OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Bekkamov. Mukofot (hajviya)

Boshliq yuzidagi tajanglik ertalabdanoq butun boshli idoraning halovatini o‘g‘irladi. Xodimlar ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi.
“Da-aa-aa, — deyishdi ayrim xodimlar, — xo‘jayin ertalab yangamiz bilan rosa janjallashgan ko‘rinadilar. Endi butun alamini biz bechoralardan olmoqchilar, shekilli”.
Xo‘jayinning amri bilan barcha ishchi-xizmatchilar hayhotdek xonaga to‘plandilar. Dastavval boshliq to‘satdan o‘zining o‘rinbosariga “tashlandi”:
— O‘zingizni hammadan aqlli, hammadan bilimdon sanab yurasiz. Qani, ayting-chi, donolarning donosi, ishda ilg‘or xodimlarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish... Ya’ni, yaxshi ishlagan kishiga nima beriladi?
Muovin bunday mujmal savoldan dovdirab qoldi chog‘i, yelka qisdi.
— Vot, mana, — boshliq kurashda g‘olib chiqqan polvonday qo‘llarini havolatdi, — ana, bilmaysiz! O‘rtoq pirapissur, bil-may-siz! Gap desa — qop-qop, ish desa — Samarqanddan top!
Endi boshliq qovog‘ini uyub, nishtarli nigohini bosh hisobchiga tikdi:
— O‘rtoq boshbux, raqamni raqamga urishtirishda-ku, jahon bo‘yicha rekord qo‘yyapsiz. Balkim siz bilarsiz: yaxshi ish qilgan kishiga beriladigan narsa nima o‘zi?
Bosh hisobchi viqor bilan asta qo‘zg‘aldi.
— Endi-ii, Abbos Murodovich, yaxshi ishlaganlarni ranjitayotganimiz yo‘q. Oylik maoshlarini o‘z vaqtida berib turibmiz...
— Ni-i-ma-aa? Oylik maosh?! — Abbos Murodovich bir sapchib tushdi-da, ish stoli ustidagi qog‘ozlarga tez-tez razm soldi va nordon narsa yeganday birdan afti burishib ketdiyu chekkaga “chirt” etkizib tupirdi. — Oylik maosh emish! Mutlaqo topolmadingiz! Sizam vo-obщe bilmaysiz! O‘t-te-ering-gg, joyingizga!..
Abbos Murodovich endi bosh muhandisga yuzlandi:
— Qani, temir-taqalarning egasi, siz nima deysiz?
Hamkasblar nigohi bosh muhandisga qaratildi. Bosh muhandis esa ko‘zlarini alang-jalang qilib, talmovsiraganicha o‘rindiqdan sekingina jildi. Bu holdan boshliqning hafsalasi pir bo‘lib jerkib berdi.
— O‘t-tir-rr, o‘tt-tirr-ee, joyingga! He, sahti-sumbatingdan o‘rgildim!
Xo‘jayin bosh iqtisodchiga ho‘mrayib tikilgandi, iqtisodchining esxonasi chiqib, sarosimaga tushdi. O‘rnidan irg‘ib turdiyu, hech bir zaruratsiz ko‘ylagining yoqalarini tuzatgan bo‘ldi.
— Haqiqatan ham to‘g‘ri aytayapsiz, Abbos Murodovich, — deya kallasini liqillatib-liqillatib bidirlay ketdi. — Yaxshi ishlagan xodimlarning sadag‘asi ketsang arziydi. Ishchan odamlar bilan faxrlanish lozim. Kerak bo‘lsa, ularni ko‘klarga ko‘tarishimiz zarur. Peshqadamlardan hammamiz o‘rnak olishimiz...
— Bo‘ldi-e — Abbos Murodovich g‘azab bilan tishlarini g‘ijirlatgandi, bosh iqtisodchi tilini tishlab qoldi va beixtiyor shalvirab kursisiga cho‘kdi. — Ishlashimiz, o‘rnak olishimiz, faxrlanishimiz lozim emish. Tag‘in allanimabalolar... Tavba, topgan gapini qarang! Men sendan nimani so‘rayapmanu sen bo‘lsang...
Boshliq qoshlarini uchirib, o‘tkir nigohini xonadagilarga birin-ketin qadadi:
— Hoy birodarlar, mening savolimga aniq va lo‘nda qilib javob beraoladigan bironta mard odam topiladimi yoki yo‘qmi? Yax-shi ish-la-gan ki-shi-ni ni-ima-aa qilishimiz kerak? Vot, hamma gap — shunda!..
Hech kimdan sado chiqmadi. Xonaga sukunat cho‘kdi. Oradagi noqulay vaziyatdan o‘ng‘aysizlandimi, nihoyat sochlariga oq oralagan keksaroq bir kishi:
— Men sizlarga ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, — deya iymanibgina joyidan qo‘zg‘alarkan, yutunib-yutunib, salmoqlab gap boshladi, — jamoamizda erishilgan har qanday muvaffaqiyat eng avvalo bevosita rahbarga bog‘liq bo‘ladi. Rahbar ishchan, uddaburon, tashabbuskor va nihoyat, qo‘yingki... aytaylik, u kishida komil insonga xos barcha, ya’nikim, ja’miki fazilatlar mujassam bo‘lsa, albatta ish juda yaxshi ketadi, olamshumul muvaffaqiyatlarga erishiladi. Bu — birinchidan... Aksincha bo‘lsa... Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bizning hurmatli boshlig‘imiz Abbos Murodovich a’lo darajada ishlayaptilar.
U, men xo‘jayinning savoliga javob topdimmi degandek, xonada bo‘yinlarini ichiga tortgan ko‘yi qo‘nishib o‘tirganlarga gerdayganicha mag‘rurona boqdi.
— Bizning hurmatli boshlig‘imiz jon-jahdlari bilan shunchalik kuyib-yonib ishlayaptilarki, biz esa har doim ham u kishining qadrlariga yetyapmizmi, izzatlarini joyiga qo‘yyapmizmi?
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q! — deya Abbos Murodovich bo‘g‘ilgan holda asabiylashib chinqirdi.
Bundan esa qariya yanada ilhomlanganicha jo‘shib ketdi:
— Ha, balli, topdingiz! Haqiqatan ham yo‘q! Biz hurmatli rahbarimiz Abbos Murodovichning qadr-qimmatlarini hamisha ham o‘z joyiga qo‘ya olmayapmiz. Shu nuqtai nazardan olganda...
— Bas qiling! Bas qiling, deyapman sizga! — Abbos Murodovich jahl bilan chiyillab qo‘l siltadi. — Javob topolmadingiz.
Abbos Murodovich tag‘in to‘mtayib, ovozini baralla qo‘yib yubordi:
— Bizlar o‘zi qanday odamlarmiz-a, oppa-oddiy narsalargayam javob berolmaymiz-a! Bilimimiz — g‘o‘r, saviyamiz — past darajada. Bo‘sh vaqtimizni qanday o‘tkazishni mutlaqo bilmaymiz. Axir biz qayoqqa qarayapmiz, o‘zi?
Shu mahal boshliqning o‘ng yonidagi stolcha ustida turgan telefon qo‘ng‘irog‘i cho‘zib-cho‘zib jiringladi. Xiyol fursat o‘tmay kotiba qiz qaltirab, eshikni qiya ochganicha xona ichiga qimtinibgina bosh suqdi:
— Abbos Murodovich, telefonda sizni yangam so‘rayaptilar!
Boshliq kresloda yastanib o‘tirgan ko‘yi o‘ng tarafiga burilib, stolcha ustidagi telefon dastagini shaxdam ko‘tardi va:
— Ha, topdingmi? — dedi zarda aralash. — A? Nima, nim-ma-aa? Faxriy yorliq?! Qanaqa Faxriy yorliq?
Abbos Murodovich bir dam oldidagi qog‘ozlarga ko‘z yugurtirdi-da, tutaqib keskin bosh chayqadi:
— Yo‘q, yo‘-o‘-o‘g‘, aslo to‘g‘ri kelmaydi. Tag‘in bu kishim o‘qituvchi emish-a? Yosh avlodni tarbiyalarmish! Uh-hh, kallavaram! He, kepakdan bo‘lgan kallangdan o‘rgildim!
Telefon go‘shagini jahl bilan “taq” etkizib joyiga qo‘ydi va ko‘rsatkich barmog‘ini “bigiz” qilganicha kadrlar bo‘limining mudiriga buyruq ohangida dedi:
— Barimiz — g‘irt savodsizmiz! O‘z ustimizda ishlashni bilmaymiz! Bu yerda o‘tirganlarning oylik-maoshlaridan yigirma foizini chegirib tashlang! Bular uchun men o‘ylashim, men bosh qotirishim kerakmi? Uh-hh, landavurlar, lapashanglar!..
Keksa xodim esa bunday “jazo”ga chiday olmay beixtiyor hayqirib yubordi:
— Axir mukofot, shumi mukofot?..
— Nima-nima?! Mukofot?! — Abbos Murodovichning ko‘zlari qo‘qqisdan “yarq” etib ochildi-da, hayratlanib, keksa xodimga nigohini qattiq tikdi. So‘ngra stolga ohistagina engashdi. Mo‘ysafid bo‘lsa ayb qilib qo‘ygan boladay o‘kinganicha kiftini silkitib-silkitib so‘zida davom etardi:
— Axir bu qanaqasi bo‘ldi? Ertadan kechgacha o‘lib-tirilib ishlasag-u tag‘in bizga bergan mukofotingiz — shumi? Men bunday adolatsizlikka hecham toqat qilolmayman!
Boshliq uning keyingi gaplarini eshitmadi: tillo topganday suyunib ketdi.
— Mukofot, mukofot! Kak raz! To‘ppa-to‘g‘ri! Topdingiz, rahmat! Axir, qari bilganini pari bilmaydi, deb shunga aytadilar-da! Ishda ilg‘or xodimlarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish... Yettita harfdan iborat so‘z... Birinchi harfi — “M”, oxirgi harfi — “T”... Mukofot!.. Va nihoyat, javobini ham topdik!..
Abbos Murodovichning chiroyi hiyla ochilib, ustidan og‘ir yuk qulaganday yengil tortdi va jilmayganicha boshqotirma chiqqan jurnalning so‘nggi sahifasiga shosha-pisha qalam yurgiza boshladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.