Shoir, yozuvchi va dramaturg Sobir Abdulla (asl ism-sharifi Abdullayev Sobir) 1905-yili Qo‘qonda tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1965). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1944).
Dastlab eski maktab, so‘ng «usuli jadid» maktabini tugatgach, Qo‘qondagi pedagogika bilim yurti (1922—24), Toshkentdagi mahalliy kadrlarni tayyorlash kursi (1924—26) da o‘qigan. 1926—48 yillarda «Yangi Farg‘ona», «Yosh leninchi» gazetalarida adabiy xodim, «Mushtum» jurnalida bo‘lim mudiri, Andijon viloyat teatri, O‘zbek davlat filarmoniyasi va Muqimiy nomidagi teatrda adabiy emakdosh (1936).
Ilk sherlar to‘plami — «Erk ilhomlari» (1931). Shundan keyin uning «Navbahor» (1931), «Ko‘klam na’rasi», «Zavq» (1932), «Gulshan» (1939), «So‘z va soz» (1943), «Davr qo‘shiqlari» (1949), «Hayot gulshani» (1959), «Hayot qo‘shiqlari» (1962), «Devon» (1965; Hamza mukofoti, 1971) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Sobir Abdullaning she’riy ijodi lirika, hajviyot va dostonlardan iborat. Sobir Abdulla aruz vazniga karshi kurash va umumiy badiiy ijodni mafkuralashtirish jarayoni kechgan bir davrda o‘zbek adabieti klassiklarining boy poetik an’analarini davom ettirib, mumtoz adabiyotimiz bilan zamonaviy adabiyot o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan. Sobir Abdulla voqelikda ro‘y bergan voqea va hodisalarni ifodalashda aruz vazni imkoniyatlaridan samarali foydalangan, ayniqsa, g‘azal janrida kishilarga zavqshavq bag‘ishlaydigan, ulardagi ezgulik va nafosat tuyg‘ulariga ruhiy oziq beradigan ko‘plab asarlar yozgan. Uning bastakorlar tomonidan kuyga solingan eng yaxshi gazallari o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining ravnaqiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Sobir Abdulla ayni paytda hajviy she’rlar ham yozgan. Liroepik janrlarda ham samarali ijod qilgan («Manyovr», 1931; «O‘rtoq Yoqubova», 1934; «Katta Farg‘ona kanali» tona Polvon o‘g‘li», 1940; «Gul va sanam», 1957; «Quralay ko‘z bir kelinchak», 1958; «Tun va tong», 1971, dostonlar).
Sobir Abdullaning o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan katta hissasi uning dramalaridir. «Muxbirga hujum» dastlabki pyesasi 1927 yili Qo‘qon drama truppasi tomonidan sahnaga qo‘yilgan. Shundan so‘ng Sobir Abdulla «Bog‘bon qiz» (1926, doston asosida), «Bo‘ston» (1937) bir pardali pyesasi hamda «Tohir va Zuhra» (1939) pyesalarini yozdi. 1940 yilda ilk bor sahna yuzini ko‘rgan va hanuzga qadar o‘zbek musiqiy teatrlari repertuarlarini bezab kelayotgan «Tohir va Zuhra» asari Sobir Abdulla ijodining gultojidir. Sobir Abdulla dramasi bilan To‘xtatsin Jalilovning musiqasi o‘zaro uyg‘unlashgan holda sevgi va muhabbat haqidagi Sharq afsonasining «Romeo va Juletta», «Layli va Majnun» singari jahon adabiyotining mashhur ishqiy asarlari darajasiga yaqinlashishiga imkoniyat yaratdi. Sobir Abdullaning ushbu asari asosida «Tohir va Zuhra» kinofilmi (rejissyor N. G‘aniev) va opera spektakli (kompozitorlar T. Jalilov va B. Brovtsin) ham yaratilgan.
Sobir Abdulla urush yillarida hamkorlikda «Qo‘chqor Turdiev» (1941), «Davron ota» (1942), «O‘zbekiston qilichi» (1943), urushdan keyingi yillarda esa zamonaviy hamda tarixiy-afsonaviy mavzularda «Alpomish», «Gul va Navro‘z», «Iste’dod», «Mening jannatim», «Hijron va vijdon» singari pyesalarni ham yozdi. Bu asarlarning aksari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan.
Sobir Abdullaning adabiy merosida nasriy asarlar ham salmoqli o‘rinni egallaydi. Uning 1931 yilda nashr etilgan «Navbahor» to‘plamidan she’rlar bilan birga davrning dolzarb mavzularida yozilgan hikoyalar ham urin olgan. Sobir Abdulla nasriy janrlardagi izlanishlarini davom ettirib, «Ulfat» (1939), «Soyalar» (1963) hikoyalar to‘plamlarini e’lon qildi. Kichik nasr janrlarida erishilgan tajriba yozuvchining «Mavlono Muqimiy» romani (1965) ustida olib borgan ijodiy ishida, ayniqsa, qo‘l keldi. Sobir Abdulla Muqimiy va uning zamondoshlarini ko‘rgan kishilar xotiralari asosida romanda shoir hayoti va u yashagan tarixiy davr manzaralarini haqqoniy aks ettirdi. Keyinchalik Sobir Abdulla tarixiy o‘tmish mavzuida yozilgan «Besh sarguzasht» qissasini (1971), Hamza, G‘. G‘ulom, A. Umariy, M. Uzoqov kabi adabiyot va san’at namoyandalariga bag‘ishlangan xotiralarini yozdi.
Sobir Abdulla «Tohir va Zuhra», «Maysaraning ishi» operalari librettosining ham mualliflaridan biri.
Qo‘qon va Toshkentdagi bir necha ko‘cha, maktab va kutubxonaga shoir nomi berilgan.