OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirza Qaynarov (1938)

Mirza Qaynarov 1938 yili tug‘ilgan. Samarqand davlat universiteti fizika-matematika fakultetini tamomlagan. Mehnat faxriysi. “Ona ruhi”, “Ko‘ngil daftari”, “Do‘st diydori”, “Otalar yurti”, “Vatannoma, ishqnoma” kabi to‘plamlar muallifi.

OLAM AHLI

Bori olam ahli istar tinchligu ham ofiyat
Istayur oroyishu osoyishu ham ahliyat.

Ketdi zoe mehnatim deya, kurashdan to‘xtama,
Do‘st, orzuing ushalgay bo‘lsa dilda pok niyat.

Odamiylik birla o‘lchangay odamning qadri, bas
Odami ermas odamda bo‘lmasa gar qadriyat.

Bahra olsa har kishi o‘z mehnatidan baxtlidur,
Ul kishining chehrasida barq urar mamnuniyat.

Ba’zilarning qilmishi hech bir kitobga sig‘magay,
Suvrati odam kabiyu siyrati hayronsifat.

Ezgu niyat, ezgu ishlar birla odam ziynati,
Deydi inson lafzida ezgu kalom bo‘lsin faqat.

Etma tog‘larni qiyos yuksak balandlik ramzi deb,
Mirza, tog‘lardan balanddir mardlarda oriyat.

JON QADAR

Suhbat aylaylik kel, ey do‘st, tarqasin dildan g‘ubor,
Do‘stni gar ko‘rsam quvonchdan ko‘zda yoshim shashqator.

Barcha shodliklardan afzal, deydilar diydorlashuv,
Ayni diydor payti keldi, keldi dilbar — navbahor.

Qayda ma’rifat, adolat, ezgulik ustun erur,
Mamlakat topkay rivoj, ham tinchlik o‘lg‘ay barqaror.

To‘g‘ri yo‘ldan yurdi xalqim, yog‘iga tan bermadi,
Xalqimizga: «Dil ba yoru dast ba kor» bo‘ldi shior.

Yurtni obod aylamak inson uchun farzdir azal,
O, nechog‘ xo‘b ona yurting bo‘lsa bog‘-rog‘, lolazor!

Barcha birday jon fido etmas ekan yurti uchun,
Chun faqat mardlar kurashgay yurtni deb mardonavor.

Eng aziz ham jon qadar insonga asli yurtidir,
Mirza, har kim ona yurti birla etsin iftixor.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.