Halim duduqning derazasiga qarshi tushgan bir uy bor edi. Halim u yerda yolg‘izlik yashaydi deb o‘ylardi.
O‘sha «yolg‘izlik» erta tongda uyg‘onib olardi, piyolaga choy quyardi-yu, ammo ko‘pincha ichmasdi. Deraza pardasi tonggi shabbodani qo‘ltiqlab ichkari tortardi. Sabo «yolg‘izlik»ning sochlarini tortib-tortib bezor bo‘lib xonadan qochib chiqardi. Ro‘paradagi ko‘hlik oshyondan sho‘xchan qo‘shiqlar ovozi kelardi. Ammo «yolg‘izlik» doimgidek o‘yinbuzarlik qilib, iyagiga kaft tirgab bu xonishlarni xayolchan qarshi olardi. Xona g‘amga botib ko‘karib ketar edi. Sho‘rlik shamlar ayrim kunlari kechasi bilan yig‘layverib, shamdonga yetmay tosh qotib qolardi. Shunday kunlarda Halim duduqning ham uyqusi qochardi. Uyiga suyab qo‘yilgan shotining o‘rtanchasiga o‘tirib, oyog‘ini osiltirgancha u ham «yolg‘iz»ga aylanardi.
...U Yumaloq tepaga o‘rladi. Yashillikda oyog‘i toyib boraverdi. Etigining uchi bilan tosh qidirib oldinga munkiy-munkiy odimladi. Baland tog‘lar toji oq qor bo‘lsa, Yumaloq tepaniki oqtosh edi. Oqtoshga yelkasini bergancha birov o‘tiribdi. Yelvizak uning beqasam choponi ungirlarini qizg‘aldoq bargiday hilpiratadi. To‘zg‘in sochlarini goh u yon, goh bu yon taraydi. Yigit cho‘pon tayog‘ini bu tomonga olgancha Halim duduqqa joy berdi. So‘ng ovozini baralla qo‘ygancha baqirdi.
— Cha-ay! Shoxing singur, cha-ay, dedim!
Ammo qurg‘ur echki bu do‘qdan hayiqmadi ham, endi quyosh tig‘i yalagan chuchmomalardan, qora boshu, ko‘kgullardan saralab kavshanib ketaverdi. Ortidan qo‘y-echkilar biri qo‘yib, biri baqirib qir oshdilar.
— Uff, Halim, shu Olabelni bir kunmas bir kun urib o‘ldiramanda.
— Ey, qo‘- qo‘ysangchi.
— Ko‘rmaysanmi buni.
— Bek-bekorga ey-echkini sha-ayton qa-qavmidan dem- demaydilarda.
— Hmm, nimasini aytasan. Sening qo‘ylaring qani?
— A- a-ana!
— Ketdik birga qo‘shib boqamiz. Ular yolg‘izoyoq yo‘ldan yurib Chog‘ot tomonga yo‘l oldilar. Suruv oldini qayirib tashlab, ikkovi qumloq yo‘lcha ustiga cho‘k tushdilar.
— Hali-im!
— Hmm.
— Senam birovni sevganmisan hech?
— E-ey bor-e-e!
— Nimadan uyalasan o‘g‘il bolamiz-ku.
— O‘z- o‘zing a-ayt.
— Men ham bir qizni yoqtiraman lekin avval sen ayt- chi?
— Ney- yega ax-ax...
— Kel! Bunday qilamiz, ikkalamiz ham teskari o‘tirib o‘zimizga yoqqan qiz ismini yoza qolamiz.
— Bo‘b- bo‘pti.
Halim ko‘rsatkich barmog‘ini xatcho‘p qilib “D” harfini yozdi. Bektosh zimdan uni kuzatib turgan ekan kulib yubordi. U hijolatpaz o‘zini mayna bo‘lgan hisoblab kafti bilan qumdagi yozuvni o‘chirib tashladi.
— Ey, od- odam po- podammas- ak- akansan qo‘y-e.
— Qo‘ysangchi, nimasiga xafa bo‘lasan. Mana men ham yozayapman — deya Bektosh qumga “Dil” so‘zini yozdi, zum o‘tmay to‘xtab qolib, so‘radi. – Nega sen yozmayapsan?
— Ma- mana, yoz- yozyapman.
Yer bag‘irlab qarab turgan Halimning ichiga olov tushdi. Qo‘li beixtiyor yoza boshladi. Bektoshni hayrat bilan qichqirishi uni biroz o‘ngladi.
— Hey! Sen yoqtirgan qizni ismi ham “Dil” deya boshlanadimi? Mabodo sen ham qo‘shni qiz Diloromni a, ko‘zlab yurgan bo‘lma tag‘in.
Halim mushtlashishda taslim bo‘lgan boladay bir qadam ortga chekindi.
— Yo‘-o‘q! M-men, — deya xayoliga kelgan “Dil” so‘zi bilan boshlanuvchi ismni qizarib, bo‘zarib yozib tashladi. Lahzada hammasi oydin bo‘ldi. Bektosh Diloromni yoqtirarkan, Halim esa o‘zi ham yaxshi tanimaydigan Dildora ismli qizni. So‘ngra ular ko‘m-ko‘k maysalarga cho‘zilib uzoq xayol surdilar. Bektosh Diloromning ko‘zlarini Qorato‘rining ko‘zlariga qiyosladi. Halim bunga qo‘shilmadi. Uning nigohini ohunikiga mengzadi. Bektosh Diloromning uzun sochlarini otining yoliga o‘xshatdi. Halim tag‘inam uning fikriga qo‘shilmadi. Diloromning sochlari Hasanbuvaning hovlisidagi majnuntol shoxlarini eslatadi, dedi.
Ikkovlon tog‘dan qalin do‘st bo‘lib qaytdi. Biri- birisinikiga tez-tez qatnaydigan odat chiqardi. Ayniqsa Bektosh bir kunda ikki martalab kelgich bo‘ldi. Do‘sti keldi deguncha onasining hay-haylashiga ham parvo qilmay boloxonaga chiqib oladigan bo‘ldilar. Nima emish “kabutar boqar” emish. Bir kuni azbaroyi kuyinganidan onasi koyib: “Otang qiladigan ishni qilsangchi”, deb dakki ham berdi. Ammo foydasi bo‘lmadi. Onasi doim shu haqda gap ochguday bo‘lsa, topib olgan gapi bitta:
— Kabutar qush bo‘lmaganida farishta bo‘lar emish. Tomimizda farishta yashasa yomonmi ona, — deydigan bo‘ldi.
Kabutarning Halimga ayon xislati ko‘p edi. Patir-putir uchib hammani osmonga qaratar, bu ikki do‘st uchun ayni muddao edi. Bular uchun qishloq ahli e’tiboridan ham Diloromniki muhim edi. Reja o‘zini oqlay boshladi. Qo‘shni qiz goh derazadan, goh hovlini supirayotib kabutarlarga, so‘ng yigitlarga jilmayib qo‘yardi. Halim bir kuni qo‘lini soyabon qilib, kabutarlarni kuzatayotgan qizga “Don bersang, senga ham o‘rganadi demoqchi bo‘ldi-yu,” duduqlanib gapini ado qilolmadi. Uning o‘rniga qizga bu gapni Bektosh chiroyli qilib tushuntirib bera qoldi. Halim osmonga qaradi, go‘yoki o‘zini “farishta”larni kuzatayotganga o‘xshab ko‘rsatdi. Aslida o‘z uyidan o‘g‘irlik qilib chiqib, begona bolaga konfetini oldirib qo‘ygan bolaga o‘xshardi.
Hazin yaproqlarni yerga to‘shagan kuz ketidan, biroz o‘yinqaroq ba’zan qahri qattiq fe’li Diloromga o‘xshab ketadigan qish kirib keldi. Bu orada uchovlon juda ahil bo‘lib ketdilar. Halim odatiga qarshi biroz hushchaqchaq bo‘lib qoldi. Yigit bilan qiz bir-biriga araz qilgan damlarda, u masxarabozlik qilib, ularni yarashtirib qo‘yadigan bo‘ldi. Xullas ular chiroqqa, Halim parvonaga aylandi.
Muzlar erib o‘t-o‘lanlar nish ura boshlagan damlarda Diloromning yovvoyi qalbidan ham oppoq boychechak kabi ishq unib chiqdi. Bunga Bektoshning bir necha bor qizga bermoqchi bo‘lib yozgan xatlari inkor etilib, Halim tomonidan tahrir qilingan xatlari sababchi bo‘ldi. Dilorom bu xatlarni har kuni burchakdagi xonaga qamalib olib, qayta-qayta pichirlab o‘qiydigan odat chiqardi. “...Dilorom sinfxonamizning derazasidan gullar yanog‘idagi tomchilarni quvalab kelgan shabboda yuzingizga urilib, sochingizdagi bahor iforini dimog‘imga tutganda men beixtiyor titrab ketaman...” U begona qalb satrlaridan mana shunday sarmast bo‘ldi. Hayot shunday boshlandi. O‘zga qo‘l yozaverdi, bu yoziqni sodda ko‘ngil dil lavhiga ko‘chiraverdi. Va Bektosh bir qiz qalbini qurol yaroqsiz asir etdi. Bitiruvdan so‘ng hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib ketdi. Bektosh portfelini qo‘ltiqlab shaharga jo‘nadi. Halim qo‘y boqadigan bo‘ldi. Dilorom yo‘l boqadigan bo‘ldi. Bektoshdan avval-avval maktub kelib turdi. Keyin butunlay kelmay qo‘ydi. Halim shunda ham xat bitishni kanda qilmadi. Bir kuni Dilorom uzoqdan Bektoshning qorasini ko‘rib, qo‘lida chelak bilan yo‘lga chiqdi. Bektoshning so‘zlari sovuqqina edi. So‘zlaridan ham ko‘zlarida sovvuqlik ko‘p edi. Dilorom muz bo‘lib qoldi. Halim buni ko‘rmadi. Tag‘in xat yozib jo‘natdi. Kabutari yana o‘sha xatni qaytarib keldi. Halim qir oshib, Bektoshni so‘ragani bordi. Endi Bektosh Bektosh emas, Toshbekka aylanib qolgandi. Shundan yolg‘izlar ikkita bo‘ldi. Yana nima qilarini bilmay o‘rtada sarson bo‘lgan yolg‘iz kabutarga ham qiyin bo‘ldi.
Halim xotiralar daftarini yopib narvondan qo‘zg‘alganda tun allamahal bo‘lgandi. U joyiga borib cho‘zilarkan yuragi ko‘rpaning og‘irligidanmi achishaverdi.
Erta tongda suruv ortidan otlanayotgan Halimga onasi koyinib gapirdi.
— O‘g‘lim, namuncha odamovi bo‘lib qolding. Mana, qancha vaqtdan buyon shu ahvol, kelasan, xonangga qamalib olasan. Erta tongdan yana toqqa chiqib ketasan. Munday, odamlarga o‘xshab to‘y-ma’rakaga ham qatnashay demaysan-a?..
Halim tag‘in onasining gapini chala qoldirib toqqa o‘rlab ketdi. Kun choshkada Zikir buva bilan yuz ko‘rishdi.
— Halim polvon, hamsoyangnikida to‘y, sen qo‘y boqib yuribsan.
Qa-qa-qaysi? Ham-hams...
— Anovi, Abdumurod juvozkashning qizini chiqarishyapti, dedi shekilli.
— Nim-nima? Dil-dil...
U shu so‘zlarni gapira turib, Oqtovdan pastga qarab chopib ketdi-ki, ortidan hech narsa anglolmay Zikir buva xoy-hoylagancha qolaverdi. Pastda mashinalar karvoni biri qo‘yib, biri signal chalib, butun tog‘ni larzaga keltirgancha, qishloqdan uzoqlashib borardi. U jon-jahdi bilan ular orqasidan yugurdi. Go‘yoki yetib borsa, Diloromni o‘zi bilan olib qoladiganday. Avval cho‘pon tayog‘i, so‘ng choponi qaydadir qolib ketdi. Oqtoshga yetdim-etdim deganda oyog‘i nimagadir chalishib ketib yiqilib tushdi. Shu asnoda sal qolsa peshonasi toshga urilay dedi. U bir muddat oppoq toshga termulib, rasm tomosha qila boshladi. Yo‘qlikning suratini. Keyin o‘sha nuqtadan ko‘zni uzmay turaverdi. Birdan oppoq silliq toshda o‘z aksini ko‘rib qoldi. Ich-ichidan yig‘ilib kelgan dard alami bilan qichqirib yubordi.
— Dilorom, men seni sevaman. Eshitayapsanmi? Men seni sevama-an!
Keyin birdan boshini quyi solib jim bo‘lib qoldi. Toshlar esa hech qanday duduqlanmay aks sado qaytardi:
— Men seni sevama-an!