OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Davron. Osmonda quyosh yo‘q edi (hikoya)

Hijriy 853 yil ramazon oyining sakkizinchi kuni – melodiy 1449 yil 25 oktabr kuni Samarqanddan chiqqan kichik karvon janubdagi tog'lar tomon yo'l oldi. Karvonning o'rtasida qotma gavdalik, ko'rkam va oyo yuzli, yuz-ko'zidan vazmin tabiatligi sezilgan, soch-soqoli oqargan bir kishi og'ir o'yga botgan holda ko'k chovkar ot ustida bir maromda tebranadi. Achchiq xayolga botgan bu kishi o'gli Abdulatif mirzo tomonidan Movarounnahr taxtidan soqit etilgan Mirzo Ulugbek edi.
Karvon dosursaltanatdan izoqlashib, Darg'am arig'i yoqasidagi tepalarning biriga yaqinlashganda, quvg'indi podshoh otini to'xtatib, oyog'ini uzangidan uzdi. Nomozdan kechikmaslik uchun boshqalar ham shoshilishib otlardan tushdilar. Karvon ahli tepaki etagida shom namozini ado etgach, Mirzo Ulug'bek Dargam arig'i tomon yurdi. Bu suv ba'zi yerda o't-o'lanlari mavj urgan o'tloqlardan o'tsa, bir xil joyda toshloq, taqir yerlardan o'tardi. Bir xil joylarda katta-kichik oqish tepalarni tilib o'tib, chuqur va haybatli jarlar hosil qilgan. Xalq tomonidan Dardu g'am deb atalgan, yilning to'rt fasli quturib oqadigan bu ulkan ariq sohilida turarkan, birdan keksa podshohning ko'zlari namlanib, bo'g'ziga achchiq bir nido tiqilgandek bo'ldida, alam bilan pichirladi:
- Bu qandoq yozug'ing bo'ldi, Allohi karim?!
So'ng keskin ortiga burilarkan, shoshilib kelib otiga mindi va «chuh» deya niqtadi, ammo ot qo'zg'almadi. Ot egasining ovoziga emas, yuragining sassiz amriga bo'ysunayotgandek edi. Quvg'indi hukmdor otiga ayamay qamchi urdi. Tulpor Darg'amdan so'ng boshlangan dasht o'rtasini kesib o'tgan yo'l bo'ylab chopib ketdi. Ammo bir farsahdan o'ng egasi yana og'ir xayolga botganini sezgan jonivor bir maromda yo'rtib keta boshladi.
Kuz osmonini bulut qoplagan, havo nam. Quyosh mag'rib tomonga oggan sayin salqin achchiq izg'iringa aylanib bormoqda. Dasht yo'li tevaragidan qizgish qo'gaylar qovjirab qolgan, shamol odam bo'yi o'sgan yovshanlar, oqish armonlarni tebratadi, qurib, bandidan uzilgan yantoqlar dumalab uzoqlarga ketadi. Tongda yog'ib o'tgan yomg'irdan otlaru xachirlarning tuyoqlari yaltiraydi, to'piqlarigacha ho'l.
Havoning azvoyi buzilib, tund va ko'ngilsiz bo'lib turganiga qaramay peshinda Samarqanddan chiqqan karvon bepoyon dasht bo'ylab sokin yo'l bosadi. Karvon ahli ichida hamman shoshiltirib gayrat qilayotgan, qora qashqa ot mingan, moshkichiri soqolli kishi – Mirzo Ulug'bekka hamroh qilib tayinlangan Hoji Muhammad Xisrav edi. U kuz kuni qisqaligidan tezroq biror manzilga yetib olishga harakat qilar ekan, yiroqdagi tog'larning qor bosib oqargan cho'qqilariga quyuq qora bulutlar qo'nayotganini bezovtalanib kuzatardi. Xiyol vaqt o'tmay o'sha bulutlar ko'payib, siljib, yoyilib, ko'k sahnining bir tomonini qoplab oldi. Bir lahzada qosh qoraygandek, chor atrof xiralashdi.
Karvondan ancha orqada, ko'z qarashi yetmas masofada besh-olti otliq qora bo'lib ot yo'rttirib boradi. Ba'zan yaqinlashib, ko'zga ko'rinmaslik uchun yo'llar tevaragida yuksalib turgan tepaliklar panasida bekinishar, ortda qolganda otlarini ayamay qamchilashadi. Bu guruh aslida ikkiga bo'lingan, ikki otliq hamishayonma-yon, bir-biridan orqada qolmay, boshqalar esa ularni qoralab borishardi.
Hoji Muhammad Xisrav otini qichab, Mirzo Ulugbek oldiga yetganda to'xtadi.
-A'lohazrat, to'n qo'nmasdan bir manzilga yetsak, - dedi u.
- Ma'qul, - deb bilinar-bilinmas bosh silkidi Mirzo Ulug'bek.
Ular yonma-yon keta boshladilar. Ancha vaqtdan keyin oradagi sukunatni Mirzo Ulug'bek buzdi. U ichidagi to'fonni yuz-ko'zida zohir qilmay, xushchaqchaqlik bilan hojidan avvalgi haj safarlari xususida surishtira boshladi. Hoji hikoyasini
 tugatolmadi, orqadan podshohning maxsus chopari tug'ini ko'tarib, ot qo'yib kelayotgan otliqni ko'rib, yuragiga g'ulg'ula tushdi. Otliq Abdullatif mirzo bilan birga Balxdan kelgan sulduz qavmiga mansub navkarlardan biri edi. Yelkasiga yuklangan vazifani bajarish maqsadida otini ayamay choptirgan chopar yigit yuz-ko'zidan qora ter quyilardi. Hoji navkarga yaqinlashib:
- Xo'sh, nima gap o'zi? – deb so'radi.
Chopar esa aytadigan gapini boshqalar eshitishini istamadi, shekilli, hojiga yaqinlashib shivirladi:
- A'lohazratlarini biron obodon yerga olib borib, o'sha joyda kuting, Mirzo Ulug'bek podshoh erur, shul sababdin ul zoti oliylarining safari ham turku tojikni hayron qiloturgon tarzda, zo'r dabdaba birlan kechmogi lozim, bunga tayyorgarlik ersa hali poyoniga yetishmag'ondur.
Hoji Muhammad Xisrav kutilmagan bu hodisadan ajablanib, nima deyishini bilmay, bir dam chopar yigit yuziga sinovchan tikildi. Yigit esa hojining ko'ngliga shubha solganini sezib, baland ovoz bilan ta'kidladi:
- Podshohimning amru farmonlari shu! Tabiatan hurkak hoji qo'lini ko'ksiga qo'yarkan:
- Farmoni oliyga bosh egurmiz, - dedi.
Choparga shu gapni eshitish kifoya edi, chamasi, otining boshini orqaga qayirib, Samarqand tomonga o'qday uchib ketdi. Uning ortidan ko'tarilgan changu to'zon oqshom yorug'ida chiroyli ko'rindi. Hojining o'yga botib qolganini ko'rgan Mirzo Ulug'bek unga yaqinlashib: «Xo'sh, Hoji, choparni nechun yo'llabdurlar?» – deb o'yladi. Hoji O'rtada bo'lgan gapni aytib berarkan, quvg'indi podshoh yalt etib chopar ot choptirib ketgan tomonga qaradi. Uning ko'zlari g'alati chaqnaganini ko'rgan hojining ko'nglidagi shubha battar kuchaydi. Butun vujudi muzlagandek bo'ldi, ammo hayajonini sezdirmay, Mirzo Ulugbek nima deyishini kutdi. Podshoh esa qaddi-qomati egilganicha, hamon Samarqand tarafga tikilib turar, uning ko'ngliga ham shubha oralagan, bu shubha sovuq va qo'rqinchli edi.
Besaranjom hoji nihoyat ogiz ochdi:
- A'lohazrat nima buyuradilar?
Mirzo Ulugbek hamrohiga bir zum «Sen hamma gapni bilasan! Ular bilan tiling bir!» - degandek diqqat bilan tikildi. Hoji battar besaranjomlanib, o'zini qayerga qo'yishni bilmay qoldi. Nihoyat, quvg'indi podshoh mahzun pichirladi:
- Bilganingizni qiling, taqsir.
Karvon yana yo'lga tshdi. Bir soat o'tmay, ular yo'l ustidagi Obi Sabuh deb atalgan ariq yoqasida joylashgan kichik bir qo'rg'onga yetdilar. Shu yerda to'xtash ma'qul topildi.
Mirzo Ulug'bek otdan tushdi va oyog'i uvishib qolganidan sal oqsab qo'rg'onga kirdi. Uning qarshisiga o'n-o'n ikki yashar bola yugurib chiqdi va yulduzdek chaqnoq, yaltiroq ko'zlarini taajjub bilan keluvchilarga tikdi.
- Chop, otangni chaqir! – dedi buyruq ohangida Hoji Muhammad Xisrav tun
salqinidan junjikib turarkan.
Dorulsaltana tevaragida qurilgan podshhlikka tobe qalyalardan bo'lgan qo'rg'onning egasi – keksa mingboshi zarrin yengli eski to'nini yelkasiga tashlab, yarim tunda uni bezovta qilgan odamlar tashrifidan biroz vahimaga tushganicha karvon ahliga peshvoz chiqdi. Sohibqiron Amir Temur Ko'ragon zamonida tiklangan bu qo'rg'on vaqt o'tib xarob bir ahvolga kelgan bo'lsa-da, qo'rg'on egasi oyma-oy muntazam maosh miqdori kamayib borgan bo'lsa ham qo'rgon egasi birovga arz qilishga qo'rqar, yarim xarobaga aylangan qurgon uchun javobgarligini bir zum unutmay kun kechirardi. Hozir oldida turgan odamlar yarim tunda qolgan yo'lovchilar yoki savdogarlar emas, podshohlik odamlari ekanini bilgach, bu odamlar boshpana berish baxtiga musharraf bo'lishidn quvonib ketdi. Karvon ahli bilan bir boshdan ko'risha boshlagan bu odam Mirzo Ulug'bek qarshisida quvonchini unitib, dag’-dag’ titrab, to'xtab qoldi. U turgan joyida qotib qolgan, so'zlashga tili aylanmas edi.
- Ha, taqsir, sizga nima bo'ldi? – dedi Mirzo Ulug'bek uning dahshatga tushishi sababini bilsa ham.
Qo'rg'on egasi o'g'il bilan ota o'rtasida bo'lib o'tgan mashyum mojarolardan yaxshi xabardor, kechagina qulog'iga so'nggi mish-mishlar ham yetgan: Mirzo Ulug'bek taxtdan soqit etilib, shahzoda Abdullatif podshoh bo'lib oq kigizga o'tqazilgan emish… Shu sababdan qo'rg'on egasi qarshisidagi odamga qanday muomalada bo'lishni bilmay hangu mang edi. Nihoyat, u titroq va hayajonli bir tovush bilan:
- Marhamat, a'lohzrat, marhamat! – deya quvg'indi podshohga ta'zim qildi-da,
o'zini chetga oldi. So'ng qo'rg'on burchagidagi oilasi bilan yashagan uyga kirarkan,
eshikni yopib, zanjirni zulfinga ildi. Shu-shu qorasini ko'rsatmadi.
Qo'rgon hovlisidagi daraxtlarga mashyalalar o'rnatilgach, xachirlardan yuklar tushirilib qo'rg'on o'rtasidagi bino ayvoni burchagida taxlandi. Mirzo Ulugbek bilan Hoji Muhammad Xisrav ayvondan qop-qorong'i uch ichkarisiga kirib, to'rdagi xonaga o'rnashdilar.
Xona sovuq edi. Osti zax, toshdek qora yer. Necha o'n yillardan beri odam nafasi isitmagan, g'urbatga cho'kkan kulbaning har burchagida shamgin qorong'ilik hukm suradi. To'rt tomon devori suvog'i to'kilgan. Qorongi go'rdek zax uyning bir birchagida xunuk yasalgan o'choq bor, xolos. Qo'hna kulbaning teshik-teshigidan izillab shamol urib, boshpanani kimsasiz sahroga aylantiri, muzlatib yuborgan. Yo'l bo'yi sovuqdan qotib, titrab-qaqshab kelgan Hoji Muhammad tonggacha bu yerda isinolmay, dildirab o'tirishini tasavvur qilib, yo'lga kechikib chiqqanidan pushaymon bo'di.
Mirzo Ulug'bek suvsar po'stinini kiydi. So'ng mulozimlar gilam yozib to'shagan ko'rpachalar ustiga yonboshladi. Yuragida sirqiragan og'riq azobi nechog'li kuchli bo'lmasin, u o'zini xotirjam tutishga urinardi. Keksa podshoh ko'zini yumdi. O'sha lahza o'ngida mungli ko'zlari jiqqa yoshga to'lgan suyukli qizi Robia Sultonbegimni ko'rdi. «Meni tashlab ketmang, otajon!» deb baqirardi qizi…
Ohista-ohista qadam bosib mulozimlarning biri kirdi. U qo'lida qumg'on bilan tos ko'targan edi. Mulozim tosni Mirzo Ulug'bek oldiga qo'ydi. Hamon og'ir o'ylar ichida qolgan quvg'indi podshoh yenglarini shimarib qo'llarini mulozim tutgan qumg'ondan oqib turgan muzdek shaffof suvga tutdi. Ketma-ket kirgan boshqa mulozim dasturxon yozib, taom keltirdi. Mirzo Ulug'bek bilan Hoji Muhammad Xisrav taomga yaqin siljidilar. Ular taom bilan mashg'ul ekanlar, poygakda o'tirib olgan bola chaqnoq ko'zlarini Mirzo Ulug'bekdan olmay taajjub bilan boqar, goh mirzo, goh hojining uni ovqatga da'vat qilganlarini eshitmagandek, iljayib turardi.
Mirzo Ulug'bekning ishtahasi yo'q edi. U jindakkina non bilan uch-to'rt burda qovurdoqdan yedi, keyin biroz asaldan olib, nonga surdi-da, bolaga uzatdi. Bola uyalganidan irg'ib turib xonadan chiqib ketdi.
Nihoyat qorni to'ygan hoji ko'zlarini yumib, qo'llarini yuqoriga ko'tarib, fotiha o'qidi. Mirzo Ulug'bek chordona qurib o'tirgan ko'yi ko'zlarini hojiga tikdi. Hoji, nasib bo'lsa, ertaga tongda dosulsaltanadan nvkarlar qo'riqlagan hashamatli karvon yetib kelishi, ana o'shanda yo'l ham tez unishi haqida so'zlayotgan edi. Mirzo Ulug'bek eshik tomonga qarab-qarab qo'yar, tashqaridan eshitilayotgan ovozlarga quloq solib, hojining so'zlarini parishon holda tinglardi. U suvsar po'stin kiyganiga qaramay, badani junjikayotganini sezdi. Ammo bu sovuqdanmi, ichida g'imirlagan sovuq shubhalardanmi, bilmasdi.
Eshik g'iykillab ochilib, mulozim dasturxon yig'ishtirishga kirganda, Mirzo Ulug'bek unga xona o'rtasidagi o'choqqa o't qalashni buyurdi. Dam o'tmay ikki navkar bu yumushga tutindilar, o'tni katta qilib yoqdilar. Podshoh o'choqqa yaqinlashib, gurkirab turgan gulxanga tikildi. Gulxan yonida tinch-xotirjam bo'lib ko'ringan bu odam yuragida olamga dahshat solgulik bir to'fon hokim edi. «Nima gunohim bor ekanki, bu jafolar boshimga keldi?» – deb o'ylardi gulxan yonida turgan odam.
Uning besh o'g'lidan ikkitasigina omon qoldi. Qolganlari erta o'lib ketdilar. Tirik qolgan o'g'illarining to'ng'ichi Abdullatif bibisi Gavharshodbegim qo'lida tarbiyalandi. Malikadagi takabburlik, hamma ishda bosh-qosh bo'lishga intilish, serzardalik bola tabiatiga ko'chdi. Yillar o'tib, serzardalik dag'allikka, qo'pollikka, takabburlik manmanlikka, toju taxt havasi hirsga aylandi. Bobosi Shohruh mirzo olamdan o'tganda, bibisining aldoviga uchdi. Gavharshobegimning: «Toju taxtga otang emas, men munosibsan!» – deb qulog'iga quygan gaplarga ishonib, bosar-tusarini bilmay edi. Keyin bibisi uni laqillatib aldanganini Hirotda qolgan boshqa nabirasi, Abdullatifdan suyukliroq Alouddavlani qulay fursatni boy bermasdan taxtni egallashga da'vat qilganini bildi. Achchiqlangan shahzoda keksa bibisini tutqun etdi. Ammo tez orada Alouddavlaga bas kelolmay o'zi tutqun bo'ldi. Ixtiyoriddin qalyasida zindonband etildi. Shu voqyea tufayli toju taxtning sharyiy vorisi bo'lmish Mirzo Ulugbek hokimiyat uchun kurashishdan voz kechib, o'g'lini qutqarishga urindi. Oxiri sulh tuzildi. Alouddavla Abdullatifni zindondan ozod qildi.
Hibsdan bo'shagan o'g'lini kutib olgani yodida: o'shanda o'g'li otidan sakrab tushdi-da, quchog'ini yozgancha otasiga qarab yugurdi. U ham quchog'ini yozgancha borib, Abdullatifni bag'riga bosdi. Qattiq quchoqlab turib, yuzidan, ko'zlaridan o'pdi, anchagacha bagridan bo'shatmadi. Ota bilan farzand o'rtasida, mana shu sog'inchli quchoqdan boshqa bir og'iz so'z bo'lmadi. O'g'lini ancha vaqtgacha ko'ksiga bosib turib bo'shatganda, ota-bolaning oppoq yuzlari hayajondan battar oqargan, ranglari o'chgan edi.
To'ngich o'g'liga tikilganicha atrofdagi olamni anglay olmay, u bir nafas esankirab qoldi. Yigirma yoshga to'lay deb turgan o'g'li – novcha bo'ylik, qirra burunlik, qo'rgir mo'ylovi endigina sabz urib kelayotgan, lablari g'oyat nafis, yaxshi kiyinishni yoqtirgan Abdullatif mirzo ota nazarida hamon yosh bola singari edi.
Ota farzandining eson-omon qaytganidan behad quvondi. O'g'lini yoniga o'tqazib uzoq suhbatlashdi. Ixtiyoriddin qala'sida chekkan azoblari hikoyasini alam bilan eshitdi, farzandining hijil ko'nglini tasallilar bilan o'ktardi. Suhbat so'ngida sulhga ko'ra Movarounnahr tasarrufiga o'tgan Balx mulkini Abdullatifga suyurg'ol qilganini aytdi.
Ammo ko'p o'tmay bu noqobil o'g'il o'z otasiga qarshi isyon boshladi, yuzsizlik qilib tuqqan otasi tirik turib taxtni egalladi. Bu kamlik qilganday keksa otasini hajga yuborish bahonasi bilan yurtdan badarga qilindi.
Uning ko'z o'ngida o'g'lining kibrli yuzi ko'rindi. «Padari buzruk», - dedi Abdullatif so'nggi uchrashuvda, - juda toliqibsiz, sal dam olib Makka-Madinaga borib, Ka'bani ziyorat qilib kelmaysizmu? Bu bevafo dunyoning tashvishini qo'yib oxiratni o'ylaydigan yoshdasiz! Qaytib kelganingidan so'ng qolgan gaplarni bamaylixotir gaplashmaysizmu, padari buzruk?!» Shahzodaning tevaragida o'tirgan arkoni davlat o'z hukmdorlarining shunday deyishini oldindan kutib turganlarini Ulug'bek sezdi. Boshidan baxt qushi uchib ketgan podshohlar tarki dunyo qilib, Makkaga – hajga keishi, buni rad etganlar esa o'lim topishi ham odat tusiga kirib qolgan. Mirzo Ulug'bek o'g'lining so'zlarini eshitib, rangi bo'zday oqarib, uzoq vaqt yerga tikilib qolgan edi.
Kenja o'g'li shahzoda Abdullaziz mirzo nimjon tug'ildi. Shu sababdanmi, yo u tug'ilishidan biroz muddat avval o'n ikki yashar o'g'li Abdurahmon vafot qilganidanmi, bu o'g'liga ko'proq mehribon bo'ldi. Shahzoda taltayibroq o'sdi. Ota esa o'z mehrini ortiq qilaverdi. Hatto Tarnob jangida Alouddavla ustidan qozongan g'alabasini ham bu jangda jonbozlik qilgan Abdullatifning emas, kenjasining nomi bilan bog'lab, fathnomani Abdullazizning nomiga yozdirdi. Bunday norozi bo'lgan to'ng'ich shahzoda yovboshlik yo'liga kirdi.
Abdullatif mirzo otasiga o'xshab ilmga ishtiyoqmand, ayniqsa yulduz ilmiga ko'ngil qo'ygan edi. Kenja esa ilmga beparvo o'sdi. Otasidan unga yolg'iz musiqaga  bo'lgan mehr yuqdi. U tanburni shunday berilib chalardiki, yuzlari lovillab qizarib ketardi. Xiyol ko'tarinki qirra burni, yupqa lablari bilan otasining qoshlariga o'xshash ingichka, qalamdek chizilgan qop-qora qoshlariga qarab Abdullazizni Samarqandning eng go'zal yigiti deyish mumkin. Har ikki shahzodaning bo'yi baland, qaddi-basti kelishgan, qomati raso. Biroq kenjaning suyuklari nozik bo'lgani uchunmi, jussasi zaif bo'lib tuyuladi. Shunga qaramay kenja shahzoda maishatparastligi, otasi xizmatidagi amirlar haramiga ochiqdan-ochiq ko'z olaytirishi Mirzo Ulug'bekning dushmanlarini ko'paytirdi, podshoh sha'nini qora qildi.
Hozir Abdullatif o'z inisini ham zindonband qilgan. Ammo u shu bilan to'xtab qolarmikan, otasini badarg'a qilgan bu yuzsiz o'z inisini undan battar jazoga duchor qilmasmikan?!
Baxtiqaro otasining g'azabi o't olib, hamiyati jo'sh urib qizishdi, Qovog'i solingan, rangi o'chinqirab ketgan chehrasida dahshatli qahru gazab aks etib turganga o'xshardi. U Samarqandni tark etish arafasida ko'rgan tushini esladi.
Tushida bepoyon sahroda o'zini yolg'iz turgan holda ko'rdi. Tuman. Qorong'ilik bosgan kuch ekan. Shommi, tunmi noma'lum edi. Faqat g'ira-shira sarob ichida yolg'iz turar, osmonda na quyosh, na oy, na yulduzlar bor ekan…
Tasodifan o'choqdan uchgan uchqun Mirzo Ulug'bek po'stinining peshiga tushdi va uning bir chetini kuydira boshladi. Og'ir o'yga botgan holda turgan alamzada podshoh ancha vaqtgacha buni sezmadi. Sezdi-yu, uni yengi bilan urib o'chirdi. Keyin o'choqdagi olovga tikilarkan:
- Ahvol ne ekanini sen ham bildingmi?! deb pichirladi.
Shu voqyea sabab bo'ldimi, Mirzo Ulug'bekning kayfiyati tamom buzildi, og'ir-og'ir tin olib, iztirob aralash nimalarnidir pichirlay boshladi. Ancha vaqt shu holda xonada u yoq-bu yoqqa yurdi. So'ng bo'zrayib o'tirgan hojiga yaqinlashib, mahzun tovush bilan so'radi:
- Mirzo Abdullaziz omonmu ekan? Balki qatlga yetkurmadilarmu erkan oni? Hoji Muhammad Xisrav baxtiqaro otaga tasallilar berib, yuputishga urindi. U Abdullatif mirzo hech qachon o'z tugishgan birodari joniga qasd qilmasgini gapirdi. Gapirardi-yu, ichini shubha kemirardi. Xonada o'tirgan bu ikki odam Abdullatif mirzo allaqachon qonli ishga qo'l urgani, ikki kun avval, hali otasi Samarqandni tark etmagan bir mahalda, Ko'ksaroyda yashirin tarzda o'z inisini qatl ettirganidan bexabar edilar. Xuddi shu paytda dorulsaltanadan yo'lga chiqqan o'lim elchilari ular to'xtagan Qo'rg'onga yaqinlashib qolganidan ham voqif emasdilar.
Hoji Muhammad Xisrav haj safariga chiqish oldidan Abdullatif mirzo uni o'z dargohiga chorlagani, unga tahdidona so'zlagani haqida o'ylardi. «Menga qara, hoji, agar padarimiz bo'lmish Mirzo Ulug'bek yo'lda zid biror yomonlik o'ylasa, yo bizga qarshi jang qilmoq uchun biror manzilga qochsa, sen bu haqda bilib turib, bizga xabar bermasang, yo oldini olmasang, mendan qutilishni o'ylama, yer tagidan bo'lsa ham topib kallangni olaman. Men Tangri taolo ishini qilib yuribman, hech kim menga halaqit berishi mumkin emas. Uqdingmu, hoji?» – dedi shahzoda uyqusizlikdan qizargan ko'zlarini chaqchaytirib.
- Xudoyimning o'zi saqlasin, - deb ohista shivirladi hoji.
Xuddi shu palla bola allaqachon uxlab qolgan edi. U tush ko'rardi. Tushida qandaydir badjahl kimsalar gullab turgan olmani kamondan o'qqa tutishdi. O'qlar zarbidan gulbarglar duv-duv yerga to'kilardi. Dam o'tmay olma shoxlari yap-yalangoch bo'lib qoldi. Endi badjahl kimsalar yulduzlarga o'q uza boshladilar. Osmondan qon tomchilay boshladi. Boyagina yerga to'kilgan gulbarglar sap-sariq xazonga aylangan, qon mana shu bargixazon ustiga tomchilab, ularni alvon rangga bo'yardi. Keyin birdan qop-qora qiyofali otliq paydo bo'ldi. U qo'lidagi dudama qilich bilan daraxt tomonga uchib keldi. So'ng qilichini zarb bilan urdi, daraxt «qars» etib, yerga ag'anadi. Bola daraxtning o'z ustiga qulayotganini ko'rib, dahshatga tushib, bo'g'ilib baqirib yubordi. Baqirdi-yu, uyg'onib ketdi. Tashqaridan qo'rg'on darvozasini besaranjom urayotganlari shovqini kelardi…
 Uyqusi o'chgan Hoji Muhammad Xisrav bilan gaplashib o'tirgan Mirzo Ulug'bek ham bu shovqinni eshitib, besaranjomlandi. Hoji o'rnidan qo'zgaldi.
- Yana nima bo'ldi? – dedi u zo'rg'a tovushini chiqarib.
U hali gapini tugatmasdan, xona eshigi kuch bilan urilgan zarbdan sharaqlab ochilib ketdi va qop-qora sumbatli bir navkar sherigi bilan ichkariga otilib kirdilar. Mirzo Ulug'bek birinchi navkarni tanidi. U Abdullatif mirzoning Abbos ismli eroni navkari edi. Abbosning otasi bir qancha vaqt ilgari Miirzo Ulug'bek amri bilan firibgarlikada ayblanib, qatlga yetkazilgan edi.
Abbosning ko'rinishi vajohatli edi. Hoji Xisrav orqaga tisarilib xona burchagiga tiqilib oldi. Abbosga ko'zi tushishi bilan rangi o'chgan Mirzo Ulug'bek sapchib o'rnidan turdi. So'ng Abbosga tashlanib, bor kuchi bilan uning ko'kragiga musht tushirdi. Qarib qolgan podshohdan buni kutmagan Abbos orqaga tisarilib ketdi, ammo uning sherigi mushukday chaqqonlik bilan orqadan kelib, Mirzo Ulug'bekka yopishdi. Qutirib ketgan Abbos qari podshohni mushtlay ketdi. So'ng podshohning holsizlanib qolganini ko'rgach, ikkovlashib qo'llarini qayirib, ustidagi suvsar po'stinini yechib oldilar.
- Badbaxtni mahkam tut! – deb o'shqirdi Abbos sherigiga. – Men arqon topib
kelgaymen…
U shunday deb tashqariga otildi. Mirzo Ulug'bek ortiq qarshilik ko'rsatmas, tizza cho'kkanicha, qo'llari qayiriqli holda, bosh egib o'tirardi. U kelganlar maqsadini allaqachonlar anglagan, dastlab qarshilik ko'rsatgan bo'lsa-da, keksaligi tufayli bu ikki zo'ravonga bas kelolmasligi, qolaversa, bu ishi befoydalini fahmlagan, taqdirga tan bergan edi. U burchakda tikilib, dag'-dag' titrayotgan hojiga o'girildi:
- Taqsir, tahorat olsam…
Hoji garang edi, u dastlab quvg'indi podshohning nima deganini anglamagandek baqrayib turdi. Keyin birdan gap nimadaligini angladi, zo'rg'a oyoqqa turdi va Mirzo Ulug'bekning qo'llarini ushlab turgan navkarga mo'ltirab qaradi. Navkar esa birdan hech nima demasdan Mirzo Ulug'bekning qo'llarini bo'shatdi. Keyin hojiga qarata:
- Tez bo'lingiz! Abbosni bilmaysiz … - dedi
U shunday deb tashqariga chiqdi. Hoji yugurib borib eshikni zanjirlamoqchi bo'ldi. Ammo zanjir uzilgan edi. U shalag'i chiqqan eshikni bir amallab zichlab yopdi va taomdan oldin mulozim keltirgan qumg'onni keltirib Mirzo Ulug'bek oldiga qo'ydi. O'choqqa yaqin turgan qumg'ondagi suv iliq edi.
Hoji Muhammad Xisrav bunday ishlar odatda pinhona qilinishini, guvohlar qoldirilmasligini bilar, shu sababdan Allohdan o'ziga omonlik tilab yolvorardi. Tahorat olgan baxtiqaro podshoh qiblaga yuz tutib, namoz o'qimoqqa turdi. Ammo eshik xuddi o'tgan safargidek qattiq zarbadan sharaqlab ochilarkan, bir tabaqasi uzilib yerga tushdi. Arqon ushlab olgan Abbos qahrli ko'zlarini namozda turgan podshohga tikib, uni yeb qo'ygudek o'qrayganicha bir muddat ostonada to'xtadi. Mirzo Ulug'bek o'rnidan qo'zg'alayotganini ko'rishi bilan o'rnidan turishga imkon bermay yelkasidan bosdi va jahldan bo'zarib baqirdi:
- Hoy mochag'ar, qayerdasan, kelmaysanmu?
Xonaga sherigi hovliqib kirdi. Ikkovlashib mirzoning qo'llarini orqaga qayirib, mahkam bog'ladilar va tashqariga sudrab olib chiqdilar.
Kecha oydin edi. Qo'rg'on sahni oydinda oqarib turardi. Ammo hovlida biror kimsa ko'rinmas, karvon ahlining barchasi bo'layotgan voqyeadan dahshatga tushib, qarshilik ko'rsatish o'rniga, pana-panada bekinib olgan edilar.
Abbos bandi podshohni mashyalalar o'rnatilgan chinor ostiga olib borib, xazonlar ustida tiz cho'ktirdi. Mirzo Ulug'bekning yalang'och boshi oy yorugida yaraqlab turadi. Abbosning yuragini o'ch cho'g'i qizdirar – oldida bosh egib turgan odamni qiynab, azoblab irodasini sindirmoqni istar, ammo Abdullatif mirzo padariga azob berganini bilsa, sog' qo'ymasligidan xavfsirab tinmay so'kinardi. U bandi uchun qiynoqli lahzalarni cho'zish maqsadida qilichini sug'irishga shoshilmasdi, oldinga engashgancha Mirzo Ulug'bekning yuziga tirjayib tikilardi. Engashib turarkan, yuzida quvonch bilan g'azab aks etib turar, qop-qora basharasi yovuz yirtqichga o'xshab ko'rinardi. To'satdan uning xayoliga bir o'y keldi-yu, ko'zlari suzilib ketdi. U bandi podshoh quloqlariga past ovozda nimalarnidir shivirlay boshladi. Mahkum podshoh yalt etib boshini ko'tardi, lablari titradi, ko'zlarining nuri so'ngandek xiralashdi. Keyin qanoti singan burgutday bir intilib, alamangiz holda xirqiradi:
- Abdullaziz!.. Bolam!..
Uning ko'z o'ngi qorong'ilashdi. Anchadan keyin ko'zini ochdi. Kimsasiz hovlini, oydin kechani va qarshisida tirjayib turgan qop-qora basharani ko'rdi. Mirzo Ulug'bek bir necha daqiqadan keyin o'lishini sezdi. Xotiralar chaqmoq yorug'ida ko'ringan tasvirlar kabi, haddan tashqari tezlik bilan birma-bir uning xayolidan o'ta boshladilar. U hali o'z qarshisida uning yuzini qaqshol kafti bilan silatgan sohibqiron bobosini ko'rar, hali boshida mungli allalar aytgan bibisi Saroymulkxonimni ko'rar, hali suyukli o'g'li Abdullazizni, erki qizi Robia Sultonbegimni ko'rar, hamli shumshuk ko'zli Abdullatifning chaqchaygan basharasini, hali masyum shogirdi Ali Qushchining g'amgin nigohini ko'rar edi. Bu xotiralarning hammasi unda hech qanday tuyg'u uyg'otmasdan, uchib o'tardi. Umrning sanoqli daqiqalari qolganini sezgan ong na g'azabga, na shodlikka, na achinishga, na biror boshqa his-tuyg'uga o'rin qoldirmayotgandek edi.
Xuddi o'sha lahza u derazadan o'ziga qarab turgan bolaga ko'zi tushdi. Ulug'bek: «Bolani oling!» – deb baqirdi. Abbos uning nima deb baqirganini bilmay bir zum atrofga alangladi, so'ng «Podshoh qo'rquvdan esdan og'di» deb o'yladi. Uning qilich ko'targanini ko'rgan Mirzo Ulug'bek kalima keltirdi: «La iloha illolloh, Muhammadur rasululloh!»
Qilich shuvillab tushdi-yu, bandining boshini tanasidan judo qildi. Boshsiz jasad xuddi baliqqa o'xshab patirlab otilib tushar ekan, shahidning bo'g'zidan oqqan qizil qon tirqirab chiqib xazonlarni, nam yerni bo'yay boshladi. Abbos esa qilichini jasad egnidagi to'nga artdi-da, sherigi yetaklab kelgan otga irg'ib mindi va dam o'tmay ikki otliq qora tun qo'yniga singib yo'qoldi.
Hovli sahnida hech kim yo'q edi. Faqat bu qonli voqyeani ko'rib, dahshatdan esankiragan bola deraza oldida qotib turardi. Uning ko'zlarida bir necha lahza avval Mirzo Ulug'bek ko'zlarida tovlangan mahzun alam aks etib turardi.
Chorak soatdan so'ng pana-panada biqinib olgan Hoji Muhammad Xisrav boshliq karvon ahli qo'rquv ichida bir-birlariga siqilishib, biri boshqasini oldinga itarib, o'zi uning orqasidan borishga tirishib, oyoqlarini sekin bosishib shahid jasadi tepasida to'plandilar. So'ng qo'rqqanlarini bildirmaslik uchun shang'illab gapirib, yov bosgandek shoshilib, yuklarini yana xachirlarga ortib, jasadni suvsar po'stinga o'rab, xachirlarning birining ustiga bog'lab, Samarqandga qarab yo'lga tushdilar.
Tongda shahid podshoh qoni oqqan yerni ketmon bilan tarashlay boshlagan qo'rgon egasi o'ziga qarab o'tirgan o'g'lining ko'zlaridagi musibatni sezmagandek yoqimsiz ovozda ming'irlab qo'shiq aytardi. Atrofni qalin tuman bosgan, havo rutubatli, osmonda quyosh yo'q edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.