OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muattar Baratova. Rayhon (hikoya)

Kuz oyoqlagan esa-da, tabiat hali ham ochilmagan qirralarini namoyon etishda davom etmoqda. Olis o‘lkalarga yo‘l olayotgan qushlar parvozida andak hazinlik seziladi. Sarg‘aygan yaproqlarning bir maromda to‘kilishi ezgin bir kayfiyat uyg‘otadi kishida. Maktabimiz hovlisi tegrasida saf tortgan adl teraklar novdalarida esa birorta ham barg qolmagan. Bu manzarani deraza orqali kuzataman, ma’yus xayollarga berilaman.
Inson ma’yus tortganda yoki boshiga tashvish tushganida o‘ziga yaqin sirdosh axtarib qoladi. Bunday kezlarda yoshning ahamiyati butkul yo‘qoladi. Hozir men shuni his qildim. Darsda o‘tirolmadim. Nimagadir yuragim toshiqib ketaverdi. Sinf rahbarimdan javob so‘radim-da, to‘g‘ri buvimnikiga yo‘l oldim. Buvim og‘ir betob bo‘lib, tuzalishlariga umid yo‘q hisobi edi. Buni buvimdan boshqa hammamiz bilardik. Buvimni ham bilmaydi deb bo‘lmasdi. Negaki, ahyon-ahyonda yig‘lab o‘tirganini ko‘rganman. Lekin oldiga borib, ko‘ngil so‘rashga negadir jur’at qilolmaganman. Balki buvimni ayagandirman. Ammo uning hayot shamlari kundan-kunga so‘nib borayotganini ich-ichimdan his etardim. Shundan siqilib, yolg‘iz qolgan paytlarimda yig‘lashga tushardim. Ko‘z yoshidan biror naf chiqmasligin bilsam-da, baribir o‘zimni to‘xtata olmas edim.
Otam bosh farzand bo‘lganlari uchun biz hovli-joy qilib ko‘chib chiqqandik. Buvim kichik amakim bilan birga yashardi. Ko‘chib chiqqanimizga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, yangi uyga ko‘nikishim qiyin kechayotgan, umrim buvimning yonida o‘tardi.
Buvim har ko‘klamda hovlini aylantirib rayhon ektirar, jo‘yaklarni xato olsak, beozorgina koyib qo‘yar, qo‘limizdan ketmonchani olib, o‘zi ishga tushib ketardi...
Shularni o‘ylab, buvimning uyiga qanday yetib borganimni sezmay qolibman. Darvozadan kirishim bilan dimog‘imga xushbo‘y urildi. Ha, bu rayhon isi! Kech kuz bo‘lsa-da, rayhon barglari butunlay sarg‘aymagan, hovliga joziba baxsh etib turibdi.
Qiziq buvim nega ko‘rinmaydi? Rayhonlar orasida hassasini do‘qillatib, devor suyab sayr qilardi-ku shu mahallar. Bo‘g‘zimga ingroq tiqildi. Nega qo‘rqayapman? Yo uyda dam olib o‘tirganmikan? Buncha yuragim titramasa? Ayvonga chiqdim. Kelinoyim, amakim, singillarim choy ichib o‘tirishibdi. Negadir shu tobda ular bilan gaplashgim kelmadi, yoki buvim haqida noxush bir gap eshitib qolishdan cho‘chidimmi...
Buvimning xonasiga kirdim. Uy to‘ridagi karovatda buvim ko‘zlari yumuq holda yotardi. Yuragim bir shuv etdi o‘z-o‘zidan. Ko‘zlarimga ilinib turgan yosh achchiq zardobga aylandi. Vujudimda allaqanday tumanli bo‘shliq paydo bo‘ldi. Yo‘q, yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas! O‘zimni qo‘lga olib, buvimning yoniga borib cho‘kdim.
— Buvijon! Buvi, uxlayapsizmi? Sochingizga rayhon taqib olibsizmi? Qarang, butun uyni rayhon isi tutib ketibdi-ya!
Endi zardob o‘rnini iltijoli yig‘i egalladi. Buvimning qo‘llarini ushlab ko‘raman, juda issiq. Shirin ilinj bilan ko‘ksiga boshimni qo‘yib eshitaman. Duk-duk... Yo‘q, yo‘q! Rostdan ham “duk-duk” ovozi. Bu so‘zni o‘zim bilmagan holda ovoz chiqarib aytib yuboribman. O‘zimga kelib qarasam, buvim mungli ko‘zlaridan mehr taralib, mamnun jilmayib turibdi.
— Buvimdan ayrilib qoldim, deb o‘yladingmi, laparchi qizim, — dedi tetiklanib. Buvim zerikib qolgan paytlarida (buvim-ku, zerikmasdi, aslida mening o‘ynagani biror mashg‘ulotim qolmasa), uzun ko‘ylak kiyib olib, o‘zimcha nimalardir to‘qib aytar, avjim kelsa raqsga ham tushib berardim. To‘qiganlarimda biror mazmun, qofiya bo‘lmasa ham, buvim maza qilib eshitayotganday bir maromda tebranib, chapak chalib o‘tirar, qo‘ni-qo‘shnilarga meni “laparchi qizim” deb maqtardi.
Buvimni mahkam quchoqlagancha, ancha vaqtgacha turib qolibman. “Bugun meni qo‘yib yubormaysanmi deyman, laparchi qiz”, deb boshimni silab qo‘ydi. — Senga bir gapim bor, — dedi keyin. Yuragim titrab ketdi. Ich-ichimdan “Siz o‘lmaysiz, buvijon, siz yashaysiz!” degan nido kuchayib kelar, ammo sirtimga chiqarishga nimadir mone’lik qilardi.
— Qizim, — davom etdi buvim siniq ohangda, — men o‘tganimdan so‘ng ham mana shu hovlida rayhonlarning o‘rni bo‘shab qolmasin. Kelinoyingni bilasan, ishidan ortmaydi, singillaring hali kichkina, — deb yelkamga qoqib qo‘ydi.
O‘sha kuni buvimning yonida qoldim. Tuni bilan buvimga shifo tilab, uxlamay chiqdim. Tongga yaqin baribir uxlab qolibman. Uyg‘onsam, buvim ayvonda o‘tiribdi. Chekkasiga mitti bargli bir tutamgina rayhon qistirilgan. Yuzimni apil-tapil yuvib, ayvonga ko‘tarildim. “Maktabdan ham qolib ketding, uyquchi qiz”, deb koyigan bo‘ldi buvim. Mening yuzimga tabassum yugurdi, go‘yoki buvimning koyishlarida hayotga bo‘lgan muhabbat jilolanib turganday. Bunday koyishlar ham men uchun katta baxt edi. “Tavba, men tog‘dan kelsam, bu bog‘dan keladi-ya, qani, tezroq uyingga bor, onang ham xavotir olib o‘tirgandir. To‘g‘ri uyingga bor”.
Sumkamni oldim-da, rayhon iforiga ko‘milgan hovlidan chiqdim. Uyimizga qanday yetib borganimni bilmayman. Ko‘z oldimdan buvimning biroz to‘la qizg‘ish yuzi, yarashib turgan oppoq sochlari, chekkasiga qistirilgan rayhon bir zumga ham ketmadi. Oradan uch kun o‘tib, buvimni berib qo‘ydik...
Shunga ham mana bir yildan oshdi. Bir kuni saharda tushimga buvim kiribdi. Sochlarida ham, qo‘llarida ham, yurgan yo‘llarida ham rayhon. Tushimni onamga aytib berdim. “Rayhon — jannat guli, buving jannatda yuribdilar, inshaolloh, qizim”, deb javob berdi onam.
Buvimni eslasam, shirin xotiralar meni tark etmaydi, tark etgisi kelmaydi. Shunda sog‘inib-sog‘inib, buvimga atab rayhonlar eka boshlayman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.