechagi yillar — yoshligimiz ham — biz uchun shubhasiz azizdir!
Xo‘jamyor boshini qiyshaytirib, domlani tinglarkan:
— Ha, albatta... O’sha bolalik bo‘lmasa, bugungi kunga yetarmidik, — deb qo‘ydi.
Zokir O’rin chalg‘iganini fahmlab, endi soatiga bemalol qarab oldi-da:
— Endi bizga javob berasiz, — dedi.
Xo‘jamyor tomog‘ini ohista qirib:
— Yo‘g‘asam, bizga bo‘larini aytasiz, — dedi. — Bizga nima xizmat bor?
Zokir O’rin yelkasini qisdi.
— Xizmat... Sog‘-salomat bo‘ling, shu.
— Yo‘q, unday emas, domla.
— Yana nima deyishim mumkin?
Xo‘jamyor yangi sigaret olib, barmoqlari orasida siypalar ekan:
— Domla, uyalmang, iltimos, — dedi. — Men umuman... ahvolni tushunaman. Bizga kundek ravshan. Maskov ko‘chalarini ko‘rsangiz bir! Qaysi kuni ertalab mehmonxonadan chiqib ketayotsam, axlat yashikni ag‘darib ko‘rishayapti. Ikkita xotin. Durust kiyingan, intellegentga o‘xshaydi... Meni ko‘rib deng, biri biriga nima deydi: «Moya koshka lyubit vot etu kostochku». Ikkinchisi suyakni ko‘rsatib: «Mening itim bunaqasini yaxshi ko‘radi», deydi. Tushundingizmi?
Zokir O’rin og‘zini ochib qarab turardi.
— Yo tavba!
— Xo‘sh, domla?
— Nima, «xo‘sh?» Tushundim: bechoralar bir-biridan ham uyalishsa kerak...
— Men sizdan boshqa narsani so‘radim, domla. Bu gap shunchaki daromad gap.
— Nimani so‘radingiz?
— Nimani istihola qilyapsiz, domla?
— Tushunolmadim?
Xo‘jamyor bilagidagi oltin soatiga ko‘z tashlab oldi.
— Mana, salkam chorak soat o‘tiribmiz... Him, siz istihola qilib aytmagandan keyin men nima qilay?
— Nimani-nimani? — zo‘riqib so‘radi Zokir O’rin. — Men hech narsani istihola qilayotganim yo‘q. Mutlaqo!.. Istiholani o‘ylasam, hatto...
— Nima?
— Bu yerga kelmas edim.
— Kepsizmi, so‘rang-da endi, — dedi Xo‘jamyor undan ko‘z uzmay. — Axir, men sizga begonamasman, — davom etdi qandaydir ranjinib. — Hali o‘zingiz aytdingiz, bizga bevosita ta’sir o‘tkazmagan bo‘lsangiz ham, bilvosita... Albatta, tarbiyangiz o‘tgan. — U sigaretni so‘rib, jahl bilan pufladi. — Bilaman, ahvolingiz yomonmas... Umuman, O’zbekistonda yashasa bo‘ladi. Mayli-da!
— Inshoolloh, yaxshi bo‘ladi, — deb qo‘ydi domla.
— Ha, endi, inson orzu-istak bilan yashaydi, deydilar... Buyam dono gap.
— Bu — haqiqat, — dedi Zokir O’rin va endi o‘zi Xo‘jamyorga tikildi. — Uka, nima demoqchisiz? Ayting, eshitay. Vaqtingizni oldim. Ketaman.
— Yo‘q, siz uchun vaqt bemalol.
— Rahmat.
— Xo‘-o‘sh, — Xo‘jamyor suyanchiqqa yastanib, sigaretni rohatlanib so‘rdi-da, g‘alati kulib yubordi: kulgisi tomog‘idan chiqdi, chunki hissiz edi.
Zokir O’rinning esa nafsoniyati og‘rinib ketdi. O’zini ermak qilinayotgandek tuyib:
—Bo‘pti, bizga javob, — deya o‘rnidan turdi. — Samimiy suhbat uchun rahmat. — Xo‘jamyor so‘zini bo‘ladigandek shoshib davom etdi: — Him, Turkiya, Amriqo safarlaringiz haqidayam eshitdim... Ha-ha, ularda hayot boshqacha! Bizlar qoloq...
O’rnida miq etmay qolgan Xo‘jamyor:
— Domla, — deya uning kursisini ko‘rsatdi. — O’tiring joyingizga!
— Rahmat. Lekin, lekin... inson yo‘l topadi! Hukumat ham! Harqancha qiynalib bo‘lsayam. Axir, yangi yo‘lga tushgan chaqaloq ham qoqiladi-ku?
— Uf, agar xafa qilib qo‘ygan bo‘lsam, uzr so‘rayman, — dedi Xo‘jamyor va asta qo‘zg‘alib, stol yonidan yurib kelarkan, Zokir O’rin tislandi. — Obbo!
Domla behol tortib ketdi. Keyin:
— Xo‘jam, men konkret gapni yaxshi ko‘raman. Bilasan-a? — deb so‘radi.
— Bilaman. Shuning uchun hayron bo‘lyapman-da, — dedi Xo‘jam.
— Qiziq. Nimani konkret gapirmadim?
— Gapirish... — Xo‘jamyor so‘zini chala qoldirib, Zokir O’ringa tepadan tikildi. — Domla, siz rosti bilan meni tabriklagani, shunchaki qutlagani bu yerga keldingizmi?
Domla unga angrayib qoldi.
— Bu qanaqa savol? — dedi shivirlab. — Yo‘q, bunga ishonmaslikka senda.. ha, senda qanday asos bor?
— Hamma gap shundaki... — Xo‘jamyor iyagini kafti bilan ishqab chaynaldi.
— Xo‘sh?
— Endi... — Xo‘jamyor keskin burilib ketdi. Taxt-kursi qoshiga borib, yana qayrildi. — Bu yerga biznesga aloqasiz odamlar nima uchun kelishadi? Bilarsiz-a?
— Biznesga aloqasiz... — Zokir O’rin ittifoqo choyxonada Eson do‘xtirdan eshitgan gaplarini eslab qoldi: «Undaylar ko‘paysin... Endi zamon ularniki». So‘ngra Xo‘jamyorning Maskovda qandaydir xayriya idorasida ishlagani, ha-ha, o‘zining, ya’ni Zokir O’rinning-da «Elgayam nafi tegayapti» degani yodiga tushib ketdi. — Ha, endi, nochorlikdan ham kelishar...
— Ana bu boshqa gap! — dedi Xo‘jamyor, nihoyat, yengil tortib. — Har kuni kelishadi muhtojlar... Barining hojatini chiqarayapman, domla. Minnat emas bu! — Keyin mayin kulimsiradi. — To‘g‘ri, u bechoralar ham, albatta, meni tabriklagani kelishadi...
— Lekin men... — dedi domla, — Ont ichaman, uka... — Keyin birdan ko‘zi charaqlab ochildi-yu, portladi: — Hov, hali shuning uchun boyanadan beri savolga tutayotgan ekansan-da?
— Axir, bu tabiiy-ku, — dedi Xo‘jamyor. — Siz ziyoli odamsiz. Madaniyatli...
— Nima, «ziyoli, madaniyatli» odam faqat... tabriklagani kelmaydi deb o‘ylaysanmi?
Xo‘jamyor chuqur xo‘rsinib, kursiga cho‘kdi.
— Sizga javob, — dedi.
— E, meni haydaganingmi bu? Xo‘jamyor shartta selektr tugmasini bosdi.
— Asal! Abdini ayt!
Zokir O’rin kalovlanib, «Astra»ni cho‘ntagiga soldi, so‘ng gardishi hilviragan shlyapasini boshiga qo‘ndirdi.
Shu payt pakana, tuksiz lo‘msa yuzi osilgan Abdi kirib keldi.
— Bu kishini kuzatib qo‘y, — dedi Xo‘jamyor va derazaga qaradi.
Abdi Zokir O’ringa iljayib, ta’zim bilan eshikni ko‘rsatdi. Zokir O’rin tamshanib:
— Bu nima qiliq? — dedi go‘yo o‘ziga o‘zi. — Hov, Xo‘jam? Meni haydab chiqarayapsizmi?
— Bu kishi Xo‘jam emas, Xo‘jamyor Madyorov, — dedi Abdi va domlaning tirsagidan ushladi. Domla:
— Qo‘lingni ol! Afcharka, — deya chetlanib ketdi.
Abdi intilib domlaning bilagidan tutdi va buriliboq tortgandi, Zokir O’rin o‘ymakor eshik og‘ziga borib qoldi.
— Marhamat, domla.
— Hov, Xo‘jam? Xo‘jamyor qaramadi.
— Abdi!
Shunda Asal eshikni ochdi va Abdi Zokir O’rinni quchib ko‘tarib tashqariga chiqardi,
— Domla, darvozadan ham chiqarib qo‘yaymi?
— Qo‘yvor, ablah! — dedi Zokir O’rin. — O’zimning... oyog‘im bor! Hozircha bor! — deya eshikka qarab baqirdi. — Hoy, biznesmen! Tilanchi emasman, xudoga shukur. Seni o‘quvchim deb... Bema’ni, odobsiz!.. Odamlarga bunday qarash uchun kishi naqadar tuban bo‘lishi kerak...
Abdi jila boshlagan Zokir O’rinni yana dast ko‘tarib oldi-da, g‘izillab ketdi. Ko‘chaga chiqarib qo‘yib, darvozaning ochiq tabaqasini berkitdi.
... Xo‘jamyor yumshoq kursida so‘lg‘in tortib o‘tirarkan, Asal kirdi. Xo‘jayinga termilib biroz sassiz turgach, so‘radi:
— Nima bo‘ldi, Xo‘jaka?
Xo‘jamyor ham kotibaga biroz sassiz tikilgach:
— O’zim ham tushunmay qoldim, — dedi
— Nimani?
— E, so‘rama.

1993

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.