OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulruh Yormatova. Tiniq momo (hikoya)

Muzli yerda avval otning dupur-dupuri, keyin qattiq kishnagani eshitildi. Mast uyquda yotgan Mahmud polvonning ko‘zlari birdan charaqlab ochilib ketdi. Uzoq-uzoqlardan Qorato‘shning kishnagani eshitilgandek bo‘ldi. Polvon irg‘ib o‘rnidan turdi. Egniga choponini ilgancha, paypaslanib bo‘sag‘ada turgan etigini qidirdi. Apil-tapil paytavasini oyog‘iga o‘radi-yu, tashqariga o‘qdek otildi. Achchiq izg‘irin yuzini, badanini chimchilab olgandek bo‘ldi. Shunda chopon ustidan belbog‘ o‘ramay chiqqani esiga tushdi. Ammo uyga qaytib kirishga sabri chidamay, choponi barini yalovdek halpiratgancha otxona tomonga yugurdi. Muzlagan yerda toyg‘ona-toyg‘ona otxonaga yetib borgach, lang ochiq eshikni ko‘rib, yuragi shuv etdi.
— Qorato‘sh!.. — dedi oti shu yerda yurgandek atrofga alanglab.
Ammo atrof sokin edi. Go‘yo polvonning yollari quyosh nurida tovlangan qizg‘ish tanli oti bo‘lmagandek, ingichka va uzun-uzun oyoqlarini osmonga gajak qilib kishnaganda biya otlar qulog‘ini ding qilib, bu sadoga quloq tutmagandek. Polvon devordagi mixga ilingan qamchini oldi-yu, lang ochiq darvozadan o‘zini tashqariga urdi. Bo‘g‘ziga tiqilgan mushtdek alamni arang yutib telbavor yugurarkan, Qorato‘shini qaerdan va qanday izlashni bilmasdi. Polvon shu ko‘yi tonggacha qishloqni izg‘ib chiqdi.
Tog‘ boshidan quyosh mo‘raladi. Polvon xuddi bor-budidan ayrilgan telbavor kimsadek yugurdi-yuguraverdi. To qor bosgan tepaliklarga tirmasha-tirmasha hansirab qolguncha tinim bilmadi. Nazarida, tong sukunatini titratgan nolali kishnash aynan shu kar-soqov tepaliklar bag‘ridan eshitilgandek edi. U ot tuyoqlari izidan mo‘ljallab yana yurdi. Ammo eng katta tepalikka yaqinlashgach, birdan izni yo‘qotdi. Katta yuk mashinasi g‘ildiragining botiq iziga ko‘zi tushganda, yuragidan nimadir uzilgandek, qor ustiga o‘tirib qoldi: “Demak, Qorato‘sh yuk mashinasiga ortib ketilgan!”. So‘ng xuddi mashina izidan barcha sir-asrorni bilib oladigandek unga sinchiklab termildi. G‘ildirak izlarining uchtasi bir xil — quticha shaklida, ammo to‘rtinchisi archasimon iz edi. Demak, mashinaning uchinchi g‘ildiragi boshqacha.
— Qorato‘sh! — dedi eng baland tepalikka chiqqach, peshonasi va yuzlaridagi reza-reza terni kafti bilan sidirib. Uning nazarida Qorato‘sh mashinadan tushib qochgan, qaysi bir archa daraxtining ostida turgandek tuyulardi. Ammo nolasi qorli dalalar uzra singib ketdi. Oppoq choponga burkanib olgan dala-tuz tinchimni buzma, degandek, boqi-beg‘amlarcha xo‘mrayib, yastanib yotardi. Polvonga alam qilib ketdi. Tuyoqlaridan o‘t chaqnaydigan shunday oti yo‘qolsa-yu, butun borliq hech narsa bo‘lmagandek, bemalol mudrab yotsa-ya...
— La’nati!.. — dedi u bor ovozda baqirib.
Tepaliklardan sal narida viqor bilan kerilib turgan tog‘u toshlar aks-sado berdi:
— La’nati, la’nati...
Polvonning nazarida, haqorati o‘ziga qaytib kelgandek bo‘ldi. Beixtiyor ko‘zlaridan sizgan ikki tomchi yosh yonoqlarini kuydirdi. Qorato‘shining topilishidan hali umidini uzmagan bo‘lsa-da, ammo ich-ichidan toshib kelayotgan alam uning butun borlig‘ini kuydirib, naq yuragiga olov purkayotgandek edi. Polvon shiddat-la pastga qarab yugurdi. Tepalikdan qiyalatib tushish lozimligini ham unutib, boshiga tosh bog‘langandek pastga og‘ib keta boshladi. Endi to‘xtashga ming chandon urinsa-da, buning sira iloji yo‘q edi. Tepalik bag‘riga pardek qo‘ngan qorlarni to‘zg‘itib, bir quyun misol pastga uchib borardi. Agar shu tarzda qulasa, soylikdagi qirra toshlarga urilib, vujudi tilka-pora bo‘lishini bilib, o‘zini orqaga tashladi. Qor to‘zonlar har tomonga to‘zg‘ib ketdi. Belbog‘siz choponi tepaga sidirilib, olovdek yonayotgan vujudiga muz parchalari jazillab yopishgandek bo‘ldi go‘yo. Ammo polvon parvo qilmadi. Qorato‘sh bo‘lmagandan keyin olovda jizg‘anak bo‘lmaydimi vujudi?..
Polvon kechga qadar Qorato‘shni qidirib, hech joydan topolmay shalvirab qishlog‘iga kirib keldi.
“Nima bo‘ldi, nega bunday devonavash bo‘lib yuribsan?” deya so‘ragan hamqishloqlari va tanish-bilishlariga lom-mim demadi. Chunki u “Otim yo‘qoldi”, deya arz-dod qilishni “Xotinim yo‘qolib qoldi”, degan gap kabi or deb bilardi. Rahmatli bobosi ham “Erkak kishi xotini bilan otini maqtamaydi”, degan gapni bot-bot takrorlardi. Shu bois Qorato‘shining izsiz yo‘qolgani polvonning ichida qoldi. Hatto xotini va bola-chaqasiga ham lom-mim deb og‘iz ochmadi. Erining telbavor yurganini o‘zicha tusmol qilgan xotini bir kun qaynonasining oldiga maslahat so‘rab bordi.
— O‘g‘lingiz otini yo‘qotib, tentak bo‘lay deyapti, siz bexabar yuravering, — dedi ko‘zidan shashqator yosh oqizarkan.
Yoshi to‘qsonga borib qolgan bo‘lsa-da, tik qomatli, dadil va kesib-kesib gapiradigan Tiniq momo avvaliga kelinining gaplarini qosh chimirib tinglab turdi. Chamasi, unga kelinining arz-dodi yoqmadi. Burgut qarash qilib turishidan “Gapir-a, gapir, ichingda qolmasin”, degan ma’noni uqish qiyin emasdi.
— Ko‘zingning suvini oqizib bo‘ldingmi? — dedi kampir axiyri kelini jim bo‘lgach.
Kelin esa qaynonasining qitiq-patiga tegib qo‘yganini sezib, boshini yelkalari ichiga olib, yerga qaradi.
— He, betingni kuchuk yesin sening, — dedi Tiniq momo uning aybdorlarcha bosh egib turganidan battar tutaqib. — Polvon tentakdek yurgan bo‘lsa, sening ko‘zing qayoqda edi? Bir erning ko‘nglini ko‘tarolmasang, ayol bo‘lib nima qilib yuribsan?! Yelkangda ko‘tarib yurganing kallami yo kadi?
— Men nima qilay? — dedi boyagina ovozi qattiq-qattiq chiqayotgan kelin ayb ish qilgan boladek arang shivirlab.
U qaynonasining endi qarib qolgan, deb o‘ylab ehtiyotsizlik qilib qo‘yganidan tilini tishlagan, haliyam shashti baland kampirning vajohatini ko‘rib, burgutdan pusgan polapondek birdan popugi pasayib qolgandi.
— Ming‘irlamay qattiqroq gapir, — dedi kampir battar jahl otiga minib.
— Men nima qilay deyman?
— Dard qil, balo qil! Qani, oldimga tush-chi!
Tiniq momo dast o‘rnidan turdi-yu, keliniga parvo ham qilmay, qo‘lini orqasiga qilib, qaddini g‘oz tutgancha darvoza tomon yurdi. Kelin bilmasdan tiliga erk berib qo‘yganidan yuragi po‘killabgina unga ergashdi.
Qaynona-kelin oldinma-keyin uyga kirib kelganda polvon cho‘yan pechkaning yonida ko‘kragini yerga bosib, miq etmay yotardi.
— Ha, polvon bundaygina, — dedi Tiniq momo eshikdan kirarkan, o‘g‘liga ta’nali boqib.
— Keling, ona, — deya polvon onasiga salom berib, qaddini ko‘tardi-da, ko‘rpachaga chordona qurib o‘tirdi.
— Eri o‘lgan xotindek tumshayib olibsiz... — dedi Tiniq momo yuziga fotiha tortarkan, o‘g‘liga o‘qdek ko‘zlarini qadab.
U o‘g‘li davralarda tovoq olib kurash tushadigan bo‘lganidan buyon uni “siz-siz”lar, el hurmat qilib, tan olgan polvonning onasi bo‘lsa-da, senlashni o‘zi uchun uyat deb bilardi. Ammo o‘g‘lining hozirgi turishi uning jahlini chiqarayotgandi. Kim aytadi buni polvon deb? Bir otga shuncha azami? Kampirning nazarida, o‘g‘li sira o‘ziga o‘xshamayotgandek edi. Uning ana shunday ayolmijoz bo‘lib, uyga qamalib o‘tirishida negadir kelinini aybdor deb bilar, “Alohida ko‘chib chiqdi, deb buning jilovini qattiqroq tortmadim-da”, deya o‘z-o‘zidan ham domangir bo‘lib qo‘ydi.
— Birov o‘ldimi yo?.. — o‘g‘lining hamon yerga qarab tumtayib o‘tirishidan tutaqib ketdi kampir.
— Kim o‘ladi, ona?! — dedi polvon arang boshini ko‘tarib.
— Menam shunga hayronman. Otangiz ko‘karib chiqqaniga yigirma yildan oshib ketdi. Mening esa hali o‘lish niyatim yo‘q.
Onasining keskin-keskin gapidan uning jahli chiqayotganini sezgan polvon biroz qaddini ko‘tardi, onasidan uyaldi. Otasi vafot etgach, ham ota, ham ona bo‘lib katta qilgan onasida bir erkakning kuchi va fe’li bor edi. Turmushning mushtlari yelkasini momataloq qilganida ham “Erim yo‘q, qiynaldim”, deya birovga nola qilmadi, ko‘z yoshini do‘st-dushmanlariga ko‘rsatib yurishni o‘zi uchun or deb bildi. Dangalligi, tantiligi uchun Tiniq momoni barcha qishloq ahli hurmat qilar va shu bilan birga bu ayoldan hayiqib ham turishardi. G‘iybat qiladigan eng g‘iybatchi xotinlar ham Tiniq momoga gal kelganda tilini tishlab qolardi. Chunki nohaq gapni eshitsa, ayol chidab turolmas, o‘sha g‘iybatchini gapirganiga pushaymon qildirmaguncha ko‘ngli joyiga tushmasdi. Odilligi uchun bo‘lsa kerak ko‘pchilik undan maslahat so‘rab kelar, oilaviy masalalarda ham unga suyanishardi. Katta o‘g‘li-ku, kampirning gapiga quloq tutmay, o‘z suyganiga uylandi. Ammo o‘rtancha o‘g‘il Mahmudni uylantirayotganda kampir jonbozlikni qo‘liga oldi, erinmay qiz tanladi. Axiyri shu tegirmonchining qizi Gulbahorga to‘xtaganda polvon ham mayl bildirdi. Katta kelini o‘g‘li bilan shaharga ko‘chib ketgani bois kampir unga qaynonalik qilishga ulgurolmagandi. Ammo Gulbahorga astoydil qaynonalik qildi. “Gah” desa, qo‘liga qo‘nadigan bo‘lganidan so‘nggina alohida uyga ko‘chirib yuborib, kenjasini uylantirdi. Kampir “Gulbahorni o‘z tutimimga o‘rgatdim”, deb erta suyungan ekan. Mana, yil to‘lmay, kelinning jilovi bo‘shab, tili ikki qarich o‘sib ketibdi. Hammadan ham kampirning diliga hozir kelinining mana shu qilig‘i ozor berayotgandi. O‘g‘liga gapirardi-yu, ko‘z qiri bilan keliniga qarab-qarab qo‘yar, aftidan, uni chaqib olishga bahona topolmayotgandek edi.
— Ot yo‘qolgan kuni sen qaerda eding? — dedi axiyri kampir keliniga g‘azab bilan tikilib.
Kelin shu qarashning o‘zidayoq adoyi-tamom bo‘ldi.
— Uydaydim, — dedi yerga boqib.
— Uyda bo‘lsang, ering ot qidirib uydan chiqib ketadi-yu, sen bilmaysanmi? — uning jon yeridan ushladi kampir.
— Men narigi uyda bolalar bilan...
— Himm, — lablarini istehzoli jiyirdi kampir. — Polvonning bir o‘zini yakka uyga ayirib qo‘ygandim, de...
Onasining gapidan polvonning ori keldi:
— Unday emas, men o‘zim...
— Xotinlarning gapiga aralashma sen, — uning so‘zini shart kesdi kampir. — Xotiningning tarafini ola-ola, o‘zingam xotinga o‘xshab qolibsan.
— Ona! — polvonning ko‘zlaridan cho‘g‘ sachrab ketgandek bo‘ldi.
— Onang o‘lib, onasiz qol, iloyim. Seni shunday mumsik qilib tarbiyalaganmidim? Kim aytadi seni Botir polvonning o‘g‘li deb? Bir otga shuncha azami?! Ko‘tar o‘mganingni, erkakmisan o‘zi?
Polvon beixtiyor onasiga baqirib yubordi:
— Ona, yongan yuragimga olov purkamang siz ham!
— Nima qilay? Senga o‘xshab uyga qamalib aza ochib o‘tiraymi?! Oting yo‘qolgan ekan, bunday og‘a-iningni xabardor qilmaysanmi, birgalashib qidirishmaydimi? Aka-ukani nimaga tug‘adi ona? Bir-biriga panoh bo‘lsin debmi?!
— Otim yo‘qoldi, deyishga or qilaman, ona, bildingizmi, or qilaman! Bobom rahmatli “Erkak kishi oti bilan xotini haqida gapirmaydi”, derdi. Men ham shu bois chor ko‘chaga jar solgim kelmadi.
— Manavi aza ochib o‘tirishing-chi?! Or qilmaysanmi shu turishingdan? Otini gapirishga uyalgan odam uning uchun aza tutishdan uyalmaydimi? Shu turishing bir xotinni deb tarki dunyo qilgan tentakni eslatmaydimi?! Yo‘qolgan narsaga achinishni kimdan o‘rganding sen? Xudo “Mana senga”, deb joningni yo farzandingni olsa, nima qilarding?!
Tiniq momo yana ancha gapirdi. Jonga qamchi soladigan gaplaridan kelinini ham bebahra qo‘ymadi. Kelin yerga qarab piq-piq yig‘ladi, polvon uf tortdi. So‘ng kampir qanday kelgan bo‘lsa, shunday ketdi. Ammo onasining tashrifi polvonning ko‘zlarini yarq etib ochib qo‘ygandek bo‘ldi. Qulog‘i ostida “Otini gapirishga uyalgan odam unga aza tutishdan or qilmaydimi?!” degan gaplari hamon jaranglab turgandek edi. Birdan ko‘ksini ayovsiz g‘ijimlab yotgan og‘riq tarqalgandek bo‘ldi. Onasi uning aynan yuragiga malham qo‘yib ketgandek edi...
Ertasi kuni polvon xuddi uzoq uyqudan uyg‘ongandek ilkis o‘rnidan turib, deraza osha hovliga nazar soldi. Bolalari chug‘ur-chug‘ur qilib ayvonda o‘ynab yurishardi. Xotini esa o‘z yumushi bilan band. Uy burchagida nimanidir o‘zicha o‘ynab o‘tirgan uch yoshli o‘g‘li ahyon-ahyonda otasiga qarab-qarab qo‘yar, aftidan, otasining bunday kayfiyatidan bolaning qalbi ozurda edi. Polvon bir-bir bosib, oti yo‘qolgandan buyon yoniga yaqinlasholmayotgan o‘g‘ilchasining oldiga bordi va uni avaylabgina tizzasiga o‘tqazdi. Beixtiyor Qorato‘sh bilan o‘g‘lini taqqosladi. Agar Qorato‘shning o‘rniga o‘g‘li yo‘qolganda nima bo‘lardi? Miyasiga kelgan bu noxush o‘ydan tovonigacha muzlab ketdi. So‘ng xuddi o‘g‘lini birov undan yulqib oladigandek, qattiq bag‘riga bosdi, sarg‘ish sochli boshidan mehr bilan o‘pdi. Bolakay esa ancha kundan buyon boshqacha bo‘lib qolgan otasining yana avvalgi holiga qaytganidan o‘zida yo‘q shod edi.
— Ota, otga mindirasiz-a? — dedi otasining yarador yuragiga tegayotganini sezmay.
Polvon yana ma’yuslanib qoldi.
— Qorato‘shga mindiring, ota, — dedi bolakay battar xarxasha qilib.
— Qorato‘sh endi yo‘q, o‘g‘lim.
— Nimaga, bo‘ri yeb qo‘ydimi? — dedi o‘g‘li xavotir bilan.
Bolaning soddadilligidan polvon beixtiyor kulib yubordi.
— Ha, yeganda ham och bo‘ri yedi, — dedi xo‘rsinib.
— Endi nima qilamiz?
— Endi ot bo‘lib o‘zim seni mindiraman.
Polvon shunday deb cho‘kka tushdi-da, yelkasini o‘g‘liga tutdi. Bolakay xursandligidan sakrab, otasining yelkasiga tirmashdi.
— Ure, otam ot bo‘ldi, — dedi uning quloqlaridan tortqilab.
Shu payt eshik ochilib, uyga Mahmud polvonning katta akasi Murod kirib keldi.
— O‘-hu, otning zo‘ridan topibsan-ku, — dedi jiyaniga hazil qilib.
Polvon akasini ko‘rib, o‘g‘lini yelkasidan tushirdi. So‘ng u bilan qo‘l berib ko‘rishdi.
— Oting yo‘qolib, o‘zing ot bo‘lib yotibsanmi deyman, — dedi akasi beg‘araz jilmayib.
— Yuragimni tirnamang, aka, — dedi polvon qovog‘ini solib.
— Yuraging tirnalmasin, Qorato‘sh topildi!
Polvon akasining chin yoki yolg‘on gapirayotganini anglolmay, biroz anqayib turdi. So‘ng uni hazil qilayapti, deb o‘yladi, shekilli, behafsala qo‘l siltadi:
— Qo‘ying, aka, ustimdan kulmang.
— Tentak bo‘lib qolibsan. Shuncha yo‘ldan seni ustingdan kulish uchun keldimmi? Qorato‘sh topildi, rost, nega ishonmaysan?!
Akasining gapidan polvon biroz taraddudlanib qoldi.
— Aldamayapsizmi? — dedi yana ishongisi kelmay.
— Nega aldayman? Yur, o‘zing ko‘zing bilan ko‘r...
Akasi shunday deb ota-bolani hovli tomonga boshladi.
Yuragida kuchli bir hapqirish bilan Mahmud polvon hovliqib tashqariga chiqdi. Chiqdi-yu, hovli adog‘idagi yo‘ng‘ichqapoyada kirt-kirt o‘t chimdib yurgan, qizg‘ish badani quyosh nurida yal-yal tovlanayotgan kichkina toychaga ko‘zi tushdi va birdan hafsalasi pir bo‘ldi.
— Aka, shunaqa hazil yuragimga sig‘adimi hozir? — dedi akasidan astoydil ranjib.
Akasi qah-qah otib kulib yubordi.
— Sen oldin unga yaxshilab razm solgin, — dedi so‘ng polvonning bilagidan ushlab, o‘sha tomonga yurishga undarkan.
Polvon akasining ko‘ngli uchun toycha tomon bir-ikki qadam tashladi.
— Qara, Qorato‘shingdan qaeri kam buning? Aynan o‘zi-ku. Qaytanga undan ko‘ra baquvvatroq ham.
Polvon qiziqsinib, toychaga yaxshiroq razm soldi. Haqiqatdan ham, qizg‘ish yollari shamolda hilpirayotgan kichkina qulun xuddi Qorato‘shning yoshligi edi. Hatto to‘shidagi bir parcha qora yoli ham aynan uniki. Mahmud polvon beixtiyor yerga cho‘kkalab, toychaning yollarini siladi.
— Qorato‘sh, — dedi so‘ng ohista pichirlab. — Qaerdan topdingiz buni, aka?
— Uzumini yegin-u, bog‘ini so‘rama, — iljaydi akasi.
— Rahmat, aka, — deya Mahmud polvon sevinchdan dir-dir titrab, toychaning yollarini mehr bilan siladi.
Quchog‘ida tipirchilab, otilmoqqa shay bo‘lib turgan qulun yuragidagi Qorato‘shdan qolgan yaraga malham bo‘layotgandek edi...
Aslida ot yo‘qolganini Tiniq momo o‘sha kuniyoq bilgandi. “Polvon kelarmikan”, deya uch kun kutdi. Polvondan darak bo‘lavermagach, katta o‘g‘lini yoniga chaqirdi:
— El oldida uchta o‘g‘lim bor deb maqtanardim. Adashgan ekanman. Bittayam o‘g‘lim yo‘q ekan. Boriyam... — Momo bir gap aytmoqchi bo‘ldiyu, o‘pkasi to‘ldi.
— Nega unday deysiz, ona? — dedi katta o‘g‘il hayratlanib.
Tiniq momo bo‘lib o‘tgan voqeani qisqacha gapirib berdi:
— Ukangga bitta ot top. Qorato‘shga o‘xshagan bo‘lsin... Pulini o‘zim beraman.
O‘g‘lidan polvonning quvonganini eshitib Tiniq momoning ko‘ngli xotirjam tortdi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 49-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.