Shahzoda Mo'min mirzo o'ldirilgan hijriy to'qqiz yuz uchinchi yilning safar oyida – 1497 sananing erta bahorida Mir Alisher Navoiy Mashhadda edi. U bir paytlar o'zi saboq olgan bu kentga Imom Rizo maqbarasini ziyorat qilishga borib, yetim-yesirlarga saqat ulashadigan g'alvurxona qurilishini boshlatgan, shu bois, bir oz ushlanib qolgan edi.
Navjuvon shahzodaning shafqatsizlarcha qatl etilganini Hirotga qytayotganda eshitib, Mir Alisher bag'oyat qattiq qayg'urdi va unga peshvoz chiqqan yoru-birodarlariga nadomat bilan. «Bir vaqtlar Shayx Majdiddin Bag'dodiyning o'ldirilishi oqibatda Chingizxon bosqinidan Movarounnahr va Xuroson qanday qirg'inbarotga uchragan bo'lsa, Mo'min mirzoning o'ldirilishi oqibati ham xuddi shunday falokatlardan darak beradur», - deb aytdi. Mir Alisher bunday qabixona qotillik – boboning o'z nabirasini o'ldirishga fatvo berishi saltanat inqirozining ibtidosi ekaniga ishora qilganini payqagan Sulton Husayn Boyqaro qattiq g'azablandi. Ammo g'azabini ichiga yutdi. Zero, podshoh shahid shahzoda otasi, to'ng'ich o'g'li Badiuzzamon mirzo xun qasdida albatta isyon boshlashini bilar, bunday sharoitda Mir Alisher bilan ora buzilishini xohlamas edi.
Sulton Husayn bu mashyum voqyeadan so'ng, qariyb yarim asrlik qadrdoni bo'lmish Mir Alisher saltanat ishlaridan butunlay chetlashishga, bir umrlik orzusini amalga oshirishga ahd qilganidan bexabar edi. U, bu haqda eshitganda ham jiddiy e'tibor bermadi, illo, Mir Alisher bunday qarorlarni oldin ham qilgan, ammo uning boshiga tashvish tushganda hech qachon qarab o'tirmagan, xonanishinlikni tark etib albatta ko'makka kelgan. Shoyadkim, bu gal ham shunday bo'lgay… Qolaversa, Mir Alisherni podshoh xonadoniga ipsiz bog'lab qo'ygan bir kuch bor ediki, u ham bo'lsa Sulton Husayn Boyqaro bilan barcha kechgan xotiralari edi. Ammo bu galgi tark etish Mir Alisherning azaliy orzusi bilan bog'liqligidan bu yosh shoirning ko'ngliga hali Samarqandda o'qib yurgan kezlaridayoq paydo bo'lganidan bexabar edi. Ba'zilar bu o'y rad etishga sevgi tufayli deb shubha qiladilar. O'shanda muhabbati ko'nglining tubida qolib ketganidan ezilgan yigirma yetti yashar Alisher hajga ketishga, qolgan butun umrini tariqat suluhiga bag'ishlashga chog'langan, ammo yurtda kechgan notinchliklar safarga chiqishiga monelik qilgandi. O'shanda yosh shoir hazrati Xoja Ahror maslahatiga amal qilib, tariqat ilmini o'rganishga zo'r berdi.
Sulton Husayn Boyqaro adashmadi, haqiqatan ham kelasi yilning yoziga chiqib, Badiuzzamon mirzo isyon boshladi. Sulton Husayn qo'shin saflab, Astrobodga otlandi. Mir Alisher u bilan birga ketdi. Ota va o'g'il o'rtasida begunoh nabira xuni turgani uchun ham qilichlar muhovarasi qattiq va ayovsiz bo'lmog'i ma'lum edi. Mir Alisher xuroson saltanatini parchalanishdn saqlab qolishni o'z burchi sanar, garchi uzilgan ipni qayta ulab bo'lmasligini anglasada, ota bilan o'g'ilning buzilgan munosabatlarini tiklamoqqa zo'r berib urinardi. Sulton Husayn ham butun umidini bu gal qilichiga emas, do'stining tadbirkorligiga bog'langanini, ochiq-oydin bo'lmasa-da, nozik ishoralar bilan bildirishga harakat qilardi. Mana shu sababdan ham Mir Alisher Badiuzzamon mirzo huzuriga elchilikka bordi. U mirzodan ota amriga quloq solishni tiladi. Xuddi oldingi – Mo'min mirzo o'ldirilishidan avval yuz bergan isyon paytida nima degan bo'lsa, o'shani takrorladi. Ammo qancha urinmasin, mirzo tavba qilishdan bor tortdi. U Mir Alisher qattiq tikilib: «Mavlono, men, sizni otamdan ortuqroq ko'raman, o'g'lim esa sizni mendan ortiqroq suyardi. Xo'sh, qani ayting-chi, ota degan farzandini tiriklayin o'ldiradimi?» – dedi. Keksa shoirning ko'zidan yosh tirqiradi, u mirzo nimaga ishora qilganini angladi. Keyin bazo'r o'zini o'nglab. «Mirzo, bu gaplarni unuting», - dedi. «Qaysi so'zlarni?» – dedi badiuzzamon mirzo. Mir Alisher ortiq o'zini tutib turolmadi, ho'ngrab yig'lab yubordi. Uning ahvolini ko'rib, Badiuzzamon mirzoning ham ko'zidan duvva-duvva yosh to'kildi.
Elchi Marvda qarorgoh tutgan Sulton Husayn huzuriga umidsiz qaytgach, bir zamonlar ulug' Amir Temur ko'ragon tiklagan qudratli saltanatning so'nggi parchasi bo'lmish davlatning tanazzuliga mone bo'lmoq maqsadida podshohga: «Farzandingiz tavba qilishga tayyor», - deb aaytdi, niyatda bor tadbirlarni qo'llab, Badiuzzamon mirzo ko'na oladigan shartlarni qabul etishga podshohni rozi qildi. So'ng qarorgohdagi chodiriga kirib, isyonchi shahzodaga maktub bitdi va o'sha fursatdayoq chopar bilan borib berib yubordi. Ikki kun o'tar-o'tmas Badiuzzamon
mirzodan javob keldi. U Mir Alisher maktubida shartlarni qabul qilgani va hademay tavba uchun podshoh huzuriga yetib berajagini bildirgan edi. Voqyealar tadriji mirzoning maktubidagi va'dasini isbotladi. Sulh bitilgach, podshoh Mozandaronga, Mir Alisher esa dorulsaltanatga qaytishni ixtiyor etdilar.
Tongda yo'lga chiqish mahalida shu narsa ma'lum bo'ldiki, qarorgohdagi shoir chodiri to'sinida bir g'urrak uya yasab, tuxum qo'yishga ham ulguribdi. Chodirni yig'ishtirish uchun ruxsat tilab kirgan mulozimlar bu haqda xabar berganlarida, Mir Alisher bu voqyeani ulardan oldinroq sezganini ma'lum qildi. Mulozimlar qo'l qovushtirib, taraddudlanib turganlarini ko'rgach, aytdi: «G'urrak tuxum ochib, polaponlarini uchiriq qilgunga qadar chodir shunday qoldirilsin». So'ng u o'z huzuriga Xoja Husayn Baxtiyorni chaqirib kelishini va Xoja kelgach, unga chodirni muhofazalab turishni va g'urrak polaponlarini katta temirqanot qilganidan keyin esa xizmat haqiga bu tengi yo'q chodirni olib ketishni buyurdi. Xoja Hasan Baxtiyor dastlab biroz garangsirab turdi, so'ng birdan ko'zlari chaqnab hazrat sha'niga va uning sahovatiga hamdu-sanolar aytib, uning amrini qabul qildi. Dili xotirjam tortgan Mir Alisher saltanat polaponlari bo'lmish fuqarolarga alloh taolodan inoyat tilab yo'lga tushdi.
Mana, necha yildirki, saltanat osoyishtaligi ham uning chodiri to'siniga uya qo'ygan g'urrak tuxumlaridek omonat. Agar ular muhofaza etilmasa, hirsu havas, zulmu sitam, isyonu gavvo qasridan yerga tushib chilparchin bo'lmog'i shubhasiz.
To hirsu havas xirmani barbod o'lmas,
To nafsu havo kasri baraftod o'lmas,
To zulmu sitam joniga bedod o'lmas,
El shod o'lmas, mamlakat obod o'lmas…
Yo'lda borarkan, Mir Alisher bari-bir qarigan podshoh bilan kuch-g'ayratga to'lgan shahzodalar o'rtasidagi totuvlik muvaqqat ekanini o'ylar, butun umri davomi saltanat ravnaqi deb chekkan zahmatlari qizigan qumga tomgan yomgir tomchisidek benaf ketganidan yurak-bag'ri ezilardi. Shoir bolalik do'stining so'nggi yillarda jangu jadal va ayshu-ishrat qilmoqdan boshi chiqmaganidan norozi edi. Ne fojiakim, mo'ysafid podshohning nomozi peshindan so'ng ichmagan kuni yo'q. Uning bu qilmishi nafaqat o'zining fe'liga, qolaversa, o'g'lonlari va jami sipohlariga g'ayri ta'sir ko'rsatardi. Bir qultum may dunyoni buzadi deydilar. Mir Alisher «um ul-xobois»* bo'lmish mayga berilish oqibatlaridan qo'rqardi.
U, o'ttiz yildirki, saltanat ostonasidan tuproq bo'ldi. Do'sti o'tirgan taxt tinchini ko'zladi. Ota avlodi qariyb bir asr mobaynida sadoqat bilan xizmat qilgan temuriylar ravnaqi yo'lida qo'liga qilich olishgacha bordi. Bu xizmatlari evaziga podshoh unga ko'p iltifotlar qildi, oliy martabalar berdi. Ba'zan o'z nazaridan chetlatdi, ammo yana huzuriga chorladi.
Podshohga do'st kishining dushmani ko'p bo'ladi. O'ttiz yildir-ki, bu dushmanlar uni yomon ko'radilar, unga tuhmat qiladilar, bo'hton yog'diradilar. Ammo u pushaymonlik chekmaydi, zero, pushaymonligidan sud yo'qtur. Yo'q, yo'q, u pushaymon emas, chekkan zahmatlaridan rozi. Illo, u har hayot ko'ngilni tangri taolo yodidan g'ofil, musulmonlar dodidan otil qilmadi. Do'stlar fikridan va dushmanlan makridan beparvo bo'lmadi.
Hijriy sakkiz yuz yetmish uchinchi (1469) sanada Sulton Abusaid mirzo Qorabog'da jang maydonida halok bo'lganidn foydalangan Sulton Husayn mirzo Xuroson taxtini egallab oldi. O'shanda Mir Alisher nazarida Sulton Husayndan o'zga bir da'vogar yo'q edikim, bu taxtda u Samarqandda, aniqrog'i, Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abullaysiy xonaqohida tariqat suluki ilmini egallash bilan band edi. Xushxabarni eshitgach, do'sti yonida bo'lish zaruratini sezdi va sahovatli Amir Ahmad Hojibek ko'magida Hirotga otlandi. Sulton Husayn mirzoning taxtga o'tirishi sharafiga «Qasidai Xiloliya»ni bitdi. Yoki podshoh Mir Alisherni xursandchilik ila kutib oldi va unga oliy iltifotlar ko'rsatdi. Ammo hali podshohlik taxti omonat edi, mana shu omonat taxtni barqaror etish niyatida podshoh bilan tengma-teng mamlakatda tinchlik-osoyishtalik o'rnatish uchun ma'lum muddat qalamini unutdi. Taxt uchun kurash uzoq davom etdi. Birgina Yodgor Muhammad mirzoning o'zi Sulton Abusaid mirzo vorisi sifatida taxtga da'vogarlik qilgan ozmuncha kasofat yetkazlimi? Undan so'ng Sulton Mahmud mirzo, qora kuyunlilar ko'mak bergan Abubakr mirzo bilan bo'lgan janglar-chi? Mana shu jangu-jadallar davomida u hamisha yo do'sti qo'shnida, yo dorulsaltanatni hifz etishda bosh-qosh bo'lardi.
Mana shu zahmatlari tufayli mamlakatda osoyishtalik qaror topdi. Mir Alisher sabab Sulton Husayn Boyqaro saroyida ahli faol va benazir insonlar yig'ildilar. Mana endi farxunda zamon bugunga kelib – podshoh ham, o'zi ham qariganda shikasta bo'ladiganga o'xshaydi. U do'stini adolatli podshoh bo'lishiga da'vat qildi. Zulm va adolatsizlik bois obod joylar vayron, kabutar oshyonlari boyqushga makon bo'lishini anglatdi. Podshohlar esa zulm va adolatsizlik qilishga ko'proq moyil bo'ladilar. Nohaq qon to'kmoqlik ularning hunari, muddao, toki joni bor odam undan qo'rqsin. Podshohlarning noma'qulchiligi o'zlariga yaxshi ko'rinadi. Qorani oq desa, - ma'qullamagan gunohkor, qora demaganlarning esa ro'zg'ori qaro bo'ladi. Podshohlarga to'g'ri so'zni aytganlarning joni xatarda, ezgulikka undaganlarni qatli om kutadi. Ammo u do'st sifatida ham, vazir sifatida ham yomon, iymonsiz bo'lsa fuqaroning holiga voy.
Nafsilamr aytganda, «vazir» so'zi «vizr», ya'ni «gunoh» so'zdan kelib chiqqan. Moziydan ma'lumki, vazirlar o'z hukmdorlari ko'nglini xushlamoq uchun gunohdan tap tortmaydilar. U esa vazirlikni hukmdor siyosati tufayli yuz bergan gunohlarni bo'yniga olish, ularni bartaraf qilish deb angladi. Shu maqsad yo'lida moziy vazirlaridan biri bo'lmish Osafning uzugiga naqshlangan «Insoflini xudo rahmat qilsin» degan so'zni shior qildi. Ammo endi qaridi, toldi, toliqdi. Endi u o'zining butun umri davomida orzu qilgani muborak haj safariga ketish muddati yetganini angladi.
Mir Alisher porso va pokdoman kishi edi. Ulug' martabalar ko'rgan bo'lsa-da, ularning havasiga uchmadi, tariqatga sodiq qoldi. Sulton Husayn mirzoning o'zi bir gal uning porsoligi va tahoratini buzmasligi haqida gapirgan va «Bu hazrat dunyoga kelib hayot xilyatini kiyganlaridan buyon etaklariga shahvat chirkini teggizmaganlar, futavvot va jo'mardlik yoqasi la'li tugmasini xotinlar havoyu havasiga tutqizmaganlar», - deb aytgandi.
Mir Alisher yoshligidan boshlab, Mashhadda va Samarqandda saboq olganida ham, hamisha darveshlar suhbatini ixtiyor etdi, hidoyat yo'lida rahnamo mashoyixlar ilmini o'rgandi va har doim bu pokdamonlar guruhiga ixlos va muridlik qadami ila mulozamatda bo'ldi. Astrobod voqyealari tufayli podshoh bilan o'rtalarida tushgan raxna sabab saroydan chetlashganda ham saltanat ishidan etak yig'ishtirib, ibodat va riyozat ahli bilan birla bo'ldi, shu maqsadda Roboti Suhaylda xonanishinlik qildi. Faqirlik va fano yo'lidan ketishga moyil edi, lekin, oradan ko'p vaqt o'tmay, podshoh uni yana saroyga chorladi. Mir Alisher avvalida «Men yo'lim faqirlikda» deb ko'nmadi. Oxiri bir kuni podshoh butun saroy ahli qoshida «Saltanat ishini tartibga solish sizning ra'yingizga qarab qoldi. Keling, do'stim, qarorsiz qalamingizdan mamlakat barqaror bo'lsin», deb aytdi. Nihoyat «Bir soatlik adolat oltmish yillik ibodatdan afzal», degan so'zga amal qilib, Mir Alisher ko'nishga majbur bo'ldi.
U uzoq vaqt saltanat tashvishlari bilan band bo'lsa ham, ammo hech qachon pok va ulug' tangrini unutmadi, ayilbotar so'zlar bilan darveshlar dilini ranjitmadi, har bir ishda ixlos va imoni kasb etdi. Shu sababdan ham saltanat ishkalini tuzatish borasida podshohga maslahat berganda, imonni o'rtaga qo'yib so'yladi. Tangri inoyati bois yoshlarga shafqat, do'stlarga karam, kattalarga izzat ko'rsatish yo'rigiga rioya qildi.
Unga podshoh ko'p yer-suv inyom qildi. Ammo u boyishni xayoliga ham keltirmadi, o'z mulkidan tushgan daromaddan xayrli binolar tiklash, madrasalar ahvolini yaxshilash, ma'rifiy kitoblardan nusxa ko'chirish, ilmu toliblarga nafaqa belgilash, muhtojlarga yordam ko'rsatishga, va hatto zarurat tug'ilganda podshohga, lashkarga sarfladi. Mir Alisherning bir kunlik daromadi o'n sakkiz ming shohruhiy dinor edi va u ana shu daromadning hammasini sahovat va himmat ehsoniga aylantirishga urindi.
U hech qachon haqdan qo'rqishni esdan chiqarmadi, boshiga mashaqqatlar tushganda, sabr va chidam bilan allohga sig'indi. Boshqalarni ham shunga da'vat etdi. Shu yo'lda mashoyihu so'fiylar zikrida va suluk yo'llari baynida «Nasoim ul-Muhabbat», «Lison ut-tayr» kitoblarini bitdi. Fuqaroyu darvishlarning, g'aribu musofirlar gamida turli mavzelarda xonaqohlar, robotlar, hovuzlar, hammomlar va ko'priklar tikladi. Birgina «Xolisiya» xonaqohida har kuni mingdan ziyod miskinga tomoq tarqatiladi, har yili muhtojlarga ikki mingga yaqin po'stin, chakmon, ko'ylak-ishton, taqiya va kovush ulashiladi. Bunaqa xonaqohlar esa necha-necha…
Bundan ikki yil muqaddam Nishopurga borganida, mashoyixlar, shu jumladan o'zi e'tiqod qo'ygan Shayx Farididdin Attor mozori xarobga aylanganini ko'rib, ta'mirlashni buyurdi, shayx qabri ustida yangi xonaqoh tiklatdi. Xirotdagi Marg'ani bog'ida mahobatli bir masjid bino qilib, o'z zamonining atoqli qorilaridan Xoja Hofiz Muhammad Sultonshohni imomlikka tayinladi va o'zi ham u yerda besh vaqt namozga hozir bo'lib, nomozda qoyim bo'lmaganlarni qattiq surishtirdi.
Kunlardan bir kuni Mir Alisher asr nomozi tugagach, mana shu kundalik odatiga qarshi, masjiddan tez chiqib, suryat bilan, biror joyda to'xtamay, xirotliklar «Unsiya» atagan hovlisiga yetib bordi va hovli to'ridagi binafshazorga qarab qaytdi. Buni ko'rib ko'pchilik hayron qoldi. Xoja Hofiz Muhammad Sultonshoh Mir Alisherdan besaranjomligi sababini surishtirganda, u shunday javob berdi. «Men masjidga kelayotganimda, hovlimdagi binafshazor chetida tahorat olgan edim. Nomoz safida turganimda, yelkamda bir chumoli o'rmalab yurganini ko'rdim. Chumoli tahorat olgan joyda ilashganini angladim.
Mabodo u mening yelkamdan tushib oyoq-osti bo'lsa-yu, ozor topsa, omon qolgan taqdirda ham o'z uyasining yo'lini topolmasa, uvoliga qolman, deb qo'rqdim. Shuning uchun nomozni ado qilishim bilan tezlik bilat tahorat olgan joyimga borib, uni uyasi og'ziga qo'ydim va uvoliga qolishdan qutuldim. Yelkamdan chumoli emas, tog' ag'darilgandek yengil tortdim, xojam».
Bu gapni eshitgan Xoja Hofiz qo'lini duo, dilini rahmat aytishga ochdi…
Mir Alisher Marvdan dorulsaltanatga qaytayotib, yo'l bo'yi o'ylagani to'g'ri chiqdi. Mamlakatda Badiuzzamon mirzo isyonidan so'ng boshlangan osoyishtalik uzoq cho'zilmadi, bor-yo'g'i bir yilga yetmay barham topdi. Bu safar Sulton Husayn mirzoning boshqa bir o'g'li – Abulmuhsin mirzo g'avg'o boshladi. Sulton Husayn qo'shin bilan yana Marv tomon otlandi. Bu voqyeadan bir muncha vaqt avval Mir Alisher podshohga qayta-qayta murojaat qilib, Ka'ba tavofiga ijozat olishga muvaffaq bo'lgan edi.
Sulton qo'shini dorulsaltanani tark etgach, Mir Alisher muborak safarga chiqish mavridi kelganini, illo, endi bu saltanatda tinchlik, dunyo g'avg'olaridan holilik hech qachon nasib etmasligi bildi. Shu sabab fursatni g'animat bilib yo'lga chiqdi va bir necha kunlardan keyin Mashhadga yetdi. Shaharga yaqinlashib qolganda, yana bir karra podshohning hol-ahvolini surishtirmoq, qolaversa, ijozatni tag'in ham mustahkamlamoq niyatida mavlono Abdulhay Tabibni Sulton Husayn Boyqaro huzuriga – Marvga jo'natdi. O'zi bo'lsa bir kezlar Imom Rozi maqbarasi yonida yetim va qashshoqlarga tomoq ulashish uchun tkilatgan g'alvurxonada qo'nim topib, javob kutdi. Oradan ko'p o'tmay, Mavlono Abulhay isyonchi Abulmuhsin mirzo bilan jang qilib yurgan Sulton Husayn mirzo qoshidan yetib keldi va podshoh maktubini topshirdi.
Sulton Husayn Boyqaroning Amir Alisherga maktubi:
«Saltanat rukni, mamlakat tayanchi, din va davlat arbobining zubdasti, mulk va millat sohiblarining peshvasi, xayrli binolar muassasi, pokiza ishlarga yo'llangan, hoqoniy davlatning madadkori, sulton hazratning yaqini nizomiddin Amir Alisher janoblariga dutfomuz ko'p duolar va mashq qo'zg'atuvchi salomlar to'plamini yetkazamiz, fayzli muloqotlari orzusi sharq va bayon doirasidan ortiqdir.
So'ngra ravshan ko'ngillariga ma'lum bo'lsinkim, juma kuni – rajab oyining o'n birida ulug mavlono Abdulhay kelib, sharif mijozlarining kayfiyati, sog'-salomatlik, yaxshi holatlarini yetkazdi. Bundan xabar topish behad shodlikka sabab bo'ldi. Uning yetishuvidan ilgari ko'ngillarida qaror topgan Hijoz tomonga jo'nash to'g'risidagi xabar og'izma-og'iz kelib turardi, ammo ishonchi kishilardan eshitilmagani uchun ishonarli bo'lmas edi. Lekin o'sha kishi suhbatida Xoja Afzalliddin Muhammadga yozilgan ham mazmunidan ma'lum bo'ldikim, bu kunlarda u tilak mustahkamlanib va yangilanib, jo'nash xayoli jazmga aylangan.
Gap shundaki, hammaga, balki olamga va olam ahliga oshkordirki, ul janob bilan birlik va hamjihatlik bog'lanishi va boglanish aloqasi va hamnafaslikni kichiklikdan to shu kungacha qaysi darajagacha olib borganmiz va olib boramiz. Hamma vaqt va hamma ahvolda ul janobning sharif roziligini o'zimizning muddao va talabalarimizdan ustun bilib, bu jihatni mislsiz davlat dalillaridan sanalik va sanaymiz. Haqiqatan, uning qarshisida ul janobdan davlatxohlik asarlari, ixlos, yaxshi fikrdalik va yaqinlik kabi xislatlar yuzaga kelgan va yuzaga keladi. Bu quyoshdan ham ravshanroq bo'lgani bois tafsil berishning foydasi yo'q. O'zlari biladiki, hech qachon o'rtada takalluf va o'zgalik bo'lmay, hamma vaqt so'z shunday o'tardiki, u saltanat tayanchining xotiriga xayrixohlik va yaxshi fikrlilik yo'li bilan nimaiki kelsa, to'qqiz martagcha uni aytishga ruxsat berilgan edi. Bizning doimo xotiramizga nimaiki kelsa, mehribonlik yuzasidan izhor qilardik. Bu vaqtlarda jazm qilganlari – savob ishga hijrat qilish niyat ko'ngilga allaqanday ogir tushishiga qaramasdan undan afzal ish tasavvur etilmaydi, ammo u kishining roziligini o'z manfaatimizdan ustun qo'yamiz. Berilgan ruxsat va ijozatdan qaytmaymiz, lekin, nimaiki ko'ngilga kelsa ogohlantirishimiz lozim. Ravshandirki, bu xsusda yo'ltinchligi shartdir. Ma'lum bo'lsinkim, bu kunlarda o'ish bo'lgani iroq va Bag'dodni ahvol qanaqangi parishon va beqarordir. Misr va Shom sarhadlarida ham turli boshboshdoqlik borligi eshitilmoqda. Rivoyat shundaydirkim, agar yo'l xavfi shunday darajaga yetib, kimsaning sababisiz kimsaning beligi qo'l urishi mumkin bo'lsa, yo'lga tushmoq vojib emas. Agar bu kunlarda yo'l xavfidan biror fikr xotirga kelmasa qanday bo'ladi? Chunki o'zlari atardilarkim, yo'llar notinchligi jihatidan bir oz Ufluriy tartib berib, agar zarur bo'lsa, xavfli joyga yetishganda, mulozimlardan har birining yonida o'shandan biroz bo'lish darkor.
Yana gap shundaki, bu safarning uzoqqa cho'zilishi ma'lum, umrga ishonch yo'q. Agar yana bir uchrashib xayorlashish qoidasi yuzaga kelsa bo'lardi. Ammo, bu ikki holning bo'lishi bilan birga bu muqaddimalarning yozilishidan shunday qo'rquv ham borkim, mabodo muborak xotiraga andak g'ubor yetishib, garaz bu so'zlardan man etish ekan, degan xayolga boradilarmi.
Hamisha davlatpanoh yuzasidan nimaiki xotirlariga kelsa, betakadduf gap-so'z qiladilar, bizga ham bu bobda har nima xotirga kelsa, ma'lum qilish lozim ko'rildi.
Boqiy, to'g'ri fikrda ixtiyorlidirlar va nimaiki ikki dunyo yaxshiligiga kerak bo'lsa, taqdim qilib turilur. Ikki dunyo saodati yor bo'lsin. Vassalom».
Maktubni olgan kishi Mir Alisher mashhad ulug'lari va yo'ldoshlari bilan maslahatlashdi. Ular saltanatning osoyishtaligi uchun Mir Alisherning Hajga borishini kechiktirishni lozim ko'rdilar. Buning ustiga mavlono Abdulhay shahzoda Abu Muhsin mirzo otasi bilan sulh tuzish uchun Mir Alisherning o'rtada vakil bo'lishini shart qilib qo'yganini aytdi. Podshoh bu gapni qog'ozga ishonmay, mavlonodan ayttirib yuborgan edi. Oqibatda Mir Alisher Marvga qarab jo'nadi. U tushgan karvon Mashhad Marvning o'rtasida joylashgan Saraxs kentga yetganda, uni inisi Darvishali kutib oldi. Ertasi kuni Sulton Husaynning ham shu manzilga yaqinlashayotgani ma'lum bo'ldi. Podshoh bilan shoir Bozorg'ontepa o'langida suhbat qurdilar. Podshoh maktubida bitgan so'zlarni yana, qayta takrorladi. Mir Alisher indamay tingladi va podshoh so'zini tugatgach shunday dedi.
-A'lo hazrat, bir paytlar men podsholik ishlarini shug'ullanishdan qo'l tortadigan bo'lsam, Shayx Najmiddin Kubro mozori yoki Xoja Abdulloh Ansoriy maqbarasi ostonasining jo'rubkashi bo'laman, deb aytgan edilar.
- Shunday Alisherbek. – dedi Sulton Husayn mirzo xomush tortib, qariyb yigirma yil
burun aytgan gapini do'sti unutmaganiga, uning quvvai hofizasiga tahsin o'qigan podshoh
birdan sergak tortdi va Mir Alisher muddaosini bilish niyatida gapning davomini kutdi.
- O'sha so'zlaringiz sizga muyassar bo'lmog'i bundan so'ng ham mushkul. Ammo shu niyatga yetmoqni istagan mahramingizga Hijoz safariga jo'nashga ijozat bermaysiz. Necha bor ruxsat tiladim, hatto so'nggi marta rag'bat qilganingizda ham ko'nglingizdan xohish alomatini tuymagan edim. Shu bois garchi ixtiyor teggan bo'lsa-da, sizning qoshingizga yana odam yubordim, yana maktub bitib, meni yo'ldan qaytardingiz.
Podshohning besaranjomlanganini ko'rib, Mir Alisher, buyog'ini eshiting, degandek, qo'lini ko'ksiga qo'ydi.
- Bu gaplarni aytishdan maqsad, a'lo hazratga ta'na so'zini arz qilish emas. Illo, tilaganingizdek, maktub bitishingizdan murod safarni man etish ekan, degan xayolga borganim yo'q. Bu gaplarni aytishdan maqsad yana ijozat tilash. Agar ruxsat bersalar, qolgan hayotimni Xoja Abdulloh Ansoriy mozori ostonasini supurishga sarflasam. Yana meni saltanat ishlaridan holi etsangiz, bunday masyuliyatdan ozod bo'lsam. Netayki, qarilik ham xudoning inoyati ekan, so'ngaklarim mo'rt, ko'zlarim benur, ko'ngil esa farog'at tilaydur…
- Qaridim, demang, Alisherbek, - dedi Sulton Husayn. – Mendan uch yil yoshsiz. Men qaridim desam bo'lar. Ammo, qarangki, qo'limda qilich, chopqillashib yururman. Siz bo'lsangiz…
- Qaridim, a'lo hazrat, qaridim, - dedi Mir Alisher, - oldingi quvvatim yo'q. Hijoz safari ham so'nggi safarim bo'lmog'ini bo'ynimga olgan edim.
- Mabodo siz Xurosonda qolar ekansiz, har qanday iltimosingizni bajarmoq men uchun farz, - dedi podshoh. Chunki, bilamizki, siz bu mulkni tark etgansiz, men yolg'iz qolurman. Meni yolg'iz qoldirmangiz. Yoshlikda, kuch-gayrat borida yonimda bo'ldingiz, endi qariganda, bir-birimizni tark etsak, qandoq bo'lur?
- Suhbat so'ngida Sulton Husayn Boyqarot keksa shoir ustiga oltin tugmali, avrasi zarbof qora qunduzi po'stin va yana bir necha qimmatbaho to'nlar yopdi. Bir necha kundan so'ng Mir Alisher ota ila o'g'ilni yarashtirish ishlarini ado etgach, podshohning ijozati bilan dorulsaltanaga yo'l oldi.
U Hirotga sha'bon oyining o'rtalarida yetib keldi. Malikulshuaroning qaytayotganidan xabar topgan poytaxt ahlining quvonchi behad, shahar darvozasidan to Unsiyagacha tumonat odam peshvoz chiqqan edi.
Qaytganiga bir hafta bo'lar-bulmas, Mir Alisher Xoj Ansoriy mozori poyida katta yigin qilib, shahar ulug'larini chorladi va ulardan qutlug' dargoh jo'rubkashi bo'lishdek, mo'tabar vazifa uchun fotiha berishlarini tiladi. «Men mundin so'ng darvishlik va go'shanishinlik bodasida istiqomat qilishni ixtiyor etdim», - dedi u. O'sha kuni shunday ulug' majlis bo'ldiki, saltanat boshida turgan Muboriziddin Muhammad Valibek kabi amirlar mozorda yig'ilgan ulamolar xizmatida oyoqda qoldilar. Yetmish qo'y, yigirma besh ot so'yildi va ulamolar botmon qand va yana chandon noz-ne'matlar o'rtaga tortildi. Majlis so'ngida mashoyixlar Mir Alisherga fotiha berdilar.
O'sha majlisdan ko'p vaqt o'tmay, Mir Alisherni dorulsaltanatga jo'natib, sher ovlash havzasida Mozandaron tomonga yo'llangan podshohdan farmon keldi. Farmon saltanat poytaxtida hukm yurgizgan Amir Valibek nomiga bitilib, unda tez orada Hirot va uning atrofidagi aholidan zarur harajatlar uchun yuz ming dinor undirish buyurilgan edi. Amir Valibek talab qilingan mablag'ning yarmini shahar yon-tevaragidagi dehqonlardan undirib, qolganini poytaxt nufuzi gardaniga yuklashni mo'ljalladi.
Ammo Amir Valibek hech bir ishga Mir Alisher fikrisiz va maslahatisiz dahl qilmas edi. Shu sabab o'z mo'ljalini shoirga ma'lum qoldi. Mir Alisher «Bu fursatda xalq ustiga o'rinsiz soliq solishni oliy darajali Sohibqiron davlatiga munosib ko'rmayman"» - dedi va o'sha kuniyoq mazkur mablag'ni o'ining daromadidan to'ladi. Uning bu sahovatini eshitib, shahar ahli ulug' kishilarni vakil qilib yubordilar. Shoir vakillarning minnatdorchiligini qabul qilarkan, «Haj safari azimati ila chiqqan yo'lidan qaytarildim». Ammo bu yo'ldan qaytganim ila, elimga karam qilish yo'lidadurman», - dedi va so'zini bayot bilan tugatdi:
Xush ulkim, anga lutf birla xudo,
Ulusning qabulini qildi ato…
Mir Alisher Ansoriya mozorining sharq tomonida bir honaqox qurilishini boshladi, chor-tarof obodonchiligi xayolida bo'ldi. Xoli qolgan kezlari goh Xojaning qalamiga mansub «Ilohiynoma» risolasini mutolaa qilar, goh «Vaqifiya»ni qoralash ila band bo'lardi. Ammo saltanatdagi notinchlik bu ulug va saob ishlarga andarmon Ansoriya jo'rabkashiga orom bermasdi. Podshoh deyarli poytaxtda bo'lmas, damba-dam ko'tarilayotgan isyonlarni daf etish bilan ovora edi. U qo'rqib qolgan, shu qo'rquv bois hatto eng yaqin kishilariga ham shubha bilan qarardi. Kutilmaganda u Mir Alisherning inisi Darvishalini Balx hokimligidan bo'shatdi. Ketma-ket Astrabod voqyealaridan so'ng darveshlik ridosini kiygan tog'avachchasi Mir Haydar podshohga nisbatan xiyonatda - Qunduz hukmdori Xusravshohni Hiriy ustiga bosqin qilishga chorlashda ayblanib o'ldirildi. Bundan darak topgan Mir Alisher ich-ichidan o'rtadi, o'z mulozimlarini yuborib, Haydarning jasadini keltirib Chashman Mohiyona dafn ettirdi.
Bu fojeali voqyealar Mir Alisher ko'nglida hali so'nib ulgurmagan hajga borish, paygambar qabrini tavof qilish hayolini qayta kuchaytirdi. U yana Sulton Husayn Boyqaroga murojaat qilib, istijoza tiladi. Podshoh bu murojaatga undagan sabablarni bilsa-da, o'zini bilmaganga olib, goh ruxsat berar, goh Ansoriyaga tashrif buyurib, safarga oshiqmaslikni iltimos qilardi. Bu hol bir nech marta takrorlangach, Mir Alisherning qarori araz va ranj bois bo'lmay, balki qatyiyat tufayli ekanini bilgach, podshoh ijozat berdi va yo'l farmonini marhamat qilishini aytdi. Mir Alisher bir necha kundan so'ng farmon bitilganini eshitdi. Ammo podoh «Biroz sabr qiling», zamon notinch, yo'llar xatarli», degan bahonalar ila yo'l farmonini berishni har gal kechiktirardi.
Chindan zamon notinch edi. Daryo nariyog'ida – Movarounnahrda ko'chmanchi o'zbeklar xoni Shayboqxon ketma-ket galabalar qozonib, kuchga to'lib kelardi. Bunday raqib oldida temuriy hukmdorlar birlashish o'rniga bir-birining go'shtini yeyish bilan ovora. Shahzoda Abulmuhsin mirzo o'zbeklar bilan Qorako'lda jang qilib, yengilib kelganidan beri Sulton Husayn mirzoning ko'ngli ham alag'da.
Mir Alisher shu kunlarda Sohibqiron Amir temur poytaxti – Samarqandi bemonandni qo'lga kiritish uchun Shayboqxon bilan jang qilib yurgan Sulton Abdusaidning evarasi Bobur mirzo haqida ko'r hikoyalar eshitdi. Samarqandda bo'lganida ko'p marhamatlar ko'rsatgan Ahmad Hojibekdek pokdoman bir kishi shu mirzoning tarafida bo'lib, bundan bir necha muddat avval jangda shahid ketganini bilib o'kindi, yosh mirzoga xudodan inoyatlar tiladi. Xususan, yosh mirzo bitgan turkona baytlar og'izma-og'iz ko'chib, uning qulog'iga ham yetgach, ixlosi yana oshdi. G'azal piri bo'lmish Mir Alisher bu baytlarda jobajo mahzunlik va dilovarlikni tuyib, tahsinlar o'qidi. Mehri jo'shib, bir gal yarim tungacha o'tirib, Bobur mirzoga maktub bitdib va o'zining sodiq kishinisi orqali Samarqandga jo'natdi. Maktub egasiga yetdimi, bilmaydi. U har gal yosh mirzo haqida o'ylarkan, ko'ksiga iliqlik yugurardi.
Nihoyat, bahor so'ngida qishda bitilgan yo'l farmoni qo'lga yetdi. Farmonning muxtasar mazmuni mana bunday edi:
Mir Alisher Sulton Husayn xonadoniga yaqin turgan emukdosh bu davlatning asosiy tayanchi va sultonning eng yaqin va sodiq do'sti hamda doimiy suhbatdoshidir. Shu kunlarda u kishi hajga borish istagini bildirib, podshodan jo'nashga ruxsat so'ragan. Agarchi bir necha bor bu niyatni bildirib iltimos qilinsa ham har gal fuqarolar manfaatiga bog'liq sabablar ko'rsatilib, iltimos amalga oshmay to'xtatilar edi. Bu gal Amirning xotirini saqlab ijozat berib, hukm joriy qilinganki, hajga yurishda u kishi qaysi joyga borsa, har yerda hamma katta-kichik zo'r ehtirom ila kutib olib, kuzatsinlar. Xatarli manzillarda o'ziga va hamrohlariga yo'l ko'rsatib, bekatdan-bekatga tinch va salomat o'tkazib qo'ysinlar. Hamma amirlar, dorug'alar, a'yon va ashrof, barcha shahzodalar va umum aholi bu hukm ijrosidan chekinmasinlar.
Ushbu farmon podshoh amri ila 90 yil, hul-qa'da oyining beshinchisida yozilgan».
Farmon qo'lga tegishi bilan boshlangan tayyorgarlik ko'p o'tmay to'xtadi. Chunki, yoz boshlangani tufayli harorat kuchayib, bepoyon sahroyu dashtlar orqali o'tadigan yo'l g'oyatda mashaqqatli bo'lishi oydinlashdi. Safar kuz boshigacha kechiktirildi.
Taqdir taqozosi bilan voqyealar yana qayta takrorlana boshladi. Ayni shu yoz kunlari – muharram oyining boshida (100 yil iyulida) podshohning kichik o'gillaridan – Muhammad Husayn mirzo otasiga qarshi ko'tarildi. Keksa podshoh yana dorulsaltanatni tark etib, shahzoda ustiga – Astrobodga yurish qildi.
Sal ilgariroq Sulton Husayn Boyqaro Mir Alisherni o'z qoshiga chorladi. Shoir qabulxonaga tashrif buyurganda, podshoh Amir Valibek bilan suhbatlashib o'tirardi.
- Yana Astrobodda isyon, - dedi podshoh, - yana farzand isyoni…
- Astrobod ham, farzandingiz ham ko'zingizdan yiroq, shul sabab qo'rquvni unutarlar, - dedi Amir Valibek.
- Yo'q, janob Valibek, ular mehrini, oqibatni unutarlar, - dedi qatyiyat bilan shoir.
Ular uzoq kengashdi. Podshoh, Mir Alisherga haj safariga ruxsat va yo'l farmonini berganini unutgandek, suhbat nihoyasida dorulsaltanat ixtiyorini do'sti va Amir Valibekka qoldirajagini ma'lum qildi. Mir Alisher bunga javoban hech nima demadi. Podshoh maktabdosh do'stining ko'zlariga qaramaslikka harakat qilib xayrlashdi.
Dastlabki kunlar Mr Alisher tadbirkor Amir Valibek bilan birga bo'ldi, saroydagi mashvaratlarda qatnashdi. Ammo bir haftadan so'ng qo'li ishga bormay qoldi.
Podshoh iltimosi yodida bo'lsa-da, Mir Alisherning ortiq toqati qolmagandi. U Hijoz safariga tayyorgarlikni tezlashtirdi. Podshoh Hirotni tark etganidan ikki hafta o'tar-o'tmas – muharram oyinng oxirida yo'lga tushdilar. Biroq shahardan chiqqan karvon yo'lini tashvishli xabar to'sdi. Otasining Astrobod taraflardaligidan foydalanib, saltanat taxtini egallash orzusida yurgan Badiuzzamon mirzo Hirot ustiga qo'shin boshlab kelayotganmish. Lak-lak navkar Xuroson ahliga xavf solayotganidan tashvishga tushgan keksa shoir yana orqaga qaytdi. Zero, u mabodo poytaxt Badiuzzamon qo'liga o'tgudayin bo'lsa chorshanba kuni chiqib ketgan shaharga payshanba kuni qaytib kirdi.
Ertasi kuni masjidi jome'da juma namozida so'ng mashoyix va ulamolardan Shayx Jalliddin Abusaid Nuroniy, Shayxulislom Sayfiddin Ahmad Taftazoniy, Shayx So'fi Ali, Mavlono Muiniddin Farohiy, Mavlono Kamoliddin Koshifiy, Xoja Imomiddin Abdulaziz Abxariy, sayid va naqiblardan Amir Qivomiddin Husayn Mozandaroniy, Amir Jaloliddin Ataulloh Asiliy, Amir Nizomiddin Abdulqodir va boshqa bir qator Hirot shahri ayo'nlari, ashrofu raislari Mir Alisherni o'rtaga oldilar. Hirot shahri mudofaasi topshirilgan Amir Valibek ham shu yerda edi.
- Sizning fayz-barakali zotingiz Xuroson mulki dahlsizligining sababi va fuqaro osoyishtaligining boisidir, - deb gapni uzoqdan boshladi shayxulislom.
- Bizning barchamiz sizga muborak safarga fatvo bergan edik. Illo, oyati mo'minlarga hajni farz etdi. Kimki buni inkor etsa, gunohi o'zigadir. Bas, alloh taolo barcha olamdin behojatdir», deyilmish. Buga imon keltiramiz. Sizni yo'ldan qoldirish gunoh, ammo sizdan biroz sabr qilishni tilash uzrli. Rasululloh sannollohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida. «Vijdonning amriga quloq sol! Ezgulik shunday narsaki, undan qalb ham, vijdon ham orom oladi. Gunoh ish shulki, undan qalb qaror topmaydi, vijdon azoblanadi. Kishilar fatvo bersalar ham sen o'z vijdoningdan fatvo so'ra!» demishlar Saltanat va fuqaro xotirjamligi haqi vijdoningizdan Makka azimatini bir muddat kechiktirishga fatvo tilashingizni o'tinamiz.
- Hazrat risolat. «Senga omonat qilingan narsang egasiga topshir, xiyonat qilgan kishiga xiyonat qilma», demishlar, - dedi kuni bilan muofaa tayyorligiga bosh-qosh bo'lib, baqiriq-chaqiriqdan ovozi bo'g'ilib qolgan Amir Valibek, - Sohibqiron sizu menga dorulsaltanatni omonatga qoldirgan edilar. Sabr qiling, podshoh hazratlari qaytsinlar, omonatlarini eson-omon topshiraylik, so'ng yana muborak yo'lga otlanursiz.
- Bul zamon Hirot Sultoni Sohibqiron vujudidan holidir, - dedi Amir Valibekning gapi Mir Alisherga qattiq botganini payqagan, shoirning mijozi juda nozikligini yaxshi bilgan Mavlono Kamoliddin Koshifiy. – Agar poytaxt sizning fayzli nuringizdan ham chetda qolsa, mumkinki, fitnayu galayonlar boshlanuv, saltanat tadoruki imkonsiz qolur…
- Fahmingiz yetgondur, Samarqand taxti o'zbek podshohi Shayboqxon qo'liga o'tmish. Endi uning Amudan o'tish xohishi bor derlar. Siz niyat qilgan muborak safar yo'llari ham bagoyat xavfli bo'lmishdur. Iroqu Shomdayam, Rumdayam, parishonlik. Illo, shariat yuzasidan bunday vaqtlarda haj vojib emas, - Shayxulislom shunday deb, to'g'rimi, degandek Shayx nuroniy tikildi. U ma'qullab bosh chayqagandan so'ng so'zida davom etdi. – Biz faqirlarning iltimosiga quloq berib, bu yil safar niyatidan qayting.
- Notinch fuqaroga bosh bo'ling, - dedi Amir Qivomiddin Mezondaroniy, - bu xayrli ish sabovini yetmish poyu-piyoda hajdan ortuq ko'rsinlar. Illo, o'zlari aytganlaridek:
Kimki bir ko'ngli buzug'ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa, obod aylagay…
Mir Alisher davradagilar so'zini indamay tingladi. O'rtada sukut cho'kkach, sekin bosh ko'tarib, ma'yus ovozda so'zladi.
- Hammangizga ma'lumdirki, uzoq muddatdan buyon Makka azimati orzusidaman. Bu
niyat hazrati Mahdumi Nuran Ka'bani tavof etib qaytgan kundan xotiramga tinchlik
bermaydir…
U shunday dedi-yu, ko'z o'ngida bunday bir necha yillar avval ustozi safardan qaytgan damlar jonlandi. O'shanda Mir Alisherning boshiga ogir kunlar tushgan, birodari Darvishali podshohga qarshi isyon ko'tarib, hukmdor bilan uning o'rtasidagi yaqinlik omonat bo'lib qolgan edi. Birodari Balxda hokim edi. U Og'zi kuymasa, olovni yutadigan Majiddinning Mir Alisherga qilgan badniyat hatti-harakatlaridan norozi bo'lib bosh ko'targan edi. Sulton Husayn bundan g'oyat qattiq g'azabda, bu g'azab ukadan ko'ra ko'proq akaga qaratilganini sezgan saroydagi ayrim kimsalar, birinchi navbatda vazir Majiddinning o'zi bo'xton ustiga yog'dirardilar. Ular ochiqdan-ochiq «Bu xiyonatda Mir Alisherning qo'li borligi aniq, ogasining maslahatisiz Darvishali bu yo'lga kirishga haddi sig'masdi», derdilar. Sulton Husayn isyonkor hokim ustiga qo'shin tortib borarkan, oldinroq Xoja Giyosiddinni jo'natib, tavba talab qildi. Mir Alisherning gapiga kirib, Darvishali tavba qilib keldi. Darvishalini dastlab kechirgan podshoh, oradan olti oy vaqt o'tmay, kelib-kelib Mir Alisherga uni Balx shahri qalyasiga qamashga buyurdi. Tahqirlangan shoir necha marta azm qilgan ishi – saltanat tashvishidan etak yigishtirgan ustozi surishtirib qoldi.
- Bir gap eshitdim, boisi ne erur?
- Inson jinsi suhbatidan bezdim, hazrat, boisi shuldir, dedi Mir Alisher.
Jomiy unga bir muddat o'ychan boqdi-da:
- Sen inson deb kimlarni xayol qilding, qani, ularni bizga ko'rsat-chi? – dedi.
O'shanda saroy hayotidan chetlatgani uchun tanbeh kutgan Mir Alisher bu gapni eshitib, xotirjam bo'lgan edi. Mana, sakkiz yildan oshdiki, ustozi yo'q, do'sti yo'q. Mana, sakkiz yildirki, uning dil ragbatini tinglaydigan inson yo'q…
Uning gurung asnosida birdan qattiq xayol surib qolishiga o'rgangan davradagilar sukut saqlashardi. Mir Alisherning bu odati Hiriydagi har bir kishiga ma'lum edi. Shogirdi bo'lmish Xondamirning «Amir bunday damlarda bizni zaminda qoldirib, samovotdagilar bilan suhbat quradilar», degan so'zi mashhur edi.
Mir Alisherning qaytib yerga tushganini sezgan davradagilar bir-birlariga qarab olishdi. Shoir gapni kelgan joyidan boshladi:
- Ha, bu niyat hazrati Mahdumi Nuran muborak safardan qaytgan damdan xotiramga tinchlik bermaydir. Ammo har safar shu maqsad tomonga yo'nalish niyatida hozirlik ko'ra boshlasam, Sohibqiron mone' bo'ldilar. Har safar bu monedan ranjimay, bo'ynimni egdim. Bul safar o'zlari yo'l farmoniki berdilar, o'zimiz ham safar tadoriki uchun katta mablag' sarfladik…
Shunday bo'lsa-da, «Mo''minlar qalbiga shodlik kiritish butun insonlar ibodatidan xayrlidir», degan so'z mulohazasi bilan sizdek uluglar iltimosini qabul qilurmiz va fuqarolar manfaati uchun bu navbat ham o'zimizni bu istakdan qaytarurmiz.
Davradagilar xursand bo'lib, duo va hamdu-sano aytishga og'iz ochdilar. So'ng poytaxt mudofaasini uyushtirish borasida zarur tadbirlar maslahati bo'ldi. Eng avvalo Badiuzzamon mirzo huzuriga elchi jo'natish ma'qul deb topildi.
Ertasi kuni elchi yo'lga chiqdi. Badiuzzamon mirzo elchiga «Agar otamiz Sohibqiron Sulton Balh viloyati va Amudaryodan Murg'obgacha bo'lgan joylarni mening iligimga topshirsalar, nomimiz xutbada tilga olinsa, qo'limizga qilich tutmasmiz», - dedi. Bu orada jadal yo'l bosgan Sulton Husayn mirzo qo'shini ham dorulsaltanatga yaqinlashib qolgan edi. Ammo podshoh qo'shini mirzo qo'shiniga qaraganda juda oz edi. Vujud uchun sog'lom ko'ngil zarur bo'lganidek, mulk uchun soglom podshoh kerak. Sulton Husayn Boyqaro esa aslan iligi yo'q va kuchli vujudini may ichish ila erta qaritgan edi. Garchi u bir yilcha burun Mir Alisherbekka. «Hali qilich chopqillashga zo'rman», deb maqtangan bo'lsa-da, qarilikning ham dami qattiq deganlaridek, oradan o'tgan vaqt o'z ishini qilgan, endi podshoh bundan buyog'i uchqur va o'ynoqi tulporda minib jang qilishga yaramas, Hirotga ham taxtiravonga kelgan edi. Shu paytgacha Badiuzzamon mirzo necha marta unga qarshi bosh ko'targan bo'lsa, har safar Sulton Husayn o'g'lining tazirini boplab berib qo'ydi. Mana endi otasining qarilik zaifligini o'z yigitlik kuchin-qudrati deb bilib, Hirot darvozalariga qadar qo'shin tortib kelishga juryat qildi. Sulton Husayn Boyqaro na podshohlikka, na sarkardalikka qobiliyat bo'lgan to'ng'ich o'g'lini bundan so'ng qilich zo'ri bilan yengmog'i mushkulligini botinan anglardi. Shu bois Mir Alisher bergan maslahatga quloq solib, Badiuzzamon tilagan viloyatlarni berishga majbur bo'ldi. Saltanatning deyarli yarmi iligiga o'tgan Badiuzzamon mirzo endi qariyb podshoh edi, xutbada otasi bilan bir qatorda uning nomi ham yodlana boshladi.
Ammo hali shahzoda Muhammad Husayn mirzo g'avg'osi tinchimagan edi. Otasi ogasiga qilgan marhamatini ojizlik deb bilgan shahzoda aql jilovini yo'qotib qo'ydi. Oldingi gal podshoh poytaxt tashvishida uning isyonini daf etolmay, qaytib ketishga majbur bo'lgan edi. Alamzada Sulton Husayn Boyqaro yana Astrobodga qarab jo'nadi. Shahzoda otasining juda qattiq g'azabga to'lib kelayotganini na og'asi Badiuzzamon mirzoga bo'lgan alamini ham undan olajagini anglab, qo'rqib ketdi. Birinchi to'qnashuvdanoq, ahvoli chatoq bo'lishini sezgan shahzodaga otasi huzuriga elchi jo'natib, tavba qildi. Sulh xabarini eshitgan Mir Alisher Navoiy ham yosh boladek quvondi. Koshki, bu so'nggi isyon bo'lsa-yu, saltanatda xotirjamlik cho'ksa. Yo'llar tinch, xavf-xatarsiz, shaharlar farxunda va to'q, fuqarolar hamjihat bo'lsa…
Qari shoir ushalmagan orzusini o'yladi. Nahotki, orzusi armonga aylansa? Endi haj azimati qilmoqqa so'nggi kunlar battar yomonlashgan sog'ligi yo'l bermasligini angladi. Angladi-yu, Makkaga borurmiz, deb umid tizginini uning eshigiga ilganlar, unga hamroh bo'lish maqsadida taraddud ko'rib yurgan faqiru-bechoralar haj yo'liga ochrlab, butun harajatni o'z ustiga olishni bildirdi.
Bir necha kundan keyin Hirotdan chiqqan karvon Nishopur yo'li orqali mag'rib tomon yo'naldi, karvon boshida yo'rgalab borayotgan eshakka mingan Xazon laqabi qari darvesh shahar darvozasidan chiqqach, to'xtab hazrati Mir Alisher haqida uzoq duo qildi-da, so'ng shoirning muborak safar ishqida bitgan baytlarini ishtiyoq bilan kuchlab yo'lga tushdi.
Menikim, bu savdo nizor ayladi,
Havas ilgida beqaror ayladi.
Ne imonki, topqay qaroru sukun,
Birovki, bu fikr etgay oni zabun.
Urarman qadam toki borguncha gom,
Ki, bo'lgay, muyasssar menga ushbu kom.
Agar bo'lsa bu yo'lda umrum talaf,
Chu bu yo'ldadir ul ham erur sharaf.
Va gar bo'lsam o'z nomima bahramand,
Zihi mulki jovidu baxti baland…
Karvonni kuzatishga chiqqan Mir Alisher shahar darvozasiga yetdi-yu, ortiga qaytdi. U go'yo shahar darvozasidan chiqsa, o'zini to'xtata olmay karvonga qo'shilib ketadigandek holatda edi. U mahzun kayfiyatda Unsiyaga qaytdi va «Baqfiya»ni varaqlab, ko'ngil bayoni bitilgan satrlarni shivirlab o'qiy boshladi. «Emdikim hayotim gulshanining bahori xazonga yetishdi va gulshanda ochilg'on yigitlik gullari to'kila kirishti. Savzasi tabiat havosi burudatidan oqarli va lolasi quhulat sovuq nafaslaridan sargardi, sunbuli serobi marg'ulalaridan tob ketti va niholi sarbalandi ajal sarsaridan fano tufrog'iga yiqilurg'a yetti. Ul hazratning 1 muabbad davlatidan va ra'fe himmatidan ko'nglumga kechmagan komlarga komgor bo'lubman va tushimga kirmagan maqosidga iqtidor topibman. Ikki orzu rishtasidan o'zgakim, girihi ko'nglum pardasidin yechilmadim va ikki murg'unchasidin o'zgakim, tuguni jonim gulshanidin ochilmadi.
Ammo umidim uldurkim, bu ikki umidim mevasidin dog'i borumand va murodim budurkim, bu ikki murodim gavharidin dog'i sarbaland bo'lgayman va bu orzumandlig xor-xorining tikani ko'nglumda sinmagay va bu murod gavharining yog'ini qatradek tufroqqa eltgaymen…
…Bu mazkur bo'lg'on ikki orzudin biri muborak safardurur…»
Shu satrga yetdi-yu, Mir Alisherning bo'g'ziga tosh tiqilgandek bo'ldi, beixtiyor ko'zlari namlandi. E voh, bu orzusi armonga aylandi.
Navoiy, Ka'ba zikrin qo'yki, bir dayri fano istab
Zohabno vodiyal – maqsad, vojadno mohuvan – maqsud…
Botn va alamli o'yga botgan keksa shoir Shayx Mo'min Sheroziy haqida bitilgan rivoyatni esladi. Emishkim, Ismoil Dobbos ismlik kishi haj niyatida yo'lga chiqib, Sherozga yetmish. Bir masjidga kirsa, Shayx Mo'min Sheroziy hirqasini yamab o'tirganmish. Ismoil Dobbos unga salom berib, hol-ahvol surishtirgan ekan, Shayx Mo'min. «Ne niyating bor!» – deb so'rabdi Ismoil Dobbos. «Haj niyatim bor!» deb javob beribdi.
Mo'min yana so'rabdi «Onang bormi?». «Onam bor», - debdi Ismoil Dobbos. Bu javobni eshitgach, Shayx Mo'min Sheroziy qo'lidagi xirqasini chetga qo'yib, aytibdi. «Onang huzuriga bor, unga mulozamat qil!». Bu so'zi suhbatdoshiga yoqmaganini payqab, yana aytibdi. «So'zim yoqmadimi, ey, Ismoil Dobbos! Men ellik marotaba bosh yalangu, oyoqyalang, biror-bir hamrohsiz haj qildim. Mana shu hajlarim savobini senga berdim. Sen onang ko'ngli shodlini menga ber!»
Mir Alisher har gal bu rivoyatni eslar ekan, ko'ksi qalqib ketardi. Bu gal ham shunday bo'ldi. «Bechora onam tirik bo'lsayki, mulozamat qilib, ko'nglini shod etsam», - deb o'ylardi u. Ammo nogohoniy bir fikr dilini ravshan etdi. «Yo'q, yo'q, mening onam bor. Onam menga til va dil bergan turkiy xalqim, shu ulug' millatim. Koshki uning dilini shod etsam, umrim bitguncha uning xizmatida bo'lsam…»