OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sabohat Rahmon. Aks (hikoya)

Odam bir umr hech chidab bo‘lmaydigan zilday
og‘ir tushunchalar bilan yashaydi.
F.Dostoevskiy


Bilmadim, sen qachon mendan shunchalar nafratlana olishga ulgurding ekan. Bu tuyg‘u (agar uni shunday deb atash joiz bo‘lsa) qaydan tug‘ildi-yu, mening nimamdan nafratlanasan? Asli mendan nafratlanib bo‘larmikan? Jahling chiqmay qo‘yaqolsin. Men Sendan ham, Sening nafratingdan ham qo‘rqmayman. Har gal Sening qizlarnikidek nozik va zahil yuzing, yupqagina lablaringga ko‘zim tushishi bilan jinim qo‘ziydi. Sening dengiz mushuginikiga o‘xshash (ha, aynan unikidek) yashil ko‘zlaringni kosasidan o‘yib olib, kaftimga solgancha buyuk taqdir egasining qismatini tomosha qilishni qanchalar istashimni bilsang edi... Ha, agar Sen mening izmim, mening ixtiyorimdagi kimsa bo‘lganingda edi, sening qoqsuyak vujudingni o‘zing bo‘yningga osib yuradigan — vallomatingning xochiga o‘rab-chirmab, shu holingcha o‘n asrni o‘tkazgan bo‘lardim.
Bugun esa... bugun esa nega birdan Seni eslab qolganimni xayolingga-da keltirmassan. Shu topda miyangdan qanday o‘y o‘tganini bildim. Yo‘q, men Seni sevmayman. Axir toshbag‘ir toshbag‘irni sevolmaydi. Men boshqa narsada... negadir... meni tushunishingni istadim. Odamlar mendan tamomila yuz o‘girgan o‘sha MUDHISh KUNDAN buyon o‘ylayman bu haqda. Nega aynan Seni tanlaganinimni esa hozircha aytmayman. Chunki gapimni tugatmasimdan Sen ortingga qayrilib, ketib qolishing mumkin. Men esa Seni gaplarimni sabr-toqat bilan tinglashga majbur etaman. Seni xo‘rlasam ham, haqorat qilsam ham chidaysan. Chunki O‘ShA GAP Seni qiziqtiradi. Asli Sen mendan ham battar xudbinsan. Xudbin kimsalar esa hammadan ham o‘zi haqidagi haqiqatni bilishga intilmaydi. Faqatgina o‘zi nafratlanadigan kimsaning huzuriga boradi. Balki shuning uchun ham Seni tanlagandirman. Baribir, Seni chaqirmasam ham bir kun o‘zing kelarding oldimga. Qaerdan bilasan, balki kulmoqchidirman ustingdan? Ana, mudhish yashil ko‘zlaring zaharxanda qilishyapti. O‘,  naqadar beqiyos nafrat. Faqat  ayt: nega, nima uchun bularning bari?!
Darvoqe, Seni huzurimga chorlaganimning boisi meni tushunishingni istagandim... asli kelmasliging kerak edi — men buni judayam istagandim. Ammo endi ne chora? Tingla va o‘tinaman (o‘, dahshat), meni tushunishga, aqalli bir muddat tushunmoq uchun sabr et. Toki bir umr hammadan sir saqlaganim — kechmishni so‘ylash uchun birgina Seni tanlaganimdan o‘zimdan-o‘zim nafratlanib yurmay...
Men tug‘ilganimda dunyo iflos bir jahannam edi. Bunda  mening hech bir ishtirokim yo‘q. Dunyo asli shundoqmidi va yoki bu hol keyinroq, odamlar tufayli ro‘y berdimi — bu haqda o‘ylab ko‘rishni-da lozim topmadim.  Ko‘p vaqt ko‘zimni yumishim bilan (bilsang edi, ko‘z yumish bilan uxlashning o‘rtasida farq borligini) cheksiz, yorug‘ tuman sari qo‘lidagi yo‘rgaklangan chaqaloqni mahkam bag‘riga bosgancha, yugurib ketayotgan moxov xotinu nurdek pok chaqaloqqa tomon balchiqqa botirib olingandek kir va harom qo‘llarini cho‘zib, yetib olishga intilayotgan minglab, balki  undan ham ko‘proq olomon paydo bo‘ladi va go‘yo ayol qo‘lidagi chaqaloq menman-u hayotimni, seni tushunmoqdan butkul  yiroq iflos odamlarning iflos panjalariga tushib qolishidan cho‘chigandek, yotgan o‘rnimda qo‘llarimni pitirlata boshlayman, biroq "tamom" deyman ichimda. Men axir ALLAQAChON  tug‘ilib bo‘ldim. Har qancha inkor etmay, men ham boshqalar kabi kimsaman, shu zahoti sening ham iflos ekaning yodimga tushdi va ko‘nglim bir oz tinchlandi. Men yashay boshladim. Faqat odamlarning o‘z-o‘zlarini aldab "pok  xilqatman, baxtliman", deya takror-takror valdirashlari jinimni qo‘zitardi va negadir men bora-bora telba bo‘lib qolishdan qo‘rqa boshladim. Men ulardek yashashni rad etdim va o‘zim uchun boshqacha tarz bino etdim. Faqat iflos dunyo sarqiti ekanim meni hech tinchlantirolmasdi. Men baxtsiz ekanimni, bu qismatni o‘zgartirish aqlga ham to‘g‘ri kelmasligini bila turib, o‘zimni baxtli qilmoqchi va shuni o‘z peshonamga o‘zim yozug‘liq etmoqchi bo‘ldim (olisda esa Sening vallomating. Hatto bir gal,  o‘zining gapiga qaraganda, meni judayam yaxshi ko‘rguvchi kimsani uyning baland qavatidan sakrashga majbur qildim. Bu hodisadan so‘ng uning tilka-pora  bo‘lgan vujudiga qaray turib, bir tukim qimirlamadi. Nigohimdagi muzlagan shafqat oyog‘im ostidagi iflos qurbonliqqa qaratilganmidi va yoki o‘sha lahza (buni hozir ham eslayman) xayolidan o‘tgan — Sengami, bilolmadim. O‘shanda, bu voqea to‘g‘risida eshitgan bo‘lsang kerak, "men bularning barchasi haqida o‘ylab ko‘rdim va mardligingga qoyil qoldim", deganding. Nega men uchun eng og‘ir lahzalardagina (ular esa ko‘p) Seni o‘ylashimni o‘zim ham bilmayman. Shu lahza Sening aqlli kallangdan yana ne o‘tganini ilg‘ab qoldim. O‘, qanchalar qabihsan.  Men o‘zimni aslo oqlayotganim yo‘q. Shuni bilki, men bir umr ahmoq odamlarning ustidan kulib kelganman,  kulaman ham. Ulardan o‘zim izlagan xislatlarni, naycha orqali miyani so‘rib olgan kabi  tortib  olaman-u, o‘zlarini esa o‘sha bo‘m-bo‘sh, lallaygan vujud-pujudiga qo‘shib puch yong‘oq kabi uzoq-uzoqlarga otib yuboraman (afsus, Sen ham ular kabi beaql emassan...)
Shu tariqa yana  bir-ikki asrdan so‘ng men qudratli...ga aylanishim mumkin edi. Ammo Sen yo‘limda to‘g‘anoq bo‘lding. Balki Seni ham burdalab tashlashga nafratim yetarmidi... Sening baxtingga xayolimni yana o‘sha chaqaloq band etdi. Men butkul kuchsizlandim. Har tun esa xobgohimga shilimshiq tuman oralab, o‘sha — moxov ayol tashrif buyuradi. Uning qo‘lida chaqaloq emas, nafis yaproqchalari so‘lib-sarg‘aygan kattagina daraxt shoxi. Negadir ayolning badbashara yuzidan o‘pib qo‘ygim, qo‘lidagi erksiz mavjudotni tortib olib (zo‘rlik bilan) necha kundan buyon shundoqqina oromto‘shagim qarshisida turgan suvli guldonga solib qo‘ygim kelardi. Yana, har safar avval ayol paydo bo‘ladimi yoki g‘alati tusli tumanmi, bilolmasdi. U so‘nggi tashrifi kuni menga kulib qaraganday bo‘ldi va sekingina "uni o‘ldir" deya pichirladi-yu, meni lol etib, ko‘z oldimda g‘oyib bo‘ldi. Endi bilsam, o‘ldirishim kerak bo‘lgan kimsa — sen ekansan. Ko‘rdingmi, Senga shafqat qilganim bois, bu gapni darrov aytib qo‘ya qolmadim. Bilasanmi, nega u ayol boshqa birovni emas, aynan Seni o‘limga buyurdi? Chunki Sen o‘zingning  bema’ni safsatang — ifloslikni qoralash bilan (o‘, axir u mavjudot-ku!) ayolning chaqalog‘ini tortib olding. U go‘dak  o‘z ixtiyorisiz bu olamda dunyoga kelganini nahot tushunmasang? O‘sha ayol ham, har lahza menga yashash kerakligini eslatuvchi dahshatli tuman ham naqadar jonimga tekkanini nahot bilmasang? Bu jirkanch dunyodan etagimni  qoqqanimda qarshimda turganding-ku? O‘sha kuni kimdir aytdi: "iflosligingiz uchun uyalishingiz kerak edi". Qaramadim. Ammo Sening ko‘zlaring cho‘g‘ bo‘lib yonganini his etdim...
Qachondir bema’ni o‘y-xayollardan chalg‘ish maqsadida changalzor tomon ketdim. Quyoshning so‘nggi zarralari menga tomon qo‘l cho‘zayotgan palla, changalzorga yetib keldim. Seni kutdim. Nazarimda, keladigandek eding. Adashmagan ekanman. Sendan ifloslikning hidi kelardi. Ijirg‘anib yuzimni burdim:
— Nega kelding, meni yomon ko‘rasan-ku?
— Uxlayotuvdim. Tushimga kirding. Shu yerda meni kutayotganingni sezdim.
— Yaxshi eslatding, Sen hatto meni o‘ldirolmaysan ham — qurbing yetmaydi...
— Hozir... o‘ldir-raman, — Sen menga yaqinlashding, — iflossan!
Yuz qarich o‘sdim. Menga  shu kerak edi. Changalzor orasiga o‘zimni urdim. Shundoq oldimda balchiq ko‘rindi. Men cho‘ka boshladim. Butun vujudim shilta bo‘ldi. Ifloslikning naqadar dahshat ekanini hech vaqt hozirgidek tiniq anglamagandim. Balchiq suvi bo‘ynimni siypay boshlagandi, birinchi bor tug‘ilganimdan afsuslandim. Meni domiga tortayotgan botqoqlik ichida turgancha, hatto, qo‘limni ham ko‘tarmadim. Iflos balchiq bisotimdagi yagona oqlik — ko‘zlarimni ham to‘ldirayotganda, chidolmadim va... ko‘zlarimni ochdim. Xobgohim. Suvli guldon. Ipaklari titilib ketgan shippak. Bisotsizlikdan xona yutaman deydi. Men pok bo‘lishga ahd qildim...
To‘xta, negadir fkrlarimni hech bir yerga to‘play olmayapman. Yozganlarim xuddi almoyi-jalmoyi tush ko‘rgan qari kampirning aljirashiga o‘xshaydi. Men biror narsa yozsam, qahramonlarim Senikiday mag‘rur va aqlli emas, balki  abgor bo‘lib qoladilar. Ular menga o‘xshamaganlaridan jahlim chiqadi. Men ularning dunyoga ustun bo‘lishlarini, so‘ngra esa Senga qo‘shib hikoyangni ham, qahramonlaringni ham kunpayakun qilishlarini istayman. Ko‘rdingmi, Sendan qanchalar nafratlanaman men...
Stolim ustida bir-biridan dahshatli hikoyalaring.  Ular shunchalar dahshatliki, tez-tez tushlarimga kiradi ular, lablarimga uchuq toshguncha kaltaklashadi meni. Hayron qolaman: axir Sen ojizsan-ku. Nega qahramonlaring Sening aksing? Ular uchun bunchalar qudratni qaydan topding? Bilasanmi, Sening hikoyalaring ham o‘zing kabi g‘alati, boshqalarnikidan ajralib turadi. Balki shuning uchun ham tanlagandirman Seni?
Men chalg‘ib ketdim, butunlay chalg‘ib ketdim... Ha, esladim, men pok bo‘lishga ahd qilgandim. Ko‘rinishim ma’naviy pokligim bilan uyg‘unlashsin uchun vujudimni tosh bilan ishqalab yuva boshladim. Terimning ikki qavati batamom shilinib bo‘lgan, qo‘limdagi uqalanib ketgan toshni irg‘itib, oyna qarshisiga keldim va hayratdan qotdim: vujudim boshdan-oyoq nurdek pok edi. Tezlik bilan ishga kirishdim. Poklanish yo‘lida meni hech bir kuch qaytarolmadigandek edi. Men o‘zimga sochimning tolasi, oyog‘imning tirnog‘i ham ko‘rinmaydigan qilib chodra tikdim-da, uni egnimga ilib tashqariga chiqdim. Yurib ketayotgan ham, yerga muk tushib, kir qo‘llari bilan Haqqa tavallo qilayotgan ham, o‘tirgan ham, turgan ham — barcha odamlar — olomon dong qotib qoldi. Dunyo uzra cho‘kkan bir lahzalik sukutga bu zamindaligidan or etib, ko‘kka tomon bo‘y cho‘zgancha, mag‘rur o‘sayotgan bir daraxtning men tomon boqib, achinganidanmi, o‘zi kabi go‘zal "oh" tortgani rahna soldi. Men daraxtni yupatgan bo‘lib, uning chiroyli tanasidan  o‘pib qo‘ydim. Olomon darzaga keldi. Odamlar bor g‘azablarini menga sochmoqchi bo‘lganday, telbalarcha ustimga bostirib kela boshlashdi. Men joyimda qimir etmay turaverdim. Faqatgina yonimdagi daraxtdan yordam kutganday, unga iltijoli termuldim. So‘ngra tentaklik qilganimni anglab, ortimga o‘girildim. Bir-biridan badbashara yuzlar orasidan Sening nozik chehrangni qidirdim. Sen yo‘q eding. Ammo cho‘g‘dek yonib turgan ko‘zlaringni ilg‘ab oldim. Seni doimo fosh etadigan ko‘zlaringdan tanidim. Olomon meni o‘rab oldi...
Cho‘chib tushdim. Eshik kesakisidan tutgan qo‘llarim qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqqandi. Og‘riqdan  ingrab yubordim. Darvoqe, meni odamlar o‘ldirmoqchi edi. Faqat ularning qo‘lidan qanday qilib qutulganim aqlga sig‘maydigan darajada hayratlanarli va men uchun NYeGADIR qorong‘u edi. Men tuni bilan Sening vallomating surati qarshisida (qiziq, u xobgohim eshigida ilig‘liq turardi) duo o‘qidim. Duo men ishonmaydigan, men sig‘inmaydigan Haqniki ediki, baxshida bo‘g‘zimdan achinarli bir tarzda, yig‘loqi ohangda  otilib chiqardi...
Daraxtning qalin novdalarini quyoshning xabarchi-nurlari ajib bir tarzda go‘zallashtirgan mahal men duoni bas qildim va Sening vallomating suratiga so‘nggi bor nafratlanib qaradim. Yuragimda yig‘ilgan qat’iylikni bilaklarimga to‘pladim-da, suratni mayda-mayda qilib yirtib tashladim. So‘ng kamindagi ustki qatlamini kul  qoplagan, o‘chay-o‘chay deb turgan cho‘g‘ning ustiga tashladim va qattiq pufladim...
Tanamni ham ruhim kabi hayotdan ayirib qololgan ro‘dapo — chodramda qancha umrimni o‘tkazganim o‘zingga ham noayon. Mendan hamma jirkanar edi. Odamlarning nazarida men dunyodagi eng iflos mavjudot edim. Men doimo ularning kaltabinligidan kular, meni o‘zlarining saflariga qo‘shmaganlaridan xursand bo‘lar, odamlarning jig‘iga tegish va bundan zavqlanish uchun ular qilayotgan ishlarning teskarisini bajarardim. O‘sha paytlar odamlarning nazarida gunohkor bo‘lishimga qaramay, meni sevolgan kimsa birgina u bo‘ldi. Biroq u ham shu iflos odamzod guruhidan edi. Garchi Uning qo‘llari, butun vujudi ifloslikka bulg‘angan bo‘lsa-da, yuzi unchalar badbashara emas, buning ustiga moviy ko‘zlari adog‘iga poklikning "yilt" etgan yog‘dusi elas-elas ko‘zga tashlanardi. Men Uning butunlay poklanishiga ko‘mak bermoqchi bo‘ldim. Bora-bora U vujudidagi iflosliklardan butunlay qutuldi. Lekin buning o‘zi yetmasdi. Endi uning qalbini ham poklamoq darkor edi...
Ikkimiz uchun ham YoRUG‘ KUNLAR kelgandi. U qarshimda tiz cho‘kib qo‘limni so‘radi. Unga sevilgan ko‘zlarim bilan boqdim: vujudidan nur yog‘ilardi Uning...
Tongda, oradan qariyb o‘n uch asr o‘tgachgina, birinchi bor DUNYo qo‘ng‘iroqlari jarangladi. O‘zimda yo‘q shod edim, shuningdek, ko‘nglimning g‘ashligidan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim, men bir nimani kutayotganday edim. Xuddi shu kunga U bilan mening nikoh to‘yimiz belgilanganini eslab qoldim. Shuncha yillardan buyon ilk daf’a egnimdagi ro‘daponi yechib irg‘itdim, yam-yashil yaproqchalardan tikilgan ko‘ylagimni kiydim. So‘ngra shamoldek uchib Uning makoniga keldim.  Negadir haligacha bu yerni tunggi  zulmat tark etmagan edi. Uning hobgohi eshigini taqillatdim. Sukunat. Ochiq eshikdan ichkari yo‘naldim va... yo‘q-yo‘q... boshqa gapirolmayman. Sening la’nati yashil ko‘zlaringga qaray turib, davom ettirolmayman hikoyamni. Mening ustimdan kulishingga, rahming kelganini bildirishingga yo‘l qo‘yolmayman. Ammo... gapirishim shart. Yaxshisi... menga orqangni o‘girib tur. Ha, shunday. Endi hikoyamning davomini eshit... Oromto‘shakda U badbashara, nihoyatda iflos bir ayol bilan... U meni ko‘rdiyu iljaydi. Xunuk iljaydi. "Mana mening tengim", dedi. Chidolmadim. Tashqariga chiqqach, qayoqqa borishni bilmay turaverdim. So‘ngra Sen bilan  uchrashgan joyimiz (esingdami?) — changalzor tomon ketdim. U yerdagi balchiq o‘pqoni anchagina kattalashibdi. Ko‘zlarimni yumdimu o‘zimni o‘pqonga otdim... Shu  daqiqalar ichida o‘lishni qanchalar istaganimni bilsang edi... Ko‘zimga o‘limdan boshqa hamma narsa xunuk va mazmunsiz ko‘rina boshladi. Balchiqning sassiq, qurtlagan suvi olov bo‘lib yotgan ko‘ksimga bir oz orom berdi. Bir payt ko‘z oldimda nimadir "yarq" etgandek bo‘ldi. Vujudimni qoplagan tengsiz lazzatdan huzur qilgancha, botqoqlikning narigi qirg‘og‘i tomon suzib ketdim...
Senga aytmoqchi bo‘lgan gaplarim — bu emas. Bilasanmi, odam zoti o‘zidan ko‘ra pokroq bo‘lgan kimsani ko‘rolmaydi. Bu holatni men ham boshimdan o‘tkazdim. Balchiqdan chiqqach, butkul iflos holimcha o‘sha — olomon safiga qo‘shildim. Ularning shu paytdagi ahvollarini tasavvur ham qilolmaysan. Ushbu badbasharalar tabassum qila oladi deb sira o‘ylamagandim. Ular qo‘llarimdan tutib atrofimda gir-gir aylanishar, allanimalarni to‘ng‘illab, menga gap uqtirmoqchi bo‘lishardi.  Ular mening qilgan ishimdan mamnun edilar. Shu kuni oqshom g‘ira-shirasigacha yangi do‘stlarim bilan xursandchilik qilishdik. Elyotar payti (hatto undan ham kechroq) oyog‘imni sudrab, zo‘rg‘a xobgohimga yetib keldim. Ko‘zlarimni sochiq bilan berkitib, xonamdagi barcha oynalarni sindirib chiqdim (aksiga olib ular ko‘p edi). So‘ngra tuflimni ham yechishga holim bo‘lmay, qorday oppoq to‘shagimga o‘zimni otdim... Shu ko‘yi necha kun yotganimni bilmayman. Men yana NOTOB bo‘lib qoldim. Nazarimda, kun-tunning farqi yo‘qday, quyosh bilan oy bir-biri bilan uyg‘unlashib ketganday edi. Men shu kunlar ichida tinmay alahlab chiqdim. Tushimga meni uzoq yillar ifloslikdan saqlab kelgan chodram kirardi. Bir tun sal o‘zimga kelgandek bo‘ldim. Xonam eshigi ochilib-yopildi. Nigohimni qaratdim. U... Ko‘zlari g‘amgin boqadi. "Yana alahlayapman", deb o‘yladim.
— Alahlaganing yo‘q. Bu menman, — dedi U.
— Nega kelding?
— Meni kechir.
— Shu holimda men sendan yuksakman. Shuni bilasanmi?
— Sen iflossan, gunohkorsan, do‘zaxiysan.
Shunday deya U menga so‘ng bor jirkanib tikildi-da, ketdi. Butunlay ketdi. Men esa Uning ortidan boqib, telbalarcha tinmay kulardim. Kulgimni eshitib, Uning qay ahvolga tushishi battar kulgimni keltirardi. Birdan Uning oldimga boshqa hech-hech qaytib kelmasligini eslab qoldim. Kulgim ohangi o‘rnini dahshatli sukunat egalladi. Bilasanmi, men shuncha yillar yuragimda asrab kelgan eng go‘zal, eng latif tuyg‘ularimni Ungagina baxsh etgandim. O‘ylaymanki, men Uni oz bo‘lsa-da baxtli qilgandim. Uning esa meni, aqalli, bir muddat bo‘lsin, sevmoqqa qurbi yetmadi. U mening qudratimdan cho‘chidi. Sababi, meni sevib ham, mendan nafratlanib ham bo‘lmasligini, nihoyat, U tushunib yetgandi. O‘sha lahza Uning xayolidan ne o‘ylar o‘tgani menga hozir ayon bo‘ldi. U mendan battar baxtsiz, shunchalar baxtsizki, buni anglab qolishimdan cho‘chib, doim o‘zini aldaydi...
Ajab, o‘sha MUDHISh KUNDA ham U men bilan birga edi. Sen Uni ko‘rdingmi? U mendan ko‘zlarini uzmay qarab o‘tirdi. Meni siz — odamlarning oyoqlari ostiga o‘zimni tashlab, tavba-tazarru etishimni judayam xohladi. Hatto menga rahm-shafqat yuzasidan do‘stligini taklif qildi.  Men Uni o‘sha lahzadan boshlab yomon ko‘rib qolgan bo‘lsam, ajab emas...
O‘sha kuni men hammadan yuz o‘girdim. Endiyam hech kim va hech narsa meni yashashga majbur qilolmaydi. Oxirgi marta sizlarning ustingizdan kulgim, fosh etgim, taqirlagim keldi. Ammo hech narsaga arzimaydigan siz — nochor kimsalarga tahqirimni-da ravo ko‘rmadim. Faqat Sen ularga o‘xshamaysan. O‘ShA KUNI  menga boshqalardan ko‘ra ko‘proq zaharxanda qilganing uchun, balki nafrating beqiyosligi uchunmi, har tugul Sening bir oz aqlli ekaningga amin bo‘ldim. Seni har qancha la’natlamay, mendan battar iflos ekaningni qanchalar yuzingga solmay, Sen meni baribir TUShUNASAN. So‘zimni eshitmoq uchun Seni shuning uchun ham tanlagandirman balki? Faqat unutma: bu dunyoda hech kim hur bo‘lib tug‘ilib, hurligicha o‘lmaydi. Bu  — farishtalar qismati. Men o‘zimni aldashni yoqtirmayman, shuningdek, Seni ham. Chunki bu haqda boshqa hech kimga og‘iz ochmayman. Buning uchun Sen xursand bo‘lishing kerak. Bas, yetar. Endi muddaoga o‘tsam ham bo‘ladi. Bilasanmi, men shuncha yillar ne uchun yashadim. Nima uchun shuncha azob chekdim, qiynaldim. O‘ylama, bu mening qismatim emasdi. Yuragimda to‘lib-toshgan mehr-muhabbat, nozik his-tuyg‘ular o‘zimgagina atalgan emasdi axir. Mening qalbim, tuyg‘ularim, ruhim  shunchalar pokki, ularning oldida bir paytlar nurdek pok, toza bo‘lgan vujudim hech... Eshit, endi asosiysini aytaman. Seni tanlaganimning va mening shundayligimning sababi... Yo, Xudoyim, haliyam teskari qarab turibsanmi? Ko‘zlarimga tikil. Shu lahza meni o‘ylayotganingni aytib beraman. Qarasang-chi? Sen qimir etmading. Cho‘chidim. Nozik yuzingga qo‘l tekkizmasimdan yerga qulading...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.