Avgust oyining oxiri. Yozuvchi Safo Said bilan Boysun tog‘lariga safar qilib, Do‘g‘oba qishlog‘ining orqasidagi yantoqzorda adashib qoldik. Adashishga men sababchi bo‘ldim. Uch-to‘rt yildan beri u yerlarda bo‘lmagan edim. Yo‘l o‘zgarib ketgan ekan. Izimizga qaytdik.
Oyog‘imiz ostida yong‘oq barglari g‘ijirlaydi. Etakda soy shovullaydi. Boyqushning mungli sayrashi bizni izma-iz ta’qib qiladi. Tun battar qorayganday. Havo bo‘g‘uvchan.
— Naq Jyul Vern qahramonlarining o‘zimiz-a? — deydi Safo aka piching bilan.
— Ha, — deyman va atrofni ham, o‘z ahvolimizni ham bir dam unutaman. Uyga borgach, bu sarguzashtlarni yozsam, qiziq chiqadiganday tuyuladi. Ammo, kitobxon uchun bu mutlaqo kulgili narsa bo‘lishi esimga tushadi va hafsalam pir bo‘ladi, g‘ashlanaman. So‘ng bu yong‘oqzordan tezroq chiqish, Do‘g‘obadagi biron xonadonga kirib tinchish va bir piyola ko‘k choy ustida hozirgi sarguzashtlarimizning qiziq ham kulgili eka-ni, sayohatlarning shunaqasi ham bo‘lishi kerakligi xususida so‘zlab, Safo akaning ko‘nglini olish — fikr-yodim bo‘lib qoladi...
Lekin, biz Do‘g‘obaga bormadik.
Io‘lda baland o‘t bosib ketgan bir yalanglikdan o‘tayotgandik, so‘l tomonimizdagi katta xarsang toshlar orasidan o‘sib chiqqan yong‘okdar tomondan shatir-shutur tovush eshitilib qoldi. Eshaklar pishqirib, quloqlarini dikkaytirishdi. Men miltiqni o‘qtalib, fonarni tutdim.
— Chiroqni oling, chiroqni! — dedi kimdir bo‘g‘iq, kulgili tovushda. Fonarni chetga burdim. Odamning o‘t ustida sudralib kelayotgan chopon etaklarini va belbog‘idan yoniga osilib tushgan pichoq qini bilan sarg‘ish popuklarini ko‘rdim.
Notanish odam ro‘paramizga kelib to‘xtadi.
— Adashdilaring deyman-a? — dedi u, go‘yo bizning adashganimizdan cheksiz mamnunday. — Men qirning tepasida edim. Chiroqlaringizni ko‘rdim. Geologmi deb xayol qilgan edim. Yo‘q, to‘xtab orqaga qaytdilaring. Bular adashib yuripti-ya deb o‘yladim.
— Ilgari shu yerdan yo‘l bor edi, — dedim.
— Ha, yo‘l bor edi, — dedi u. — Hozir tepadan yurishadi. Gummataka boryapsizlarmi?
— Gummataka boryapmiz.
— Haydanglar bo‘lmasa. Bu yerda tepaga chiqadigan so‘qmoq bor. Buni qaranglar-a. Chiroqlaringni ko‘rmasam, men ham indamay o‘tib ketaverar ekanman-da. Haydanglar!
U yo‘l boshladi. Biz eshaklarni haydab, unga er-gashdik. Kim biladi, biz yurayotgan hozirgi yerlardan yaqin yillar ichida biron shaharlik yurganmikan. Yong‘oq yaproqlari shunchalik ustma-ust, qalin tushganki, biz go‘ng ustida yurib borayotganga o‘xshaymiz. Dimog‘imizga achchiq, eski xazon hidi uriladi. Bora-bora do‘nglikning tepasiga chikdik. Yuzimizga muzdek shabada urildi. Osmonda sonsiz yulduzlar chaqnab ko‘rindi.
— Xayriyat-e, — dedi Safo aka. — Bu yer naq jahannamning o‘zi ekan, birodar.
— Hechqisi yo‘q, — dedi yo‘lovchi. So‘ng so‘qmoq yoqasida turgan oqish narsa tomonga ketdi. Fonarni tutdim. Ustiga ikki qopda nimadir ortilgan oq eshak quloqlarini dikkaytirib, bizga qarab turardi.
— Boysunga boryapsizmi? — deb so‘radim men no-tanish odamdan.
— Jun soyuzga, — dedi u. — Jun topshiraman. Gummatakda oshnalaring bormi?
— Bor. Axtamov uyidamikan?
— Yo‘q. Axtamov ovulda. Ko‘chib tushgani yo‘q hali.
— Ovuli qaerda?
— Gummatakdan nari. Xiylagina bor. Tunda u yoqqa yurib o‘tirmang. Yo‘llar ham o‘zgarib ketgan. Yana adashishlaring tayin. Gummatakda qo‘na qolinglar. Bitta-yarimta xonadon bor. Erta bilan chiqib borasizlar.
— Rahmat. Shu so‘qmoq Gummataka olib boradimi bizni?
— Ha. O’zi olib boradi. Xo‘sh endi.
— Xo‘p, xayr. Rahmat.
U eshagining bo‘yniga tizzasini qo‘yib, qoplar o‘rta-siga minib oldi. Ix-ixlab ketdi.
Yo‘lga tushdik. Toshloq yo‘l. Eshaklar oldinda. Endi ularning ham qadami ildam. Goho tuyoqlari ostidan chirsillab uchqun uchadi. Bu yo‘l yong‘oqzor ichidan o‘tgan yo‘l bilan jar labidagi keksa tug‘dona tagida tutasharkan. Ilgarilari Gummataka kelganimda, shu daraxt tagida to‘xtab, qishloqqa qarardim. Past-baland pista, tog‘olcha, o‘rik va yong‘oq daraxtlari orasidan orqa devori toshdan kesib yasalgan guvalak uylar va ular oldida tikilgan o‘tovlar ko‘rinardi. Birpasda ularning sezgir itlari hurib chiqar, to egasining hukmdor ovozi eshitilmaguncha yo‘lni to‘sib, qishloqqa yo‘latmasdi.
— Shu yer Gummatakning boshi, — dedim Safo akaga.
— Gummatakda tunaymizmi endi?
— Tunash kerak. Boshqa chora yo‘q.
— Chiroqlari ko‘rinmayaptimi?
— Ko‘rinib qolar. Daraxtlar qalin. Pana qiladi. Soat necha bo‘pti? — Fonarni yoqib, o‘zimning bilagimga, so‘ng u kishining bilagiga tutdim. Bu yerning vaqti bilan o‘n bir yarim bo‘lgan edi. Toshkent vaqti bilan o‘n ikki yarim.
So‘qmoq tuproq yo‘lga tushdi. Lekin, chiroq hamon ko‘rinmasdi.
— Odamlar ovulda nima qilisharkan-a?
— Besh-to‘rttadan moli bor. Boqib yurishadi.
— Davlatga foydasi tegmaydi-da bularning?
— Nega? Kolxozning chorvasi ham shularda. Kuzda bo‘lsa, mevalarning hosilini yig‘ib olishadi. G’alla ham ekishadi. Davlatga foyda beradi bular ham.
— Qancha odam yasharkan shu qishloqda?
— Ko‘p bo‘lsa, besh-o‘n xo‘jalik. Ilgari ko‘p bo‘lgan. Lekin, ko‘chib ketishgan. Yangi ochilgan sovxozlarning ko‘pchilik odamlari — tog‘liklar.
— Chiroq ko‘rinmayapti-ya?
— Ko‘rinib qoladi.
— Tasavvur qilasizmi, tunni esimdan chiqargan ekanman. Shaharda tun nima, kunduz nima bilib bo‘lmaydi. Keyin qulog‘im ham bitib qolganga o‘xshaydi. Qarang jimjitlikni... Bu yerdagilar erta uxlashadimi?
Nihoyat, tig‘iz daraxt shoxlari orasidan yulduz qurtday yiltillab, nur ko‘rindi. Ikkalamiz ham baravariga «chiroq-chiroq» dedik.
Chiroqni qoralab, yo‘ldan chiqdik. Chiroq qarshimizda yastanib yotgan katta yalanglikning chetiga tikilgan o‘tovda yonar, chiy oraliqlaridan sitilib chiqardi. Yalanglikni suv bosgan ekan. Uni chetlab, yosh tollar tagi bilan uyga yaqin bordik.
— Chaqirib so‘rang, — dedi Safo aka.
— To‘g‘ri kirib boramiz. Bu yerda shunaqa taomil, — dedim.
— Mayli endi, so‘rab boqing. To‘g‘ri kelmas...
Miltiqni yelkamga osib oldim. Ro‘paramdan otilib chiqishi kerak bo‘lgan ko‘ppakni haydash uchun xalacho‘pni qulay ushlab, uy tagiga bordim. Uyning eshigi yo‘q, u devorlariga tappi yopib tashlangan bostirma edi. O’tov esa bostirmaning ustida, naridagi peshayvoni biz tomonga qaragan uyning oldida tikilgan edi.
— Hov, boy bobo! — deb chaqirdim. Javob bo‘lmadi. Yana chaqirgandim, o‘tovdan o‘n yoshlardagi bir bola chiqib, tom labiga keldi, qo‘lini tizzasiga tirab, menga qaradi.
— Otang uydami?
— Tovga ketgan, — dedi u.
— Kim bor uylaringda?
— Enam.
— Boshqa hech kim yo‘qmi?
— Men bor.
— Seni-ku, ko‘rib turibman. Bu atrofda sizlardan boshqa odam ham yashaydimi?
— Yo‘q. Hamma ovulda, — dedi u.
— Otang kelmaydimi bu kecha?
— Bilmayman. Enam biladi.
— Enangdan so‘rab chiq. Shu kecha bizga joy bermaydimi? Erta bilan ketardik. Ikki kishimiz.
Bola orqasiga qaytib uyga kirdi-yu, yo‘qolib ketdi. Nihoyat, fonus ko‘targan ayolga ergashib chiqib keldi. Fonus yorug‘ida ayolning ko‘ylagi qizil ekanini ko‘rdim. Ayol keng yengi bilan fonusdan ko‘zini pana qilib:
— Salomalaykum! — dedi past tovushda.
— Vaalaykum, — dedim. — Kechirasiz, bezovta qildik. Axtamovning uyiga kelgan edik. Oshnamiz bo‘ladi u kishi. Ovuldan hali qaytmagan ekanlar. Ovullari uzokdamish. Shu kechaga joy bersangiz, yotsak. Biz ikki kishimiz.
Xotin javob bermadi.
— Men o‘zim Boysundan, — dedim. — O’rtog‘imiz Toshkentdan. Gumonsiramang.
— Shunday-ku, — dedi ayol nihoyat. — Erkagim yo‘q. Bo‘lmasam...
— Eshitdik ukamizdan. Lekin, boshqa bir gap ham bor: toshkentlik mehmonimizning andak mazasi qochib qoldi. Yo‘lda shamolladilarmi, bilmayman. Harholda, shahar odami...
— Unday bo‘lsa, tushinglar, — dedi ayol. — Chorijon, bor, ko‘liklarini ol.
Xotin fonusni shu yerga qo‘yib, qaytib ketdi. Chori pastga kichkina archa yog‘ochidan qilingan narvon uzatdi. Narvonning oyog‘idan ushlab, yerga qo‘ydim.
Chori pastga tushgach:
— Salomalaykum, — deb, bir yelkasini pasayti-rib ko‘rishdi. Uning kichkinagina qo‘li nihoyatda qattiq edi. — Oshnangiz qani?
— Ana. — Fonarni unga tutdim. Chori kattalarday halloslab Safo akaning oldiga bordi. U kishi bilan ham ko‘rishdi. Men ham borib Choriga ko‘maklashdim: eshaklardan xurjun va choponlarni tushirib, ayilini bo‘shatdik. Chori eshaklarni tushovlab, yalanglikning nariyog‘iga haydab ketdi. Biz chekishib, uni kutdik. U qaytib kelib:
— O’tinglar, — dedi va bitta xurjunni ko‘tarib oldi.
Tomga chiqib borganimizda yerga sariq gulli kigiz solingan, uzun yakandoz va ikkita quroq lo‘la bolish tashlangan edi.
Chori xurjunni yonimizga qo‘yib, o‘tovga ketdi.
So‘ng odatdagicha shol dasturxon keldi: bir tovoq qaymoqday qo‘y qatig‘i, bir juft katta uy noni, bir kosada qovurdoq, bir kosada oq pishar o‘rik bilan paxtaseb olma, bir qumg‘on choy.
Chori ro‘paramizda cho‘qqayib o‘tirar, boshini u yon-bu yonga solib, bizni tomosha qilar, ammo, na taomga taklif qilar, na o‘zi qo‘l urardi dasturxonga. Lekin, biz buni ko‘nglimizga og‘ir olmasdik. Chunki, uning o‘rnida otasi bo‘lganida ham shunday qilgan bo‘lardi. Biroq, yemasak-ichmasak xafa bo‘ladi bu odamlar.
— Kelmadi-yu xo‘jayin? — dedi Safo aka menga.
— Kep qoladi, — dedim men. — Choriboy, otangiz kim bo‘lib ishlaydi?
— O’rmonga axranik, — javob berdi u, boshi bilan orqasiga ishora qilib.
— Bu ayol onangmi?
— Enam.
— Qo‘rqmaysizlarmi ikkovlaring?
— Nimadan qo‘rqamiz? — iljaydi u. Shu payt eshaklarimiz hangrab yubordi. Chori irg‘ib turib, tom labiga bordi. Qo‘lini tizzasiga tirab, qorong‘ilikka tikildi va qaytib keldi.
— Nima? — dedim.
— Hech narsa. O’zlari, — dedi.
— Bo‘riyam bormi bu atrofda?
— Bor. Kelsa, eshaklar hangrab bildiradi.
— Nima qildik endi? Dam olamizmi? — dedi Safo aka.
Chori turib ketdi. Biz ham o‘rnimizdan turib, chetroqqa chikdik, chekishib, atrofni tomosha qilib tur-dik. Bu yerdan Boysun chiroqlari yulduzday miltillab ko‘rinardi.
— Huv ko‘rinayotgan chirokdar Boysunniki, Safo aka.
— Necha kilometr chiqadi oramiz?
— O’ttiz.
— O’ttiz kilometrni bosish uchun bir yarim kun yurdikmi-a?
-Ha.
— Samolyotda necha minut bosardik?
Biz shunga o‘xshash gaplardan gapirishib turdik. Ayol ko‘rpa-yostiq chiqarib, bizga teskari turib, o‘rin soldi.
— Sizniyam bezovta qildik, — dedi Safo aka ayolga, u ketarkan.
Ayol javob bermadi.
To‘shakdamiz. Ko‘rpaning ustidan gilam tashlangan. Kechasi bu yerlar sovuq bo‘ladi. Chalqancha, osmonga qarab yotibmiz. Osmon to‘la yulduz. Ko‘z qamashadi, jimir-jimir. Somon yo‘li yulduzlari boshimiz ustidan o‘tib, oyoq tomonimizdagi qop-qora tog‘ning orqasiga egilgan. Osmonning goh u yerida, goh bu yerida yulduz uchadi. Uchiga kichkinagina tosh bog‘lab otilgan bir qatim oq ipakday. U uchib borayotganida, go‘yo dumidan bir alanga tushadi-yu, to manziliga yetguncha uni yondirib kul qiladi.
Tom ustiga egilib turgan tog‘olchaning qip-qizil mevalari va yaproqlarida o‘t shu’lasi o‘ynay boshladi. Bostirma biqinida o‘t yonardi.
— Rosa charchabmiz. Bu kecha shu yerda tunamaganimizda bo‘lganimizcha bo‘larkanmiz.
-Ha.
— Lekin, xo‘jayinning kelmayotgani yaxshi emas.
— Kep qoladi. Pastda bir narsa pishirayotganga o‘xshaydi-ya.
— Xo‘p, uxladik.
— Uxladik.
Shu payt oyoq tomonimdan sharpa eshitdim. Chori ro‘molga tugilgan bir narsaning uchidan chimdib ushlab, oyoq uchida yurib kelardi. U Safo akaning yoniga o‘tdi-da, u kishiga bir nima dedi.
— Nima bu? — dedi Safo aka.
— Qum. Issiq qum, — dedi Chori. — Shamollaganni yaxshi qilarkan.
— Menga ber, bu yoqqa keltir, — dedim. Qumni olib, ko‘rpaning tagiga soldim va badanimdan xolisroq qo‘ydim.
— Shamolladingizmi? — so‘radi Safo aka.
— Ha, — dedim. — Biqinim sanchib qoldi.
— Yong‘oqzor zax ekan.
— Rahmat, Chorijon, — dedim.
— Sovusa, meni chaqiring, — dedi.
— Rahmat. Shuning o‘zi bilan yaxshi bo‘lib qolaman. Chori ketdi.
Tog‘ning o‘rkachi oqara boshladi. U yerda g‘o‘dayib turgan archalarning qorasi ko‘rindi. Sal o‘tmay, archaning orti sarg‘aydi va bir chekkasi uvalanib ketgan oy chiqib keldi. Uning yonida Zuhro yulduzi tevaragida bir qancha yulduzlari bilan yarqillab nur sochardi. Oy unga yaqinlashgani sari Zuhroning hamrohlari asta-sekin g‘oyib bo‘la boshladi. Nihoyat, o‘rkachda yashnab, oy bilan Zuhro qoldi. Bir ozdan so‘ng esa, tog‘ tarafdan nay chalganday cho‘ziq-cho‘ziq, yoqimli bir ovoz eshitila boshladi.
— Nima sayrayapti? — cho‘chib so‘radi Safo aka.
— Hilol, — dedim. — Juda kamyob qush.
Qalbim hayajonga to‘lib, butun vujudimga yoyildi va elitdi meni.
Ko‘zim endi ilingan ekan, kimdir ko‘rpa ustidan turtdi. Qarasam, Chori. Engashib turipti.
— Qumni bering, enam isitib beradilar, — dedi u.
— Kerak emas, tuzalib qoldim, — dedim. Bola qaytib ketdi va tag‘in keldi.
— Berar ekansiz.
— Men tuzalib qoldim. Rahmat de, enangga.
— Yo‘q, bering.
— Hali issiq, mana, o‘zing ko‘r.
Olib unga ko‘rsatdim. Qum haqiqatan ham iliqqi-na edi. Lekin, u na qo‘lini tegizdi, na qaytib ketdi.
Noiloj qumni uzatdim. Sal o‘tmay, olcha shoxlari-da yana nur o‘ynay boshladi. Safo akaga qaradim. U kishi bir tekis nafas olardi. Uxlab qolgan. Astagi-na o‘girilib, bolishni ko‘kragimga tortdim-da, cho‘zilib, bo‘g‘otdan pastga mo‘raladim.
Tosho‘choq yonida qizil ko‘ylakli boyagi ayol — chiroyli bir kelinchak o‘tirar, archa butog‘i bilan o‘chokdagi o‘tlarni kovlar edi. Qizg‘ish biqqi bilagidagi kumush bilaguzuk o‘tda tovlanyapti. U esnab, birdan seskanib tushdi va tog‘ tarafga qaradi. U kulcha yuzli, nihoyatda oq, qoshlari esa qora, dilbar juvon edi. Qoniga tojik qoni aralashgan tog‘li qizlargina shunday bo‘ladi. Aytishlaricha, bu yerdan yigirma kilometr ichkaridagi, ikki tog‘ oralig‘ida joylashgan Sangardak qishlog‘ini «Parilar makoni» deyisharkan qadimda. Shunday go‘zal bo‘larkan u yerning qizlari. Lekin, chet yigitlarga qiz berishmaydi. Xosiyatsiz bir ish bo‘larmish... Juvon yana o‘choqqa o‘girildi-da, kapgir bilan qozon ichidagi masallig‘ni kovlay boshladi. Qozonda qum qovurilardi. Shunda ko‘zim birdan uning xiyolgina ochilib qolgan yoqasiga tushdi-yu, tezgina boshimni tortdim. Yon-verimga ko‘z tashlab, ko‘rpaga burkanib oldim.
Chori shu kecha yana ikki marta qumni mendan olib ketdi. Uxlay olmadim. Bir yokdan badanim qumga tegsa jizillab kuydiradi, ikkinchi yokdan o‘y kemiradi.
Tong otay deganda qulog‘imga otning kishnashi eshitildi. Boshimni ko‘tarib qarasam, bostirma pastida miltig‘ining milini quyiga qaratib yelkasiga ilib olgan durkun bir yigit qora otdan tushyapti. O’tovga qaradim. Eshik og‘zida ayol, qo‘llarini ko‘kragiga alla-nechuk qovushtirib, yigitga qarab turipti. Ayol uyga qarab, bir nima dedi. Kalovlanib Chori chiqdi, yigitni ko‘rdi-yu, naryoqdagi tosh zinadan irg‘ishlab tushib, unga otildi. Yigit uni tortib, yelkasiga urib qo‘ydi va eshiklarni ko‘rsatib, bir nima dedi. Chori ham bir nima deb, biz tomonga ishora qildi. Yigit biz tomonga qaradi. Men ko‘zimni yumib, yuzimni bolishga bosdim. Ko‘zimni ochib qaraganimda yigit kichkina xurjunni bilagiga osib, qamchin bilan kirza etiklarining qo‘njiga urib-urib kelar, Chori otni yetaklab, eshaklar tarafga ketardi. Yigit zinadan yugurgilab chiqib, xotinga ro‘para bo‘ldi. Unga o‘tkir bir tikildi-da, xurjunni tutqazib uyga kirdi. Xotin ham uning izidan kirdi. Men hayajon ichida nimalar bo‘lishini kutdim. Lekin, men kutganimni emas, kutmaganimni eshitdim: yigitning dag‘al kulgisini va xotinning nozli ovozini. Bir payt yigit o‘tovdan chiqib, uy orqasiga o‘tib ketdi. Sal o‘tmay, semiz bir to‘kdining bo‘ynidan g‘ijimlab ushlab qaytib keldi. Biz to‘shakdan turganimizda qo‘y so‘yilib, o‘tovga kiritilgan edi. Safo aka uyg‘oniboq:
— Eri keldimi? — dedi.
— Keldi, — dedim men kulimsirab.
— Qalay? Janjal qilmadimi?
— Qaydam! Hali ko‘rasiz!
Chori kelib, bizga salom berdi. Kechagi qumg‘ondan qo‘limizga suv quyib turdi. Yuvindik. Endi artinib bo‘lgan edik, o‘tovdan jilmayib yigit chiqib keldi. U o‘ttiz yoshlarda edi.
— Kelinglar, mehmonlar, — dedi u. — Yaxshi uxlab turdinglarmi ?
— Rahmat. O’zingiz yaxshi keldingizmi? — so‘radi Safo aka.
— Endi bizning yurishimiz shu.
— Kechirasiz. Biz bemahalda keldik. Bezovta qildik oilangizni.
— E, bezovtasi bormi! — menga qaradi yigit. — Tuzalib qoldingizmi?
— Rahmat. Kelinoyim qum qizitib berdilar.
— Kecha yong‘oqzorda adashib yurgan sizlar emasmi?
— Biz, biz, — dedik hayron bo‘lib.
— Men ko‘rib edim, — dedi yigit. — Tog‘da edim. Chiroqlaringizni ko‘rdim. O’sha yerda qo‘nganlaringda yetib borardim. Keyin orqaga qaytdilaring. Bular Do‘g‘obaga ketdi deb o‘yladim.
— Bormadik. Bir odam yo‘lga solib yubordi. Bu yoqqa keldik. Lekin, bu kishining do‘sti o‘rtoq Axtamov ham hali ovulda ekanlar.
— Yaxshi qilibsizlar shu yerda qolib. U yoqqa jo‘nasalaring, yana adashardinglar.
— Kelinoyimiz yaxshi qabul qildilar. Rahmat.
— Lekin, kasal bo‘lganlaringiz qo‘l kelibdi, — dedi yigit. — Bo‘lmasam, qo‘ymas edi uyga. Xotin xalqi o‘zlaringga ma’lum-u. Qani, uyga kiraylik.
U bizni barcha rasm-rusumi bilan mehmon qildi. Jo‘nash oldidan men ularni suratga tushirdim. Lekin, eri har qancha zo‘rlasa ham, xotini yuzini ochmadi.
— Kerak emas, kerak emas, —dedi u.
Chori bo‘lsa, otasining qo‘lidan mahkam ushlab, ko‘zlarini lo‘q qilib qarab turdi. Suratni olib bo‘lgach, u dam otasiga, dam onasiga iljayib qo‘yib, oldimizga keldi-da, uyalinqirab turaverdi.
— Ha? — dedim.
— Bering endi, — dedi u.
— Nimani?
Qo‘limdagi fotoapparatga ishora qildi.
— Suratni.
Hammamiz kulib yubordik.
— Hozir tayyor emas. Uyga borganda ishlab yuboraman, — dedim, — O’qiysanmi?
Chori ikkita barmog‘ini ko‘rsatdi.
— Do‘g‘obaga otda qatnab o‘qiydi, — dedi yigit.
Xayrlashdik. Yigit bizni baland yaylovda bir to‘da oq o‘tovlar ko‘ringuncha piyoda kuzatib bordi. So‘ng:
— Axtamov shu yerda, — dedi. — Endi bu yog‘iga adashmaysizlar. Mening ishim bor. Kechqurun o‘tib boraman. Xayr.
Yigit burilib ketdi. Birpasda archali do‘ng orqasiga o‘tib, g‘oyib bo‘ldi. Biz bittadan chekishdik.
— Kecha meni kasal deganingiz uchun joy berganmidi? — so‘radi Safo aka.
— Ha, — dedim. So‘ng qiynalganim, uxlay olmaganimni aytdim.
Safarimiz tugab, Toshkentga qaytib kelgach, sayohatlarimizni eslab, bir necha bor gurung qildik.
Shukur Xolmirzayev. Olis yulduzlar ostida (hikoya)
1965