O`sha yili qish juda sovuq keldi. Tog`da ovqat topa olmagan bo`ri va tulkilar qishloqlarga tushib tovuq, qo`y-qo`zilarga hujum qilayotganligi haqida uzunquloq gaplar tarqalgan bir paytlar edi. Buvim meni yeru-ko`kka ishonmas, qayerga borsa birga olib ketardilar.
Bir kuni buvim Bulung`ur tumanidagi qarindoshlarnikiga boradigan bo`lib qoldilar. Onamning: “Kun sovuq, qol”, — deb qistashiga qaramasdan, men ham buvim bilan birga ketdim.
Mehmondorchilikdan so`ng qaytishimizda qarindoshlar bizni katta yo`ldan (Samarqand — Toshkent yo`li) avtobusga o`tqazib yuborishdi. Ancha yo`l yurib bir joyga kelganimizda buvim shofyorga avtobusni to`xtatishni so`rab, tushamiz dedilar. Kech kirib, qorong`u tusha boshlagan, atrof tuman. Buvim avtobusdan tushganimizdan so`ng atrofga qarab, “tumanda adashdik, shekilli”, dedilar va katta tosh yo`l bo`ylab avtobus ketgan tomonga qarab yura boshladik.
Uzoqda g`ira-shira chiroq shu`lasiga o`xshash narsalar ko`rinar, yerda esa oppoq qor, kun sovuq va izg`irin, atrof tuman edi. Borgan sayin tuman qalinlashib, qorong`ulik kuchaya boshladi.
Yo`lning bir tomonida siyrak daraxtlar, ikkinchi tomonida esa oppoq qorli dalalar ko`zga tashlanadi. Tuman juda qalinlashib, oppoq dalalar ham, uzoqdagi chiroq shu`lasi ham ko`rinmay qoldi. Lekin, hamma yoqda oppoq qor bo`lgani uchun qorong`ulik unchalik sezilmas edi. Oyoq ostidagi qorning g`arch-g`urchi va har zamonda o`tgan mashinalarning tovushini hisobga olmaganda, jimjitlik hukmron. Buvimning yonida ketar ekanman, yangi qizil etikchalarim bilan qorni qattiq-qattiq bosaman buvimniki kabi g`archi eshitilsin, deb. Lekin, juda sekin eshitildi. Juda xushchaqchaq, har damda xoxolab kuladigan, yuzidan doim nur yog`ilib turadigan buvimni shu topda taniyolmas edim. Buvim g`amgin bo`lib qolgan va nimadandir xavotirda edilar. Mening qadamlarim sekinlashganini ko`rib orqasiga opichlab, choponining etagini ikki tomondan qayirib, oyoqlarimni o`rab qo`ydi. Buvim yo`ldan har zamonda vizillab o`tayotgan mashinalarga qo`lini ko`tarardi, lekin ular to`xtamas edi.
— Buvijon, ular bizni tumanda ko`rmayaptimi? — deyman, to`xtamagan mashinalarning ortidan qarab.
— Ha, — deydi buvim, — ko`rmadi.
— Buvi, qachon yetamiz, uyqim kelyapti.
Buvim qadamlarini yanada tezlashtirib:
— Uxlama bolam, hozir yetamiz, — deydi.
Buvimning mahsi-kalishi tagidan eshitilgan qorning bir maromda g`arch-g`urchi va qaysidir qo`shiqni xirgoyi qilib ketishi menga yoqib, allalayotgan edi.
— Buvijon, qo`shiq aytib bering, “qo`lida likopchasi”ni ayting, — deyman.
— Xo`p, — deydi buvim sekingina.
— Qo`lida likopchasi, ko`zida yoshi, Beglarxon, do`stlarxon onang aylansun...
Bir vaqt buvimning ovozi titrab ketdi va meni yanada mahkamroq quchib oldi.
— Buvijon, nega ovozingiz titrayapti?
— Sovqotdim shekilli bolam, sen sovqotmadingmi?
— Yo`q, — deyman, biroz sovqotgan bo`lsam ham.
Oppoq qor bilan qoplangan, faqat mashinalar izigina bilinib turgan tosh yo`lga qarasam, qon izlari va chuvalangan teri parchalariga o`xshash narsalar yotibdi.
— Buvi, bu nima? Qonmi? — deyman qo`rqib.
— Qarama, — deydi buvim yanada qadamini tezlatib.
— Nimaning qoni, buvi?
— Mushukniki, mashina urib ketgan bo`lsa kerak, — deydi buvim noiloj.
Bir vaqt yo`lning narigi chekkasida qalin tuman ichidan ikkita, yo`q to`rtta va undan-da ko`proq yonayotgan ko`zlar ko`rina boshladi, ular biz bilan baravar yurar, bizni ta`qib qilar edi.
— Buvi, qarang, ana yo`lning u chetida, tumanning orasida.
Uyda ham mushukchamning ko`zi kechasi qorong`uda shunday yonishini ko`rgan edim.
Buvim to`xtamas, qadamini tezlatar va bir qo`li bilan tirsagiga ilib olgan tugundan mening temir krushkam bilan qoshig`imni olib qo`limga tutqazdi hamda taqillatib yurishimni so`radi.
Men buning nima uchun kerakligini bilmasam-da, ko`zi yonayotgan mushuklardan qo`rqqanim uchun so`ramadim. Krushkamni buvim va men o`rtamizda joylashtirdim. Bir qo`lim bilan buvim yelkasidan mahkam quchib, bir qo`limdagi qoshiqni temir krushkaga taqillatib ura boshladim. Buvim esa yig`iga o`xshash bir ohangda xirgoyi qilar, ovozi va yelkalari titrar edi.
Birozdan so`ng qo`rqibgina yo`lning narigi chetiga qarasam, yonayotgan ko`zlar ancha orqada qolayapti. Oldinda bir nechta yorug`lik shu`lasi ko`rindi va itlarning hurgani eshitildi. Buvimning qadamlari biroz sekinlashdi.
— Buvijon, mushuklar orqada qoldi, — deyman xursand bo`lib.
— Ha, — deydi buvim, — endi krushkangni taqillatma, yetib keldik.
Buvim yo`l chekkasidan sal ichkariroqdagi bir uyga qarab yurdi. Darvoza oldidagi itlar vajohat bilan hurkib turgan bo`lsa-da, buvim qo`rqmadi.
Shu choq ichkaridan bir kishi chiqib, itlarni haydadi va buvim bilan ko`rishib, bizni uyga boshladi.
— Kechasi tovuqlarni tulki, bo`rilar yeb ketyapti, shuning uchun itlarni bo`sh qo`ygan edik, — deya amaki xijolat tortdi.
— Xijolat bo`lma oyna, shunchalik yetib kelganimizga shukr, — dedi buvim (odatda buvim o`zidan kichik yoshdagi qarindoshlar bilan “oyna”, “chiroq”, deb muomala qilar edilar).
Yaxshigul xolam pechkaga olov yoqdi, mendan aylanib, o`rgilib darhol choy va yegulik ovqatlar tayyorladi.
Buvim ularga tumanda adashib avtobusdan ancha oldin tushib qo`yganini va yo`lda bo`rilarga duch kelganimizni aytdilar.
Ular Ollohga qayta-qayta shukronalar aytib, nevaraginamni sog`-salomat olib kelganimdan xursandman, dedilar.
Ovqatdan so`ng buvim xolamlar bilan choy ustida suhbatlashib o`tirishdi, men esa uxlab qoldim. Ertalab uyimizga mashinada yetib oldik va onamga bo`rilardan qanday qutilganimizni aytib maqtandim. Buvim esa yig`ladilar...