Yassaviy, Xoja Ahmad Yassaviy (Yassi yaqinidagi Sayram shahri, taxm. 11-asrning 2-yarmi — 1166) — tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri, shoir. Otasi Shayx Ibrohim javonmardlik tariqatiga mansub nufuzli zotlardan bo‘lgan. Yassaviy tug‘ilgach, ko‘p o‘tmay onasi — Muso Shayxning qizi Oysha xotun vafot etadi. 7 yoshida otasidan ham ajraladi. Yassaviy tarbiyasi bilan opasi Gavhar Shahnoz mashg‘ul bo‘ladi. Yassaviy opasi bilan Yassiga ko‘chib borgach, 1-ustozi Arslon bob bilan uchrashadi va undan tahsil oladi («Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdim...»). Yassaviy Yassida botin ilmi sirlarini mukammal o‘zlashtirgan. O‘sha zamonlarda ilm-ma’rifatning Movarounnahrdagi markazlaridan bo‘lgan Buxoroda Turkistonning turli tomonlaridan tolibi ilmlar yig‘ilishgan. Arslon bob ko‘rsatmasi bilan Yassaviy ham Buxoroga boradi. Davrning eng peshqadam olimi va sufiysi Shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushadi.
Buxoroda u arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham chuqur o‘rganadi. Forsiyda yaratilgan tasavvufiy adabiyot bilan tanishadi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslak bo‘lib, Yusuf Hamadoniy muridlari qatoridan o‘rin oladi.
Alisher Navoiy Yassaviy to‘g‘risida «Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoliy va nomahsur ermish. Murid va ashob g‘oyatsiz va shohu gado aning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish», — deydi. Bu fikr Yassaviyning Yassiga qaytib kelib, yangi bir tariqatga asos solgan murshid sifatida shuhrat topgan davrlariga tegishlidir. Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb qilish va tasavvuf g‘oyalarini omma ko‘ngliga chuqur singdirish maqsadida she’riyatdan ham foydalangan. Abdurauf Fitratning ta’kidlashicha, Yassaviyning «adabiyotda tutgan yo‘li sodda xalq shoirlarimizning tutg‘on yo‘lidir... Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyoti atalgan she’rlar bilan barobar».
Yassaviy nuqtai nazarida hikmat — «ilmi laduniy», ya’ni ilmi g‘aybu haqoyiq va ilohiy sirlarni kashf aylash mazmuniga ham ega. Yassaviyning o‘zi «Devoni hikmat» nomi bilan biron bir kitob yaratmagan. Ushbu nodir asar uning murid va izdoshlari tomonidan tartib berilgan. Lekin bu narsa hikmat majmuasining Yassaviyga aloqasi yo‘q, degan da’voni ilgari surishga asos bermaydi. So‘fi Olloyor Yassaviy haqida fikr bildirib, yana shunday degan:
Shariatda edi ul oftobe,
Qolibdur bizga ul erdin kitobe.
«Devoni hikmat»da ilohiy ishq va oshiqlik, ma’rifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va ta’sirli ohanglarda yoritib berilgan. «Devoni hikmat»dagi barcha she’rlar ham Yassaviyga mansub emas. Unga Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Bu esa, tabiiyki, hikmatlar tili va uslubida ma’lum o‘zgarishlar hosil qilgan. Lekin Yassaviyning o‘nlab izdoshlaridan hech biri ustozlari boshlagan g‘oyaviy, axloqiy, ma’naviyma’rifiy va mafkuraviy yo‘nalishni o‘zgartirmagan. Buni Yassaviy hayoti, tariqati va ijodiyotidan bahs yuritilgan o‘nlab qadimiy manbalar, ayniqsa, Sulton Ahmad Haziniyning «Javohir ulabror min amvojil bihor» asari ham to‘la tasdiqlaydi.
Yassaviyning faqat ijodiyoti emas, qancha umr ko‘rib, qachon vafot etganligi ham bahsli. U hikmatlaridan birida «Yuz yigirma beshga kirdim, bilolmadim», deydiki, bu so‘zlar tarixiy haqiqatdan ko‘ra, manoqibiy mazmunga ega. Bundan tashqari, 125 yillik uzoq bir umrning yarmidan ko‘pini «yer osti»da («Oltmish uchda yer ostiga kirdim mano», deydi Yassaviy) o‘tkazish aql bovar etmas hodisadir. Lekin ko‘pchilik tadqiqotchilar uning vafot tarixini 1166—67 yil deb qayd etishgan.
Uzoq vaqt mobaynida Yassaviy hayoti va ijodiyotini ilmiy jihatdan tadqiq etishga imkon berilmadi. Asarlarini nashr qilishga yo‘l qo‘yilmadi. O‘tgan asrning 70-yillarida Yassaviyning milliy madaniyat, til va adabiyot tarixidagi xizmatlarini to‘g‘ri baholash yo‘lidagi urinishlar esa qoralandi. Mustaqillik arafasida, xususan, O‘zbekiston istiqlolga erishgandan keyin yassaviyshunoslikda yangi davr boshlandi. Dastlab turli gazeta va jurnallarda «Devoni hikmat»dan namunalar e’lon qilingan bo‘lsa, 1990—92 ylarda uning 2 mustaqil nashri kitobxonlar qo‘liga yetkazildi. Ushbu nashrlar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa turkiy davlatlarda ham bu buyuk mutasavvifning hayoti, adabiyma’rifiy faoliyati, izdoshlari xizmatiga qiziqishni kuchaytirdi. 1993 yil O‘zbekistonda Yassaviyga bagishlab ilmiy anjumanlar o‘tkazilib, ma’ruzalar matni alohida majmua shaklida chop etildi. Matbuotda Yassaviyning shaxsiyati, tariqati, she’riyatidan bahs yuritilgan maqolalar bosilib chiqdi. O‘zbekistondagi bir qancha ko‘cha va mahalla Yassaviy nomi bilan ataladi. Sulton ulorifin kamolotining yuksaklarga ko‘tarilishiga guvoh bo‘lgan va jasadi dafn etilgan ko‘hna Yassi shahrida esa Yassaviy nomidagi universitet mavjud.
Badiiy ijodda ham Yassaviy obrazini yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Yozuvchi Sa’dulla Siyoev «Yassaviyning so‘nggi safari» romanining 1-kitobini (1994) chop ettirdi.
Ibrohim Haqqul
Bismilloh deb bayon aylay hikmat aytib,
Toliblarg’a durru gavhar sochtim mano.
Riyozatni qottig’ tortib, qonlar yutub,
Men daftari soniy so’zin ochtim mano.
So’zni aydim harkim bo’lsa diydor talab,
Jonni jong’a payvand qilib, ragni ulab,
G’arib, yetim, faqirlarni ko’nglin siylab,
Ko’ngli butun xaloyiqdin qochtim mano.
Qayda ko’rsang, ko’ngli sinuq marham bo’lg’il,
Andog’ mazlum yo’lda qolsa, hamdam bo’lg’il.
Ro’zi mahshar dargogiga mahram bo’lg’il,
Movumanlik xaloyiqdin qochtin mano.
G’arib, faqir, yetimlarni Rasul so’rdi,
O’shal tuni Me’roj chiqib diydor ko’rdi,
Qaytib tushub g’arib, faqir holing so’rdi,
G’ariblarni izin izlab tushtum mano.
Ummat bo’lsang, g’ariblarg’a tobe’ bo’lg’il,
Oyat, hadis har kim aytsa, some’ bo’lg’il,
Rizqu ro’zi harna bersa, qone’ bo’lg’il,
Qone’ bo’lub, shavq sharobin ichtim mano.
Madinaga Rasul borib, bo’ldi g’arib,
G’ariblig’da mehnat tortib, bo’ldi habib,
Jafo tortib, yaratqang’a bo’ldi qarib,
G’arib bo’lub, uqbolardin oshtim mano.
Oqil ersang, g’ariblarni ko’nglin ovla,
Mustafodek elni kezib, yetim kovla,
Dunyoparast, nojinslardin bo’yun tovla,
Bo’yun tovlab, daryo bo’lub toshtim mano.
Ishq bobini Mavlom ochqach menga tegdi,
Tufroq qilib, hozir bo’l, deb bo’ynum egdi,
Boron sifat malomatni o’qi tegdi,
Paykon olib, yurak-bag’rim teshtim mano.
Ko’nglum qottig’, tilim achchig’, o’zum zolim,
Qur’on o’qub amal qilmay, yolg’on olim,
G’arib jonim sarf aylayin, yo’qtur molim,
Haqdin qo’rqub, o’tga tushmay, pishtim mano.
Oltmish uchga yoshim yetti, o’ttum g’ofil,
Haq amrini mahkam tutmay, o’zum johil,
Ro’za, namoz qazo qilib, bo’ldum kohil,
Yomon izlab, yaxshilardin kechtim mano.
Vo darig’o, muhabbatni jomin ichmay,
Ahli ayol, xonumondin tugal kechmay,
Jurmu isyon girihlarin munda chechmay,
Shayton g’olib, jon berarda shoshtim mano.
Imonima changal urub, qildi g’amnok,
Piri mug’on hozir bo’l, deb sochti taryok,
Shayton la’in mendin qochib ketti bepok,
Bihamdilloh, nuri imon ochtim mano.
Piri mug’on xizmatida yugrub yurdum,
Xizmat qilib, ko’zim yummay hozir turdum,
Madad qildi, Azozilni qavlab surdum,
Ondin so’ngra qanot qoqib uchtim mano.
G’arib, faqir, yetimlarni qilgin shodmon,
Halqalar qilib aziz joning ayla qurbon,
Taom tobsang, joning birla qilgil mehmon,
Haqdin eshtib bu so’zlarni aydim mano.
G’arib, faqir, yetimlarni har kim so’rar –
Rozi bo’lur ul bandadin parvardigor,
Ey bexabar, sen bir sabab, o’zi asror,
Haq Mustafo pandin eshtib, aydim mano.
Yeti yoshda Arslonbobg’a qildim salom:
“Haq Mustafo amonatin qiling in’om”,
O’shal vaqtda ming bir zikrin qildim tamom,
Nafsim o’lub, lomakong’a oshtim mano.
Hurmo berib, boshim silab, nazar qildi,
Bir fursatda uqbo sari safar qildi,
Alvido, deb bu olamdin guzar qildi,
Maktab borib, qaynab, jo’shub-toshtim mano.
“Inno fatahno”no o’qub, ma’no so’rdum,
Partav soldi, bexud bo’lub, diydor ko’rdum,
Mullom urub, “uskut” dedi, boqib turdum,
Yoshim sochib, muztar bo’lub turdim mano.
Ayo nodon, ma’no bul, deb aydi, bildim,
Ondin so’ngra cho’llar kezib, haqni suydum,
Ro’zi qildi, Azozilni tutub mindim,
Langar tugub, belin bosib yanchtim mano.
Zikrin tamom qilib, o’ttum devonaga,
Haqdin o’zga hech so’zlamay begonaga,
Sham’in izlab, shogird kirdim parvonaga,
Axgar bo’lub, kuyub-yonib o’chtim mano.
Nomu nishon hech qolmadi, lo-lo bo’ldum,
Alloh yodin oyta-oyta illo bo’ldum,
Xolis bo’lub, muxlis bo’lub, lilloh bo’ldum,
“Fano filloh” maqomig’a oshtim mano.
Sunnat ermish, kofir bo’lsa, berma ozor,
Ko’ngli qottig’, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondog’ qulg’a sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu so’z aydim mano.
Sunnatlarin mahkam tutub, ummat bo’ldim,
Yer ostiga yolg’iz kirib, nurg’a to’ldum,
Haqparastlar maqomig’a mahram bo’ldum,
Botin tig’i birla nafsni yanchtim mano.
Nafsim meni yo’ldun urub, xor ayladi,
Termulturub xaloyiqg’a zor ayladi,
Zikr ayturmay, shayton birla yor ayladi,
Hozirsen, deb nafs boshini sonchtim mano.
Qul Xoja Ahmad, g’aflat bila umrung o’tti,
Vo hasrato, ko’zdin, tizdin quvvat ketti,
Vo vaylato, nadomatni vaqti yeti,
Amal qilmay, karvon bo’lub ko’chtim mano.
Qudrat birlan Haqdin sizga farmon bo'ldi,
Tubsiz tengiz ichra yolg'uz tushtum, do'stlar.
Ul tengizga O'g'onizim farmon qildi,
Bihamdilloh, sog'-salomat chiqtim, do'stlar.
Yoshim yetti, umrum ketti, ko'kka uchtum,
Bag'rim toshti, aqlim shoshti, yerga tushtum,
Nafsu shayton xayli birlan ko'p urushtum,
Sabru rizo maqomotin oshtum, do'stlar.
To'qquzumda tugal tuzdum, to'kunmadum,
O'n yoshimda o'ng yog'imga o'rgulmadim,
O'n birimda o'z nafsimga zobit bo'ldum,
Faqru rizo maqomotin kechtim, do'stlar.
O'n ikkimda barcha arvoh kalom qildi,
Hurlar qarshu kelib, menga salom qildi,
Sir sharbatin soqiy bo'lub, menga sundu,
Oni olib adab birlan ichtim, do'stlar.
O'n uchumda g'avvos bo'lub, daryo cho'mdim,
Ma'rifatni gavharini sirdin terdim,
Sham'in ko'rub parvonadek o'zum urdum,
Behish bo'lub aqlim ketti, shoshtim, do'stlar.
O'n to'rtumda tufroq sifat xorlig' torttim,
Hu-hu teyu boshim birlan tunlar qottim,
Ming oltunlik qiymatini birga sottim,
Ondin so'ngra qanot tutub uchtim do'stlar.
O'n beshimda dargohingga yonib keldim,
Yozuq birlan har ish qildim, xato qildim,
Tavba qilib Haqqa bo'yun sunub keldim,
Tavba qilib yozuqlardin qochtim, do'stlar.
Jabrail vahiy kelturdi haq Rasulg'a,
Oyat keldi, zikr etgin, deb juzvu kullg'a,
Xizr bobom soldi meni ushbu yo'lg'a,
Onding so'ngra daryo bo'lub toshtim, do'stlar.
Shariatning bo'stonida javlon qildim,
Tariqatning gulzorinda sayron qildim,
Haqiqatdin qanot tutub tayron qildim,
Ma'rifatning eshigini ochtim do'stlar.
"Alast" xamrin piri mug'on tuyo berdi,
Icha berdim, miqdorimcha quyoberdi,
Qul Xoja Ahmad, ichim-toshim kuyoberdi,
Toliblarga durru gavhar sochtim, do'stlar.
Ayo do'stlar, quloq soling aydug'umga,
Na sababdin oltmish uchta kirdim yerga,
Me'roj uzra haq Mustafo ruhum ko'rdi,
Ul sababdin oltmish uchta kirdim yerga.
Haq Mustafo Jabraildin qildi savol:
"Bu nechuk ruh tanga kirmay tobti kamol.
Ko'zi yoshlig', halqa boshlig', qaddi hilol".
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Jibril aydi: "Ummat ishi sizga barhaq,
Ko'kka chiqib, maloikdin olur sabaq,
Nolishiga nola qilur haftum tabaq",
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Farzandim, deb haq Mustafo qildi kalom,
Ondin so'ngra barcha arvoh qildi salom,
Rahmat daryo to'lub tosh, deb yetti payom,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Rahm ichra paydo bo'ldum, nido keldi,
Zikr ayt, dedi, badanlarim junbush qildi,
Farzandim, deb haq Mustafo ulush berdi,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
To'rt yuz yildin keyin chiqib, ummat bo'lg'ay,
Necha yillar yurub, xalqqa yo'l ko'rguzgay,
O'n to'rt ming mujtahidlar xizmat qilg'ay,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
To'qquz oyu, to'qquz kunda yerga tushtum,
To'qquz soat turolmadim, ko'kka uchtum,
Arshu Kursi poyasini borib quchtum,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Arsh ustida namoz o'qub, tizzam buktum,
Rozi aytib, Haqqa boqib yoshim to'ktum,
Yolg'on oshiq, yolg'on so'fi ko'rdim so'ktum,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Jondin kechmay, hu-hu degan bori yolg'on,
Bu qiltoqdin so'rmang savol, yo'lda qolg'on,
Haqni tobqan o'zi pinhon, so'zi pinhon,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Bir yoshimda arvoh menga ulush berdi,
Ikki yoshda payg'ambarlar kelib ko'rdi,
Uch yoshimda chiltan kelib holim so'rdi,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
To'rt yoshimda haq Mustafo berdi xurmo,
Yo'l ko'rsattim, yo'lg'a kirdi necha gumroh,
Qayda borsam, Xizr bobom menga hamroh,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Besh yoshimda belib bog'lab, toat qildim,
Tatavvu' ro'za tutub, odat qildim,
Kecha-kunduz zikrin aytib, rohat qildim,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Yetti yoshda Arslon bobom izlab tobti,
Har sir ko'rub, parda birla bukub yobti,
Bihamdulloh, ko'rdum, dedi, izim o'pti,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Qobiz kelib Arslon bobom jonin oldi,
Hurlar kelib harir to'ndin kafan qildi,
Yetmish ming farishtalar yig'ilib keldi,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Janozasin o'qub, yerdin ko'tardilar,
Bir fursatda ujmoh ichra yetkurdilar,
Ruhil olub, iliyinga kirgizdilar,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Alloh, Alloh, yer ostida vatan qildi,
Munkar, Nakir "Man rabbuk" deb so'rug' so'rdi,
Arslon bobom islomidin bayon qildi,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Oqil ersang, eranlarg'a xizmat qilg'il,
"Amri ma'ruf" qilg'anlarni izzat qilg'il,
"Nahi munkar" qilg'anlarni hurmat qilg'il,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Sekkizimda sekiz yondin yo'l ochildi,
Hikmat ayt, deb boshlarimg'a nur sochildi,
Bihamdulloh, piri mug'on may ichurdi,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Piri mug'on haq Mustafo beshak biling,
Qayda borsang vasfin aytib ta'zim qiling,
Durud aytib, Mustafog'a ummat bo'ling,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
To'qquzimda to'lg'onmadim to'gri yo'lg'a,
"Tabarruk", deb olib yurdi qo'ldin qo'lg'a,
Quvonmadim bu so'zlarg'a, qochtim cho'lg'a,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
O'n yoshingda o'g'lon bo'lding, qul Xoja Ahmad,
Xojalikka bino qo'yub, qilmay toat,
Xoja men, deb yo'lda qolsang, voy, ne hasrat,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Har subhidam nido keldi qulog'img'a,
Zikr ayt, dedi, zikrin aytib yurdum mano,
Ishqsizlarni ko'rdum ersa yo'lda qoldi,
Ul sababdin ishq do'konin qurdim mano.
O'n birimda rahmat daryo to'lub toshti,
"Alloh" dedim, shayton mendin yiroq qochti,
Hoyu havas, movumanlik turmay ko'chti,
O'n ikkimda bu sirlarni ko'rdum mano.
O'n uchimda nafx, havoni qo'lg'a oldim,
Nafs boshig'a yuz ming balo qormab soldim,
Takabburni oyog' ostida bosib oldim,
O'n to'rtumda tufroq sifat bo'ldim mano.
O'n beshimda huru g'ilmon qarshi keldi,
Boshin urub, qo'l qovshurub, ta'zim qildi,
Firdavs otlig' jannatidin mazhar keldi,
Diydor uchun barchasini qo'ydim mano.
O'n oltimda borcha arvoh ulush berdi,
Hay-hay sizga muborak, deb odam keldi,
Farzandim, deb bo'ynum quchub, ko'nglim oldi,
O'n yettimda Turkistonda turdim mano.
O'n sakkizda chiltan bila sharob ichtim,
Zikrin aytib, hozir turub, ko'ksum teshtim,
Ro'zi qildi, jannat kezib, hurlar quchtim,
Haq Mustafo jamollarin ko'rdim mano.
O'n to'qquzda yetmish maqom zohir bo'ldi,
Zikrin aytib, ichu toshim tohir bo'ldi,
Qoyda borsam, Xizr bobom hozir bo'ldi,
G'avs-ul-g'iyos may ichurdi, to'ydim mano.
Yoshim yetti yigirmaga, o'tdim maqom,
Bihamdilloh, pir xizmatin qildim tamom,
Ul sababdin Haqqa yovuq bo'ldim mano.
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
Mo'min ermas - hikmat eshtib yig'lamaydur,
Eranlarni aytgan so'zin tinglamaydur,
Oyat, hadis, go'yo Qur'on onglamaydur,
Bul rivoyat Arsh ustida ko'rdim mano.
Rivoyatni ko'rub Haq-la, so'zlashtim men,
Yuz ming turluk maloyikg'a yuzlashtim men,
Ul sababdin Haqni so'zlab, izlashtim men,
Jonu dilim anga fido qildim mano.
Qul Xoja Ahmad, yoshing yetti yigirma bir,
Ne qilg'aysen, gunohlaring tog'din og'ir,
Qiyomat kun g'azab qilsa, Rabbim qodir,
Ayo do'stlar, nechuk javob aytgum mano.
Xush g'oyibdin qulog'img'a ilhom keldi,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano,
Borcha buzruk yig'lib kelib in'om berdi,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Men yigirma ikki yoshda fano bo'ldum,
Marham bo'lub, chin dardlikka davo bo'ldum,
Yolg'on oshiq, chin oshiqg'a guvoh bo'ldum,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Ayo do'stlar, yoshim yetti yigirma uch,
Yolg'on da'vo toatlarim, borchasi puch,
Qiyomat kun na qilg'aymen barahna luch,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Man yigirma to'rtqa kirdim Haqdin yiroq,
Oxiratqa borur bo'lsam, qoni yaroq,
O'lganimda yig'lib urung yuz ming tayoq,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Janozamni orqasidan toshlar oting,
Oyoqimdin tutub sudrab go'rga elting,
Haqqa qulluq qilmading, den yanchib tefing,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Yozuq bilan yoshim yetti yigirma besh,
Subhon egam, zikr o'rgatib, ko'ksumni tesh,
Ko'ksumdagi girihlarim sen o'zung yesh,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Men yigirma olti yoshda savdo qildim,
Mansur sifat diydor uchun g'avg'o qildim,
Pirsiz yurub, dardu holat paydo qildim,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Men yigirma yetti yoshda pirni tobtim,
Harna ko'rdum, parda birla sirni yoftim,
Ostonasin yostanibon iziz o'ptim,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Men yigirma sakiz yoshda oshiq bo'ldum,
Kecha yotmay, mehnat tortib, sodiq bo'ldum,
Ondin so'ngra dargohiga loyiq bo'ldum,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Bir kam o'ttuz yoshqa kirdim holim xarob,
Ishq o'tida bo'lolmadim misli turob,
Holim xarob, bag'rim kabob, ko'zum purob,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
O'ttuz yoshda o'tun qilib kuydurdilar,
Jumla buzruk yig'lib dunyo qo'ydurdilar,
Urub, so'kub, dunyo uqbin qo'ydurdilar,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Qul Xoja Ahmad, dunyo qo'ysang ishing bitar,
Ko'ksungdagi chiqqan ohing Arshqa yetar,
Jon berarda haq Mustafo qo'lung tutar,
Ul sababdin Haqqa sig'nib keldim mano.
Yo ilohim, hamding birla hikmat ayttim,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango,
Tavba qilib, gunohingdin qo'rqub qayttim,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq birimda ixlos qildim yo'l topay deb,
Eranlardin har sir ko'rsam men yopay deb,
Piri mug'on izin olib men o'pay deb,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq ikkimda tolib bo'lub, yo'lg'a kirdim,
Ixloq qilib, yolg'uz Haqqa ko'ngil berdim,
Arshu Kursi, Lavhdin o'tub, Qalam kezdim,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq uchumda Haqni izlab nola qildim,
Ko'z yoshimni oqquzubon jola qildim,
Biyobonlar kezib, o'zum vola qildim,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq to'rtumda muhabbatni bozorinda,
Yaqam tutub yig'lab yurdum gulzorinda,
Mansur sifat boshim berib ishq dorinda,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq beshimda sendin hojat tilab keldim,
Tavba qildim, har ish qildim, xato qildim,
Yo ilohim, rahmatingni ulug' bildim,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq oltimda zavqu shavqim to'lub-toshti,
Rahmatingdin qatra tomdi, shayton qochdi,
Haqdin ilhom rafiq bo'lub, bobin ochti,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq yettimda yetti yoqdin ilhom yetti,
Soqiy bo'lub jomi sharob Xojam tutti,
Shayton kelib nafs havoni o'zi yutti,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq sakkizda aziz jondin bezor bo'ldum,
Gunoh dardi kasal qildi, bemor bo'ldum,
Ul sababdin Haqdin qo'rqub, bedor bo'ldum,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qirq to'qquzda ishqing tushdi, kuyib-yondim,
Majnun sifat xayli xeshdin qochib, tondim,
Turluk-turluk jafo tegdi, bo'yun sundum,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Elligimda ermen, dedim, fe'lim za'if,
Qon to'kmadim ko'zlarimdin bag'rim ezib,
Nafsim uchun yurar edim itdek kezib,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Qul Xoja Ahmad, er bo'lmasang o'lgan yaxshi,
Qizil yuzung qaro yerda so'lgan yaxshi,
Tufroq sifat yer ostida bo'lgan yaxshi,
Zoti ulug' Xojam, sig'nib keldim sango.
Subhi sodiq dushanbada dun yerga kirdim,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Oltmish uchda sunnat dedi, eshtib bildim,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Yer ustida yoronlarim motam tutti,
Olam hamma "Sultonim", deb na'ra tortti,
Haqti tobqan chin so'filar qonlar yutti,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Alvido, deb yer ostig'a qadam qo'ydum,
Yorug' dunyo harom qilib, Haqni suydum,
Zikrin aytib, yolg'uz o'lub, yolg'uz kuydum,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
"Toho" o'qub, tun kechalar qoyim bo'ldum,
Kecha namoz, kunduzlari soyim bo'ldum,
Bu hol birla yer ostida doyim bo'ldum,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Oltmish kecha, oltmish kunduz bir yo'l taom,
Tong otquncha namoz o'qub, bir yo'l salom,
Oltmish uchda bo'ldi umrim oxir, tamom,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Haq Mustafo ruhi kelib bo'ldi imom,
Jumla malak yer ostida bo'ldi g'ulom,
Ko'b yig'ladim, haq Mustafo berdi in'om,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Me'roj tuni, nuri diydam, farzand, dedi,
Qo'lub tutub, ummatimsen, ummat, dedi,
Sunnatimni mahkam tutqil, dilband, dedi,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Qiyomatda yo'l odashsang, yo'lg'a solay,
M u h a m m a d, deb tashna bo'lsang qo'lung olay,
Farzandim, deb ilking tutub jannat kiray,
Mustafoga motam tutub kirdim mano.
Ey yoronlar, bu so'z eshtib shavqim ortdi,
Ummat, dedi, ichu-toshim nurga botdi,
Partav solib, diydorini Haq ko'rsatdi,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Diydor ko'rub, ruhum uchub, Arshqa qo'ndi,
Muso sifat vujudlarim kuyub yondi,
Majnun sifat xayli xeshdin qochib tondi,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Yer ostida xorlig' torttim, ko'b mashaqqat,
To'shak, yostuq toshdin qilib, chektim mehnat,
Ey yoronlar, bu dunyoda yo'q farog'at,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
To mashaqqat tortmaguncah vasli qayda,
Xizmat qilmay, dardi holat bo'lmas paydo,
Jonu dilni to qilmasang Haqqa shaydo,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Yer ostig'a kirdim ersa bexud bo'ldum,
Ko'zum ochib, Mustafoni hozir ko'rdum,
Osiy, jofiy ummatlarni holin so'rdum,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Ayo farzand, mendin so'rsang qoni ummat,
Ummat, dedi, ko'ksum to'la dog'i hasrat,
Ummat uchun ko'b tortamen Haqdin kulfat,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Ummatlarim yozuqlarin har juma kech,
Olib kelgay, yo Muhammad, sen muni chech,
Toki yig'lab sajda aylay, tangrig'a kech,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Har juma kech ummatlarni gunohini,
Olib kelgan, yo Muhammad, ko'rgil muni,
Ummatlaring nalar qilur, Ahmad, seni,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Men malakdin sharm olurmen, ey ummatim,
Yaratqandin qo'rqmasmusen, past himmatim,
Kecha yotmay, toat qilsang xush davlatim,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Yer ostig'a kirdim, do'stlar, beixtiyor,
Omin, denglar olu ashob ham chahoryor,
Ummatlarni jurmin kechgil, Parvardigor,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
Qul Xoja Ahmad, men daftari soniy ayttim,
Ikki olam ishratlarin mayga sottim,
O'lmas burun jon achchig'in zahrin tottim,
Mustafog'a motam tutub kirdim mano.
***
Muhabbatni bo'stonida hazor dosdton,
Bulbullari sayrab anda afg'on qilur.
Ma'rifatni maydonida javlon qilg'on
Kecha-kunduz ko'z yoshini ummon qilur.
Ul bulbulni ovozini eshitg'onlar,
Takabburni tog'in kesib ushotg'onlar,
Bu dunyoni mazzasini unutg'onlar
Faryod urub,yig'lab ko'zin giryon qilur.
Oshiq qullar bu dunyoni ko'zga ilmas,
Dunyo ishqin zohid qullar tilga olmas,
Kecha-kunduz mastu hayron - o'zga kelmas,
Diydor tilab,ko'ksin teshib nolon qilur.
Vo darig'o, kechti umrim, to'ymay qoldim,
Rohilasiz yo'lg'a kirib,horib qoldim,
Himmat qurin bekga mahkam cholib oldim,
O'zi suygan oshiqlarin sarson qilur.
Ayo,oshiq,kecha-kunduz tinmay yig'la,
Kuyub-pishib,yurak-bag'ring ezib dog'la,
Ajal yetsa,mardonavor beling bog'la,
Mundog' oshiq borsa anda mehmon qilur.
Shayx Mansur o'z boshini dorda ko'rdi,
Partav soldi,Haq diydorin anda ko'rdi,
Bexud bo'lub,o'zin bilmay afg'on qildi,
'Vo zuqqo' deb,o'zin bilmay javlon qilur.
Shayx Shibliy oshiq bo'lub bilmay o'tti,
Shayx Boyazid yetmish yo'li o'zin sotti,
Bu dunyoni izzatlarin tashlab otti,
O'tgan ishqqa nadomat deb afg'on qilur.
Andog' erlar suhbatini tobqan kishi,
Mastu hayron bo'lub yurar yozu qishi,
Saharlarda chorzrb urmaq aning ishi,
Zohir xanda,botinlarin pinhon qilur.
Mundog' bo'lmay Haq vaslig'a yetib bo'lmas,
Rasvo bo'lmay sirdan ma'no olib bo'lmas,
'Hu' zikrini aytib doyim tildin qo'ymas,
Vahmi birlan dillarini larzon qilur.
Qul Xoja Ahmad, bu hikmatni kimga ayding,
Orifman deb xaloyiqqa o'qub yoyding,
Ta'sir qilmas olimlarg'a aytg'on panding,
Orif uldur - tan mulkini vayron qilur.
JONONIMDAN HECH KIM XABAR BILARMIKIN?
Bu olamda Haqdin qo‘rqib zor ingrasam,
Oxiratda ruhim orom olarmikin?
O‘tganlarning bosgan izin ko‘zga surtsam,
Piri mug‘on mani yo‘lga solarmikin?
Boshim egib, belim bog‘lab qilsam ixlos
Nafsi shayton changalidan bo‘lsam xalos,
Jon berarda madad qilsa Hizr, Ilyos,
U dunyoda Olloh rahm qilarmikin?
Tog‘u cho‘llar gunohimdan qilmas toqat,
Har kun yuz ming turli isyon menga odat,
Bu ish bilan oxiratda bormu rohat,
Tavba qilsam odatlarim qolarmikin?
Boshim tanim tuproq qilib, fano bo‘lsam,
Diydortalab hasratida ado bo‘lsam,
Ahli ayol, xonumondin judo bo‘lsam,
Do‘stlar, Hojam manga rahm qilarmikin?
Ey osiylar tavba qilg‘il Haq eshitsin,
Dodingizdan yeru ko‘klar nola qilsin,
Maloiklar Haqdin tilab ulush bersin,
Ulush olgan qulni g‘ami bo‘larmikin?
Aqlim hayron, ko‘zim giryon, xonavayron,
Haq yo‘lini bilolmasmen, o‘zim nodon,
Ey do‘stlarim, betoqatmen, qayda JONON?
Jononimdan hech kim xabar bilarmikin?
Ostonaga boshim qo‘yib zori qilsam,
G‘arib-etim boshin silab duo olsam,
Haqdin qo‘rqib dunyo uchun ortga olsam,
Hojam meni holi dilim so‘rarmikin?
Saxarlarda zori qilib yig‘lasam men,
Jon berarda belim mahkam bog‘lasam men,
Ishqi birlan yurak bag‘rim dog‘lasam men,
Haq chirog‘i qabrim ichra yonarmikin?
Beshak biling bu dunyo
Barcha eldan o'taro,
Inonmag'il molingga
Bir kun qo'ldan ketaro.
Ota-ona, qarindosh
Qayon ketdi fikr qil
To'rt oyoqlik cho'bim ot
Bir kun senga yetaro.
Dunyo uchun g'am yema,
Haqdin o'zgani dema,
O'zgalar molin yema,
Sirot uzra tutaro.
Ahli ayol, qarindosh,
Hech kim bo'lmaydi yo'ldosh,
Mardona bo'l g'arib bosh,
Umring yeldek o'taro.
Qul Hoja Ahmad toat qil,
Umring bilmam necha yil,
Asling bilsang qaro gil,
Yana gilga ketaro.
Ishq dardini talab qildim darmoni yo'q,
Ishq yo'lida jon berganni armoni yo'q,
Bu yo'llarda jon bermasang imkoni yo'q,
Har ne qilsang oshiq qilg'il parvardigor!
Qaydin topay ishqing tushdi qarorim yo'q,
Ishq sadosin tunu kunu qo'yorim yo'q,
Dargohingdan o'zga yerga bororim yo'q,
Har ne qilsang oshiq qilg'il parvardigor!
Ishq bozori ulug' bozor, savdo harom,
Oshiqlarga sendin o'zga g'avg'o harom,
Ishq yo'lig'a kirganlarga dunyo harom,
Har ne qilsang oshiq qilg'il parvardigor!
Oshiqlikni davo qilib yurolmadim,
Nafsdin kechib Haq amrini bilolmadim,
Nodonlikda Haq amrini bilolmadim,
Har ne qilsang oshiq qilg'il parvardigor!