Yaqinda ish bilan kattagina muassasaga kirgandim, to‘ldirish uchun qo‘limga qog‘oz (“blanka”) tutqazishdi. “Xayriyat, o‘zbekcha ekan!” deb xursand bo‘lib ko‘z tashladi-mu hafsalam pir bo‘ldi. Boshlanishidayoq katta-katta harflar bilan “F.I.Sh”. deb yozib qo‘yishibdi.
“Fish” nima? — so‘radim “blanka” bergan xodimdan.
“Fish” emas, “F.I.Sh.”, — dedi u dona-dona qilib.
— Xo‘p, ana, “F.I.Sh. Nima o‘zi u? — takror so‘radim men.
— Ziyoli kishiga o‘xshaysizu shuniyam bilmaysizmi, — ajablandi u. — “F.I.Sh.” bu — “familiyasi, ismi, sharifi” degani-da, axir!
— “Sharifi” degan so‘zning ma’nosi nima? — yana so‘radim men.
— Iya, shuniyam bilmaysizmi, — battarroq ajablandi u. — “Otchestvo”si degani-ku, axir...
Men besh-olti daqiqa vaqtimni sarflab arab tilidan kirib kelgan “sharif”ning o‘ris tilidan olingan “otchestvo”ga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini tushuntirdim.
— “Otchestvo” — “otets” so‘zidan olingan bo‘lib, haqiqatan ham otasini bildiradi. Ammo “sharif” so‘zi otaniyam, boboniyam, katta boboniyam, umuman, naslni bildirmaydi. Bu so‘z sharafli, sharofatli degan ma’noni anglatadi. O‘tmishda bobolarimiz shu qadar madaniyatli bo‘lganlarki, bir-birlariga quruqdan-quruq “Ismingiz nima?” deyish o‘rniga nazokat bilan “Ismi sharifingiz”, ya’ni “sharif ismingiz, sharafli ismingiz nima?” deb murojaat qilishgan. Ana endi “F.I.Sh.”ni o‘qib ko‘ring: “Familiyasi. Ismi. Sharafli”. Mazmun qani?
Xodim ziyrakkina ekan, darhol tushundi. Ammo yelkasini uchirib:
— Fikringiz to‘g‘ri-ku, lekin... baribir, hamma yoqda shunday yozilyapti-da! — deb qo‘ydi.
O‘sha xodim aytganidek, hamma yerda shunday yozilayaptimi, yo‘qmi — bilmayman, ammo ko‘pgina joylarda, hatto ba’zi maqomli idoralarda ham shunday yozilganidan xabarim bor. Har bir so‘zni bilib, o‘rnida ishlatish ona tilimizga bo‘lgan hurmat-e’tiborning belgisidir.