OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Ora yo‘l (hikoya)

Kishida shunday holat paydo bo‘ladi: atrofingdagi narsalar seni qanoatlantirmay qo‘yadi, baridan zerikkanday his qilasan o‘zingni; ishingdan ham, uyingdan ham, shahringdan ham, hattoki, seni uyingga eltadigan asfalt yo‘lingu sen qatnaydigan transport vositalaridan ham ko‘ngling sovib ketadi. Bunga arzimas bir narsa ham sabab bo‘lishi mumkin. Shunda birov ichadi, birov tomoshaga tushadi, birov ovga...
Men xuddi shunday holatga tushibg Termiz tomonga ketayotgan edim. Yo‘l Eski Termiz vayronlari yoqalab o‘tib, shaharga kiradi. Yangi Termizning hozir biz ko‘rib, yashab turgan yigirmanchi asr shaharlaridan farqi yo‘q... Shu vayronalar yonidan avtobusdan o‘gib ketayotib, ko‘nglim birdan to‘lishib ketdi. «To‘xtating!» dedim shofyorga. Shofyor hayron bo‘ldi, to‘xtadi. Men pastga tushdim. Albatta, u menga biror shubha bilan qaragan bo‘lishi mumkin, negaki, yo‘lning bir tomoni cheksiz qum barxanlari bo‘lib, bir tomoni vayronazor, uning chetidan Amu o‘tadi. Amuning nari beti Afg‘oniston, xorijiy yurt... Yo‘ldan chiqib, bukchayib o‘sgan jiyda ostiga bordim, chekib bir oz o‘tirdim. Qarshimdagi ulkan choldevorlarga, azamat paxsalarga qarab turarkanman, bu makonning tarixi haqida o‘qiganlarim, yuragimga o‘rnashib, uning bir bo‘lagi bo‘lib qolgan moziy manzaralari meni o‘rab-chirmab olgan edi. Beixtiyor o‘rnimdan turib, o‘sha vayronalar sari yo‘l oldim. Nazarimda, men o‘sha yoqqa borib, orqaga qaytmaydiganga o‘xshar edim. Ketyapman, choldevorlargacha bir necha gektar yalang maydon yastanib yotibdi, bu yerda yavshan va yantoqlar o‘sadi, ular ham yozning jaziramasida qovjirab bitgan. Lekin ular tagida yerdan uch-uchlari chiqib turgan, men uchun qadrli narsalar bor: sopol siniqlari, g‘isht parchalari. Bular qadim koshonalar, idishlar qoldig‘i. Tarixdan bilishimcha, bu shahardagi gurkiragan hayot mo‘g‘ul bosqinidan keyin so‘ngan. Bir tarixchi do‘stimning ta’rificha, ehtimolki mana shu sopol siniqlari, g‘isht parchalarida o‘sha, non pishirishni bilmayoq odam o‘ldirishni o‘rgangan mo‘g‘ul otliqlarining tamg‘alari bordir? Maydon metindek isib ketgan ekan, choldevorlarga yetguncha chanqadim. Lekin iloj qancha? Devorlarning ustini, ular orasini ham ko‘chma qumlar bosib ketgan. Yurish og‘ir. Chet-chetdan, sakrab-sakrab, goh tizzadan qum kechib, goh devorlar usti bilan ketaverdim. Bu yerlar ham issiq, atrofimda qanoti sarg‘ish afg‘on chumchuqlari ko‘p, devorlar kovagini in qilgan. Hansirab-halloslab, bu mash’um makondan ham chiqib oldim. Yana yalanglik boshlandi. Shu yerda to‘xtab, bu yoqqa nima uchun kelganimni esladim, sababiga tushunolmay turgan edim, olisda — daryo bo‘yida ko‘tarilib turgan qoramtir tepaga ko‘zim tushdi. Hovliqib ketdim: axir bu tepaning ostida ikki ming yil burun qurilgan butparastlarning ibodatxonasi bor! Bu ibodatxona naq Qo‘shonlar hukmronligi davrida qurilgan, chunki o‘sha vaqtda budda dini bu o‘lka uchun ham davlat dini, deb e’lon qilingan. Uch-to‘rt yuz yil davomida budad bu yerda hokim din sanalgan. Bu orada Termizning o‘zidan butparastlikni targ‘ib qiluvchi kohinlar yetishib chiqqan, o‘shalar yordamida bu din Xitoyga, undan Yaponiyaga o‘tgan. Imperiya inqirozga yuz tutgandan keyin, buddaning ham puturi ketib, o‘rnini yerlik xalqlar dini zardushtiylikka yana bo‘shatib bergan. «Qora tepa, Qora tepa!» deya ildamlay ketdim. Bunday vaqtda ko‘zga yo‘l ko‘rinadimi! Birpasda tepaning ostiga yetdim, unga zavq-shavq bilan tikildim. Men dinparast emasman, lekin inson zakovati yaratgan hamma narsani hurmat qilaman. Budparastlik esa Qo‘shonlar davrida davlat dini deb e’lon qilingach, u hind san’ati-madaniyatining ham O’rta Osiyoga tarqalishida ijobiy rol o‘ynagan. Asta-sekin tepaga ko‘tarilar ekanman, ko‘z oldimda ibodatxonaning qadimgi ko‘rinishi namoyon bo‘la bordi. Hindistondagi ko‘plab ibodatxona g‘orlarda qurilgan, bu ibodatxona ham o‘shalarga takdidan bino qilingan, lekin ibodatxonaning qurilishidan tortib, rasm-rusumlar, undagi haykallargacha yerlik xalq an’analariga bo‘ysundirilgan albatta! Tepaga chiqqan yerimda arxeologlar qazigan ariqqa duch keldim, chetdagi qum bosgan marmar takkursiga ko‘zim tushdi. «Tak-kursi!» Shubhasiz bu takkursining ustida azamat kolonnalar — ustunlar ham turgan, u ustunlar albatta Rim, Iskandariya, Afina shaharlaridagi mashhur ustunlarga o‘xshagan. Chunki Qo‘shonlardan ilgari bu yurtni zabt etgan greklar san’ati ta’siri ham qolgan-da!.. Shu ustunlar oralab-oralab greklarnikidan farq qiluvchan kuloh va ularning yopinchig‘iga o‘xshash kiyim kiygan kishilar yurgan. Ularning bir xili eron tilida, bir xili esa sanskrit tilida gaplashgan. Ko‘pchiligi qo‘shon tilida so‘zlashgan. Qo‘shon tili! Tillar ham o‘zgarar ekan, hozirgi zamonning manman degan olimlari ham u tilda bitilgan va xuddi shu ibodatxonadan topilgan xatlarni to‘liq o‘qib chiqa olgani yo‘q, ularning alfaviti ham g‘alati bo‘lgan. Men ariq yoqalab, ibodatxonaga olib tushadigan g‘or og‘ziga yetdim. Shunda bir oz seskandim, chunki ichkari zax, u yerda issiqdan qochgan ilon-chayonlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Lekin men shu tobda dunyo topgan telbadek hayajonda edim. Bilinar-bilinmas ko‘rinib turgan zinaga oyoq bosishim bilan pastga tushib ketdim, zinalarni ham ko‘chma qum bosgan ekan. Serrayib turib qoldim. Bir ozdan keyin uzun g‘or ichi yorisha boshladi. Yon-verimga qarab, kohinlar sham o‘rnatib qo‘yadigan tokchalarni ko‘rdim. Ikki qadam bosib, yana to‘xtadim. Mendagi seskanish qo‘rquvga aylana boshlagan edi. Shunda g‘orning to‘riga tikilib, uning naryog‘dagi teshigidan tushayotgan nurni ko‘rdim, hiyla yengil tortdim. Endi shoshmay, ehtiyotkorlik bilan hamda bemalol mulohaza qilib, olg‘a jilishim mumkin edi. Jildim. Darvoqe, buddaning haykalidan qolgan o‘ng qo‘lini professor Masson mana shu yerdan topmaganmi? Ibodatxonaning o‘rtasidan topildi, deyildi-ku? Nega qo‘lini! Gavdaning boshqa qis-mi qaerda? Bu ibodatxonadagi hayot VII asrlarda so‘nib, arablar bosqinidan keyin bu yer tamom ko‘mib tashlangan. Shunda bir necha musulmoni komil kirib, haykalni sindirib tashlagan-da. Nima ham bo‘lib, qo‘li qolgan budda... Nazarimda, hozir oppoq, Rimdan keltirilgan qorishmaga ganch aralashtirib yasalgan budda ro‘paramda bir qo‘lini oldinga cho‘zib turgandek tuyuldi. Xayolan unga tikildim: ha, budla, lekin Hindiston butlaridan farq qiladi, buning chehrasida insoniy ifoda bor, bu insonga yaqin budda! Buni shu yerlik, shu yurtlik ustalar yasagan va unga insoniy qiyofa berishga aqllari yetgan. Men xuddi buddaga tegib ketishdan qo‘rqqandek, chetdan o‘tdim. Muyulishga yetganda, devorlarning hamon qizg‘ish ekaniga e’tibor qildim. Ana, anavi yer chizilgan, o‘chirilgan. U kimning surati bo‘ldi ekan? Boshida temir qalpoq, qulog‘ida sirg‘a? Anavi kiyiklar. Bu qanday yozuvlar ekan? Ha-a, bunisi qo‘shon yozuvi bo‘lsa kerak, harflari kitoblarda ko‘rganimdek: bir-biriga ulanib ketgan «o»larga o‘xshaydi. Anavi yozuv sanskrit bo‘lsa kerak. Unisi arab yozuvi. O’tkinchilar qoldirgan bu yozuvlarni shubhasiz. G’orning bu teshigidan tepaga chiqib oldim. G’alati holda edim, shod bo‘lib shod emas, g‘amgin bo‘lib g‘amgin emas... Chamasi, men asrlar davomida taraqqiy qilgan antik san’atimni oqibatda badaviy lashkarlar toptab, yo‘q darajaga keltirganini o‘ylab, g‘ijinar edim. Lekin ayni chokda san’atparast xalqim keyinchalik fotihlarning tazyiqiga ham qaramay o‘zi yaratgan koshonalari, tilsiz-zabonsiz geometrik chiziqlar, bo‘yoqlar o‘yinida o‘z qalbini izhor etib qoldirgani ko‘nglimga tasalli berardi. Axir Buxoro, Samarqand, Xiva minoralari, ular bezaklarida inson obrazi yo‘q deb kim ayta oladi?! Tepaning o‘rkachiga chiqib o‘tirdim. Kashandalik xumori: chekdim. Amuning nari sohillariga boqdim. Ko‘zada suv olib ketayotgan afg‘on ayollarini ko‘rdim, qumloq sohildagi shahar chegarasiga tikilib, o‘sha yurtdagi Hirotni, Navoiy qabrini esladim. U yurtda qolib ketgan millionlab o‘zbeklarning hozirgi hayoti haqida o‘yladim. Keyin u yoqqa teskari qarab o‘tirib oldim: men qarshimdagi mana shu shahar qabristonini, ming yillarning izi qolgan go‘shani ko‘rmoqchi bo‘lib keldim-ku? Garangsib o‘tirarkanman, quyoshning botayotganiga ham parvo qilmasdim: qotib o‘tirgim kelardi. Nimaga? O’tmish uchun motam tutganimi? Yo... bugun ertalab xafa bo‘lganimdanmi? Bilmayman. Shunda birdan oftob botib ketdi-yu, meni hayratga solib, qorong‘ilik cho‘kdi, birdan osmonda yulduzlar charaqlab ko‘rindi. Ha, bu yurtda shunday: quyosh botdimi, qorong‘ilik tushadi.
Ketish kerak edi. Turdim. Pastga tushdim. Ketyapman. Lekin bir necha qadam bosgach, nazarimda bu yerni butunlay tashlab ketayotgandek bo‘ldim. Dastlab jahlim chiqdi, «yana qaytib kelaman!» dedim. Lekin shu payt tizzamgacha qumga botib, orqa tarafimdan shamol esayotganini payqadim. Sergaklanib ketdim: Afg‘on shamoli?! Bunaqangi shamol O’zbekistonning hech bir yerida bo‘lmaydi hisob, hatto Qo‘qonda ham. Bu shamol turganda, goh bir-ikki kunlab, goho soatlab davom etadi. Termiz osmonini qizil qum buluti bosadi. Odamlar uylari derazalarini bekitib olishadi, shunda ham u tiriqishlardan kirib, tishlar orasida g‘ijirlaydi; kuppa-kunduz kuni mashinalar chiroqlarini yoqib, zo‘rg‘a yuradi. Qum ko‘chadi, shafqat bilmaydigan ko‘chish boshlanadi. Besh-o‘n qadam bosib, yana to‘xtadim. Yo‘q, o‘tkinchi shabada ekan, o‘tib ketdi. Lekin uning dahshati ko‘nglimda qoldi. Vayronalarga yaqinlashib bordim. Boyqush ko‘p ekan. Boyqush ham qush-da deyman. O’zimni ovutaman. Bo‘lmadi. Shunda choldevorlar ichi tun hasharotlarining turli-tuman ovozlariga to‘lib ketdi-yu, tizzalarim titrayotganini sezdim...
Bir necha daqiqadan keyin men qochib borardim. Meni, tevarakni qurshagan tun vahmi, o‘lik shaharning vahimasi, uni makon qilgan boyqushu hasharotlar, ilonlar-chayonlar orqamdan ta’qib etar... o‘tmishim, har satrini kitoblardan ko‘zimni to‘rt qilib o‘qigan iftixorbaxsh o‘tmishim meni ta’qib etar, meni vafosizlikda ayblayotgandek bo‘lib, orqaga tortayotganga o‘xshar edi. Lekin men qochib borar edim. Qaerga qochayotganimni yo‘lga chiqib, o‘tkinchi taksiga o‘tirganimdan keyin sezdim; nimagadir charm o‘rindiqqa yastanib, uning yumshoq suyanchiqlarini siladim, nima uchundir nuqul shofyorni galga tutdim: qaerdan kelyapsiz, nima yumush bilan borgan edingiz? Shoymardon Qudratov bu yil ming tonna paxta terarmish, rostmi shu gap? Paxta qalay? Shofyor bo‘lsa menga shubhalanib qarar, buni sezib, kulardim. Ko‘zim esa oldinga, derazadan ko‘rinayotgan Yangi Termiz chiroqlariga tikilgan, ularni sanayapmanmi? Xayolimda bir orzu — tezroq uyimga yetish, oilamni ko‘rish, kresloga yonboshlab, televizor tomosha qilish...
Shundan keyin men bu holatim haqida ko‘p o‘yladim va bir narsani kashf etdim. O’tmish... Men o‘tmishga qaytolmayman, lekin undan butkul uzilib ham ketolmayman. Chunki men bugungi kunning odamiman.

1972

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.