OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahrom Ro‘zimuhammad (1961)

 Bahrom Ro‘zimuhammad 1961 yilda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1984). «Tovushsiz qadam» (1987), «Terakka yakin yulduz» (1989), «Ikki nur» (1994), «Davsaman» (1995), «Tinch gullaydigan daraxt» (1997), «Kunduz sarhadlari» (1999), «Soyalar suhbati» (2006) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. 20-asr nemis shoirlarining ijodidan namunalar tarjima qilgan (X. M. Entsensberger va boshqa). «Cho‘lpon — tong yulduzi demak» risolasi chop etilgan. «O’zbek modern she’riyati» kitobining tuzuvchilaridan biri.


ARAFA

Siz havoni ushlab ko‘rib 
olmaxonga aylantirishingiz mumkin 
Yaproqqa qo‘l tekkizsangiz 
suvratdagi daraxt novdasiga 
ninachi qo‘nadi

Ko‘kqarg‘aning tushi
sim ichidan
elektr quvvatiga o‘xshab o‘tadi
Quyoshlar shu qadar ko‘payib ketdiki
kulba bo‘sag‘asiga tashlab qo‘ydik
bo‘yraga o‘xshatib

Siz bayroqni yirtib
jarohatingizni bog‘lab qo‘ydingiz
siz eng ezma kishi nutqini
favqulodtsa qiziqish bilan tingladingiz
siz odam ko‘ziga qaragan yanglig‘
o‘ta jiddiy holda nigoh tashladingiz bo‘shliqqa

Havodan yasalgan olmaxon
kurtak ichiga bekinib oldi
o‘tkir
yashil hid chiqadi kurtak ichidan
hidlasam boshim aylanadi
bosh aylanaverar hidlayversam men
va bu menga nihoyatda xush yoqadi
atrofga tun cho‘karu
mening jismim egallab turgan joyda
qotib qolar to‘satdan kunduz

Qani havoni ushlab ko‘ring endi
qop-qora olmaxon
qo‘lqopdek yopishmasmikan qo‘lingizga
Qani yaproqqa qo‘l tekkizing
suvratdagi daraxt novdasi
aynan ninachiga aylanmasmikan
Ko‘kqarg‘aning tushi
sim ichida erib bitmasmikan

Oyoq qo‘ying
jizg‘anak qilmasmikan daf’atan quyosh
Bayroq ham yo‘q edi
jarohat ham yo‘q
shunchaki mavhum bir arafa
nima ro‘y berishin hech kim bilmaydi

INSONNING SARGUZASHTLARI

Men g‘aroyib mevaman
Yolg‘izlik Daraxtidan uzilgan meva
Yo‘q men yerga tushmadim
er ko‘tarilib keldi men tomon
va bandimdan uzildim qo‘ydim
Bir sap-sariq maymun
oq farishta bilan suhbatlashayotgan edi
farishta ko‘rsatkich barmog‘i ila
ishora qilardi osmonga
qiqirlab kulardi maymun
farishta takror va takror
osmonga cho‘zardi ko‘rsatkich barmog‘in
qornini ushlab xoxolardi maymun
farishta uchinchi marotaba jiddiy
so‘z qotdi maymunga
maymun sarosimada
menga qaradi
va o‘sha lahzada
Yolg‘izlik Daraxtidan uzildim birdan
suhbat shabadasi chirt uzdi meni
g‘aroyib mevaman
Yolg‘izlik Daraxtining mevasi

KUBRONING ITI

It muallaq havoda 
o‘rgamchik to‘rida 
tipirchilar it

Tillo halqa 
rqiraydi bo‘ynida 
odamning ko‘zidek 
it ko‘zi chaqnaydi

Nazar tashlar kimyonazar piyr 
vovullab ibodat qilar ekan it 
ovozi aylanar hamdu sanoga

Olloh deb o‘sadi chechaklar 
qaldirg‘och tumshug‘ida odam shajarasi

zum o‘tmay
besh daqiqa
ilonga aylanib turadi halqa

Goh tilda halqa u 
goh ilon 
goh halqa 
goh

It odam qavmiga qo‘shildi 
uzlatga chekindi
itning jismiyu 
odam qalbi va ko‘zi bilan

AFSUNGAR

Osmon yam-yashil edi
qizil bulutlardan
nimpushti rangda sharbat yog‘ardi
Azroil
tik boqdi
bu manzaraga

Farishtalar
quloqni teshgudek jarangdor ovozda 
quduqqa qulagan zangori echki
xususida qo‘shiq kuylardi

Tamaki tutuni
uchoq izi kabi shakl qoldirdi havoda
nimpushti manzaraga hoshiya bo‘ldi

Azroil panjasidan 
aynan shu lahzada 
qutuldi arvohlar

Qandaydir bir mahluq bor ovozi bilan kuldi 
so‘ng avvalgidek jimlik cho‘kdi 
erga osmonga

QARG’ALGAN

Ey bulut kemtigini topib
oy nuri ila ishlov beruvchi pardoz qiluvchi
shamolga bunday esma deb quyoshga va oyga dahli
bo‘lmagan nurlarga bunday tushma deb tanbeh beruvchi
ey maysalar hidini gullar hididan ajratib
tafovutini imo-ishora bilan to‘g‘ri ko‘rsatuvchi
soylar shildirashida bulbulning sahargi nolishiga
o‘xshaydigan ushoqqina nolani topib beruvchi
yomg‘irdan keyin mevalari sarxil pishgan bog‘da
qora anjirning dimoqni yorgudek shirin-shakar iforini
ruh tovlanishlariga g‘oyatda foydapi deb biluvchi
va dunyodan umidini uzgan ko‘zlari nursiz kampirga
badani jumbushga kelgan bokira paytlarini eslatuvchi
ya’ni odam va qurt-qumursqa daraxt yaproq tosh hamda
shaharlar hamda fasllar siyosatlar tuzumlar
sarkardalar rohibalar va fohishapar
mazhablar kufrning xilma xil
shakllari o‘lganlaridan so‘ng yitganlaridan so‘ng baribir
yo‘qlik deya ataluvchi choxda o‘zaro tutashishi zarurat
ekanligini chuqur tushungan va buni tushuntira olmay
diltang bo‘lgan zot
Sen ulug‘ ibtidodan nariroqqa bir qadam bosding
shu bois Allohning qahri keldi
Payg‘ambar qarg‘adi seni
shaytoni laindan-da battarroq bo‘dding
biroq sening ruhiyatingni to‘ldirgan zavqu shavq
ikki dunyoda ham yo‘q faqat senda bor
ey abadiy yig‘i ey abadiy kulgu ey abadiy jimlik

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.