O’shanda sakkiz yoshlarda edim. Ikkinchi sinfda o‘qiyotgan bo‘lsam ham zehnim o‘tkir ekanmi, savodim chiqib qolgan, ya’ni otam aytib tursa, men fakturasini yozib borardim. Otam rayon matlubot jamiyatida magazinchimi, bir nima bo‘lib ishlar edi. U kishi shunday katta ishda tursalar ham, jussalari mendaqaning o‘ntasiga teng kelsa ham, savoddari haligidaqa edi. Lekin otamni mahalla ahli hurmat qilar, u kishi bilan «Polvon bobo» deb so‘rashishar, bir qariyaning: «Bechora ko‘p sodda, mard odam. O’zbekning soddasi shuyov», deganini ham eshitganman.
Biz yoz oqshomlari allapallagacha gurunglashib o‘tirardik. Otamning oshnalari kelganda, muk tushib, doston o‘qishar, navbat bilan do‘mbira chertishar, momom ham qozon boshidan jilmasdi. Esimda: biznikilar ayniqsa, «Alpomish» dostonini sevishar edi. Yusuf degan bir tanishimiz bo‘lardi, uyga keldimi, lo‘labolishni o‘mroviga tortib, shu dostonni o‘qishga boshlar edi. Men jiddiy quloq solib o‘tirar, keyin uxlab qolganimni bilmas edim, ertalab supa pastidagi yog‘och karavotda ko‘rardim o‘zimni.
O’sha kecha uyimizda mehmon ham yo‘q edi. Otam ham qayoqqadir ketib, kelavermadi...
Men zerikib, karavotimga chiqib yotdim. Bir mahal uyqu aralash payqab qoldim: supada g‘o‘dir-g‘o‘dir gap bo‘lyapti. Ayniqsa, enamning ovozi baland-baland chiqardi. Otam bosiq, lekin u ham ba’zan «E! E!» deb qo‘yardi, men shunda beixtiyor hushyor bo‘lib ketdim. Otamning odatlari qiziq-da: meni hech vaqt «To‘raboy, ke!» deb chaqirmaydi, shunchaki, «To‘raboy!» deb qo‘ya qoladi, demak, bu — beri ke, deganlari ham bo‘ladi. «Ulim!» deb qo‘yardilar, vassalom, men yugurib borishim kerak. Otam singillarimni ham «ulim» deb chaqirardi... U kishining «E!» deganini ko‘p eshitganman. Dashtda bir sigirimizni cho‘pon o‘ziniki qilib, «bo‘ri yedi»ga chiqargan ekan. Shunda enam cho‘pondan sigirimizni undirish haqida ko‘p gapirgan. Otam: «E!E!» deb turib, qo‘l siltagan edi. Shundan keyin enam otamga gap kor qilmasligini bilib, cho‘ponni qarg‘ay-qarg‘ay tinchigan edi.
— E! — dedi otam birdan baqirib. — Shu pul bilan biri ikki bo‘larmidi, kampir?
— Siz shunday deysiz-da, hoy! — dedi enam. — Dashtdagi mol ham sanoqli qolgan, biz uni qaytib to‘laymiz! O’ylaysizmi?
— Mol sizlarga, — deb to‘ng‘illadi otam. — Men endi manglayda borini ko‘raman, kampir! E, gapirma! — otam qizishib ketdi: — Nima qilay? Selpo raisi o‘g‘irlik qildi, savodim yo‘q, meni go‘l bilib, shuncha pulga tushirdi, yordam qilinglar, deb arzga boraymi? — E, men bu ishti qilolmayman! Insofi bo‘lsa, o‘ylab ko‘radi, kampir! Olti bolam bor, ko‘rib turibdi o‘zi. Nokaslik qilmas.
— O, sho‘r boshim, sho‘rgina boshim! — dedi enam kuyinib va idishlar taraqlab ketdi: — Siz arz qilmasangiz, men qilaman! Ertalab milisaga boraman, tekshirib ko‘ringlar, bu odam selpodan hech mahal muncha pul olgani yo‘q, fakturayam tuzgani yo‘q. Tuzgan bo‘lsa, kopiyasi o‘zida bo‘lardi-da!.. Bu odamni o‘sal qilib, o‘zlari padlo‘k dakumit tuzgan, shuncha pulni buning bo‘yniga urgan! Tekshirib ko‘ringlar. Buning pakturalarini o‘g‘lim yozib berardi, uniyam keltirib so‘roq qilinglar, deyman!
Otam jimidi. Men bu gaplarning ma’nosiga tushunmas edim. Biroq kimdir otamni aldagani, uning boshida xavf borligini sezdim. Biz bolalar tayyorga ayyor bo‘lib o‘sar edik: oilada paydo bo‘ladigan qiyinchilik, kamchilikni ota-onamiz tuzatar, to‘ldirar edi. Bizga o‘yin bo‘lsa, yonboshlab yotib doston eshitish bo‘lsa yoki pistaga pul bo‘lsa bo‘ldi edi.
Men otamga faktura yozib berganlarimni eslab, ichimda xursand bo‘lib, ko‘rpaga o‘raldim. Salqin tushib qolgan edimi, to‘shakdan turishni xayolimga ham keltirmadim. Faqat boshimni ko‘tarib, nima yeyishayotgan ekan deb qarardim. Qovurdoq o‘rtada bo‘lsa, men ham dildirab, iljayib borar edim.
Otamning oxirgi so‘zi shu bo‘ldi:
— E, kampir, boshimni qotirma. Men aytdim aytgichimni unga. Nomard ekansan, uka. Mayli, shu o‘tirik puldi deb ket, lekin biring ikki bo‘lmasin. Bir kuni seni bolalaring ham ota deb qolsin, dedim. Bo‘ldi shu gap, kampir. Yurakti bo‘shatdim. Agar hayvon emas, odam naslidan bo‘lsa, keladi u — ukkig‘ar!
O’rtoqlarim bilan so‘kishib yurganlarimni esladim, otam: «O’zbekning gapi bir bo‘ladi», degich edi. Men yana, hammavaqt bir so‘zli bo‘lishni o‘yladim. So‘ng nima uchundir shu tobda otamning tutgan yo‘lini to‘g‘ri deb bildim va keyin uxlab qoldim.
Yopiray! Juda notinch bo‘ldi-da, bu kecha!
Yana uyg‘onib ketdim: supada g‘o‘dir-g‘o‘dir gap-so‘zlar qulog‘imga yetmasidan qozonda jiz-biz bo‘layotgan go‘shtning hidi dimog‘imga yetdi. Hayron bo‘lib, boshimni ko‘tardim. Dashtdan otamning oshnalari kepti deb o‘ylagan edim. Yo‘q, lampa yoritib turgan dasturxonning bir tomonida matlubot jamiyatining raisi cho‘kka tushib o‘tirar, u otam bilan kulishar edi. Enam o‘choq boshida.
Men bu odamni yaxshi tanir edim, qachon otamga ergashib uning omboriga borsam, shu kishini ham ko‘rardim, u burchak-burchakda uyulib yotgan yong‘oq, olmaqoqi va olchaqoqilardan hovuchlab olib hidlar, so‘ng sochib tashlab, kaftlarini bir-biriga urib qoqar, keta turib, menga qoshini uchirib qo‘yar edi. Lekin uyimizga hech kelmagan edi.
Qovurdoqning hididan uning hali yetilib pishmaganini sezdim. Uyda mehmon borida dasturxondan chetda tur, hadeb o‘rtaga qo‘l uzataverma, bir ishora qil, o‘zim beraman, xohlagan narsangni, der edi enam. Men o‘zimning uyg‘oq ekanimni enamga qanday bildirsam deb o‘ylab turgan edim, ular yana kulib yuborishdi. Shunda otamning oqshomgi kayfiyatini eslabg ishi o‘ngidan kelgani — tutgan yo‘li to‘g‘ri chiqqaniga ishondim va xursand bo‘lib ketdim. Enamga tikilaman, harakatlaridan u kishining ham kayfi chog‘ ekani bilinib turibdi.
Lekin bari bir turishga jur’at etolmadim.
— Ha, Polvon aka, menga yomon ta’sir qildi gapingiz, — dedi rais. — Men shuncha yoshga kirib, bunday gapni eshitmagan edim. Yashirmayman, mard odamsiz, tushunasiz... Bunday ishlar avval ham bo‘lgan. Lekin birovi ham o‘zimga havola qilib ketmagan edi. Odamga ta’sir qilar ekan, men ham odam bolasiman... Ana, faktura, dela! Yangamga bering, yoqib yuborsinlar. O’tgan ishga salovat, Polvon aka.
Men karavotdan sekin tushib, o‘choq boshiga chopdim.
— Suv ichaman, suv — dedim enamga.
— Go‘sht-chi, yemaysanmi, bolam? — dedi enam.
Men tirjayib, cho‘nqaydim. Shunda rais meni chaqirib, qoshini chimirdi. Men o‘rnimdan turib salom berdim.
— Berman ke, ulim, berman ke! — dedi otam.
Bunday vaqtda borishim kerak. Enam ham yelkamga qokdi. Otam yoniga o‘tqazib:
— Sher ulim! — dedi. — Uxlamadingmi?.. Endi go‘shtdan yeysizu kirib uxlaysiz. Xavotir olma, bolam! Mard odamning sadag‘asi ketsang arziydi. Mana, amaking ham mard chiqib qoldilar...
Ular kulishdi. Shunday qilib, bu notinch kecha o‘tdi.
Hozir men o‘sha kecha, o‘sha suhbatlardan yigirma besh yil beridaman. Ularni tushdagidek eslayman.
Men — endi o‘zgarib ketgan, savodim ham rostakamiga chiqib, «Alpomish»ni ham o‘zim o‘qiydigan, hamda otamning mardlik va arz qilish to‘g‘risidagi aqidalariga allaqachon qo‘shilmay qolgan esam-da, bu keksayib qolgan otam — «o‘zbekning soddasi»ga havasim kelib ketdi.