OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibroyim Yusupov (1929-2008)

 Ibraim Yusupov 1929 yil 5 mayda Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumani Azot ovulida tug‘ilgan. O’zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri (1975). O’zbekiston Qahramoni (2004). Qoraqalpok, pedagogika institutini tamomlagan (1949). «Aktrisaning ikboli» (1967), «Umrbek laqqi» (1971), «Mangu buloq» dramalari, «Ajiniyoz» librettosi muallifi. «Buloqlar qaynaydi» (1960), «Oltin qirg‘oq» (1962), «Dala armonlari» (1967), «Cho‘l to‘rg‘ayi» (1972), «Qora tol» (1988) va boshqa asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Jahon adabiyoti klassiklarining asarlarini qorakalpoq tiliga tarjima qilgan («Mangu buloq», 1986). Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat mukofoti laureati (1974).

* * *

Oq o‘tov ortida yovshanlar aro 
Tutib qolganimda yig‘lading titrab. 
Men endi shu yovshan bo‘yiga gado, 
Yashayman muattar rohatin izlab.

Tush payt uxlay desam qo‘ymaydi shamol, 
Ro‘molingni olib yopding yuzimga. 
Sochlaring elitib, hushim etdi lol, 
Topmadim bundayin atir o‘zimga.

Beshikda go‘dakli uyingga kirdim, 
Ona suti hidi etdi mahliyo.
Sut hidli atirni bekor kidirdim, 
Yarata olmaydi uni bu dunyo.

* * *

Do‘stlarim bor, yo‘qmas dushmanim; 
Har kimning ham bordir bir yovi. 
Yaxshi ko‘rsa bittasi mani, 
Yoqtirmaydi boshqa birovi.

Odam bo‘lmoq emasdir oson, 
Bu yo‘lda bor, balki kam-ko‘stim. 
Fe’l-atvorim yoqmay nogahon –
Tashlab ketar ba’zi bir do‘stim.

Tosh tarafga og‘sa tarozi, 
"Jon do‘stlar" ham seni der "yomon!" 
Demay: "Bu gap yolg‘onmi, rostmi", 
Nafratlarin sochar beomon.

Mayli, gapim, fe’l-atvorim goh 
Kimlargadir yoqsin-yoqmasin, Xalqim! 
Nafrat-qahringdan, biroq, 
Yo‘q, Xudoning o‘zi saqlasin!

* * *

Nasibang oq bo‘lsin qishki daladay, 
Qizil tulki ag‘nar azongi qorda. 
Ayozning shiddati aks etar nurda, 
Ko‘ngling toy choptirib chiqqan boladay...

Ko‘ngling issiq bo‘lsin yozgi daladay, 
Orzu dengiziday sarob miltillar. 
Joning suv istaydi, soyani tilar.
 Tun - rohat. Yulduzlar ajib porlagay.

Hayoting yayrasin bahorgi daladay, 
Qora sel va tog‘dan soy qular - halak. 
Bulutlar ortida rangin kamalak, 
Inson orzulari gullar loladay.

Aqling komil bo‘lsin kuzgi daladay, 
Yantoq donlar, havo mumday tiniqar, 
Ko‘ngling allakimni istab zoriqar 
Tepangda chirillab sayraydi to‘rg‘ay...

IZLANISH

Umr - izlanishdan iborat ekan, 
Izlanarman, kunduz - qo‘limda chiroq. 
Naql bor: "Izlasang - topasan" degan, 
Rostmi-yolg‘on, sinab ko‘rmadim biroq.

Izlayman, tinmasdan varaqlab kitob, 
Elning so‘zlariga quloq solaman. 
Cho‘lda shamollarga qilaman xitob, 
Yulduzlarga qarab o‘yga tolaman.

Izlayman kun bo‘yi naq quduq qazib, 
Terim - yomg‘ir kabi ho‘l etganicha. 
Izlayman tun bo‘yi qo‘shiqlar yozib, 
Tong uyqusi kelib yiqitganicha.

Ovchi cho‘lga chiqar shikor o‘yida, 
Turna yolg‘iz qolsa turnasin izlar. 
Tong saharda qizlar buloq bo‘yidan 
Oqshom tushib qolgan sirg‘asin izlar.

Aslo sabrim yetmas, aslo to‘zmayman, 
Yo‘g‘in yo‘qotganday qilaman so‘roq. 
Bir narsani umrim bo‘yi izlayman, 
U axir nimadir - bilmayman biroq...

VATAN

Sen, ey amri vojib, oliy hukmdor, 
Ne qudratsan, qalbga hokimlik etgan? 
Biz tugul, ne ulug‘, dono shoirlar 
Sening ta’rifingni aytolmay ketgan...

Bag‘ringda qancha xalq - mardonalar bor, 
Ular g‘ururini ko‘tarolmas tog‘.
Biroq sensiz ular - qanotsiz shunqor, 
Qaynoq mehri senga baxshida har choq.

Mehnat va aqldan obro‘si baland, 
Ulug‘lar yashaydi bag‘ringda omon. 
Biror nomard senga berar bo‘lsa pand, 
Chaqirsang, "labbay" deb kelar shu zamon.

Biri otdan tushib, biri - taxtidan, 
Gunohkor bolangday koringga yarar. 
"Vatan" desa olov to‘smas shaxdidan, 
O’qqa kiprik qoqmay tippa-tik qarar!

QATRALAR

* * *

Ko‘ngil - yo‘l bo‘yida o‘sgan bir eman, 
Tuyg‘u - buloq aytar shan rivoyatlar. 
Turfa xil qurolu turfa qo‘l bilan 
Tanasiga yozuq erur dastxatlar.

* * *

- Tog‘ning qora toshi, yig‘laysan nega? 
Sen kimdan xafasan - dil-bag‘ring garyon?
- E voh, hozirgina toshdillar bunda 
Haqiqatni qildi rosa toshbo‘ron...

* * *

To‘g‘ri kelmas sening aql toshingga, 
Har kimning o‘zicha o‘lchov toshi bor. 
Yengil kelsang, u-ku kular ustingdan, 
Og‘ir kelsang - yog‘ar qabog‘idan qor...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.