OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Amir Xudoyberdi (1961)

http://ziyouz.uz/images/amir_xudoyberdi.jpgAmir Xudoyberdi 1961 yili Qarshi tumanidagi Shilvi (Shayx Shibliy) qishlog‘ida tavallud topgan. 1985 yilda Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. 1994 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. «Dunyo va men», «Javobsiz savol», «Evrilish», «Yettinchi malak», «Oydin lahzalar», «Devonalarmiz» kitoblari chop etilgan.

IZHOR

O‘tib ketdi bolalik,
O‘tdi sho‘xlik barchasi.
Yulduz bo‘ldi, oy bo‘ldi
Yongan yurak parchasi.
Ilhom keldi, ochildi
Samovatning darchasi.
Ilhom onlari shirin,
O‘zga bolni totmasman.
She’rim — mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Vatan deya, xalq deya
Chiqdi ilk bor savodim.
Qalamim biyron bo‘ldi,
Biyron bo‘ldi davotim.
Dilimdagi bol mehrim,
Tilimdagi novvotim
Nurga do‘ndi, nur bo‘ldim,
Kun botdi, men botmasman.
She’rim — mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Bilmas hech kim: qaylarda
Qolur xoki, turbati.
Hijronlarni yengishga
Yetar kimning qurbati.
Har so‘zimda o‘zim bor,
So‘z — qalbimning surati.
O‘lsam hamki begona
Tuproqlarda yotmasman .
She’rim — mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Tandan chiqar jon, ammo
Men yashayman she’rimda.
Unutilar shon, ammo
Men yashayman she’rimda.
Fano — beimkon, ammo
Men yashayman she’rimda.
O‘zga olam ko‘ksida
Aslo ildiz otmasman.
She’rim — mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Haqdan kelsa inoyat
Shoir zoti suyukdir.
Xalqi kabi bardoshli,
Xalqi kabi buyukdir.
Shoir qalbi hamisha
Quvg‘indagi kiyikdir.
Vatan bag‘ri zo‘r panoh,
O‘zga panoh topmasman.
She’rim — mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Vatan uchun fido har
Kiprigimning tolasi.
Yuragimdir qirlarda
Yonib turgan lolasi.
Shoir bo‘ldim, men oddiy
O‘zbekning bir bolasi.
Bir tomirmiz, eldoshlar,
Men sizniki — yotmasman.
She’rim — mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

DEVONALARMIZ

Bir to‘shakda, bir ko‘rpada yotib yonma-yon
Uxlayapmiz, axir dema begonalarmiz.
To‘shagimiz zamin bo‘lsa, ko‘rpamiz osmon,
Yondoshlikni anglolmagan devonalarmiz.

Bir ildizdan ko‘karganmiz, muazzam olam
Beshigimiz, dema siyqa afsonalarmiz.
Momo Havo onamizdir, otamiz Odam,
Qondoshlikni anglolmagan devonalarmiz.

Bani bashar oshyoni shu mitti sayyora,
Qo‘lni qo‘lni bersak go‘yo marjonalarmiz.
Elni elga, dilni dilga bog‘lolsak zora,
Jondoshlikni anglolmagan devonalarmiz.

“Xudo bir!” deb payg‘ambarlar o‘tdi, biz hamon
Haq yo‘lini topa olmay sarsonalarmiz.
E’tiqodlar ayri-ayri, yagona imon,
Dindoshlikni anglolmagan devonalarmiz.

Dildoshlikni anglolmagan begonalarmiz.

1990

AYURMASIN O‘ZBEKISTONDIN

1
Dedilar: «Eng go‘zal ma’vo qaysidur?»
Dedim: «Ona yurtim – baxt firdavsidur!».
Dedilar: «Nechun u muqaddas, ulug‘?»
Dedim: «Bobolarim bermish unga ruh!»
Dedilar: «Kecharsan ondin yo jondin?»
Dedim: «Ayurmasin O‘zbekistondin!»

2
Ey, Vatan, sen ila hayotim, borim.
Sen mening iymonim, nomusim, orim.
Necha azizlarim yotgan mozorim
Va erka dilbandlar erkin kezgan bog‘.
Ta’rifing beqiyos – ojizdir kalom,
Sen menga qo‘shiqsan, qalbimga ilhom.
To abad bor ekan o‘zbek degan nom
Men uchun sen doim muqaddas tuproq.
Asrlarkim kelur Furqat fig‘oni,
Hinddan shoh Boburning sog‘inch, armoni.
Oh, qiyin uzmoqlik hijratda jonni,
Lolalar ko‘ksida qayg‘ulardan dog‘.
Dedilar: «Kecharsan ondin yo jondin?»
Dedim: «Ayurmasin O‘zbekistondin!»

1992

VATAN

O‘tib ketdi bolalik,
O‘tdi sho‘xlik barchasi.
Yulduz bo‘ldi, oy bo‘ldi
Yongan yurak parchasi.
Ilhom keldi, ochildi
Samovatning darchasi.
Ilhom onlari shirin,
O‘zga bolni totmasman.
She’rim – mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Vatan deya, xalq deya
Chiqdi ilk bor savodim.
Qalamim biyron bo‘ldi,
Biyron bo‘ldi davotim.
Dilimdagi bol mehrim,
Tilimdagi novvotim
Nurga do‘ndi, nur bo‘ldim,
Kun botdi, men botmasman.
She’rim – mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Bilmas hech kim: qaylarda
Qolur xoki, turbati.
Hijronlarni yengishga
Yetar kimning qurbati.
Har so‘zimda o‘zim bor,
So‘z – qalbimning surati.
O‘lsam hamki begona
Tuproqlarda yotmasman.
She’rim – mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Tandan chiqar jon, ammo
Men yashayman she’rimda.
Unutilar shon, ammo
Men yashayman she’rimda.
Fano – beimkon, ammo
Men yashayman she’rimda.
O‘zga olam ko‘ksida
Aslo ildiz otmasman.
She’rim – mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Haqdan kelsa inoyat
Shoir zoti suyukdir.
Xalqi kabi bardoshli,
Xalqi kabi buyukdir.
Shoir qalbi hamisha
Quvg‘indagi kiyikdir.
Vatan bag‘ri zo‘r panoh,
O‘zga panoh topmasman.
She’rim – mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

Vatan uchun fido har
Kiprigimning tolasi.
Yuragimdir qirlarda
Yonib turgan lolasi.
Shoir bo‘ldim, men oddiy
O‘zbekning bir bolasi.
Bir tomirmiz, eldoshlar,
Men sizniki – yotmasman.
She’rim – mening Vatanim,
Men Vatanni sotmasman.

2011

NAJIBA

Najiba, ajib-a,
Bir yoshli qizim,
«Dada», deb ilk bora tilga kiribsan.
Mening bu dunyoda qolguvchi izim,
Tetapoya qadam tashlab yuribsan.
Ko‘kdan quvonch bo‘lib tushgan farishtam,
Charog‘day porlading xonadonimda.
Samoni zaminga bog‘lagan rishtam,
Ming yillarki kezib yurding qonimda.
Najiba,
Boshimni onamday goho
Silaydursan mitti qo‘llaring bilan.
Yorug‘ manzillarga yetgin, iloho,
Yo‘llarim tutashsin yo‘llaring bilan.

* * *

Birma-bir ochdi falak o‘z tal’atin,
Tiklagach shom masnadida shavkatin.

Zarofat burjida Zuhro porladi,
Berdi Cho‘lponga fatonat navbatin.

Avjlanib yondi Zuhal — zebo husn,
Bo‘ldi tanho ziynati sham’ hay’atin.

Go‘yo tillo boshimizdan sochqali,
Ochdi sandiqdan falak bor sarvatin.

O‘ynashur nurlar ilohiy sas ila,
Ko‘rguzur olamga partav san’atin.

Samoviy raqs xaylida ming-ming malak
Quvladi ko‘kdan zulumot kalxatin.

Zarnigor gumbaz tagida bir g‘arib
Sig‘dirolmas ko‘ksiga ko‘k haybatin.

Tortilur dil behudud nur bazmiga,
Charx urar ruh tark etib tan turbatin.

Mijja qoqmasdan Amir zor bo‘yladi,
Ko‘k sog‘indi, tun tushundi hayratin.

* * *

Yuzi olma, ko‘zi bir juft qarolu qiz,
Izn bering, bog‘ingizga boroli, qiz.

Olulanib qonga to‘lmish ishq zaxmidan,
Labingizni oludan qutqaroli, qiz.

Hurkak-hurkak nigohingiz olib qochmang,
Ko‘ksimdagi dashtning erka maroli, qiz.

Qarayversak tortmang qoshingiz yosini,
To‘ymadik-ku yana bir bor qaroli qiz.

Gar qo‘shilib oqib ketsam qo‘yarmisiz,
Ikki kifti tog‘u qirq sharsharoli, qiz.

Netay sevgi siyratida sitam ko‘rdim,
Suvrati ham qalbimizdek yaroli, qiz?

O‘z dilida yurt so‘ragan Amir edim,
Endi bo‘ldik, ayting, kimning qaroli, qiz?..

MO‘JIZA

Nafas olgan har oning mo‘‘jizadir — tiriksan.
Tomirda toza qoning mo‘‘jizadir —tiriksan.
Mo‘‘jizadir — ko‘ksingda urib turgan yuraging,
Olddagi har imkoning mo‘‘jizadir — tiriksan.

* * *

Yashaylik tinch, ahil, insonlarga xos,
Dushmanlik saodat keltirmaydi, rost.
Adovat olovi do‘zax o‘tidan
Bir uchqun, bandalar o‘tindir xolos.

* * *

Kokilingni o‘rmish ming bir maloyik,
Zulfingga zanjirmi, zar, nima loyiq?
Ko‘kni kuydirganda yuzung partavi
Zulumot pinjiga qochmish xaloyiq...

* * *

Bilmadim, she’rlarim eskimi-yangi,
Qalbda sado berar har vaqt ohangi.
Loyni Vaqt kuloli obdon pishitgan,
Soz erur boz eski xumning jarangi.

SEVAMAN

Men seni sevaman, g‘uncha labida
O‘pichday titragan shabnam misoli.
Men seni sevaman, hijron shabida
Erib ado bo‘lgan bir sham misoli.
Men seni sevaman, cho‘qqini quchib
Jarlikka osilib turgan qoyaday.
Men seni sevaman, o‘zidan qochib
O‘ziga ergashib yurgan soyaday.
Men seni sevaman…
O, bundan ortiq
Sevishimni talab qilmagin, gulim.
Bundan ortig‘ini etolmam tortiq,
Bundan ortiq sevgi bo‘ladi o‘lim!

1985

IZLAMANG

Gar ketar bo‘lsam meni dashti fanodan izlamang,
Topmagaysiz baribir, yeru samodan izlamang.

Belgi qo‘ymangiz mozorim ustiga toshdin, ajab,
Ul nishon bo‘lgaymu mendin, har balodan izlamang.

Tuprog‘imdin bir sariq gul unsa, bulbul yig‘lasa,
Bo‘zlasa faryod chekib nay, ul navodan izlamang.

O‘zim birla etmagayman aslo g‘amni hamroh,
Shul sababdin har bir motamsarodan izlamang.

Izlamang nuri muallaq oftobning husnidan,
Tiyra tundan – mardud, yuzi qarodan izlamang.

Izlamakdin foyda yo‘qdir, keldimu ketdim, bu – sir,
Yaxshisi darkor unutmoqlik, baqodan izlamang.

O‘tdi umrim o‘zligimni anglayin deb, kimligim
Yolg‘onchi olam bergan yolg‘on bahodan izlamang.

Bir libos erdi Amir ismim azaldan, oqibat
Yechganimda men uni, mendek adodan izlamang.

1995

IKKI GO‘SHA

Shahrimda yonma-yon ikki go‘sha bor,
Birovi bozoru birovi mozor.
Bir yonda tinchimas shovqinu suron,
Bir yonda abadiy jimjitlik hokim.
Tashvishlar ustidan kulib beomon
Shamol sochib o‘ynar qabrlar xokin.
Bir yonda tiriklar molini maqtar,
Marhumlar kafanga o‘ranadi jim.
Bir yonda falsafa: joy top, joy axtar,
Bir yonda o‘z joyin topgandir har kim.
Tiriklar goh pulga sotarlar imon,
O‘liklarga esa zar tuproqqa teng.
Tiriklarga torlik qiladi jahon,
O‘liklarga esa bir qabr ham keng.
Foyda, deb jiqqamusht, ey ahli bozor!
Huv anuv go‘shaga soling bir nazar!
Ular sizu bizdek yashab o‘tganlar,
Tuproq bosib oshin oshab o‘tganlar.
Va yana orzusi yozmay turib barg,
Erta xazon bo‘lgan qancha juvonmarg.
Yonma-yon yotishar nizosi unut,
Bir-birin g‘iybati, ig‘vosi unut.
Hasad qilmas g‘arib qabrdagi zot,
Marmartoshga ega marhumga, hayhot!
Men bir shoir, dunyo bozorin ko‘rib,
Ufqqa boqaman g‘amgin o‘y surib.
Nahotki tiriklar a’moli riyo?
Dunyo azal shunday yaralganmi yo?
«Biz ham sizday edik, siz ham bizdayin
Bo‘lishingiz tayin», degandek mayin,
Uxlaydi o‘liklar mo‘min, beozor,
Sirli sukunatga cho‘madi mozor.

1976-1986

KALLA SUYAGI OLDIDAGI O‘YLAR

Ishongim kelmaydi, shu bosh chanog‘i
Bir zamonlar tirik bo‘lganligiga.
Quyoshning nurlari o‘pib yonog‘in,
Ko‘zlarida yulduz kulganligiga.
Ishongim kelmas, shu suyak ichinda
Orzular jimirlab oqqandir nahot?
Ikki chuqurchada nur bo‘lib chindan,
Olamga hayrat-la boqqandir nahot?!
Bu ko‘hna falakning savdosidan lol,
Nimalar haqida o‘ylagan ekan?
Bir go‘zal ishqida kuyib telbahol,
Gullarni quchoqlab kuylaganmikan?
Ishongim kelmaydi, bir kun mening ham
Suyagimni qo‘lga olishlariga.
«Shuyam sevganmikan, chekkanmikan g‘am?»
Deya sukut ichra qolishlariga!

1989

DUNYO VA MEN

1

Pishmagan bir boshoq edim, o‘rdi charx,
«Nimang qoldi unda?..» deb na so‘rdi charx.
«Dilim qoldi…» deyolmadim, inchunin,
Necha mendin ulug‘larni ko‘rdi charx.

2

Yetishdim: ko‘kka ko‘z tikib – tuproqqa,
Yelib-yugurib, ranj chekib, tuproqqa.
O‘ylaydurman: xurram paytlarim salom
Berdimmi bir, boshim egib tuproqqa?!

z

Vasl istadim – firoq bo‘ldi nasibam,
Nafas chiqib bir «oh» bo‘ldi nasibam.
«Ey, yoronlar! Qanday odam edi u?..» –
Degan so‘nggi so‘roq bo‘ldi nasibam.

4

Musulmonlar yomonlamas marhumni,
Kulol yasar ayri-ayri har xumni.
Ko‘hna bozor, siniq sopol bo‘lsam-da,
Boshqalardan kam qo‘ymadi narximni.

5

Charx aylanar – armonimga ne parvo?
G‘amim, quvonchu shonimga ne parvo?
Osmon o‘sha osmon, yer ham o‘sha yer –
Uvol ketgan yosh jonimga ne parvo?!

6

O‘ylaydurman: qolgay bu jahon mensiz,
Yashaydur el, kechadur zamon mensiz.
Unutishar yaqinlarim birma-bir,
O, men g‘arib… O‘zimga yomon mensiz.

7

O‘lim so‘nggi devor emas, yupanch – shu,
Zavolsizdir Ruh – xor emas, yupanch – shu.
Yangi libos kiyganingda hayitda
Eskisi hech darkor emas, yupanch – shu!

8

Sen dunyodan, dunyo sendan judomi?
Labingdagi qotgan so‘z ne? Vidomi?!
Degaydirlar: gar imoning but bo‘lsa,
Visoliga erishgaysan Xudoning!

9

Imon nima – kech angladim, g‘o‘r edim,
G‘ofil edim, ko‘zi ochiq ko‘r edim.
Imonsizlar «Sen bizdan!» deb qo‘limdan
Yetakladi – peshonasi sho‘r edim!

10

Kech angladim: tavfiq nadir, sujud na,
Iloh nadir, ruh nimadir, vujud na?
Ko‘garolmay gunohimning qopini
Qolganimda bildim – qo‘rquv, umid na?

11

Men olamdan o‘tmadim, balki olam
Mendan o‘tdi. Emdi mening zuvolam,
Buyuk Kulol ilkidadir, xohlasa
Ko‘za yasar, xohlasa yana odam!

12

Sog‘inch qoldi yuragimning unida,
Toshdek qotdi jigarimning xunida.
Diydor uchun bu dunyodan ketdim men,
Ko‘rishgaymiz Buyuk visol kunida!

13

Ketganimdan g‘anim xursand, yo rabbim?!
Ko‘rmadilar manim xursand, yo rabbim?!
Ular azob ichra qoldi, manim-chi,
Ruhim ozod, tanim xursand, yo rabbim!

1991

TONGDA BIR BEBAXT QUSHCHA…

Tongda bir bebaxt qushcha
Kaftimga kelib qo‘ndi.
Don so‘radi, don berdim
Qalbim ushoqlaridan
Suv so‘radi, suv berdim
Ko‘zim buloqlaridan.
In so‘radi, in qurdim
Vujudimda jonimdan.
Ostiga xas to‘shadim
Mehrimdan.
Osmonimdan
Bir parcha uzib berdim.
Ne so‘rasa – shu berdim,
Barin etdim muhayyo.
Badbaxtlikning tamg‘asi
Bo‘ynida edi, ayo!
Ammo baxt berolmadim,
Aslo baxt berolmadim.
Shomda u uchib ketdi,
Kaftimni ochib ketdi…

2001

MAKTUB

Mayli, meni Nasimiydek
tovonimdan so‘ysinlar.
Yuragimni jahannamning
oloviga qo‘ysinlar.
Ammo yo‘lim haqdir mening!
Men yo‘limdan qaytmasman,
“Sizni sevdim” degan so‘zdan
o‘zga so‘zni aytmasman.
Oshiq bo‘lib qolganimni,
mayli, jahon eshitsin.
Shoir qalbda hech qanday sir
qolmas nihon, eshitsin.
Mayli, menga malomatdan
toshlar otsin olomon.
Qaro qonga botsam hamki,
sevgim bilan qolaman.
Ishqingizda o‘lsam agar
bir bor qabrimga boring,
Ko‘z yoshingiz to‘king, mayli,
mozorimni sug‘oring.
Qaraymanki, bahor meni
sog‘inibdi – kelibdi,
Yuraklarda qotgan o‘shal
parcha muzlar eribdi.
Qo‘rqmang aslo, yolg‘izginam,
sizni tutmasman so‘roq,
Yaqin kelib nazar soling
tuprog‘imga yaxshiroq.
Maysalarning orsida
o‘sib yotar mitti gul.
U – Amirning qabri ichra ichra
sig‘magan umidi, gul.
Nechun buncha bezovtasiz,
nechun titrar yuzingiz?
Men shu gulni sizga berdim,
oling, uni uzingiz.
Labga bosib hidlang to‘yib,
muhabbatning bo‘yi – bu!
Shafaqlarni ufqlarga
yoygan qalbning kuyi – bu!
Yaproqlari garchi za’far,
mug‘jalari jiqqa qon,
U – zulmatning kosasidan
toshib chiqqan dard-armon.
Sizniki u, birovlarga
eltib hadya etmangiz,
Olib keting, qabristonga
aslo tashlab ketmangiz.

1986

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.