Odamlarni faqat tirikchilik uchun harakat qiladi, deb o‘ylaydigan kishilar ularning tirikchilik g‘amidan yuksakroq tashvishlari ham borligini tushunmaydilar. Yo buning aksi: o‘sha yuksakroq tashvishdagi odamlar faqat tirikchilik g‘amida yurganlarga qandaydir past nazar bilan qaraydilar.
Sovxoz direktorining kabinetiga maktab tabiiyot o‘qituvchisi Ehson E’tiborov kirib keldi. Salom berib, sovqotgan qo‘llarini bir-biriga ishqalaganicha, devor pech yonidagi stulga o‘tirdi:
— O’rtoq Eshquvvatov, oldingizga bir iltimos bilan keldim.
Eshquvvatov telefon trubkasini joyiga qo‘yib, ustarada qirtishlab olingan boshini kafti bilan siladi. O’mrovini stol qirrasiga qo‘yib:
— Xo‘sh, xizmat? — dedi.
Ehsonning ko‘zlari nochor javdiradi, so‘ng pang ovozda bidillab ketdi:
— O’rtoq Eshquvvatov, vaqtingizni olganim uchun uzr. Lekin idorangizga kirishga majbur bo‘ldim.
Tog‘dagi qushlar, parrandalar qirilib ketyapti. Kecha bir chorbozorchi keldi. Xurjuni to‘la kaklik. Qaerdan olding desam, kamarda tirishib qolgan ekan, terib oldim deydi. Bu qanaqa gap, o‘rtoq Eshquvvatov! Axir, kakliklar, parrandalar — bizning boyligimiz, tabiatimizning ko‘rki-ku, shunday emasmi? Biz maktab bolalariga, qushlarni sevinglar, ardoqlanglar, deb o‘rgatamiz. Bahorda qushlar in qo‘yib, bola ochsin deb o‘quvchilarga yashik yasashni o‘rgatamiz. Bu narsani matbuotimiz ham targ‘ib qiladi. Qolaversa, tabiatni qo‘riqlash asrimizning muhim masalalaridan biri bo‘lib qoldi. Bundan xabaringiz bordir, albatta...
— Xo‘p, xo‘p. Qisqa qiling, — dedi Eshquvvatov. — Maqsad nima? Ketishim kerak. Ko‘rdingiz, raykom chaqirdi.
Ehson xo‘rsinib, battar tajang bo‘ldi:
— Kerak bo‘lsa, men raykomga ham kirishim mumkin. Lekin avval sizning oldingizdan o‘tay, dedim. Nimagaki, bu tog‘-toshlar sizning savxozingiz territoriyasida. Demak, u yokdagi parrandalar ham sizniki. Shunday emasmi?
Eshquvvatov dik etib o‘rnidan turib, seyf ustidan sur telpagini oldi. Uni silab, bir qoshini ko‘tardi:
— Xo‘sh, maqsad nima, maqsad?
— Maqsad shuki, o‘rtoq Eshquvvatov... — Ehson ham o‘rnidan turib ketdi, — axir, gapga quloq soling-da, bunday! Nima, men gapirayotgan masala muhim emasmi?
Eshquvvatov hayron bo‘ldi. Ehsonga zimdan o‘qrayib qaradi. Telpagini boshiga qo‘ndirib, kresloga cho‘kdi.
— Eshitaman.
Ehson ham stulga o‘tirdi.
— Shuning bir chorasini ko‘rasizmi, deb kelgan edim-da, — Ehson shoshib, davom etdi. — O’rtoq Eshquvvatov, bir hisobda bu unchalik qiyin masala emas. Uchta rabochingizni chaqirib, uchta ulov berasiz. Uch sentir g‘alla. Ular toqqa chiqib, qor tushmagan kamarlarga sepib keladi... Vassalom.
Eshquvvatov xomush tortdi. O’rnidan og‘ir turib, stolni aylanib o‘tdi. Pechga yaqinlashib, baqrayib turgan Ehsonga tikildi, xo‘rsindi va:
— Bo‘sh bo‘lsangiz, bizga yordam bermaysizmi? — dedi. — Dovonni qor bosib qopti, buldozer ag‘darilib ketibdi. Ishchilarimiz dovonni kurashyapti, — direktor o‘ylanib, qo‘shimcha qildi: — Mayli, haqini undirib beraman. Xo‘pmi? Kelishdikmi?
Ehson E’tiborov anqayib qoldi:
— Bilardim sizdan bir gap chiqmasligini. Esiz! — deya shapkasini boshiga qo‘ndirdi. Soyabonini ko‘zigacha tushirib, Eshquvvatovga o‘dag‘ayladi: — Hozir... hozir raykomga boraman! Birinchi sekretarning oldiga kiraman. Masala shunday, shunday deyman! Bu odam, bu... o‘rtoq Eshquvvatov ko‘ra-bila turib, xalq mulkiga xiyonat qilyapti, deyman!
Eshquvvatov bir qadam orqaga tashladi. Ehson shitob bilan yo‘lkaga chikdi. Direktor chuqur nafas oldi:
— Qayting! — dedi o‘qituvchining to‘xtaganini ko‘rib, dadilroq ovozda takrorladi: — Qayting! Bu yoqqa keling... — Ehson kirib eshikni yopdi. — Xo‘sh, kim sizni bu yoqqa yubordi? — dedi direktor. — Kim? Bu provokatsiyami? A? Direktoringiz mashina so‘raganda bermovdim, o‘sha yubordimi sizni? A? O’tgan yili xotiningizni tovuq fermasidan bo‘shatib yuborgan edim, xotiningiz shikoyat qildimi? Tog‘da parrandalar och qolyapti emish... Alhazar! Bu qaerdan chiqqan gap? Qachondan beri sovxoz tog‘dagi yovvoyi qushlarni ham boqadigan bo‘lib qoldi! Bunchalik vatanparvar ekansiz, chorvaga chiqing! Unga yem-xashak yetishmayapti. To‘rtta otarimiz qor ostida qolib ketdi. Vertolyot ham topolmadi. Chiqing! Bilishimcha, siz ovchilik ham qilar ekansiz... Tog‘ yo‘llarini yaxshi bilasiz. Bizga yordam bering, men bir emas, yoningizga o‘nta odam qo‘shib beraman! Qalay, ma’qulmi?.. Mayli, men haqingizni ham to‘layman, bir emas, ikki hissa qilib to‘layman! Bo‘ldimi? Tog‘dagi parrandalarga yem bering emish... Astag‘firullo!
— Shunga meni qaytardingizmi? — dedi Ehson. — Esiz... — U burilmoqchi bo‘ldiyu to‘xtadi: — Hoy, nimaga hadeb haq to‘layman, undirib beraman, deysiz? Nimaga? Men... Xo‘p, hozir... Umuman, sizning gapingiz haq. Birinchi navbatda chorva kerak, dovonni kurash kerak. Ha! Lekin o‘rtoq Eshquvvatov, siz shuning uchun bu idorada o‘tiribsiz... ana shularning g‘amini yeng! Hozir emas, bahorda yeyishingiz kerak edi. Yo‘q! Meni qo‘rqitmang! Chorvangiz ham o‘z joyida, dovon ham toza! Shunchaki o‘zingiz gapga quloq solgingiz kelmaydi, ichingiz qora! Bundan tashqari, men aytgan masalalar... Umuman, siz qoloq odamsiz!
Eshquvvatov manglayini siladi, cho‘ntagidan siga-reta olib tutatdi.
— Rost, — dedi vazminlik bilan u, — odam yo‘q hozir. Yordam berolmayman. Mayli, endi raykomga boravering. Yuring, birga boramiz.
Ehson joyidan jilmadi, sigareta olib tutatdi. Yo‘lakka chiqib olgan direktor:
— Yuring. Eshikni bekitaman, — dedi.
Ehson uning kichkina ko‘zlari, turtib chiqqan go‘shtdor yonoqlariga qaradi, ovozi bo‘g‘ilib:
— Rostdanmi? — dedi.
— Rost, — dedi direktor, so‘ng o‘ylanib to‘ng‘illadi: — Mening aytganim bilan chiqishmaydi ham! Negaki, bu xizmat smetaga kirmaydi, haq to‘lanmaydi.
— Yana haq deysiz-a, — g‘o‘ddiradi Ehson va ko‘ksi ko‘tarilib tushdi, — o‘rtoq Eshquvvatov, bir minutga bu yoqqa kiring. Iltimos... Hm, mayli, men o‘zim boraman! — dedi. — Ha, o‘zim boraman. Ahvol shunday ekan, boshqa iloj yo‘q... Haqiqatan ham bugun-erta bo‘shman. O’zim boraman!
Eshquvvatov o‘qituvchidan bir nafas ko‘z uzmay turdi, so‘ng oyog‘i uchiga qarab, xonaga kirdi. Paltosi tugmalarini qaday boshladi:
— Shundaymi? O’zingiz boradigan bo‘ldingizmi? — so‘radi u.
— Ha, o‘zim boradigan bo‘ldim, — dedi Ehson. — Chindan ham ahvollaringiz chatoq bo‘lsa kerak... Rost, men ovchilik ham qilaman, tog‘-toshlarni bilaman. Ulovim ham bor...
Eshquvvatov uyqudan qolgan kishidek ko‘zlarini uqaladi:
— Demak, sizga g‘alla kerak, shundaymi?
— Ha, — dedi Ehson. — G’alla kerak... Uyimda bo‘lganda, sizdan so‘ramasdim. O’zingiz yaxshi bilasiz, uyda non yopmaymiz, do‘kondan olamiz. G’allam yo‘q. Bozordan olay desam, bugun shanba... Keyin... maoshgacha ham ancha bor.
Eshquvvatov miyig‘ida jilmayib, Ehsonning yonidan o‘tdi, darpardani tortib, oynaga qaradi. Hovuz bo‘yidagi tollar ham ko‘rinmaydi. U derazani tirnagan bo‘ldi va o‘qituvchiga boqdi:
— E, Esonboy, — dedi, — Esonboy, shuni boshda hovliqmasdan, yotig‘i bilan aytsangiz bo‘lmasmidi? Haligi gaplarning nima keragi bor, xo‘sh, asrimizning problemasi, u-bu... Axir, sovxozning ham ahvoli chatoq ekanligini bilar ekansiz-ku? E, Esonboy-e!
Ehson ham jilmaydi:
— O’rtoq Eshquvvatov, axir, men tabiatshunosman, yuragim achiydi, tabiatga yetkazilgan har bir zarar menga yetkazilganday bo‘ladi.
— Rosa ezma ekansiz-ku? Bir ximiya o‘qituvchimiz bo‘lardi. Biz uni «Azim ezma» derdik. Xuddi o‘shanga o‘xsharkansiz. Bolalar darsingizda zerikmaydimi?
— Lekin siz ham bu sohada mendan qolishmaydigan ko‘rinasiz, — dedi Ehson.
— Xo‘p. Qancha g‘alla kerak? — direktor stoli tomon yurdi.
Ehson o‘ylanib, unga ergashdi:
— Qancha bo‘ladi... Bir eshagim bor. Bir sentir yetadi. Bu qorda eshak shuni zo‘rg‘a ko‘tarib yursayam xo‘p gap.
Eshquvvatov stol tortmasidan qog‘oz oldi-da, orqasiga ilkis qaradi:
— Nima? Bir tsentner? Bir tsentner uchun shuncha g‘ovg‘ami?
Ehson E’tiborov badani qichishayotganday qimirlab, stol qoshiga keldi:
— Endi... men imkoniyatimni aytyapman-da, o‘rtoq Eshquvvatov. Harna-da...
— Yo‘q, bu masalada mening yonimga qayta kirmang. Uch tsentner yozaman!
— Yo‘q-yo‘q, o‘rtoq Eshquvvatov, yo‘q... Mayli ikki tsentner yozing. Bir amallarman. O’zim piyoda ketarman.
Eshquvvatov tag‘in o‘qituvchiga tikilib, iljaydi. Bosh silkitib:
— Bo‘pti, — dedi-da, yozib uzatdi, — omborgy borasiz. Kechikmay boring.
— Rahmat, o‘rtoq Eshquvvatov! — dedi Ehson.
Ular birga idoradan chiqishdi, bulduruq qoplagan tollar tagidan o‘tib, katta ko‘chaga tushishdi. Muzda yurish xavfli bo‘lganidan, qor kechib ketishdi. Direktor yo‘lovchilar salomiga alik olib, har tarafga qarab borar, Ehson tuflisiga qor kirmasin deb ehtiyotlab qadam bosar edi.
— E’tiborov deyman, — dedi Eshquvvatov.
— Labbay, o‘rtoq Eshquvvatov.
— Hm... Qancha maosh olasiz?
— Maoshimmi? El qatori. Yuz o‘n so‘m!
— Xotiningiz ishlamaydi-a?
— Uni o‘zingiz bo‘shatgansiz-ku... Ishdan ko‘ngli sovigan. Keyin ma’lum bo‘ldiki, jo‘jalarning o‘limiga bizning xotin aybdor emas ekan.
— Lekin, xotiningizning achchig‘i tez ekan.
— Ha, bu tomoni ham bor... Yana kim biladi deysiz, o‘rtoq Eshquvvatov, men shaxsan nervim joyida emasligini bilaman. O’qituvchilarning to‘qson protsentida asab degani barvaqt ishdan chiqadi... Umuman-ku, ishning yengili yo‘g‘-a? Sizlargayam qiyin. Boshqalargayam. Men sizga aytsam, o‘rtoq Eshquvvatov, asrimizning o‘ziga xos kasalliklaridan biri ham shu... asab kasalligi bo‘lyapti.
Eshquvvatov kulimsiradi. Ular qori kuralgan xiyobonga chiqishdi. Ko‘prikka yetganda Eshquvvatov to‘xtadi:
— Bo‘pti bo‘lmasam, sizga muvaffaqiyat! — dedi, so‘ng o‘ylanib jilmaygancha so‘radi: — Bu qishdayam ovga chikdingizmi?
— Yo‘q... Ha,bir oy avval bir-ikki marta chiqqan edim, keyin ish ko‘payib ketdi, chiqolmadim!
— Xo‘p, baroringizni bersin! — direktor bir qadam qo‘yib, yana muallimni to‘xtatdi: — E’tiborov, sovxozimizga ishga o‘tmaysizmi? Ish yo‘q emas, bor... Mana, klub quryapmiz. Maoshiyam yaxshi! Keyin, o‘zimizning odamimiz bo‘lasiz, har holda qarashardik-da, a? Kechirasiz, menga shu... o‘qituvchilar, redaktsiya xodimlari yoqmaydi. Sal ig‘vogarroq bo‘ladi. To‘g‘ri, o‘qituvchilar bizniyam o‘qitgan, gazeta ishimizga yordam beradi... Xo‘sh, taklifim yokdimi?
Ehson E’tiborov bo‘shashib, qorga tikildi:
— Yo‘q, o‘rtoq Eshquvvatov! — dedi. — Men kasbimni yaxshi ko‘raman! Maoshi kam bo‘lsa ham uni boshqa ishga alishmayman. Tushundingizmi?
— Tushundik, tushundik...
Sovxoz direktori ketdi.
Ertasi tongda qora eshagiga bir xurjunu bir qop donni ortgan Ehson E’tiborov paltosiga o‘ralib, quloqchinini tushirgancha qishloqdan chiqib ketdi, ro‘parada oppoq qorga burkangan tog‘ uyqusirab ko‘rinar edi.
Tabiiyot o‘qituvchisi tog‘ ungurlarida, daralarida, jarliklarida kechgacha yurib, o‘ndan ortiq kamarga don sochdi. Chetda-chetda turib, don sepilgan go‘shalarga parrandalarning qo‘nishini ko‘rdi. Bu asnoda u bir necha marta qorga botdi, ikki bor yomon yiqildi, bir gal eshagi yotib olib, unga ko‘p azob berdi. Qosh qorayganda u qishloqqa kirib keldi.
Sovukdan qotib, tarasha bo‘lib qolgan kiyimlarini xotini Mayna cho‘yan pech ustidagi dorga ildi. E’tiborov qichimsirayotgan oyoq-qo‘llarini qashib o‘tirgan edi, darvoza taqillab qoldi. Mayna eshikka chiqib kelib:
— Eshquvvatovning shopiri, direktor sizni chaqirayotganmish, darrov borarkansiz, — dedi.
— Nima ishi bor ekan... Mashina ketdimi?
— Yo‘q, kutib turibdi. Turing, kiyining.
E’tiborov turib, quruq kiyimlarini kiydi. Chiqib, direktorning mashinasiga o‘tirdi. Mashina taqa-taq muzlagan ko‘chadan borib, birpasda direktorning darvozasiga yetdi. Shofyor:
— To‘xtab turing, — deb, ichkariga kirib ketdi.
E’tiborov bugun tog‘da qilgan ishlarini eslab, mamnun holda nari-beri yurib turdi. Hovlida o‘tin yorilar, kimlarningdir baqirib-chaqirgani eshitilar edi.
Eshquvvatov choponiga o‘ranib, shoshib chiqdi:
— A, Esonboy?
— Keldim, o‘rtoq Eshquvvatov.
— Qalay bo‘ldi, toqqa borib keldingizmi? -Ha.
— Yaxshi, — Eshquvvatov miyig‘ida jilmayib, Ehsonga tikildi. — Ovlar baroridan keldimi?
E’tiborov ham jilmayib:
— Baroridan kelganda qandoq! Jonivorlar mening kelishimni kutib turgan ekanmi, kamardan chiqmasimdan «gur» yopirildi-ya! Juda alqab qoldi-da... Sizniyam, o‘rtoq Eshquvvatov. Lekin yaxshi ish bo‘ldi. Harna-da. Axir, o‘sha jonivorlar ham sizning sovxozingizga qaraydi. Bu ishimizning ahamiyati katta.
— Yana diydiyoni boshladingiz, — dedi Eshquvvatov. — Asrimizning masalasiga ko‘chmasingizdan burun, Esonboy, men... sizga dangalini ayta qolay. Men tushunaman ahvolingizniyam. Lekin boshqa narsani ham tushunaman... Faqat siz gapni burmang, iltimos, vaqt ziq. Erkakcha gaplashaylik. Bizdan qaytmay qolmaydi. Xohlasangiz, ertaga yana boring idoraga, ikki tsentner emas, to‘rt tsentner don beraman... Mana ilgari uzoq bo‘lsak, endi yaqin bo‘lib qoldik, nima dedingiz? Xo‘p, gap bunday, Esonboy, uyga mehmonlar kelib qoldi, yaqin og‘aynilar. Shular desangiz tog‘li joyga keldik, kaklik yeymiz, deb turib olishsa bo‘ladimi. Qo‘y go‘shti teshib chiqadimi, deyman? Qani ko‘nishsa. Oxiri Esonboy, shofyorni sizga yuborishga majbur bo‘ldim... Men, o‘zingiz tushunib, besh-to‘rtta kaklik opkelasizmi deb o‘ylagan edim. Afsus... Endi, Esonboy, mashina sizni uyingizga olib boradi. Ko‘p emas... o‘nta demayman, beshta kaklik berib yuboring. Xo‘pmi, uka? Hoy shopir, mashinani zavadit qil!
Ehson E’tiborov es-hushidan ayrilganday angrayib turar edi.
— Ha? — dedi Eshquvvatov. — Bugun sovxozning ahvolini bila turib o‘zingizni bilmaganga olganday, yana nutq so‘zlamoqchimisiz? Qo‘ying, Esonboy, biz katta odamlarmiz... Xo‘pmi? Xo‘p, g‘allaning bir tsentnerini uyda qoldirgan bo‘lsangiz, bir tsentnerini toqqa eltib sochgan bo‘lsangiz kerak. Bilaman, parrandalarning ahvoli og‘ir. Aytganingizday, birpasda to‘dalanib qolgan. Shunday emasmi? O’zingiz bo‘lsa ovchi yigitsiz. Munaqa vaqtda bir o‘q bilan o‘n-yigirmatasini ag‘darish hech gap emas... A? Keling, gapni ko‘paytirmaylik. Men bunday masalada birovga hech iltimos qilgan emasman. Hozir majbur bo‘ldim-da. Qaytadi mendan. Va’da beraman... Mayli, sovxozga ishga o‘tmasangiz ham sizga qarashib turaman. Xo‘p, bo‘lmasa, shu ikki tsentner bug‘doy haqiga beshta kaklik bering! Nimaga anqayib turibsiz? Biron narsa o‘ylayapsizmi?.. Ey, shu o‘qituvchilar bilan gazetachilar o‘lgudek xayolparast bo‘ladi-da!
— O’rtoq Eshquvvatov, siz past odam ekansiz, — dedi Ehson E’tiborov loqayd, past ovozda. — Ajabo! Bu qanaqasi bo‘ldi? Qanaqasi? A?! — E’tiborov direktorning yoqasidan ushlaydigandek unga yuzlandi.
— Eshquvvatov tislanib:
— Nima gap? — dedi garangsirab. So‘ng telpagini orqaga surib qo‘ydi-da, chuqur xo‘rsindi. Xomush tortib:
— Xayr, — dedi. — Rahmat...
— Yo‘q, to‘xtang! — qichqirdi muallim.
— Rahmat, Esonboy, diydiyo eshitishga toqatim yo‘q. Shopir, bu odamni uyiga oborib tashla. Rahmat. Sizdan buni kutmagan edim.
Ehson E’tiborov ketdi.
— Hayronman... Voy, pastkash-e! — dedi o‘qituvchi va izg‘irinli ko‘chani boshiga ko‘tarib kulib yubordi.
Shukur Xolmirzayev. Kulgan bilan kuldirgan (hikoya)
1972