OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhabbat To‘xtasheva. Yechim (hikoya)

Mohira bugun ham shu qaror bilan uyqudan uyg‘ondi: bo‘ldi, bugundan qoldirmayman. Shu o‘y bir haftaki boshidan chiqmaydi, qadalib kelaveradi. Tunovgi tushiga ham oralaganday bo‘ldi-yov, adashmasa. Qo‘lida oppoq tuxum, yorish uchun zo‘r berib siqarmish, yorilmasmish. Uyg‘onib qo‘rqib ketgandi, mana oqibati, tilamasa ham yana ikkiqat bo‘lib o‘tiribdi. Boshqa bolalarini ham shu alfozda, inqillab-sinqillab, ukol-dori qila-qila ming qattiqchilikda tug‘ib olgandi. Tavba, ukasi to‘qqiz yil bo‘ldi, birgina tirnoqqa zor, so‘ramaganga esa qatorlatib beraverarkan. “Hozir menga zarilmidi shu...” Xayolning boshi-keti yo‘q, u og‘ir xo‘rsindi, o‘rniga turib o‘tirib bolalarining yelkasiga ko‘rpa tortdi. Eri bir gapni tutib olgan: tug‘asan, vassalom. Ilgari eng shirin tasalli kitob edi. Endi kitob-pitobga qaragisi kelmaydi, qayoqdagi og‘ir o‘ylarga botib o‘tirgani-o‘tirgan.
Unga tug‘ish-u katta qilish cho‘t emas, faqat boshqorong‘ilikdan qo‘rqadi. Uch-to‘rt oy yerdamisan-ko‘kdamisan, o‘zing bilolmay allatahsin yuraverasan. Koni azob. Bo‘lmasa, jussasidan ot hurkadi. Ovsini mittigina. Taksikoz-paksikoz demasdan besh bolani do‘mbillatib tug‘ib tashladi.
— Botir bir yosh, tebratib o‘tirsam, qornimda bir narsa qimirlayapti. Qo‘rqib ketdim. Do‘xtirga borsam “bolangiz besh oylik bo‘pti...” deyishadi. Voy, o‘lmayin, shungacha g‘ofil yuraveribman, ko‘nglim sust ketmabdiyam...
Qay bir kuni ovsinlar gurungida o‘tirib uning shu gaplariga astoydil havasi kelgandi. Bu dard jonini zulukday so‘rmasaydi, chidardi, ehtimol Xudo o‘g‘liga qo‘shaloq yana bir o‘g‘il berib turgan bo‘lsa-chi...

* * *

Sigir sog‘ib kelayotgandi. Mohirani behollik bosdi, bir fursatda atrof qorong‘ilashdi. Ko‘ngli ozib, ariq yoqasiga cho‘nqaydi. O‘qchiy boshladi. Ichaklari buralib-buralib ketdi. Katta qizi Ra’no uchib kelib yordam bermaganda, uygacha yurib kelolmasdi ham. O‘qtin-o‘qtin qo‘zg‘aladigan bu dard xuruj boshlasa joni to‘kilib ketgandek bo‘ladi. Biror yegulikka qaragisi ham kelmasa-da, tavba, faqat yegulik haqida o‘ylaydi. Birovning og‘zidan eshitgan narsaga sust ketadi ko‘ngli. Ayniqsa... tarvuzni kosa qilib non to‘g‘rab yeyish... qult yutinib qo‘ydi, soqol qirtishlayotgan eriga yana tarvuz haqida gapirgisi keldi. “Yo‘q, hech qaerda yo‘q. Ko‘klamda tarvuz qoladimi...”.
Eri tezroq ishga ketishini poyladi. Ichkarima-ichkari yurib muncha sudralmasa. Tezroq ketsaydi, orqama-orqa chiqib borib kelardi o‘sha tug‘ruqxonaga, qutulardi-qo‘yardi. Izma-iz ergashsa-chi, unda nima qiladi. Zimdan razm solib o‘tirib, eridagi xotirjamlikni ilg‘adi, lekin nima uchun, siriga yetolmadi buni. Oldirmaysan, deb boshiga janjal kiyib olgan eriga sira o‘xshamaganiga qaraganda taqdirga tan bergan ko‘rinadi.

* * *

Eri chiqib ketgach, anchagina o‘ylanib yotdi-yotdi-da, so‘ng tez-tez kiyina boshladi. Necha kunki tuz totgani yo‘q, och-nahor. Dard zabtiga olganida sho‘r qurtni og‘ziga soladi. Tiklanib borib kelishga ham kuch kerak, jon kerak. Qizi pishirgan ataladan yarim piyolani istamay, zo‘r-bazo‘r ichdi. Yo‘lga chiqqanida vaqt peshin bo‘lay deb qolgandi. Bor vujudini yana behollik qurshadi. Joniga kimdir yana burov solib qiynay boshladi. Bot-bot burab olib, keyin biroz rahm qilgisi keladimi, asta qo‘yib yuboradi. Bu voy-voylaydigan og‘riqmas, boshqacha azob. Ovsinining gapi-chi, uch oy g‘irillab o‘tib ketadi emish. Tong otsa, kun botmaydi-ku. Vaqtning oyog‘i sinib qolganga o‘xshab osmondagi quyosh ham siljimay, tingilib turaveradi. Uch oy ariqmaski, bir hatlab narigi yuziga o‘tib oladigan.
Tug‘ruqxona — azobxona. Yaqinlab kelayotib birdan yuragi shuvillab ketdi. Eshitgandi, oldirish tug‘ishdan ikki hissa qiyin emish. Hozirgi azobichi, yengilmi. Demak, ikki o‘n besh — bir o‘ttiz. Uzun yo‘laklardan ichkarilarkan, chidamini charxlab, qandaydir duolarni pichirlab bordi. So‘rab-so‘rab aytilgan eshikka yaqinladi. Jimjitlikdanmi, ichkariga dadil bosh suqdi. Bir hamshira ayol talay daftarlarni oldiga uyib tashlab, varaqlab o‘tirardi. Salomlashishdi. Hamshiraning ko‘zlarida nimadir issiq porlab ko‘rinar, qiyofasidan anchadan beri kimnidir kutib o‘tirganga o‘xshardi. O‘ziga yuzlanib turgan chehra Mohiraga juda tanish tuyuldi, muddaosini aytar ekan, xayolida nuqul undagi yaqinlik sababini o‘ylardi. O‘ylash asnosida g‘ayriixtiyoriy ichidagi borini to‘kib soldi, u Mohiraning gapini butun vujudi bilan, hatto kiprik qoqmasdan turib eshitishga eshitdi-yu, indamay o‘rnidan turib ketdi. Nimagadir bezovta ko‘rinardi.
— Kech qoldingiz-ku. Do‘xtir abortlarni tugatib, hozirgina operatsiyaga kirib ketdi.
— Qancha kerak bo‘lsa kutaman, bugun oldirmasam bo‘lmaydi.
— Singiljon, shuncha kerakmi oldirish. Qanaqa azobligini bilasizmi? Joningizni sug‘urib olganday bo‘ladi. Haliyam niyatingizdan qayting.
— Opajon, ahvolimni bilmay gapiryapsiz. Menga oson tutmang.
— Nega bilmas ekanman, bilaman.
— Bilmaysiz, opajon. Tug‘ishdan qo‘rqmayman. Meni toksikoz qiynab tashlaydi. Uch oy yegan-ichganim o‘zimga botmaydi, hozir ishonasizmi, ko‘nglim o‘lgur tarvuz tusab turibdi. Bu oting o‘chgur otliqqa topilmaydi.
— Izlasa topiladi, singiljon. Menam surishtiraman, so‘roqlayman, faqat siz niyatingizdan qayting.
— Opajon, tushunmayapman. Nega muncha tashvishimni chekyapsiz? Meni birinchi ko‘rib turgan bo‘lsangiz. Har kuni nechta ayol abort qildirib ketadi, ko‘raverib diydangiz qotib ketmaganmi?
Ayol nima deyarini, qanday izoh berishni bilmaganday, bir pas jim qoldi. Mohira ovozini pastlatib, ayolga og‘ir botmaydigan ohangda davom etdi.
— Jonkuyarligingiz uchun rahmat, lekin meni qo‘ying, qutilay shu balodan. Mayli, bir soat, yarim soat azob yesam-erman, chidayman.
Yonidagi hamshira Mohiraga juda tanish mehrli bir nigoh bilan tikilib qoldi-da, ohista dedi.
— O‘g‘il-qizlaringiz bor-a?
— Bir o‘g‘il, ikki qizim bor.
— O‘sha go‘daklaringiz shukronasiga yana bitta tug‘sangiz, ortiqchalik qilmas, o‘g‘lim bitta deyapsiz. Balki o‘g‘il tug‘arsiz, o‘g‘lingiz yolg‘izman deb o‘ksib yurmaydi. Qolaversa, asranishni bilmabsizmi, endi chidang, uvolidan qo‘rqing, bolam... singlim...
Mohira “bolam” degan so‘zdan titrab ketdi. Axir, bu qaynonasining ovozi edi, tanish tuyulgan nigohlar ham aynan qaynonasiniki...
Odam “yo‘q” deyolmaydigan holatlar bo‘ladi. O‘zi harchand istamasa ham mayli, deb yuboradi. Mohira hozir shunday holatda edi. U ixtiyorini qo‘ldan berdi. Qarshisida notanish hamshira ayolmas, qaynonasi turganday, uning irodasiga so‘zsiz bo‘ysundi.
Ko‘chaga chiqib birinchi o‘ylagani hamshiraning nega bu qadar yalinganiyu, o‘zining ertalabki shashtidan qanday oson qaytgani bo‘ldi. Tavba, tavba, zumda odam o‘zini tanimay qolsa bo‘larkan-da... Mayli, tug‘ilsa tug‘ila qolsin, shu bola. Chidaydi, boshqorong‘idan hech kim o‘lmagan. Tarvuzning xumorini muzqaymoq bosar, bir karomati bordirki, oldirishga hamma norozi. Jonini garovga qo‘yib tug‘ib olsa... U hali tug‘ilmagan bolasini o‘ylab tasavvuri yorishdi. O‘zi topolmay yurgan buyumini xuddi topib bergandek hamshiradan minnatdor ham edi.
Shu mahal telefon jiringlab qoldi. Eri yo‘qlayotgandi.
— Tezroq uyga kel, tarvuz olib keldim senga. Bir tanishimning issiqxonasidan zo‘rg‘a topildi o‘ziyam...
— Ketyapman, ketyapman... — Mohira tez-tez, tutila-tutila javob berdi.
— Qaerdasan, olisdamisan? — eri ertalabkidek xotirjam gapirardi. Uch kun burungi xavotir yo‘q edi ovozida.
— ...
— Bugun rahmatli onam tushimga kiribdi. Tarvuz topishimni buyurdi. Xavotir bo‘lma, men borman-ku, deydi. Sen uchun onam ham bezovta yuribdi, Mohi...
— Men esa o‘ngimda ko‘rdim onangizni. Shu bugun, hozirgina... qolganini uyda gapirib beraman.
Mohira telefonni o‘chirib ulgurmay, yoniga taksi kelib to‘xtadi. Uning yonida bir zumgina to‘xtab oldi-da, yana bamaylixotir mashinalar daryosiga qo‘shilib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.