OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Abdurazzoq (1928-2007)

 Aziz Abdurazzoq 1928 yili Toshkentda tavallud topgan. Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida o‘qigan. Birinchi she’riy to‘plami 1959 yili «Do‘stlarimga» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng «Yapa bahor» (1961), «Mavj» (1965), «Bodom gulladi» (1965), «Lirika» (1970), «Aziz odamlar» (1975), «Sho‘x yomg‘ir» (1977), «Qalb nuri» (1978) kabi to‘plamlari nashr etildi. «Qalb nuri» to‘plamiga kirgan ko‘pchilik she’rlar shoirning ellik yilligi yakuni sifatida saylanma tarzida e’lon qilingan. Bolalar uchun yozilgan «Oh, qanday shirin» (1977), «Qiz va lola» (1979), «Tap-tap elak» (1981) kabi o‘nlab asarlari chop bo‘ldi. Uning «Yostiqdan chiqqan ertaklar» (1988), «Bog‘da bitgan ertaklar» (1989), «To‘rt og‘ayni botirlar» to‘plamlari (1989) nashr bo‘ldi.
U tarjimon sifatida M. Lermontov, T. Shevchenko hamda amerikalik mashhur shoir G. Longfello asarlarini o‘zbekchalashtirgan. Uning asarlari o‘nlab o‘zga tillarga ham o‘girilgan. Aziz Abdurazzoq 2007 yili vafot etgan.


 ESKI CHOPONLIK AZIZ

Insonlarga eski choponda
Ko’rinsam ham ko’rimsiz, xunuk,
Faqat Senga har bir zamonda
Bo’lib qolay aziz va suyuk,
Mehribonim, Allohim mening,
Boshim uzra panohim mening.

Bundan ortiq bormi saodat?..
O’zing bandam, qulim de meni.
Seni sevmoq eng baxtli odat,
Tikan ichra gulim de meni.
Mehribonim, Allohim mening,
Boshim uzra panohim mening.


CHORRAHADA

Chorrahada turibsan hayron.
To’rt tomon yo’l. Bilmassan ammo:
Tole yo’li qaysi bir tomon?
Xayolingda bir zo’r muammo.

Muammomas qay tomon yurmoq,
bo’lsa hamki yo’llar toru tang.
Muammomas va emas jumboq,
Qiblaga yur, tole istasang.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.