To‘polondaryoning tentagi bir tutsa yomon tutadi. Pishqirib, o‘zanini o‘piradi. Mana, qirq xo‘jalik yashaydigan Chalpaktepani birpasda yuvdi-ketdi. Xotin-xalaj, bola-baqra dod solib qoldi. Ofatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi, degani shu-da. Hech nimaga shafqat qilmay, gumburlab oqaverdi.
Jala azonda tindi. Odamlar ko‘rdiki, tepalik o‘rnida qip-qizil bo‘tana qaynayapti. Chalpaktepaliklarning yuragi achishdi, eti uvishdi. Bo‘ri oqsoqol tepadoshlariga taskinu tasalli berdi: “Qiy-chuv qimanglar, falakning ishiga shak yo‘q. Azaldan shunday: boshga tushganni ko‘z ko‘radi. Hali Chalpaktepadanam yuksak tepada yashaymiz. U yerlarga To‘polonning qulochi yetmaydi. Bu tepalar hali bi-ir gurkiraydi-ki... Meniyam aytdi, deysilar”.
Oqsoqolning bu gaplari taskin edi, xolos. U yaxshi bilardiki, hali ko‘nglida armonlar to‘nglaydi. Endigi Chalpaktepasi osmon borabar bo‘lmaydimi, baribir sel urgan qishlog‘ini qumsayveradi. So‘nggi nafasgacha eslaydi. Asov bo‘lsa-da, To‘polonniyam sog‘inib qoladi. Ana shu damlarda bobosi aytmish hikmat yodiga tushadi: “Mardumni vatanidan ayirmasin! Xudo ko‘rsatmasin, tuprog‘idan ajradimi, tamom, yurak kuyib ado bo‘ladi”. Bo‘riboy shuni o‘ylaydi-yu, tin oladi. Osmonga boqadi. Bulutli osmondan hech nimani anglolmaydi. O‘z-o‘zicha to‘liqadi. Bo‘g‘zidan nimadir bug‘ayotganday bo‘ladi. Odamlardan xolisroqqa borib: “Ukkag‘arning To‘poloni, daryo bo‘lsang, tez oq-da! Sho‘rimizni quritding-ku! Sen o‘zi tentak daryosan!”, deydi.
Uch kun tugal yo‘l bosib, daryo suvini ichgan elmasmi, yana kelib Qizilsuv daryosi bo‘yidagi baland yonbag‘irga qo‘ndi. Qizilsuvning shashti past, yoyilib oqadi. Uning o‘ng betida qadim Chag‘oniyonning xarobasi — Oqmozortepa, undan narida Zahartepa, Kuloltepa, Qisirtepa, so‘ng ulkan yaylov bor. Yaylov ortida Surxoni azim bir shoda oltinday tovlanadi.
Daryoning so‘l yoni esa bepoyon dara. Darani ko‘rib, Bo‘riboyning guppiligi tutdi. Qulochini keng yoyib dedi: “Mana, bizding yangi yurt. Jodrab-jodrab, dunyoning yarmini egallab yashanglar. Ko‘rganlaring to‘y, yeganlaring osh bo‘lsin, bovurlarim. Bugundan bu joyning oti — Chalpaktepa. Shu yerda kovulday tomir yozinglar”.
Odamlarning chehrasiga tabassum yugurdi. Keksalar: “Beshigimizu tobutimiz shu bo‘lsin”, deb tuproqni o‘pdi. Ayni damda odamlarning vatanga bo‘lgan mehri battar iydi, ichdagi g‘am-g‘ussa yosh bo‘lib qalqdi. Shu zamon Do‘sa kaypangning o‘rtanchasi — Eshmo‘min shoir: “Hov, Bo‘ri bobo, shu Chalpaktepadan boshqa ot qurib qoldimi bizga? Ana, Parij, Rim deganga o‘xshash otni qo‘ysak-chi? Chalpaktepasi nimasi? Axir, Chalpaktepa endi yo‘q, uni nomu nishoni bilan sel yutib ketdi. Abadul-abadga... ”, deydi.
Oqsoqol dovdirab qoldi. So‘ng, ko‘z qiri bilan bosib qarab, ichida changini chiqarib so‘kdi: “Tiling qirqilsin, sen shoirvachchani! To‘rtta kitob o‘qib, aqling g‘ovlab qoldimi? Ahmoq, qumsangir!”. U doim nafratini ichiga yutadi. Oqsoqolligini o‘ylaydimi, tashiga chiqarmaydi. Lekin olomonning qahri yomon qo‘zidi shunda. Ikki daroz o‘zini bosolmay Eshmo‘minning tumshug‘iga soldi, shoir kesilgan daraxtday yerga quladi. Do‘sa kaypang chidab turolmadi. Ota-da, hassasini qulochkashlab haligilarning beliga tushirdi. Ortidan o‘dag‘aylab: “Bir og‘iz gapga shunchami-a? Quturgan itday tashlanasan, hammang. Chalpaktepaning boshiga To‘polon yetdi. Gaping bo‘lsa, ana, daryoga borib ayt! Bolamda nima ayb?”.
Eshmo‘min malomatga qoldi. Qishloqdoshlarining esariyam, besariyam yovqarash qilib yurdi unga. To‘yu marakalarda pinhona shivirlashib uni yakkalagandek bo‘laverdi. Odamlarning bu qilig‘i yigitga alam qildi. Uzlatga chekinib ich-etini yedi. Oxiri oqsoqoliniyam, boshqasiniyam la’natlay-la’natlay, Zarkentga ketdi. Yo‘lga tushayotganida otasi ko‘p yolvordi: “Qaysarlik qilma, bolam. Ko‘cha-ko‘yda bosh ko‘tarib yurishimizni o‘yla. Buyog‘i... buyog‘i meniyam bog‘lab qo‘ygani yo‘q. Issiq jon. Odamlarmi? Ularni qo‘y, hali hovuridan tushadi, hammasi unutilib, apoq-chapoq bo‘p ketasizlar”. Eshmo‘min o‘ziga yetari qaysar edi, unamadi, to‘rvasini yelkaga tashladiyu ketdi.
* * *
Chalpaktepaliklar toshdan uy, paxsadan molxona soldi. Har uy orasi tovush yetar uzoqlikda. Qo‘shnilar bir-birovini imlasa ko‘radi, horma-salomat qiladi. Shunday qilib yangi Chalpaktepa qishlog‘i qad ko‘tardi.
Kech kuzakda yangi qishloqda to‘y bo‘ldi. To‘yga tevarakdagi ovullar yoppa xabar qilindi. Biri qo‘y, biri echki yetaklab keldi. To‘y bahona ko‘rishib-tanishib, bovurlashdi. Bo‘riboy mehmonlarga elining kimligini aytdi: “Toqchining qatog‘on urug‘imiz. Mard, tanti, to‘pori chalpaktepaliklarmiz”.
Shunda pismiqroq bir mehmon: “Oqsoqol, bu tep-tekis dara bo‘lsa, ko‘zga ko‘rinarli tepasi bo‘lmasa, nimasi Chalpaktepa?”, dedi.
Pismiqning luqmasi oqsoqolga yoqmadi. Ko‘zining osti bilan unga qaradi-da, tomog‘ini qirib, gurilladi:
— Chalpaktepa — ota yurtimiz. Bir zamonlar Bo‘ritosh bobom Hisorga chiqib qishlog‘imizga qarasa, xuddi chalpakka o‘xshab ko‘rinibdi. Shungacha nomi oddiy tepa ekan. Kela solib, gapga yetar odamlar bilan maslahat qilibdi. So‘ng Chalpaktepa, deb nom beribdi. Qurg‘ur ko‘ksi baland tepa edi. Oyog‘i ostidagi to‘polonni ko‘rdim demasdi. Oxiri yuvdi-ketdi. Falokat oyoq ostida degani shu-da!
* * *
U paytlar shoir yosh edi, do‘mbillab chopib yurardi. O‘zi bir qarichu or degan narsani bilardi: opalari, onasini tez-tez tergab turardi. Ayniqsa, bu odati bobosi Xurram kalga yoqib tushardi. “Shu bachcham kattarsa qozi bo‘ladi”, deb suyinardi u. “Qozi bo‘lasanmi, bolam”, deb so‘rardi bobo qitig‘iga tegib. Nabira nayrangni tushunmasdi, g‘o‘ddaygancha: “Ha, qozi bo‘laman”, deb javob berardi.
Qozi bo‘lgich ko‘p kitob o‘qiydi. Qishloq kutubxonasida no‘g‘ay xotin mudir edi. U Eshmo‘minni surub adabiyot kitoblarini o‘qishga undaydi. Bola faqir kutubxonaga girdi-kapalak. Hech kimni tergamaydi, o‘zi bilan o‘zi ovora. Maktabni tugatayotib, qozilik orzusini unutdi-qo‘ydi, ma’ni-matrasiz she’rlar yoza boshladi. Enasi: “Shuyam kasb bo‘ldimi, ulim, yigitning ishini qilsang-chi?! Ana, ot min, uloq chop”, deb urishardi. U bilganidan qolmaydi. Dunyotepaga chiqadi-da, she’r yozaveradi. -Bo‘riboy buni ko‘rib, quvonadi: “Shu ukkag‘arning bolasidan bir nima chiqadi-yov. Nuqul Dunyotepada o‘qiydi. Dunyotepada xislat ko‘p, bolam, g‘ayrat qip o‘qi, kam bo‘miysan!”.
Oqsoqolga shoir bolaning ayni shu tepalikda kitob o‘qigani yoqadi. Dunyotepani oqsoqol kashf etgan-da. Bir ko‘klamda qovoq ekayotib ko‘zacha topib oldi. Qarasa, ichi to‘la tanga. Ko‘kish, qizg‘ish tangalar. Oqsoqol shosha-pisha tanganing birovini tishlab ko‘rdi, iz qoldi. Quyoshga tutib qaradi — yaltilladi. Shunda Bo‘riboy mard ketdi. “Bu Chalpaktepaning boyligi”, dedi va qishloqdoshlarini chaqirib, bittadan ulashdi. Shundan keyin tepa Dunyotepa nomini oldi.
Shoir poyezdda ketayotib shularni o‘ylaydiyu xo‘rsinadi. “Ey, Dunyotepanggayam sening... Qaerga qarama, tepa — Falonchitepa, Pismadonchitepa. Tepasiz qishloq yo‘q, bizda. Agar oynaday yalanglik bo‘lsa, ungayam ot topadi: Yalangtepa”.
* * *
Oqsoqol bosinqi tushlar ko‘rdi. Tushida otasi koyidi. Avvaliga tushini hech kimga aytmadi. Boz tush ko‘rishi ko‘payavergach, ayoliga yorildi:
— Kampir, — dedi o‘smoqchilab. — qariyapmizmi-a?
Momo parvo qilmadi. Sababi cholining fe’lini biladi. Bir qarasang, qariyapman, bir qarasang yana biroviga uylansam-chi, deydi. Xullas, aylanadi-o‘rgiladi, kampirining jig‘iga tegadi.
— Behazil, momosi. Uyqu beti ko‘rmayapman.
— Shunday bo‘lsa, poshikastalarni kamroq o‘ylang-da! Yaxshi uxlaysiz.
Oqsoqolning jahli chiqdi. “Ukkag‘arning kampiri, boslig‘ayapman, uqdingmi, -boslig‘ayapman. Tushimga otam kirayapti. Oqibatsiz ulini urishayapti. Sen bo‘lsa -poshikasta, deysan”.
Kampir sergak tortdi. “Qaerdan bilay, eski jirtakiligingizmi, depman-da. Bunday ekan, irim-sirimini qilaylik”.
— Nuqul shundaysan, kampir, gap tagidagi gapni anglolmaysan, xolos. Boshqa hamma baloga fahming yetadi. Ko‘ngil esa safar tusayapti, ota yurtga safar.
Oqsoqol safar haqida Xoliqboyga aytuvdi, xo-xo-lab kuldi: “Bu deyman, har tush -ko‘rganingizda To‘polonga borib-kelarkanmiz-da, a, oqsoqol?!”.
— Buni tushunolmaysan, — dedi Bo‘riboy. — Ikki dunyodayam tushunmaysan. Senga halloslab yurish bo‘lsa, bas. Bu xil gaplar senga yot...
Shu orada Do‘sa kaypang kelib qoldi. Ikkovi allaqachon inoqlashib ketgan. U oqsoqolni jim tingladi. “To‘g‘risi, birovga aytishga uyalaman, dedi, To‘polonni ko‘pdan beri sog‘inaman. Izmim qo‘limda bo‘lsa, hozir ketaman”.
Bilishsa, chalpaktepalik bari keksaning ko‘nglida shunga o‘xshash gap bor ekan. Ular so‘nggi nafasgacha To‘polonga qatnadi, ammo ko‘kragining burchi kemtik bo‘lib qolaverdi.
* * *
O‘tgan sarotonda Eshmo‘min bilan oqsoqolning to‘ng‘ichi Elomon o‘qishga otlandi. Oqsoqol ularni ketishdan avval qo‘y so‘yib siyladi. Qiblaga yuzlandi-da, nasihat qildi: “Bolalarim, uchta narsadan saqlaninglar — yolg‘on gapirishdan, birovga tuhmat qilishdan va ko‘rolmaslikdan. Faqat yaxshilik qilinglar. Yaxshilik — mangu yashaydi. Chalpaktepani unutmanglar! Uni doim sog‘ininglar! Aytib qo‘yay, ana shunda murodga yetasizlar”.
Ikkovi ko‘chani changitib ketdi. poyezd Elomonni Termizga, Eshmo‘minni Zarkentga eltib qo‘ydi. Katta shaharni ko‘rib shoirning og‘zi ochildi. Hammayoq yaltillaydi. Odamlari ham sipo, chiroyli. “Madaniyat shaharda bo‘ladi degani shu-da” deb o‘yladi shoir. O‘ziga boqdi: keng-mo‘l kiyimi, to‘r bosgan yuzi-yu qadoq qo‘llari... uyaldi. Boshini egibroq yurdi. Otasi aytgan momoning uyini kirakash orqali topdi. Yerga biqinib ketgan uy ekan... Mana, oradan bir yil o‘tib, shoir yana shu uyga mehmon bo‘lib keldi.
— Vey, shoirmisan, yaxshi keldingmi, o‘g‘lim?, — deya xursand kutib oldi kampir.
— Rahmat, ko‘zingizdan uchganday yana keldim, — dedi Eshmo‘min.
— Yaxshi-da, ilm olish — saodat, bolam. O‘qi! Qalay, chalpaktepaliklar yaxshimi? Qarang, otni qarang, qanday original!
— Salomat. Sizni so‘rashdi, salom ayt, deyishdi.
— Bo‘ri-chi?
— Zo‘r.
Shoir gap orasida Chalpaktepani sel urib ketganini aytdi. Buni eshitib kampirning rangi bo‘zday oqardi. Qaltiradi, g‘uldirab, gapining kalavasini yo‘qotib qo‘ydi. Eshmo‘min uni tinchitish uchun: “Hamma sog‘u salomat, boshqa daraga ko‘chib, uy-joy ham qurib oldik”, dedi. Baribir, bekaning ko‘ngli behuzur, Chalpaktepaga achinib yurdi.
Kampir — tarixchi olima. Ko‘p tarixiy joylarga ekspeditsiya qilgan. To‘polondaryoning tarixini o‘rganaman, deb Chalpaktepagayam borgan. Haftalab daryo kechgan. So‘ngra maqolalar, chalpaktepaliklar va oqsoqol haqida “Chalpaktepa vijdoni”, degan esse yozgan. Unga bu qishloqning dangal va to‘pori odamlari yoqib qolgandi. Shu bois hozirgacha yo‘qlab turadi.
Eshmo‘min kampirning uyiga tez ko‘nikdi. Beka qalamkashmasmi, shoir bolaning qofiyasiz, ammo jaydari, samimiy she’rlarini o‘qib kular, ba’zi maslahatlar berar, hatto “Adabiyot nazariyasi” degan kitob ham tuhfa qildi. Kitob, ayniqsa, imtihon payti asqotdi. Lunji osilib tushgan, oqsoch professorning “Go‘zallik nima?”, “Konflikt-chi?” degan savollariga boplab javob berdi. Yonidagi ko‘zoynakli domlalar bilan nimanidir sekin gaplashdi, yozgan inshosini, unga tirkalgan ikkita she’rini qayta o‘qidi. Professorning chehrasi sal yorishdi. O‘ylab-o‘ylab, bahongiz “4” dedi.
* * *
Oqsoqol dunyoni Bobotog‘dan Boysuntoqqacha, deb biladi. Bolaligida otasi Bobotoqqa ko‘pkariga olib borgan. Kun chiqar tomon adoqsiz o‘rkach edi, ustini qalin tuman qoplab yotardi. Mehmon bola juda hayratlandi. Yonidagi mezbon bolani turtib so‘radiki: “Bu tovlarning naryog‘ida nima bor?”. Bobotog‘lik aytdi: “Bu tog‘larning orqasida quyoshning uyi bor”. Bo‘ri chippa-chip ishondi: “Demak, Bobotog‘ — dunyoning boshi. Xo‘sh, oxiri qaerda?”. Mezbondan yana so‘rashga iymandi. Uyga qaytayotib, otasidan so‘radi: “Ota, dunyoning oxiri qaerda?”. Ota jilmaydi. “Bola-da, har narsaga qiziqadi”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. So‘ng sodda qilib dedi: “Kun botar tomonda, bolam!”. Bo‘ri o‘yladi: “Kun Boysuntoqqa botadi, demak, Boysuntog‘ — dunyoning oxiri”. U shu fikr bilan ulg‘aydi.
Zamonlar o‘tib, Bo‘riboyning yo‘li Boysuntoqqa tushdi. Uning baland cho‘qqisiga chiqib qarasa, tog‘ ortida shafaq nuriga to‘lgan poyonsiz o‘lkalar yastanib yotibdi. “Dunyoning tubi yo‘q ekan-da, a?!”, Bo‘riboy o‘kindi. So‘ng: “Yo‘q, dunyoning tubi Boysuntog‘”, dedi o‘jarlik bilan.
Safardan qaytdi-da, ko‘ringan odamga aytib yurdi: “Birodorlar, shu desanglar, butun dunyoni ko‘rdim. Mashriqdan to mag‘ribgacha. Ko‘rdimki, dunyoning kindigi Chalpaktepa ekan. Quyosh xuddi Chalpaktepa ustida qiyomga kelarkan”.
* * *
Shoirning talabalik davri ham shamolday o‘tdi-ketdi. To‘g‘risi, shoir qoyillatib o‘qimadi ham. Universitetdagi nazariyabozlikdan bezidi. Bir gal jahon adabiyoti fani o‘qituvchisi, professor Oqil Olimovichga aytdiki: “Surib tazodu talmehni yodlamasdan o‘zimizning she’rlarniyam o‘qisak yomon bo‘lmasdi”. Professor zukko edi, gapning qayrovini darrov ilg‘ab: “Ildizi yo‘q daraxt ko‘karmaydi-da, o‘rtoq Do‘sayev”, deb javob berdi. Shunda o‘rtoq Do‘sayev g‘addorligiga bordi, qo‘ynidan bir dasta qog‘oz chiqardi-da: “Nima, bular ildizsiz she’rlarmi? O‘qib ko‘ring, keyin bilasiz!”, dedi. O‘qituvchi erinmay o‘qidi, so‘ng silliqqina qilib dedi: “She’rlaringiz yaxshi. Biroq, hali pishitish kerak”. Shoir professorning e’zozini tushunmadi, saboqdoshlariga, akang qarag‘ayni ko‘rib qo‘yinglar, deganday qaradi.
Eshmo‘minning so‘nayotgan ishtiyoqi yana alanga oldi. Tinmay yozdi. Orqavarotdan “futurist” laqabini olgan dotsent bor edi. U shoirning yozganlarini kuzatdi va bir kuni yoniga chaqirib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi. Shoir qator she’rlar bitdi, ularda temir-tersakdan tortib toshlargacha gapirdi. “Futurist” domla oliygoh ro‘znomasida “Hur xayollar shoiri”, degan maqola yozdi. Maqtovdan Eshmo‘min shishdi, burnidan narini ko‘rolmay qoldi. Shu vaqtdan u shaxsiyatparastlikka berildi.
Bir gal shoir televizordan chiqib, she’r o‘qidi. Chalpaktepaliklar ko‘rdiyu, o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. “Ana, deyishdi, o‘zimizning Do‘saboyning uli. Galstugini qarang, ukkag‘arning, arbob bo‘l-e! Ha, kallangdan Eshmo‘min, bo‘sh kelma!”.
Bo‘riboyning shodligi ayricha edi. U shoirning shaddodligini unutgan, o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘radi. Jiyron otini minib, atay yon qishloqlarni aylandi. Yo‘liqqan odamga: “Kecha televizor ko‘rdingmi, Chalpaktepa shoiri Eshmo‘min Do‘sayev chiqdi. She’r o‘qidi. U bizning qishloqdan, bilib qo‘y”, dedi.
Shoir o‘qishni tamomlagach, shaharda qoldi. Barcha tengqur jo‘ralari kabi shaharning kengu tor hayotin boshdan kechira boshladi. Yozganlarini Chaqmoq taxallusi bilan chiqara boshladi. Ammo bitiklari negadir atrofdagilarga o‘tirishavermadi. “Oyog‘i yerdan uzilgan she’rlar” degan gaplar chiqa boshladi. Shunday kunlarning birida o‘zi xolis deb biladigan olimlarning tanqidiga uchradi. Hatto bir gazeta xodimi Chaqmoqqa: “She’ringizning ma’nosi ko‘kka o‘rlagan tutunga o‘xsharkan”, dedi. Shoir uni tutib so‘kdi. Bu xil gaplar boz bo‘lavergach shoirning ko‘ngli tushib ketdi. Shunday kezi unga yagona muxlisi dalda berdi: “Hammasi oldinda, zamon kimligingni anglab yetadi.” Chaqmoq she’rini to‘plam qildi hamki, zamon uni anglab yetmadi. Kitoblari sotilmay hafsalasi pir bo‘ldi. Qo‘ldan omad ketsa, yaqin do‘stlar ham yuz o‘girarkan. Chaqmoqning atrofidagilari xuddi begonadek yuz burib ketdi. Uzoq yolg‘izlik uning diydasini qotirdi, besamar kechgan umrga achinadigan, ruhan eziladigan qilib qo‘ydi. U hech qaerga sig‘madi, dardini kimga aytishni, suyanishni bilmadi. Zarkent zardobday badidan oldi. Ana shunda hayotning achchiq sabog‘i ichdagi qaysar g‘addorlikni mag‘lub etdi, tinmay ota tuproq tomon yetakladi...
...Qishloqqa tunda yetdi. To‘g‘ri Qizilsuv bo‘yidagi baland tepalikka o‘rladi. Tizzasini quchoqlab o‘tirdi. Tuproq iforidan to‘yib-to‘yib hidladi. Xayolini bolaligi — sirli xotiralar band etdi. Irg‘ishlab qo‘zi quvganlariyu, tirg‘alib minaman deganlarini esladi. Minardi ham. Enasi ko‘rib: “Juvonmarg, go‘shtini harom qilasan, u senga eshakmidi”, deb koyirdi. Eshmo‘min besar, qaysar bola edi, gapni olmasdi. Oxiri oyog‘ini qonatib olardi. Onasining yuragi achishib, yaraga bir siqim tuproq separdi. Avvaliga yara guvillab og‘rir, keyin lo‘qillab-lo‘qillab yurib yaxshi bo‘lib ketardi. Eshakdan yiqilib, tirsagi shilinganida hatto, ichi, boshi og‘riganida ham tuproqni qizitib bosardi. “Tuproq — hamma dardga davo”, derdi u. Kuzakda labi, qo‘li, tovoni tarsa-tarsa yorilardi. Onasiga yana kun tug‘ardi: yog‘ga belangan gulpaxta ustidan issiq tuproqni bog‘lab qo‘yardi. Yara bir kechada bitardi... “Eh, oltin bolaligim, aziz Chalpaktepam, sendan ulug‘ beshik yo‘q ekan dunyoda. Saodatning, murodning hosili senda ekan. Faqat mengina chinoqlikka boribman”. Eshmo‘minning o‘pkasi to‘ldi. Qorachig‘ini cho‘g‘day kuydirib yosh qalqdi. Yuziga oqdi, qo‘llariga, tuproqqa tomib, singib ketdi...
Choshgohga yaqin Bo‘ri oqsoqolning uyiga qarab yurdi. Qishloqning yangi manzarasi Eshmo‘minga yanayam aziz ko‘rinib ketdi. O‘ziga xos guzar shaklini olgan qishloq o‘rtasida qad ko‘targan maktab binosini ko‘rib Eshmo‘min turgan joyida angrayib turib qoldi. “Ey, kuchingdan, Chalpaktepaning bolalari...” deb yubordi beixtiyor. Va o‘zining aytar gapi ham beixtiyor yurish-turishiga mos kelayotganini tuyqus ilg‘ab ko‘ngli yorishdi. Eshmo‘min maktab atrofidagi yo‘lakdan yurib oqsoqolnikiga o‘tib ketdi. Uni kasal deyishgandi. Chol shoirni ko‘rib suyunib ketdi. Salom-alik qilishgach, oqsoqol shoirning shu choqqacha kezgan joylarini, o‘zi ham ko‘rgan, yigitning qisqa, ammo, achchiqqina kechmishidan boxabar kabi salmoqlab gap boshladi:
— Shu ikki tovning orasida yigit bo‘p yetildik, uloq chopdik, solimga kurash tushdik. Shu ikki tovning orasida To‘polonga mehr qo‘ydik, suvidan qonib ichdik. Ota-onadan kechib bo‘lmaydi ekan, keng hovariniyam tepa deb bildik. Katta shaharlardi ko‘rmagan bo‘lsak, ular sizlar bilan kelib-ketib turaveradi. Ho‘v, shoir ulim, shu joylardan borib televizorga chiqib yuribsan, biz munga xursandmiz!
Sen endi shu ikki tovning orasidan oqqan suvlarday bir she’rlar qil. Shular yaxshi bo‘ladi. Bizning gaplarniyam eslab qo‘yasan-da...
Eshmo‘min shoir bu gaplarning mazmunini jon qulog‘i bilan tinglar edi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 34-sonidan olindi.