OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Quyosh-ku falakda kezib yuribdi (hikoya)

1

... O’sha pastlikka egilib o‘sgan gujumcha ostida o‘tirgandim. Kursida. Kursining oyoqlari yerga botib ketgan. Namgarchilik-da. Aytdim-ku, yo sakkizinchi, yo to‘qqizinchi may edi... Jiydalar gullagan. Unisining shoxida bir bulbul sayrasa, bunisining shoxida bir bulbul sayraydi. Xo‘roz-makiyon. U yerda o‘troq qarg‘alar ham bor ekan. Quvq-quv qilib, birining ketidan biri uchib o‘tadi. Umuman, jonli-jonivor juft-juft bo‘layotgan payt. Hatto gujumning chakalak shoxlari orasida ham jiblajibonlar bir-birini quvlab yurishadi. Qanaqa qilib shunday tez uchishadi? Hayronman!
Bir mahal deng, bir-birini quvlab ikkita oppoq kapalak keldi. Shundoq oyog‘im ostida enishda. Qiyg‘os gullagan ziralar ustida pildirab ucha boshlashdi. Voy, shunday chiroyli, shunday chiroyli!
Men bunaqa manzaralarni unutib yuborgan ekanman. Unutish ham emas — qandaydir et qotib, bunday manzaralarga beparvo qaraydigan bo‘p ketgan ekanman.
Shundanmi, yo yolg‘izlik, bekorchilik, aniqrog‘i, nochorlik tufaylimi, yoki ermak istabmi — o‘tirgan edim-da!
Shunda huv etakda — unda-bunda qaqqaygan tosh imoratlar oldida tomorqasiga pamidor ko‘chatimi, karammi — nimadir ekishayotgan qizil ko‘ylakli qiz-juvonlar u ular qoshida g‘o‘dayishib gurunglashib turgan (aksari) qora choponli erkaklarga ko‘zim tushdi. G’alati bo‘lib ketdim: «Ishlayapti ular. Men esam — bekorchi...»
Ana shunda kallamga g‘alati fikr keldi. «Atrofga qara, — dedim o‘zimga-o‘zim, — hamma jonli jonvorlar juft-juft! Sen esa— yolg‘izsan! Sening hayoting — notabiiy hayot...»
O’zim-ku shu yolg‘izlikni istab bu yoqqa kelgan edim! Endi bo‘lsa, bu hol menga yomon ta’sir etdi!
Xotinimni esladim, qizimni... «Ular eson-omon Toshkentga yetib borishganmikan?» deb o‘yladim.
Shu payt mehmonxonaga olib chiqadigan toshloq io‘lda choponini egniga tashlab olgan Misir ko‘rindi. Sovxoz direktori, xo‘jalik rahbari.
O’rnimdan turdim.
— Ha? — dedi u siz?
— Yo‘g‘-e, o‘zim... Atrofni tomosha qilib. antiqa paytda kepman-da, Misirboy!
— Ha, endi, bahor-bahor... Lekin siz xapasi aka, — dedi u.
— Qayog‘dan bildingiz, qayog‘dan?
— E, men emas, hamma bilib turipti hisob... Paqat sizda durbin yo‘q! — dedi u. Ko‘rishdik. — tak-qittak otamizmi? — so‘radi u.
— Ko‘ngil tortmayapti, do‘stim.
— Uylamang-e! — deb tirsagimdan tortdi u. Yuring, billiard o‘ynaymiz!
Ungayam hushim yo‘q edi. .
— Siz ajoyib insonsiz! — dedim Misirga chin dan ham havasim kelib. — Ishlaysiz, ishlatasiz... Yugurib-elasiz. Vaqt bo‘lganda, mendan xabar olasiz.
U yelka qisdi.
— Bizning hayotimiz shul-da... Mana, bitirib olsak, nasib bo‘lsa, yo‘l bitsa, ana sizga o‘xshagan akalar, turistlarning kelishi, olishi soz bo‘ladi. Men choyxonani ham hashar bilan bitqazaman. Fermerlarim va’da berishdi... o‘ylamang-e, hayot yaxshi bo‘lib ketadi. Bir qo‘y
terining ichida necha bor ozib, necha bor sel ekan.
— Rost aytasiz, — dedim.
— Nima, zerkdingizmi? Markazga tushib kelas mi? Rayonga? Balki, chol-kampirniyam ko‘rib deganday...
— Ha, ha, — deganimni bilmay qoldim: men, aftig dan, sharoitning ham qandaydir o‘zgarishiga muhtoj edim.
— O’zimam bilib edim-ov, — dedi-da, yog‘och engag rakdan (qo‘lbola darvoza) keyin eniladigan jarlikning u betidagi xo‘jalik idorasiga qarab shovqin solg di: — Ho‘-o‘, Boltabo-oy! — Idora oldida GAZ-69 moshinasi turardi. Yonida kimlardir bor edi. — Boltaboy, beri ke, uka! — deb qo‘lini silkitdi.
Boltaboy — direktorning-boshliqning shopiri. Yaxshi, kamsuqum, kamgap bola.
— Bo‘lmasa, biron narsa kiyib oling. Havo aylanayapti. Yog‘ib qolar, — dedi Misir.
Bu yerning havosi juda o‘zgaruvchan ekan... Ha-ha, qor deysizmi, do‘l deysizmi — marhamat! Bir parcha bulut mehmonxona ustida paydo bo‘lsa, albatta bir narsa tashlab o‘tadi. Saldan keyin qarabsizki, quyosh kulib turibdi!
Mehmonxonaga kirdim. O’z xonamga — chetdagi hujraga borib, choponni kiydim. Sigaretni oldim... Bilasizmi, bu uychani qanaqa qilib bezatgan edim! Bitta divan. Qarshida bitga kreslo. Bularning o‘rtasida yozuv stoli. Yozuv mashinkasi. Xo‘sh, burchakda miltiq, birotar. Yostiqning tagida pichoq. Yoki bir parcha non... Onam o‘rgatgan-da bolalikdan. «Yarog‘ — qo‘riqchi, bolam!» deb, hozir ham uyimizga borib yotsam, yostig‘im tagiga yo non, yo pichoq qo‘yadi... Xo‘sh, uycha haqida gapirayotgan edim. Burchakda qandaydir markali radiopriyomnik. Naq oyog‘im ostida — oldimda elektr plita. Yolg‘iz deraza haligi gujum tomonga ochiladi. Gujum orti — etakdagi qishloq ko‘rinmasa ham, qishloqning u chetidan o‘rlab ketgan archali tog‘ mana men deb turadi. Oshuvgacha. Archalar nayza ko‘tarib, afsonaviy qasrga intilib borayotganda to‘xtab qolgan navkarlarni eslatadi. Suv oqadigan o‘yiqlar, oqmalar do‘l tushganda ikki kunlab oqaradi, xolos.
Tog‘ning pastroq joylariga tushgan uylardan tunlari milt-milt nur ko‘rinadi, xolos.
Ammo men xonamdagi chiroqni yoqsam bormi, o‘sha tomonlardan ko‘plab itlar hurishadi!
Mehmonxonada mendan boshqa biron kimsa yo‘q-da. Yozda ko‘p bo‘lsa kerak...
Mehmonxona toshdan yasalgan. Shuning uchun sovuq, yozdayam salqin bo‘lishi kerak.
Bitta o‘zim yotib turardim. Qorovulning o‘g‘li har erta bitta non keltirib berardi. Ovqatniyam o‘zim qilardim. Oshxona bor! Gaz bor!
Tunlari faqat kalamushlar bezovta qilardi. Polning tagida bir-birini quvib yugurib qolishadi deng: gudur-gudur etib! Ba’zan tirqishlaridan fish-fish etgan ovoz eshitilardi. Shunda jahlim chiqib, o‘sha yerni tepardim. Bir marta patronning o‘qini olib, dorisini teshikka otmoqchi bo‘ldim.
Kalamushlarni o‘ldirishgan. Lekin yana ko‘paygan... Mehmonxona toshning ustiga qurilgan. Shu toshning yorikdardan hid olib kelsa kerak-da.

2

Xullas, jo‘nadik. Kech bo‘lib qolgan edi. Qishloqqa tushiboq mashina chiroqlari yorug‘ida keta boshladik. Yer notekis, loy. Gazik u yon-bu yonga surilib ketadi. Lekin men go‘yo sezmayman. Mung, mung! Butun vujudim mungdan iboratday!
Men hayotni yaxshi ko‘rardim. Vassalom! Boricha: butun tovlanishlari, hatto fojealari bilan...
Ana shu hayotdan ko‘ngil sovudi-da, birodar!
Sotsializmning barbod bo‘lganiga achinmayman. Biroq u bilan birga mening ham nimalarimdir barbod bo‘lganiga aminman: men inongan qadriyatlar puchga chiqdi...
Go‘yoki bugungi kungacha behuda yashagan ekanman... Bilaman: inson nimagadir intilib yashaydi, aks holda o‘ladi. Chamasi, mening Toshkentda ishdan bo‘shab, tug‘ilgan yurtga uloqib kelishim ham ana o‘sha nimagadir intilish, hechqursa, yashab qolish, balki yashashdan ma’no topish maqsadida edi.
Yaxshiyam Misirboyning meni ko‘rgali uyimizga, ya’ni chol-kampirning kulbasiga borib qolgani. U mening ahvolimni darhol sezdi, darhol toqqa — o‘zi boshchilik qilayotgan sovxozga taklif etdi. «Tinch, vahimalardan yiroq!» deb turib oldi. Rayonda ham Toshkentdagi gap bor ekan-da: «Endi nima bo‘ladi?»
Menga shu savolni berishadi. Meni ko‘rgani kelgan yor-do‘stlar. Hatto notanishlar ham...
Fuzuliydami, Navoiydami bir g‘azal bor-ku? Bemor davo izlab tabibga borsa, tabibning o‘zi davoga muhtoj chiqadi: bunday gaplar eski adabiyotda ko‘p...
Qisqasi, xotinim Toshkentga qaytdi, qizchani olib; ishi bor. Men qoldim...
Ha, may bayramini o‘tkazish bahonasida kelgan edik.
Kechirasiz, sal chalg‘idim.

3

Qishloqdan chiqa boshladik. Mashina chiroqlari nuridan o‘zga nur yo‘q. Soydan o‘tdik. Suvi ko‘p. Shunaqayam shovullaydiki, motorning ovozi eshitilmaydi. Ikki marta to‘xtab qolganda, motorning yurgan-yurmaganini bilolmay qoldim.
Narigi bet — toshloq. Asta-sekin ko‘tarilib, yuksak toqqa aylanadi. Uning ham bag‘irlari — archazor. Buzuq joylar ham ko‘p: shu kunlarda na’mataklar qutirib gullagan edi! Yo‘l o‘sha-o‘sha: notekis, xavfli.
Lekin Boltaboy yurishni biladi. Misir uni bekorga shopir qilib olmagan...
Horg‘in o‘tiribman deng. Xayolimda bir zamonlar — o‘n ikki-o‘n uch yoshlarimda shu joylardan ham miltiq ko‘tarib o‘tganim: otam tayyorlov idorasida ishlar edi, mening belimga pul bog‘lab, qo‘limga miltiqni ushlatib, eshakka mindirib, bu tomondagi qishloqlarga jo‘natardi.
U kishining har bir qishloqda oshnasi bo‘lardi. Men aytilgan qishloqqa kelib, aytilgan kishini topib, ikkala qo‘limni ham baland ko‘tarardim. Otamning oshnasi belimdan belbog‘ni yechib olar, ana o‘shanda yana pul keltirganimni anglardim. Keyin oshna: «Borib ayt. Falon kundan keyin shuncha eshak olmaqoqi boradi, turshak boradi», der edi. Men ko‘pincha o‘sha kuniyoq rayonga qaytardim. Nimagaki, masalan, saharlab markazdan chiqqan bo‘lsam, quyosh botishiga biron terak bo‘yi qolganda, o‘sha qishloqqa yetib kelardim. Bilasizki, quyon ham, kaklik ham kun botayotgan paytda so‘qmoqlarga, yalangliklarga chiqadi. Ayniqsa, quyonlar!..
Otolmasang ham, ularni quvish, ortidan o‘q bo‘shatish, xullas, tomosha qilishning gashti bor-da.
So‘ngra: tunlari miltiqni o‘nglab, archazorlar orasidan yurishni yaxshi ko‘rardim. Qulog‘ing ding! Sezgilaring o‘tkir! Bamisoli bahaybat bir mahluq chiqib qoladi-yu, u bilan so‘qishasan...
Qolaversa, zim-ziyo tunning ham o‘ziga xos go‘zalligi bo‘ladi-da. Yulduzlar yaqin, boyqush sayraydi, har qadamingdan jir degan tun qushi uchib o‘tadi. Eshakkina beparvo... Oy chiqqan mahallarda archazorlar negadir tinch bo‘lardi. Ulkan-ulkan archalar soyaga o‘xshab turadi. Eshakning tuyoq tovushi yiroq-yiroqlardan baayni aks-sado beradi.
O’lay agar, qo‘rquv nimaligini bilmasdim. Holbuki, men o‘rmon bilan bog‘liq ertaklarga ishonardim...
O’tinaman: hayajonlanib ketib, asosiy maqsaddan chalg‘iyapman, lekin bu izohlar ham kerak.
Boltaboy yo‘lni terib haydab, o‘rkachga chiqdi. Chiroqlar nurida faqat ikki marta tulkimi, shaqolmi ko‘rindi: to‘g‘rirog‘i, yiltillagan ko‘zlari ko‘rindi, xolos.
— Tovushqon qolmaganmi? — deb so‘radim.
— Kamayib ketdi, aka, — dedi Boltaboy. — Lekin bor... Endi, ular ham zamonga qaraydi-da. Hadeganda o‘zini ko‘rsatmaydi. Bugun ertalab birovini ko‘rdim. Har sakraydi — odam bo‘yi! Uni otib bo‘ladimi? Kakliklar ham daqqi bo‘lib ketgan. Qorangizni ko‘rsa, bir chaqirimdan qochadi.
Tog‘dan ena boshladik. Olisda yulduzlarga qo‘shilib ketgan markaz chirokdari ko‘rindi. Lekin ularga yetish uchun... Cho‘ponlar to‘g‘ri aytishadi: nur ko‘rgan yeringga borma, it hurgan yerga bor! Zo‘r gap.
Markaz chegarasiga kirganimizda, yomg‘ir tomchilay boshladi. Soat o‘nlardan oshgan edi.
Qo‘shtegirmon ko‘prigidan o‘tgach, ancha hushyor tortdim. «Rayonda o‘zgarish bormi?» deganday qaray boshladim. Jimjit. Odamlar kunduzgi vahimali gap-so‘zlardan qochib, uy-uyiga, to‘shagiga kirib olganday edi.
Chorrahaga yetganda, Boltaboy:
—Uylariyutami, domla? — deb so‘radi.
Uy... Uyda nima qilaman? Tunda ularni bezovta qilib, nimani gaplashaman?
Qayoqdan kallamga keldi shu gap:
— Pochtaga! Pochtaga! — deb yubordim.

4

Pochta binosi Saritepaning bag‘rida. O’rlab borib, engarakka o‘xshash darvozadan kirdik. Odatda, moshinalar darvozadan buyoqda qoladi. Bizniki endi... direktorning ulovi. Qolaversa, meni jumhuriyat o‘quvchilari yaxshi tanimasa ham, tuproqdoshlarim yaxshi bilishadi. Hatto aytishim mumkinki, ayrimlari faxrlanishadi.
Moshinani maydonda qoldirib, ichkari zalga kirdik. Odam siyrak. O’rindiqlarda har xil alfozda o‘tirishibdi: bir-biriga orqa o‘girib.
Endi, kaminani taniydi-da, pochtachilar ham... To‘rdagi tuynukdan navbatchi yigitning ovozi keldi:
— Salom berdi-ik, Qudrat aka!
— Salom, salom, — deb iljaydim. Uyalaman. Hamma menga o‘girilib qaradi.
— Toshkent bilan gaplashasizmi? — so‘radi u yigit. O’lay agar, ko‘chada ko‘rsam, tanimayman. Ammo shu bilanmi, boshqasi bilanmi Toshkentda turib ham ko‘p gaplashganman: chol-kampirni sog‘inganimda...
— Ha, — dedim.
— Nomer o‘shami?
— Ha, — deb yubordim.
— Hozir! Birinchi kabinaga kiravering!
Endi jilganimni bilaman, tepamdan qaynoq suv quyib yuborilganday bo‘ldi.
— Nega bu kishi gaplashar ekan? Mening navbatim-ku? — dedi bir... qora duxoba kamzul kiygan qizmi-juvon. U ancha narida derazaga qarab o‘tirgan ekan. Menga burilib olgan, boshqalar qandaydir bezovtalanib qolgan edi.
Aytdim-ku, issig‘im chiqib ketdi, deb!
— Xo‘p-xo‘p, singlim. Bemalol... Bu kishi gaplashsinlar! — dedim-u, yuzim qora bo‘lganday izimga qaytdim.
Pochtachi yigit nimadir deb do‘q qildi. Kimlardir haligi qizmi-juvondan nolidi...
Men eshitmas edim.
To‘g‘ri maydonga tushdim. Yomg‘ir kuchaydi. Bo‘g‘ot panasiga o‘tib sigaret tutatdim.
Boltaboy ham men bilan birga.
— He, parvo qilmang. Qishloqchilik-da, — dedi.
— Yo‘q-yo‘q, hammasi to‘g‘ri, — dedim.
Qarang-a, Toshkentda shunday joyga kirib qolsangiz, birinchi galda: «Kim oxiri?» yoki «Kto krayniy?» deb so‘raysiz. Bu yerda... Xom sut emgan bandamiz-da.
Boltaboy ichkariga qaytib kirdi. Biron besh minutlardan keyin zinada ko‘rinib, meni chaqirdi.
Beixtiyor birinchi kabina tomon borarkanman, pochtachi:
— Kechirasiz-da, aka, — dedi.
— Hechqisi yo‘q.
— Liniyada yangam...
— Rahmat.

5

— Tinchlikmi? Qayokdardan telefon qivotsiz? — deb so‘radi xotinim. «Qaerdan?» deganining sababi — o‘sha qishloqqa hali telefon tushmaganini Misir meni ko‘rgani kelganda aytgan edi, aftidan, xotinim bundan mamnun bo‘lgan edi.
— Rayondan. Markazdan, — dedim.
— Nega? Rayonga tushdingizmi?
— Ko‘rib turibsan-ku?
— Nega tushdingiz?
Men unga taxminan yarim oylar o‘sha tog‘lar orasida bo‘laman, degan edim. Chamasi, markazga enmasligimni ham ayttan edim. Albatta, bu qaror unga yoqqan edi.
Markazga tushsang, bilasiz-ku, yana yor-do‘stlar bilan o‘tirasan. Haligi isqotidan ketadi. Keyin ranging bir xil bo‘lib... Ish ham qolib ketadi...
Xotinim mening ahvolimni, umuman, tushunar edi: tushungani uchun ham xizmatdan bo‘shab bu yoqqa jo‘nashimga, ya’ni, jo‘nashimizga rozi bo‘lgandi. Yo‘qsa, bir quti sigaret falon so‘mga chiqqanda, xizmatdan bo‘shashga balo bormi!
Xayriyat, eng so‘nggi kitobimga uch-to‘rt so‘m qalam haqi tekkan edi...
Ha, so‘nggi kitobimga!..
Ha-da: shu narsalar ham ta’sir etgandi-da menga... Ma’naviyatning qadri shunchalar tushib ketadimi?
Yeb, ichib, boringki, tug‘dirib, uxlaydiganlar zamoni kelganday: holbuki, bu ish — faqat jonli jonivorlarga xosdir. Axir, bizlar — odam...
Buning ustiga, «madaniy odam?» deyishadi bizni... yam!
Prezident mahkamasidagi mulozimlar ham nuqul «Mafkura tamom! Iqtisodni o‘ylash kerak!» deb uqtirishadi. Holbuki, shu — iqtisodni o‘ylash ham — demak, mafkura ekanini, insonni o‘ylash ekanini tushunishmaydi.
Ha-ha, bu masala hali yuzaga qalqib chiqadi. Shunday qalqib chiqadiki, bu yo‘rig‘da ham biryoqlamalik qilganimizni fahmlab qolamiz. Keyin attang...
Ha-ha: mening mafkuram — hayotni boricha sevish edi. Haliyam undan qaytmagan edim. Ammo...
... shu hayotning o‘zi, nima balo, charchatganmidi, jonga tekkanmidi, bilmayman.
E, do‘stim, meni so‘roqqa tutgandan ko‘ra, o‘zingiz — o‘z ko‘nglingizga nazar tashlang. Nazar tashlang-chi... A-a, balli! Siz ham men kabi uloqib ketgingiz keladi.
Nachora, men shu ishni qipman, balki imkoniyatim borligi uchundir...

6

— Nima uchun, nima uchun? — deb chirsilladim men ham xotinimga. — Balki sening ovozingni eshitish uchun... tog‘dan tushgandirman!
— Uydan telefon qivotsizmi?
— Pochtadan! Ishonmasang, ana, navbatchidan so‘ra, — dedim. — Uyga bormayman. Nima qilaman chol-kampirning oldida? Bemahalda?.. Ha. Toqqa qaytib ketaman...
— Moshina bormi?
— Tashqarida turipti... O’zi, yaxshi yetib bordinglarmi?
— Ha, ishqilib... Bu yerdayam yomg‘ir, yomg‘ir... Hammayoqni zax bosib ketdi...
— Xo‘p, menga topshiriq bormi?
—Tezroq qaytib keting!.. Hoy, siz markazdagi jo‘ralaringazgayam ko‘p ishonmang. Men sezdim. To‘qson poyizi qitmir, odamning qo‘liga qaraydigan bo‘pti. Ha, pul ko‘rmaganlar... Qaytamga ilgari tuzuk edi...
— Xuddi shunday, — dedim.
Bu narsani men ham juda yaxshigina sezgan edim... Nima desam ekan, o‘kingan ham edim: «Esiz yigitlar», deb... Bilaman, ishonaman, bu kunlar o‘tadi!
Nima, mehr-oqibat tiklanmaydi, deb o‘ylaysizmi? Bu dahshat-ku?
Unda chindan ham inson insonga bo‘ri bo‘lar ekan-da?.. Ishonmayman: axir, Misir haqida gapirib berdim, shekilli? Unday insonlar bor-ku?
Menga yetadi...
Xullas, xotin bilan xayrlashdim. Pochtachiga gaplashganim haqini uzatgandim — qaytardi. Bari bir tashlab chiqdim. Tashqariga chiqqach, ko‘nglim buzildi: nega?
Balki bu tentirashim ta’sir ettandir?
Ammo nega to‘ppa-to‘g‘ri bu yerga — pochtaga kelganimni o‘ylab, ittifoqo angladimki, haligi mehmonxona oldida — gujum ostida o‘tirganimda, o‘sha kapalaklarni, qarg‘alarni, chopon kiygan erkaklaru ayollarni ko‘rib: «Hammasi juft-juft», deb o‘ylaganim ta’sir qilgan bo‘lsa kerak: «Mendayam xotin bor-ku?» deb...
Xo‘sh, shlyapani bostirib, moshina oldiga bordim. Borayotganimda orqa eshik oldida turgan bir qora gavdaga ko‘zim tushgan edi. «Boltaboy», deb gumon qilganmidim, bilmayman, ishqilib, unga parvo qilmay, ol-dingi eshik tutqichidan tortdim. Shunda u qora gavda:
— Qudrat aka, meni olib keting. Qo‘shtegirmonda tushib qolaman, — dedi.
Ko‘zim ilg‘adi: o‘sha — duxoba kamzulli qizmi-juvon... Endi negadir yuragim g‘ashlanib:
— Bemalol, — dedim.
Men o‘tirdim. Uyam orqa o‘rindiqqa kirib o‘tirdi. Jo‘nadik. Saritepadan ena boshladik.

7

Odam o‘zini bilmaydi: ko‘nglini, dyomoqchiman. Tog‘da Misir: «Otamizmi?» deganda, rad qilgandim. Endi negadir sal tusab qoldimi, yoki, umuman, mehmonxonaga quruq qo‘l bilan borgim kelmadimi, harqalay, shunday dedim:
— Boltaboy uka, mana, biron haftadan beri sizlarning mehmoningizman. Yeyish-ichishdan zoriqqanim yo‘q. Aksincha... Shu, malol kelmasa, restoranga haydasangiz. Men biron narsa olvolsam...
Shofyor mening shunday deyishimga javobni av-valbahor tayyorlab qo‘yganday:
— Yo‘g‘-e, domla, — dedi. — Bu moshin — diriktirniki. Otning qashqasidek ma’lum. Restoranning oldida ko‘rishsa, «Direktor nima qilib yuripti?» deyishadi...
Men uning boshlig‘iga sodiqligi uchun besh ketdim. Ammo bir andisha g‘ashimni keltirdi: ilgari, huv ilgari shunaqa deyishsa, e’tiroz bildirmas edim.
Chunki raykom kotibi — hokim, xoqon edi! Panada bilganini qilib, ochiqda odamlarning tirnoqcha «nuqson»ini ham tuyadek qilib ko‘rsatar edi: umuman, xo‘jalik rahbarlarining restoranga kirishi istisno hol edi. Ammo xilvat go‘shalarda ular qilgan ishni o‘sha xonlar ham qilolmagan-ov...
— Haliyam hokimdan qo‘rqasizlarmi? — dedim.
— E, domla, hokim-hokimda... Keyin bizning xalqimiz o‘rganib qolgan... To‘g‘ri, betgachoparlar chiqayapti. Boy fermerlar paydo bo‘layapti. O’zimizning sovxozdayam bor... Misir aka sovxozning yarmini fermerlarga bergan. Texnikaniyam...
Bunaqa gaplarni ham markazda, xotinim bilan uch kun turgan paytimizda, rosa eshitgan edim.
— Bo‘pti. To‘g‘riga haydayver, — dedim. — Keyin chapdagi tor ko‘chaga kirasan. Restoranga orqa tomondan kelamiz.
Boltaboy jim qoldi.
Tor ko‘chaga kirayotganda, orqaga qaramasdan so‘radim:
— Singlim, shoshilmayapsizmi?
— E, yo‘q. Qaerga shoshaman, — dedi u g‘oyat beparvolik bilan.
«Zo‘r», deb qo‘ydim ichimda.
Torko‘chadan bora-bora boshqasiga tushib, restoranga yetdik. Orqa tomon qorong‘i.
Moshinadan tushib, oshxonaga kirdim. Oq qalpoq kiyib olgan oshpazlar meni tanib, darrov so‘rasha ketishdi.
— Kechirasizlar, menga bironta ichimlik kerak edi, — dedim.
Bufetchini chaqirishdi. Uyam quyuq so‘rashdi va ahvolimdan — chopon kiyib, restoranning orqa eshigidan shumshayib kirgan kishining, ya’ni, tanikli shoirning ahvolidan zavqlanib:
—Aroq yo‘q, akajon. Shampan bor, konyak bor, — dedi.
Qamma bizga tikilib turibdi.
— Bittadan bering, — dedim.
Berdi. Va uyam uzatgan pulimni olmadi. Lekin... cho‘ntagiga tiqib chiqdim.
Yana yo‘lga tushdik.
Mening, hartugul, kayfim chog‘ edi. Boltaboyga hali — tepadan enayotganda aytgan gaplarimning bari rost edi-da: bir haftadan buyon tirikchiligim shularning bo‘ynida. Tabiiy: ichimlik ham... Darvoqe, Misirboy mehmonxona oshxonasidagi xolodilnikka uch-to‘rtta turli ichimliklardan ham solib qo‘ygan.

8

Ketyapmiz.
Aytganimdek, kayfim chog‘. Kelayotgan paytimdagi mung meni harqalay tark etgan edi: biroz yayrab qolsin deganday... Lekin ich-ichimdan his etardim: xotinim ayrim do‘stlarimning bozor iqtisodi odamlariga aylanayotganini eslatgani va, darhaqiqat, o‘zim ham bu holni sezganimga zid o‘laroq...
Misirning o‘zgarmagani, pochtachilarning hurmat-ehtiromi, restoran xizmatchilarining izzat-hurmati — dilimni ancha ravshan etgan edi.
Balki mana bu ichimliklarni olish fikriyam, nima desam ekan, ruhimni ko‘targan, qandaydir pinhona xijolatdan xalos qiladiganday edi.
Ammo sizga ochig‘ini aytishim kerak: tag‘in o‘zga, toyat yashirin va sirli bir narsayam dilimga, qandaydir... malham ediki, u narsa shubhasiz — pochtaxonada «oldin men gaplashaman!» deb shakkoklik qilgan qizmi-juvonning tag‘in moshina yonida turib olib, bemalolgina kirib o‘tirishni so‘ragani va... kirib o‘tirgani edi. Ha-ha, shu edi.
O’zingizdan qolar gap yo‘q: bundoq paytda erkak zoti borki, ma’nosiz mamnun tortadi. Ko‘nglida zarracha «qiyshiq fikr» bo‘lmasa ham.
Tiling biyron bo‘la boshlaydi va aytayotgan gaplaringni «orqada o‘tirgan kishi» ham eshitishini istaysan hamda... unga qandaydir moslab davom etasan.
Lekin kaminaning tiliga gap kelmas edi.
— Ha, gurung bering-e, Boltaboy, — dedim. — Xalqning ahvoli qalay? Bu Ozodlik degan edik, yetishdik! Gorbachyov bobo bir atom urushi qilolmaydigan ishni qip ketdi... Ba’zilar: «Ozodlikni nima qilishni bilolmay qoldik», deyishadi. To‘g‘ri endi, qafasdagi kaklikni chiqarib yuboring-chi? Tog‘larga erkin uchib ketadimi? Yo‘q... Qaytib keladi. Shu ma’noda Navoiy bobomizning «Oltin qafas ichra qizil gul bitsa, bulbulga tikandek oshyon bo‘lmas emish» degan baytlari nisbiydir...
— Domla, men bu tomonlarini tushunmayman-u, xalq boyiyapti... Lekin xasis bo‘p borayapti! — dedi Boltaboy. — Bundan tashqari, ishsizlar ko‘payib borayapti. Bizdayam ancha bor edi... Misir aka anavi ishlarni boshlab yubordi. Toshkentlik bitta savdogar yigit bor ekan. Qandaydir assasiyaning boshlig‘i! Balki tanirsiz? Xullas, o‘sha kishi bilan kelishibdilar shekilli, u katta pul bergan... Xo‘sh, yo‘l qurilishi uchun. Mehmonxonani jihozlash uchun. Milliy choyxona qurish uchun... Mana shu tufayli deng, ancha odamlar ishli bo‘lib qoldi. Maoshiyam haligiday!
— Him, xalq Misirdan xursandmi?
— Juda! Misir aka o‘zgarmaydi-da... Yaxshiga — yaxshi, yomonga yomon. Qattiqqo‘lligiyam bor.
— Ha-a, bu yaxshi. Xalqni o‘z boshiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.
— Shu-da: ming qo‘shchiga bir boshchi.
Sirasini aytganda, bu gaplar ham ma’lum haqiqatlar edi: axir, anarxiyaning oldini olish kerak-da!
Biz o‘rganmaganmiz bunday erkinlikka... Shuning uchun ham, nazarimda, insondagi eng tabiiy, insoniyat darajasidagi ojizliklar ham, yovuzliklar ham yuzaga balqib-balqib chiqa boshladi: o‘g‘irlik, shafqatsizlik, poraxo‘rlikning qandaydir oliy shakllari... Mehr-oqibatning ko‘plardan ko‘tarilayotgani...
Bu yo‘rig‘da «erkinlikka chiqqan» din ham ojizlik qilayotgani... Umuman, diniy ta’limot yo‘rgakdan singishi kerak ko‘ngilga! To‘g‘rimi?
Biz esa — suyagi ateizm bilan qotgan odamlar... Ha, endi, ko‘ngilning tubida nimalardir bor edi.
Mozorning tug‘ini olgan bir kommunistning qo‘li shol bo‘lib qolganini bilaman.
Balki uning ham ko‘nglida o‘sha «nimadir»dan bo‘lgan-u nochorlikdan...

9

Yuqoridagi gap-so‘zlar bilan sizni zeriktirmadimmi? Na iloj, birodar? Qaerga borsang, shu xildagi gap...
Nima? Yo‘q-yo‘q, «Orqadagi kishi» suhbatimizga jilla bo‘lsa-da, qo‘shilmadi.
Qo‘shtegirmondan o‘tib ketdik. Ko‘prikdan ham o‘tgach, orqaga qaragim keldi. Qandaydir xijolat bo‘ldim. Boltaboy «Qudrat akam bu bilan kelishgan», deb o‘ylaydi, dedimmi? Keyin: «Nahot shofyordan so‘ramagan?» degan xayolga borib, unga sekin shivirladim:
— Bu ayolni taniysanmi?
U yo‘ldan ko‘z uzmay tanglayini taqillatdi. Sigaret tutatdim: «Qiziq-ku?»
Bu orada Poda degan qishloqqa yaqinlashib bora boshladik. Men oxiyri o‘girilib so‘radim:
— Singlim, Qo‘shtegirmon qolib ketdi... Qaerga borasiz?
U allaqachon shunday savol berishimni kutib, ja-vobni ham Boltaboy singari hozirlab qo‘yganday:
— Siz qaerga borsangiz, o‘sha yerga-da, — desa bo‘ladimi!
Karaxt tortib qoldim. Yurak o‘lgur gurs-gurs ura ketdi. Xayolda haligiday mavhum-qiziq manzaralar...
«Tavba! — deyman. — Bu qanaqasi bo‘ldi!» Bolta-boyga ko‘z qirini tashlasam, miyig‘ida tabassum. Uf, uyalib ketdim: bularning oldida men haligiday — pokdomon kishiman-da...
— Bu-a, siz meni taniysizmi? — deb, yarim burilib so‘radim.
— Nega tanimas ekanman? Siz — Qudrat aka-da, — dedi u qandaydir terslik bilan. So‘ngra xotirjam-shaddod bir tarzda davom etdi: — Xotiningiz, qizingiz bilan kelgan edingiz. Birinchi mayda ko‘chaga chiqdinglar.. Haligi paraddayam bo‘ldingizlar. To‘g‘ri, odam oz bo‘ldi. Qari-qartang. Lekin bayram-da. Shahar hokimi siz bilan ko‘rishdi. Keyin uylaringga ket-dinglar... Ko‘rgan edim. Taniyman sizni.
— Yurtdosh sifatidami?
— Ha-da, — dedi u keskin. — Lekin she’rlaringizni o‘qib turaman. Qo‘limga tushganda.
— Him, ma’qulmi?
Ojizmiz-da, azizim. Jindek maqtovga qulmiz... Yo‘g‘asam, bu savolning nima hojati bor edi!
— Yaxshi, — dedi u. — O’zimizni yozasiz. Tog‘larimizni... Sizning she’rlaringiz hammasi tushunarli. Sodda.
— Rahmat.
Uning gapi — men uchun katta mukofot edi.
— Toshkentga qachon qaytasiz? — so‘rab qoldi u.
— Him, bilmayman, — dedim. Shunda Boltaboy gapga aralashdi:
— Domla xohlasalar, ertaga ketadilar. Xohlamasalar, bir oy ham turaveradilar.
Bu gap ham mening sha’nimga aytilgan o‘ziga xos maqtov edi. Biroq maqtovning tagida meni... nima desam-a, qizg‘anish ham yo‘q emasdi.
Podaning sertosh soyidan moshinaning taraq-turuq qilib o‘tishidanoq Boltaboy ayolni yomon ko‘rayotgani yoki yomon ko‘rib qolganini aniq sezdim.
Ammo, meni so‘ksangiz — so‘king, bu gaplarni xotinimga yetkazsangiz ham — mayli, miq etmay o‘tiraverdim: Nega? Nimaga? Yolg‘iz Ollohga ma’lum.

10

Podadan keyin o‘r boshlanadi. O’r, o‘r! Taqir toshloqlardan aylanib o‘tadi yo‘l. Va nihoyat, tog‘ o‘rkachiga chiqib boradiki, ana u yerdan men yashab turgan o‘sha qishloq bir tup qora daraxt kabi ko‘rinadi.
Qarasam, Boltaboy «Gazik»ni surib, sakratib o‘rlatib borayapti. Shuncha tikilaman aftiga, bir qaramaydi!
— Boltaboy, bir minut to‘xta, uka, — dedim.
U moshinani taqqa to‘xtatdi-da:
— Domla, siz o‘ylamayapsiz... Sizni hamma durbinda kuzatib turadi! — dedi. — Bu kishi borsa, darrov ko‘rishadi. Keyin gap-so‘z... Misir akaning ham sha’niga yaxshi bo‘lmaydi...
Xudo haqqi, men bu ayolni qishloqqa — mehmonxonaga borishini tasavvur ham qilmagandim: shunchaki, uning yonimizda ekani zavqli edi.
Va boshqa jihatlarni o‘ylagim ham kelmasdi.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri aytasiz, — dedim. Shunda orqadan sado chiqishini kutdim: chiqmadi.
Nima qilish kerak?
Bu yonbag‘irlar ham men uchun qadrdon, yoshligimning shoshqin davrlari kechgan manzil edi. Bu adirlarda kaklikdan kichikroq, ammo go‘zallikda undan sira qolishmaydigan chil degan qushlar ko‘p bo‘lar, ulardan talayini otgan ham edim.
Yomg‘ir tomchilarini nari-beriga surayotgan oyna cho‘tkasiga qarab turdim-turdim-da:
— Qaytar. Pastga — soyga endir, — dedim. — Soyga. Biroz o‘tiramiz.
Xonimdan yana sado chiqmadi. Boltaboy esa moshi-nani chapdastlik bilan burib olib, orqaga qaytdi. So‘ngra bo‘rtib-bo‘rtib turgan toshlar ustidan avaylab haydab, hayhotdek soylikka endira boshladi.
Poda qishlog‘ida kichrayib qoladigan soylikni boshi — kengayib ketgan, har qirg‘og‘i bamisoli toqqa aylangan va shimoldagi ulug‘ qirralarga tutashadigan bu makon ham mening suygan manzillarimdan biri edi.
Gap shundaki, soy tubida, suv jiyaklarida bir qavatli, ikki qavatli uy baravari keladigan bahaybat harsangtoshlar dumalab yotadi. Tabiiy, ularning ko‘pi anavi tog‘simon qirg‘oqdan qulab tushgan va tekis joyda turib qolgan. Ko‘pchiligyning yon-veridan archa, tog‘olcha, achchiq bodom shoxlari chiqib turadi. Tag‘in, bunday xarsanglar tagida kamarlar ko‘pki, ularga bemalol kirib o‘tirish, gulxan yoqish va hatto yotib qolish mumkin.
Kamarlarga yomg‘ir-qor tushmaydi. O’t yoqish uchun esa xas-xashak, o‘tin-cho‘p serob.
«Gazik» soyga tushib, suvdan o‘tdi. Narigi betdagi eng katta qoyaning qoshiga yetdik.
— Tushamiz... Qarshilik yo‘qmi? — dedim orqaga sal burilib.
— Menga baribir, — dedi ayol o‘sha dangalligida.
— Yaxshi, — dedim. Va beixtiyor, balki tabiiy tarzda shu fikrga keldim: «Buzuq ayol... Mayli, biroz o‘tiraylik. Qaytarib yuboraman. Boltaboy oborib Qo‘shtegirmonga tashlab keladi. O’zim o‘-o‘tiraman gulxan yoqib...»

11

Moshinadan tushdik. Chiroqlar yoritib turgan kamarni ko‘rsatib, odob yuzasidan:
— Borib turing, — dedim xonimga.
U «borib turish»ni o‘ziyam yaxshi biladigandek indamay o‘sha tomonga yo‘naldi. Biz Boltaboy ikkimiz nima qilardik? So‘zsiz o‘tin jamg‘arishga tushdik.
Bu yerda bulturdan qolgan kavrak, qurigan bodomcha, tag‘in allaqanday tikanlar mo‘l edi. Xash-pash deguncha xonimning oldida o‘rtacha odamning ko‘kragi baravari o‘tin-cho‘p yig‘ildi. Boltaboy uning ustiga chiqib, biroz tepkilagach, pasayib bosilibgina qoldi. Nihoyat, kamardan sal berirokda, yomg‘ir tushmasdan qiyalab o‘tayotgan yerga o‘tin-cho‘pdan bosib, gugurt chaqib tutdik. Zum o‘tmasdan chirsillab, tutun chiqarib gulxanimiz lovullay boshladi...
Men benihoya xursand edim: axir, bolaligim davomida ming bir marta qilgan ishni tag‘in takrorlayotgan edim. Va menga shunday tuyulardiki, Toshkentda ham, anavi tuman markazida-yu tog‘dagi qishloqda ham mana shunday yovvoyicha gulxan yoqish yetmagan ekan.
Buning ustiga, yoningda — kim bo‘lishidan qat’i nazar, ayol kishi bo‘lsa...
Gulxanning atrofiga uchta yirik-yirik toshlarni dumalatib keldik.
— Marhamat! — deb o‘tirdim-u, ayolga qaradim. Va... lol qoldim.
Qoya bag‘ridan oppoq, yoniq bir chehra o‘ta qiziqish bilan qarab turardi!
Ro‘molini boshidan tupshrgan (issiq o‘tgan bo‘lsa kerak), bo‘yinlari, sochlari ham baralla ko‘rinar, bu qiz-juvon... nari borsa, o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshda edi! Bilasizmi, bunaqa yuzni uchratish qiyin: ko‘zlari sal qiyiq hamda bir-biridan xiyla yiroq joylashgan. Mo‘g‘illarning ko‘zini eslatadi. Ammo yanog‘i bilinmaydi, buning ustiga, iyagi chuvakroq.
Bu bir g‘alati — ko‘p qonlar tomirida qorishib yurgan, nima desam ekan, mo‘‘jiza edi.
Hayron bo‘lib qopman. Men uni «qiz-juvon» deb atadim, «ayol» deb gumon qildim, «buzuq xotin» dedim. Bu bo‘lsa...
Ha, aytmoqchi, lablari yupqadan kelgan va ularda mayin xayrixohona, ayni chog‘da, qiziqish to‘la tabassum bor edi.
Tavba, lekin gaplari dangal, ovozi o‘ktam. Hatto qandaydir qo‘pol eshitiladi...
— Keling, o‘tiring, — dedim-u, u yonboshida bo‘y cho‘zib turgan archani surib, bu yoqqa chiqishi hamon boshim aylanib ketgandek bo‘ldi...

12

Qoyaning bag‘ri — kamar juda qorong‘i joyga, aniqrog‘i, qora o‘rmonga aylandi. Qizning egnidagi qora duxoba kamzul... yupun bir ko‘ylak tusini oldi. Oyokdari yon-verida xas-xashaklar emas, balki chuchmoma, bo‘tako‘z va shular kabi chechaklar ochilib turardi.
Qiz qandaydir qiynalib yorug‘likka chiqqandek, shundan labida tabassum o‘ynar, tabassumi ham... yorqin va shodon tuyular va umuman, u o‘zligini yo‘qotib...
... Zumradga aylangan edi!
Zumradning kimligini bilasizmi?
«Ikki sandiq» ertagini eslang... Balli! O’sha yetim qiz. O’z onasi o‘lib ketib, o‘gay onaning qo‘lida qolgan... kunlarning birida o‘rmonda adashib, sehrgar kampirning hujrasiga borib qolgan...
Bilar ekansiz... Shoshmang, o‘shanda aytiladi-ku: Zumrad yurgan yo‘llarda chechaklar bosh egib unga salom berardi... Qiziq-a? Gullar salom bersa...
Lekin, ishoning, azizim, men shu gaplarga yuz foyiz ishonardim! Shuning uchun gullarning menga salom bermaganlarini ko‘rib, hayron qolgan, alamim kelgan paytlar ham ko‘p bo‘lgan... Yaxshi eslayman! O’sha esdaliklardan qolgani, aftidan, shu ediki, gullarni... qanaqa bo‘lmasin, yaxshi ko‘rardim!
Afsuski, yillar, bu yoqda har xil turmush tash-vishlari, ustiga-ustak, yovuz saltanatning inqirozidan keyin paydo bo‘lgan tentirashlar...
... xalkning ham gangib qolgani, arboblarning tezda yo‘l topolmasliklari...
Ha-ha, mening oxir-oqibat xizmatdan bo‘shab, darvishnamo bo‘lib bu tomonlarga kep qolishimning buyuk boislari o‘sha-o‘sha chechaklarga mehrni ham o‘tmaslashtirib qo‘ygan-yuborgan edi.
Bugun — kechki paytdagina men tabiatni favqulodda o‘tkir his eta boshlagandim, xolos!
Endi bo‘lsa, men uchun eng suyumli, balki mening she’riyatga havas qo‘yishimga, tabiatni-yu hayotni boricha — barcha tovlanishlari bilan yaxshi ko‘rishimga va tasvirlashimga sabab bo‘lgan aziz ertagim (ertaklarimdan biri) ham jonlandi. Va bir necha daqiqaga bo‘lsada, meni...
...yosh bolaga aylantirdi. Yo‘g‘-e, o‘smirga! Nimalar deyapman? Zumrad o‘n ikki-o‘n uch yashar bo‘ladi. Demak, mening tog‘-toshlar kezib yurishim ham o‘sha davrga to‘g‘ri keladi: ha-ha, qorong‘i o‘rmonlarni yaxshi ko‘rishim, boyqush sayrashlariga ishqibozligim, oy...
Xullas, qiz kelib, menga yaqin toshga sal qiyshayib o‘tirdi. Oyog‘ida eski shippak, lekin paypog‘i oppoq. Lozimi atlasdan ekan. Qulog‘ida sirg‘a-pirg‘a degan narsa yo‘q.
Boltaboy ham bu yondagi toshga o‘tirib, qo‘llarini o‘tga tobladi-da:
— Domla, nima qilay? Anavini opkelaymi? — dedi.
Men hamon parishon edim.
— E, opkeling! Opkemaysizmi? — dedim.
U turib ketdi.

13

— Nimaga munday tikilib qoldingiz? — so‘radi qiz quruqqina qilib.
— Sizni bir kishiga o‘xshatdim, — dedim.
— Kimga?
— Zumradga...
— E, o‘zim Zumrad-ku? — dedi u.
Men... og‘zimni ochib qoldim. Negadir Uvaysiyning «Anor» she’ri esimga tushdi: «Bu na gumbazdir, eshiga-tuynugidan yo‘q nishon...» Nega bu bayt xayolimga keldi? Tushunsam, o‘lay... Ammo og‘zim ochilib qolganini tushunsa bo‘ladi.
Nima qilishimni bilmay: «E, xudo, — dedim keyin. — Bu qanday sir-sinoat? Yoki favqulodda ismlar bir-biriga mos keldimi? Ha, ha. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!» deb o‘zimga uqtirgach, sal-pal hushimga keldim.
— Siz «Ikki sandiq» ertagini o‘qiganmisiz? — deb so‘radim.
— «Ikki sandiq»? «Zumrad bilan Qimmat» emasmi? — dedi u. Va mening shoshib bosh irg‘aganimni ko‘rib, davomini aytdi: — Maktabda o‘qigandim. Qimmatni ajdaho yutib qo‘yadi...
— Shu-shu.
Shunda u birdan boshini o‘girib kuldi.
— O’sha Zumradga o‘xshatdingizmi meni?
— Ha, ha.
— Yaxshi qizga o‘xshatgan ekansiz, — dedi u. So‘ng «xirmon»dan bir dasta tikan olib, gulxanga tashladi. Va xo‘rsinibgina qo‘ydi-da, shishalarni ko‘tarib kelayotgan Boltaboyga qaradi.
Boltaboy bitta piyola ham olib kelgan ekan. Shampanni oldim-u, Zumraddan so‘radim:
— Ichasizmi?
U yelkasini qisdi. Men darhol shishani ochib piyolani to‘latib, uzatdim.
— Piyolamiz bitta... Men konyak ichaman.
U piyolani olib, ko‘pigi pasayguncha tikilib turdi-da, so‘ng qandaydir iymanib-kulimsirab:
— Xo‘p. Omon bo‘linglar, — deb yutdi-qo‘ydi.
«Ha, ichib o‘rgangan, — deb o‘yladim. — Yoshiyam... Demak, maktabni bitirgan... — Erga tekkan yoki bola tuqqan-tug‘maganini tusmollash uchun yuziga tikilib qaradim: lof bo‘lsayam, naq olma... — Qiziq, meni tanisa, nega pochtaxonada unaqa qildi?»
Konyakdan quyib o‘zim ham ichdim. So‘z aytmadim. Aftidan, Zumradga: «Sizning sog‘ligingiz uchun!» deyishga istihola qildim: axir, u juda yosh-da!
Boltaboy moshinaga ishora qilib, ichmadi.
Ana shunda kamina katta bir xatoga yo‘l qo‘yganini angladi. Ya’niki, to‘g‘ri aytasiz, gazak olmagan ekanman: umuman, gazak xarid qilish xayolga ham kelmagan edi.
Siz hozir: «Bu Bolta shopirni gazakka yuboradi.
Maqsadi parivash bilan yolg‘iz qolish...» deb o‘yladingiz. Rost! Lekin siz o‘ylagan ma’noda emas: gazak haqiqatan ham kerak! Ikkinchidan, bu ertakdan chiqqan g‘alati qiz bilan...
... hayhotdek darada — soy bo‘yida, cho‘ng xarsang tagida, gulxan atrofida, sim-sim yomg‘ir ostida o‘tirish — yosh o‘spirin bo‘lib o‘tirish men uchun...
hayotning ajabtur o‘zgarib ketganidan kuyib va sovub, «Biron narsa toparmanmi?» deb tog‘lar qa’riga yo‘l olgan kimsaning bemalol gurung qilib o‘tirishi...
... axir, menga, dardimga jilla bo‘lsa-da, davo edi-da!
Ha, endi, ko‘ngilning qaysidir burchagida boshqa niyat ham tug‘ilgandir?
Harqalay, Zumradga «ayol kishi» deb qarash — mening uchun o‘ninchi darajali gap edi.

14

— Shaharga tushguncha restoran bekiladi. Uyingizga borish noqulay, — dedi Boltaboy. — Qishloqqa borib kelguncha, soat... to‘rt bo‘ladi, domla.
Men soatga qarab nimalarnidir chamalagan bo‘ldim. Shunda Zumraddan «sado» chiqdi-ku:
— Men ayol boshim bilan shu kishini deb kelib o‘tiribman. Siz yigitsiz-ku!
O, ayolning ta’nasi!
Boltaboy irg‘ib turib ketdi. Moshina qoshiga yetganda, qayrilib so‘radi:
— Qorovuldan olaymi, yo mehmonxonada bormi?
— Xonamda, xonamda bor, — dedim. — Eshikdan kirgan joyingizda bir qo‘ltiq ravoch bor. Stol tagida — kastryulda qovurdoq, tortmada non.
Boltaboy moshinani vangillatib soydan o‘tkazib ketdi. Hademay chiroqlari ham ko‘zdan pana bo‘ldi.
Atay o‘sha yoqqa qarab o‘tiribman. Zumradga qarashga yurak yo‘q. Ha-ha, endi u bilan o‘tirish menga qandaydir qo‘rqinchli bo‘lib qoldi.
Shunda shamol esdimi, yomg‘ir qiyalab ustimizga quyib o‘tdi. Men negadir choponni yechib, qizning egniga tashlab qo‘yishni o‘yladim. Ammo bunga ham jur’at yo‘q: bu-ku — arzimas dildorlik. Ammo shu asno nimadir va’da etadigandek bo‘ldim shekilli. Gulxanga cho‘p-xashak bosib, yana lovullatdim-da, yana Zumradga ko‘zim tushib, o‘lay agar, yana boshim aylanib ketgundek bo‘ldi.
Gap shundaki, azizim, men mana shu bahaybat soyning, aniqrog‘i, daraning har ikkala qirg‘og‘idagi archalar ichida miltiqni o‘nglab, gangib yurgan chog‘larimda ko‘pincha shunday tuyulardiki...
... Zumrad archalar orasidan chiqib keladi! Men unga nimadir yaxshilik qilaman!
Cho‘ng qoyalar ustida dam olib, sukutga tolib o‘tirgan chog‘larimda ham tuyqus-tuyqus shunday tuyulardi. Va men atrofga alanglab qolardim.
— Siz necha yoshga kirdingiz? — shu savol tilimdan chiqdi.
— O’n sakkizga, — dedi u xotirjamlik bilan.
— Him, turmushga chiqqanmisiz? — Ha..
— Bolalar...
— Bola qaydan bo‘ladi! Bor-yo‘g‘i olti oy yashab qochib keldim. Otamning uyiga...
— Ishlayapsizmi?
— Ish yo‘q. Hozir ish topish qiyin. Lekin... yaqinda bog‘chaga o‘taman...
«Farrosh bo‘lib...» ko‘nglimdan kechdi va xafa bo‘lib ketdim: o‘zim kal, ko‘nglim nozik deganday, unga achindim-da... U esa xotirjam!
— Xo‘sh, nima ish bilan shug‘ullanasiz? — deb so‘radim. Haliyam ko‘nglimda uni «haligiday...» deb o‘ylash bormidi.
— Uyda ish ko‘p, — dedi u va oyokdarini sal uzatib, yonboshidagi toshga tirsaklab oldi.
Uning gavdasi kichik, oyoqlari bo‘liq, o‘zi baquvvat va miqti edi.
— Ichasizmi? — deb so‘radim.
— So‘rab nima qilasiz. Bo‘lar ish bo‘ldi, — dedi u. Va bahaybat xarsangga qarab allanechuk kulimsiradi.
Peshonamdan ter chiqib ketdi, shampandan quyib tutdim. U tag‘in yutdi-qo‘ydi. O’zim konyakdan otdim. Sigaret tutatdim. Shu tariqa haligi uyat-andisha pardasi yuzdan tusha boshladi. Ha, labda tabassum, ko‘zlar biyo-biyo...
Nihoyat so‘radim:
— Pochtaga kirganimda meni tanibmidingiz?
U birdan sergak tortdi.
— Yo‘q-yo‘q, — dedi. — Egningizda chopon... Tanimadim. Keyin uyaldim. Keyin nima bo‘lsa bo‘lar deb moshina yoniga chiqib turdim. Onam bilan gaplashgandim. U kishi opamni ko‘rgani qo‘shni rayonga ketib edilar...
— Him, tushundim... Bu tog‘larimizni sevasizmi?
— Vey, albatta! — dedi u gapimga hayron qolganday. — Otam cho‘ponlik qilganda, men qo‘zi-uloq boqqanman... Keyin bari molimizni sel oldi. Otam kasal bo‘lib qoldi. O’nglanmadi. Markazga tushib ketdik... — U toshga o‘mrovini tirab soy tomonga boqdi. — Shunday tunlarda bemalol yurardim... Hozir uyda svet o‘chsa, shabko‘rga o‘xshab qoladi odam. Yomg‘ir ham yaxshi: odamni o‘stiradi... Archanint hidi kelayapti!
Sezmadim. Lekin: «Siz ham shoir ekansiz!» deyishimga oz qoldi. Qiziq-da: tun, archa, yomg‘ir to‘g‘risida shunday jo‘ngina qilib gapirgandiki, shu jo‘nligi bilan meni larzaga solgandi.
Axir, birodar, men ham sevardim-da: tunni ham, oyni ham, yomg‘ir, qoyalar, archa...
Sezayapsizmi, uning tabiatga qarashi mening qarashlarimga mos kelayotir!
Men — dorilfununni bitirgan, hayot tajribasiga ega, oilali-farzanddi, tag‘in mavjud turmushning pastu balandiga baholi qurat aqli yetadigan odamning...
...tabiatga munosabati bu qiz-juvon — Zumradnikidan deyarli farq qilmas edi.

15

— Siz, singlim, bu turmushdagi, mana, ko‘rib turgan o‘zgarishlarga qanday qaraysiz?
Bu savolimdan kulmang, hayron ham bo‘lmang: axir, o‘quvchilar bilan uchrashuvlarda o‘n-o‘n bir yashar bo-lalar ham shu ma’noda savol berishadi.
Ana shu ko‘nikma tufaylimi yoki Zumradning bu masalalarga ham munosabatini bilish menga qiziq tuyuldimi, balki uning bu yo‘rig‘idagi qanoatlarini ham o‘zimnikiga mos tushishini istadimmi — shu savolni berdim.
— E, meni qiziqtirmaydi, — dedi u charslik bilan. — Poshsholar kep ketaverar ekan. Siyosatchi deganlaringiz ham... Raykomlar ham! Bari... — Keyin menga boqib, mayingina kulimsiradi. — Men gazeta o‘qimayman. Televizordayam... kino bo‘lsa ko‘raman. «Hayvonot olamida», «Olamga sayohat».
— Yaxshi, juda yaxshi, — dedim.
Zumrad endi oyoqlarini bemalol uzatib, yonboshlagan edi, men:
— Choponni to‘shay, choponni, — dedim.
— O’zingiz shamollab qolasiz, — deb qo‘ydi u.
— Ha. To‘g‘ri.
— Bilasizmi, nimaga ergashdim sizga? — deb qolsa bo‘ladimi shunda.
— Bilsam, har narsa bo‘lay!.. — dedim-u, boshni ko‘tarolmadim.
— Bola-chaqangizni Toshkentga yuborib, bir o‘zingiz toqqa ketganingizni eshitgan edim. Buni ko‘plar biladi... Har kim har xil gapiradi. Buning ustiga, nuqul xafa ko‘rindingiz. Sizni ko‘plar kuzatdi...
— Tushunarli, — dedim. Va, tasavvur etingki, buning menga qiziqib, hatto ergashib chiqishi ham menga anavi... deylik, Misirning mehr-oqibati, pochtachi-yu restoran xizmatchilarining dildorliklariga o‘xshab ketdi.
Ammo, tabiiy, buning qiziqishi — istisno edi!
Bu, tabiiyki, menga yaxshilik niyatida emas, o‘zining qiziqishini qondirish uchun chiqqandi: endi, bu holga uning qandaydir zerikishi va ana shu hisni ham bir miqdor qondirishga ehtiyoji sabab bo‘lgandir...
Men tag‘in bir narsani aniq tuya boshlagan edim: hozir o‘rtamizda nimadir bo‘lishi kerak.
Shu meni hayajonga sola boshlagan va o‘sha qandaydir ish sodir bo‘lgandan keyin «nima bo‘lajagi» qiziqtirar edi.
Tag‘in bittadan ichdik. Shunda yig‘ilgan o‘tin-cho‘p kamayib qoldi. Yomg‘ir esa kuchaydi: demak, tezroq o‘tin jamg‘armasam, boriyam nam tortib qoladi.
Choponni yechib tashlab, sapchib o‘rnimdan turdim-da, atrofda qolgan tikan, kavrak va bodomchalarni yula ketdim.
Zumrad esa turib, toshga o‘tirib oldi: ko‘zlarida shunday qiziqish va yorqin kulgi bor ediki, meni tomosha qilar, hamda, nima desam ekan, bu ishlarni...
...go‘yo faqat uning uchun qilayotgandek tuyulardim shekilli!
Bu holatni aniq sezganimdan keyin tikan yulishga bot kirishib ketdim va hademay toliqib qoldim: men Boltaboy emasdim... Lekin yulayapman! Shu, ba’zi bodomchalarni qisimlab tortsam, la’nati jilla sug‘urilmaydi deng, qo‘lim sirg‘alib chiqib ketadi. Kaftimga qarasam: qon...
Shunda fahmlab qoldimki, uning — o‘n sakkiz yashar juvonning oldida o‘zimni yosh, baquvvat ko‘rsatmoqchi bo‘layotgan ekanman!
Nega?
Bilmayman.

16

Oqibat talaygina o‘tin jamg‘arib va Boltaboydek tepkilab, qo‘lni ham cho‘ng qoya yorig‘idan sizayotgan suvga chayib olgach, joyimga o‘tirdim. Choponni egnimga yopdim.
Zumrad esa, berigi tosh yoniga o‘tirib yonboshladi-da, oyoqlarini biqinimdan orqaga uzatib yubordi.
Uning butun vujudi-borlig‘i qarshimda edi: mana men, deb yotardi...
Tag‘in bitta otganimdan keyin ko‘nglim buzildi: «E, xudo, — dedim. — Butun bolaligim davomida shunday bir qizni... shunday tog‘lar orasida, archazorlar bag‘rida ko‘rishni orzu qildim! Mana bugun u baayni qoya bag‘ridan chiqib keldi. Lekin...
.. bugun!
Bu yosh, tajribasiz...
Men esam, daqqiyunusdan qolgan... Ya’ni, har qanday ishning oqibatiga aqlim yetadigan kishiman: agar yanada ochiqroq aytsam, munday:
Deylik,men hozir unga qo‘l uzatsam, shubhasiz, qo‘limni ushlaydi. Keyin...
Undan keyin buning menga qizig‘i qoladimi? Mayli, bir necha minut yoki soatga bo‘lsa-da?
Mening asl maqsadim nima?
Sal-pal tirilish... ruhni tiklash, ma’noliroq yashay boshlash va ijodga qaytish-ku?
Mana keldim: ruhimda ozmi-ko‘pmi o‘zgarishlar bo‘la boshladi. Ya’ni, kimlarnidir daf’atan yoqtirmay qolgan bo‘lsam, kimlarnidir yoqtira boshladim. Va yana muhimi...
«Endi nima bo‘ladi? Hayot qanday yo‘ldan ketadi?
Ertangi kun qanday bo‘ladi?» degan injiq savollardan xalos bo‘la boshladim». Misirning odamlarni ish-latishi va o‘zining ham tinmasligi, boz ustiga, «parvo qilmang, hayot yaxshi bo‘lib ketadi», degan gaplari ham menga ta’sir etgan edi.

17

Endi bo‘lsa, yoshligim bilan betma-bet o‘tirardim: ha, qarshimda Zumrad...
...mening orzularim, hayajonli xayollarimning bugungi kundagi ro‘yobi edi.
Men ham ko‘nglimning allaqaerida yoshgina o‘spirin edim! Ammo mohiyatim, umrim, borlig‘im bilan o‘zga, yoshi o‘tinqirayotgan kimsa edim...
Demak, shunday bo‘lib qolishim kerak. Va bu uchrashuvni Allohning ne’matidek qabul qilmog‘im darkor. Hamda buni buzmasligim-bulg‘amasligim shart, degan fikrga keldim: ana shunda qalbimning alla-qaeridagi yoshlik — tabiatga va uning turfa ko‘rinish-tovlanishlariga mehrim yangilanganicha qolsa kerak.
Zumradning menga, o‘zi bilmay hadya etayotgan zavqi bugungi kapalagu bulbullaru jiblajibonlarning bergan zavqidan kam emas, ortiq bo‘lsa ortiqdir!
Mening ularga bo‘lgan mehrim qandaydir darajada tirilgani kabi unutilgan, balki unutilayozgan bolaligim ham tirilib qoldi, axir...
Shundan bo‘lsa kerak-da: yomg‘ir ham, tun ham boshqacha ko‘rina boshladi: xususan, Zumrad ushbular haqida o‘ychan so‘zlagandan keyin...
— Siz yaxshi ko‘rib uylanganmisiz? — o‘tdan ko‘z uzmasdan so‘radi u.
— Ha, albatta, — dedim.
— Men erimga ko‘ngilsiz edim, — dedi u. Va qandaydir chalqancha bo‘lib uf tortdi. — Mayli.
— Nima «mayli»?
— Baribir yashash yaxshi, — dedi u va boshini orqaga solib, endi tog‘dek yuksalib turgan qoyaga boqdi. — Kichkinaligimdayam shu xarsangni turishi shu edi... Ana tog‘larning ham turishi o‘sha-o‘sha! Hech narsa o‘zgarmagan. Osmon ham. Bulutlar, yomg‘ir... He, nimasini o‘ylayman... — U hamon menga qaramay davom etdi: — Sizlarni... kattalarni turmush, undagi to‘polonlar xafa qiladi. Otam ham nuqul: «Endi nima bo‘ladi?» deb o‘ylaydi... Shunday paytda men shoir G’afur G’ulomning maktabda yod olgan bir she’rini eslayman:
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi, 
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy...
Ajabo, birodarim, men ham ushbu satrlarni bir necha bor takrorlagan, lekin tasalli topmagan edim: axir, biz falakdagi haligi azon uchib ketayotgan «qora tuynuk» nimaligini ham, Yer kurrasidagi ekologik holatning ham buzilib ketganini bilamiz. Va shu ham ruhimizga ta’sir etib, oshimizga zahar qo‘shib turadi-da!
Bu juvon esa bu narsalarni o‘ylamaydi: u boriga — ko‘rib turganiga inonadi, vassalom.

18

— Qudrat aka, siz tarixni yaxshi bilasiz, shoirsiz, — deb qoldi keyin. — Mana shu sotsializmga o‘xshagan tuzum o‘tganmi oldin?
— Maktabda aytishmaganmi? — dedim.
— Aytishgan-e, — dedi u qandaydir siltab. — Lekin ba’zi odamlarning gapini eshitsang, ilgari o‘tgan zolim tuzumlardan farqi yo‘q emish-ku?
— Ha-ha, — dedim beixtiyor hayajonlanib. — Zolimlikka qurilgan tuzumlarning hammasi bir-biriga o‘xshash bo‘ladi...
— Shu ekan-da, — deya shampanga qaraganini sezdim va yana piyolaga quyib, unga uzatdim. U idishni olib: — Bunisiyam o‘tipti. Shungayam g‘am tortishmi! — dedi-da, bu piyolani ham bo‘shatdi. Keyin kuldi. — Shunday emasmi? Odamlarning qo‘lidan nima keladi? Tag‘in bitta tuzum bo‘ladi-da: yaxshimi, yomonmi... — So‘ngra yana ko‘ksini toshga berib, soyga — qorong‘ulikka boqdi. — Lekin bu yerlar qoladi. Shu soy ham, suv ham, mana bu gulxan... Kechirasiz, sizning she’rlaringiz ham...
Men karaxt edim: go‘yo bu yoshgina qiz meni ovutmoqda, menga mangu haqiqatlardan dars bermoqda edi: ajabo, bu gaplariyam naqadar jo‘n!
Ishonasizmi-yo‘qmi, endi u men uchun qizligini-ayolligini yo‘qotgan, aniqrog‘i, unga nisbatan dilning pinhon go‘shalarida bosh ko‘tarib turgan haligiday hislar ham g‘oyib bo‘lgan edi.
Bilasizmi, bu holatni nimaga o‘xshatish mumkin?
Deylik, ayolingiz bilan ham haligiday munosabat ustida ro‘zg‘orning hal bo‘lmagan bir tashvishi haqida bahs chiqib qolgandagi holatga o‘xshatish mumkin...
— Qudrat aka.
— Labbay!
— Moshina kelsa, meni Qo‘shtegirmonga oborib qo‘yasizlarmi?
— O, albatta! — dedim.
— Rahmat... Men juda maza qildim, — davom etdi u. — Xudo ursin agar, sizni... shunaqa bo‘lsalar kerak, deb o‘ylab edim. Rost chiqdi.
Men fikrini tushungan edim. Konyakdan yana otdim-da, dadillanib:
— Yaxshi tushunmadim, — dedim.
U basharamga boqib turdi-da, bu yomg‘irli tunni to‘ldirib kulib yubordi.
Tasavvur eting, men ham unga qo‘shilib kula boshladim. Tabiiy, qandaydir aybimnimi-gunohimni yashirib kular edim. U bo‘lsa... balki u ham o‘shanday aybinimi-gunohinimi bekitib kular edi.
... Boltaboy kelgach, yana biroz o‘tirdik. So‘ngra Zumradni Qo‘shtegirmonga optushib qo‘ydik.
U xo‘shlashayotib:
— Yozib turing. Yozmay qo‘ydingiz, — dedi.
— Albatta yozaman! — dedim.
Ammo hali nimani qanday yozishni bilmas edim.
Bilmas edim-u, tezroq toqqa-qishloqqa ketgim kelar, poli ostida kalamushlar gudur-gudur etib chopadigan hujramga kirishni, kursiga o‘tirib, derazani ochish va chirog‘im yongani tufayli... soyning u betlaridan hura boshlagan itlar tomonga tikilishni istar edim!
... Tong yorishaverib, qishloqqa yetdik!
Mehmonxona oldida Misir aylanib, aftidan, xavotirlanib turgan ekan.
— Xo‘sh ko‘rdik-e! — deb baqirdi.
— Xo‘shvaqt bo‘ling, — dedim.
— Bulbul rosa sayrayapti-da! — Ha..
— Hidi kelyapti. Otibsiz-da? — Ha..
— Dam olasizmi, yo shu yerda besh-o‘n minut o‘tiramizmi? Bulutlar ham tarqab ketdi.
Boltaboy mehmonxonadan Misirga kursi chiqardi. Gujumcha ostiga qo‘ydi. O’tirdik.
Men holdan toygan edim: uyqusizlik, yo‘l azobi... Lekin ruhim tetik, kayfiyat yuksak, tag‘in bir kunlar uxlamasam va yo‘l bossam mumkindek edi.
Endi xulosa qilaymi?
Xulosa shulki, azizim, dunyo o‘tar ekan! Tuzumlar o‘tar ekan! Shayxzoda domla aytganlaridek, el-ulus qolar ekan. Anavi sodda qiz-juvon aytganidek — tabiat, tun, tog‘lar, o‘rmonlar, borliq qolar ekan!
Biz har qancha mavhum-mungli xayollarga cho‘mib, ruhiy tushkunliklarga tushmaylik, yashashga mahkum ekanmiz va borliqni sevib yashashimiz lozim ekan!
Ertaga nima bo‘ladi? Ahvolimiz qanday kechadi?
Bu savollar o‘z-o‘zidan yechilaverar ekan. Chunki inson ming-ming yillardan beri yashab va son-sanoqsiz saltanatlarning inqirozini ko‘rib, demak...
O’shanda ham ko‘p g‘amlar chekib, ko‘p savollarga javob bera olmasdan va Misir aytganidek, «bir terining ichida necha bor ozib, necha bor semirib» kelayotgan ekan, demak, ertamas-buruskun yana yangi va mislsiz bir saltanatda yashashi aniq: insonning tabiati o‘zi shuni taqozo etadi.
Va uning tabiati yashashdan zavqlanishni ham, ruhiy tushkunlik yaxshilikka olib bormasligini ham, juda nari borsa — menga o‘xshash kishilarning hayotdan bir muddat sovib...
... qandaydir to‘xtamga yetib kelishini ham taqozo etar ekan.
U to‘xtam nimaligini aytdim shekilli?
Rahmat.

1992

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.