O’shanda yetti yoshlarda edim. Tog‘da yashardik. Otam cho‘pon, onam sut sog‘uvchi. Bitta singlim ham bor. O’tovimiz Zovboshidan besh-olti chaqirim naridagi kungay betda edi. Biz bu yerga yozning boshlarida chiqib kelardik: ko‘chlarimiz aravaga ortilgan, onam, singlim va men yuklar ustida o‘tirardik. Otamiz aravaga qo‘shilgan otni yetaklab borardi. U aravani bizda ot arava deydilar, keyin bilsam, boshqa nomi — qo‘qon arava ekan... Shunday qilib, ko‘ngay betda kuzning boshigacha yashardik. Otamning cho‘pon-cho‘liqlari ham bor edi, otam shular bilan ikki suruv qo‘yni boqishar, onam qo‘ylarni sog‘ib, sutini separatordan o‘gkazar, qatiq qilar, men bo‘lsam, qo‘zichoqlarning ketidan chopqillab yurib, onasiga emdirish payti kelganda ko‘maklashar, keyin ularni ikki qoziqqa uchlaridan bog‘langan ipdagi halqalarga boshini solib, ya’ni ko‘ganlab yurardim. Otam ham, onam ham menga ko‘z-quloq bo‘lishar, ayniqsa Zovboshi tomonga boraman desam, aslo yo‘l qo‘yishmas edi. Chunki Zovboshi xavfli joy, har xil yovvoyi hayvonlari bor, changalzorlari mo‘l. Men buni uyimizdagi gaplardan ko‘p eshitgan edim. Goho bironta echkining ortidan bir-ikkita qo‘y ergashib zovostiga tushib ketgan bo‘lsa, cho‘liqlar uni izlamayoq qo‘l siltab qo‘yishar edi. Chunki u yerda bo‘rilar ham ko‘p bo‘lar emish. Bir kuni otam: «Zov ostiga ikki polvon tushib ketdi», deganini ham eshitganman. Polvon degani ayiq degani. Bitta cho‘pon: «Arg‘amchiyam bor ekan, ko‘p chirilladi», degandi. Arg‘amchi — ilon degani. Nima uchundir tog‘da ko‘p hayvonlarni, jonivorlarni o‘z nomlari bilan atashmaydi. Masalan, bo‘rini ham jondor deyishadi. Xullas, Zovboshiga borishimni taqiqlab qo‘yishgandi uydagilar. Odam degani qiziq bo‘larkan: nimani taqiqlashsa, shuni ko‘rging kelar ekan. Men ham Zovboshini ko‘rgim kelar, lekin odobli bola bo‘lganimdan, ota-onamning gapidan chiqmas edim. Buning ustiga, otam — orden olgan cho‘pon. Shunday odamning o‘g‘li beboshlik qilsa yaxshimas-da!
Lekin kuz kunlarining birida o‘z ixtiyorim bilan emas, sharoitning taqozosi bilan, beihtiyor, Zovostiga kirib qoldim. Naq bir kecha-kunduz u yerda adashib yurdim. Shuni sizga hikoya qilib bermoqchiman.
Kuz kirib, tog‘ cho‘qqilarini qor bosdi. Uyoqdan esgan sovuq shamol o‘tovimiz chang‘arog‘idagi kigizni hilpiratar, shunda o‘tov zir-zir titrar, shamol keragalar orasidan ichkariga kirsa, uy o‘rtasida yashnab turgan cho‘g‘imizni ham yalab o‘chirib ketardi. O’tovni ko‘rgan bo‘lsangiz, u shunday bo‘ladi: tepasi ochiq, tuynuk misoli. Shu tuynukka chang‘aroq o‘rnatilgan. Chang‘aroq degani — gumbaz shaklida qilib xodalardan yasalgan panjara. Shu panjaraning ustini bir parcha kigiz yopib turadi. U kigizning bir uchiga chilvir bog‘langan bo‘lib, chilvirning ikkinchi uchi eshikning biron yeriga o‘rab qo‘yiladi. Havo ochiq kunlari va uy o‘rtasidagi o‘choqqa o‘t yoqilganda, ana o‘sha ipning yordamida tuynuk ochiladi. O’tovni ko‘tarib turgan qiyshiq, yovvoyi tol shoxlarini uvuq deyishadi. Shu uvuqlar keragaga mahkamlangan bo‘ladi. Keraga degani — bir-bir yarim metr balanddikdagi shaxmatnusxa qilib yasalgan o‘tovning poydevoridir. Keragalarning uchlari bir-biriga yaqinlashgan joy — eshik. Bu ma’lumotlarni aytishimga sabab shuki, ko‘p shaharliklar bularni bilishmaydi. Axir, bilgani yaxshi-da.
Qisqasini aytganda, tog‘dan bizga qishning yaqinlashganidan xabar beruvchi shamol esa boshladi. Bir kechasi sevalab yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Ertalab otamiz:
— Kampir, uyni buz, ko‘chamiz cho‘lga! — dedilar onamga.
Shuni ham aytishim kerakki, o‘tovni tiklash va buzish faqat ayollarga tan, qadim-qadim zamonlardan shunday. Ular bu ishning piri bo‘lib kelgan, juda o‘rinlatishadi.
Lekin shoshilish kerak edi, cho‘pon-cho‘liqlar ham yordamga keldi, men ham qarab turmadim. Birpasda o‘tovni o‘ragan kigizlarni tushirdik, uyning yog‘ochdan tiklangan tanasi qaqqayib qoldi. Keyin ularning ham chandilgan iplarini yechib, ayirib ola boshladik. Tushga qolmay, yukimiz ot aravaga ortildi. Bir piyoladan choy, bir kosadan qatiq ichdik-da, yo‘lga tushdik. Cho‘pon-cho‘liqlar mollarni oldin haydashdi. Biz orqada — har galgiday bu gal ham men, singlim, onam yuklar ustida o‘tiribmiz. Otam piyoda, otning yugani uchiga bog‘langan tizimchadan ushlab ketyapti. Tekis joylar kelganda, otga minib ham oladilar.
Xayr, tog‘! Xayr, yurtimiz. O’rmonlar, xayr! Qo‘zi boqib, irg‘ishlab yurgan o‘tloqlarim, xayr! Yanagi yozgacha xayr sizlarga!
Nima uchun cho‘lga ketyapmiz? Shuning uchunki, cho‘lda hozir havo iliq, qishning yarmigacha ham o‘t bo‘ladi. Bu paytga kelib, tog‘ni qalin qor qoplab oladi. Cho‘lda ham yurtimiz bor. Yurtimizga yaqin yerda sovxozning atrofi chipta devor bilan o‘rab qo‘yilgan qo‘tonlari ko‘p.
Quyosh chiqib turgan bo‘lsa ham, nuri ojiz edi. Yelkamizni isitmas, lekin yoqimli edi. O’rmon ichidan ketgan yo‘lda boryapmiz. Bu — aralash o‘rmon, ya’ni turli-tuman mevali va mevasiz daraxtlari ko‘p bo‘lgan o‘rmon. Archa ham serob. Qarang, haqiqatan ham kuz tushib qolgan. O’riklarning yaprog‘i qizil, qontalash. Xuddi birov ular shoxiga bir satil qizil bo‘yoqni sepib tashlaganday. Pastga egilgan yaproqlari sariq ipakday mayin. Ko‘zga shunday jozibali ko‘rinadiki, uzib-uzib, g‘arch-g‘urch tishlaging keladi. Onda-sonda, goh o‘ng, goh so‘l tomonimizdan kaklik sayrab qoladi. Unga qo‘shilib yonimdagi qafasda turgan kakligimiz ham sayraydi. Men quvonaman, kaklikka taqlid qilgim keladi. Hakkalar ko‘p, ular daraxtlarning chakalak shoxlari orasida tipirchilab, yaproqlarni uchirib yurishadi. Xuddi bizni izma-iz ta’qib etib borayotganday, goho shoshib chiqib, g‘oq-g‘oq deganicha uchadi. Tog‘da yashaganingdan keyin tabiatning ko‘p sirlarini bilib olarkansan... Hoziroq sizga aytib qo‘yay, agar u sirlardan bexabar bo‘lganimda, kim biladi, Zovostidan qaytib chiqolmay, anavi yo‘qolgan qo‘ylarning ahvoliga tusharmidim! Masalan, hakkani bizda ayg‘oqchi qush deyilar. U boshqa jondorlarni xavf kelayotganidan xabardor qilib turadi. Lekin, biz xavfli dushman emasmiz, shunday bo‘lsa ham, u ovozini baland qo‘yib uchgani-uchgan. Nima ham deysiz? Qush. U bizning ko‘nglimizni qaerdan bilsin? Kakliklarga qiron keltiruvchi ovchilar deb o‘ylayapti-da. Mayli, o‘ylayversin, uning ishi.
Bu o‘rmondan chiqib, jar yoqalab keta boshladik. Oyog‘imiz ostida darz ketgan mallarang tovalar. Arava taqir-tuqur qiladi. Yo‘lda donlab yurgan malla to‘rg‘aylar childirab uchadi. O’ng tomonimizda o‘rmon cho‘zilgan. Chap tomonimiz... chap tomonimiz bir-ikki terak bo‘yi pastlik. Uyoqqa qaramaslikka harakat qilaman. Qarasam, boshim aylanib, dumalab ketadiganday bo‘laman. Lekin bari bir ko‘z qirimni tashladim. Shunda pastlikdagi yengil tuman bosib yotgan o‘rmonlarni ko‘rdim, o‘rmonlar adog‘i juda uzokda, uyoqdagi tog‘ etagiga tutashgan, tog‘ esa quyidagi jarlikni otning taqasidek o‘rab olgan. Shunda birdan Zovboshida ketayotganimizni payqadim. Zovboshi... bu so‘z ham tog‘liklarga xos so‘zdir. Zov degani — xuddi biz yurib borayotgan yo‘l bo‘lsa kerak. Zovosti-chi? Anavi ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydigan pastlik, undagi changalzorlar bo‘lsa kerak.
— Ota, ota! Zovboshi shumi? — deb baqirdim.
Onam nimagadir mening tizzamga turtib qo‘ydi.
Singlim ham:
— Qani? Shumi? Viy, muncha chuqur! — dedi.
Otam juda gavdali, og‘ir, kamgap odam. Egnida chakmon, oyog‘ida kirza etik. Chakmonning ustidan ikkita belbog‘ bog‘lab olgan. Boshida telpak. Yozda ham, qishda ham telpakni yechmaydilar, issiq kiyinib yuradilar... Otam gapimni eshitdi: yelkasi osha bir qaradi-da:
— Ha! — deb to‘ng‘illab qo‘ydi, so‘ng otni Zovdan chetlatib hayday boshladi.
Yo‘l nishob edi. Tushib ketyapmiz. Goho otning tuyog‘i silliq toshda sirg‘alib ketadi. Otam to‘ng‘illab, uni to‘g‘ri yo‘lga soladi. Onam bir qo‘li bilan singlimning, bir qo‘li bilan mening bilagimdan mahkam ushlab olgan.
Zovboshi... biz pastga tushganimiz sari zov ham pasaya boshladi.
* * *
Etakka tushib, yana yalpi archazor oralab ketdik. Bu yerlar juda ham nam ekan. Chamamda, Zovboshida yoqqan yomg‘ir suvi shu qadar tiniq, uning xushbo‘y hidi shu qadar anqiydiki, entikib ketasan kishi! Yo‘q, men bunaqangi kuzni ilgari ko‘rmaganman. Ko‘rgan bo‘lsam ham, qadriga yetmaganman, chunki yosh bo‘lganman-da. Hozir maktab yoshidagi bolaman. Demak, esliman! Bu o‘rmonning ham etak tarafini tuman qoplab olgan ekan. Qaerdan paydo bo‘lgan bu tuman? Bilmayman. Balki Zovostidan oqib kelgandir. Tumanga kirdik, buning ham o‘z gashti bo‘lar ekan. Xuddi tushdagi, ertakdagi bir makonga kirib borayotgandek sezasan o‘zingni. Oqish tuman yelkalaringni, boshingni silab o‘tadi. Hayratlanasan. Yana nimagadir qo‘rqasan.
— O’ranib o‘tiringlar, nam tortasiz, — dedi otam.
Bu gap ham men uchun yangilik bo‘ldi, demak, tumanda kishi nam tortar ekan. Choponimga o‘ranib, qalpog‘imni bostirib oldim. Onam singlimni bag‘riga tortdi. Juda baland archalar orasidan chiqib, rezgi archalar orasidan yurayotganimizda, bir ariqqa duch keldik. Bu ariq ham emas, suv urib ketgan arna edi. Otam otni uyoqqa haydadi, buyoqqa haydadi. Yo‘l yo‘q. Arnasi tushmagur yo‘limizni naq ko‘ndalang kesib o‘tgan. Oxiri arna qirg‘oqlari pasaygan joyni topdilar-da, otni shitob bilan haydadilar. Ot tipirchilab pastga tushdi va uning oldingi oyoqlari tizzasigacha loyga botib ketganini ko‘rdim. Otam, chamamda, otni tislantirmoqchi bo‘lib, yuganni silkitdilar. Lekin ot buni tushunmadimi, olg‘a sakradi. Yana sakradi va narigi betga chiqib oldi-yu, aravani odam bo‘yi g‘ildiraklari loyga botib qoldi. Ot jonivor kuchanib olg‘a intiladi. Arava silkinadi. G’ildirak jilgan bo‘ladi-yu, yana chuqurroq botadi. Otam egarga chiqib, u betga sakrab o‘tib oldilar. Keyin yuganni tortib:
— Hay! Cho‘, cho‘! — deb hayqira boshladilar.
Qani arava jilsa! Ot zo‘riqib intiladi, uning ko‘kragidan o‘tqazilib, arava biqinlariga bog‘langan ayili uzilgudek bo‘ladi. Oxiri otam g‘azab bilan loyga tushdilar. Aravaning bir g‘ildiragiga yelkalarini tirab, otga madad berib, yana:
— Cho‘! Cho‘, jonivor! Ha! — deya boshladilar.
Oxiri bundan ham natija chiqmasligi ma’lum bo‘ldi. Onam:
— Qo‘ying, otasi. O’zingizni ko‘p urintirmang! Biz tushaylik, arava yengil bo‘ladi, — dedilar.
Onam bir amallab tushib oldilar. Keyin otam men bilan singlimni ko‘tarib, sohilga opchiqib qo‘ydilar. Aravaga bir balo bo‘lganmi? Shundan keyin ham chiqmasa bo‘ladimi!
— Yuklarniyam tushiraylik! — dedilar onam.
— E, tushirib o‘tiramizmi, — dedi otam. — Men picha shox-shabba kesib kelay, g‘ildirak ostiga tashlasak, shoyad chiqib ketsa!
Shunday deb otam aravadan belkurak bilan boltani sug‘urib oldilar. Belkurakni yerga sanchib qo‘yib, boltani ko‘targancha o‘rmonga kirib ketdilar. Biz sohilda junjikib qoldik. Bu yerda kakliklarning ham ovozi eshitilmas, o‘zimizning kaklik ham qafasda hurpayib olgan edi. Menimcha, namgarchilikda kaklik sayramasa kerak. Oradan sal vaqt o‘tmay, tuman qoplagan o‘rmondan boltaning gup-gup ovozi eshitila boshladi.
— Ena, men ham boray, qarashaman, — dedim.
— Yo‘q, jilma! Bu yerda adashib ketasan, — dedilar onam.
Men nari-beriga yurib, g‘ildiraklariga qarayman. Naq yarmi botib kettan-a! Ot jonivor zo‘riqqanidan ko‘zlarini olaytirib pishqirib qo‘yadi, ko‘kragidan va sonidan aylanib o‘tgan tasmalar tagi ter bo‘libdi. Pishqiradi, chuqur-chuqur nafas oladi. Singlim qo‘rqoq, onamning bilagidan ushlab olgan.
— Ena, qop ketsak-a? — deydi.
— Nafasingni o‘chir! — deydi onam.
Men, ota-onam ishlayotganda tek turib o‘rganmagandim. Albatta otamga yordamga borishim kerak, deb ahd qildim. Qanday yordam beraman? Hozir izlari bilan boraman... Shoh ko‘tarishib kelaman... Keyin, yo‘lda otam meni maqtaydi, onam ham yelkamni silab qo‘yadi. Hammavaqt shunday bo‘lgan.
— Xo‘p, bormasam bormadim! — dedim-da, bir muddat cho‘nqayib o‘tirdim. Tuman qoplagan o‘rmon sokin, shunday sirli ediki, go‘yo o‘n qadam yursam, bu tumandan chiqaman-u, buning sirini ham bilib olaman. — Uf, — deb turdim-da, yura boshladim.
Keyin otamning iziga tushdim va birdan chopgan edim, onam baqirdi. U kishi quvadi, ushlab oladi, deb chapga burildim, keyin o‘ngga burildim, keyin to‘g‘riga qarab yugurdim va bitta rezgi archaning qoshiga yetib to‘xtadim. Qarasam, onam yo‘q... Ha, zo‘rman! Qutulib ketibman, deb o‘yladim. Xo‘sh, otam qaerda? Tek turib quloq soldim. Shundoq yonginamdan boltaning taq-tuq ovozi kelardi. Jo‘nab qoldim. Novcha archa ostidan o‘tdim. Kattakon qoya dumalab yotgan ekan, uni ham aylanib o‘tdim. Kichkina yalanglikka chikdim. Otam qani? E. boltaning tovushi mana buyoqdan kelyapti-ku? Shu yoqqa qarab yurdim Aralash bo‘lib o‘sgan daraxtzorga kirdim...
Nima qilayki, men shu yerda adashdim. Keyin bilsam, boltaning ovozi meni aldagan ekan. U o‘rmonda aks sado berib, har tarafdan eshitilayotgan ekan. Men gangib yuraverib, chopaverib, naq Zovostiga kiradigan yerga borib qolgan ekanman.
* * *
Endi boltaning ovozini ham eshitmasdim. Ota-onam, singlim va aravamizni ham izlay-izlay charchagan, adashganimga iqror bo‘lib, ularning ketib qolishganiga ham ishonar edim... Nima qilishim kerak? Atrofga qarayman. Yonginamda ikki odam bo‘yi qoya turibdi. Uning tepasidan suv sizib tushyapti. O’sha yerda mitti buloq bo‘lsa kerakki, suvning yo‘lida maysalar o‘sgan. Odatda shunday bo‘ladi: hamisha suv oqib turadigan ariqdagi toshlarni ham zuluksimon maysalar qoplab oladi. Unda toshlarga oyoq qo‘yish ham xavfli, sirg‘alib ketadi kishi. Nima qilish kerak? Alanglayman. Sal narida ayri archa o‘sgan, tanasi bitta-yu, bir qarich ko‘tarilgach, bo‘linib ketgan. Uning chakalaklari shu qadar tig‘izki, qush ham uchib kira olmasa kerak. Qiziq: archaning quyi shoxlarida bittayam yaproq yo‘q, hammasi to‘kilib ketgan. Ana, tagida ko‘rpa bo‘lib yotibdi. U yerga borgim keldi, lekin yuragim dov bermadi. Men, hamon ota-onam bilan ko‘rishishga umid qilar, ular meni izlab topishlariga ko‘z tutar edim. Shuning uchun ularni chaqira-chaqira xirillab qolgan tomog‘imni yana ishga solmoqchi bo‘ldim. Biroq endi nimadandir qo‘rkdim. Ovozimni chiqarmasligim kerak deb o‘yladim.
Shunisi qiziqki, biz hali Zovboshidan o‘tgan bo‘lsak ham, men hozir naq shuning og‘zida turganimni o‘ylamas, o‘zimni o‘rmonda adashgan, uning qaeridadir qaqqayib qolgan deb o‘ylar edim.
Nima qilish kerak? Jim o‘tiraversam o‘tiraveraman. Yig‘lagandan ham foyda yo‘q. Aqlni ishlatish kerak. Xo‘sh, nima qildim endi? Nima qilib bo‘lsa ham odam yurgan so‘qmoqni topishim kerak. So‘qmoqni topib, shu yo‘l bilan ketsam, albatta bir «yurt»ga borib qolaman. Tog‘da «yurt» deganda cho‘ponlar qo‘nadigan, o‘tov tikadigan yerni ham tushunishadi.
Ehtiyotkorlik bilan atrofimni ko‘zdan kechirdim, yerga tikilib, nari-beri yurdim. O’z izlarimni ko‘rdim. Yo‘q, bu izlardan ketmayman... Menga so‘qmoq kerak!
Qoyaning tagidan o‘tgan edim, ne ko‘z bilan ko‘rayki, ro‘paramda uzungina yolg‘izoyoq so‘qmoq cho‘zilib yotibdi! Irg‘ib shu yo‘lga tushib oldim. Qiziq, tuprog‘i oq bo‘lsayam loy ekan-a. Nega buning tuprog‘i oq? Ha-a, so‘qmoq yoqalab ketgan qoyalarning tagi oq ekan, shundan uvalanib to‘kilgan. Qaniydi biron odamning izini ko‘rsam, shunda bu so‘qmoqdan odam yurganiga ishonardim. Axir, bu hayvonlar yuradigan so‘qmoq bo‘lishi ham mumkin-da! Ajabo! Omad deganlari shu-da! Besh-olti qadam bosgan edim, so‘qmoqning nishabiga sirg‘alib tushgan kattakon etik izini ko‘rdim. O’! Maza! Bu yerdan odam o‘tgan, kim bo‘lsayam odam o‘tgan! Nega uning izi nishabda qolgan? Nima balo, u nishabga tushib ketganmi? Yo‘q, nishabga tushmagan bo‘lsa kerak: shu yo‘ldan ketgan-u, bundagi izlarini uvalanib tushgan tuproq bekitgan bo‘lsa kerak... Shunga qaramay, men nishablikni ko‘zdan kechirdim. So‘ng yana uch-to‘rt qadam qo‘ygan edim, yana nishabga sirpangan izni ko‘rdim. Bo‘ldi! Ovchi yurgan. O’shanda so‘qmoq nam bo‘lgan. Shuning uchun oyog‘i sirpangan! Buyoqdagi izini uvalangan tuproq bekitgan, nishabdagi izlari qolgan.
Yuryapman-u, notanish odamning qayoqqa borgani meni qiziqtiraverdi. Agar ovchi bo‘lsa, biron kamarga boradi. Kamarlar odatda tog‘ning belida, shamoldan pana, atrof yaxshi ko‘rinadigan yerda bo‘ladi. Agar «yurt»ga borgan bo‘lsa, bo‘ldi! Tog‘da otamni tanimaydigan odam yo‘q. «Ollomurod cho‘ponning bolasiman!» desam, bas. Darrov bir hamrohga qo‘shib, otga mingazadi. Qarabsizki, cho‘lga ketib boryapmiz-da!
Bir mahal yo‘l kengayib ketdi. Shunda tepaga qarab, do‘ppim tushgudek bo‘ldim. Men yoqalab kelayotgan qoyalar juda balandga ko‘tarilib ketganday edi. Shunda qandaydir daraning sohili ostidan ketayotganimni payqadim. «Zovboshi!» degan so‘z yodimga tushdi-yu, bunga ishongim kelmadi. Bu so‘zni tezroq miyamdan chiqarib tashlab, yana orqaga qaytmoqchi bo‘ldim. Biroq, qarasam, pastni qoplab yotgan tuman qorayganday. Osmonga qaradim: och-tund rangda.
Obbo! Kech tushib qolibdi-ku? Axir, uydan chiqqanimizda peshindan o‘tgan edi. Nima qildim? Qorong‘iga qolmay, odamlarga yetay! Endi so‘qmoqdan chopqillab keta boshladim. Sezib qoldimki, so‘qmoq pastlab boryapti. Bu pastlagani sari dara sohili ham ko‘tarilib ketyapti... Yuragimga birdan vahima kirdi-yu, darrov o‘zimni to‘xtatib oldim. Sevinib ketdim, axir, «yurt» degani ham suvdan uzoqda bo‘ladimi? Suv-chi? Suv pastlikda bo‘ladi-da! E, kallavaram!.. Endi chopa boshladim.
* * *
Qosh qoraydi shekilli... Yorug‘dan chiqqanimda, balki hozir atrof qorong‘i bo‘lib ko‘rinarmidi? So‘qmoq birdan ikkiga bo‘lindi-yu, biri sohil yoqalab ketganini, biri pakar archalarni aylanib o‘tib, pastlikka ketganini ko‘rdim. Hayallamay ikkinchi so‘qmoqqa tushdim.
Bir oz yurgan edim, badanim junjika boshladi. Ha-a, suvga yaqinlashyapman-da shuning uchun sovqotyapman. Suv urib ketgan joydan o‘tib, shoxlari kesilgan archaga duch keldim — quvonib ketdim. Demak, buni odamlar kesgan. Shu yerda uy bor!
Shunda qulog‘imga suvning sharillab to‘kilayotgani eshitildi. Ho‘, ish degani mundoq bo‘pti-da! Choponimning barini belbog‘imga qistirib olib, o‘n qadamcha bosgan edim, qarasam, jildirab suv oqayotgan ariq bo‘yiga yetibman. Uning narigi betida kichkina bir uycha turibdi! Uychaning ayvoni ham bor, supasi ham.
— Hov, amaki! — deb chaqirganimni bilmay qoldim. Birdan tislanib, boyagi shoxi kesilgan archaga yetdim, tirmashib beliga chiqib oldim.
Siz cho‘ponlarning itini bilasizmi? «Eshakday iti bor ekan», deyishadi bizda. Ana shunday ko‘ppaklar cho‘ponda bo‘ladi! Ularning qo‘riqchilari shu-da! Bo‘rilarning jazosini beradigan azroillari ham shu! Cho‘pon uchun olamda itdan qadrli mahluq bo‘lmasa kerak! Kezi kelganda o‘zlari yemay, ovqatini shu itiga beradi. Men begonaman! Hozir chopib chiqsa nima qilaman! G’ajib tashlaydi meni! Archaning shoxida o‘rnashib olib, yana chaqirdim:
— Hov, yurt egasi! Ho, boy bobo! Amaki!
It ham hurib chiqmadi, uy egasi ham ko‘rinmadi. Hayron bo‘ldim; biron yoqqa ketishganmi? E kalla! Hozir tog‘da cho‘pon qoldimi axir? Ko‘chgan-da cho‘l qaerdasan deb!
Archadan sekingina pastga tushdim. Ikkilanib ariq bo‘yiga yetdim. Ariq suvi kattagina xarsangdan burilib tushayotgan ekan. Shu joyi sharillayapti. Gangib uyga qarayman, suvga qarayman, orqamga qarayman. Xo‘rsinib, cho‘nqaydimu suv sharillab to‘kilayotgan chuqurga qarab, undagi suv ustini o‘rgimchak to‘rlari o‘rab olganini ko‘rdim. Etlarim jimirlab ketdi. Suvning yuzini o‘rgimchak o‘rab olibdimi, demak bu yerdan mol-pol suv ichmagan yaqin orada.
Men nuqul cho‘ponlar o‘tovda, kapada yashaydi derdim. Rost. Lekin hammavaqt bir xil yaylovda keladigan cho‘ponlar ba’zan mana shunday uychalar ham yasab qo‘yishadi. Suv yaqin, loy qilish oson. Yaylovda bunday uylarni uchratish mahol. Keyin, bunday uylarning bir hikmati bor: cho‘pon o‘tovini buzganda, «yurt»da hech narsa qoldirmaydi. Bunday uydan ko‘chganda, oshiqcha narsalarini tashlab ketaveradi... Men o‘g‘rilik degan gapni keyinchalik eshitganman: tog‘da tulki ko‘p, shu haqda aytishar edi: «Anavi xolaning xo‘rozini o‘g‘irlab ketibdi. Kapasiga kirib, cho‘pqaymog‘ini o‘g‘irlab ketibdi!»
* * *
Ariqdan hatlab uyga yaqin bordim. Shunda yana qo‘rqib to‘xtadim: bu kimsasiz uy, uning biqinida yoki takxonasida nima yo‘q deysiz? Lekin qarashimda odamlar yashagan uyning turishi menga madad bo‘ldi: har holda bu kimsasiz, yovvoyi, o‘rmonli darada bunday qo‘noqning bo‘lishi ko‘p yaxshi-da!.. Har ehtimolga qarshi deb, yerni timirskiladim. Katta bir tosh qo‘limga ilindi. Uni olib, supaga sakrab chiqqan edim, o‘choq boshida menga o‘qrayib qarab turgan qop-qora, junlari hurpaygan maxluqqa ko‘zim tushdi. Nima bu? U battar hurpaydi va «m-iyav», deb ovoz chiqardi. So‘ng dik-dik sakrab, supa labiga yetdi-da, o‘zini pastga tashlab g‘oyib bo‘ldi... Yopiray! Bunday katta mushukni birinchi ko‘rishim edi. O’tgan yili yaylovga kelayotganda, yo‘lda bir cho‘ponning karvoniga yetgan edik. Shunda bitta sariq mushukni ko‘rgan edim, juni naq yerga tegib turardi. Nimaga bunday deb so‘rasam, «otasi tulki, onasi mushuk» deyishgandi. Keyin buning sirini bilib olgandim, goho cho‘ponlar o‘zlari oshiqcha deb bilgan mushuklarini va molga yaroqsiz bo‘lib qolgan itlarini tashlab ketishadi. Shunda agar mushukni biron jondor yeb ketmasa, u o‘z qavmiga yaqin biron hayvon bilan topishadi. Munaqa sariq mushuklar o‘shalardan tarqaladi.
Xullas, qora baroq mushuk g‘oyib bo‘ldi. Men bu mushukni odatdagi mushuklardan emasligini bildim va o‘zimga «ehtiyotkor bo‘l» deb, bir-ikki qadam bosdim. Toshni pastga tashlab, oyog‘imning loyini supa chetiga qoqdim...»
* * *
Qorong‘i tushib qolgan, yigirma qadam naridagi qora narsaning nimalagini ko‘ra olmas edim. Biroq, unga tikilib, qoramolning tappisi — go‘ng ekanini fahmladim. So‘ng o‘zim tushib kelgan so‘qmoqqa qaradim, uning shoxi kesilgan yalang‘och archagacha bo‘lgan bo‘lagini ko‘rdim, xolos. Qarasam, tomning tepasidan oppoq tuman meni o‘rab oladiganday tushib kelyapti. U xuddi bulutga o‘xshaydi. Juda chiroyli edi! Hatto xursand ham bo‘ldim. Biroq shu onning o‘zida meni yana vahima bosdi va ruhim tushdi: ana xolos! Odamlar yo‘q, bu tashlandiq kulba!.. Endi nima qilaman? Shu haqda o‘ylab, nima qilib bo‘lsa ham bu tunni shu yerda o‘tkazishdan boshqa choram yo‘qligiga aqlim yetdi. Erta nima bo‘ladi? Uni ertangi kun ko‘rsatadi! Nahotki ertagayam darani tuman bosib yotsa... Dara, dedimu, etim jimirlab, ko‘nglim bu joyning Zovosti ekanini aytib turar, lekin men bu fikrga o‘zimni ko‘niktirgim kelmas edi.
Xo‘sh, ish boshladim bo‘lmasam!
* * *
Bunday mahalda qiladigan birinchi ishing — o‘t yoqish bo‘ladi. Nima uchun? Bilmayman... Hozir kun sovuq emas. Terlaganimdanmi, badanim ham issiqqina edi. Lekin nuqul o‘t yoqqim kelar edi. Buning sababi shunga o‘rganganimda bo‘lsa kerak. Chunki oqshom tushdimi, bas, o‘tovimiz yonidagi katta o‘chokda o‘t lovillar, goho uning cho‘g‘i uyga kiritilib, o‘rtadagi yero‘choqqa to‘kilar, biz uning atrofida qur tutib o‘tirishardik... Aytmoqchi, bilaman-ku: olamda insondan zo‘r narsa yo‘q! Hamma jonivorlar insondan qo‘rqadi. Men ham insonman. Bundan tashqari, insonning qo‘lidan o‘t yoqish keladi. Hayvonlar esa o‘tdan qochadi. Demak, tezda o‘t yoqsam, xavf-xatardan ham qutulaman. Ana gap qaerda!.. Men shosha-pisha cho‘p-cho‘pchak izlashga tushdim. Ayvonda xas ham yo‘q edi. Supadan sakrab tushgandim, eshigi ochiq takxonada qalanib yotgan shuvoqqa ko‘zim tushdi. Apil-tapil ichkariga kirdim-u, bir qo‘ltiq shuvoqni ko‘tarib qochib chikdim. Go‘yo takxonada bir hayvon, hech bo‘lmasa, anavi yarim mushuk pusib yotibdi, orqamdan chovut soladi!
Supaga chiqib, shuvoqni o‘choq boshiga eltib qo‘ydim. Xo‘sh, endi yondirish kerak. E, gugurt qani! Bu uyda yashagan odamlardan aylansang arziydi! Shundoq devordagi mixga sanchib qo‘yilgan gugurtni ko‘rdim. Ola solib, bir shuvoqni oyog‘imda toptadim, keyin uni o‘choqqa tiqib, tagidan olov berdim-u, garangsib qoldim. Buning foydasini sezmadim. Agar o‘choq ustida choydish bo‘lsa, boshqa gap edi. E, lapashang! Uyga qaramaymanmi? Eshikka burildim. Eshik zanjirlangan, taqa qulf ilingan. Obbo! Sekin deraza yoniga bordim. Itargandim, ochilmadi. Romning chetidan ushlab bir tortdim, ochilib ketdi. Shunda birovning uyiga so‘roqsiz kirayotganim uchun sal-pal xijolat ham tortdim. Lekin nima qilay? Bir narsasini kamaytirib qo‘ymayman-ku? Ertaga yaxshilab bekitib ketman. Bu yerda bir kecha qo‘nganimni bilgan dara hayvonlari ham bir-ikki kun bu xonadonga yaqinlashmaydi!
Sekin ichkariga qadam bosdim. Dimog‘imga turshak, mayiz hidi urildi. Ha-a, demak, bu mevalardan ham bor ekan-da. Oz-mozgina olib yeymiz. Uy egasiga g‘oyibona rahmat aytamiz. Xafa bo‘lmas, axir, odam qimmatmi, mevami? Onam bechora nuqul gap orasida: «Odam topilmaydi, narsa topiladi!» deydilar. Bechora onaginam! Hozir uning ahvoli qanday ekan?.. Eh, onajon! Gapingizga ko‘nmadim-da, o‘zboshimchalik qildim! Lekin men sizlarga, o‘zimizga yaxshilik qilmoqchi edim-ku?! Hay, mayli. Bo‘lgan ish bo‘ldi endi... Uy juda ham qorong‘i ekan. Gugurt chaqqandim, ko‘zim to‘rdagi yog‘och sandiqqa tushdi. Uning ustida uchta ko‘rpa taxlab qo‘yilgan, tagida bitta kigiz ham ko‘rinar edi. «Ha, shulardan bittasini olib yotaman!» deb o‘yladim. Yana gugurt chaqib, poygakka qaradim. Bir qop tiralib turibdi, ichida nima bor, kim biladi deysiz. Choydishni topolmadim. Keyin, o‘zlari bilan cho‘lga olib ketgan, degan qarorga keldim. Qozon bor ekan, lekin unda nima pishiraman. Qolaversa, bu tashvishlarning nima keragi bor: men choyga juda ham xumori emasman, bir o‘zimga ovqat pishirishning ham hojati yo‘q... Jindek non topsam, ha-ha, non topsam, bas! Anavi ariqning suviga botirib yeyman-qo‘yaman. Agar bir kosa qatiq yoki bir-ikki bo‘lak go‘sht bo‘lgandami! Afsus! Boriga qanoat qilish kerak. Men o‘z uyimda emasman.
Qopning orqasidan bir ro‘molga tugib qo‘yilgan qoqnon topdim, allaqanchasini o‘ngirimga solib, tashqariga chiqdim. Jiyda, mayiz izlashga ham hafsalam bo‘lmadi...
O’choqda yonayotgan o‘tning so‘nishini tomosha qilib o‘tirarkanman: «Nima qilaman bu yerda? Uyga kirsam-chi? O’zimning borligimni ko‘rsatib nima qilaman?!» deb o‘yladim. O’t so‘ngach, supa pastini qoplab olgan tumanga qaradim-da, uyga kirib, derazani berkitdim. Gugurt chaqib, xonani yana ko‘zdan kechirdim. So‘ng paypaslab taxmondan ko‘rpa bilan kigizni tushirdim. Kigizni yozib, ko‘rpani soldim. So‘ng bir oz ikkilanib turib boshqa ko‘rpani ustimga yopdim.
* * *
Deraza tagida yotibman. Charchagan ekanman, ko‘zim ilinyapti. Lekin qo‘rqyapmanmi, uxlagisi kelmagan odamday ko‘zimni ochaman. Derazaga tikilaman, tashqariga quloq solaman. Bir mahal ayvonda nimadir gurs etdi. Boshimni ko‘tarib qaradim. Ustun tagida ko‘zi binafsharang bo‘lib, oqshomgi mushuk turibdi. «Ha, uyga kirib bo‘psan!» dedim. Derazani tortib qo‘yib, boshimni yostiqqa qo‘ydim. Kechasi ikki marta uyg‘ondim. Badanimni nimadir taladi, burgamikin, deb o‘yladim. Lekin uyqu zo‘rlik qildi, qotib qolibman.
* * *
Odatdagicha sahar vaqtida uyg‘onib ketdim. Qaerda yotganimni ancha vaqt eslolmadim. So‘ng irg‘ib turib, derazadan qaradim. Tuman yo‘q, chap tomondagi dara sohilini quyosh nurlari yoritib turar edi. Kayfim chog‘ bo‘lib ketdi. Derazani lang ochgandim, tag‘in o‘sha mushukni ko‘rdim. Nima balo? U shu yerga o‘rganib qolganmi? Yoki bir vaqt bu uyning xonaki mushugi bo‘lganmi? O’choq tomonda ekan, tag‘in «miyav» dedi-da, supadan tushib ketdi. Derazadan hatlab, tag‘in izimga qaytdim. Ko‘rpa-to‘shakni yig‘ishtirib, sandiq ustiga taxlab qo‘ydim. Tashqariga chiqqan yerimda yana qaytdim. Qop orqasidan yana picha qoqnon olib, qo‘ynimga soldim. So‘ng har ehtimolga qarshi deb pichoq izladim. Lekin topolmadim.
Supadan tushgan yerimda, yana takxonaga qaragim keldi: xarilar orasidan uzun hassa topdim. Suyanib, buloq boshiga bordim. Atrofni tomosha qildim. Chamamda, bu yer kichkina qishloqcha edi. Yana to‘rtta mana shunaqa kulba qaqqayib turibdi. Har birining takxonasi bor. Yana, oldida kenggina maydon, maydon adog‘ida go‘ng, qiy uyumi. Tomosha bilan bo‘lib, nima qilishim kerakligini unutgan ekanman. Birdan eslab qoldim-u, yig‘lagim keldi. Biroq otamning: «Yig‘idan foyda yo‘q, o‘g‘il bola yig‘lamaydi», deb aytgan gaplarini esladim. To‘g‘ri-da, yig‘lab o‘tirsam, birov meni yo‘lga solib qo‘yadi-yu, men ota-onamni topib olamanmi? Yo‘q, albatta. Harakat qilish kerak.
* * *
Beixtiyor ariqdan hatlab, kecha tushib kelgan so‘qmog‘imga chiqib oldim. Ana shunda men Zovostida ekanimni bildim. Ishondim va oyoqlarim titray boshladi. Tezgina bu yerdan ketishga, tezgina anavi sohil ostidagi so‘qmoqqa chiqib olishga intildim. Har holda jar tagida bo‘lganingdan ko‘ra, uning teparog‘ida bo‘lganing yaxshi-da!
Keyin birdan-bir yo‘l Zovning boshiga chiqib olish. O’sha yerga chiqib olsam, marra meniki! Kechagi aravamiz izini ham toparman. So‘ngra, u yerdan tog‘ning etaklari ko‘zga yaqqol ko‘rinadi. Cho‘lning qayoqda ekanini bilib olaman-da, o‘rmonning xoli joylari bilan yurib, bu yerlardan chiqaman. Naryog‘ida yo‘l topish oson. Xo‘sh, tepaga qanday chiqib olsam bo‘ladi? Bu savolga javobni tezgina topdim: mana, ro‘paramda sohilni yoqalab so‘qmoq yo‘l ketgan. Har holda bu ovchilarning yo‘li bo‘lishi kerak. Bunday yo‘l albatta tepaga chiqadi. Tog‘da ko‘p yurganman, ko‘p yurganman bunday yo‘llardan.
Yo‘l tepaga chiqmaganda ham, tepaning bironta buzilgan yeridan o‘tadi-ku! O’sha buzuq joylardan yurib, men ham tepaga chiqib olaman-da!
* * *
So‘qmoq tobora pastdagi o‘rmondan ajralib, tepaga ko‘tarilib borar, bu meni xursand qilar edim. Lekin nimagadir suv ichgim kela boshladi. Shu meni tashvishga soldi. Nima qilay? Suv ichayin deb pastga tushamanmi? Yo‘q, chidayman. Tushsam, yana qaytib chiqishim kerak. Chiqqunimgacha yana chanqab qolishim mumkin. Kunbo‘yi pastga tushib, tepaga chiqib yuraveramanmi? Chidayman... Eh-he, pastning manzarasi antiqa ekan.
Men ariq deb o‘ylaganim kichkina soy ekan. Sohillarini qamish bosib ketgan. Ular sap-sariq. Lekin ichida cho‘chqa bor. Tog‘da yovvoyi cho‘chqadan ko‘pi yo‘q. Buni tog‘da yurgan kishi yaxshi biladi. Biroq cho‘chqadan qutulishni biladigan kishi uchun u xavfsiz. Qutulishni bilmasang, unda holing xarob. Men yo‘limda bir gala cho‘chqaga duch kelib, ulardan eson-omon qutuldim. Buni keyin aytib beraman... Soyning sohilini qoplagan qamishlardan sal narida va sal berida chakalakzor, archazorlar. Ayniqsa narigi sohiddagi archa shu qadar zichki, ustidan bemalol yurish mumkindek tuyuladi. Ko‘m-ko‘k o‘tloqning o‘zi-ya!.. Muyulishga yetib to‘xtadim. So‘qmoqning adog‘ini ko‘ray deb qaragandim, ro‘paramda ufqni qiyalab o‘tgan taqasimon tog‘ ko‘rindi. Dong qotib qoldim. Men Zovostida edim, to‘g‘rirog‘i, Zovosti bilan Zovboshining orasida, tog‘liklar tili bilan aytganda, «qat»dan o‘tgan so‘qmoqda edim. Bir tomondan buni bilganim ham yaxshi bo‘ldi. Nimaga desangiz, o‘zimni bir oz bosib oldim: demak, yana ham ehtiyotkor bo‘laman endi... Biroq xo‘pam yo‘l tutgan ekanman-da! Tepaga chiqish qiyin deb soy yoqalab ketsam bormidi? Nima balolarga yo‘liqar edim.
* * *
Zov betining manzarasi ham chiroyli edi, buni tan olmay bo‘lmaydi. Bu metindek tik devorning ko‘pdan-ko‘p joylari darz ketgan. Ana shu darz ketgan joylardan kichkina bo‘lib o‘rik, yovvoyi bodom va na’mataklar o‘sgan. Ularning bunday yovvoyi, kimsasiz joyda o‘sishi nima uchundir kishida rahm-shafqat uyg‘otar ekan. Xuddi aziz bir narsang bu yovvoyi joylarda adashib qolib ketgayday. Ularning mevasidan ham inson zoti foyda topmaydi. Qushlar, kalxatlarga yem bo‘lib ketadi... Lekin hozir, yoshim bir yerga yetib o‘ylayman: ana o‘shanaqa joylarning bo‘lgani ham yaxshi, do‘stlar! Ular bizga Vatanimiz tuprog‘i qadim-qadim zamonlarda qay ahvolda, qay yovvoyi ko‘rinishga ega bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib turadi. Endi o‘ylab qarasam, mening o‘sha vaqtda adashib, o‘zimga-o‘zim yo‘l topib, hayotga intilishim ham ko‘p zavqli bo‘lib tuyuladi. Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bizning olis ajdodlarimiz o‘zlariga o‘zlari shunday qilib yo‘l ochgan emasmi? Shu yo‘l bilan tajriba orttirib, aqllarini peshlagan emasmi? Shu yo‘l bilan inson sifatida taraqqiy qilgan emasmi?..
* * *
Men tag‘in ham yuqorilab ketib borardim, Zovosti ko‘z ilg‘amas pastlikda qolib ketardi. Shuning uchun endi pastga qaramas edim. Qarasam, boshim aylanadi. Bu yerdan tushgan odam pastga yetolmasa kerak... Bir payt sezib qoldimki, tepaga qarash ham kishining boshini aylantiradi: yuraging «shuv» etadi-da, yeru osmon chirpirak bo‘ladi, ko‘ngling aynab, tek qotib qolasan. Men bu ahvolda uzoqqa bora olmasligimni sezdim. Nimaga desangiz, bir muyulishga yetganda, yurib kelayotgan yo‘limga qaradim-u, osmon uzilib, oyog‘im ostiga tushganda ham izimga qaytolmasligimni sezdim. Bu yerga qanday yetib qoldim? Hayron bo‘ldim. Endi birdan-bir yo‘l — tepaga chiqib olish, yo‘lni davom ettirish! Shunday ekan, o‘zimni bu yo‘lga ko‘niktirishim kerak. Shunday ko‘nikayki, aslo ikkilanmay! Lekin qanday qilib?.. E, axir, bu so‘qmoqdan odam yurgan-ku, deb o‘yladim men. Odam bo‘lganda ham mendaqangi kichkina odam emas, kattakon ovchi yurgan. U shu tor so‘qmoqqa sig‘ibdi. Men sig‘maymanmi? Bu yo‘l men uchun tor ko‘chaday gap-ku aslida! Shunday, do‘stim Berdimurod! Olg‘a! Olg‘a!
Navbatdagi muyulishdan o‘tish qiyin bo‘ldi, yo‘l nishab edi. O’ylab-o‘ylab o‘tishga qasd qildim. O’tib oldim. Biroq so‘qmoqning kichrayib qolganini ko‘rib, kapaligim uchib ketdi... Shu yil bahorda o‘tovda eshitgan bir hikoyam yodimga tushdi, anavi, qor bosgan tog‘ bag‘irlarida ham mana shunaqangi «qat»dan o‘tgan so‘qmoqlar ko‘p bo‘lar ekan. Shunday so‘qmoqlarning biri tog‘ning tepasida joylashgan bir qishloqqa olib borar ekan. U qishloq ahli bir zamonlar yovdan qochib, tog‘ ustiga chiqib ketgan ekan. Shu so‘qmoqdan faqat bir kishi yura olar ekan, yurganda ham yelkasini devordan uzmay yurar ekan, deb hikoya qilgan edi otamning oshnasi. Agar ikki kishi bir-biriga ro‘para bo‘lib qolsa-chi? Unda chek tashlar ekan. Qaysinisi yutsa, shu yerda qolar ekan. Yutqazgani o‘zini pastga tashlar ekan... Men o‘shanda bu hikoyani eshitib, ko‘p o‘ylagan edim: odamlar mard bo‘lar ekan-da, a? Masalan, yutqazgan kishi pastga tashlagisi kelmasa, yoki u, yutgan kishidan kuchliroq bo‘lsa, unda sherigini bir musht bilan jarga qulatib, o‘tib ketsa bo‘lmaydimi? Yo‘q, bo‘lmas ekan... Chunki lafz bor ekan ularda. Hozir u qishloqqa olib boradigan so‘qmoq kengaygan, deyishadi. O’sha so‘qmoq devorini teshib, qoziq qoqib chiqibdilar. Qoziqning ustiga shox-shabba bosilgan emish, endi u yo‘ldan eshak ham bemalol o‘tar ekan... Shu hikoya yodimga tushib, nazarimda ro‘paramdan birov kelayotgandek bo‘laverdi. Ovchi bo‘lsa, meni ko‘tarib oladi, deb o‘yladim. Yoki men uning oyoqlari orasidan ham nariyoqqa o‘tib olaman... Aytmoqchi, uchrasin, uchrasin ovchi! Odam uchrasin! Menga odam kerak-ku?! Lekin hayvon uchramasin, hech-hech! Unda holim xarob bo‘ladi... Unda, onajonim, xayr! Otajonim, xayr! Kichkina singlim, o‘tovimiz, molimiz, kakligimiz, xayr!
* * *
Buzuq joyga yetdim. Buning ko‘rinishi g‘alati-ya! Toshlari qizil, qum toshmi deyman. Bo‘yim baravar antiqa cho‘qqilar sho‘ppayib turibdi. Katta bir qoya yonidan o‘tgan edim, oyog‘im ostidan chirillab bir sela chil ko‘tarildi... Chil degani kaklikdan kichikroq bo‘ladi. Lekin go‘shti kaklikning go‘shtidan mazali deyishadi. U hammavaqt shunaqa buzuq joylarda yashaydi. «Sela» deb kaklik va chillar galasiga aytishadi. Men bir nafas to‘xtab qoldim-da, yana jilgan edim, tag‘in bitta chil ortimdan ko‘tarildi va unga qarayman deb dong qotib qoldim... Boyagi, yo‘q, kechagi qora baroq mushuk menga ergashib kelayotgan ekan. U sakrab chilni havoda tutib oldi; bir oz tislandi-da, panjalarida bosib turib, menga «miyav» deb qaradi. Men uning ko‘zlarida qandaydir g‘amginlikni ko‘rdim. «Bu yovvoyi, meni yemoqchi», deb o‘ylagan o‘yim boshimdan uchdi. «Bu odamlarning uyida yashagan mushuk-ku? — deb o‘yladim. — Odamlar esa, buni tashlab ketishgan... Albatta tashlab ketayotganda, ko‘zini bog‘lab tashlab ketishgan. Bo‘lmasa egasini qoralab topib boradi-da! Endi bu bechora odamlarni sog‘ingan chamamda! U-o‘, falokat! Chilni yeydi-ya?» Lekin bari bir undan qo‘rqdim. Orqamga qaray-qaray qarshimdagi boshqa qoyadan aylanib o‘tdim. Yana qaragandim, oyog‘im toyib ketdi... Toshga yopishdim. Aytmadimmi, bunday joylarda ehtiyot bo‘lish kerak deb. O’pqonga tushib ketishimga sal qoldi-ya!
* * *
Ana shu o‘yiqning oxiriga yetib, bir to‘da yovvoyi cho‘chqaga duch keldim. Ular hayron bo‘lgandek taqqa to‘xtab, qozondek boshlarini ko‘tarib qarashdi. Men ham serrayib turib qolibman. Shunda chetda turgan kichikroq bir cho‘chqa «huq» etib ovoz chiqardi-da, suzmoqchi bo‘lgan novvosdek boshini egib olib menga yugurdi. Men hangu mang bo‘lib qoldim va jonholatda yonboshimdagi xarsangga tirmashdim. U xarsangga yetib kelganida, men tepada edim. U xarsangni aylana boshladi. To‘zg‘ib qolgan boshqa cho‘chqalar ham to‘xtab menga qarab turishardi... Agar shu cho‘chqaning o‘rnida o‘rtacha bir it bo‘lganda ham xarsangga sakrab chiqar, hatto uloq ham bu xarsangda bemalol o‘ynab yurgan bo‘lardi. Lekin u chiqa olmadi. Chiqa olmaydi ham! Chunki u to‘g‘riga yuradigan hayvon! Unga to‘g‘rima-to‘g‘ri kelgan kishining holiga voy! Tumshug‘idan chiqib turgan oppoq tishlari bilan yorib ketadi. Shuning uchun ham tog‘liklar cho‘chqaga duch kelgan-da, unga chap berishni yaxshi bilishadi. Sal chap berding-mi, bo‘ldi, u o‘tib ketadi. Iziga qaytib kelguncha sen xoliroq joyga borib olasan!.. Ana shunday! Hayvonlarning xulq-atvorini bilish kerak. Cho‘chqalar aylanib, aylanib, xuddi men kelgan so‘qmoqqa o‘tishdi. Men bo‘lsam, vaqtni boy bermay, xarsangdan sakrab tushib, olg‘a jildim. Tepaga chiqib oldim. Qatqalokdek yorilgan xarsanglar ustida turar ekanman, etak tomondan mushukning miyavlagani eshitildi. Nima bo‘ldi unga? Cho‘chqalar bilan kutilmaganda uchrashib qoldimi? Cho‘chqalarning u bilan nima ishi bor? Yo boshqa falokat ro‘y berdimi? Yoki o‘zlarining hafsalasi pir bo‘lib qolib ketishdimi? Qayta ko‘rmadim ularni.
* * *
Shunday qilib, men Zovostidek dahshatli joydan osonlikcha qutuldim. Agar ilgariroq tabiat sirlariga qiziqmagan, hayvonlar, atrofimizni o‘rab turgan sharoit haqida hech narsa bilmaganimda, kim biladi, men u yerdan qanday qilib chiqolardim?.. Lekin keyinchalik ham Zovostiga bo‘lgan qiziqishim susaymadi. Mana, hozir zoologman, hayvonlarni o‘rganuvchiman. Yaqinda Zovboshiga boraman. Uning sirlarini ochaman, ilm bilan, tajribalarimga asoslanib u yerga bemalol kiraman... Endi o‘ylayman: har holda qiziquvchanlik bo‘lgani yaxshi ekan, do‘stlar!
* * *
Aytmoqchi, endi hikoyaning davomini ham aytib berayin: buni qarangki, men Zovboshining biz aravada yurgan tomonidan emas, nari tomonidan chiqqan ekanman. Shuning uchun sohilni, o‘sha taqasimon tog‘lar tizmasini aylanib, aravamiz qoldirgan izlarga tushgunimcha kun kech bo‘ldi. Men shu qadar ochikdim, holdan toydimki, ko‘z oldim qorong‘ilashib, gandiraklab borardim. Lekin odamlarga intilardim! Bitta inson qorasini ko‘rsam, der edim... Nihoyat, unday inson ham ko‘rindi.
Tog‘dan kechikib ko‘chgan bir cho‘ponning qo‘ylarini ko‘rib, uning iti menga tashlanishini ham o‘ylamay, oxirgi kuchimni yig‘ib chopdim. Unga yetdim, keyin nima bo‘lganini bilmayman... Cho‘ldagi tipovoy qilib qurilgan uyimizda ko‘zimni ochdim... Otam meni topib olgan ekan. Ot choptirib borib qolibdi. Cho‘pon meni chakmoni bilan bekitib: «Suyunchisiga nima berasiz?» deb so‘rabdi. Otam bir qo‘y va’da qilibdi. Keyin cho‘pon kulib, meni unga ko‘rsatibdi... O’sha kuni uyimizda katta ziyofat bo‘ldi. Boshqa cho‘ponlar ham otliq bo‘lib, meni izlagani ketishgan ekan, kelishdi... Otam meni urishmadi. Faqat: «Bolam, turmushda ham shunday qilib, aql-farosat bilan yo‘l topsang bo‘lgani. Bu adashuv senga saboq bo‘lsin!» dedilar. Onam ham, gapimga quloq solmading, deb ta’na qilmadilar.
Shukur Xolmirzayev. Zov ostida adashuv (hikoya)
(Do‘stimning o‘g‘liga aytganlari)
1971