Bug‘doypoyada sariq tikanlar mo‘l, ular ochilib turgan allaqanday gullarga o‘xshaydi. Zarg‘aldoqlar «chulu-lu» deb tikan shoxlariga bemalol qo‘nadi, sovuqda junjikkandek hurpayib oladi. Ehtimol, tikanlar ostida inlari bordir, movut parchasi, xas-cho‘pdan yasalgan. Hozir kuz boshlanib qolgan...
Kun choshgoh. Adir ustida quyosh gardishi oqarinqirab nur sochyapti. Bug‘doypoya yoqalab o‘tgan tuproq yo‘lda oq yolini yelpitib, bo‘z ot yo‘rg‘alab kelyapti. Egar-dagi barvasta yigit qizargan ko‘zlarini horg‘inlik bilan ochib, uyoq-buyoqqa qaraydi. Egnida oq, kalta po‘stin. Boshida shapka, uzangiga tiralgan oyoqlarida kirza etik. O’ng qo‘lidagi qamchi egar yonida osilib turibdi. Chap qo‘li bilan yuganni siltab-siltab qo‘yadi. U yonbag‘irdan ko‘tarilib, g‘uj bo‘lib o‘sgan tikanlar orasida allanechuk g‘ujanak bo‘lib o‘tirgan kishini ko‘rdi. Kishi ham otliqni ko‘rdi-yu, irg‘ib turdi. Afti dard va alamdan tirishdi. Shitob bilan yurib, yo‘lga chikdi. Yigit ham yuganni tortib, unga behol qarab turdi. U kelib, yugan tasmasidan ushladi:
— Qalay? — dedi.
— Nima «qalay?» — to‘ng‘illadi yigit.
— Meni qiynama, uka!
— Bo‘pti. Bo‘lar ish bo‘ldi.
Tikanzordan chiqqan kishi ko‘zi yer chizib, ot o‘mrovidagi xasni chimdib tashladi:
— Meni afv et, uka.
— Qo‘ying, men bir oz dam olay. Birontasi so‘rasa, Qorabog‘dagi hovuz bo‘yida, deng.
Suhbatdosh shoshdi:
— Yuring bo‘lmasam. U yerda qarindoshim bor, to‘shak opchiqib beraman. Ovqat qilamiz!.. Ketdik!
— Tomokdan ovqat o‘tadimi!
Haligi kishi boshini xam qildi:
— Xo‘sh... — otliq yuganni silkitdi, qamchi ushlab turgan qo‘li og‘ir tebrandi. Ot yo‘rtib ketdi.
* * *
Quyosh botib, atrofga qorong‘ilik cho‘kkan, bug‘doypoya ortidagi chayla yog‘ochiga ilib qo‘yilgan «Spidola» baqirib ashula aytar, boyagi tikan orasidan chiqqan kishi chayla poyasiga suyanib o‘tirib, pichoq bilan yog‘och yo‘nar edi. Bu odam o‘tgan haftagacha bo‘limning agronomi bo‘lib, takabburligi va manmanligi tufayli ishdan olingan, bunga uning savodsizligi ham sabab bo‘lgan edi. U qattiq xafa bo‘lib: «Amalni ko‘rdim, endi qorovulchilikni berasan!» deb turib oldi, direktor ham uning aftiga bir nafas xo‘mrayib tikilib turgach: «Bo‘pti bo‘lmasa!» — dedi.
Etakdagi so‘qmokda haligi otliq ko‘rindi. Bu yigit o‘tgan yil institutni bitirgan agronom bo‘lib, bog‘dorchilik brigadasiga boshchilik qilardi. Eski agronom tushgach, kattalar uning o‘rniga shu yigitni ko‘tarib qo‘ya qolishdi.
— Salom, Amirqul aka, hormang!
— O’zingiz hormang, biz horishdan keyin tug‘ilgan yigit! — deb uni qarshi oldi dala qorovuli.
— Yo‘q, horigan ko‘rinasiz, — dedi yosh agronom. — Etakdan bir xabar oling, shudgor qilib ketibdi yana jayralaringiz!
— Balki, men shudgor qilgandirman, Mirhaydarjon, — semiz, go‘shtdor yuzini silab agronomga tikildi Amirqul aka.
— Yo‘q, siz shudgor qilmaysiz. Siz to‘qsiz-ku, — to‘ng‘iladi Mirhaydar.
Amirqul aka pichog‘ini sholchaga sanchib, irg‘ib turdi:
— Men to‘q?! — dedi va o‘ylanib, kulib yubordi. — Ha, men to‘qman! Yiqqanim yetti pushtimga yetadi. Qo‘sha sigir ham bor, bo‘rdoqiyam bor, matasekl ham bor. Senda... shu amaldan bo‘lak narsa yo‘q, agar undan tushsang, tishingni so‘rib qolasan!
— Bachkanalik qilmang! — dedi Mirhaydar. — Nima bo‘ldi o‘zi? Yo qorovullikniyam eplolmaysizmi? Ayting unda. Nimaga baqrayasiz? Topshirilgan ishni qiling-da! Miltiq qani?
— Menga miltiqning keragi yo‘q.
— Gap munday: men sizni ogohlantiraman, Amirqul aka, men bilan o‘chakishmang. Yaxshi bo‘lmaydi. Mendan alam olaman deb, sovxozga zarar yetkazasiz.
Amirqul aka miyig‘ida jilmayib, bosh chayqadi:
— Sovxozning manfaatini ko‘zlaydigan odam!..
— Ha, men shunday odamman, — dedi Mirhaydar. — Siz ham shunday bo‘lasiz. Agar shunday bo‘lmasangiz...
— O’! Shu qorovullikniyam ko‘p ko‘ryapsizlarmi hali? Hoy, bola! Mening qitiq parimga tegaverma, bildingmi? Men o‘sha raykomingniyam, direktoringniyam bir chaqaga olmayman! Eshityapsanmi?! Bir chaqaga! Men hammasini ko‘rdim! Bir boshim, ikki qulog‘im bor! Xotin, bola-chaqa — nima u!
— Siz yaqinda odamgarchilikdan ham chiqasiz.
— Xo‘p, uka, — kulimsiradi Amirqul aka. — Sen jo‘jadan shu gaplarni eshitdim-a. Ha, mayli! Xor bo‘ldikda, a? Yo‘-o‘q. Chuchvarani xom sanama, chirog‘im! Bilasanmi, dunyo keng! Bu yer to‘g‘ri kelmasa, boshqa yer bor. Sovet hukumatining yeri ko‘p!
Mirhaydar otini etakdagi bog‘da qoldirib, shom qorong‘isida qo‘lida ikki miltiq bilan xurjunni ko‘tarib keldi. Miltiklardan birini qorovulning oldiga tashlab, ikkinchisini o‘zi o‘kday boshladi.
— Bu kecha men ham siz bilan qorovullik qilaman.
— O’, o‘zlariyam kattalarga yoqmay qoldilarmi, deyman. Tayyorgalikmi bu?.. Bu kecha jayra ovlarkansiz-a?!
— Ha, jayra ovlaymiz. Qani, nimangiz bor yegulik? Menda mana bular bor... Siz ichasiz-a?
— Ichamiz ham!
— Yo‘q, bu kecha ichmaymiz.
— Adashib bir-birimizni otib qo‘yishimiz mumkin deysiz-da?
— Shunday... O’zlari otishni biladilarmi?
— Otishnimi? Kerak bo‘lsa bilamiz!
— Men sizning ovga chiqqaningizni hech ko‘rmaganman.
— Uka, ovga chiqib nima qilaman, nima yetmayapti menga? Hamma narsa bor. Aytmoqchi, sen mening uyimga hech bormagansan-a?
— Boramiz bir kun. Nimaga eplolmayapsiz miltiqni? Unaqa emas. Menga bering, bering! Bilmas ekansiz... Uzating, nimaga anqayapsiz?
— Marhamat!
— Otdan tushsangiz ham egardan tushmaysiz-a?
— A? Yana bir qaytar shu gapni.
— Bilmaysizu o‘zingizni biladigan kishi qilib ko‘rsatasiz, Amirqul aka. Bo‘yningizga oling... Agronomiyani ham yaxshi bilmaysiz, savodingiz yo‘q hisobi. Hozir agronom bo‘lish qiyin. Shunaqa... Sovxozni, rayonni ko‘tarish kerak. Siz buni o‘ylamaysiz ham. Sizda tashabbus ham yo‘q, jon kuydirish ham. O’zingizni o‘ylaysiz, bir sigirim ikki bo‘lsin deysiz, yangi uchastka solay deysiz. Utgan yili o‘n gektar yerdagi kartoshkani o‘t bosib ketdi. Vaqtida uni o‘tdan tozalash kerak edi. Siz buni o‘ylamadingiz. Buning ikkinchi sababi shundaki, kartoshka bizda endi ekilyapti, uning agrotexnikasini bilmaysiz. Qo‘lingizga ikkita kartoshka bersam, biridan-birini farqlab berolmaysiz, bo‘yningizga oling, Amirqul aka.
— Gapiraver, lekin men sening akang emas... Ik-kita ukam bor edi, ikkalasiniyam topshirganman. Boshqa ukaning keragi yo‘q!
— Yoshingizni hurmat qilaman-da.
— Xo‘sh, yana qanday kamchiliklarimiz bor ekan?
— Bilmaysizmi?.. O’n olti gektar bog‘dan qancha olma olindi? Esingizda yo‘qmi? Nima uchun?.. Chunki siz olmaning ham agrotexnikasini bilmaysiz. Obrezka nima, tushunmaysiz! Eskichasiga qo‘yib qo‘ygansiz. Qiziq, siz nimangizga uchib, munday kattalik qilasiz-a? Ayting! Yo bir siringiz bormi?.. Yoki odam badavlat bo‘lib ketgandan keyin, katta-kichiknig farqiga bormay qolarkanmi? Hayronman. Rayondagi kattalardan oshna-og‘ayningiz yo‘qki, shunga suyanadi, desam, oblastdayam yo‘q, qiziq!
Amirqul aka chayla ustuniga suyanganicha bo‘shashib, mung‘ayib qoldi. Qorong‘i tushib qolgan, etak tomondagi kartoshka ekilgan maydon to jar labigacha reza-reza bo‘lib ko‘rinadi. Atrof hasharotlarning nag‘malariga to‘la boshlagan. O’sha, etakdagi jar tagidanmi baqalar qurillaydi. Uning ortidagi adir havoiy — qora tusda ko‘rinadi. Osmon oqish. Uning adog‘idan qoramtir tog‘ tizmalari ko‘zga yaqqol ko‘rinadi, Mirhaydarning oti bog‘langan Qorabog‘dan tun qushining «hut-hut—hut-hut!» degan sayrashi keladi. Shu bog‘nig orqa tarafidan magnitafon ovozi eshitildi.
— U, uka, sen qaysi urug‘dansan? — so‘rab qoldi qorovul.
— Bilmayman, — dedi Mirhaydar. — Enam tojik, otam to‘g‘izlardan bo‘lsa kerak.
— To‘g‘izlardan? Ular juda mard keladi!
— Bilaman. Nima, men nomardmanmi?
— Faqat hamiyatni bilmaysan. Yo‘q, enang tojik emas. Chin tojik ko‘ngli bo‘sh bo‘ladi. To‘g‘ri, lo‘lilarga xudo bas kelmasa, bandasi bas kelmaydi.
— Siz ham hamiyatni bilmaysiz, Amirqul aka!
— Hm...
— Siz... xo‘jayinlik qilishni juda yoqtirasiz-a?
— Nimaga endi... bo‘yin egishim kerak? Nimaga? Katta bo‘lsa o‘ziga! Menga nima!
— Siz «yuz»lardan bo‘lsangiz kerak? Amirqul aka kuldi:
— Men ham aniq bilmayman.
— Hammasidan ham miltiq otishni bilmasligingiz yomon ekan.
— Miltiq otishni... Buni sen qaerdan bilasan?
— Ushlaganingizdan. Eplolmadingiz. Muniyam bo‘yningizga olmaysiz.
— Uka, odamning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q!
— Miltiq bilan muomala qilish sizning qo‘lingizdan kelishi shart, zarur! Axir, siz — qorovulsiz!
— Qorovul...
— Ha, o‘zingiz buni so‘rab olgansiz.
Chayla yaqinidagi yero‘chokda o‘t ham so‘ndi. Choydishdagi choy ham sovidi. Timqorong‘i qishloq biqinidan oy ko‘tarila boshladi. U qizg‘ish qontalash edi. Hasharotlar qo‘shig‘i avjga mindi. Tun qushi ohista uchib o‘tdi, uning qizg‘ish ko‘zlari ko‘rinadi. Qorabog‘da ot kishnadi. So‘ng, qishloqning u yer-bu yeridan itlarning huriyotgani, eshakning hangrayotgani eshitildi. Dakangxo‘roz qichqirib yubordi. Qaerdadir mast kishi ashula aytardi.
— Jayrani ko‘rganmisiz, Amirqul aka?
— O’zing ko‘rganmisan?
— Men ko‘p otganman. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak-a? -Ha.
— Yo sixini ko‘rganmisiz?
— Ko‘p valdirayverma! Ko‘rganman... Ko‘rmagan bo‘lsam nima qipti!
— Yomon bo‘ladi, Amirqul aka. Jayraning bir odati bor, ustiga borib qolsangiz, butingizga kirib oladi. Soningizni ilma-teshik qilib tashlaydi.
— Bilmadim... — Amirqul aka qornini do‘ppaytirib, chalqancha yotar edi, qo‘llariga tirab yotgan boshini ko‘tarib kuldi. — Sen shu kecha... jayraning ustiga bir bostirib bormaysanmi? Ko‘rar edim, keyin ishonardim.
Mirhaydar kulib qo‘ydi.
Cho‘qqilari ochilib, oqara boshlagan tog‘dan sovuq shabada esa boshladi. O’choqdagi kul changidi, chaylaning tomiga osilgan tol po‘stlog‘i shitirlab tebrana bosh-ladi.
— Amirqul aka, uxladingizmi? Hoy, Amirqul aka!
— Uf...
— Ko‘rdingizmi, sizda mas’uliyat kam. Bo‘yningizga olmaysiz. Men qorovullik qilyapman-a, sizning o‘rningizga! Mas’uliyat yo‘q sizda. Turib o‘tiring, Amirqul aka... Besh sotixcha urug‘likni yeb ketibdi. Urug‘likni! Buning o‘rnidan o‘t o‘sib chiqadi endi, tonna-tonna kartoshka yo‘q... Ertaga ovchilar soyuzidan qopqon opkelish kerak! Siz opkelishingiz kerak. Eshityapsizmi? Yonboshlamang, yana uxlab qolasiz. Bir soatcha vaqt qoldi. Tongga yaqin chiqadi u.
— Qo‘ymading-da, — Amirqul aka turib o‘girdi. — Sendan yaxshi qorovul chiqar ekan. Agronomlikni tashlab, o‘rnimga bo‘lsang-chi?
— Mendan yaxshi agronom ham chiqadi, Amirqul aka. Lekin sizdan yaxshi qorovul chiqmas ekan. O’tgan hafta ogohlantirgan edim-a!
— Uf-f... Odamlar nimaga uylanar ekan? Padariga la’nat! Boshingni olib tog‘-toshlarga chiqib ketsang!
— Tog‘-toshga chiqib ketsangiz, yasholmaysiz. O’rmonda kattalik ketmaydi, hayvonlarni ham do‘q bilan qo‘rqitolmaysiz. Sizga cho‘l tuzukroqmikin, deyman.
— Bo‘ldi.
— Nima?
— Bo‘ldi, deyapman. O’zi, jonimdan to‘yib o‘tiribman. Shu... bir korihol bo‘ladi.
— Hech narsa bo‘lmaydi.
— Eh! Ajab bir zamonlar o‘tib ketgan-da!
— Yomon ko‘rganingni shartta otibmi, o‘ldiribmi ketilaveradigan zamonlarni aytyapsiz-da?
— Ha! Eshitdingmi? Ha!.. Dunyoni suv bossa, to‘pi-g‘imga chiqmaydi, bilasanmi shuni?
— Sekin, bir narsa shitirlayapti!
— Qani?
— Jim.
— E, shamol! Manavi po‘stloq, uying kuygur!
— E-e... Amirqul aka, bir kechayam poylamadingiz-a, hech bo‘lmasa!
— E, menga qolsa... Uka, senga bir gap aytaymi, quloq sol. Bu, davlatning xazinasi kamaymas ekan. Ha, keyin bilib olasan. Hozir o‘zingni mehnatkash qilib ko‘rsatyapsan. Davlat... sovxoz manfaatini ko‘zlayman, deyapsan. Bekor gap! Vaqtinchalik gaplar bu. Ko‘rganmiz, kechirganmiz... Yaqinda uylanding, hali osh-non deydigan bolang yo‘q! Xotining ham sodda, o‘zingga o‘xshab. Hadi uyam qiliq chiqaradi. Topib keling, deydi. Eshiyapsanmi? Shunday. Xotin zotining men degani ham lattaparast bo‘ladi. inim!.. Keyin-keyin o‘zing ham nima uchun ishlayotganingni o‘ylab qolasan. Ana shunda esing kiradi. Ko‘ramiz hali!
— Ko‘ramiz, Amirqul aka.
— Sening qorovullikka chiqib, uyqudan qolib, miltiq ushlab o‘tirishing ham bir soddalik. Agronomga yarashmaydi bu!
— Bo‘ldi. Mana, soat ham to‘rt bo‘pti!.. Amirqul aka, joningizni koyitmay o‘rganib qolgansiz-da. Shuning uchun qip-qizarib semirgansiz! Yurakni yog‘ bosgan, hozir boshingizni qo‘ying, uxlab qolasiz... Amirqul aka!
— Nima?
— Jim... Siz anavi arikdan o‘rmalab borib, hov na’matak bor-ku, shuning ostiga kirib yotasiz... To‘xtang! Miltiq otishni bilmaysiz-ku!
— Xo‘p, ana bilmaymiz!
— Xayriyat, bo‘yningizga oldingiz. Lekin o‘sha siz aytgan zamon bo‘lganda, manglayingizdan shartta otib tashlar ekanman.
— Sen-a?
— Ha, men.
— Uka, kel, bir otishaylik bo‘lmasa! Shu o‘tar dunyoda bir ish ko‘rsatib qolaylik. Meniyam umrim o‘tdi, yoshim ellikka yetdi. Endi bu yog‘ida nima karomat ko‘rsatar edim. Sen ham yoshsan, hozir dunyo ko‘zingga yaxshi ko‘rinadi. Lekin bu dunyo — ko‘p bema’ni dunyo, xo‘p de. Hali ko‘zi ochilmagan mushukvachchasan, otishaylik, a? Ke, o‘lsak armonda ketmaymiz. Nima deding? Meniyam yuragim sovur edi! Rost gap, men seni yomon ko‘raman, yomon ko‘raman! Sen keldingu mening tagimga suv ketdi, eshityapsanmi, uka! Sen yo‘q bo‘lganingda, men yana besh-o‘n yil kerrayib yurardim. Ke uka, bir duelga chiqaylik. Duel deydimi shu otishmani?
— Siz aynabsiz, Amirqul aka! Agar otishma haqida gaplashsak, bilib qo‘ying, siz anavi soyning nari betida tursangiz ham shu qorong‘ida uchirib tashlayman. Men ellik metr narida tursam siz o‘qni tekkizolmaysiz. Bilasizmi shuni?! Men ovchiman... Siz miltiq ushlashni bilmaysiz. Shuning uchun bu bema’ni gapni qo‘yaylik. Keyin dunyodan juda sovigan odam emassiz! Siz yashashni yaxshi ko‘rasiz. Meni aytmaysizmi! E-e! Mening hali niyatlarim ko‘p, aka... U yokda xotinim homilador. Bu yoqda menga ishonib, agronomlikni berib qo‘yishdi. Hosilning boru yo‘g‘iga javobgar odamman. Shu ham borki, kurash tushsangiz, mushtlashsangiz ham men sizni yengib qo‘yaman. Buniyam bo‘yningizga oling. Tojiklarda bir gap bor: zo‘ri behuda miyon meshikand. Bilasizmi, behuda kuchanishdan foyda yo‘q.
— Shunday de?
— Shunday. Yaxshisi, men sizga miltiq otishni o‘rgatay... Tag‘in adashib meni otib qo‘ymang.
— Qani, qani, bir o‘rgatib qo‘y-chi!
— Mana, stvolni ochdim. Mana, o‘q joyladim, bu patronda tulki otadigan o‘q bor. Jayrani o‘ldiradi... Shoshmang... Nafasni ichga yutib yotavering, yaqiningizga kelib qolgandan keyin otasiz. Shundayam sizni sezadi, isingizni oladi-da.
— Mirhaydar uka, agar o‘q adashib senga tegib qolsa-chi?
— Menga tegib qolsa... Men jayramanmi...
— Misol uchun-da.
— Unda meni atay otgan bo‘lasiz... O’lmay qolishim ham mumkin, unda men bari bir sizni otib o‘ldiraman! Mening patronimda to‘ng‘iz o‘q.
— To‘ng‘iz o‘q?
— Ha, boshmoldoqdek keladi! Tekkan joyini o‘pirib ketadi. To‘xtang, avzoyiniz buzuq... hozir.
— O’qni olyapsanmi?
— Ha, sochmadan joylab beraman. Buyam jayrani biryoqli qiloladi.
— Ko‘rqyapsanmi?
— Nimangizdan qo‘rqaman? Lekin iltimos, jinnilik qilmang, xo‘pmi?
Amirqul aka Mirhaydar tepkisini qaytarib bergan miltiqni u aytganday qilib ushlab, ehtiyotkorlik bilan ariq ichidan ketdi. Na’matak oldiga yetib, tizzasiga miltiqni beo‘xshov qo‘yib, jar tomonga tikildi. Mirhaydar ham miltiqni qo‘liga olib, shudgorning nari yonidan egilinqirab borardi. U yo‘lakay bir necha joyda to‘xtab cho‘nqaydi. Nihoyat, jarga yaqinlashib, bir tup yantoq yoniga cho‘nqaydi. Narigi betga ko‘z tashlab, Amirqul aka tomonga qaradi va uning cho‘nqayib o‘tirgan gavdasini va botayotgan oy nurida yiltirayotgan miltig‘ini aniq ko‘rdi. Yon-veridagi kesaklarni nari-beriga surib, uzala tushib yotdi.
Ikkalasi shudgorning ikki tarafida; shudgorning o‘rtasi unchalik chuqur bo‘lmagan jarlikka yetib tugardi. Jayralar jar ostidan va narigi tomondagi o‘yiqlardan chiqib keladi.
Birdan shitir-shitir bo‘lib qoldi, lekin Mirhaydar uning qayoqdan kelayotganini bilolmadi. Kunchiqarga ilkis qarab, Zuhro yulduzi atrofidagi mitti yulduzchalar birin-ketin so‘nayotganini ko‘rdi. Ufq ham bo‘zarib kelar, shamol kuchayib, badanni junjiktirardi... Yana shitirlash!
Mirhaydar birdan shudgorning Amirqul aka o‘tirgan tomoniga tikilib qoldi. Oy nurida so‘nik-so‘nik yiltirab, bir narsa hurpayib o‘tar edi. U beixtiyor miltiqni unga to‘g‘riladi-yu, darrov tushirdi: «Amirqul akaga yaqinlashyapti... Qani otsin-chi, bir! Xursand bo‘ladi! Keyin miltiqni, ovni yaxshi ko‘rib qoladi, keyin o‘zi poyloqchilik qiladi. Otsin!»
Jayra ham xuddi Amirqul aka o‘qidan o‘lishni istaganday unga tomon o‘rmalay boshladi.
Mirhaydar endi jar tarafga qaradi: jayra bitta bo‘lmaydi-ku, izidan boshqasi chiqib keladi, albatta!.. Yana Amirqul akaga qaradi. U hamon g‘ujanak bo‘lib o‘tirar, jayra bo‘lsa unga yaqinlashib qolgan edi.
— Amirqul aka, — shivirlaganini bilmay qoldi Mirhaydar. Biroq yaqinlatib oting, degan o‘gitni eslab, tilini tiydi.
Jayra Amirqul akaning yonginasidan o‘gib ketdi. Besh-olti qadam nariga borib, shudgorni kavlay boshladi. Mirhaydar tuproq changib ketayotganini ham aniq ko‘rdi va alam bilan «Suf-e, senday ovchiga! Uxlab qopti» — dedi. Ariqqa tushib, o‘rmalay ketdi...
Shunda Amirqul aka birdan qimirladi. Mirhaydar taqqa to‘xtadi:
— Oting! — deb shivirladi.
Amirqul aka cho‘kkalab, uyoq-buyoqqa qaradi.
Darhaqiqat, uyqudan uyg‘onib ketgan, shitir-shitir tovushni eshitar, lekin shoshganidan ovoz qaerdan kelayotganini bilolmas edi.
Yer changiyotganini ko‘rdi-yu, oyoq-qo‘li bo‘shashib ketdi. Miltiqni qo‘liga ola Mirhaydarga ko‘z tikdi. Oq po‘stinga o‘ralgan agronom bola naq jayra bo‘lib ko‘rindi. «Kattasi bu yokda ekan!» U stvolni o‘nglab, tepkini bosdi.
O’q zarbi Mirhaydarni dumalatib yubordi.
Amirqul aka buni aniq ko‘rdi va irg‘ib turib, o‘sha yoqqa otildi. Biroq bir necha qadam yurib, yiqilgan «jayra»ning behad katta ekanini payqadi, endi jayra otganiga ishonmay to‘xtagan edi, yigitning ingragan ovozini eshitdi. Yana shitob bilan bir qadam qo‘ydi-yu, taqqa to‘xtadi. So‘ng, Mirhaydar otadigan cho‘chqa o‘q ko‘kragiga tegishini taxminlab, orqasiga burildi. Bir ko‘ngli qochmoqchi ham bo‘ldi, biroq yigitning o‘qi bari bir orqasidan yetishini his qilib, asta-sekin qadam tashladi-da, o‘tirsa, o‘kdan qutuladigandek bo‘lib, birdan cho‘nqaydi, sajdaga bosh qo‘yayotgandek bo‘lib, boshini egdi. Bir, ikki, uch!.. Amirqul aka xo‘rligi kelayotganini sezib, orqasiga qaramoqchi bo‘ldi, lekin o‘q yuziga tegadigandek, qarashdan qo‘rqdi.
...Mirhaydar o‘ng oyog‘i ham og‘irlashayotganini sezib, etigini yechmoqchi bo‘ldi. Biroq fikridan qaytib, po‘stinni ham kiydi.
— Hov, nima qilib turibsiz? Amirqul aka ilkis qaradi.
— Buyoqqa keling, — behol gapirdi Mirhaydar.
— Yo‘... yo‘... — dedi Amirqul aka. Agronom yonidan miltig‘ini oldi:
— Buyoqqa keling, otib tashlayman bo‘lmasam! Amirqul aka uning oldiga uchib keldi. Mirhaydarning qarshisida cho‘kkalab, boshini egdi.
— He, o‘ling-e!
— Uka, ukajon... uyqusiragan ekanman, — pichirladi qorovul.
— Jayra qani?
— Bilmayman.
— Alanglamang. Ketdi...
— Yomon tegdimi? O’zingiz bu sochma o‘q deb...
— Turing. Otni opkeling.
— Ot? Ot qaerda... Ha-ha. Hozir!
Amirqul aka xuddi bekinmachoq o‘ynayotgan boladek shudgorni changitib chopib ketdi.
Mirhaydar miltiqni zo‘rg‘a bukib, o‘qni chiqarib oldi, cho‘ntagiga soldi. «Xayriyat, deb o‘yladi u. — Terib tashlasa bo‘ladi. Nimaga qizib ketyapman. O’q tekkanda odam chanqaydi deyishadi. Chanqayapman...»
Amirqul aka otni choptirib kelib, otdan tushdi. Yuganni ushlab turib:
— Mana, mana! — dedi. — Ayilni tortaymi?.. Uka? — Amirqul aka yana tiz cho‘kdi. — Uka... agar chini bilan otgan bo‘lsam, enam... Sen ishonmaysan! Men seni haqiqatan ham yomon ko‘raman. Lekin... uxlab qoldim. Men... uyg‘oq o‘tirolmadim.
— Xayriyat, shuni bo‘yningizga olyapsiz... Torting ayilni. Qattiqroq.
— E, padariga la’nat bunday ishni. Uka, endi o‘zing bilasan. Nima desang haqsan. Birov ishonmaydi menga.
— Albatta hech kim ishonmaydi. Bo‘ldimi?
— Mana, tayyor.
— Keltiring. Uzangini tuting... O’-o‘, ushlamang qo‘lni! Rahmat.
— Ukajon, endi nima bo‘ladi?
— Nima bo‘lardi. Miltiqlarni oling, chaylaga boring... Choy-poy qilib turing! Yo‘q... balki sizni qamashar. Xo‘p, o‘tgan ishga salovat. Lekin bu kecha ko‘z yummaysiz. Siz qorovulsiz!
— E, uka...
— Yuring. Belbog‘im chaylada qolgan.
— Xurjuningiz ham bor!
— Kechagi choydan qolganmikan?
— Bo‘lsa kerak... Hozir ko‘ramiz-da.
* * *
Tong ham otib qoldi.
Tog‘lar oqardi, adirlar yorishdi, ufq qizardi. Kundalik yumush boshlandi. Amirqul aka ko‘zlari qizargan holda chaylaga suyanib o‘tirar, u holsiz edi. O’choqqa o‘t qo‘ymoqchi bo‘ldi, hafsalasi kelmadi. Bir-bir bosib, adir tepasiga ko‘tarila boshladi va birdan yig‘lagisi keldi. Lablarini qattiq tishlab, tepaga chiqib bordi. Qarshisida bug‘doypoya yastangan, yer haydalmagan edi. Sariq tikanlar, ko‘p zarg‘aldokdar sayrar. Bu shunday so‘nik, loqayd va g‘arib manzara edi. Qorovul pastroqqa tushib, kesakka o‘tirdi.
So‘qmoqda bo‘z otliq ko‘rindi.
Shukur Xolmirzayev. Tikan orasidagi odam (hikoya)
1972