OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdug‘ani Abduvaliyev. G‘aroyib haykal (hajviya)

U onasining qornidanoq tagli-tugli bo‘lib tug‘ildi. Uni «puf-puf»lab boqishdi, tetapoya bo‘lib qad rostlagach, xuddi haykalchadek bog‘chaga olib borib o‘rnatishdi. 
— Poydevori bormi? — dedi bog‘cha mudirasi Haykalchaning uyoq-buyog‘ini siypalab.
 — O, bo‘lganda qandoq! Falonchievning bolalari bo‘ladi-ya! — deyishdi savolga javoban. 
Unga shabadani ham ravo ko‘rmay, alohida mehr bilan parvarish qilishdi. Yetti yoshga yetganda Haykalchani maktabga o‘rnatishdi. 
— Poydevori qalay? — so‘rashdi maktabdagilar. 
— Juda mustahkam. Falonchievning farzandlari! 
— Bahosi besh ekan buning, — deyishdi muallimlar. 
Unga «4»ni ham ravo ko‘rmay ta’lim berishdi. Nihoyat, oradan o‘n yil o‘tgach, ko‘ksiga oltin medal taqib qo‘yishdi. Bunday g‘aroyib Haykalni hali hech kim uchratmagandi. 
— Buni qaerga o‘rnatamiz? — so‘radi Falonchievning yugurdaklaridan biri. 
— Qaerga bo‘lardi, galvars! — dedi ikkinchisi. — Institutga-da!..
— Poydevori bormi? — so‘radi qabul komissiyasining raisi. Unga Falonchievning maktubini tutqazishdi. 
— O‘qituvchi bo‘lmoqchi ekanlar-da... 
— O‘qituvchi bo‘lishi shart emas. Diplom olsa bo‘lgani. Bironta yumshoqroq yerga o‘rnatib qo‘yish qo‘limizdan keladi, — dedi kimdir. 
Oradan besh yil o‘tgach, Haykalning qo‘ltig‘iga diplom qistirgancha mashinada olib kelishdi-da, shahar hokimligiga o‘rnatishdi, xona eshigiga «bo‘lim mudiri» deb yozib qo‘yishdi.
Bir-ikki yil o‘tgandan keyin Haykalning kalla mexanizmida ba’zi narsalar yetishmayotgani sezilib qoldi. Uni darrov moliya idorasining hovlisiga o‘rnatishib, beliga «o‘rinbosar» deb yozib qo‘yishdi. 
Oradan ko‘p o‘tmay, «Poydevori mustahkam bo‘lsa, qachongacha o‘rinbosar bo‘lib yuradi?» degan shivir-shivir oralab qoldi. Haykalni yelkada ko‘tarib kelib markaziy bozorga o‘rnatishdi. Bozorlar boshqarmasi boshlig‘i avvaliga rozi bo‘lmay, biroz tixirlik qildi. U yerga mo‘ljallab qo‘ygan o‘z odami bor ekan. Biroq unga Falonchievning suratini ko‘rsatishgan edi, dami ichiga tushib ketdi. Haykal bozorda qoladigan bo‘ldi. 
Yillar o‘tdi, Falonchiev olamdan o‘tdi. Haykalning poydevoriga suv oralab, nuray boshladi. Bozordan ko‘chirish kerak ekan, degan qarorga kelishdi. Lekin qaerga qo‘yish lozim, degan muammo ko‘ndalang turardi. 
— Falonchievdan qolgan nishona-ya! Marhumning hurmati yo‘qmi? — deb qoldi Falonchiev bilan ko‘p yil birga ishlagan tepakal kishi. 
Bu gap ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. Nihoyat Haykalni latta-putta, suyak-siniqlar idorasiga o‘rnatishga jazm qilishdi. Uch-to‘rt odam Haykalni sudrab keldi-da, «Utilsiryo-chiqindilar» degan mahkamaga o‘rnatib, iyagining ostiga «Mudir» deb yozib qo‘ydi.
Bu dunyoda abadiy narsa yo‘q ekan. Hamma narsa yemirilarkan, o‘larkan. Vaqti-soati yetgach Haykalning ham kuni bitdi. Barcha tashvish shundan keyin boshlandi. Uni qabristonga eltishdan avval bahs bo‘ldi: 
— Haykalni tobutga solamizmi? 
— Yo‘q. Uni hamma odamlarga o‘xshab tobutga solib, yerga ko‘mmaymiz. 
— Nega? 
— Chunki u haykal bo‘lgan. O‘lgandan keyin ham haykalligicha qolishi kerak. 
— Qanaqasiga? 
— Qabristonga tippa-tik qilib o‘rnatamiz. Odamlar o‘z qabriga haykal qo‘yish uchun go‘rkovga pora tiqib yotishibdi-ku!
Shunga kelishildi. Qabristonga beton g‘ilof o‘rnatib, unga Haykalni tippa-tik tushirishdi. 
Vo, ajab! Buni qarangki, buyurtma berganlar bir qarichga yanglishgan ekan. Beton g‘ilofdan Haykalning boshi chiqib qoldi. Janjal boshlandi.
— Aytdim-ku, bo‘lmaydi deb. Hech jahonda o‘likni tippa-tik ko‘madimi?
— Kallasiga alohida g‘ilof qilish kerak!
— Ushlamaydi, keyinchalik ulog‘idan chiqib ketadi...
Qabristonga to‘planganlarning asabi tarang edi. Haykalning tirikligida biron marta ishlamagan kallasi hozir, shu tobda hammaning boshini qotirib turardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.