Tog‘dan qaytib kelayotgan edik. Men, yana uchta oshnam. Hammamiz eshakdamiz. Ola Chopon qishlog‘iga kirdik. Odamlari yangi yerlarga ko‘chib ketib, uylari huvillab qolgan. Tomlari buzilib, yog‘ochlari ham tashib ke-tilgan. Mol o‘tmaydigan balandlikdagi devorlari ham nuragan, bog‘ ichidagi olma va tog‘olchalar esa pishib yotibdi.
Soy yoqalab, devorlarning yonidan borayotgan edik. Oshnalarimning biri — sho‘x, shum, tiqmachoqday Habibulla:
— Picha olma olmaymizmi? — deb qoldi. Taklif boshqalarga ham ma’qul bo‘ldi. Eshaklardan tushdik.
— Xurjunlarni olinglar. Uyga ham eltamiz. — Bu taklif ham boshqalarga ma’qul bo‘ldi. Xurjunlarni olib, biri yelkasiga tashladi, biri bilagiga osdi. Men esam, eshagimning kalta yolidan ushlab, uyoq-buyoqqa qarab turaverdim. Nima bo‘lsa ham, bu ish — o‘g‘irlik-da...
— Ha? — dedi Habibulla.
— Men eshaklarga qarab turaman, — dedim.
— Eshaklarni bo‘ri yeydimi, yuraver.
— Borgim kelmayapti...
— Erinyapsanmi? — dedi Mo‘min.
— Yo‘q...
— Birovning narsasiga tegishni yomon ko‘radi bu kishi, — dedi kesatib Habibulla, so‘ng bir shumlikni o‘yladimi, tirjaydi: — Ko‘ramiz hali, ko‘ramiz...
— Ha, yomon ko‘raman, — dedim men. — Bormayman.
Habibulla boshliq bolalar tosh devordan oshib, qovjirab yotgan o‘t-o‘lan ichiga tushishdi. Keyin sakrab-sakrab olmazorga kirib ketishdi. Men, o‘tlar ichida ilon-pilon yo‘qmikin, deb ularning ortidan qarab turdim. Keyin eshagimning no‘xtasiga bog‘langan qilchilvirni oyog‘im ostiga bosib, toshga o‘tirdim. Soy o‘rtasidagi suvdan xoli yerda o‘sib, xarsanglar ustiga yoyilib yotgan yovvoyi uzumni, qishloq uylarini tomosha qildim.
Devor ortida o‘t shitirladi. O’rnimdan turdim. Oshnalarim xurjunlarining ko‘zini to‘ldirib, bittadan olmani tishlab iljayib kelishardi. Birin-ketin menga ko‘z qiri bilan qarab, devordan o‘tishdi.
Habibullaga qaraganda Mo‘min menga yaqinroq. Qo‘shni bo‘lmasak ham, birga yuramiz. Maktabda pryanik olsak, bo‘lib yeymiz. U xurjunini eshagiga ortarkan, bir pallasini ochdi.
— Ol, paxtaseb.
— Yemayman, bu o‘g‘irlik, — dedim.
Paxtaseb — olmaning bir turi. Kichkina, sarg‘ish bo‘ladi. Lekin, juda mazali, sersuv.
Jo‘nadik.
Yo‘l tor: bir tomon devor, bir tomon soy. Tizilishib ketyapmiz. Orqada men. Oldinda Habibulla. Shartlashib olishganmi, baravariga olma tishlashadi. Po‘chog‘ini bo‘lsa, oldinga cho‘zilib, eshaklarining og‘ziga solishadi...
Soy bizdan uzoqlashishi bilan, eshagimni niqtadim. Oldinga o‘tdim. Qarshimizda Jirg‘oti degan dovon bor. Balanddigi uch kilometrcha keladi. Eshakning yelkasini xalacho‘pning uchi bilan qitiqlab, haydayverdim. Kun qizib kelayotgandi. Mayli, bir oz yuray, keyin eshakdan tushaman. Archazor boshlanadi. Soyasidan ketaveraman.
Bir payt orqadan Habibulla:
— Buyoqdan boramiz, — dedi.
Qarasam, eshagini dovonning bitta ham tikkaygan daraxti yo‘q yalang tomoniga buryapti.
— Nima qilamiz buyoqdan yurib?
— Ovul bor, qatiq ichamiz.
Qatiq... Qatikdan kim yuz o‘giradi? Hademay kun qizib ketadi.
Indamay, eshakni iziga qaytardim. Ular yana oldinda, men orqada. Yana ular olma yeb, po‘chog‘ini eshaklarining og‘ziga tiqib borishyapti.
Dovonning yarmigacha bordik. Lekin, ovuldan darak bo‘lmadi. Chanqay boshladim... Kun qizib ketdi. Tevarakda suv degan narsa yo‘q...
— Ovul qani? — dedim Habibullaga xo‘mrayib qarab.
— Yo‘q, ko‘chib ketishibdi, — dedi u beparvo va qarsillatib yana bitta paxtaseb olmani tishladi. Rosti, og‘zimning suvi keldi.
Dovonning tepasiga yetishimizga besh yuz qadamcha qolganda holdan toydim... tanglay o‘lgur qurib, tilim og‘zimda aylanmay qoldi. Ular bo‘lsa, hamon pishillab, olma yeyishadi.
Eshakka o‘rnashib o‘tirgan kishi bo‘lib, Mo‘minga qaragandim, uning yuzidan menga achinganini payqab qoldim. Darhol ko‘zimni qisdim. Bir mayizni ikki bo‘lib yeydigan Mo‘min do‘stim fikrimni payqadi. Asta-sekin eshagi menga yaqinlashib keldi.
Mo‘min biqinimga turtdi. Unga qaramay, orqa cho‘ntagimni kovlayotgan kishiday, qo‘limni sekin uzatdim. Muzdakkina, silliqqina olma qo‘limga tegdi. Shartta changallab oldim-da, hech narsa bo‘lmaganday, eshakni haydayverdim. A’zoyi badanim bilan Habibullaning kulgisini, ta’nasini kutdim. Gaplariga quloq soldim. Yo‘q... Boshqa mavzuda... Sezmabdi... Iyagimni qashimoqchiday bo‘lib, olmani sekin og‘zimga eltdim... Kars... Shum bola kuzatib kelayotgan ekan:
— A-ha! — deb yuborsa bo‘ladimi.
Bolalar kulib yuborishdi. Tuf, deb tashladim og‘zimdagini. Qo‘limda qolgan qismini ham yerga urdim. Titilib ketdi. Eshagim tumshug‘ini cho‘zgan edi, uning ham bo‘yniga xalacho‘p bilan tushirdim.
— Qanday bo‘larkan? — dedi Habibulla.
— Yemayman, yemayman! — dedim.
— Ko‘rdik yemaganingizni.
— Yemadim!
— Ha-ha... O’g‘rilikni yeding-ku?
Ancha janjal bo‘ldi. Keyin bolalar ikkalamizni yarashtirishga tushib ketishdi: «Hazil», «kelishgan edik», deyishdi. Oxiri Habibning ham achchig‘i chiqib ketdi: «Nima, besh-o‘n kilo olma bilan hukumatning davlati kamayib qoldimi? Shu olma bilan biz o‘g‘ri bo‘lib qoldikmi? Odamlar yesin deb ekishgan-da! Qorovuli bo‘lsaki... Ah!»
Men quloq solmadim. Piyoda yurib, eshagimni haydab ketdim. Dovonga chiqib oldim. O’zimga endi juda alam qildi: «Chiqib oldim-ku? O’lmadim-ku? — deb o‘yladim. — Nega chidamadim? Nega hech kimdan so‘ramasdan olingan olmani og‘zimga soldim. Chidash mumkin ekan-ku? Demak, kishi to‘g‘ri yashay oladi...»
Shukur Xolmirzayev. Olma yemadim (hikoya)
1965