OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omonullo Abdusalomov. Pushaymon (hikoya)

Darsga qo‘ng‘iroq chalindi. 6 "G" sinf o‘quvchilari maktab ustaxonasiga kirishdi. Mehnat ta’limi o‘qituvchisi Umrzoq aka Saidov bolalarga topshiriq berib qayoqqadir chiqib ketdi. Shundan so‘ng Botir eshik orasidan mo‘ralab: "Xayriyat, domla ketyapti", — deya ich-ichidan suyundi.
Bolalar ishga berilib ketishdi. Biri taxta randalab nimadir yasamoqchi, yana biri temir egovlagan, qolganlari esa turli ishlar bilan band. Stanokni o‘rab olgan bolalar allanimani muhokama qilishardi.
Botirning g‘ashi keldi: "Ular jinni-pinnimi o‘zi? Namuncha jon kuydirib ishlamasa. Ahmoqlar! Undan ko‘ra futbol o‘ynasalaring o‘lasanlarmi? Baribir o‘sha "3" bahoni qo‘yib berishadi-da. He, lappashanglar! Xo‘-o‘sh, men hozir nima qilsam ekan-a? Stadionga chiqib futbol o‘ynasammikan? Agarda birortasi uchrab qolsa "O‘qituvchimiz yo‘q" deb bahona qilib qo‘yaqolaman-da". 
Shu o‘y bilan Botir eshikni chap biqinidagi krandan suv icharkan, devordagi dori-darmon solingan maxsus qutichaga ko‘zi tushdi. Go‘yo unga ish topilganday sevinib sekingina sumkachani ochdi. Avval atrofga alangladi-da, yarimlab qolgan dorini to‘kib, shishaga suv quydi. Darhol sumkaning og‘zini berkitdi. Endi juftakni rostlamoqchi bo‘lgan edi, biroq ulgurolmadi. Chunki, ustaxona yo‘lagida domla kelardi. Botir ustaxonaga kirib allaqanday taxtani aralay boshladi. Hech qancha vaqt o‘tmay, arra tasodifan izidan chiqib, chap qo‘lining bosh barmog‘ini kesib olgani sezildi. "Uh" degancha o‘ng qo‘li bilan mahkam qisib oldi. 
Umrzoq aka yuz bergan hodisani tushunib chaqqonlik bilan quti tomon yugurdi. Ammo zarur dori-darmon o‘rnida suv to‘la shishani ko‘rib hafsalasi pir bo‘ldi. "Qaysi ahmoqning ishi bu?"
Muallim bolalarga qaradi.
Botir og‘riqqa chidayolmay ho‘ngrab yig‘lagisi kelsa-da, ammo sir boy bermaslik uchun tishini-tishiga qo‘ydi.
— Solievni tezlik bilan medpunktga olib borish kerak, — dedi o‘qituvchi hayajonlanib. — Ketdik bolalar.
O‘quvchilarning yarmisi muallimga ergashdi. Ular taxminan bir kilometrcha yurishdi chog‘i. Yetgunlaricha Botirning bo‘lari-bo‘ldi.
— Axir maktabda birinchi yordam uchun maxsus quticha bor edi-ku? — dedi hamshira qoshlarini chimirib, — nega darrov dorilab bog‘lab qo‘ymadingiz? Mana, ancha qon yo‘qotibdi.
— Qaysidir vijdonsiz dorini to‘kib, o‘rniga suv quyibdi, — dedi muallim bo‘g‘riqib.
Botirning ko‘zlariga beixtiyor yosh qalqdi. Bu og‘riqdanmi, uyatdanmi, hech kim bilmasdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.