OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yusuf Xos Hojib (1020/21 - ?)

Yusuf Xos Hojib (asl ismi Yusuf) (taxm. 1020/21, Bolosog‘un — ?) — turkigo‘y shoir, mutafakkir, davlat arbobi. «Qutadg‘u bilig» dostoni muallifi. Uning hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar beruvchi yagona manba ham «Qutadg‘u bilig» kitobidir. Ushbu kitobga ko‘ra, u zamonasining barcha asosiy ilmlarini atroflicha o‘rgangan, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Mahmud Koshg‘ariy kabi turkiy tilning mavqeini oshirish, uning madaniyadabiy hayotdan o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun kurashgan.
Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» («Saodatga yo‘llovchi bilim», 1069—70) asari islomiy turkiy adabiyotni boshlabgina bermay, uni yangi taraqqiyot bosqichiga ham ko‘tardi. U nafaqat turkiy xalqlar adabiyoti an’analari, balki qardosh xalqlar, jumladan, forsiy adabiyot tajribalarini ham ijodiy o‘zlashtirgan holda yaratilgan. «Shohnoma» kabi mutaqorib vaznida yozilgan va «Turkiy Shohnoma» nomi bilan shuhrat qozongan (73 bob, 6520 bayt va to‘rtliklardan iborat).
«Qutadg‘u bilig» — 11-asr so‘z san’atining nodir namunasi bo‘lib, unda o‘z davrining ilg‘or ijtmoiy-siyosiy, ma’naviyaxloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odat va an’analari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil ma’lumot berilgan. Yusuf Xos Hojib uni Bolosog‘unda boshlab, Qashqarda yozib tugatgan va qoraxoniy hukmdor Tavg‘och Bug‘roxonga taqdim etgan. Bug‘roxon muallifni taqdirlab, unga «Xos Hojib» («Eshik og‘asi») unvonini bergan. Shundan keyin shoir «Yusuf Xos Hojib» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Lekin dostonning oxiridagi shikoyat ohanglariga qaraganda, shoir umrining oxiri bu davlatning tanazzuli davriga to‘g‘ri kelgan, shunga muvofiq hayoti ham og‘ir kechgan. Shoirning Qashqardagi maqbarasi ziyoratgohga aylangan.

“QUTADG‘U BILIK”DAN

Bilib so‘zlagan so‘z bilikka[1] sonur[2],
Biliksiz so‘zi o‘z boshini yeyur.
 
O‘gush[3] so‘zda ortuq osig‘ ko‘rmadim,
Yana[4] so‘zlamishda osig‘[5] bo‘lmadim.
 
O‘gush so‘zlama so‘z biror so‘zla oz,
Tuman[6] so‘z tugunin biror so‘zda yoz[7].
 
Kishi so‘z bila qo‘bti[8], bo‘ldi malik[9],
O‘gush so‘z boshig‘ yerga qildi kulik[10].
 
Tilig‘ kaz[11] kudozgil[12] kudozildi bosh,
So‘zungni qisarg‘il uzatildi tosh.
 
Biliksiz qarog‘u[13] turur belguluk,
Yuri[14] an biliksiz bilik ol uluk[15].
 
Tug‘ug‘li[16] o‘tar ko‘r qolir belgi so‘z,
So‘zung azgu so‘zla o‘zung o‘lguso‘z[17].
 
O‘qushqa, bilikka bu tilmochi[18] til,
Yorutochi[19] erni yo‘riq tilni[20] bil.
 
Kishing[21] til og‘irlar[22] bo‘lur qut kishi[23]
Kimig til ujuzlar[24] borir[25] er boshi.
 
Til arslon turur ko‘r ishikda yotir[26],
Ayo yevluk[27] arsig[28] ishingni yetur.
 
Tilin[29] emgamish[30] er negut yer eshit,
Bu so‘z ishga tutg‘il[31] o‘zunga ish et.
 
«Meni emgatur til izi[32] ul talim[33],
Boshim kesmasuni[34] kesayin[35] tilim».
 
So‘zungni kudozgil[36] boshing bormasun[37],
Tilingni kudozgil tishing sinmasun.
 
Budun tili yovloq[38] seni so‘zlagay,
Kishi qilg‘i kirtuch[39] etingni yegay.
 
Biliklik bilik berdi tilqa boshig‘[40],
Ayo til idisi[41] kudozgil bishig‘[42].
 
Esonlik tilasa[43] soni bu o‘zung,
Tilingdan chiqorma yarog‘siz so‘zung.
 
Iki nang bila ar qarimaz[44] o‘zi:
Bir azgu qilinji[45] bir azgu so‘zi.
 
Kishi tug‘di, o‘ldi, so‘zi qoldi ko‘r,
O‘zi bordi[46], yaling‘uq[47] oti qoldi ko‘r.
 
Tiriklik tilasa o‘zung o‘lmagu[48],
Qilinjing, so‘zung azgu tutgay bo‘ku[49].
 
Sanga so‘zladim man so‘zum ay o‘g‘ul.
Sanga berdi[50] bu pand o‘zum ay o‘g‘ul.
 
Ko‘mush qolsa oltun[51] maningdin sanga,
Ani tutmog‘il san bu so‘zga teng-a[52].
 
Tilagim so‘z erdi ay bilka[53], bo‘ku,
O‘qushlug‘, biliklik o‘zum so‘zlagu.
 
Uqush ul yo‘la[54] tak qorong‘u tuni,
Bilik ul yoruqlug‘ yorutti sani.
 
O‘qushin[55] og‘or[56] ul bilikin[57] bazur[58],
Bu ikki bila ar og‘irlik[59] ko‘rur.
 
-----------------------------------
[1]Bilik — ilm.
[2]Sonur — sanaladi.
[3]O‘gush — ko‘p.
[4] Yana — qayta-qayta.
[5] Osig‘ — foyda, osig‘ bo‘lmoq — foyda ko‘rmoq, foyda topmoq.
[6] Tuman — ko‘p, har xil, ming-ming, sonsiz-sanoqsiz.
[7] Yoz — yozgin, hal qilgin.
[8] Qo‘bti — ko‘tarildi, baland martaba topti.
[9]Bo‘ldi malik — shoh bo‘ldi.
[10] Kulik — kulgili, masxara.
[11] Kaz — juda, eng (Bu so‘z «Devonu lug‘otit turk»da kad, yoki kaz bo‘lishi mumkin deb izohlangan).
[12] Kudozgil — tiygin.
[13] Qarog‘u — ko‘r.
[14] Yuri — ozod bo‘l, qutul.
[15] Uluk— hissa.
[16] Tug‘ug‘li — tug‘ilgan odam.
[17] O‘lguso‘z — o‘lmaydigan.
[18] Tilmoch — vosita, qurol.
[19] Yorutochi — yorituvchi, tanituvchi.
[20] Yo‘riq til— shirin til, yoqimli va foydali so‘zlar so‘zlovchi til.
[21]Kishing — kishini.
[22]Og‘irlar — yuqori darajaga yetkazadi.
[23]Bo‘lur qut kishi — (til bilan) odam baxt topadi, baxtga erishadi.
[24] Ujuzlar— xo‘rlandi, xo‘rlikka eltadi.
[25]Borir — ketadi, kesiladi.
[26] Til turish joyda ham og‘iz eshigida bekinib turgan arslon o‘rnidadir.
[27]Ayo yevluk — uy egasi.
[28]Arsig — erkak kishi.
[29]Tilin — tili bilan, tili orqasidan.
[30] Emgamish — qiynalgan.
[31] Ishga tutg‘il — amal qilgin.
[32]Til izi — yengil til.
[33]Talim — ko‘p.
[34] Kesmasuni — kemasin.
[35] Kesayin — tiyay.
[36] Kudozgil — o‘ylab so‘zla.
[37] Bormasun — kesilmasun.
[38] Yovloq — yomon.
[39] Kirtuch — yomon qiliqli.
[40] Tilqa boshig‘ — tilga — til uchun bosh — aql berilgan, aqlni bir yog‘da qoldirib so‘zlama.
[41]Idisi — egasi.
[42]Kudozgil bishig‘ — (bu qoidani) pishiq kuzat.
[43] Tilasa — tilasang, xohlasang.
[44] Qarimaz — qarimaydi, unitilmaydi.
[45] Qilinj — fe’l-atvor.
[46] Bordi — yo‘q bo‘ldi.
[47] Yaling‘uq — odam bolalari, inson.
[48] O‘lmagu —o‘lmaydigan, doim saqlanib qoladigan.
[49]Bo‘ku — ilmu hikmatni egallagan, dono, yetuk.
[50] Berdi — berdim.
[51] Ko‘mush qolsa oltun — oltun, ko‘mish qolsa.
[52] Teng-a so‘zidagi «a» uni sanga so‘ziga ham qofiya qilish maqsadida «a» orttirilgandir. a, ay-ay o‘g‘ul degan undovdir.
[53]Bilka — olim, ilmli.
[54]Yo‘la — chirog‘, lampa.
[55] O‘qushin — o‘qish bilan, o‘qish natijasida.
[56]Og‘or — yuqori ko‘tariladi, martaba topadi.
[57]Bilikin — ilm bilan, ilm orqali.
[58] Bazur — bo‘yida — katta bo‘ladi.
[59] Og‘irlik — izzat, hurmat.


QIT'ALAR


Xulq go‘zal bo‘lsa, barcha xalq sevadi, 
Xulqi to‘g‘ri bo‘lgan kishi to‘rga chiqadi.

* * *

Bolaga otaning mehnati singgan bo‘lsa, 
So‘ng u bolaning xulq-atvorida bilinadi. 
Ota bolani nazoratda tutsa, 
U yaxshi, ezgu bo‘ladi.

* * *

Har kim odob surmasidan tortsa hayo ko‘ziga, 
Maqsad kelinin ko‘rar qarshisida behijob.
Ota bolani kichikligidan bebosh qilib qo‘ysa,
Bolada gunoh yo‘q, barcha jafo otada.
O’gal-qizga bilim, hunar o‘rgatish kerak,
Toki bu hunarlar bilan fe’l-atvori go‘zal bo‘lsin.
Kimning xulq-atvori, fe’li yaxshi bo‘lsa,
U tilagini topadi, oyu kun unga kulib boqadi.

* * *

Yaxshi qiliq oq sut bilan kirsa, 
O’lim kelib tutmaguncha o‘zgarmaydi.

* * *

Bilimni buyuk, o‘quvni ulug‘ bil, 
Bu ikkisi tanlangan bandasini ulug‘laydi. 
Zakovat qaerda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘ladi, 
Bilim kimda bo‘lsa buyuklik oladi.

* * *

Bilimsiz, shubhasiz, aniq ko‘rdir, 
Kel, ey nodon, bilimdan hissa ol.

* * *

Zakovatli uqadi, bilimli biladi, 
Bilimli, zakovatli tilakka yetadi.

* * *

Hamma ezguliklar bilim tufaylidir. 
Bilim tufayli go‘yo ko‘kka yo‘l topiladi. 
So‘z bo‘z yerga yashil ko‘kdan tushdi, 
So‘zi tufayli inson o‘zini ulug‘ qildi.

* * *

Ilm asosiga qurilmagan ulug‘likning oxiri xorlikdir.
Nodon agar ulug‘ bo‘lsa unga ko‘ngil bog‘lama, 
Chunki amal nodon bilan boqiy emas jahonda. 
Charox hech qachon johillarning amalini bilmaydi, 
Qora chohga tiqar uni, qo‘ymas bir kun omonda. 
Kishini yilqidan bilim farqladi, 
Bilim bilan inson martabali bo‘ldi. 
Zakovatli kishi go‘zal va til-so‘zi to‘g‘ri, 
Va tamomi qiliqlari tugal — to‘kis bo‘ladi.

* * *

Bilim, hunar, ezgu qiliq va yo xulqni 
Kishi o‘rganadi, so‘ng yo‘riq tuziladi. 
Kishi zulmat bosgan qorong‘u uy kabidir, 
O’quv-idrok bir mash’aldirki, uni yoritadi. 
Ko‘rgin, turli yaxshiliklar o‘quv-idrokdan keladi, 
Kishi bilim tufayli ulg‘ayadi, mashhur bo‘ladi.

* * *

Mol-dunyoni qancha termagin, u tugaydi, olqinadi, 
Yozilsa-chi, so‘z abadiy qoladi, olamni kezadi.

* * *

O’g‘il-qiz kichikligida nimani o‘rgansa, 
To qarib o‘lmaguncha unutmaydi.

* * *

Do‘st tutmoq oson, rioya qilmog‘i qiyin, 
Dushman bo‘lmoq oson, yarashmog‘i qiyin.

* * *

Ikki turli kishiga yaqinlashma, uzoqlash, 
O’sha narsa jon barobarida shirin bo‘ladi.

* * *

Dushmanni zaif deb uzoq g‘ofil bo‘lma, 
Nega qurqayin, deb so‘z bilan kerilma.

* * *

Odamlarsiz yashama, odamlar orasida bo‘l, 
Odamlar aybini ko‘rma, o‘z aybingni ko‘r.

* * *

Agar xalqning boshchisi yaxshi bo‘lsa, 
Uning xizmatchilari yaxshi bo‘ladi.

* * *

Kishilarning suqiga ishingni bermagin, 
Vafosiz kishilarga oshingni yedirma.

* * *

O’zing birodar ko‘nglini bilmoq istasang, 
So‘z bilan g‘azabini keltir va qovog‘ingni sol. 
Seni sevishi, sevmasligini bilayin desang,
Sevimliroq narsasini so‘ra, darhol tushuniladi. 
U bu ikki narsaga qovog‘ini solmasa, 
Ushbu kishini jon bilan teng tutish kerak.

* * *

Kishiga hasad qilma, o‘zingni yaxshi tut, 
Bu qilikdan doim g‘am-tashvish keladi.

* * *

Sharm-hayo hamma yaramas ishlardan tiyadi, 
Uyatsizlik kishi uchun juda yaramas illatdir. 
Rostlik, sharmu hayo hamda go‘zal xulq, 
Uchalasi biriksa, bu sevinch demakdir. 
Yana biri — soflik va rostfe’llik, bo‘lar, 
Ikki olamda kishini baxtiyor qiladi.

* * *

Uyatli kishi odamlarning sarasidir, 
Uyatsiz kishi — kishilarning tubani, 
Uyatsiz tili to‘g‘ri so‘z so‘zlamaydi. 
Uyatsiz kishidan yiroq tur, yiroq, 
Uyatsizning ko‘zi qattiq bo‘ladi. 
Or-nomussiz kishining yuzi go‘shtsiz so‘ngakdir, 
Or-nomussiz kishining o‘zi bitmas marazdir.

* * *

Kishilar orasida yetugi uyatli kishidir.

* * *

Kim yaxshilik qilsa, yaxshilik topadi, 
U jabru sitamlarga qaramaydi. 
Kimda kim yomonlik kurib, yaxshilik qilsa, 
Ey ezgu kishi, men seni orzu qilaman, 
Ey ezgu, senga kim tuyadi, aytib ber menga 
Endi beri kel, men senga juda chanqoqman.

* * *

Boshqalarga ziyon istama, o‘zing ham ziyon ko‘rma, 
Faqat yaxshilik qil, havas va orzuni bilgin.

* * *

Odam bo‘l, odamga odamiylik qil, 
Odam degan otni, maqtovni ol.

* * *

Yomondan oshna tutma, zinhor yiroq tur, 
Yomon do‘st seni yo‘ldan ozdiradi. 
O’zing ezgu otli bo‘layin desang, 
Yomonga qushilma, hushyor bo‘l, uyla.

* * *

Ko‘p so‘zlab kishi dono bo‘lmaydi, 
Ko‘p eshitib, dono barchaga bosh bo‘ladi.

* * *

Sen o‘zingga esonlik tilasang, 
Tilingdan yaroqsiz so‘zingni chiqarma. 
Bilib so‘zlagan so‘z donolik sanaladi, 
Nodonning so‘zi o‘z boshini yeydi. 
So‘zni ko‘p so‘zlama, bir oz ozroq so‘zla, 
Tuman ming so‘z tugunin bir so‘zda ko‘zla.

* * *

So‘zingga ehtiyot bo‘l, boshing ketmasin, 
Tilingga ehtiyot bo‘l, tishing sinmasin.

* * *

Zakovat ko‘rki so‘zdur, bu tilning ko‘rki so‘zdir, 
Kishining ko‘rki yuzdur, bu yuzning ko‘rki ko‘zdir.

* * *

Kishi ikki narsa tufayli qarimaydi, 
Biri — ezgu xulqi, biri — ezgu so‘zi. 
Mendan senga kumush, oltin qolsa, 
Ularni sen bu so‘zga teng tutmagil.

* * *

So‘zni so‘zlamasa, u sof oltinga teng,
U tildan chiqarilsa, sariq chaqaga teng.

* * *

Yoru do‘stlarning ko‘nglini sindirma, yukini ko‘tar, 
Kishi ko‘ngli yupqa shisha misoldir,
Uni ehtiyot qil, qo‘zg‘atma, sinadi. 
Kishining ko‘ngli qolsa, halovat ketadi, 
Yaqinlik uziladi, foyda yiroqlashadi. 
Yaqinlik istasang, ko‘ngil olgin, ko‘ngil 
Ko‘ngil sinsa, yaqinlik ketadi.

* * *

Odam nima bilan ravnaq topsa, 
O’shanga yopishadi.
Bola uyning ziynati.
Inson nomi o‘lmay yashaydi takror, 
Ortidan farzandi qolganda yodgor!
Yuksalish qiyin, pastlash oson, 
Negaki ogir toshni ko‘tarish qiyin, 
Tashlab yuborish osondir!
Baxt, davlat qaerda bo‘lsa, unga buyin ber, yarash, 
Agar baxtga erishsang, qaygu bilan kurash.

* * *

Yotni yorlaqagin va yemish bergin, 
Musofirni ezgu tutgin, ey bilag‘on dono.

* * *

Yotni ezgu tutsa, er ko‘zi yorishadi. 
Musofirni ezgu tutsa, ovozasi yorishadi.

* * *

Ishga shoshib kirishma, sabr qil, ehtiyot bo‘l, 
Shoshilib qilingan ishning oxiri voy bo‘ladi, 
Shoshilib qilingan ishlar nechog‘li yaramas bo‘ladi. 
Shoshqaloqlik barcha adashgan kishilar ishi.

* * *

Qachon qahring kelsa, o‘zingni tut, bardoshli bo‘l,
Sabrli kishining sevinchi oldida.
Kishi sabr qilsa, buzilgan ishini to‘g‘rilaydi.
Kishi sabr qilsa, o‘z tilagyni topadi,
Sabr qilib turguvchi oq qushni tutadi

* * *

Tamagir bilan aslo yaqin bo‘lma, 
Shubhasiz u senga dushman bo‘ladi.

* * *

Kishilar yevuzi — bu ezma kishidir. 
Kishilarning qadrlisi — saxovatli kishidir.

* * *

Birov senga muayyan bir mehnatni singdirsa, 
U mehnatni unutma, misli ulik bo‘lma. 
Ey asl kishi, odamgarchilikni qo‘yma, 
Kishilarga doim odamgarchilik qilib tur. 
Kel mol degan nom olma, odamgarchilik qil. 
Odamga odam bo‘l, odamgarchilik qil.

* * *

Baxil bo‘lma, ey saxovatli kishi, 
Saxovatli degan mangu qoladi, o‘lmaydi.

* * *

Tamoqqa ehtiyot bulinsa, umrga foydalidir, 
Ovqatni oz yeyilsa, bu og‘izga lazzatlidur.

* * *

Ichimlik ichma, tubanlarga aralashmay yur, 
Emin yur, doim ezgu bo‘lasan. 
Sinalgan, tanilgan kishini mahkam tut. 
Undan senga tuman ming manfaat tegadi. 
Har qanaqa so‘zni ham tingla, lekin ishonma. 
Ko‘nglingdagini ochma, qattiq va mahkam tut.

* * *

Ichimlik ichma, zinhor zinoga yaqinlashma, xazar qil. 
Bu ikki narsa gadolik to‘nini kiydiradi.

* * *

Bilimli ichimlik ichsa, bilimsiz bo‘ladi, 
Bilimsiz mast bo‘lsa, nojo‘ya ishlar qiladi. 
Ichimlik ichma, ichimlik ichsa, kishining baxti ketadi, 
Ichimlik ichsa, kishi telba, tentak bo‘ladi. 
Qaysi narsaga mehnat ko‘p sarflansa, 
O’sha narsa sevimli, aziz bo‘ladi.

* * *

Ichimlik ichma, ey mayparast, bo‘g‘zining quli, 
May ichsang, senga gadolik yo‘li ochiladi. 
Mast bo‘lgach, kishi telba, tentak bo‘ladi. 
Kimning himmati bo‘lmasa, u o‘likdir, 
Ikkala dunyoda ham u bebahra bo‘ladi. 
Barcha xalqqa ko‘ngildan mehribon bo‘l, 
Doim hayrli ish qil, o‘zing ezgulik top. 
Xalqqa manfaat keltir, zararli bo‘lma, 
Fe’lingni yaxshi tut, yomonlarning kasofatini bos. 

* * *

Qizil til seni qisqa yoshli qiladi, 
Eson bulay desang, sen uni mahkam bog‘la.

* * *

Aralashdingmi, fitna ko‘taradi, ko‘r, 
Biri — g‘iybatchi, chaqimchilik qiluvchi. 
Biri — ikkiyuzlama kishi, tamagir.

* * *

Qayerda xiyonat oyoqqa tursa, 
O’sha yerdan dienat yiroqlashadi. 
Xiyonatkor qaerga qul ursa, 
Dengizni shimiradi, yerni quritadi.

* * *

Xulq go‘zal bo‘lsa, barcha xalq sevadi, 
Xulqi to‘g‘ri bo‘lgan kishi to‘rga chiqadi.

* * *

Haromga aralashma va zuravonlik qilma, 
O’zgalar qonini to‘kma, xusumat va g‘araz qilma.

* * *

O’zing qaysi ishni qilmoqchi bo‘lsang, 
Avval so‘zing, ko‘ngling bilan kengashgin.

* * *

Ko‘ngil va tilni to‘g‘ri tut, ey bilogon dono, 
O’z vaqtida sening rizqing kamaymaydi. 
O’zing bu dunyoda boylik istasang, 
To‘g‘ri bo‘l, so‘zlaringni to‘g‘ri tut.

* * *

Dunyo davlat bilan seni avramasin, 
Hamma ishlarda ham to‘g‘rilik ista.

* * *

To‘g‘ri so‘z dag‘aldir, uni singdirgin, 
Ertaga manfaati tegadir, seni suyuntiradi.

* * *

Kishi chiroyiga ichki dunyosi eshdir,
Yuz ko‘rki bilan uning fe’l-atvori tengdir.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.