Yumshoq gilamlar solinib, mebellar husn bergan shinamgina xonada Qadima xola Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobini mutolaa qilib o‘tirardi.
Nogoh tashqaridan eshitilgan “Egachiyu, egachi!” degan sas xayolini bo‘ldi. Kitob sahifasini xatcho‘p bilan belgilab, tokchaga qo‘ydi-da, “Labbay!” degancha -tashqariga yo‘naldi. Chiqib qarasa, Oqibatxon — qo‘shni juvon.
— Keling, Oqibatposhsha, — ochiq chehra bilan kutib oldi Qadimaxon. — Esonmisiz, uy ichlaringiz bilan tinchmisiz? Hayallatib qo‘ymadimmi, ishqilib?
— Qo‘ysangiz-chi, Qadimabonu! — dedi Oqibatxon, allanechuk sirli iljayib. — Hecham kuttirib qo‘yganingiz yo‘q-da, aylanay! Ilgari edi, almisoqdan qolgan pastak darvozangizni uvvalo taqillatsak ham, o‘tiraberar edingiz, chiqqingiz kelmay. Iqbolingiz kulib, mana, Qutlug‘murodjon ag‘nay deb turgan kulbani qasrga aylantirdiyu, shabada taqillatsayam, qanot yozib uchib chiqyapsiz...
Hasaddanmi, havasdanmi, haytovur, yanib aytilgan bu gaplar Qadimaxonga ayil botdi.
— Ajab, Oqibatposhsha... Sizga shundoq tuyulayotgandir, hoynahoy. Biroz tiklangan bo‘lsak, buyam Egamning marhamati-da... Eldan oshib, qayoqqa ham borardik? Voy, nima qilib turibmiz-a, bu yerda o‘zi? Yuring, ichkariga kiraylik.
Oqibatxonga bu kabi takalluflar hamisha moydek yoqib tushadi.
— Ma’qul, ma’qul, egachi! — dedi Oqibatxon, yuziga mamnunlik ifodalari toshib, — Xo‘b ajoyib yangiliklar bor!
Uyga kirishdi, o‘rtaga dasturxon yozildi. Mezbon ayol non ushatdi, piyolalarga choy quydi. Keyin manzirat qildi:
— Qani, dasturxonga marhamat, Oqibatposhsha.
— Tashakkur, Qadimabonu, — dedi Oqibatxon, lab-lunjini to‘ldirganicha. — Zap keliningiz bor-da, aylanay! Oyoq-qo‘li chaqqongina, pazandagina. Oh-oh, murabbomisan — murabbo bo‘pti, o‘ziyam!
— Osh bo‘lsin, osh bo‘lsin, Oqibatposhsha...
— Uh-h, kunni qarang, yonayapti-ya! Anuv muzdek o‘rik kampo‘tdan bosib quying, egachi. Keyin, aytmoqchi, siz bir gapdan bexabarsiz, chog‘imda, qo‘shni? — savol qotdi dabdurustdan Oqibatxon, sirli irshayib. — Agar suyunchi bersangiz, bir gap aytayki, bir gap aytayki!.. Quvonchdan boshingiz ko‘kka yetadi!
— Qanday xushxabar ekan? – so‘radi Qadimaxon, yuzlarida taajjub aks etib. — Shunchalikmi, a?
— Humayraxon bor edi-ku, boyvuchcha xonim, esingizdami? — deya chap qo‘lining kaftini og‘ziga to‘siq qilib shivirladi u, mezbonga yaqin surilib. — O‘sha o‘ladigan kasal bo‘bqopti, bilsangiz! Eri va kasofat o‘g‘li dastidan xonavayron bo‘lgani kamlik qilgandek, endi kuni bitibdi! O‘l-a, deyman ichimda, senga ham boqqan balo bor ekan-ku, olamda! Zap ko‘pchilikning ko‘nglidagi ish bo‘ldi-yov, o‘ziyam, vah!
Qadimaxon yoqasini ushlab qoldi. Bir muddat shu alpoz angrayib turdi-da, chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Keyin hamon bir ma’noli iljayib turgan Oqibatxonga sovuq nigoh qadadi:
— Astag‘furillo, avvalo, Humayraxonga xudoyim o‘zi shifo bersin. Qolaversa, bemorning og‘ir ahvolidan huzur qilish musulmonchilikda yo‘q. Ayniqsa siz... Xudoyo tavba!
— Gapirmang, gapirmang! — zarda qildi Oqibatxon, o‘ng qo‘lini “kelib-kelib, senga gapirdimmi!” qabilida havoga sermab. — Do‘ppingizni osmonga otasiz deb o‘ylasam, zahringiz uchib o‘tiribdi-ya, aksincha, qo‘shni?! Eslang-chi, o‘sha kekkaymajon boyvuchcha xotin dilingizga qanchalar ozor bergan edi-ya! Nuqul: “Ipirisqi, ipirisqi!” deb, xotinlar oshidan quvib chiqargan edi! Siz esa, musulmonchilik deysiz, rahmingiz kelib. Hatto, bir tilanchi o‘rnida ko‘rmasdi sizni! Tag‘in, Qutlug‘murodjondan hazar qilardi, “gadoyvachcha!” deb... Bugun aksi: siz — boy xotin, u — gadoydan battar! O‘l-a deyman, turib-turib, birovning holiga sen kulma zinhor, sening ham holingga kulguvchilar bor!..
Qadimaxonning badanini muzdek shamol teshib o‘tgandek bo‘ldi... “Yo Rabbano, inson ham shunchalar tuban bo‘ladimi, a?! – qalban xitob qildi u, nedir hislar g‘alayon qilib. — Axir, shu Oqibatxon emasmidi, Humayraxonning soyasiga har vaqt ko‘rpacha yozgan? Har qadamda yetti bukilib, ta’zim bajo qilib yurgan? Qanot-quyrug‘iga kirvolib, mahalla-ko‘yda nufuz orttirgan? Endi esa, Humayraxon bor shudidan mosuvo bo‘lib, musibat changaliga tushib qolganda, keraksiz matohday uloqtirib yuborildimi?! Qadr degan tushuncha shunchalik oyoq osti bo‘ldimi?! Nahotki odamlar shu qadar riyokor, munofiq bo‘lib ketishmasa, a?”
Qadimaxon afsusnamo bosh chayqab qo‘ydi:
— Tavba qiling, Oqibatposhsha. Judayam chakki fikr qilibsiz! Bir bandai notavon ayolga o‘lim sog‘inish — gunohi azim. Hayronman, o‘tmishdagi unut gaplarni bemazmun titkilayapsiz. Men kek-adovat saqlamaganman bu xil gaplarga. Dilingizda nima gap o‘zi, anglayolmadim.
Oqibatxon, o‘pka qilgandek, qoshlarini arazsimon chimirib qo‘ydi:
— Qo‘ying-e, bir nima desa, darrov eskichadan kelasiz! Gunoh deysiz, tavba-tazarru deysiz... Hay, mayliga, xafa bo‘lmadim! Endi gapning lo‘ndasini eshiting: ba’zi bir obro‘li ayollar ertaga Humayraxonni ko‘rgani o‘tmoqchimiz. Siz ham bizga qo‘shiling. Bugun, boya boshqa ayollar ketdi. Nafsilamri, endi oddiy ayol emassiz, boy xotinsiz, o‘rgulay! Har-xil qalang‘i-qasang‘i ayollarga yaqin yuravermang, deyman-da! Po‘rim kiyinib oling. Tilla taqinchoqlar taqish esdan chiqmasin tag‘in...
Qadimaxonning ustidan misoli bir chelak muzdek suv to‘nkarilgandek bo‘ldi. Qarshisida Oqibatxon emas, munofiqlik, riyokorlik va tubanlikning jirkanch timsoli turganday, eti junjikib ketdi.
— Oqibatxon! — dedi ilkis taassuf nazari bilan, — Humayraxondan xabar olaylik deyapsiz, bu — maqbul fikr. Bemor holidan xabar olishlari – ezgu fazilat. Lekin, nazarimda, kasal ko‘rish orqasida boshqa ma’no borga o‘xshaydi. Po‘rim ust-bosh, tilla taqinchoq deysiz! Ajab, restoranga quda to‘yiga ketyapsizlarmi?.. Agar biz jindek mol-davlat orttirgan bo‘lsak, bu — Ollohning bir marhamati. Lekin men boshqacha niyat qilmaganman, xudoga shukr...
Oqibatxon bir nafas labini burib, to‘rsayib oldi. Keyin istehzoomuz ishshayib dedi:
— Hay, boshqacha tushunmang-da, egachi? Biz ham hali insof-vijdon degan narsalardan ja-a unchalik benasib qolganimiz yo‘q. Lekin agar... Mabodo o‘rningizda bo‘lganimdami! Qo‘sha-qo‘sha taqinchoqlar taqvolib, Humayraxonni naq jonini olardim! Qaytar dunyo deb qo‘yibdilar!..
Oqibatxon ketdi. Qadimaxonning yuragini noxush hissiyotlar timdalay ketdi. Kirib, divanga horg‘in yonboshladiyu, yaqin o‘tmish xayollari qa’riga singdi...
* * *
Darhaqiqat, Qadimaxon bir amallab kun ko‘rar edi. Mahalla-ko‘yda xokisor fe’l, haqir bir ayol edi. Eri — Saydamat bog‘bon baxtsiz tasodif tufayli olamdan o‘tgach, oila mushkul ahvolda qoldi. Beva ayol, qaysi toshga boshini urishni bilmay, zor yig‘lab qoldi: bir yoqda bo‘y yetib kelayotgan ikki qiz tashvishi, bir tarafda — o‘g‘il taqdiri... Rosti, kimlardir o‘rtaga tushdi, lekin boshqa turmush qilmadi, farzandlari oldida or-nomus qildi. Qizlari bilan baharhol do‘ppi tikdi, chevarlikka zo‘r berdi. Ming mashaqqat bilan qizlarini turmushga berdi. Tor-tarang vaziyatlarda akasi – nonvoy Umarmirza ro‘zg‘origa baholi imkon ko‘maklashib turdi. Lekin u ham serfarzand, topgani o‘zidan ortmaydi. Opasi Gulsumbibi ham ro‘zg‘origa ma’lum vaqt qarashib turdiyu, keyin olamdan o‘tdi. Yo‘qchilik suyak-suyakdan o‘tgach, xudoga iltijo qilib, bir siqimgina davlat tiladi...
Baxtiga o‘g‘li Qutlug‘murod o‘tli-shudli, uquvli chiqdi. Birvarakay ikki-uch hunarning boshidan tutdi. Ustalardan fotiha olgach, mustaqil ish boshladi. Uch-to‘rt yilda mo‘maygina jamg‘arma yig‘di. Uylandi. Pastakkina uylarni buzib, kiroyi imorat soldi. Chorva fermasi tuzdi, issiqxonalar barpo etdi. Halol boylik orqasidan “Lasetti” oldi. El-yurt ichida hurmat qozonib, martabasi ulg‘aydi.
* * *
Ko‘pqavatli uylardan biri. To‘rtinchi qavatda, bir xonali xonadonda hazin vaziyat hukm surmoqda. Burchakdagi karavotda tirikdan nari, o‘likdan beri bemor yotibdi. Bu – Humayraxon. Ha, inson yozug‘iga nelar bitilgani yolg‘iz Ollohga ayon... Eri Yondoshali uzoq yillar mobaynida nufuzli tashkilotga rahbar bo‘lib ishladi. Humayraxon, agar ta’bir joiz bo‘lsa, tilla bozorining “eng oldi figurasi” edi.
Falokat kelsa, qo‘sha-qo‘sha keladi, deganlari rost ekan. Avvaliga tashkilotdan katta kamomad chiqib, Yondoshali qulog‘igacha qarzga botdi. Yolg‘iz o‘g‘il, arzandai-kiromanda Ergashali esa qimor o‘yinidan boshi chiqmay, ota-ona boyligini ko‘kka sovurdi. O‘lganning ustiga tepgan deganlaridek, shu kunlarda Xatibaxon degan bir shallaqi juvon shovqin ko‘tarib, “Qo‘limdagi bola nevarayiz bo‘ladi, agar kvartira obermasanglar, o‘zlaringdan ko‘ringlar — o‘g‘lizzi shartta qamatib yuboraman!”, deb Humayraxonning jonini oldi...
Xullas, hovli sotildi, mashina qo‘ldan ketdi. Yondoshali aka nafaqat kamomadni qopladi, qo‘shimchasiga besh yilga kesilib ketdi. Bu musibat kamlik qilganday, nobakor o‘g‘il Ergashali narkotik modda savdosi ustida qo‘lga olindi. Kelinlari Sharofatxon: “Yuzi shuvut oilada kelin bo‘lib yashashdan isnod qilaman!”, deya ikki farzandi bilan qaytmas bo‘lib chiqib ketdi.
Humayraxon ado bo‘ldi, so‘ng taqdirga tan berdi. Chekiga tushgani — shu birgina katalak bo‘ldi. Xayriyatki, boshi yostiqqa tekkanda, qarovchisiz qolmadi. Jiyanlari — Ra’noxon va O‘g‘ilxonlar mudom boshida parvona...
Iyunning olovli kunlaridan biri. Humayraxon, dim havodan nafasi qaytib, og‘riqdan azob-uqubat chekib yotibdi. Bir tutamgina gavdasini hali u yonga, hali bu yonga tashlab, behud bo‘laveradi.
Zavol payti tuyqus eshik taqillab qoldi: “Humayraxon-uv, Humayraxon!..”
Oshxonada ovqatga unnayotgan Ra’noxon darhol borib eshikni ochdi.
— Assalomu-alaykum, kelinglar, xolalar...
— Vaalaykum assalom, ko‘p yashang, qizim, — alik oldi babbaravar to‘rt nafar ayol. — Humayraxon shu yerda tursalar kerak?
— Shu yerdalar. Ichkariga marhamat, — taklif qildi Ra’noxon.
Ayollardan uch nafari o‘ziga oro berib, bashang kiyingan, faqat bittasi odmigina kiyimda, qo‘lida dasturxonga o‘rog‘lik tog‘orasi bor edi. Harholda, dimoqqa xushbo‘y farang atirlari aralash “gup” etib palov isi urildi.
Kelguvchilarni ko‘rib, Humayraxon surat bo‘lib qotib qoldi. Negaki, ularga shu ahvolda ko‘rinish berish uning uchun o‘limdan ham qattiq edi...
— Kelinglar, poshshoyimlar... — dedi Humayraxon, darmonsiz vujudini bazo‘r qimirlatgan ko‘yi. — Uy-ichlar bilan eson-omonmisizlar? Rahmat, qadr-qimmat qilib kepsizlar...
— Voy, egachi, shunchalik azob-uqubat chekib yotibsizmi, a?! — ichi achishgan bo‘ldi Oqibatxon, ko‘zlariga yolg‘ondakam ro‘molcha surtib. — Bordonday xotin ramaqijon bo‘b ketibsiz-ku! Eh, shundog‘ boyvuchcha xotin shu ko‘ylarga tushib qoldingizmi, a? Xudoyim-ey, nima gunoh qilib edingiz? Biram achinib ketyapmanki!
— Nachora, Oqibatxon, peshonamda shu yozug‘lar bor ekan...
Nafis batistdan ko‘ylak kiyib, quloqlariga tilla baldoqlar osgan, gupchakdek semiz Karomatxon burnini jiyirgannamo:
— Zap kvartira opsizmi? Qulluq bo‘lsin bag‘i endi! — dedi pichingnamo kesatib. — Lekin andak badhid ekan. Shu, attegi-battegi shikast-rehtini remo‘nt qildirib kirmabsiz-da avvalboshda, o‘rgulay? Lekin salga ezilavermang. Burun durkun edingiz, ushoqqina bo‘b qopsiz...
Bu so‘zlar Humayraxonning yuragiga nashtar bo‘lib sanchildi.
— Qismat ekan, nachora... — yig‘lamoqdan beri bo‘ldi Humayraxon. — Beayb Parvardigor... Gunohkor banda ekanmiz. Kimning tushiga kiribdi, deysiz...
— Balo qayda? Bossang, oyog‘ing ostida, deganlari rost ekan, — kesatdi Marhamatxon, bag‘baqasini silab. — Bog‘i Eramday koshonangiz bor edi-ya, ko‘z qamashtirgudek! Kuniz shu katalakka qoldimi endi? O‘rningizda man bo‘lsam... Naq pristup bo‘bqolardim-a!..
— Shunisiga kuyaman-da, egachi! — darrov ilib ketdi Oqibatxon, yuzlariga go‘yo hamdardlik tusini berib. – Panjaragulchin darvoza, “inomarka” mashina! Ne hasratda orttirilgan lak-lak boylik to‘satdan alvido deb, shamolga uchsa! Yo Xudoyim-ey!
— Sekinroq aytasizmi! – qo‘shildi yana Karomatxon, qiyofasida kibr o‘ynoqlab. — Ayting-ayting, o‘lganning ustiga tepgan qilib, Sharofatxonning qochvorganini ayting! Esiz-esiz... Ajab dunyo ekan, hay!
Humayraxonning joni hiqildog‘iga keldi. Butun jismi alam, xo‘rlik tuyg‘ularidan otash bo‘lib yona boshladi.
— Qo‘yinglar, shu luzumsiz gaplarni! — dedi ilkis Qadimaxon, tanbeh ohangi bilan. — Oq-qorani tanigan, kap-katta ayolsizlar!.. Dunyoda hech narsa insondek aziz, mo‘‘tabar emas. Insonning insoniyligi aslo boyligida emas, iymon tozaligida... Siz, Humayra opa, unar-unmasga ko‘nglingizni cho‘ktiravermang. Inshoollo, hali hammasi binoyidek izga tushib ketadi. Xudo shifo bersin, otdek bo‘b keting! Dard — misoli o‘tkinchi mehmon...
Narigi ayollar ko‘z ostidan bir-biriga ma’nodor qarab olishdi.
— Voy, Qadimabonu, bizlaram asli shunday demoqchimiz-da! — ta’naomuz chimirildi Oqibatxon, ko‘zlarini yumib-ochib. — Rostini so‘rasangiz, sizdan ko‘ra mani yuragim ko‘proq kuyib ketyapti. Osonmi, er bilan o‘g‘il qamalib, bor davlatdan mahrum bo‘lmoq? Qarang, mashu ajina kulba Humayraxonga mosmi?..
Humayraxonning asabi qaqshadi, yuzlari azobdan bujmayib, ihrab yubordi va chap qo‘lini yuqori ko‘tarib:
— Ketinglar! — dedi. — Bas, yetadi, kerakmas!.. Qayoqdasiz, Ra’noxon?
Oshxonadan darrov Ra’noxon chiqdi.
— Labbay, ammajon?
— Mehmonlarni kuzatib qo‘ying, boshqa kiritmang. Uqdingizmi?..
Kalondimog‘ ayollar, “bu kuningdan battar bo‘l!” degansimon, aftlarini burib chiqib ketishdi. Humayraxon tuyqus:
— Qadimaxon, siz qoling! — dedi, allanechuk o‘tinch aralash.
Qadimaxon qoldi. Bemorning dardli ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.
— Oldingizda yuzim shuvut, Qadimabonu. Dilingizni ko‘p og‘ritganman.
— Qo‘ying, aytishga arzimaydiyam, — dedi Qadimaxon sofdillik bilan, — o‘zingizni bekorlarga koyimang. Hay, faromush bo‘lganimni qarang! Palov damlab kelgandim, issig‘ida yeb oling. Ra’noxonga ayting, dasturxon solsin...
Bemorning yuzlari chuqur minnatdorlik tuyg‘ularidan yorishib ketdi.
— Tashakkur, Qadimabonu. Iloyo, qo‘lingiz dard ko‘rmasin. Olloh uyingizga fayzu barakot bersin. Eh, naqadar ko‘r ekanman-a! Mana, bu so‘qir ko‘zlar endi ochildi. Lekin siz mening or-nomusimni saqlab qoldingiz. Mendan qaytmasa, Xudodan qaytsin.
Humayraxon unsiz yig‘lardi.
Qadimaxon ham o‘zini tutib turolmadi. Ko‘zidan yosh quyilarkan, o‘ylardi: bir terining ichida kuzu qishda necha bor semirib-oriqlaydigan jonivordek odamzod ham bir boyiydi, bir qo‘li kalta bo‘lib muhtoj ham bo‘ladi. Lekin oqibati, hamiyati bo‘lmasa, yashashdan ma’ni nima...
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 36-sonidan olindi.