Qosimxonto‘ra Muztarib Toshkentning Qalandarxona mahallasida eshon oilasida tug‘ilgan. Otasi Sayfiddinxonto‘ra Toshkent qalandarlarining piri bo‘lgan ekan. Yusuf Saryomiy (1840—1912), Toshxo‘ja Asiriy (1864—1915), Karimbek Kamiy (1865—1922), Saidahmad Vasliy (1870—1925), Haybatullo Xislat (1880—1945) kabi shoirlar ularnikida tez-tez yig‘ilib turishgan.
Sayfiddinxonto‘raning she’rga mayli baland bo‘lgan. O‘zi ham mashq qilgan. Mo‘minjon-Toshqin «Toshkent shoirlari» qo‘lyozmasida Muztaribning Karimbek Kamiyga moddiy jihatdan qarashib turganligini ma’lum qiladi.
She’r va g‘azallari tarqoq, devon tuzgani ma’lum emas. «Qosim devona» imzosi bilan ham g‘azallar yozgan.
Quyidagi ikki she’rning biri Mo‘minjon-Toshqin qo‘lyozmasidan, ikkinchisi Abdulhamidqori Jalolobodiyning 1911 yilda Yakovlev toshbosmasida chop etilgan «Bayoz»idan olindi.
Begali Qosimov
* * *
Sayri gulshan etgali keldi go‘zal bir mahjabin,
G‘unchalar xandon o‘lub, avsofina ochdi labin.
Sarvdek qomat chekib, tovusdek aylab xirom,
Etdi sahni gulsitonin go‘yiyo xuldi barin.
Subh ko‘rgach oh urub, choki giribon ayladi,
Bengzadi o‘zni ko‘rub, gulgun qabo pirohanin.
Yetti charxing chuyrulub boshtin nisor etmak uchun
La’lu yoqut o‘rnina sochdi bu durri kavkabin.
Shams burjidin chiqib, arzi jamol aylab salom,
Qildi badrang Mag‘ribistonda surib yerga jabin...
Zot bilmam go‘yiyo andin zuhur bitmish sifot
Partavi eman daraxtina tushan ul nurdin.
Chun g‘izoli ko‘zlari ishq ahlini qilmish asir,
Bul ajab, ushshoqlar sayyod o‘lub etmish kamin.
Mavji to‘foni havodisdin egam qilsun amon,
Saqlag‘ay ul domi girdobi balo kullobidin.
Ko‘z qirg‘og‘i birla boqqach go‘yiyo bo‘ldim asir,
Bir ishorat yetti jona zaxmi mujgon tiridin.
Soldi bo‘ynumg‘a u dam zunnori kofir gisusin,
Bir musulmon o‘g‘lina bu tarz zulm etmak nadin.
Bilmadim bu tushmidir, yo xob, bilmam, yo xayol,
Qo‘z ochib ko‘rdim nigorimni asar yo‘q boridin.
Ishqa sodiq o‘lsa har kim nangu nomus istamas,
Gar muyassar o‘lsa, or etmas edim pobusidin.
Muztarib Ya’qubdek baytul xazondur kulbasi,
Kosh ul Yusuf misolim ko‘zga sursam domanin.
* * *
Jism bo‘lub hurliqo, yallo,
Bo‘ldi qiziq bazmi saro yallo.
Ko‘kka chiqub nolai tanbur, chang,
O‘ynashadur qoshi qaro, yallo.
Rind xarobati bo‘lub shayx edub
Virdi duo zikru sano, yallo.
Bazm elig‘a dardu balo yuzlanib,
Ohang etub javru jafo, yallo.
Sadr borub, yo rab, o‘qub tantana,
Biz deyubon yalli yalo, yallo.
Nag‘ma bila mutrib edub tarona,
Soqi sunub jomi sabo, yallo.
Qo‘llarini belg‘a tutib noz ila
Bir-birig‘a qildi imo, yallo.
Bo‘ldi haqo, ishq bila nag‘masanj,
Rost qilub nag‘ma-navo yallo.
Badr ko‘rub majlis aro dilbari,
Bo‘ldi qamar qaddi duto, yallo.
Qosimi devonani majruh etub,
Qo‘llarini qildi hino, yallo.