OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yusuf Ziyodov. Mehr (hikoya)

Telefon jiringladi. Go‘shakdan ayol kishining nihoyatda yoqimli, muloyim va iymanish ohangidagi ovozi eshitildi. Bilsam, u bizning sohamizga unchalik tegishli bo‘lmagan masala yuzasidan qo‘ng‘iroq qilibdi. Chekka viloyatdan ekanligi, kimga murojaat qilishni bilmaganligini aytib, iloji bo‘lsa yordam berishimizni so‘radi. Telefon orqali hal qilsa ham bo‘ladigan ish ekan. Yo‘q deyolmadim.
Oradan ikki kun o‘tib, u yana qo‘ng‘iroq qildi. Mushkuli hal bo‘lganini eshitib quvondi. Qayta-qayta rahmat aytdi. U nihoyatda xursand edi. Xayrlashayotib menga qo‘ng‘iroq qilib turishiga izn so‘radi. Yana yo‘q deya olmadim.
Hafta-o‘n kun o‘tib, telefon go‘shagidan yana o‘sha ovozni eshitdim. Yoqimli, yo‘q, bu so‘z to‘g‘ri kelmaydi... Jozibador, yo‘q, bu so‘z ham bo‘lmaydi. Sehrli desam to‘g‘ri bo‘lar. Ha, aynan sirli-sehrli ovoz edi u. Ohanrabo edi, maftunkor edi... Salomlashishidan tanidim. Yana iymangannamo so‘zladi. Bezovta qilgani uchun qayta-qayta uzr so‘radi. Arzimagan xizmatimni eslatib, yana minnatdorchilik bildirdi. Shu taxlit hol-ahvollashgan bo‘ldik. Ko‘proq u so‘zladi, men tingladim. Endi bu suhbat unutilmadi. Ish bilan o‘zimni band qildim, u ovoz qulog‘imda turdi. Uyda xo‘jalik ishlari bilan chalg‘idim, u ovoz xayolimni tark etmadi. Xullas, boshqacha odam bo‘lib qoldim. Xayolim parishon. Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas, deyman. Oilam bor, farzandlarim bor, xudoga shukur. Lekin o‘sha ovozning sehridan qutulolmasdim. Telefon jiringlasa yuragim hapriqadigan bo‘ldi. U ovozdan esa darak bo‘lmadi. O‘zim qo‘ng‘iroq qilay desam, sabab yo‘q, bahona yo‘q. G‘urur bor, andisha bor...
Nima bo‘lyapti deyman. O‘zimga o‘zim savol beraman. Besh-olti kun shunday kechdi. Nihoyat sehrli ovoz qulog‘imdan uzoqlashganday bo‘ldi. Xotirjam bo‘la boshladim. Telefon qo‘ng‘iroqlarini har doimgiday, hayajonsiz qabul qiladigan bo‘ldim. Yaxshi bo‘ldi dedim o‘zimcha. Agar yana qo‘ng‘iroq qilguday bo‘lsa, gapni qisqa qilaman, sovuq gaplashaman...
Oradan ikki hafta o‘tib, yana o‘sha ovozni eshitdim. Bu gal ham ixtiyorim o‘zimda bo‘lmadi. Ovoz sehriga berildim. U endi bir qadar erkin so‘zlar, go‘yoki men bilan suhbatlashishdan zavq olar edi. Hatto qo‘ng‘iroq qilishimni kutganini aytib, gina ham qilib o‘tdi. Suhbatimiz anchayin “jonli” bo‘ldi. Sirli ovoz ohangida mungli nolani ilg‘aganday bo‘ldim. Mehrga tashna qalbning iztiroblarini his qildim. Inson uchun eng ayanchli qismat — yolg‘izlikning fojeiy suvratini ko‘rganday bo‘ldim bu ovozda.
Uch kun o‘tdi. Vaqt emaklab yurdi. Vaqt sudralib yurdi. Vaqt to‘xtab qoldi uch kun ichida... Ayniqsa, “ovozingiz boshqacha, endi hatto nafasingizdan sizni taniyman” degan gapi es-hushimni o‘g‘irladi. O‘zimni har qancha chalg‘itmay, sehrli ovoz asiriga aylangan edim. Uchinchi kun o‘zim qo‘ng‘iroq qildim. Uni nafasidan tanidim. Entikib ketdim, yuragim yana hapriqdi. Sezdim, u ham sevindi. Ochilib-ochilib so‘zladi. Sevinib-sevinib so‘zladi. Sehrli ovoz ohangidan shodlikka aylangan g‘amu anduhni berkitmoqchi bo‘lgan quvonch jilvalarini tuydim. Bildim, suhbat tugashi bilan jilva-da so‘nadi. Yana armon, yana hijron, yana g‘am... Nailoj... Taqdir...
Rostakamiga u haqda o‘ylay boshladim. Uning ovozisiz kunlar fayzsiz bo‘ldi. Uning ovozisiz tunlar bedor o‘tdi. Uning siymosini tasavvurimda chizdim. Naqadar go‘zal chehra. Naqadar maftunkor...
Ishq-muhabbat degan tuyg‘uga asir bo‘lmay yashab keldim. Havas qilsa arzigulik oilam bor. Gulday farzandlarning otasiman. Nahot bu g‘oyibona ishq bo‘lsa?! Yo jodumikin? Agar bu ishq bo‘lsa, ishqning borligiga imon keltirdim. Agar bu jodu bo‘lsa, joduning borligini-da e’tirof etdim. Har holda sehrli ovozning domiga ilingan edim. Bora-bora har kuni so‘zlashadigan bo‘ldik.
Shu zaylda kunlar ketidan kunlar o‘tdi. Oylar ketidan oylar o‘tdi. Ko‘rishmadik. Ko‘rishishni-da xohlamadik. Bir-birimizning tasavvurimizda, qalbimizda yashaylik, dedik. Ko‘rishgudek bo‘lsak, tasavvurlarimiz aldamchi bo‘lib qoladigandek edi. Sim orqali suhbatimizdan zavqlandik.
Birda u kutilmagan gapni aytib qoldi. Emishki, u og‘ir xastalikka chalingan ekan. Do‘xtirlardan najot bo‘lmabdi. Tushkunlikka tushibdi, qayg‘uga berilibdi. Hayotdan umidi so‘nibdi. Yolg‘iz o‘g‘lini o‘ylabdi. Otasiz o‘sayotgan jigarbandini o‘zidan-da ayro tasavvur qilib, yurak-bag‘ri ezilibdi. Shunday kunlarning birida men bilan telefonda so‘zlashib qolibdi. Eng qizig‘i shundaki, men bilan so‘zlashgan dastlabki kunlardanoq hech qanday dori-darmonsiz, muolajasiz sog‘aya boshlabdi. Mana, bir yildirki, butunlay tuzalib ketibdi. Onasi ham, ishxonadagilari ham hayron emish. Men ham hayron bo‘ldim. “Siz mening tabibimsiz. Go‘zal hayotga qaytargan najotkorimsiz”, dedi. Lekin men ayta olmadim: qalbim soppa-sog‘ edi, uni yaraladingiz, bir yildirki, sehrli ovozga, g‘oyibona siymoga mubtalo qildingiz, deb. Najotkorimsiz degan so‘zi qalbimni o‘rtab yubordi. Haqiqiy najotkor his qildim o‘zimni. To‘lqinlanib ketdim. Qalbimdagi bor shirin tuyg‘ularni unga baxshida etdim.
Bir kuni ishxonaning topshirig‘i bilan ular yashaydigan hududga bordim. Tasavvurimdagi siymoni ko‘rish, sehrli ovozni simsiz eshitish ishtiyoqi tug‘ildi. Yozning avj pallasi, kun issiq. Uning ishxonasi qarshisida turar ekanman, hayajon bosdi. Gapni nimadan boshlashim kerakligi haqida obdon o‘yladim. Miyamga jo‘yali fikr kelmadi. Peshonamni ter bosdi. Shu atrofdagi choyxona oldidagi kranda yuz-qo‘limni yuvdim. Muzday gazli suv ichdim. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarimni ichimda takrorlagancha ishxonaga kirib bordim... Afsus, taqdir bizni uchrashtirmadi. U tog‘li qishloqlardan birida yashovchi onasinikiga ketibdi. Bozor o‘tib kelarmish.
Bozor o‘tib, ertalabdan sehrli ovoz yana o‘zining sehriga oldi meni. Borganimni aytishibdi. Men tondim. Xabarim yo‘q, dedim. Qizlar tanishibdi. Shaharlik emishman, yuzim oppoq emish. Yana, uning ismini aytayotganimda ovozim titrab chiqqan emish. Qizlar rosa maqtashibdi, kelishgan yigit emishman...
Boshqa vaj topa olmadim. Sizni ko‘rgani boruvdim, atayin ketib qolibsiz, deb gina qilgan bo‘ldim. U esa, yo‘lingiz tushib borgansiz, yo‘qsa avvaldan aytgan bo‘lardingiz, dedi. Bir-birimizdan bir oz o‘pka-gina qildik. Kelishingizni bilganimda ham ketib qolgan bo‘lar edim, dedi. Nega, dedim. Chunki tasavvuringizdagiday bo‘lmasam gaplashmay qo‘yasiz, dedi u. Men ham farishta emasman, dedim.
Uningcha ham, menimcha ham uchrashishimiz shart emas edi. Bir-birimizni so‘zlash barobaridagi nafasimizdan anglar edik. O‘rtadagi simlar ham yo‘qday edi go‘yo. U men uchun bir olam edi. Men uning uchun bir olam bo‘ldim...
Lekin... Lekin bu ikki olam uchrashmay ayrilishdi. Qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Suyunchi bering, turmushga chiqyapman, dedi. Ovozidan quvonchdan ko‘ra o‘kinchmi, o‘tinchmi... nimadir tuydim.
Quvongan bo‘ldim, qutlagan bo‘ldim. Ovozimdan quvonch tuydimi, o‘kinchmi... bilmayman.
Keyin qo‘ng‘iroqlar siyraklashdi. Bunga o‘zim tashabbus ko‘rsatdim, tiyildim. Bora-bora butunlay... Xullas, bir-birimizni ko‘niktirib, sekin-sekin, asta-asta uzilishdik. Bir-birimizni asrab-avaylab, ehtiyotlab taqdirga taslim bo‘ldik. Ammo men unutolmadim. U yuragimning tub-tubida, allaqaerida o‘rnashib qoldi. Yuragimning o‘sha yeri, o‘sha nuqtasi mudom yorishib, nurlanib va andakkina simillab turadi. U ham balki unutolmagandir, uning ham yuragining bir nuqtasida... Kim bilsin... Ammo muhimi bu emas. Muhimi — uning bu dunyoda borligi, g‘amsiz, tashvishsiz, dardsiz yashayotgani va yana yolg‘iz emasligi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.