Bo`ri — zehni o`tkir, tabiat qiyinchiliklariga bardoshli va ayyor yirtqich bo`lib, osonlikcha tutqich bermaydi. Keksa ovchilarning ta`kidlashicha bo`rini yer tishlatish — uning yashash tarzi va tabiatini yaxshi biladigan tajribali ovchilargagina nasib qilarkan. Negaki, maxluq uzoq muddatli tayyorgarlik ma mashaqqatli mehnatlar evaziga qo`lga kiritiladi.
Tabiat bo`rilarga mustahkam jag` va muskullar, tuganmas kuch va sabr-toqat ato etgan. Ular o`z yo`llarida uchraydigan daraxt, xarsangtosh, shox-shabba uyumlari, tepalik va turli hayvonlarning bosh suyak qoldiqlarini yaxshi eslab qolishlari sababli to`dadagi bo`linib ketgan sheriklarini ham bexato topib oladilar.
Hamroqul amaki boshliq fermer qo`ychivonlari g`alladan bo`shagan maydonlardagi angordan qaytib, tog` etagidagi qo`ralarga joylashib olgan kezlar edi. Durkun qo`y-qo`zilarga yirtqichlar tez-tez oralab, cho`ponlarning tinchi buzildi. Bu noxushlikdan xabar topgan mergan Nosir amaki chorvadorlar huzuriga shoshdi. Qaddi-qomati kelishgan, tog` yo`llarida tez va ildam yuraoladigan, tabiatan kamgap va bosiq ovchi ayni kungacha yigirmadan ziyod yirtqichni yer tishlatgan. U “Niva” avtomashinasida, ba`zan qashqa samani bilan “To`rtko`z” iti hamrohligida ov qilishni yaxshi ko`radi.
Kuz boshlanib, fermerlarning soy bo`yidagi bedazor va bog`lariga yanada fayz qo`shilgan. So`lim go`sha kishiga huzur-halovat baxsh etadi. Bir chekkadagi eshik-romlari o`rnatilmagan uycha Nosir amakiga ma`qul tushdi. Bu yerdan osmono`par tog` cho`qqilariyu, adog`i yo`q bepoyon yaylovlar ko`zga yaqqol tashlanib turardi. Kech kirgan, etni junjiktiruvchi salqin shamol esa boshladi.
Biz o`tirgan mashina bilan uycha oralig`i unchalik uzoq emas. Azamat ikkimiz voqeaning nima bilan yakunlanishini hayajonlanib kuzatyapmiz. Shu orada Nosir amaki qo`l siltagan edi, hamrohim uning paxtalik ust-boshini eltib berdi.Shu payt g`ira-shirada tepalikdan bedazor tomon bir to`p jonivorlarning chopib ketayotganiga ko`zimiz tushdi. Ularning ikkitasi yirik, o`n chog`lisi mayda yovvoyi cho`chqa bolalari edi. Beozor jonivorlar olisdanoq hidni ilg`ashdi chog`i, yurishlarini sekinlatishdi. Yo`lboshlovchi to`xtab, uy tomon o`girilgach, kelayotgan yo`lini soylik tomonga o`zgartirdi. Atrofga qorong`ilik tushib, ularni ko`zdan yo`qotib qo`ydik.
Oradan ikki soatlar chamasi vaqt o`tib, allaqanday sharpa bedazor ichida ko`rinib-ko`rinmay kela boshladi. Oraliq masofa o`n-o`n besh qadam qolganida uning oq bo`ri ekanligiga ishonch hosil qildik. Kutilmaganda gumbirlagan o`q ovozi quloqni qomatga keltirdi. Nosir amaki yirtqichni aniq nishonga olgan edi. Ko`p o`tmay beo`xshov xirillagan tovush tun sokinligini buza boshladi. Biz uzoqni yorituvchi chiroqni yoqib kuzatganimizda ona bo`ri qornidan chiqayotgan pufakchalarni ko`rib hayron bo`ldik. Yakka o`q yirtqich biqiniga tegib, qornini teshib o`tgan edi. Tong yorishar-yorishmas cho`pon-cho`liqlar uning atrofini o`rab olishdi. Bo`rining qorni nimtalangan qo`y dumbasi yog`iga to`la ekan.
Vaqt peshindan oqqach, Hamroqul amaki otdan tushib, bizning dasturxonimiz atrofiga kelib o`tirdi. U o`zida yo`q xursand edi. Fermer choy ustida yana ko`pdan beri tutqich bermay kelayotgan oq yoldor bo`ri haqida gapirib berdi. Keyin esa bizni Do`lanasoy va Qurisoy tomon boshlab ketdi. Soylar ancha chuqur, egri-bugri, jarlik va qir-adirlardan iborat edi. Mashinamizni yarim yo`lda qoldirib, archazor bo`ylab yayov yurishimizga to`g`ri keldi. Azamatda rezina etik bo`lganligi tufayli soy etagidan Nosir amaki ikkimiz sal yuqoriroqda past-baland qiyaliklardan yurib bordik.
Chakalakzordagi balchiq va tuproq yo`llarda yirtqichdan hech qanday belgi va nom-nishon yo`q edi. Shu taxlitda ikki kechayu-ikki kunduz yurib vaqtimiz samarasiz o`tdi. Horib-charchab asabiylashganimizdan Do`lanasoy oshuvidagi yumshoq o`t-o`lanlar ustida birpas nafasimizni rostlab oldik. Nosir amaki esa bir-ikki qir narida qamish va chakalakzorlarga nazar tashlab, diqqat bilan kuzatuvni davom ettirardi Bo`rilarning quvvatini tejab, mayda qadamlar bilan qo`ylar yoyiladigan yaylovlarga yaqinroq yo`llarni tanlashi ovchiga anchadan beri ma`lum. U ana shu yo`llarni aniqlab olgach, bir nechta qopqon o`rnatishga kirishdi.
Quyosh endigina botgan, hali borliqqa tun qora pardasini yoyganicha yo`q. Ahyon-ahyonda baland tog` cho`qqisidan bo`ri bolalarining akillashi eshitilib qoladi.
Oyning xira yorug`ida Do`lanasoy oshuvidan o`n-o`n besh qadamcha narida hurpaygancha fermer ta`riflab bergan oq yoldor bo`ri bamaylixotir ketib borardi. Kutilmaganda yirtqich birdan to`xtab, ortiga o`girildi. Uzoqdan bizni ko`rdi shekilli, lekin pisand qilmasdan o`z yo`lida davom etdi. Harqalay ishlarimiz o`ngidan keladiganga o`xshardi.
— To`ppa-to`g`ri yo`ldagi qopqonga borib tushsa-ya, — pichirladim hamrohim Azamat tomon o`girilib.
— Ts-s. Biroz sabr qilaylik-chi.
Keyin ikkalamiz oraliqdagi masofani saqlagan holda, beshotarni qo`lda mahkam tutib yirtqichning ortidan izma-iz yura boshladik. Nosir amaki esa o`ng tomondan uni bir dam ham ko`zdan qochirmay kuzatmoqda edi. Xullas, shu tun barcha yelib-yugurishlar va urinishlarimiz zoye ketmadi. Ko`pdan tutqich bermay kelayotgan oq yoldor bo`ri oldingi o`ng oyog`idan qopqonga tushgan bo`lsa ham og`riqqa bardosh berganicha ingramay tik turardi. Ovchi uni miltiq qo`ndog`i bilan bir-ikki urib yiqitdi. Azamat ikkimiz tayyor o`ljani mashina oldigacha sudrab olib kelgunimizcha holdan toyib, bo`larimiz bo`ldi. Ammo qo`ychivonlarning duosini olishga sazovor bo`ldik.