OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoiq (1833-1916)

Mirahmadxon Mirabdurahim o‘g‘li. Miriy taxallusi bilan ham she’rlar yozgan. XX asr boshida tuzilgan bayozlarda har ikki taxallus bilan bosilgan she’rlarini uchratish mumkin.
Toshkentning Ko‘kcha dahasida po‘stindo‘z oilasida tug‘ilgan. Buxoroda «xatmi kutub» kilib, Toshkent madrasalarida dars bergan. Muftilik, a’lamlik qilgani ham ma’lum.
Devon tuzmagan. 1915 yilda «Iqdul durar» («Durlar shodasi») nomi bilan arabchadan bir kitob tarjima qilib bostirgani ma’lum.
G‘azallarida an’anaviylik kuchli. Shoiq hakidagi ma’lumotlar va har ikki g‘azal Mo‘minjon-Toshqinning «Toshkent shoirlari» ko‘lyozmasidan olindi.
Begali Qosimov


* * *

Ey, jamoling shavqidin ko‘k uzra sargardon quyosh,
El kuyar, mehring hadisin telba ko‘nglum qilsa fosh.

Lavhi ko‘nglumg‘a qazo suratgari chekkan qalam,
Ul buti Chin suratidin zohir o‘ldi intiqom.

Zulfi savdosi ko‘ngul mulkida pinhon bo‘lmasa,
Dudi ohim bo‘ldi nevchun tun savodig‘a tutosh.

Hajr shomida hayotim naqdig‘a olg‘ay edim,
Bir nafas subhi visolingdin muyassar bo‘lsa kosh.

Tiyg‘i mujgoning ila qilsang jahon ahlin qatl,
Na ajabdur senda bordur bu sifatlik ko‘zu qosh.

Eykim, istarsan vafo savdosini tark aylamak,
Barcha laqti habgardin ayla asbobi maosh.

Tab’ ko‘zgusin kudurat zangidin sof istasang,
Qayg‘u savhoni ila ko‘nglungni qil hardam xarosh.

Ta’n etmanglar maning rasvolig‘img‘a, do‘stlar,
Qim yarotibdur meni adnoyi ahli shahri Shosh.

Hajr jomida visol ummidi Shoiq ne ajab,
Ohing avji yetti gardun jaybidin gar cheksa bosh.

* * *

Yetdim Adam sahrosida yo‘q og‘zining fikri bilan,
O‘zluk yo‘lin topgum magar gardi xati xizri bilan.

Ko‘yida jon bermak manga mushkul emasdir, negakim,
Hayvon suyi xosiyatin topdim labi zikri bilan.

Ruhim qushining quvvati tan ichra la’li sharbati,
To‘ti nachunkim asrag‘ay jon shakkari misri bilan.

Ne charxu ne shamsu qamar bo‘lg‘ay ko‘zumg‘a jilvagar,
Olam o‘ti guldur mango, o‘tlug‘ yuzi mehri bilan.

Vahkim, buti Layli nasab, Majnundirman bir qarab,
Sehr aylayur yuz ming xirad, jodu ko‘zi sehru bilan.

Nazmim suxanvarlar aro kursig‘a o‘ltursa netong,
So‘z poyasi bo‘ldi buyuk Ma’sumxon she’ri bilan.

Turki takallum afsahi chun Mir Ali shogirdisen,
Mir aylab anga iqtido, dam urmag‘il g‘ayri bilan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.