Rasul ota bizga qo‘shni mahallada yashaydi. Juda nuroniy, farishtali mo‘ysafid. Bir paytlar hamqishloq bo‘lganimiz uchun (hozirda shaharda yashaymiz) u kishining uyiga hol-ahvol so‘ragani borib turaman. Qizlarini tagli-tugli joylarga uzatgan. Chol-kampir o‘g‘li va kelini bilan birga yashashadi. Ularning xonadonidagi tartib, ozodalikka havas qilaman. Rasul ota erta tongda bomdodga turadi. Ibodatdan so‘ng hovliga chiqib yolg‘ondakam bir-ikki tomoq qiradi. Xiyol o‘tmay o‘g‘li Ahmad, orqasidan kelini hovlida ko‘rinishadi. Biri mol-holdan xabar olib, biri hovliga suv sepib, supirishga tushadi. Kampiri ham nima bilandir andarmon bo‘ladi. Nonushta payti avval o‘g‘li va kelini, keyin esa birin-ketin nevaralari kirib kelishadi. Dasturxon atrofida barcha oila a’zolari to‘planishadi. Lekin otadan oldin hech kim dasturxonga qo‘l cho‘zmaydi. Hatto to‘polonchi nevaralari ham bu qoidani buzishmaydi. Nonushta tugagach, ota qo‘lini fotihaga ochib, duo o‘qiydi. O‘g‘il ishga ketadi. Kelin kundalik yumushlari, bolalar o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Bir kuni Rasul otanikiga borsam, xomush o‘tirgan ekan.
— Sizga nima bo‘ldi, kayfiyatingiz yo‘qroqmi, — dedim salom-alikdan so‘ng.
— Kim bilsin, — dedi otaxon yostiqqa tirsaklab olarkan, — kechalari uyqu qochyapti. Do‘xtirga borgandim, — otaxon kulimsiradi, — kasalmassiz deyishdi. Lekin keksalikning o‘zi kasallik-ku. Bedavo kasallik.
— Yo‘g‘e, unaqa demang, hali yoshsiz, baquvvatsiz, — dedim iljayib.
Otaxon bosh irg‘adi.
— Xudoga shukr, quvvatdan qolmadim. Yoshim ham saksonga yaqinlashib qoldi. Bolalarimni odobli, mehnatsevar, xushmuomalali qilib o‘stirdim. Bir-biriga mehr-oqibatli. Lekin...
Otaxon nimanidir andishasida bir pas jim qoldi. Keyin: — Bir narsadan xavotirim bor, — dedi ochig‘iga ko‘chib, — mendan keyin ham shunday bo‘p qolisharmikin, yoki?..
— Xavotiringiz o‘rinsiz Rasul ota, — dedim uning gapini bo‘lib, — o‘g‘il-qizlaringiz aqlli, es-hushli, qolaversa...
Otaxonning chehrasi yorishib, bosh irg‘adi.
— Bilaman, bilaman, lekin keksayganda xayolga har narsa kelaverarkan-da, — Rasul ota bir pas sukut saqladi-da, bosh ko‘tarib menga ko‘z tikdi.
— Bir hikoyat eshitganman, shuni senga aytib berayin, balki, shunda mening ahvolimni tushunarsan, — dedi Rasul ota va birpas xayolga botib turdi-da, gapida davom etdi: — Bir kishining yakkayu yolg‘iz o‘g‘li bor ekan. Naslining boshqa davomchisi bo‘lmagani sababli, uni xuddi tishining orasida asragandek asrab avaylab voyaga yetkazibdi. Xudodan tilab olgan farzandi-da, aytgani-aytgan, degani-degan ekan. Nimani istasa o‘zi yemasa-emay, ichmasa-ichmay unga muhayyo qilarkan.
Yillar o‘tib bola ulg‘ayibdi. Sayoq yuradigan odat chiqaribdi. Ota bundan xavotirga tushibdi, albatta. O‘g‘liga nasihat qilib ko‘ribdi, foydasi bo‘lmabdi. Do‘q uribdi, naf chiqmabdi. O‘g‘il o‘z bilganidan qolmabdi. O‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini oladigan bo‘libdi. Xullas, o‘g‘lining qiliqlaridan mahalla-ko‘y oldida ota boshi egilib qolibdi. Biron chora ko‘rishga ojiz. Bo‘y-basti barobar o‘g‘lini urib-so‘kib yo‘lga solishning imkoni yo‘q. Nobakor o‘g‘il borgan sari haddidan oshaveribdi. Uylantirib qo‘yishgandan so‘ng ham aqli kirmabdi. Topish-tutishning tayini yo‘q, ulfatlari bilan ovora, xotin, bola-chaqasining, ota-onasining holidan xabar olmaydigan darajaga yetibdi. G‘am otani bevaqt to‘shakka mixlabdi. Bandalikni bajo keltirayotganda o‘g‘lini yoniga chaqirib, vasiyat qilibdi:
— Mana o‘g‘lim, mening ham kunim bitib qoldi. Yaxshi bo‘l, dedim bo‘lmading, sayoq yurma dedim, aytganimni qilmading. Yana bir o‘ylab ko‘r bolam, bu yurishingda hademay bor yiqqan-terganimni tugatasan. Ulfatlaring ham kuningga yaramay qoladi. O‘shanda sening ahvolingni ko‘rib, qabrimda tik turaman. Ammo biron yordamim tegmasligi aniq. Gaplarimni yaxshilab o‘ylagin, bolam. Juda noiloj qolganingda, biron chora ko‘rishga hech bir imkoning bo‘lmaganda, bog‘ chetidagi eski imoratning ichiga kir-da, o‘ng tarafdagi uchinchi xodaga o‘zingni os. Bu mening senga so‘nggi vasiyatim.
Nobakor o‘g‘il otam alahsirayapti, degan xayolga borib, gaplariga e’tibor bermabdi.
Marhumning janozasini o‘tkazganidan so‘ng o‘g‘il yana eski qiliqlarini davom ettiraveribdi. Oqibatda xuddi otasi aytgan ahvolga tushib qolibdi. Oshnalari undan yuz o‘giribdi. Qarz egalari kuniga eshigini taqillatib kelaveribdi. Qarzni to‘lashga esa hech vaqosi qolmabdi. G‘am-qayg‘uga botibdi. O‘ylab-o‘ylab biron chora ko‘rishga ojiz qolibdi. Shunda... Xayoliga yarq etib otasining vasiyati kelibdi. Dunyoda suyanadigan biron kishi qolmaganiga amin bo‘lib, otasi aytgan imoratga kirib vasiyatda aytilgan uchinchi xodaga arqonni bog‘labdi-da, o‘zini osibdi.
Shunda... O‘lim ham uni chetlab o‘tibdi. Xoda arralab qo‘yilgan ekan. Sinib ketibdi. Yigit alam bilan o‘rnidan turishga chog‘langan mahal boshidan tilla tangalar quyilibdi. Otasi xodaning ichiga anchagina boylik yashirib ketgan ekan. O‘g‘lining og‘ir ahvolga tushishini bilgan va shuning uchun ham aynan shu xodaga o‘zini osishini buyurgan. Joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan o‘g‘ilning ko‘zi moshdek ochilib, shu kundan sayoq yurishlarini bas qilgan ekan...
— Juda ibratli hikoyat ekan, — dedim hayajonimni yashirmay.
Rasul ota derazadan tashqariga, yaproqlari to‘kilib bitayozgan daraxtlarga o‘ychan ko‘z tikib dedi:
— Agar, ota o‘limi oldidan barcha boyliklarini berganida o‘g‘il nobakor ularni ham xarjlab yuborgan bo‘lardi. Ana shunaqa, Quvondiqboy, ota-onalar narigi dunyodayam tinch o‘tirmaydi, orqasida qolgan bolalarining g‘amida yurishadi...